ISSN:
2181-3906
2025
International scientific journal
«MODERN
SCIENCE
АND RESEARCH»
VOLUME 4 / ISSUE 9 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
92
XIX ASR OXIRI – XX ASR BOSHLARIDA TURKISTONDA ROSSIYA
KAPITALINING KIRIB KELISHI VA SANOAT TARAQQIYOTI
Shoqulov Farrux Anvarjonovich
Toshkent shahar Sergeli tumani
269-maktab tarix fani o’qituvchisi.
https://doi.org/10.5281/zenodo.17096713
Annotatasiya. Mazkur maqolada XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Rossiya imperiyasi
tomonidan Turkiston o‘lkasida amalga oshirilgan iqtisodiy siyosat tahlil qilingan. Mustamlaka
manfaatlariga mos ravishda o‘lkada kapitalistik ishlab chiqarishning rivojlanishi, rus sanoat
kapitalining kirib kelishi va sanoat korxonalarining tashkil topishi jarayonlari yoritilgan.
Xususan, dastlabki paxta tozalash, ko‘nchilik, vino va aroq, tegirmon, yog‘ zavodlari
faoliyati, ularning o‘lkadagi iqtisodiy hayotga ta’siri haqida ma’lumotlar berilgan. Maqolada
chor hukumati tomonidan Turkistonni xomashyo bazasiga aylantirish siyosati, mahalliy
aholining iqtisodiy manfaatlarining cheklanishi hamda rus monopolistlarining paxta savdosida
tutgan o‘rni ilmiy manbalar asosida tahlil etilgan.
Kalit so’zlar: Turkiston, Rossiya imperiyasi, sanoat korxonalari, paxta tozalash zavodi,
rus kapitali, xomashyo bazasi, monopoliyalar, savdo firmalari, mustamlakachilik siyosati,
iqtisodiy rivojlanish.
ВХОЖДЕНИЕ РОССИЙСКОГО КАПИТАЛА И РАЗВИТИЕ
ПРОМЫШЛЕННОСТИ В ТУРКЕСТАНЕ В КОНЦЕ XIX – НАЧАЛЕ XX ВЕКА
Аннотация. В данной статье рассматривается экономическая политика
Российской империи в Туркестанском крае во второй половине XIX – начале XX веков.
Анализируется процесс внедрения капиталистического производства, проникновение
российского промышленного капитала и организация первых промышленных
предприятий. Особое внимание уделено деятельности хлопкоочистительных,
кожевенных, винокуренных, мукомольных и маслобойных заводов, а также их влиянию на
социально-экономическую жизнь региона. В статье показано, что царское
правительство стремилось превратить Туркестан в сырьевую базу, ограничивая
экономические интересы местного населения и усиливая позиции российских
монополистов в торговле хлопком.
Ключевые слова. Туркестан, Российская империя, промышленные предприятия,
хлопкоочистительный завод, российский капитал, сырьевая база, монополии, торговые
фирмы, колониальная политика, экономическое развитие.
THE PENETRATION OF RUSSIAN CAPITAL AND INDUSTRIAL DEVELOPMENT
IN TURKESTAN IN THE LATE 19TH – EARLY 20TH CENTURY
Abstract. This article examines the economic policy of the Russian Empire in the
Turkestan region during the late 19th and early 20th centuries. It analyzes the introduction of
capitalist production, the penetration of Russian industrial capital, and the establishment of
early manufacturing enterprises. Special attention is given to the activities of cotton-processing,
leather, distillery, flour-milling, and oil-producing factories, as well as their impact on the socio-
economic life of the region.
ISSN:
2181-3906
2025
International scientific journal
«MODERN
SCIENCE
АND RESEARCH»
VOLUME 4 / ISSUE 9 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
93
The study highlights how the Tsarist government aimed to transform Turkestan into a raw
material base, restricting the economic interests of the local population while strengthening the
role of Russian monopolists in the cotton trade.
Keywords: Turkestan, Russian Empire, industrial enterprises, cotton-processing plant,
Russian capital, raw material base, monopolies, trading firms, colonial policy, economic
development.
Kirish.
