190
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 7
XIX ASR REALIZM: AYOL VA JAMIYAT O‘RTASIDAGI ZIDDIYAT
(G.FLAUBERT, L.TOLSTOY VA T.FONTANE ASARLARI MISOLIDA)
Mahmudova Marjona Nosir qizi
O‘zbekiston Milliy universiteti, Xorijiy Filologiya fakulteti, 4-bosqich talabasi.
https://doi.org/10.5281/zenodo.15834030
Annotatsiya. Ushbu maqolada realizm adabiy yo‘nalishining XIX asrdagi rivoji
doirasida ayol va jamiyat o‘rtasidagi ziddiyatlar tahlil qilindi. Tadqiqot markazida uchta klassik
asar: Gustave Flaubertning “Madam Bovary” (Bovari xonim), Lev Tolstoyning “Anna
Karenina” va Theodor Fontanenining “Effi Briest” romanlari turadi. Ushbu asarlarda ayol
qahramonlarning orzu-umidlari, shaxsiy erkinlik intilishi va jamiyat me’yorlariga qarshi borishi
natijasida yuzaga kelgan ichki va tashqi ziddiyatlar yoritildi. Maqola realizmda ayol obrazining
tahlili orqali XIX asr jamiyatining axloqiy, ijtimoiy-madaniy muhitini ochib beradi. Qiyosiy
yondashuv asosida yozuvchilarning uslubi, ijtimoiy pozitsiyasi va fojiali yakunlar orqali
bildirilgan tanqidiy qarashlar tahlil qilinadi.
Kalit so‘zlar: Realizm, XIX asr adabiyoti, ayol obrazi, jamiyat inqirozi, Madame Bovary,
Anna Karenina, Effi Briest, gender muammosi, psixologik ziddiyat, Yevropa realizmi.
РЕАЛИЗМ XIX ВЕКА: КОНФЛИКТ МЕЖДУ ЖЕНЩИНОЙ И ОБЩЕСТВОМ
(НА ПРИМЕРЕ ПРОИЗВЕДЕНИЙ Г.ФЛАУБЕРТА, Л.ТОЛСТОГО И Т.ФОНТАНЕ)
Аннотация. В данной статье рассматриваются конфликты между женщиной и
обществом в рамках развития литературного направления реализма в XIX веке. В центре
исследования находятся три классических произведения: «Госпожа Бовари» Гюстава
Флобера, «Анна Каренина» Льва Толстого и «Эффи Брист» Теодора Фонтане. В этих
романах освещаются внутренние и внешние противоречия, возникающие в результате
стремлений женских героинь к личной свободе, осуществлению мечт и противостоянию
общественным нормам. Статья через анализ женских образов в реализме раскрывает
морально-социальную и культурную атмосферу XIX века. На основе сравнительного
подхода анализируются стили авторов, их социальная позиция и критические взгляды,
выраженные через трагические финалы произведений.
Ключевые слова: реализм, литература XIX века, женский образ, кризис общества,
Госпожа Бовари, Анна Каренина, Эффи Брист, гендерная проблема, психологический
конфликт, европейский реализм.
19TH CENTURY REALISM: THE CONFLICT BETWEEN WOMAN AND SOCIETY
(THROUGH THE WORKS OF G.FLAUBERT, L.TOLSTOY AND T.FONTANE)
Abstract. This article analyzes the conflicts between women and society within the
framework of the development of literary realism in the 19th century. The study focuses on three
classic novels: Madame Bovary by Gustave Flaubert, Anna Karenina by Leo Tolstoy, and Effi
Briest by Theodor Fontane. These works highlight the internal and external conflicts that arise
from the female protagonists’ aspirations, pursuit of personal freedom, and defiance of societal
norms. Through the analysis of female characters in realist literature, the article reveals the
moral, social, and cultural atmosphere of the 19th century. Using a comparative approach, the
authors’ styles, social positions, and critical perspectives – reflected in the tragic endings – are
examined.
