Xorijiy lingvistika va lingvodidaktika –
Зарубежная лингвистика и
лингводидактика – Foreign
Linguistics and Linguodidactics
Journal home page:
https://inscience.uz/index.php/foreign-linguistics
The
interpretation of retrospective plot and artistic
psychologism in Khayriddin Sultan's novella "Trust
Phone"
Kakhromon DUSMURATOV
1
Denau Institute of Entrepreneurship and Pedagogy
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Article history:
Received March 2025
Received in revised form
10
April 2025
Accepted 2 April 2025
Available online
25 May 2025
This article analyzes the interplay between retrospective plot
and artistic psychologism in Khayriddin Sultan's novella "Trust
Phone." The story's events unfold through flashbacks from the
present to the protagonist's past, which characterizes the
retrospective plot structure. Themes such as mental anguish,
alienation from society, and loneliness are conveyed through
artistic psychologism techniques – internal monologue, symbolic
imagery, and inner conflicts. The article examines the protagonist's
inner experiences, process of self-realization, and relationships with
society from a psychological perspective, highlighting the
significance of the retrospective plot in this analysis.
2181-3701/© 2025 in Science LLC.
DOI:
https://doi.org/10.47689/2181-3701-vol3-iss5
This is an open-access article under the Attribution 4.0 International
(CC BY 4.0) license (
https://creativecommons.org/licenses/by/4.0/deed.ru
Keywords:
Khayriddin Sulton,
retrospective plot,
artistic psychologism,
internal monologue,
spiritual torment,
modern Uzbek prose,
symbolic imagery.
Xayriddin Sultonning “Ishonch telefoni” qissasida
retrospektiv syujet va badiiy psixologizm talqini
ANNOTATSIYA
Kalit so‘zlar:
Xayriddin Sulton,
retrospektiv syujet,
badiiy psixologizm,
ichki monolog,
ruhiy iztirob,
zamonaviy o‘zbek nasri,
ramziy obraz.
Mazkur maqolada Xayriddin Sultonning “Ishonch telefoni”
qissasi asosida retrospektiv syujet va badiiy psixologizmning
o‘zaro uyg‘unligi tahlil qilinadi. Qissadagi voqealar rivoji hozirgi
zamondan qahramonning o‘tmishiga qaytishlar orqali ochib
borilishi retrospektiv syujet xususiyatlarini belgilaydi. Qissadagi
ruhiy iztirob, jamiyatdan begonalashuv, yolg‘izlik kabi mavzular
badiiy pzixologizm vositalari – ichki monolog, ramziy tasvirlar,
ichki ziddiyatlar orqali ifodalanadi. Maqolada qahramonning ichki
kechinmalari, o‘z-o‘zini anglash jarayoni va jamiyat bilan bo‘lgan
munosabatlari psixologik nuqtai nazardan yoritilib, retrospektiv
syujetning bu tahlildagi ahamiyati ochib berilgan.
1
Teacher, Denau Institute of Entrepreneurship and Pedagogy. E-mail: qaxramondusmuratov123@gmail.com
Xorijiy lingvistika va lingvodidaktika – Зарубежная лингвистика
и лингводидактика – Foreign Linguistics and Linguodidactics
Special Issue – 5 (2025) / ISSN 2181-3701
497
Интерпретация
ретроспективного
сюжета
и
художественного психологизма в повести Хайриддина
Султана «Телефон доверия»
АННОТАЦИЯ
Ключевые слова:
Хайриддин Султан,
ретроспективный сюжет,
художественный
психологизм,
внутренний монолог,
душевные терзания,
современная узбекская
проза,
символический образ.
В статье анализируется гармония ретроспективного
сюжета и художественного психологизма на примере
повести Хайриддина Султана “Ishonch telefoni”. Развитие
событий в повести раскрывается через возвраты из
настоящего в прошлое героя – это определяет особенности
ретроспективного сюжета. Такие темы, как душевные
терзания, отчуждение от общества, одиночество в повести
выражены
посредством
средств
художественного
психологизма – внутреннего монолога, символических
образов, внутренних конфликтов. В статье освещаются
внутренние переживания героя, процесс его самосознания,
его взаимоотношения с обществом с психологической
точки зрения, раскрывается значение ретроспективного
сюжета в данном анализе.
