Xorijiy lingvistika va lingvodidaktika –
Зарубежная лингвистика и
лингводидактика – Foreign
Linguistics and Linguodidactics
Journal home page:
https://inscience.uz/index.php/foreign-linguistics
The description of human spirit through the image of
Koravoy in the story “Changalzor iti” by Normurod
Norkobilov
Bekzod ASHUROV
1
Namangan State University
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Article history:
Received June 2024
Received in revised form
10 June 2024
Accepted 25 July 2024
Available online
15 July 2024
This article examines the characters in the story “Changalzor
Iti” by the writer Normurod Norkobilov, their ideological and
artistic features, and the degree to which they contribute to the
disclosure of the writer’s artistic goal. The author highlights the
features of Koravoy’s character traits in the story “Changalzor
Iti”. The image of the dog was analyzed in parallel with the
image of Tolmas.
2181-3701/© 2024 in Science LLC.
DOI:
https://doi.org/10.47689/2181-3701-vol2-iss4-pp217-223
This is an open-access article under the Attribution 4.0 International
(CC BY 4.0) license (
https://creativecommons.org/licenses/by/4.0/deed.ru
Keywords:
Normurod Norqabilov,
story,
image,
composition,
character,
“Changalzor iti”,
dog,
Karavoy,
Olapar,
Tolmas.
Normurod Norqobilovning “Changalzor iti” qissadidagi
Qoravoy obrazi orqali inson ruhiyatining tasvirlanishi
ANNOTATSIYA
Kalit so‘zlar:
Normurod Norqobilov,
hikoya,
obraz,
kompozitsiya,
personaj,
“Changalzor iti”,
it,
Qoravoy,
Olapar,
Tolmas.
Ushbu maqolada yozuvchi Normurod Norqobilovning
“Changalzor iti” qissasidagi qahramonlar, ularning g‘oyaviy-
badiiy xususiyatlari, yozuvchi badiiy maqsadini ochishga qay
darajada xizmat qilishi haqida fikr yuritiladi. “Changalzor iti”
qissasidagi Qoravoy obraziga xos xarakterli xususiyatlarni
yoritilgan. It obrazi Tolmas obrazi bilan yonma-yon tahlil
qilingan.
1
Teacher, Department of Uzbek Literary Studies, Namangan State University. E-mail: bekzod.ashurov.1994@mail.ru
Xorijiy lingvistika va lingvodidaktika – Зарубежная лингвистика
и лингводидактика – Foreign Linguistics and Linguodidactics
Issue – 2 № 4 (2024) / ISSN 2181-3701
218
Описание человеческой психики через образ Коравоя
в повести Нормурода Норкобилова «Чангалзор Ити»
АННОТАЦИЯ
Ключевые слова:
Нормурод Норкобилов,
сюжет,
образ,
композиция,
персонаж,
«Чангалзор Ити»,
собака,
коравой,
Олапар,
Толмас.
В данной статье рассматриваются персонажи повести
«Чангалзор Ити» писателя Нормурода Норкобилова, их
идейно-художественные особенности, а также степень их
содействия раскрытию художественной цели писателя.
Автором выделены особенности черт характера Коравоя
в повести «Чангалзор Ити». Образ собаки был
проанализирован параллельно с образом Толмаса.
KIRISH
Yozuvchi Normurod Norqobilov o‘z uslubiga ega ijodkor ekanligi uning
kitobxonlari, muxlislariga ma’lum. Uning asarlarini muxlislari sevib o‘qishmoqda.
Anjumanlarda uning asarlari to‘g‘risida ijobiy fikrlar bildirilyapti, asarlari bahs-
munozaralarga sabab bo‘lyapti.
Adabiyotshunos olim Bahodir Karim aytganidek: “Asrlar bo‘yi amaliy tajribadan
o‘tgan haqiqat shuki, san’atkor muayyan mavzuga qo‘l urib, voqelikni maromiga yetkazib
tasvirlasa, har qanday inson ko‘ngliga o‘tiradi, ko‘pchilikni o‘ylantiradi, qalbiga zavq,
tafakkuriga yuk beradi”. Ijodkorlar qaysi mavzuda, qaysi janrda qalam tebratsa ham
albatta inson qalbini zabt etishni maqsad qiladi. Adib Normurod Norqobilov asarlarining
badiiy xususiyatlari haqida bir qator ilmiy tadqiqotlar qilinmoqda. Yozuvchi uslubining
o‘ziga xosligi, asar qahramonlarining hayotiyligi, asarning o‘qimishli, yuqori saviyali
bo‘lishi asosiy omillardan hisoblanadi.