Rossiya imperiyasi Turkiston o‘lkasini bosib olgach, bu hududda mustamlaka
manfaatlariga mos boshqaruv tizimi shakllantirildi. Bu jarayon faqat siyosiy sohada emas, balki
iqtisodiy hayotda ham o‘zining chuqur ta’sirini ko‘rsatdi. Avvalo, o‘lkaga rus sanoat kapitali
kirib kela boshladi. Natijada xalq xo‘jaligining asosi hisoblangan dehqonchilik, chorvachilik va
hunarmandchilik sohalari jiddiy o‘zgarishlarga duch keldi. Rus kapitalining kirib kelishi
mahalliy naturaviy ishlab chiqarishga zarba berdi va an’anaviy xo‘jalik shakllarining
yemirilishiga sabab bo‘ldi.
Biroq mustamlaka tuzumining o‘zi mustabidlikka asoslanganligi tufayli, Turkistonda sof
kapitalistik munosabatlarning to‘laqonli qaror topishiga imkon bermadi. Shunga qaramay, XIX
asrning ikkinchi yarmidan boshlab o‘lkada dastlabki zavod va fabrikalar paydo bo‘ldi. Bu
jarayon, bir tomondan, Rossiyaning iqtisodiy manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi
tomondan, o‘lka ichki xo‘jalik tizimining asta-sekin modernizatsiyalashuviga olib keldi.
XIX asr oxirlariga kelib, Rossiyada kapitalistik taraqqiyotning yangi bosqichi —
monopoliyalar davri yuzaga keldi. Monopolistik kapital o‘z faoliyatini kengaytirish uchun
xomashyo manbalari va yangi bozorlarni izlay boshladi. Shu sababli chet el, ayniqsa mustamlaka
hududlariga kapital chiqarish tezlashdi. Turkiston ham bu jarayonlardan chetda qolmadi.
O‘lkaning paxta, jun, charm kabi xomashyo manbalari Rossiya sanoati uchun strategik
ahamiyatga ega bo‘lib, monopoliyalar bu sohalarga faol kirib kela boshladilar.
Bu davrda transport infratuzilmasining rivojlanishi, ayniqsa temiryo‘llarning qurilishi
jarayonga katta ta’sir ko‘rsatdi. Temiryo‘l tarmoqlarining vujudga kelishi bilan Rossiya
monopolistik kapitalizmi Turkiston o‘lkasidagi barcha sohalarga — sanoat, savdo, moliya va
qishloq xo‘jaligiga keng miqyosda kirib bordi. Natijada o‘lka iqtisodiyoti Rossiya
imperiyasining umumiy xo‘jalik tizimiga tobora ko‘proq bog‘lanib, uning mustamlakachilik
siyosatiga xizmat qila boshladi.
Asosiy qism.
XIX asrning 60–90-yillarida Turkiston o‘lkasida ishga tushirilgan sanoat
korxonalari asosan kam quvvatli bo‘lib, ular son jihatdan ham ozchilikni tashkil etardi. Katta
quvvatli va yirik ishlab chiqarish korxonalari esa, odatda, rus kapitalistlariga tegishli bo‘ldi.
O‘lkaga rus kapitalining faol kirib kelishi 1865-yilda Toshkent shahrining bosib olinishi
bilan bevosita bog‘liqdir. Aynan shu davrdan boshlab rus burjuaziya vakillari — savdogarlar,
amaldorlar, harbiylar va ishbilarmonlar hukumatdan o‘lkada sanoat korxonalari qurish uchun
ruxsat so‘ray boshladilar.
Masalan, 1867-yilda rus savdogarlari I.I. Pervushin va A. Xrennikovlar Toshkentda, V.Y.
Spiridov va V.P. Kuznetsovlar esa Xo‘jandda aroq va vino zavodlarini qurishga harakat
qilganlar. Bu jarayon sanoatning turli sohalarida ham kuzatildi. Xususan, 1867-yili rus
muhandislari tomonidan Yevropa tipidagi dastlabki suv tegirmoni ishga tushirildi.