KIRISH
Badiiy asar strukturasini o‘rganish adabiyotshunoslik fanining muhim maqsad va
vazifalaridan biridir. Asar qanday janrga mansub bo‘lmasin, kompozitsion tuzilishini
aniqlamasdan turib uning badiiy g‘oyasini, muallifning ijodiy konsepsiyasini chuqur idrok
etish mushkuldir.
Ulug‘ nazariyotchi olim Izzat Sulton badiiy asar strukturasini o‘rganishning tartib-
qoidalarini o‘z darsligida atroflicha belgilab bergan. “Asarning kompozitsiyasi, dastavval
muallifning tasvir etilayotgan hayotiy materialga munosabati bilan tayin etiladi, ya’ni
kompozitsiya birinchi navbatda g‘oyaviy-estetik kategoriyadir (tushuncha). Yozuvchi
nuqtai nazari kompozitsiyaning hal etuvchi elementidir. L. Tolstoyning fikricha,
kompozitsiya, dastavval, markazni, san’atkorning nuqtai nazari markazini tayinlab
olishdir” [1].
Shuningdek, kompozitsiyaning tarkibiy qismlariga obraz, syujet, bayon usuli,
portret va peyzaj singari komponentlar kirishi ham belgilangan. Dunyo va o‘zbek
adabiyotshunosligida turli asarlarning kompozitsiyasi tadqiqiga bag‘ishlangan ilmiy
ishlar yaratilgan. [2] M. Prishvinning “Tinchlik finjoni” V. Veresayevaning “Boshi berk
yo‘lda” romanlarining kompozitsion tuzilishi mufassal o‘rganilgan. Sanobar
Karimovaning “70-yillar o‘zbek romanlarida kompozitsion qurilma borasidagi
izlanishlar” dissertatsiyasida roman kompozitsiyasida obrazlar sistemasining hamda
konfliktning o‘rni masalalari tadqiq etilgan.
Aksariyat asarlarning badiiy g‘oyasini ifoda etishda, voqealar rivojidagi sabab-
natija munosabatini ko‘rsatishda hamda personajlar ruhiyatidagi o‘zgarishlarning muhim
sabablarini asoslashda retrospektiv syujet imkoniyatlaridan keng foydalaniladi. Voqea va
holatlar tasvirida qahramonlarning o‘tmishdagi hayotini hisobga olmaslik ifoda
mantig‘iga putur yetkazishi mumkin. Jahon va o‘zbek adabiyotida retrospektiv syujet
imkoniyatlaridan unumli foydalanilgan holda yaratilgan sara asarlar ko‘pdir. Chingiz
Xorijiy lingvistika va lingvodidaktika – Зарубежная лингвистика
и лингводидактика – Foreign Linguistics and Linguodidactics
Special Issue – 5 (2025) / ISSN 2181-3701
498
Aytmatovning “Asrga tatigulik kun”, “Alvido, Gulsari”, Rashod Nuri Guntekinning
“Choliqushi”, Mixail Yurevich Lermontovning “Zamonamiz qahramoni”, Asqad
Muxtorning “Chinor”, Murod Muhammad Do‘stning “Lolazor”, Ilhom G‘aniyevning
“Davrimiz darveshi” va yana boshqa ko‘plab asarlar qahramonlarning bugungi kuni
haqida o‘tmish hodisalariga nazar tashlash orqali xulosalar chiqariladi [5].