MUHOKAMA VA NATIJALAR
Ma’lumki, ba’zi asarlarda uyushtirilgan sarguzashtlar, o‘quvchini jalb etadigan
voqealar, qahramonlar tasviri zamirida muallif aytmoqchi bo‘lgan badiiy haqiqat yotadi.
Shu ma’noda Normurod Norqobilovning “Changalzor iti” qissadidagi Qoravoyning
qiliqlari va bunga javoban mushukning ham gajak bo‘lishi, kerishi ortida har bir
maxluqotning individual jihati borligi ko‘rinadi. Lekin Qoravoy bilan bog‘liq intrigalar
asosida bitta haqiqat bu jonli mahluqotlarda, ayniqsa, genezisi bo‘yicha bo‘rilar oilasiga
mansub itlarda ham g‘urur, o‘ziga xos erkinlik mavjud. Ularga munosabatda tabiat va
inson uyg‘unligiga oid tartibdan chetga chiqmaslik haqidagi azaliy hikmat ta’kidlangan.
Demak, yuqoridagi parchada muallif obrazni xarakter darajasiga olib chiqishga intilgan.
Birinchi galda, Qoravoy va mushuk xarakterini badiiy idrok qilish asnosida obrazlar
ruhiyati, tabiatini aks ettiradi. Ikkinchidan esa, mazkur tasvirlar zamirida ijtimoiy
muammolar, inson va inson munosabatiga ishora ham mavjudki, buni kinoyaviy tarzda
ifodalagan deyish mumkin.
Qissadagi obrazning sarguzashtlarini rivoya qilar ekan, yozuvchi syujet
jozibadorligini ta’minlashga intiladi. Buni itning turli vaziyat va munosabatlarga
solinishida kuzatish mumkin. Xususan, mushukchadan tortib olingan va buning oqbatida
malla ona mushuk yag‘riniga zarbaga berishi mahsuli sifatida olingan sichqon va uning
Xorijiy lingvistika va lingvodidaktika – Зарубежная лингвистика
и лингводидактика – Foreign Linguistics and Linguodidactics
Issue – 2 № 4 (2024) / ISSN 2181-3701
219
qonida tanasiga “ajib bir titroq” taralganini his etadi:
“Shu kundan e’tiboran tevaragidagi
jamiki jonliqqa yemish deb qaraydigan bo‘ldi. Hatto changalzorni makon tutgan yovvoyi
mushuklar ham bundan mustasno emasdi. Ammo ularni tutmoqqa unga yo‘l bo‘lsin. O‘sha
kuni u yumroqoziqqa tashlanib ko‘rdi. Yumronqoziq iniga urib ketgach, beozor toshbaqaga
og‘iz soldi. Chog‘roq suyaklarni maydalashga qodir uning metindek kosasi oldida ojiz qoldi.