Keywords: realism, 19th-century literature, female character, social crisis, Madame
Bovary, Anna Karenina, Effi Briest, gender issues, psychological conflict, European realism.
191
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 7
Kirish:
XIX asrda Yevropa adabiyoti muhim burilishlardan birini boshidan kechirdi.
Realizm yo‘nalishining shakllanishi adabiy tafakkurda hayotni haqqoniy, xolis va chuqur
ijtimoiy-tanqidiy yondashuvni tasvirlashga olib keldi. Realist yozuvchilar idealistik yoki
romantik ohanglardan voz kechib, inson va jamiyat o‘rtasidagi murakkab munosabatlarga e’tibor
qaratdilar. Ayniqsa, realistik asarlarda ayol obrazlari orqali jamiyatdagi axloqiy me’yorlar,
gender tengsizligi va insoniy erkinlik muammolari yoritildi.
Adabiyotlar tahlili:
XIX asrning ikkinchi yarmi ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda
keskin o‘zgarishlar bilan ajralib turadi. Yevropada sanoat inqilobi ta’sirida shakllangan yangi
ijtimoiy qatlamlar, shaharlardagi hayotning murakkablashuvi, axloqiy qadriyatlar inqirozi va
ayollar mavqeiga bo‘lgan munosabat o‘zgarib borar edi. Ana shu real ijtimoiy sharoit, badiiy
ifoda vositalarida ham yangilanish talabini yuzaga keltirdi. Endi jamiyat ideallashtirilgan hayot
tasviriga emas, balki o‘zini, kundalik turmushini, ichki iztirob va tashqi bosimlarni aks ettiruvchi
adabiyotga muhtoj edi. Shunday murakkab tarixiy jarayonda realizm adabiy yo‘nalish sifatida
shakllana boshladi. Bu yo‘nalish hayotni qanday bo‘lsa, aynan shunday tasvirlashga, jamiyatdagi
muammolarni yashirmasdan ko‘rsatishga, inson psixologiyasi va ichki dunyosini chuqur
ochishga intildi. Realistik adabiyot o‘quvchiga o‘z hayotini aks ettiruvchi oynani tutdi. Unda
orzular emas - haqiqat, xayollar emas - muammolar, hissiyot emas - mas’uliyat aks etardi.
Yevropa adabiyotida realizm adabiy oqimi XIX asrning 30–40-yillariga kelibgina
mustaqil yo‘nalish sifatida shakllandi. Biroq, uning ildizlarini ilgariroq Uyg‘onish va
Ma’rifatparvarlik davri adabiyotida ko‘rish mumkin. Ayniqsa, inson shaxsiyatiga, bilimga va
aqlga asoslangan qarashlar, jamiyatga xolis nazar, hayotni tahlil qilishga bo‘lgan intilish
keyinchalik, realizmning nazariy asoslarini tayyorlab berdi. Shunga qaramay, realizm to‘laqonli
adabiy oqim sifatida XIX asr jamiyatining chuqur ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlari, inqiloblar va
sinfiy ziddiyatlar fonida yuzaga chiqdi.
Romantizm davri adabiyoti uzoq yillar davomida jamiyat tafakkurida hukmronlik qildi.
Odamlar orzular, hissiyotlar va idealistik tasvirlarga berilib yashar edi. Ammo bu orzular
haqiqat bilan to‘qnashgan pallada, ayniqsa, 1830–1848 yillardagi inqiloblar, sanoat inqilobi,
burjua jamiyatining shakllanishi fonida adabiyot jamiyat ehtiyojlariga javob bera olmay qoldi.