“Ishonch telefoni” qissasi avval ta’kidlanganidek, operatorga turli yosh, jins va
mavqedagi yigirma yetti kishining murojaatidan iborat. Asosiy qahramon Mohidil
Ismatova insonlarning dardini tinglashga, ularning og‘irini imkon qadar yengil qilishga
urinadi. Biroq uning o‘zi ham turli muammolardan holi bo‘la olmaydi. O‘n ikki yoshdan
ota-onasidan ayrilgan Mohinur opasining qaramog‘ida katta bo‘ladi. Opasi chet ellik bir
yigitning aldovlariga uchib, baxtli bo‘lish orzusida fidoyiliklar qilishga urinib farzandli
bo‘ladi. U o‘zini laqillatib ketgan yigitni dunyo bo‘ylab izlash bilan band. Mohinurning o‘zi
bolalikdan opasining himoyasida o‘sgan bo‘lsa, endilikda opasining farzandini o‘zi katta
qilish bilan mashg‘ul. Har kuni o‘nlab odamlarning dard-u hasratiga sherik bo‘lish
Mohinurni qattiq qayg‘uga soladi. Qolaversa, Qodir ismli yigitning tahdidlari bu qizning
shundoq ham limmo-lim bo‘lgan sabr kosasini chil-chil sindiradi. U vafot etadi. Yozuvchi
“Ishonch telefoni” asnosida jamiyatdagi turli muammolarga turli rakurslardan nazar
tashlagan. Ilhom Soliyev shifokorlar hayotidagi muammolardan so‘zlasa, Elzod Eminov
san’at kishilarning mashaqqatli turmushini hikoya qilib beradi. Ayni paytda ijtimoiy
hayotdagi o‘g‘rilik, firibgarlik singari jinoyatlar haqida kishilar qayta-qayta murojaat
qilaveradilar.
Ko‘ngilsiz holatlar hamda balo-qazolar Mohinurning hayotidan ham aslo arimaydi.
U ancha vaqtdan jiyaniga telefon olib berishni va’da qilgan bo‘lsa ham moddiy
yetishmovchiliklar tufayli bu ishni uddalay olgan emas. Jiyani esa bezorilar bilan savdo
do‘koniga o‘g‘irlikka tushib, qotillik jinoyatiga ham sherik bo‘lib qoladi. Bu bilan yozuvchi
ijtimoiy hayotdagi ko‘plab jinoyatlarning sababchisi amalga oshmagan orzu-istaklar
hamda moddiy qiyinchiliklar ekanini anglatmoqchi bo‘ladi. Asar to‘laligicha dialog
asosida qurilgan. Bu holat hodisalarga obyektiv yondashuvni ta’minlaydi va bu
obyektivlik qissaning so‘nggiga qadar davom etadi. Jahon adiblarining eng yaxshi
tajribalarini mukammal o‘zlashtirgan muallif hodisalar tasviri va bayonida o‘zining
ta’sirini sezdirmaydi, tabiiylikni ta’minlaydi.
Qissada retrospektiv syujet murojaat qiluvchilar nutqida voqelangan. Bu borada
Mahbubaning o‘tmish xotiralari ta’sirchan shaklda ifoda etilgan. U sadoqat va insoniylik
nuqtayi nazaridan tuzalmas kasalga chalingan, o‘lim bilan yuzma-yuz bo‘lib qolgan
sevgan yigitini doimo qo‘llab-quvvatlaydi. Qisqa vaqt ichida o‘lishi aniq bo‘lsa ham
yaqinlarining qattiq qarshiligiga qaramay unga turmushga chiqadi. To‘ydan bir necha
kun o‘tgach sevgilisining qabri tepasida “Ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qiladi, xotiralarini
aytib beradi. Nihoyat, Jo‘rabek akam: “Iltimos, Mahbuba qolsin”, – deb shivirladilar [3].
Hamma chiqib ketgach, o‘rnilaridan qo‘zg‘almoqchi bo‘ldilar – kuchlari yetmadi. Darhol
bag‘rimga oldim, yuz-ko‘zlarini, sochlarini o‘pib-siladim. Oxirgi bor jilmayib,
“Mahbubam…”, – dedilar-u, bir silkinib, tizzamda jon berdilar…” [3].
