“PEDAGOGS”
international research journal ISSN:
2181-3027
_SJIF:
5.449
https://scientific-jl.com/ped
Volume-83, Issue-1, June -2025
216
OLIVER KROMVELNING TARIX SAHNASIGA CHIQISHI
VA ANGLIYA FUQAROLAR URUSHIDAGI O‘RNI
ВЫХОД ОЛИВЕРА КРОМВЕЛЯ НА ИСТОРИЧЕСКУЮ АРЕНУ
И ЕГО РОЛЬ В ГРАЖДАНСКОЙ ВОЙНЕ В АНГЛИИ
OLIVER CROMWELL'S EMERGENCE ON THE HISTORICAL
STAGE AND HIS ROLE IN THE ENGLISH CIVIL WAR
Alisher Ahmadjonovich Aloxunov
Farg‘ona davlat universiteti
Jahon tarixi kafedrasi dotsenti, PhD.
tel: +99893-482-08-20
Norxujayev Shaxboz Xusanjon o‘g‘li
Farg‘ona davlat universiteti
Tarix yo‘nalishi 4-bosqich talabasi
Annotatsiya
Mazkur maqolada XVII asr Angliya tarixining muhim arboblaridan biri – Oliver
Kromvelning siyosiy sahnaga kirib kelishi va uning Angliya fuqarolar urushidagi roli
tahlil qilinadi. Kromvelning parlament tarafdorlariga qo‘shilib, harbiy yetakchiga
aylanishi, uning “Yangi model armiyasi”ni shakllantirishdagi hissasi, shuningdek,
qirol Karl I ga qarshi olib borgan kurashi asosida u qanday qilib milliy miqyosda
yetakchiga aylangani yoritiladi. Maqolada Kromvelning harbiy strategiyasi, diniy
e’tiqodlari va siyosiy qarashlari orqali Angliya tarixidagi o‘ziga xos o‘rni ochib
beriladi.
Аннотация
В данной статье анализируется приход на политическую арену одного из
важнейших деятелей истории Англии XVII века – Оливера Кромвеля и его роль
в Гражданской войне в Англии. Освещается, как Кромвель, присоединившись к
сторонникам парламента, стал военным лидером, его вклад в формирование
“Новой модели армии”, а также борьба против короля Карла I, на основе чего он
превратился в лидера национального масштаба. В статье раскрывается особая
роль Кромвеля в истории Англии через призму его военной стратегии,
религиозных убеждений и политических взглядов.
Abstract
This article analyzes the rise of one of the key figures in 17th-century English
history – Oliver Cromwell to the political stage and his role in the English Civil War.
It highlights how Cromwell, by joining the supporters of Parliament, became a military
“PEDAGOGS”
international research journal ISSN:
2181-3027
_SJIF:
5.449
https://scientific-jl.com/ped
Volume-83, Issue-1, June -2025
217
leader, his contribution to the formation of the “New Model Army,” and how, through
his struggle against King Charles I, he rose to national prominence. The article reveals
Cromwell’s unique place in English history through his military strategy, religious
beliefs, and political views.
Kalit so‘zlar:
Oliver Kromvel, Angliya burjua inqilobi, puritan, qirol Karl I,
parlament, protestantlik, Yangi model armiyasi.
Ключeвыe слoвa:
Оливер Кромвель, Английская буржуазная революция,
пуритане, Король Карл I, парламент, протестантизм, Армия нового образца.
Key words:
Oliver Cromwell, English Bourgeois Revolution, puritans, King
Charles I, Parliament, protestantism, New Model Army.
KIRISH
XVII asr Angliya tarixi muhim siyosiy va ijtimoiy o‘zgarishlarga boy davr bo‘lib,
bu davrda yuz bergan voqealar keyingi asrlardagi siyosiy tizim va boshqaruv
shakllariga katta ta’sir ko‘rsatgan. Ana shu davrda faoliyat yuritgan eng muhim tarixiy
shaxslardan biri bu – Oliver Kromveldir. U Angliya fuqarolar urushida yetakchi harbiy
va siyosiy arbob sifatida tanilgan bo‘lib, qirollik hokimiyatiga qarshi kurashgan
kuchlarning boshida turgan. Kromvelning harbiy iste’dodi, qat’iy siyosiy qarashlari va
islohotchilik harakatlari tufayli u Angliya tarixida o‘chmas iz qoldirgan shaxsga
aylangan.