Toshbaqaning sichqon kabi yumshoq emasligidan ajablanib turganida, ko‘zi birdan pildirab
borayotgan tipratikanga tushib qoldi. Bir sakrab unga og‘iz urdi-yu, tumshug‘i yaralanib,
angillab yubordi. Qaytib bu jonivorga qotilmaydigan bo‘ldi”
. [5, 240-bet]. Mazkur o‘rinda
Qoravoyning olamni avvalgidek qiziqish uchun emas, balki yemish istagi bilan anglash
jarayoni va bu yo‘ldagi urinishlari keltirilgan. Yumroqiziq, tipratikan, toshbaqa kabi
jonivorlarga bo‘lgan munosabati ortidan to‘plangan instinkt va tajribalari rivoiyga
qiziqarlilik bag‘ishlagan. Ko‘rinadiki, obraz sifatida Qoravoy idrokida o‘zgarish yuz
bergan. Endi uning uchun yemish birinchi o‘ringa chiqqan. Bu tabiatning dahshatli
qoidasi, bo‘lsa-da, tirik qolishning yagona chorasi hisoblanadi. Buni Qoravoy hayotida
Olapar suyak olib kelganda Qoravoy unga tashlanganda tishlab otib yuborgani yoki keyin
onasiga bermasdan suyakka egalik qilgani kabi tasvirlarda dastlab uchraydi. Ammo
keyinchalik qon ta’mini tuygach, Qoravoydagi bu jihat yanada kuchayadi. Aslida Qoravoy
onasi olib kelgan suyaklarning ortganini ko‘mib, unga onasini yaqinlashtirmasligi va
onasi esa unga qaramasligi keyinchalik ikki o‘rtadagi uzoqlashish, keyinroq esa
begonalashuvni yuzaga keltiradi. Olapar ferma qorovuli o‘qidan o‘ladi. Yozuvchi buni
shunchaki xabar sifatida, Qoravoy mustaqil yashay boshlashini keltiradi. Buning ikki
omili bor. Birinchidan, Olapar Qoravoy mustaqil yemish izlashga tayyorligini anglagan.
Ikkinchidan esa Qoravoyning hayotga qanchalik ertaroq tayyor ekanligi isbotlansa syujet
rivojida ham shunchalik jozibador bo‘ladi. Shuning uchun syujet kompozitsiyada
Olaparga o‘rin qolmagan edi. Bu obraz dinamikasining mantiqiy yechimi deyiladi.
Endi syujet kompozitsiyasida Qoravoy boshqacharoq harakat qila boshlaydi:
“Qoravoy onasini behuda kutib yurgan kunlari suyak g‘ajishdan tashqari ov qilmoqning
ham hadisini oldi. Yalanglikdan yuz odimcha naridagi butalari siyrak maydonda
yumronqoziqlar oilasi yashardi. U kattakon soqchi yumronqoziqni ko‘z ostiga olgandi.
Ammo uni qo‘lga tushirmoq oson emasdi. Yumronqoziqni eployolmagan esa-da, uni poylash
mobaynida shuni uqdiki, bu dunyoda hech bir tirik jon osongina o‘lja bo‘lavermas ekan”
[5, 242-bet]. Mazkur xulosa Qoravoyning hayotiy tajribalar natijasidagi yana bir falsafasi
edi. To‘g‘ri shartlanganlik asosida u insoniy xulosa kelgan deyish ham mumkin. Lekin eng
katta tajriba bu har bir voqea, hodisa yoki jarayondan to‘g‘ri xulosa chiqara bilish
ekanligini inobatga olsak, Qoravoy obraz sifatida to‘g‘ri yo‘ldan ketayotgan edi.
Yoz kelib, Qoravoy yanada kuchga to‘lgach, yotar joyi chagalzor bo‘lsa-da, chunki
bu yer unga vatan, o‘zi Toshlisoyning yuqori o‘zanida kezib yurar, suvda cho‘milgani
bayon qilinadi. Shu yerda yana bir qiziq voqea yuz beradi: “
Suvdagi yakkam-dukkam
baliqlarni ko‘rib anqaysa-da, birortasini tutib yeyolmadi. Lekin bir necha bor haraka
qilgani rost. Biroq baliq degani o‘zi o‘ylaganchalik ovsar emas ekan, bekorga urungani
qoldi
” [5, 246-bet]. Bu yerdagi muhim jihat Qoravoyning o‘zligini anglashi (
o‘zi
o‘ylaganchalik ovsar emas ekan
), ikkinchisi esa shu yerda muallif pozitsiyasi bilan
obrazning voqealar rivojidagi o‘rnida ham farqlar yuzaga chiqqan. To‘g‘ri, yozuvchi roviy
obrazi misolida voqeani bayon qilmoqda. Ammo u aksariyat o‘rinlarda xolis turib bayon
qilsa, bu yerda itga nisbatan balandroq, insoniy pozitsiyasi borligi parchaning
mazmunida yorqinroq ochilgan.
Xorijiy lingvistika va lingvodidaktika – Зарубежная лингвистика
и лингводидактика – Foreign Linguistics and Linguodidactics
Issue – 2 № 4 (2024) / ISSN 2181-3701
220
Qissa ham epik turga mansub bo‘lib, undagi epik tafakkur kengligi, ba’zi tasvirlarda
dramatik keskinlik mavjudligi syujet va obrazning o‘sib, takomillashuviga xizmat qilgan.