Muhabbat dramasi
asarning badiiy quvvatini oshirgan, murojaatlarning bir-biriga o‘xshab qolmasligini
ta’minlagan. Zamonaviy o‘zbek adabiyotida inson ruhiyati, ichki dunyosi, psixologik
iztiroblar va jamiyat ta’sirida shakllanadigan ichki qarama-qarshiliklar ko‘p hollarda
chuqur badiiy yondashuv orqali ifodalanadi. Ana shunday yondashuvlardan biri
retrospektiv syujet va badiiy psixologizmdir. Ushbu usullar orqali yozuvchi o‘quvchini
Xorijiy lingvistika va lingvodidaktika – Зарубежная лингвистика
и лингводидактика – Foreign Linguistics and Linguodidactics
Special Issue – 5 (2025) / ISSN 2181-3701
499
nafaqat voqealar zanjiri bilan tanishtiradi, balki qahramonning kechinmalari, o‘tmishi,
hayotiy iztiroblarining ichki sabablari haqida ham chuqur mulohaza yuritishga undaydi.
Xayriddin Sultonning “Ishonch telefoni” qissasi ana shu uslublarning yorqin namunasi
bo‘lib, inson va jamiyat o‘rtasidagi ziddiyat, yolg‘izlik, ruhiy siquv, ishonch muammolari
badiiy tahlil markaziga olib chiqiladi. Retrospektiv syujet – bu voqealarning hozirgi
zamondan o‘tgan zamonga qaytish orqali bayon qilinadigan kompozitsion uslubdir.
Bu yondashuv orqali muallif o‘quvchini asardagi markaziy voqelikdan olib chiqib,
qahramon hayotining o‘tgan bosqichlariga sayohat qildiradi. Retrospektiv syujetni
asarning ma’lum bir qismlarida ham qo‘llangan holda Abdulla Qahhorning “Muhabbat”
qissasida ko‘rishimiz mumkin. Ammo Xayriddin Sultonning “Ishonch telefoni” qissasida
retrospektiv syujet qissasining asosiy qismini tashkil qilib, bugungi kun faqat
qahramonlarning ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilgan holatlaridagina aks etadi.
“Ishonch telefoni” qissasida voqelik hozirgi zamonda, ya’ni qahramonning “ishonch
telefoni” orqali begona, ammo dardini tinglaydigan kimsa bilan muloqotidan boshlanadi.
Aslida bu suhbat – voqealar rivojining boshlang‘ichi emas, balki ruhiy tanazzulning
cho‘qqisidir. Qahramonning ichki olami ochilishi bilan biz uning bolaligi, o‘smirlik davri,
ota-onasi bilan munosabatlari, jamiyatdagi o‘z o‘rnini topa olmaganlik iztirobi, sevgi va
munosabatlardagi muvaffaqiyatsizlik kabi turli bosqichlarini ko‘ra boshlaymiz.
Qissadagi o‘tmishga qaytishlar qahramonning hozirgi holatiga nima sabab
bo‘lganini, uning ruhiy sinishi qanday kechganini hamda ruhiy portretini chuqurroq
ifodalaydi va shu bilan bir vaqtda retrospektiv syujet faqat texnik vosita emas balki
psixologik tahlilning asosiy quroli vazifasini ham bajaradi. “Shu yolg‘iz o‘g‘lim Saidjonni
uyginang kuygur dushmanlari bir kechada... Oh, aytolmayman, qizim... shundoq
darvozaxonamizda so‘yib ketdi…” [3]. Qissa qahramonlaridan biri bo‘lgan Maqsuda
opaning ushbu gapiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu gaplaridan uning ruhiy holati yaxshi
emasligi, farzand dog‘i qiynayotganligini, farzandining mudhish taqdirini o‘quvchi bir
qaraganda anglashi mumkin, lekin uning bu holatiga nima sabab ekanligini anglay
olmaydi. Qissaning shu qismida retrospektiv syujet qahramon psixologiyasining bir
qismiga aylanib ketadi ya’ni o‘g‘lining universitetni “qizil diplom” bilan bitirgani-yu
yaxshi ishda ishlagani, maoshining kamligi sababli boshqa ish qilmoqchi bo‘lgani hamda
telefonchi tanishiga bergan qarzi boshiga “balo” bo‘lganligi Maqsuda opaning hozirgi
zamondagi holatini va ruhiy ahvolini yanada ochib beradi.