Angliyaning taraqqiy etgan davrlari orasida XVII asr yaqqol ajralib turadi, chunki
bu davrda mamlakatda nafaqat inqilob natijasida hokimiyat o‘zgarib, davlat rivoj topdi,
balki taraqqiyotga erishish yo‘lining yangi bosqichiga o‘tila boshlandi. Bu bosqich esa
burjua yo‘li edi. Tabiiyki, bu davrda sodir bo‘layotgan tarixiy jarayonlar nafaqat
siyosiy, iqtisodiy sohalardagi o‘zgarishlarni, balki ijtimoiy hayotda amalga oshirilishi
kerak bo‘lgan bir qator islohotlarni ham talab qilardi. Angliya burjua inqilobi
feodalistik tuzumdan kapitalistik jamiyatga o‘tish uchun dastlabki qadamlardan biri
bo‘lgan edi. O‘sha davrda yangicha iqtisodiy va ijtimoiy tuzum hisoblangan
kapitalistik jamiyat iqtisodiyotni yangidan rivojlanishini, iqtisodiy taraqqiyotni
jadallashtirishi bilan bir qatorda, ijtimoiy tenglik masalasini, dehqon va ishchilarning,
fuqarolarning o‘z huquq va erkinliklari shakllanishini ifoda etgandi [4: 11].
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA
XVI asrning o‘rtalarida Angliyadagi monastirlar tarqatib yuborilgach, ularning
mol-mulki musodara qilinadi. Cherkovdan musodara qilib olingan juda ko‘p
qimmatbaho va hozirgacha kirish imkonsiz bo‘lgan yerlarning aksariyat qismi bozorga
tashlanadi. Bu voqealarning barchasi ingliz qishloq jamiyatining tuzilishini
o‘zgartirayotgan edi. Yer kapital sarmoyalari uchun juda muhim va zarur maydonga
aylandi. Eski tartiblarning saqlanib qolganligi hali ham milliy bozorning to‘liq holda
rivojlanishiga to‘sqinlik qildi, mehnat bo‘linishi esa qishloq xo‘jaligidagi kapitalistik
“PEDAGOGS”
international research journal ISSN:
2181-3027
_SJIF:
5.449
https://scientific-jl.com/ped
Volume-83, Issue-1, June -2025
218
rivojlanish imkoniyatlarini chekladi. Shunday qilib, hatto janub va sharqning ko‘p
qismlarida, Angliyaning butun bir shimoliy va g‘arbiy hududlarida hali ham
qobiliyatga, kapitalga yoki o‘z mulklarini yangi yo‘l bilan ishlatish imkoniyatiga ega
bo‘lmagan yer egalari mavjudligicha qoldi. Boshqa tomondan, nafaqat shimol va
g‘arbdagi katta hududlar yangi o‘zgarishlardan ta’sirlanmadi, balki o‘zgarishlar sodir
bo‘layotgan hududlarda ham 1640-yilga kelib dehqonlarning katta qismi yarim
mustaqil dehqonlar sifatida yashashda davom etayotgan edi [1: 32].
Bu borada Oliver Kromvelning hayoti va faoliyatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak,
mazkur davrda shakllangan holat va muhitdan kelib chiqib fikr yuritish maqsadga
muvofiq bo‘ladi. XVII asr boshlarida Angliyada yuqorida keltirilgan ijtimoiy, iqtisodiy
va siyosiy vaziyat tahlikali ko‘rinishga kelib qolgan bo‘lib, aynan bu davr Oliver
Kromvelning voyaga yetib, shaxs sifatida shakllanish payti va jarayoniga to‘g‘ri
kelgandi. Oliver Kromvelning hayotiga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, u 1599-yil 25-
aprel kuni Xantingdonda Robert Kromvel va uning rafiqasi, Uilyam Styuardning qizi
bo‘lgan Yelizaveta oilasida tug‘ilgan. Kromvel oilasining boyligi Oliverning katta
bobosi Morgan Uilyamdan boshlangan. Aslida esa Oliver Kromvel Kromvellar
sulolasining bir chekka, kichik tarmog‘idan kelib chiqqan bo‘lib, u Angliya qiroli
Genrix VIII ning bosh vaziri bo‘lgan Tomas Kromvel bilan uzoq qarindosh edi.
Oliver Kromvelning bolalikdagi hayoti haqida nisbatan kam ma’lumotlar
ma’lumdir. Shunday bo‘lsa-da, ayrim ma’lumotlar saqlanib qolgan. Oliverni o‘rab
turgan oilaviy muhit puritancha ko‘rinishda edi. Boshqa bolalar yakshanba kunlari
shahar o‘tloqlarida ashula aytib, o‘ynab, maroqli hordiq chiqarardilar. Oliver esa
singillari bilan otasi va onasi boshchiligida cherkovga borar, tushdan so‘ng esa otasini
soatlab o‘qigan diniy kitoblariga quloq solib o‘tirar edi. Ular yosh Oliver uchun
zerikarli hamda tushunarsiz holatda bo‘lardi. U 1610-yildan 1616-yilgacha Xantingdon
grammatika maktabida o‘qigan bo‘lib, u yerda Oliver diniy ta’lim, axloq-odob, lotin
va yunon tillari, shuningdek, biroz matematika va tarixdan iborat “klassik ta’lim” oladi
[3: 43-44].