Bular bari rivoiyda yuksak darajada dalillangan. Qissada umumiy mohiyatni bayon
qilayotgan roviy nutqi, ba’zi o‘rinlardagi insonlar nutqi ham aynan Qoravoy obrazining
badiiy-estetik mohiyatini ochishga xizmat qiladi. Voqealar zamiridagi kechinmalar
keskinligi, voqealarning ba’zan qaltis, ba’zan dramatik tus olishi esa ba’zi qishloqdagi
davr ruhiyatini ham ko‘rsatadi. Qoravoy obrazining ichki olamni aks ettirgan tasvirlar
obrazga realistik tus beradi. Bu ayniqsa, Qoravoyning konkret kurash, yemish izlash bilan
bog‘liq harakatlarini mantiqiy jihatdan asoslaydi.
Qoravoyda hamma tirik jonzotga yemish sifatida qarash, yovvoyi tarzda yashash
natijasida unda taptortmaslikni, shiddatni yuzaga chiqardi. Lekin unda o‘z uyidan, sayhonlik,
changalzordan uzoqlashgach, notanishlikdan qo‘rqish, bilmagan narsasida ehtiyotkor bo‘lish
hissi ham shakllandi. Qoravoy Toshlisoyning yuqori o‘zanida o‘tirganida dimog‘iga qishloq
tomondan tovuqlarning hidi kelishi va uning Yakkatut qishlog‘i tomonga borish paytida ham
notanish tepaliklar ortidan yanglanglikka chiqib bir oz turadi. Chunki oldindagi makonni
yaxshi bilmaslik, uni hali o‘z tushunchasi bo‘yicha anglab ulgirmagani Qoravoyni biroz
sarosimaga soladi. Lekin shunday bo‘lsa-da, Qoravoyni ichki bir istak olg‘a undaydi. Bu
yovvoyilik istagi, qon va xom go‘shtni tatish istagi edi.
Aslida istak odamda ham, hayvonda ham bo‘ladigan tabiiy tilak sanaladi. Odam
yo‘lbars, arslon, qoplon, bo‘ri, ot, it kabi jonzotlar birga yashab, ularning ba’zi
xususiyatlarining kishida yo‘qligini anglagan. Chunki yo‘lbarsning matonati, bo‘rining
erki, arslonning adolati, otning do‘stligi, itning sadoqati kishi taraqqiyoti, boylik orttirish,
jamiyatda ma’lum mavqega erishishida doimo qo‘l kelgan. Natijada mana shu hayvonlar
odam uchun alohida ahamiyat kasb eta boshlagan. Odam ana shu hayvon bilan birga
yashash jarayonida ular bilan muloqot qilishga intilgan. “Darhaqiqat odamizod eng
ibtidoiy davrlardan buyon tabiat, jonivorlar bilan baqamti yashab keladi. Ulardan olgan
taassurotlarini badiiy so‘z yoki ifodalarda aks ettiradi. Tabiat va inson muammosini bu
tarzda aks ettirilishi ko‘pincha kishilar va alohida odamlar dunyoqarashi, axloqini
tarbiyalash, mukammal etishga xizmat qiladi”. Bu fikrda jon bor, ammo ba’zi hayvonlar
ham odam bilan, tabiat bilan muloqot jarayonida takomillashib boradi. Masalan, Qoravoy
obraz sifatida mungni
his etadi, teran aglaydi. Buni biz Tolmas yig‘laganida tushungani
haqida fikrimizda keltirdik. Ammo itning o‘zidagi uvlash, yurak-yuragidan osmonga
qarab mungli ovozda nola qilish ortidan itning ham dardini aytish, allaqanday ichki
anglash yordamida boshqa mung, yig‘inilarni tushunushi berilgan. It tabiatga
bog‘langanini, uni mehr bilan sevishini his etadi. Shuning uchun u it va odamlarni ham
yaxshi farqlaydi. Xonaki itlarni suymaydi, ulardagi jur’atsizlik, tobelikdan jirkanadi.