Haqiqatga ochlik, muammolarga tik boqish istagi, hayotdagi tengsizlik va adolatsizlikni
anglashga bo‘lgan ehtiyoj kuchaydi. Shunday ijtimoiy muhitda realizm adabiyot maydoniga
kuch bilan kirib keldi. Realistik yozuvchilar orzular olamidan voz kechib, insonni jamiyatdagi
o‘rni bilan, uning kundalik hayoti, ichki kechinmalari va ijtimoiy bosimlar bilan tasvirlashga
kirishdilar. Ularning asarlarida shaxsiy taqdir va ijtimoiy sharoit o‘zaro bog‘liq holda
ko‘rsatiladi. Realizm hayotga oynadek qaraydi, uni bo‘yalmagan holda, barcha murakkabligi
bilan ochib beradi. Bunday adabiyot endi nafaqat estetik zavq uchun, balki ijtimoiy anglash
uchun ham yozilar edi.
Realistik adabiyotning rivojlanishida bir qator muhim yozuvchilar faol ishtirok etadi.
Fransiyada – F.Stendal, O.Balzak, P. Merime, G.Flaubert, Sh.Bodler, P.Beranje;
Angliyada – Ch.Dikkens, U.Tekkerey, E.Gaskell, Sh.Bronte, J.Eliot; Amerikada – U.Uitmen,
G.Bicher-Stou; romantizmning ta’siri hali saqlanib turgan Germaniyada H.Hayne va Teodor
Fontane; Rossiya adabiyotida esa F.Dostoyevskiy, L.Tolstoy kabi ijodkorlar realizmning umumiy
qonuniyatlarini ishlab chiqish bilan birga, har bir mamlakat adabiyotida unga milliy ruh va uslub
baxsh etdilar. Bu yozuvchilar asarlarida hayotning haqiqatini ifodalash, jamiyatdagi
muammolarni ochib berish, inson qalbi va ijtimoiy muhit o‘rtasidagi muvozanatni tasvirlash
asosiy badiiy vazifa sifatida ilgari surildi.
192
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 7
Ayniqsa, ularning asarlarida ayol obrazi orqali realizmning eng nozik va og‘riqli nuqtalari
ochib berildi. Bu davr adabiyoti orqali o‘quvchi birinchi marta hayotning tashqi go‘zalligidan
emas, ichki og‘riqlaridan xabardor bo‘ldi. Realistik yozuvchilar ayol obrazini idealistik
timsollardan holi, hayotning o‘ziga xos sharoitlarida mavjud bo‘lgan inson sifatida ko‘rsatishga
urindi.
O‘sha davr jamiyatida ayollarga nisbatan hukmron bo‘lgan munosabat ularning faqatgina
ona, xotin yoki bezak sifatidagi ijtimoiy roli bilan cheklangan edi. Ayollarning fikri, istagi, ichki
olami inobatga olinmasdi. Ayniqsa, ular turmushga chiqgach, ijtimoiy jihatdan “egallangan”
hisoblanardi. Ularning harakati, muhabbati, hissiyotlari jamiyat tomonidan nazorat qilinishi
kerak bo‘lgan “obyekt” sifatida qaralardi. Realistik adabiyotlar orqali ayol obrazlari hayoti va
taqdirini ochib berishda Gustav Flaubertning “Madame Bovary” ( Bovari xonim), Lev
Tolstoyning “Anna Karenina” va Theodor Fontanenining “Effi Briest” asarlari alohida o‘rin
tutadi. Ushbu romanlar turli milliy adabiyotlar doirasida yozilgan bo‘lishiga qaramay, ularni
birlashtiruvchi asosiy jihat - markaziy ayol qahramonlar taqdiri orqali jamiyatdagi axloqiy
me’yorlar, gender stereotiplari va ijtimoiy bosimlarni yoritishidir. Mazkur uch asar o‘z milliy
adabiyotlarida realizmning taraqqiy etishida muhim bosqich bo‘lib, ularning barchasida ayolning
jamiyat bilan bo‘lgan murakkab munosabati, ichki ziddiyatlari va tanlov erkinligi masalasi
markaziy o‘rinda turadi. Shu orqali realizm inson va jamiyat munosabatlarini yanada teran, real
va ijtimoiy mazmunga ega shaklda yoritishga muvaffaq bo‘ladi.