Kromvelning bilim olishdagi ikkinchi harakati Kembrijda sodir bo‘ldi. 1616-
yilning aprelida otasi 17 yoshli Oliverni Kembrij universiteti qoshidagi kollejga olib
keladi va bu yerda u o‘qiy boshlaydi. Lekin yosh Oliver o‘qishni yoqtirmas edi. U katta
ishtiyoq bilan ot minish, suzish, koptok o‘ynash, kamondan o‘q uzish, qilichbozlik va
ov bilan shug‘ullanishni yaxshi ko‘rardi. Qisqasi u sport sohasida o‘rtoqlarining
havasini keltirar edi. Yosh Kromvelni universitetdagi o‘qishi bexosdan otasining
o‘limi bilan to‘xtab qoldi. U oilada yolg‘iz o‘g‘il edi, shuning uchun onasiga
yordamlashish maqsadida uyiga qaytishga majbur bo‘ldi, lekin Kromvel
universitetdagi dunyoviy bilimlar qarshisida tiz cho‘kdi, buni umrining oxirgi
daqiqalarigacha saqlab qoldi. U otasining uyida bu safar ikki yil yashadi. Shu yillar
davomida u qo‘shnilarini yaxshi qobiliyatli dehqon sifatida hayron qoldiradi. Oliver
“PEDAGOGS”
international research journal ISSN:
2181-3027
_SJIF:
5.449
https://scientific-jl.com/ped
Volume-83, Issue-1, June -2025
219
1619-yilda Londonga huquq sohasini o‘rganish uchun jo‘nab ketadi. Bunday qaror
qabul qilishi mantiqan to‘g‘ri edi. Chunki qishloq yer egasiga katta miqdordagi yer va
savdo ishlarini yo‘lga qo‘yish uchun huquqni bilish juda zarur edi [7: 38].
NATIJA VA MUHOKAMA
Bu davr orasida qirol Yakov I ning amalga oshirayotgan siyosati parlament
tarafdorlari, ziyoli qatlam va burjuaziya sinfi vakillari tomonidan norozilikka uchrab
kelardi. Xuddi shu paytda, 1625-yilda Yakov I vafot etdi, uning o‘rniga taxtga o‘g‘li
Karl o‘tirdi va Karl I nomi bilan qirol bo‘ldi. Dastlabki davrda aholi qirol yangiliklar
tarafdori ekanligiga umid bog‘lashadi. Lekin ma’lum vaqt o‘tgach, Karl I ning asl
qiyofasi namoyon bo‘ladi, unga nisbatan ishonchsizlik va salbiy fikr kuchayadi. Qirol
bilan parlament o‘rtasidagi uzilish ma’lum muddat davom etadi. Parlament ifodalagan
burjuaziya va dvoryanlarning barcha sohalaridagi qarashlariga qirol birinchi
qadamlaridanoq qarama-qarshi bo‘ldi. Oxir-oqibat qirol Karl I 1628-yilda parlamentni
tarqatib yuboradi.
Mamlakatdagi mavjud vaziyat boshqalar qatori O.Kromvelga ham jiddiy ta’sir
ko‘rsatgan edi. 1630-yilda Xantingdonda shahar nizomi bo‘yicha katta tortishuv yuz
beradi va bu bahsda Kromvel mag‘lub bo‘lgan tomon safida bo‘lgandi. Bundan
tashqari, u moliyaviy muammolarga duch kelgan va natijada Xantingdondagi
mulklarini sotishga majbur bo‘ladi hamda yaqin atrofdagi Sent-Ayves shahriga ko‘chib
o‘tadi. Kromvel oilasining Sent-Ayvesdagi hayoti tarixiy dalillar nuqtai nazaridan
deyarli noma’lum, hatto ular shaharning qaysi qismida yashaganliklari haqida ham
aniq ma’lumot yo‘q. Ular bu yerda, asosan, ijarachi dehqon sifatida yashashgan va
moliyaviy jihatdan ancha og‘ir sharoitda bo‘lishgan. 1636-yilda Oliverning omadi
birdan yurishib ketadi, bunga onasining akasi, ya’ni tog‘asi hisoblanmish Tomas
Styuard tomonidan unga qoldirilgan meros sabab bo‘ldi. Bu meros ichiga Ili shahridagi
mulklar va ijara haqlari, jumladan, sobor yaqinidagi qulay uy ham kirgan. Ushbu uy
keyingi bir necha yil davomida Kromvel oilasining yashash joyiga aylangan va
hozirgacha saqlanib qolgan. Oradan ma’lum bir vaqt o‘tgach, Kromvel Ili shahrida
yashab turgan paytda qirol Karl I parlamentni yana chaqiradi. 1640-yilda Kromvel
Kembrij shahri okrugi nomidan parlament a’zosi sifatida qayta saylanadi. Bu voqea
Oliver Kromvelning siyosiy faoliyatidagi yangi bosqichni boshlab bergan bo‘lib,
keyingi yillarda sodir bo‘lgan tarixiy jarayonlar bunga yaqqol isbot bo‘la oldi [7: 68].