Ularga qarshi kurashadi. Masalan,
“It deganlari favqulodda vaziyatda juda zirak keladi.
Qoravoyning vajohatidan ne gapligini fahmlagan jonivorlarning oyoq olishlari taysallanib
narida to‘xtaydilar. Endigi jang beomon bo‘ladi. Qoravoyga birinchi bo‘lib hujumga o‘tgan
itning sho‘ri quriydi. Bu hol uning butun vujudidan sezilib turardi. Natijada hamla qilishga
itlarning jur’ati yetmay akillashga tushishdi”
[5, 252-253-betlar]. Ushbu parchada
Qoravoyning Ola it, To‘rtko‘z, Qashqa laqabli qishloq itlari bilan bir o‘zi kurashgani aks
etgan. Unda Qoravoyning jasorati, o‘z haqqi va sha’nini himoya qila olishi berilgan.
Mazkur parchaning davomida esa Qashqa haqidagi fikr berilgan: “
Uning maskan haqidagi
tushunchasi yaloq bilan cheklanar, yalog‘iga tegilmasa bas, qolgani bilan ishi yo‘q edi
.
Hovlida savlatli qo‘riqchi aslida esa o‘tkir tuyg‘ulardan yiroq edi u” [5, 253-bet].
Xorijiy lingvistika va lingvodidaktika – Зарубежная лингвистика
и лингводидактика – Foreign Linguistics and Linguodidactics
Issue – 2 № 4 (2024) / ISSN 2181-3701
221
Mana shu yerda xonaki it bilan Qoravoy kabi yovvoyilikda, erkinlikda o‘sgan itning
farqi ochilgan. Majoziy ma’noda bu epizodda vatanparvarlik masalasi ham ochilgan.
Qornim to‘q, qulog‘im tinch, boshqa bila nima ishib bor qabilida yashovchi, atrofida yurt,
xalq mulkini talon-taroj qiluvchi yoki vatanini indamay yemish yoki farovon hayot
evaziga sotayotgan vatanfurushlar tasviri berilgan. Demak, Qoravoy ozod, erkin
hayotning egasi sifatida haqiqiy qahramon sifatida tasvirlangan.
To‘g‘ri, qissada Qoravoyning Tolmas bilan tanishuvi, sekin-astalik bilan unga
yaqinlashishi va zanjirga tushishi, tutqinlikdagi hayoti ham tasvirlangan. Bunda Tolmas
Qoravoyda haqiqiy jasorati, boshqa itlarda ko‘rilmagan xislatlarni ko‘rgani va uni o‘ziga it
qilib boqib olmoqchi bo‘lgani keltiriladi. Ammo uyiga olib borganda esa tog‘asi Qoravoyni
zotdor it qidirib yurgan odamlarga sotib yubormoqchi, uning ozodligini cheklamoqchi
bo‘ladi. Asirlikda hayot Qoravoyning ruhini sindirishga qaratilgan barcha usul va
vositalar qo‘llaniladi. Tutqunlikda Qoravoy qo‘lda berilgan hech narsaga qaramaydi, lekin
bir gal zanjir yetadigan joyga kelgan tovuqni tutib yeb qo‘yadi. Tog‘a uni o‘lasi qilib uradi.
Oxiri itning bo‘ysunmas ruhini egolmagan tog‘a jiyani Tolmasni ham yetimchaligini
yuziga soladi, it deya urishadi. Bundan o‘ksigan bola Qoravoyning oldida yig‘lab yuboradi.
Shu yerda Qoravoy qalbida uning nolasida o‘z uvlashidagi kabi nimadir borligini anglaydi.
Bolaning qo‘lini yalab, unga yupanch bo‘ladi. Shu yerda u bolaning niyati itni himoya
qilish ekanligini tushunadi.
Qissa boshidan beri itning har bir harakatlari batafsil yoritilgan lavhalar mazmuni,
asarni o‘qiganda o‘quvchiga beradigan ichki dinamik kechinma mohiyati erk, shaxs
ozodligi ekanligi haqida fikr ochiladi. Xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov professor
U.Normatov bilan bir suhbatida badiiy so‘z ichki mazmuni, asarda so‘zdan foydalanish
haqida quyidagilarni aytgan: “Har bir chinakam badiiy asarning o‘z ichki musiqasi bo‘ladi.