ISSN:
2181-3906
2025
International scientific journal
«MODERN
SCIENCE
АND RESEARCH»
VOLUME 4 / ISSUE 9 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
94
Uning ishlab chiqarish quvvati bir kecha-kunduzda 720 pud un bo‘lib, mahalliy xo‘jalik
uchun muhim ahamiyat kasb etdi. 1868-yilda esa rus sanoatchisi M. Xludov Solor arig‘i bo‘yida
ilk Yevropa andozasidagi ko‘nchilik zavodini barpo etdi. Keyinchalik bu zavodni sotib olgan
Tezikov uni zamonaviy uskunalar bilan jihozlab, katta kapital yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi.
Rus sanoatchilari, avvalo, o‘lkada taqchil bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishga
qaratilgan faoliyat yuritdilar. Chunki mahalliy bozorda sham, sovun, gugurt kabi uy-ro‘zg‘or
buyumlariga talab juda yuqori edi. Masalan, gugurt o‘lkaning o‘zida ishlab chiqarilmay, asosan
Rossiyadan keltirilardi. Shu bois bu sohada katta foyda ko‘rish mumkinligini yaxshi anglagan
kapitan A.N. Chernyaviskiy 1869-yilda o‘lkada gugurt zavodi qurish uchun general-
gubernatordan ruxsat so‘ragan. Xuddi shuningdek, savdogar E. Chulin Solor yonida qurilgan
sovun va sham zavodini kengaytirish maqsadida hukumatdan qarz so‘ragan.
Biroq bu loyihalarning aksariyati amalga oshmadi. Mustamlakachi rus hukumati, bir
tomondan, o‘lkada kapitalistik bozor munosabatlarining haddan tashqari tez rivojlanishini
istamagan, ikkinchi tomondan, Turkiston iqtisodiyotini Rossiya markaziy hududlariga iqtisodiy
jihatdan qaram holda saqlab qolishga intilgan. Shu sababli sanoat korxonalarining rivojlanishi
sekin kechgan bo‘lsa-da, o‘lkaning iqtisodiy hayotida asta-sekin modernizatsiya jarayonlari yuz
bera boshladi.
O‘lkadagi sanoatchilar faoliyati dastlab aroq-vino, ko‘nchilik, tegirmon va sham-sovun
ishlab chiqarish bilan cheklanmagan. Masalan, I.I. Pervushin nafaqat aroq va vino zavodlari,
balki qo‘rg‘oshin va toshko‘mir konlarini ham ishga tushirdi. Shu tariqa Turkistonda sanoat
korxonalari tarmog‘i asta-sekin kengayib, qurilish materiallariga bo‘lgan ehtiyoj ham ortdi.
Zavod va fabrikalar uchun pishgan g‘isht tanqisligi yuzaga kelgach, Mulla Abduraim
ismli tadbirkor bu sohada faoliyat olib borib, g‘isht yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzdi.
1881-yildan Toshkentda paxta tozalash zavodlari ishga tushirildi. Dastlab bu zavodlarda
oltita paxta tozalash dastgohi o‘rnatilgan edi. Shuningdek, Samarqand viloyatining Mitan
qishlog‘ida knyaz Tinxachev tomonidan birinchi paxta tozalash zavodi qurildi. Keyinchalik L.O.
Yugovich Kattaqo‘rg‘onda bug‘ mashinasi orqali ishlaydigan zavodlarni ishga tushirdi.
Paxta tozalash zavodlari sonining ko‘payishi bilan paxta chigiti katta hajmda yig‘ilib
qoldi. Ilgari yoqilg‘i sifatida foydalanilgan chigit 1890-yildan boshlab yog‘ olish uchun ishlatila
boshlandi. Dastlabki yog‘ zavodi Buxoroda K. Drjevetskiy tomonidan qurildi, biroq ishlab
chiqarish uslubining g‘ayriislomiyligi sababli mahalliy aholi uning mahsulotlarini sotib olishdan
bosh tortdi. Shu bois yog‘ korxonasi uzoq faoliyat yuritmadi.
Rossiya imperiyasining iqtisodiy siyosati Turkistonda sanoat korxonalarining
rivojlanishiga qarshi qaratilgan edi. Tadqiqotchi K. Jitov ta’kidlaganidek: “Chorizm ataylab
o‘lkada sanoatning, birinchi navbatda og‘ir sanoatning rivojlanishiga yo‘l bermadi. O‘rta Osiyo
rus kapitalistlarining zavod va fabrikalari uchun xom ashyo bazasi sifatida kuch bilan ushlab
turildi. Mustamlakaga aylantirilgan Turkistonda xomashyo ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, bironta
ham to‘qimachilik fabrikasi qurilmadi”.