Angliya burjua inqilobi – bu parlament tarafdorlari, asosan, burjuaziya va
puritanlar bilan qirol hokimiyati va uning tarafdorlari o‘rtasidagi kurash hisoblanadi.
Inqilob siyosiy erkinliklar, burjua manfaatlarini himoya qilish va konstitutsiyaviy
boshqaruvga o‘tish uchun olib borildi. Mazkur inqilob o‘zining boshlanishi bilan
jamiyatda yangi siyosiy tartibot – konstitutsiyaviy monarxiya uchun asos yaratdi.
Mazkur burjua inqilobining boshlanishiga olib kelgan asosiy sabablari haqida qisqacha
to‘xtalib o‘tilsa, bunga Karl I tomonidan parlament vakolatlarini cheklash uchun
“PEDAGOGS”
international research journal ISSN:
2181-3027
_SJIF:
5.449
https://scientific-jl.com/ped
Volume-83, Issue-1, June -2025
220
amalga oshirgan harakatlari, qirolning shaxsiy hokimiyatga intilishi va parlamentni
mensimasligi, shuningdek, parlamentni bir necha yilga tarqatib yuborib, hokimiyatni
o‘zi mustaqil idora qilishi kabi omillarni misol qilib keltirish mumkin. Bundan
tashqari, Angliyada bozor iqtisodiyoti rivojlanib, burjua sinfi taraqqiy etib
kelayotgandi, soliqlar og‘irligi esa asosan ishlab chiqaruvchi va savdo bilan
shug‘ullanuvchi sinf zimmasiga tushgan edi. Qirol mulk egalari va burjua sinfining
iqtisodiy manfaatlariga zid siyosat yuritdi. Qolaversa, Karl I anglikan cherkovini
majburan kuchaytirishga harakat qildi. Puritanlar esa diniy erkinlikni talab qildilar.
Bularning barchasi ingliz burjua inqilobining boshlanishiga sabab bo‘lgan asosiy
omillar hisoblanadi.
Qisqa qilib aytganda, XVII asrning birinchi yarmida Angliyada yuzaga kelgan
ijtimoiy-siyosiy tanglik burjua inqilobiga olib kelgan asosiy sabab bo‘ldi. Bu davrda
jamiyatda yangi kuch sifatida shakllanayotgan burjua sinfi – savdogarlar, yirik
mulkdor dehqonlar, sanoatchilar o‘z iqtisodiy qudrati ortidan siyosiy vakillikni talab
qila boshladilar. Ammo bu manfaatlar qirol hokimiyati tomonidan mensilmay,
aksincha, mutlaq monarxiya kuchaytirishga harakat qilindi. 1603-yilda taxtga o‘tirgan
qirol Yakov I parlament vakolatlarini cheklashga urindi. Uning o‘g‘li Karl I esa bu
siyosatni yanada keskin shaklda davom ettirdi. U parlamentni chaqirmasdan soliqlar
yig‘di, dindor puritanlarga nisbatan ta’qiblar o‘tkazdi, hatto 1629 – 1640-yillarda
parlamentni butunlay tarqatib yuborib, davlatni o‘z boshqaruvida olib bordi. Ushbu
“parlamentsiz boshqaruv” davrida qirol Karl I Shotlandiyaga qarshi diniy islohotlar
sabab urush boshlab, moliyaviy inqirozga uchradi. Natijada u 1640-yil noyabr oyida
“Uzoq parlament”ni chaqirishga majbur bo‘ldi. Aynan Uzoq parlament faoliyati
boshlangan davrdan e’tiboran Angliya burjua inqilobi rasman boshlanadi. Bu
parlament qirol vakolatlarini cheklash, sud tizimini isloh qilish va fuqarolik
erkinliklarini ta’minlashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Inqilob chuqurlashib
borgach, 1642-yilda qirol bilan parlament o‘rtasida qurolli to‘qnashuv – fuqarolar
urushi yuzaga keladi. Mazkur inqilob jarayonida Oliver Kromvel kabi arboblar siyosiy
sahnaga chiqib, tarixda muhim iz qoldirish uchun poydevor qo‘ya boshladilar [8: 75-
76].
Burjua inqilobi davrida boshqalar qatori Oliver Kromvel ham siyosiy maydon sari
oldinga chiqib, Angliya tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘la boshladi. Lekin u inqilob
jarayoniga qanday kirib kelgan edi, qanday qilib u siyosat olami sari oldinga qadam
tashlagan edi? Oliver Kromvelning siyosatga kirib kelishi 1628-yilga to‘g‘ri keladi.