Bu kuy hali adib yozuv stoliga o‘tirmasdanoq boshlanadi… xullas, shu kuy bo‘lmasa, asar
chinakam badiiylikdan mahrum bo‘ladi”. Qoravoy nima qilmasin ana shu ichki hayotiy
kuch kuyga aylanib, uni olam bilan tanishuvi, hatto bu tasvirlar tabiat unga bergan
yashash tarzi uchun ekanligi oydinlashadi. Ruhi uyg‘oq, qalbi teran hissiyotli va fikrlari
sog‘lom odam uchun Qoravoy ozodlik ramzidek tuyladi.
“Chinakam san’at namunasi bo‘lgan badiiy asar mazmun-mohiyati, asos-negizi, …
adabiyotshunos-munaqqidning fikr maydonidir”. Shu tamoyildan kelib chiqib fikr
yuritsak, fasl boshida biz Qoravoyni yovvoyiligiga urg‘u bergan edik. Bu yerda esa ozodlik
timsoliga aylanganini ta’kidlayapmiz. Aslida yovvoyilik tushunchasi ostida tabiiylik,
Yaratgan qanday yaratgan, nima ko‘nikmalar bergan bo‘lgan, shu asosda yashash va
tirikchilik qilish itning haqiqiy erki edi. Qissada yozuvchi Qoravoyning ana shu jihatiga
katta e’tibor qaratgan.
Qoravoy obrazining mohiyatini ochishda Tolmasning alohida o‘rni bor. Bola
birinchi marta itni yantoq chopib yurgan paytida qishloqdan kelgan va Qoravoyni quvgan
uch it ortidan kelib, tepalikda itlarning Qoravoyga gizlangan paytida ko‘rgan. Shunda uch
itga qarshi mardona qarshi turgan Qoravoy tabiatidagi boshqa itlarda uchramaydigan
narsani ilg‘aydi. Tolmas xonaki itlarga o‘zi ularni kuzatib turganini sezdirmaydi. Chunki
agar odam borligini bilib qolishsa, Qoravoyga tashlanishlari mumkin edi. Bu yerda ham
xonaki itlarning qo‘rqoqligi, orqasida odam bo‘lsa, ular daldasi bilan kurashga chiqishi,
o‘z holida aniq maqsad sari kurashmasligi ochiladi. Qoravoyda esa bu masalada boshqa
tanlov qolmagan edi. Ortida uning yashash makoni, vatani turar shuning uchun u ochiq
jangga tayyor edi. Shu holat obrazning mohiyatini to‘laroq ochadi.
Xorijiy lingvistika va lingvodidaktika – Зарубежная лингвистика
и лингводидактика – Foreign Linguistics and Linguodidactics
Issue – 2 № 4 (2024) / ISSN 2181-3701
222
Oradan ma’lum vatq o‘tgach, bu gal to‘rt kun och qolgan va quymuchidan o‘q yegan
Qoravoy Tolmasni ko‘radi. Dastlab u bolaga tashlanmoqchi bo‘ladi. Ammo madori
yetmaydi. “U irillash bilan cheklanarkan, nochorligi kor qilib ingillab yubordi. Igillasa-da
ko‘zlari cho‘g‘day yonardi….
Tolmas yovvoyi it duch kelganini darrov fahlagandi. Irillashidan uning dardmand
ekanligi payqab buta shoxlari orasidan sekin mo‘ralagan va itning chovut solmoqqa holi
kelmasligiga ishonch hosil qilgachgina sayhonlikka chiqqandi. Tabiatan, jonivorlarga uning
mehri baland edi. … u itlarni alohida mehr bilan yaxshi ko‘rardi. Tabiiy, Qoravoy buni
bilmas, qarshisidagi bolaga g‘anim ko‘zi bilan tikilib, beto‘xtov irillar edi”
[5, 263-bet].