Gustav Flaubertning “Madam Bovary” (Bovari xonim) romani syujetida oddiy va joʻn
voqea tasvirlangan. Kollejni tamomlagan Sharl Bovari, onasining qarori bilan tibbiyot
fakultetida oʻqiydi. Oʻqishni tugatgach, u Normandiyaning Tost shaharchasida shifokorlik qila
boshlaydi. Bir muncha muddatdan keyin onasining saʼy-harakatlari bilan badavlat, qirq
yoshlardan oʻtib qolgan beva ayolga uylanadi. Kunlarning birida Sharl mahalliy fermerni
davolash uchun uning uyiga boradi va Ruoning qizi Emma bilan tanishib qoladi. Xotini vafot
etgach, Emmalarning uyiga tez-tez borib turadi va uning qoʻlini soʻrashga jazm qiladi. Qizning
otasi roziligini beradi va dabdaba bilan qizini uzatadi. Yoshligidan koʻplab romantik asarlarni
oʻqigan, romantik orzularga berilgan qiz boshqalardan ajralib turmaydigan oddiy qishloq
doktoriga turmushga chiqadi va farzandli boʻladi. Biroq yoshlar birga yashay boshlagandan
keyin tez orada Emma Sharlni sevmasligini tushunib yetadi. Sharl esa, aksincha, Emma bilan
yashayotganidan baxtiyor edi. Yashayotgan hayotidan qoniqmagan ayol, ikkita erkak bilan don
olishib yuradi, keyin esa qarzga botib, turmush oʻrtogʻi uni shuncha yillardan buyon sidqidildan,
sadoqat bilan sevishini xayoliga ham keltirmay, oʻz joniga qasd qiladi. Bu oddiygina voqea
yozuvchining yuksak iqtidori tufayli ayol qalbini chuqur psixologik tadqiq qilishga aylandi. Shu
sababli roman kitob holida chop etilgandan keyin, Flaubert XIX asrning buyuk realist yozuvchisi
sifatida eʼtirof etila boshlandi. Maktublarining birida Flaubert roman qahramoni haqida: “U
maʼlum darajada maʼnaviy aynigan, poeziya haqida buzuq tasavvurga ega, his-tuygʻulari
buzilgan ayol”, – deb yozadi. Emmaning tabiati “romantik tarbiya” oqibatida buzilgan edi. Qiz
monastirda romantik romanlarni haddan ziyod berilib mutolaa qilganidan o‘sha qoliplardan
chiqolmay qoladi. U kitoblarda faqat ishq-muhabbat haqida yozilgan boʻlardi: maʼshuqalar,
jazmani koʻp xotinlar, kimsasiz ayvonlarda oʻzidan ketib qoladigan juvonlar, yurak dard-
hasratlari, qasamyodlar, oʻpichlar, oy yorugʻi tushib turgan yengil qayiqchalardagi sarguzashtlar,
chakalakzorlardagi bulbul navolari, sher kabi botir, qoʻzichoqdek beozor, beqiyos saxovatli,
bekam-koʻst kiyingan, koʻzlari daryo-daryo yoshlarga toʻlib toshgan qahramonlar.
193
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 7
Asar qahramonining mana shunday muhit ichida oʻsib ulgʻayishi uni fojiali hayot tarzi
yakuniga olib keladi.
Fransuz yozuvchisi G.Flaubertning 1856-yilda yozilgan “Madam Bovary” (Bovari
xonim” romanidan soʻng rus yozuvchisi Lev Tolstoy oʻzining 1877-yili yozilgan “Anna
Karenina” romani orqali rus adabiyotini yana bir realistik asar bilan boyitdi. Tolstoyning Anna
Karenina romani o‘zining mashhur birinchi jumlasi bilan boshlanadi:
“Baxtli oilalarning
hammasi bir-biriga oʻxshaydi, baxtsiz oilalarning esa har biri oʻzicha baxtsizdir
1
”.
