276
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 9
ABDULLA QAHHORNING “O‘G‘RI” HIKOYASI TAHLILI
Abdullayeva Tursunoy Bahrom qizi
Termiz iqtisodiyot va servis universiteti
Fililogiya va tillarni o‘qitish: o‘zbek tili yo‘nalishi 4-bosqich 2/22-guruh talabasi.
https://doi.org/10.5281/zenodo.17159102
Annotatsiya.
Ushbu maqolada Abdulla Qahhorning “O‘g‘ri” hikoyasidagi ijtimoiy-
tanqidiy mazmun ochib berilgan. Asar qahramoni Qobil bobo timsolida o‘sha davr xalqining
oddiy, soddadil va ishonuvchan qiyofasi tasvirlanadi.
Kalit so‘zlar:
Qobil bobo, amaldorlar, xalq, tanqid, realistik tasvir, ijtimoiy adolatsizlik.
Abdulla Qahhor — o‘zining teran kuzatuvchanligi, o‘tkir satirik qalamiga ega bo‘lgan
adib. U o‘z asarlarida jamiyatdagi illatlarni, ijtimoiy adolatsizliklarni, xalq hayotidagi og‘riqli
nuqtalarni aniq va ta’sirchan tarzda ifodalagan. “O‘g‘ri” hikoyasi ham shunday asarlardan
biridir.
Hikoya 1936-yilda yozilgan bo‘lishiga qaramay, undagi ijtimoiy muammolar hozirgi
kunimizda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Hikoya bir qarashda oddiy voqeadan — Qobil
boboning ho‘kizi o‘g‘irlanishi bilan boshlanadi. Ammo bu sodda syujet ortida o‘sha davr
jamiyatining mohiyati, oddiy xalq va mansabdorlar o‘rtasidagi chuqur tafovut, muammolarga
befarqlik, poraxo‘rlik, amalparastlik kabi illatlar yotadi. Qobil bobo halol dehqon, hayotini
ho‘kizi bilan bog‘lagan. Unga ho‘kiz nafaqat moliyaviy manba, balki hayotning o‘zi, orzu-umidi,
kuch-qudratining timsoli. Shu sababli ho‘kizning yo‘qolishi – Qobil bobo uchun hayotiy fojiadir.
Lekin uning dardini tushunish o‘rniga, amaldorlar bu holatdan foyda ko‘rishga urinadi.
Ellikboshi, amin, pristav va boshqa arboblar o‘zlarini yelkadoshdek ko‘rsatib, go‘yoki
yordam bermoqchidek tutinishadi, ammo bularning barchasi faqat Qobil bobodan pul, sovg‘a va
duo olish uchun qilinadi.
Har bir amaldor unga umid bag‘ishlaydi, ammo bu yolg‘on umid bo‘lib chiqadi. Ular o‘z
vazifasini bajarayotgandek ko‘rinadi, lekin aslida hech kim hech narsa qilmaydi.
Bu yerda muallif o‘quvchiga chuqur fikr berib ketadi — haqiqiy “o‘g‘ri” kim? Ho‘kizni
devor teshib olib ketgan kishi emas, balki xalqning og‘ir holatidan, muammosidan foydalanib,
undan foyda ko‘radigan amaldorlar haqiqiy o‘g‘ridir. Demak, “O‘g‘ri” nomi ramziy ma’no kasb
etadi. U biz kutgan voqea o‘g‘risiga emas, balki hayotni o‘g‘irlaydigan, xalq ishonchini
o‘maradigan mansabdor shaxslarga ishora qiladi.nYana bir e’tiborli jihati — hikoyada xalqning
ishonuvchanligi, og‘ir holatga tushganda baribir umid bilan yuqori tizimga yuz tutishi, haqiqatni
ulardan kutishi tasvirlanadi. Qobil boboning kampiri azayimxonga qatnashi, duo qilishlari,
sovg‘alar berishlari — bular xalqning chorasizligini, najotni faqat boshqalardan kutishini
ko‘rsatadi. Muallif bu orqali xalqni ham uyg‘onishga, o‘z haqiqatini o‘zi talab qilishga
undayotgandek tuyuladi.