Mazkur parchada Qoravoyning Tolmas bilan yaqindan ilk bor uchashgani,
uchrashganda ham, o‘z vatani deb bilgan, begona jonzotlarni yaqiniga ham
yo‘latmaydigan inida, sayhonlikda uchrashgan edi. Buning ustiga Qoravoy nochor
ahvolda, Tolmas esa qo‘rquv bilmas edi. Lekin baribir it hali Tolmasning xarakteridagi
mehrni, itlarga bo‘lgan mehrni anglamas edi. Shuning uchun unga dushmanlik ko‘zi bilan
qaraydi. Ammo bola unga non olib keladi va o‘lim holatidagi itning joniga oro kiradi. Shu
tariqa Qoravoyning nonga, odamga qaramligi boshlangan edi. Tirik qolish ilinji va bir
parcha hali unga notanish bo‘lgan qattiq non uni bolaga nisbatan qiziqish bilan qarashiga
asos bo‘ldi. Lekin hali bolaga nisbatan adovati, allaqaday xavfsirashi bor edi. Ammo it
tuzalguncha har kuni uni yo‘qlab turgan, non bilan boqqan bolani nihoyat bitmayotgan
yarasiga teginishga izn beradi. Keyin esa unga suyaklar olib kelib beradi. Yomg‘irda
qolmasin, deb ustiga yelim yopinchiq yopib qo‘yadi. Shu tariqa it unga irillamay qo‘yadi.
Yozuvchi ana shu bayonlar ortidan it xarakteridagi yovvoyilik erib, odamga sekin-asta
ko‘nika boshlaganini berar ekan, Qoravoy obrazining evrilishini hayotiy asosda ochib
beradi. Qoravoy kasal yotganda yegan non, suyaklari va hatto boladan ham tutin yana
boshqa narsalarning hidi borligini sezadi. Yozuvchi shu o‘rinda madaniy hayot belgilari
bilan Qoravoyning yovvoiy hayoti o‘rtasidagi ba’zi farqlar hatto hid orqali ham sezilishi
keltiradi. Bu esa yovvoyilikka o‘rgangan itga boshqa ta’sir qiladi. Ammo ochlik va
bolaning itga ko‘rsatgan mehri ustinlik qiladi. Bu bir tomondan, yovvoyilikni ham mehr
orqali yengish mumkinligi haqidagi g‘oyani anglatsa, ikkinchi tomondan ilojsiz qolgan
chog‘da ijtimoiy hayot unsurlarini qabul qilgan yovvoyi it tuzalgach baribir asl holiga
qaytganda yovvoyi turmushiga qaytishini bildiradi. Chunki Qoravoy haqida yozganda
unga berilgan ta’riflardan biri quyidagicha edi:
“Yovqur tabiatli jon zaifdan hamma vaqt
jirkanib kelgandek, tishi o‘tmay turiboq “dod”lab dunyoni boshiga ko‘targan maxluqdan
Qoravoy irgandi... Qoravoyni bu qadar qahrlantirgan narsa oldidagi yemish emas, balki
yovvoyi jondorlar orasida mavjud bo‘lgan azaliy taomilga bo‘lgan xiyonat edi. U o‘laksa
ustiga tuproq sochibgina qolmay, odatga binoan o‘z belgisini ham muhrlagan edi. Ammo
xonaki befarosat itlar bu belgini anglashmagan”
[5, 267-bet].
Yozuvchi parcha xonaki va yovvoyi itlar farqini ochar ekan, insonga o‘rgangan itlar
mute va asosiy xususiyatini yo‘qotishini alohida ta’kidlaydi. Bu esa Qoravoyning
xarakteridagi jihatlarni yanada qavarib yuzaga chiqishini ta’minlaydi. Lekin Qoravoy ham
shu voqeadan bir kun o‘tib Tolmasning qo‘liga bandi bo‘ladi. U bola olib kelgan tovuq
suyaklarini yegach, mudrab bolaning oyoqlariga boshini qo‘ygancha ko‘zini yumadi. Bola
esa uni qo‘li bilan silay boshlaydi. Qoravoyga bolaning bu mehribonligi onasining yalab-
yulqashini esladi. Vujudiga huzurli bir titroq kirgandek tuyuladi. Ammo Tolmasning
ikkinchi qo‘li uning tumshug‘iga tumshuqbandni solib bo‘lgan edi. Bu yerda Tolmasning
yosh bo‘lishiga qaramasdan hayotda ko‘p qiyinchilik ko‘rgani, pishiqligi, ayyorligi,
mehnatda qotganligi qo‘l kelgan edi.