Bu ibora
romanning butun mazmuniy va falsafiy asosini ifodalaydi: oilaviy munosabatlar, ijtimoiy axloq
va insoniy tanlovlar. Asar syujeti Anna Kareninaning akasi Stepan Arkadyevich Oblonskiyning
oilasida kelib chiqqan xiyonat va nizolar bilan boshlanadi. Oiladagi inqirozni bartaraf etish
maqsadida Moskva shahriga kelgan Anna ilk bor Vronskiy bilan uchrashadi. Bu uchrashuv uning
hayot yo‘lini butunlay o‘zgartirib yuboradi. Anna jamiyatda hurmatli, obro‘li, davlat arbobi
Aleksey Karenin bilan turmush qurgan ayol sifatida tanilgan. U intizomli, tashqi hayotda silliq,
muvozanatli ko‘rinadi, ammo ichki olamida iliqlik va mehrdan mahrum turmushidan noroziligini
yashirib yashaydi. Vronskiy bilan uchrashuv uning hayotidagi muhim burilish nuqtasi bo‘ladi.
Bu sevgi uni chinakam yashashga, haqiqiy tuyg‘ularni his qilishga sababchi boʻladi.
Ammo jamiyat Anna tanlagan yo‘lni qabul qilmaydi. Anna o‘z sevgisi uchun bor
narsasidan voz kechadi: oilasi, farzandi, ijtimoiy mavqei. Biroq jamiyat bu jur’atni kechirmaydi.
U jamiyatdan asta-sekin ajraladi: do‘stlardan, oila a’zolaridan, hatto o‘z sevgan insonidan
ham yiroqlasha boshlaydi. Uning ruhiy holati og‘irlashadi, shubha, yolg‘izlik, sevgidagi
ishonchsizlik uni ichkaridan yemira boshlaydi.
Roman oxirida Anna o‘zining tanlagan yo‘li – jamiyatdan mustaqil bo‘lish, sevgi asosida
yashash unga erkinlik emas, balki yolg‘izlik va fojia olib kelganini anglaydi. U umidsizlik ichida
temiryo‘l relslariga oʻzini tashlab, joniga qasd qiladi. Bu o‘lim shunchaki shaxsiy fojia emas,
balki ayolga nisbatan jamiyatning sovuq, qattiq va murosasiz munosabatiga nisbatan koʻzgudir.
Tolstoy bu asar orqali ayol erkinligi, ijtimoiy me’yorlarning zo‘ravon tabiati, muhabbat
va axloq o‘rtasidagi murakkab munosabatlar haqida teran falsafiy savollarni o‘rtaga tashlaydi.
Anna obrazida u nafaqat bir ayolning fojeasini, balki jamiyatdagi axloqiy mezonlarning
nohaqligini ham fosh etadi.
Teodor Fontane tomonidan yozilgan “Effi Briest” (1895) romani XIX asr oxiri nemis
burjua jamiyatining ijtimoiy-axloqiy tizimini tahlil qilishga qaratilgan realistik asardir. Asar
syujetida yosh ayol Effining hayot yo‘li, uning turmushidagi ichki iztiroblar, jamiyat tomonidan
belgilangan axloqiy me’yorlarga moslasha olmasligi va buning oqibatida yuzaga kelgan fojiaviy
yakun tasvirlanadi.
Effi hali voyaga yetmagan, 17 yoshli qiz bo‘lib, u ota-onasining roziligi va undovi bilan
o‘zidan ancha katta, amaldor Innstetten bilan turmush quradi. Bu nikoh shaxsiy tanlovga emas,
balki ijtimoiy maqom va odob-axloq me’yorlariga asoslangan bo‘lib, boshidanoq har ikki tomon
uchun rasmiy tusda kechadi. Er-xotin orasidagi hissiy masofa, yangi muhitdagi yolg‘izlik
Effining ichki dunyosida bo‘shliq va yetishmovchilik tuyg‘usini paydo qiladi. Effi vaqt o‘tishi
bilan mehr va yaqinlikka bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, erining tanishlaridan biri bilan qisqa
vaqtli yashirin munosabatda bo‘ladi. Bu munosabat uzoq yillar davomida sir saqlanadi, ammo
oradan vaqt o‘tib, Innstetten bu borada xabar topadi.