Xayriddin Sultonning ushbu qissasi o‘zbek nasridagi badiiy psixologizmning yorqin
namunalaridan biri hisoblanadi. Badiiy psixologizm deganda qahramonning ichki
kechinmalari, ruhiy holati, sezgilari, noaniq xavotirlari va umidsizliklarini badiiy vositalar
yordamida tasvirlash tushuniladi. ning ifodalanish vositalari har bir asarda turlicha
bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin. “Xususan, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon va Oybek
romanlarida psixologik tasvirning nisbatan anʼanaviy – dialogik zidlov, chog‘ishtirma,
monologik tahlil shakllari, Abdulla Qahhorda adabiy qahramonning botin kolliziyasi, Odil
Yoqubov va Pirimqul Qodirovlar nasrida real tarixiy vaziyat va inson botinining
mushtarak badiiy tahlili, Murod Muhammad Do‘st, Erkin Aʼzam va Ahmad Aʼzamlarda
shaxs psixologiyasining difonik va polifonik tasvirlari, Nazar Eshonqul, Isajon Sultonlarda
esa metaforizatsiyalashtirilgan psixologik tasvir tamoyillari ko‘zga tashlanadi” [4].
Xayriddin Sultonning “Ishonch telefoni” qissasida esa badiiy psixologizmni ichki monolog
va dialoglar, ramziy obrazlar hamda qahramonning tashqi holati orqali ruhiy iztirobini
ifodalash usullaridan foydalanadi. Qahramon ko‘p hollarda o‘z-o‘ziga savollar beradi,
Xorijiy lingvistika va lingvodidaktika – Зарубежная лингвистика
и лингводидактика – Foreign Linguistics and Linguodidactics
Special Issue – 5 (2025) / ISSN 2181-3701
500
ichki dialogga kiradi, turli qarorlar ustida fikrlaydi, o‘zini oqlaydi yoki ayblaydi. Bu ichki
dialoglar o‘quvchini qahramonning ruhiy olamiga olib kiradi. Xususan, qahramonlardan
biri bo‘lgan Qobilovning o‘z-o‘ziga savol berish holati kuzatiladi. “Qobilov, dedim o‘zimga
o‘zim, jahlga erk berma, miyangni ishlat. Eski zamon bo‘lsa-ku, bu sharmisor xotinni
toshbo‘ron qildirib, jonini olgan bo‘larding, afsus, bugun zako‘n ko‘tarmaydi. Xo‘p,
o‘zining-ku jonini olish qo‘lingdan kelmas ekan, nahot mol-jonini olish ham qo‘lingdan
kelmasa?!”. Badiiy psixologizmning ramziy obrazlar bilan ifodalanishi qissa nomi bilan
boshlanadi. Ya’ni qissadagi markaziy obrazlardan biri – telefon. U bevosita aloqa vositasi
sifatida ko‘rinadi, ammo chuqurroq o‘qilganda, u insonlar orasidagi ishonch, ruhiy
ko‘mak, begonalik va yaqinlik o‘rtasidagi ziddiyat timsoliga aylanadi. Hatto shartli
ravishda yozuvchi “ishonch telefoni” deb nom beradi. Qissada bosh qahramon – ishonch
telefoni operatori o‘z kasbiy faoliyati davomida tinimsiz ravishda o‘z ongida savollar,
mulohazalar bilan yashaydi. U bilan yuzma-yuz bo‘lmaydigan, lekin dardini to‘kayotgan
notanish insonlarning ruhiy holatlari qahramon ichki olamiga ko‘chadi. Ushbu jarayonda
ichki monolog va ong oqimi texnikasi asosiy badiiy vosita sifatida ishlatiladi:
“Eshitaman... Har kuni, har soat. Har xil ovozlar. Ba’zilari yig‘laydi, ba’zilari diltortar
jimjitlikda sukut qiladi. Men-chi? Men faqat tinglovchimikanman?” [3].