Asarda
ishlatilgan
maqollar,
iboralar
ham
hikoyaning
mazmunini
yanada
chuqurlashtiradi.
Masalan, “Otning o‘limi – itning bayrami” degan epigraf butun hikoyaning asosiy
g‘oyasini mujassamlashtiradi. “Ot” — halol, mehnatkash xalq bo‘lsa, “it” — ularning boshiga
kulfat tushgan paytda undan foyda ko‘radigan amaldorlardir. Yoki “Dehqonning uyi kuysa
kuysin, ho‘kizi yo‘qolmasin” degan jumla orqali ho‘kizning ahamiyati, xalq hayotidagi o‘rni
chuqurroq ochib beriladi. Qobil boboga oxir-oqibat bir emas, ikki ho‘kiz beriladi. Ammo bu
“muruvvat” orqasida ham yana bir shart, manfaat yashiringan.
277
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 9
Bu shart “kuzda ma’lum bo‘ladi” degan jumla orqali muallif tomonidan mahorat bilan
ochiq qoldiriladi. Ya’ni hech bir yordam bepul emas, hatto shafqat ortida ham shaxsiy foyda
yotadi.
Hikoya bizga shuni o‘rgatadiki, hayotdagi haqiqiy “o‘g‘ri” — bu nafaqat mol-mulkni
o‘g‘irlovchi kimsalar, balki odamlarga yolg‘on umid berib, ulardan moddiy yoki ma’naviy foyda
ko‘ruvchilardir. Bu esa bizni jamiyatning tub masalalari — adolat, halollik, halol mehnat qadri,
insoniy munosabatlar haqida chuqurroq fikr yuritishga undaydi. Qobil boboning ho‘kizi oddiy
bir hayvon emas — u xalqning umr umidi, mehnat qudrati, hayotining ma’naviy asosidir. Uning
yo‘qolishi bir insonning butun dunyosining qulashi bilan barobar. Ammo eng achinarlisi — bu
yo‘qotishga hech kim chin dildan hamdard emas. Yordam va’da qilganlarning har biri aslida
faqat o‘z foydasini ko‘zlaydi. Yordam va'dalari orqasida manfaat, pora, “sovg‘a” turgani har bir
sahnada ayon bo‘ladi. Adib bu holatni juda chuqur va badiiylashtirilgan uslubda ko‘rsatadi. Har
bir obraz orqasida hayotiy timsollar yashiringan. Amin, ellikboshi, pristav kabi obrazlar orqali
o‘sha davr jamiyatining ijtimoiy tuzilmasi tanqid ostiga olinadi. Qobil bobo esa xalqning
ramzidir — u zo‘ravonlik, befarqlik va ustidan kulishga dosh berayotgan, hayotda haqiqat istab
yashayotgan mehnatkash odamdadir. Bugungi o‘quvchi bu hikoyani faqat o‘tmish yodnomasi
sifatida emas, balki hozirgi hayotdagi ba’zi muammolarning ildiziga nazar solish uchun ham
o‘qishi lozim.
Chunki Qobil bobo kabi xalq vakillari hanuz mavjud, va ular hanuz haqiqat izlab, ba’zan
yolg‘on umid bilan aldanyapti. Bu asar adabiyot orqali hayotdagi adolatsizliklarga e’tibor
qaratishning kuchli vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Shunday ekan, “O‘g‘ri” hikoyasi bizga adolatli
jamiyat sari intilish, mansabdorlarning mas’uliyatini oshirish, halol mehnatni qadrlash va eng
muhimi — xalqning insofli, ongli, haqiqatni izlaydigan kuch ekanini eslatadi. Qahhor bizni
hushyorlikka, haqiqatparastlikka va insoniylikka chaqiradi. Hikoya nafaqat badiiy asar, balki
hayot darsi sifatida ham ahamiyatlidir.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
“Anor” qissa va hikoyalar toplami. A.Qahhor. Gafur G`ulom nomidagi nashriyot-matbaa
ijodiy uyi. – Toshkent-2024.
2.
Sobir Mirvaliyev. O‘zbek adiblari. O‘zbekiston fanlar akademiyasining “Fan” nashriyoti.
– Toshkent - 1993.