Xantingdonda qirol Oliverni parlamentga ikkita vakil saylash to‘g‘risidagi
buyrug‘i olinganligidan so‘ng ulardan biri etib tayinlaydi. Shu tariqa Kromvel ilk bor
parlamentga saylanadi. Mazkur parlament 1628-yilning 17-martida Vestminster
saroyida chaqirildi. Kromvel birinchi bor umum palatalarining qadimiy qubbalarini
ko‘radi. Bu yig‘ilishda u oxirgi kursida jimgina sukut saqlab o‘tirardi. Lekin bu yerda
“PEDAGOGS”
international research journal ISSN:
2181-3027
_SJIF:
5.449
https://scientific-jl.com/ped
Volume-83, Issue-1, June -2025
221
u ko‘rgan va eshitganlari tug‘ilgan shahrining sokin bag‘rida uning fikr-u xayolida
shakllanayotgan siyosiy kurash to‘g‘risidagi qarorlarini amalga oshirish uchun katta
maktab bo‘ldi. Mana shu yerda Kromvel birinchi marta jang maydonida yuzma-yuz
keladigan kelajakdagi dushmanlari bilan uchrashdi. Shu tariqa uning parlamentdagi ilk
siyosiy faoliyati boshlangan edi. Oradan ma’lum bir muddat o‘tgach, Angliya
parlamenti tarixida hech bo‘lmagan voqea yuz beradi, ya’ni parlament qirolga
bo‘ysunishdan bosh tortadi. Qirol parlamentni tarqatib yuborish to‘g‘risida buyruq
beradi. Qirol idorasiga bosh egmaganlar orasida Oliver Kromvel ham bor edi. Shunday
qilib, Karl I ning o‘n bir yillik yolg‘iz idora qilishi boshlanadi. 1628-yilga kelib
parlament tarqatib yuboriladi, Kromvel esa o‘zining qishloq hayotiga qaytishga majbur
bo‘ladi.
1640-yilga kelib Angliyadagi siyosiy va iqtisodiy inqiroz o‘zining eng yuqori
cho‘qqisiga yetdi. Qirol Karl I uzoq yillar davomida parlamentsiz boshqaruv yuritib
kelgan bo‘lsa-da, bu siyosat o‘z samarasini bermadi. Xususan, Shotlandiyadagi
qo‘zg‘olon va urush xarajatlari qirol xazinasini bo‘shashtirib yubordi. Ushbu vaziyatda
Karl I parlament chaqirishga majbur bo‘ldi. 1640-yilning 3-noyabrida chaqirilgan
“Uzoq muddatli parlament” qirol hokimiyati ustidan sezilarli ta’sir o‘rnatdi. Bu
parlament tarkibiga muxolifat yetakchilari xalq orasida olib borgan muvaffaqiyatli
tashviqot ishlari natijasida saylanib keladi [9: 147].
1640-yilda Angliyada qirol hokimiyatiga qarshi ijtimoiy-siyosiy kuchlar misli
ko‘rilmagan darajada birlashdi. Jamiyatning deyarli barcha qatlamlari – burjuaziya, yer
egalari, shahar aholisi va hatto ayrim zodagonlar qirol Karl I ning mutlaq boshqaruv
tizimiga qarshi bir yoqadan bosh chiqarib harakat qila boshladilar. Parlament ichidagi
yakdillik barham topdi. Lordlar va konservativ yer egalari uchun quyi palata
yetakchilarining siyosati, ularning parlament tashqarisidagi jamoatchilik fikriga
murojaat qilishga tayyorligi, mavjud ijtimoiy tartibning izdan chiqishiga olib
kelayotgandek tuyuldi. Bu esa ularning jamiyatdagi ustun mavqeini xavf ostiga
qo‘yishi mumkin edi. Natijada ular asta-sekin qirol tarafdorlari safiga qayta
boshladilar. Butun mamlakat miqyosida bu bo‘linish asosan ijtimoiy sinflar asosida
yuz berdi.