Bu yerda
qahramon o‘z-o‘zini tahlil qiladi, o‘zligiga shubha bilan qaraydi. Bu esa introspektiv tasvir
– ya’ni obrazning o‘z-o‘zini ichki tahlil qilishi vositasida yuzaga chiqadi. Dialog orqali
psixologik portret yaratish Qissadagi har bir telefon qo‘ng‘irog‘i – bu yangi hayotiy fojia,
yangi ruhiy kechinma. Muallif dialogik psixologizm orqali turli obrazlarning ruhiy
holatini ochadi. Har bir suhbat orqasida turgan insonning psixologik portreti aynan nutqi,
ohangidagi titroq, pauzalar va sokinlik orqali yoritiladi. “Men yolg‘izman... Men bu
dunyoda keraksizman deb o‘ylayman. Hatto telefon ham endi menga do‘st bo‘lib qoldi...”
Bu jumlalar orqali insonning eksistensial muammolari (hayot ma’nosining yo‘qolishi,
begonalashuv) ochib beriladi.
Badiiy psixologizmda muhim elementlardan biri bu – psixologik detaldir. “Ishonch
telefoni”da ayrim kichik detallar orqali obrazlarning ruhiy holati yoritiladi. Misol uchun,
qorong‘i xona, jimjitlik, so‘nuk chiroq – bular operatorning ichki bo‘shlig‘i va ruhiy
tangligini aks ettiradi: “Xona jimjit. Fonar nurining xira soyasi derazada tebranardi.
Telefon esa sukutda. Bu sukunat faryoddek jaranglardi.” Bu tasvir metaforik tasvir orqali
qahramon ruhiyatini aks ettiradi. Atrof-muhitdagi tasvir qahramon ichki dunyosining
projektsiyasi bo‘lib xizmat qiladi. Bu holat adabiyotshunoslikda psixologik parallelizm
deb ataladi. Qissada ayrim qahramonlar orqali muallif jamiyatdagi muammolar, insonlar
orasidagi begonalashuv, mehr-oqibat yetishmovchiligi, keksalik, yolg‘izlik kabi muhim
ijtimoiy-psixologik muammolarga e’tibor qaratadi. Bu orqali u sotsial psixologizm
doirasida ruhiy holatlarni ochadi: “Farzandlarim meni unutdi. Men eshikka qarayman.
Har kuni. Har daqiqa. Ammo hech kim kelmaydi. Telefon jiringlaydi – hech bo‘lmaganda
shu ovoz meni tirikligimga ishontiradi.” Bu iztirob insonning sotsial izolyatsiyasining
ruhiy oqibatlarini ko‘rsatadi. “Ishonch telefoni” qissasi nafaqat individual qahramon
ruhiyati haqida, balki jamiyatdagi ko‘rinmas psixologik bosimlar haqida hamdir.
Qahramonning tanazzuliga sabab bo‘lgan omillar – oilaviy muhit, jamiyatdagi befarqlik,
odamlar orasidagi sovuqlik va riyokorlik kabi holatlardir. Bu muammolar faqat bitta
inson hayotiga emas, balki butun jamiyatga xos keng ijtimoiy masalalarning aksidir. Qissa
qahramonlaridan biri bo‘lgan Begmat Rajabovich timsolida jamiyatdagi befarqlik,
odamlar orasidagi sovuqqonlikni bartaraf qilishga uringandek go‘yo. Kambag‘allikni
Xorijiy lingvistika va lingvodidaktika – Зарубежная лингвистика
и лингводидактика – Foreign Linguistics and Linguodidactics
Special Issue – 5 (2025) / ISSN 2181-3701
501
yo‘qotish bo‘yicha kurashayotgan vazirga jamiyatdagi befarqliklar, amal tekkan
shaxslarning o‘z qo‘l ostidagi xodimlariga qilayotgan nohaqliklari, barcha
qiyinchiliklardan keyin iziga tushirilgan hayotta ham eplab yasholmagan qarindoshlari
misolida birgina gapni yetkazishni xohlaydi: “Odamiga qarang, uka, odamiga!