1
Толстой Л. Танланган асарлар. Анна Каренина/Мирзакалон Исмоилий таржимаси. Тошкент, Ғафур Ғулом
номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти, 1980, 3-б
194
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 7
Burjua jamiyatining qat’iy axloqiy qoidalariga sodiq qolgan Innstetten buni kechirmaydi:
u Effini uydan haydab yuboradi va uni bolasi bilan aloqasini uzadi va o‘zini jamiyat oldida
“sharafini saqlagan” erkak sifatida tutadi. Effining bu holatdan keyingi hayoti ijtimoiy va ruhiy
izolyatsiya bilan kechadi. Ota-onasi uni qabul qilmaydi, jamiyat esa unga nisbatan sovuq va
tanqidiy munosabatda bo‘ladi. U sog‘lig‘i yomonlashgan holda, ijtimoiy qabul qilinmagan,
jamiyat tomonidan unutilgan holatda vafot etadi.
Muhokama:
Garchi Anna Karenina, Bovari xonim va Effi Briest romanlari uch xil milliy
adabiyot vakillarining ijodi bo‘lsa-da, ularni birlashtiruvchi umumiy asos syujet strukturasidadir.
Uch asarda ham ayol qahramon jamiyat me’yorlari bilan o‘z tuyg‘ulari o‘rtasida
kurashayotgan, sevgini tanlagani uchun jazolanuvchi, fojiaviy taqdirga duchor bo‘lgan ayol
sifatida tasvirlanadi. Syujet bir xil modelga ega: ijtimoiy foyda asosidagi nikoh, hissiz oila,
muhabbat izlash, jamiyat tomonidan qabul qilinmaslik va yakunda fojiaviy o‘lim. Biroq bu
o‘xshash struktura turli adabiy yondashuvlar orqali turlicha talqin etiladi.
Flaubert fransuz realizmiga xos obyektiv, bahosiz tasvirni tanlasa, Tolstoy rus realizmiga
xos axloqiy-falsafiy qatlamni kuchliroq kiritadi. Fontane esa nemis adabiyotiga xos ichki
dramatizmni sokinlik va estetik vazminlik bilan yoritadi. Ushbu uslubiy farqlar milliy adabiy
maktablar va madaniy muhitlarning bevosita ta’siridan dalolat beradi. Shunday qilib, syujetdagi
o‘xshashliklar o‘qilayotgan fojiani umumlashtirsa, yozuvchilarning yondashuvi va mahorati uni
xususiylashtirib, har bir qahramonni alohida adabiy hodisaga aylantiradi. Masalan: Flaubertning
“Bovari xonim” asari fransuz realizmining chinakam namunasidir. Roman burjua jamiyatining
oddiy ayol orzulari bilan qanday ziddiyatga kirishishini, uning ruhiy iztiroblarini va ijtimoiy
taqiqlarning fojiali oqibatlarini tasvirlaydi. Flaubert bu asarida jamiyatning ikkiyuzlamachi
axloqiy mezonlarini sovuqqon, tanqidiy nigoh bilan fosh etadi.