Shuningdek, Turkiston general-gubernatori A.V. Samsonovning 1909-yildagi nutqi bu
siyosatni ochiq ifoda etadi. Uning fikricha, agar paxtani qayta ishlash bo‘yicha zavodlar
Turkistonda qurilsa, bu Yevropa qismidagi manufaktura sanoatiga katta zarar yetkazardi.
ISSN:
2181-3906
2025
International scientific journal
«MODERN
SCIENCE
АND RESEARCH»
VOLUME 4 / ISSUE 9 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
95
Shuning uchun paxta asosan xomashyo sifatida olib ketilib, Moskva va boshqa markaziy
hududlarda qayta ishlangan.
Rus monopolistlari o‘lkadagi eng daromadli sohalarni o‘z qo‘llariga oldilar. Turkiston
asta-sekin Rossiyaning xomashyo bazasiga, eng avvalo paxtachilik hududiga aylantirildi. Paxta
maydonlarining kengayishi natijasida g‘alla ekinlari qisqarib, o‘lka Rossiya don mahsulotlariga
qaram bo‘lib qoldi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 1898-yilda Farg‘ona viloyatida 85 ta, Samarqandda 22 ta,
Sirdaryoda 60 ta, jami 167 ta paxta tozalash zavodi mavjud edi. XX asr boshlariga qadar esa
o‘lkaning sanoati asosan hunarmandchilik darajasida qolib, yirik korxonalar faqat keyinchalik
paydo bo‘ldi. 1914-yilda Turkistonda jami 816 ta sanoat korxonasi bo‘lib, shundan 197 tasi
paxta tozalash, 25 tasi un, 17 tasi yog‘ zavodlari edi.
Kapitalistik ishlab chiqarish rivojlanishi natijasida yirik sanoat shirkatlari vujudga keldi.
Paxta tozalash sanoatida “Alikseyev”, “Andreev”, “Aka-uka Vadyayevlar”, “Katta
Yaroslavl manfakturasi” va boshqa shirkatlar faoliyat yurita boshladi.
Paxta savdosida esa yirik firmalar yetakchi rol o‘ynadi:
1.
Rossiyaning Yevropa qismiga paxta jo‘natuvchi firmalar;
2.
O‘z zavodlariga ega paxta jo‘natuvchi shirkatlar;
3.
Paxta maydonlari va tozalash korxonalariga ega bo‘lgan, barcha operatsiyalarni amalga
oshiruvchi yirik kompaniyalar.
Shulardan eng yirigi “Katta Yaroslavl manfakturasi” bo‘lib, 1880-yillardan boshlab
o‘lkada hukmronlik qila boshladi. 1884-yilda u 140 ming pud paxta sotib olgan bo‘lsa, 1889-
yilda bu ko‘rsatkich 590 ming pudga yetdi. Shuningdek, “N. Kudrin va K.”, “Aka-uka
Shlossberglar”, “I.K. Koznanskiy”, “L. Knop” savdo uylari ham paxta savdosida faol
qatnashdilar.
Ayniqsa, Lev Knopning savdo uyi katta ta’sirga ega bo‘ldi. 1900-yillarga kelib uning
kapitali 2 mln rublga yetdi, Andijon va Namanganda idoralar ochib, Rossiya to‘qimachilik
sanoatini Turkiston paxtasi bilan ta’minladi.
Paxta savdosi yildan yilga ortib bordi. 1908–1909-yillarda Rossiyaga 8,8 mln pud paxta
(to‘qimachilik sanoati ehtiyojining 44 %) olib ketilgan bo‘lsa, 1913–1914-yillarda bu ko‘rsatkich
14,8 mln pud (51 %) ni tashkil etdi. Birinchi jahon urushi arafasida iqtisodchi S.
Gulishambarovning hisob-kitoblariga ko‘ra, 23 yil davomida Rossiya to‘qimachilik sanoati
uchun Turkistondan 120 mln pud paxta (1200 mln rubl qiymatida) olib ketilgan. Bundan
tashqari, ipak, ichak, yog‘, jun va boshqa mahsulotlar ham Rossiya firmalarining foydasini
ko‘paytirgan.