Bo‘lmaydiganiga bo‘lishmang” [3]. Bu gaplarining vazirga yetib borishi yoki yetib
bormasligini bilmaydi ammo u bu gaplarni “Ishonch telefoni”ga aytdi, demakki bu gaplar
yetib borishi kerak. Jamiyatdagi bu kabi ba’zi kamchiliklar tuzatilishi kerak. Asarda
yozuvchi bevosita ijtimoiy muammolarni tanqid qilmaydi, ammo qahramon ruhiy
iztirobini ko‘rsatish orqali jamiyatning befarqligi, tushkun insonlarga nisbatan
sovuqligini fosh qiladi. Bu jihat ham psixologizmning kuchli tomonidir – u o‘quvchini
o‘ylantiradi, xulosa chiqarishga undaydi.
Xayriddin Sultonning “Ishonch telefoni” qissasi – bu inson ruhiyati, ichki iztirob va
jamiyat ta’sirining badiiy tahlilidir. Unda retrospektiv syujet orqali o‘tmishdagi ruhiy
jarohatlar ko‘rsatiladi, badiiy psixologizm vositasida esa bu jarohatlarning ichki mohiyati
chuqur ochib beriladi. Asardagi har bir detal, har bir monolog, har bir pauza – bu
qahramon ruhiyatining parchasidir. Yozuvchi jamiyatdagi har bir shaxsning ruhiy holati
ortida katta tarix, o‘tmish, iztirob va umid yashiringanini ko‘rsatadi. Shuning uchun ham
“Ishonch telefoni” qissasi nafaqat badiiy asar, balki zamonaviy inson ruhiyatining o‘ziga
xos tahlili sifatida qadrlanadi.
XULOSA
Xayriddin Sultonning “Ishonch telefoni” qissasi zamonaviy o‘zbek nasrining muhim
namunasi bo‘lib, unda retrospektiv syujet va badiiy psixologizm o‘zaro uyg‘unlikda
qo‘llanilgan. Qissaning kompozitsion tuzilishi, qahramonlarning ruhiy holati va jamiyatdagi
muammolar badiiy tahlil markaziga olib chiqilgan. Yozuvchi retrospektiv syujet orqali
qahramonlarning o‘tmishdagi ruhiy jarohatlarini ko‘rsatadi, badiiy psixologizm vositasida
esa bu jarohatlarning ichki mohiyatini chuqur ochib beradi. Asardagi har bir detal, har bir
monolog va har bir pauza qahramon ruhiyatining parchasidir. Qissa nafaqat individual
qahramon ruhiyati haqida, balki jamiyatdagi ko‘rinmas psixologik bosimlar haqida ham
hikoya qiladi. Shuning uchun ham “Ishonch telefoni” qissasi nafaqat badiiy asar, balki
zamonaviy inson ruhiyatining o‘ziga xos tahlili sifatida qadrlanadi. Xayriddin Sultonning
“Ishonch telefoni” qissasi o‘zbek adabiyotida kompozitsiya va syujetning, xususan,
retrospektiv syujetning ahamiyatini namoyon etuvchi asarlardan biridir. Qissada muallif
kompozitsiyaning tarkibiy qismlaridan unumli foydalanib, voqealarni dialog shaklida
tasvirlash orqali hodisalarga obyektiv yondashadi. Retrospektiv syujet qahramonlarning
o‘tmishini ochib berish va ularning bugungi kundagi ruhiy holatini tushuntirish uchun
xizmat qiladi. Qissada ijtimoiy muammolar, insoniy munosabatlar va shaxsiy fojialar o‘zaro
bog‘liq holda tasvirlanadi. Muallif jahon adabiyoti tajribalarini o‘zlashtirgan holda,
voqealarni tabiiy va ta’sirchan tarzda bayon etadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1.
Султон И. Адабиёт назарияси. – Тошкент: Ўқитувчи, 1980. – 189-б.
2.
Урвилов В. Поэтика композиции романов о революции 20-х гг. ХХ в.
Дисс.на соиск... канд. наук.
3.
Cултонов Х. Ишонч телефони. // Жаҳон адабиёти. 2023 йил, 8-сон. – 96-б.
4.
Badiiy psixologizm va uning ilmiy-nazariy kriteriylari. Tangirov Ro‘ziboy.
5.
Quronov D. Adabiyotshunoslik nazariyasi asoslari. – Toshkent: Akademnashr, 2018.