1641-yilda “Grand Remonstrance”, ya’ni “Katta norozilik bayonnomasi”ning
nashr etilishi parlamentda keskin qarama-qarshiliklarni yuzaga keltirdi. Bu hujjat qirol
Karl I hukumatini jamoatchilik oldida ochiq tanqid qilgan bo‘lsa-da, uning e’lon
qilinishi atigi o‘n bitta ovoz bilan tasdiqlangan edi. Natijada, parlamentdagi birlik
tamoman barham topdi va siyosiy kuchlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar yarashib
bo‘lmas darajaga yetdi. Qirol tarafdorlari, ya’ni kelajakdagi royalistlar parlamentdan
chiqib ketdilar. Bu qaror an’anaviy diniy tuzumga emas, balki chuqurroq iqtisodiy va
ijtimoiy xavotirlarga borib taqalardi. Ayrim lordlar fikricha, agar cherkovdagi mulklar
musodara qilinsa, tez orada bu siyosat boshqa yirik yer egalariga, mulkdorlarga ham
“PEDAGOGS”
international research journal ISSN:
2181-3027
_SJIF:
5.449
https://scientific-jl.com/ped
Volume-83, Issue-1, June -2025
222
taalluqli bo‘lib qolishi mumkin edi. Shu nuqtadan boshlab inqilobiy harakatlar
ichkaridan yemirila boshladi. Katta burjuaziya vakillari dastlab inqilobiy g‘oyalarning
asosiy tarafdorlari bo‘lishlariga qaramay, ommaning tobora radikallashib borayotgan
talablari oldida cho‘chiy boshladilar. Ular qirollik tizimini butkul yo‘q qilish emas,
balki uni o‘z manfaatlariga mos ravishda isloh qilish tarafdori edilar. Xalq ommasining
tenglik borasidagi talablarini o‘ta xavfli deb hisoblagan burjuaziya inqilobiy to‘lqinni
jilovlashga urinib ko‘rdi. Shu sababli ayrim yer egalari parlamentdan voz kechib, qirol
tomoniga o‘tib ketdilar. Bu o‘zgarishlar shuni ko‘rsatdiki, ijtimoiy tenglik uchun
kurash xalq manfaatiga mos bo‘lsa-da, mulkdor sinflar uchun tahdid sifatida qabul
qilinayotgan edi. Shunga qaramay, bu sinfiy qo‘rquv qirol Karl I ga o‘zining
almashtirib bo‘lmas hokim ekaniga ishonch bag‘ishladi. Qirol har qanday murosa
takliflarini rad etadi, siyosiy kelishuvga erishish yo‘llari yopildi. Natijada, 1642-
yilning yozida Angliyada ochiq fuqarolar urushi boshlanadi [6: 195-197].
Fuqarolar urushi boshlanganidan so‘ng, qirol hokimiyatiga qarshi olib
borilayotgan kurashda nafaqat parlament ichida, balki undan tashqarida ham strategik
yo‘nalishlar va urush olib borish uslublariga nisbatan qarama-qarshi fikrlar paydo
bo‘ldi. Qirol tarafdorlari – “Kavalerlar” deb nom olgan zodagonlar qo‘shinlari bo‘lib,
ular o‘zlarining ijtimoiy tabaqaviy pozitsiyasi va an’anaviy tartibdagi harbiy
tayyorgarliklari tufayli muayyan ustunliklarga ega edilar. Boshqa tomondan, parlament
tarafdorlari – “Roundheads”, ya’ni “Yumaloq boshlilar” deb nom olgan kuchlar bo‘lib,
ular asosan yirik shaharlarda joylashgan, burjuaziya sinfiga mansub savdogar va
hunarmandlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi. Ular urush uchun zarur moliyaviy
resurslarni ta’minlagan bo‘lsalar-da, dastlab jangovar harakatlarda tajribasizlik
ularning zaif jihatlaridan biri bo‘lgandi.
Oliver Kromvel fuqarolar urushi davrida o‘zida shakllangan harbiy va siyosiy
salohiyatini ilk bor amalda namoyon etdi. U mavjud muammolarni, ya’ni parlament
kuchlaridagi intizom yetishmovchiligi, feodal qoidalar asosida lavozimlarni tayin
qilishlari va ijtimoiy tabaqalashtirishni bartaraf etishga kirishdi. Kromvel inqilobiy
xarakterga ega bo‘lgan urushni aynan inqilobiy tamoyillar asosida tashkil etish
zarurligini chuqur anglab yetgan holda harbiy islohotlarni boshladi. Sharqiy
grafliklarda tuzilgan uning harbiy qismlarida ofitserlik lavozimlari ijtimoiy kelib
chiqishga emas, balki askarlarning layoqati va fidoyiliklariga asoslangan holda
taqsimlandi. Kromvel bu borada shunday fikr bildirgan edi: “Men nima uchun
kurashayotganini biladigan va bilganini sevadigan, oddiy, qo‘ng‘ir to‘n kiygan
kapitanni afzal ko‘raman, vaholanki, siz “janob” deb atagan va boshqa hech qanday
fazilati bo‘lmagan kishidan ko‘ra.” Kromvel askarlardan faqatgina harbiy, jismoniy
jasoratni emas, balki ichki e’tiqod va g‘oyaviy tushunchani, ya’ni “masalaning ildizi”ni
tushunishni talab qilgan. Shu bilan birga, u armiyada turli fikrlarning ochiq muhokama
“PEDAGOGS”
international research journal ISSN:
2181-3027
_SJIF:
5.449
https://scientific-jl.com/ped
Volume-83, Issue-1, June -2025
223
qilinishiga ham ruxsat bergan, bu esa uning demokratiyaga moyilligini ko‘rsatadi [5:
214].