Xorijiy lingvistika va lingvodidaktika – Зарубежная лингвистика
и лингводидактика – Foreign Linguistics and Linguodidactics
Issue – 2 № 4 (2024) / ISSN 2181-3701
223
Qoravoy tutqunlikda ma’lum muddat yashaydi. Lekin ozodlik, erk va o‘zi istagan
yovvoyi tabiatdagi yemishlarni qo‘msaydi. Payt topib qochadi va keyinchalik odam uni
tepalikda mag‘rur yurgani, bo‘rilar to‘dasiga bosh ekanligi haqida qisqacha xabar beriladi.
Bu esa umumiy planda Qoravoy obraz erk, ozodlikka tashna obraz ekanligini yana bir bor
asoslaydi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Qissadagi obrazning tahlili yakunida mazkur asarni AQSH yozuvchisi Jek
Londonning “Ajdodlar chorlovi” (The Call of the Wild) qissasidagi bosh qahrmon bo‘lgan
Bek laqabli it obraziga ba’zi jihatlar o‘xshab ketadi. Xususan, ikkala asarda ham bosh
qarahamonlar it ekanligi, Qoravoy va Bekning aqlliligi, asar oxirida ikkalasi ham bo‘rilar
to‘dasiga qo‘shilib ketishi haqidagi tasvirlarda yaqinlik bor. Ammo qolgan jihatlarida
umuman boshqa-boshqa yaqinlik asar sanaladi. AQSh yozuvchisining asarini bizning
tadqiqot obyektimizga kirmagani uchun bu yerda batafsil to‘xtalmadik.
Xullas, “Changalzor iti” nomli qissa orqali yozuvchi asl tabiat qonuniyatlari asosida
yashgan it obraz, baribir erk va ozodlikka tashna, u tabiat qoidalari bo‘yicha yashashini
badiiy ifodalaydi. Bunday it aslida ko‘plab odamlarning orzusi, ammo tutqunlik,
erksizlikda yashash va insonga qaram bo‘lish Qoravoyga yot narsa ekanligi ta’kidlangan.
Majoziy ma’noda esa Qoravoy shaxs erki qanday bo‘lishini ham bildiradi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1.
Баҳодир Карим. Абдулла Қодирий: танқид, таҳлил ва талқин. – Тошкент:
Фан, 2006. – Б.82 (232).
2.
Баҳодир Карим. Руҳият алифбоси. – Тошкент, Ғафур Ғулом номидаги
Адабиёт ва санъат нашриёти, 2016. 41-бет.
3.
Файзуллаев Х. “Бўталоқ” ҳикоясида инсон ва табиат фалсафаси // Sharq
Yulduzi. 2021, № 1. – Б. 154 (153-157).
4.
Норматов Умарали. Бадиий сўз қудрати (Ёзувчи Ўткир Ҳошимов билан
суҳбат) // Норматов У. Қодирий мўъжизаси: Тадқиқот. Қайд, суҳбат ва
мулоҳазалар. – Тошкент: O‘zbekiston, 2010. – Б. 240 (272 б.)
5.
Норқобилов Н. Бекатдаги оқ уйча. Ҳикоялар ва қиссалар. – Тошкент: Шарқ.
– Б. 234-297. Tadqiqotdagi havolalar shu manbadan olindi.
6.
Qaralsin: The Call of the Wild by Jack London. www.freeclassicebooks.com.
7.
Юлчиев К. Семиотическая характеристика в лирике Анвара Обиджана. //
Farg‘ona davlat universiteti ilmiy jurnali. 2023. №1. – С.387 (383-387)
https://scholar.google.com/citations?view
8.
Умуров Ҳ. Адабиёт назарияси: – Тошкент: Шарқ, 2002. – Б.137.
9.
Иброҳим Ҳаққул ҳақиқати: адабий ўйлар, ҳикматлар, лутфлар / Нашрга
тайёрловчи: Зулайҳо Раҳмонова. – Тошкент: Trust and support, 2023. – Б.27 (296).
10.
Файзуллаев Х. “Бўталоқ” ҳикоясида инсон ва табиат фалсафаси // Sharq
Yulduzi. 2021, № 1. – Б. 154 (153-157).