Xulosa.
XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasida rus
kapitalining kirib kelishi o‘lkada sanoatning shakllanish jarayonini boshlab berdi. Biroq bu
jarayon mustamlakachilik siyosati sharoitida, ya’ni Rossiya imperiyasi manfaatlariga xizmat
qiluvchi yo‘nalishda kechdi. Paxta yetishtirish va uni qayta ishlash sanoati o‘lkadagi asosiy
tarmoq sifatida rivojlandi va Turkiston Rossiya to‘qimachilik sanoati uchun xomashyo bazasiga
aylantirildi. Natijada, paxta maydonlarining kengayishi boshqa ekinlar, ayniqsa g‘alla
maydonlarining qisqarishiga olib kelib, o‘lka oziq-ovqat mahsulotlarida Rossiyaga qaram bo‘lib
qoldi.
ISSN:
2181-3906
2025
International scientific journal
«MODERN
SCIENCE
АND RESEARCH»
VOLUME 4 / ISSUE 9 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
96
Shu bilan birga, XIX asr oxiri va XX asr boshlariga kelib paxta tozalash zavodlari, yog‘
ishlab chiqarish korxonalari, vino va aroq zavodlari, ko‘nchilik hamda boshqa mayda korxonalar
paydo bo‘ldi. Bu esa Turkistonda dastlabki kapitalistik ishlab chiqarish shakllarining
shakllanishiga asos bo‘ldi. Yirik rus va mahalliy savdo shirkatlari — “Katta Yaroslavl
manfakturasi”, “Kudrin va K.”, “Aka-uka Shlossberglar”, “L. Knop” savdo uyi va boshqalar
o‘lka paxtasi savdosida monopol mavqega ega bo‘ldilar.
Umuman olganda, rus mustamlakachiligi Turkistonda og‘ir sanoat rivojlanishiga
to‘sqinlik qildi. Chorizm o‘lkaning ichki imkoniyatlarini emas, balki uni Rossiya bozorining
ehtiyojlariga bo‘ysundirdi. Shu sababli, Turkistonda sanoatning rivojlanishi cheklangan bo‘lsada,
Rossiya kapitalining kirib kelishi natijasida ayrim tarmoqlar shakllandi va bu jarayon XX asr
boshlarida o‘lkaning iqtisodiy hayotida sezilarli o‘zgarishlarga olib keldi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
1.
Musaev N. XIX asrning II yarmi – XX asr boshlarida Turkistonda sanoat ishlab
chiqarishining shakllanishi. O‘quv qo‘llanma. – T.: IQTISOD MOLIYA, 2008. – B. 46,
55, 143–144.
2.
Ozodaev F. Toshkent tarixidan ocherklar (XIX asrning ikkinchi yarmida shahar ijtimoiy-
iqtisodiy va siyosiy hayoti). – T.: Oʻz FA nashriyoti, 1960. – B. 164.
3.
Jitov K., Nepomnin V. Ot kolonialnogo rabstva k sotsializmu. – T., 1939. – S. 19.
4.
Volkov I. Torgovo-ekonomicheskie svyazi Rossii s Turkestanom (vtoraya polovina XIX –
nachalo XX veka). //
5.
Yuldashev A. Agrarnye otnosheniya v Turkistane. – T., 1989. – S. 109.
6.
Vekselman V.I. Rossiyskiy monopolisticheskiy i inostrannyy kapital v Sredney Azii. – T.:
Fan, 1987. – S. 59.
7.
Rasulov A., Isoqboyev A. Turkiston va Rossiya munosabatlari tarixi (o‘quv qo‘llanma). I
qism. – Namangan, 2012. – B. 78.
8.
Babaxonov M.B. 1868-yilgi Rossiya–Buxoro shartnomasi (1873) va amirlikning Rossiya
imperiyasining vassaliga aylanishi //
Rossiya–Tojikiston: munosabatlar tarixi
. – D., 2009.
– B. 76.
9.
Xalfin N.A. O‘rta Osiyoning Rossiyaga qo‘shilishi (60–90-yillar XIX asr). – M., 1965. –
B. 98.