Kromvelning siyosatchi va davlat arbobi sifatida kuchayib borayotgan qudrati,
siyosiy va konstitutsiyaviy rivojlanishlarga ta’sir ko‘rsatuvchi shaxs sifatidagi mavqei,
uning sodiq va kuchli armiyasi bo‘lgan muvaffaqiyatli harbiy qo‘mondon sifatidagi
mavqeiga asoslangan edi. 1642-yilning yozida fuqarolar urushi boshlangan paytidan
buyon, Kromvel parlament tarafdori sifatida qat’iy pozitsiyada edi, u qurol olgan
birinchi parlament a’zolaridan biri bo‘lib, otliq askarlar bo‘linmasi sardori sifatida
tayinlangan edi. 1643-yilda Oliver Kromvelning amalga oshirgan ishlari uning shaxsiy
harbiy faoliyati taraqqiyotida muhim bosqich bo‘lgan bo‘lsa-da, fuqarolar urushining
umumiy natijalari va parlament armiyasining strategik yutuqlari nuqtai nazaridan
nisbatan cheklangan ahamiyat kasb etgan edi.
Oliver Kromvel fuqarolar urushining ikkinchi bosqichida harbiy lavozim
jihatidan yuqoriroq pog‘onaga ko‘tariladi, shunday bo‘lsa-da, bu davrda u mustaqil
strategik yetakchi sifatida emas, balki yirik harbiy tuzilmalar doirasida ikkinchi darajali
rahbar maqomida faoliyat yuritgan. 1644-yilda Kromvel Sharqiy uyushma armiyasida
otliq qo‘shin qo‘mondoni va armiyaning bosh qo‘mondoni hisoblangan
Manchesterning bevosita qo‘l ostida xizmat qilgan. Shunga o‘xshash tarzda, 1645 –
1646-yillarda u Yangi namunadagi armiyaning otliq kuchlariga boshchilik qilgan va
bu davrda Ferfaks boshchiligidagi parlament armiyasining ikkinchi raqamli harbiy
yetakchisi sifatida harakat qilgan edi. Mazkur yillarda Kromvel qatnashgan harbiy
operatsiyalarning aksariyati, jumladan Bridjuoter, Bristol, Ekseter, Sherborn va
Oksforddagi qamal operatsiyalari hamda Marston Mur, Nezbi, Langport, Nyuberi
hududidagi ikkinchi jang va Torringtondagi hal qiluvchi janglar muvaffaqiyat bilan
yakunlangan bo‘lsa-da, ushbu harakatlarda u bosh qo‘mondon sifatida yetakchi rol
o‘ynamagan. Shu sababli, bu operatsiyalarda Kromvelning shaxsiy, alohida harbiy
strateg sifatidagi hissasini aniqlash qiyin bo‘lib qoladi. Biroq, Kromvel ushbu davr
ichida ayrim qisqa muddatli, nisbatan avtonom harbiy yurishlarni amalga oshirgan.
Jumladan, 1644-yil mart oyida Bukingemshir va Oksfordshir chegaralarida o‘tkazilgan
o‘n kunlik harakatlar hamda 1645-yil aprel boshidan may oyi boshigacha davom etgan
to‘rt haftalik operatsiyalar shular jumlasidandir. Biroq bu yurishlarning harbiy-
strategik maqsadlari cheklangan bo‘lib, ular keng miqyosli natijalarga olib kelmagan.
Shunday qilib, Kromvelning bu davrdagi faoliyati yirik urush taqdirini belgilovchi
mustaqil strateg emas, balki muvaffaqiyatli ikkinchi darajali harbiy rahbar sifatidagi
mavqe bilan belgilanadi.
Oliver Kromvelning 1644 hamda 1645 – 1646-yillardagi parlament armiyasi
yurishlariga qo‘shgan harbiy hissasi, shuningdek, fuqarolar urushidagi umumiy
g‘alabada tutgan o‘rni ikki asosiy yo‘nalishda namoyon bo‘ladi. Ulardan biri hujjatlar
“PEDAGOGS”
international research journal ISSN:
2181-3027
_SJIF:
5.449
https://scientific-jl.com/ped
Volume-83, Issue-1, June -2025
224
bilan yaqqol tasdiqlangan bo‘lsa, ikkinchisi nisbatan mavhum bo‘lib, tarixiy nuqtai
nazardan bevosita baholash biroz qiyinroqdir.
Birinchisi, aniq hujjatlashtirilgan jihat – Kromvelning asosiy janglarda
parlamentchilar armiyasining muhim qanotlariga bosh qo‘mondonlik qilgan
vaqtlardagi faoliyati bilan bog‘liqdir. Jumladan, u 1644-yil 2-iyulda bo‘lib o‘tgan
Marston Mur jangida armiyaning chap qanotiga, 1645-yil 14-iyundagi Nezbi jangida
esa armiyaning o‘ng qanotiga rahbarlik qilgan. Mazkur strategik ahamiyatga ega
to‘qnashuvlarda Kromvel qirol tarafdorlarining otliq qismlariga qarshi o‘z otliq
qo‘shinlarining bir qismini yuqori samaradorlik bilan qo‘llagan. U jang jarayonida
harbiy intizomni saqlashga alohida e’tibor qaratib, birinchi safdagi otliq qismlarning
jang maydonini tark etib, talonchilik yoki dushmanni quvish bilan chalg‘ishini
cheklagan, orqa safdagi zaxira kuchlarni esa bevaqt jangga jalb qilinishidan tiygan.