Tolstoyning “Anna Karenina” romanida Rossiya jamiyatining axloqiy qadriyatlari, nikoh
muqaddasligi va insoniy erkinlik o‘rtasidagi ziddiyatlar tahlil qilinadi. Asar o‘zining ichki
dramatizmi, ruhiy murakkabliklar va ijtimoiy bosimlar bilan ayol taqdiriga ta’sir etuvchi
kuchlarning murakkabligini ifodalaydi. Tolstoy jamiyat qoidalari ostida ezilgan ayol ruhiyatini
chuqur aks ettirishga intiladi. Fontanenining “Effi Briest” asari esa nemis realizmining o‘ziga
xos namunasidir. Unda tashqi ko‘rinishda tinch va barqaror ko‘ringan jamiyat muhitida
yashayotgan yosh ayolning hayoti orqali, ijtimoiy qoidalar va qadriyatlar sistemasining
qanchalik qat’iy va murosasiz ekani ko‘rsatiladi. Fontane yozuvchilik uslubida sokinlik,
kuzatuvchanlik va tanqidiy mulohaza ustuvorlik qiladi. Teodor Fontane yaratgan Effi obrazi
boshqa ikki qahramondan farqli ravishda ancha vazmin, ichki sokinlikka ega, ijtimoiy
me’yorlarga mos yashashga intiluvchi, jamiyat va oilaga hurmat bilan qarovchi shaxs sifatida aks
ettiriladi. U o‘ziga yuklangan ayollik vazifalarini bajargan, fidokor, begunoh niyatli yosh ayol
bo‘lishiga qaramay, jamiyat uni birgina xatosi uchun kechirmaydi. Aynan shu holat orqali
Fontane jamiyatda ayol xatolarining qanday baholanishini, kechirimlilik mezonlarining
ikkiyuzlamachiligini ochib beradi.
Tolstoyning “Anna Karenina” asarida esa ayol obrazi muhabbat va sadoqatni jamiyat
emas, insoniy rishtalardan izlaydi. Anna jamiyatdan emas, o‘z his-tuyg‘ularidan boshpana
qidiradi. Ammo uning bunday tanlovi jamiyat ko‘z o‘ngida kechirilmas jinoyatga aylanadi.
Uning iztiroblari, sevgidagi halolligi jamiyat tomonidan qoralanadi. Har ikki asarda ham
yozuvchilar jamiyatdagi axloqiy mezonlarning erkak va ayol uchun turlicha qo‘llanishini
tanqidiy ruhda ochib berishgan.
195
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 7
Flaubertning “Bovari xonim” romani esa mazkur uchlik orasida eng erta yozilgan bo‘lib,
unda romantizm davri ideallarining ayol ruhiyatiga ko‘rsatgan salbiy ta’siri ochib beriladi. Emma
Bovari real hayotga tayyor bo‘lmagan, orzular va xayollarga berilgan, chinakam romantik
obrazdir. U hayotga yengil qaraydi, sevgi va baxtni tasavvuriy go‘zalliklardan izlaydi. Biroq
Flaubert uning bu xatti-harakatlarini oqlamaydi, balki befarqlik bilan, go‘yoki jarayonni tomosha
qilayotgandek tasvirlaydi. Shu bilan yozuvchi romantik xayollarning fojiali oqibatlarga olib
kelishini ayol taqdiri misolida ochib beradi.
Xulosa:
Shunday qilib, uch roman muallifi bir xil hayotiy modelni tasvirlagan bo‘lsa-da,
Effi ijtimoiy me’yorlarga moslashishga harakat qiluvchi, Anna jamiyatdan his-tuyg‘ularni talab
qiluvchi, Emma esa xayoliy orzular bilan yashovchi ayol sifatida talqin qilinadi. Ularning
fojeasi orqali yozuvchilar bir davr ayollarining real hayotdagi murosasiz taqdirini yoritadi.
References:
1.
Hamdamov U., Qosimov A. Jahon adabiyoti. Toshkent, Akademnashr, 2024
2.
Fontane T. Effi Briest. Stuttgart, Suhrkamp Verlag, 2025
3.
Flaubert G. Bovari xonim. Toshkent, Yangi Asr avlodi, 2022
4.
Толстой Л. Танланган асарлар. Анна Каренина/Мирзакалон Исмоилий таржимаси.
Тошкент, Ғафур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти, 1980