Ikkinchi jihat – Kromvel parlamentchilar armiyasining ruhiyatini ko‘tarishga va
uni yuqori darajada ushlab turishga hissa qo‘shgan bo‘lishi mumkinligidadir. 1645-yil
bahorida Kromvel Yangi namunadagi armiyaga qo‘shilganida, u yerda xizmat
qilayotgan askarlar tomonidan iliq va olqishlar bilan kutib olinishi, uning safdoshlari
orasidagi obro‘-e’tiborining yuksakligini va ruhiy barqarorlikni ta’minlashdagi rolini
ko‘rsatadi [2: 385-388].
1645-yilda parlament urushni oxirigacha olib borishga bo‘lgan qat’iy niyatini
yana bir bor tasdiqladi. U “O‘zidan voz kechish to‘g‘risida qaror”ni qabul qildi. Unga
ko‘ra, Tomas Ferfaks boshchiligida Yangi namunadagi armiya shakllandi. Oliver
Kromvel esa bu armiyada otliq qo‘shinlar leytenant-generali va bosh qo‘mondonning
ikkinchi yordamchisi sifatida tayinlandi. 1645-yil 14-iyundagi Nezbi jangi va 10-
iyuldagi Langport jangida parlament kuchlari Karl I ning qo‘shinlarini deyarli butunlay
tor-mor keltirishga muvaffaq bo‘ldi. 1646-yilda qirol Karl I shotlandlardan yordam
so‘rashga majbur bo‘ladi, lekin oradan ko‘p o‘tmay u shotlandlardan tomonidan
qamoqqa olinib, parlamentga topshiriladi. Ushbu voqea tarixiy nuqtai nazardan
Birinchi Angliya fuqarolar urushining yakun topgan bosqichi sifatida e’tirof etiladi
[10: 413].
XULOSA
Xulosa qilib aytganda, Oliver Kromvel XVII asr Angliya tarixida chuqur iz
qoldirgan arbob sifatida e’tirof etiladi. Uning siyosiy sahnaga chiqishi va fuqarolar
urushidagi faol ishtiroki Angliyada monarxiya va parlament o‘rtasidagi kuchlar
muvozanatini tubdan o‘zgartirdi. Kromvelning puritan e’tiqodiga sodiqligi, harbiy
iqtidor va qat’iyati tufayli u nafaqat qirol Karl I ni mag‘lub etishga, balki yangi tartib
va boshqaruv tizimini shakllantirishga ham muvaffaq bo‘ldi. Yangi model
armiyasining tashkil etilishi esa zamonaviy harbiy tuzilmalarning poydevoriga
aylangan muhim islohot bo‘ldi. Kromvel faoliyati ko‘plab bahs-munozaralarga sabab
“PEDAGOGS”
international research journal ISSN:
2181-3027
_SJIF:
5.449
https://scientific-jl.com/ped
Volume-83, Issue-1, June -2025
225
bo‘lishiga qaramay, u Angliya burjua inqilobining asosiy harakatlantiruvchi
kuchlaridan biri sifatida tarixda o‘z o‘rnini mustahkamladi.
ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1.
Davies G. The Early Stuarts, 1603 – 1660. – Oxford: Oxford University Press,
1959. – 492 p.
2.
Firth C. Oliver Cromwell and The Rule of The Puritans in England. – New York:
G.P. Putnam’s Sons, 1900. – 584 p.
3.
Gaunt P. Oliver Cromwell. – Oxford: Wiley-Blackwell, 1997. – 280 p.
4.
Hill C. The English Revolution 1640. – London: Lawrence and Wishart, 1940. –
64 p.
5.
Hutton R. Oliver Cromwell: Commander in Chief. – New Haven: Yale University
press, 2024. – 480 p.
6.
Hyde E. The History of the Rebellion and Civil Wars in England. Vol. I. – Oxford,
1702. – 557 p.
7.
Morrill J. Oliver Cromwell. – Oxford: OUP, 2007. – 144 p.
8.
Morrill J. Seventeenth-Century Britain, 1603 – 1714. – Folkestone: Dawson,
1980. – 189 p.
9.
Underdown D. Revel, Riot and Rebellion: Popular Politics and Culture in
England, 1603 – 1660. – Oxford: Clarendon Press, 1985. – 324 p.
10.
Woolrych A. Britain in Revolution, 1625 – 1660. – Oxford: Oxford University
Press, 2002. – 842 p.