Oktabr, 2025-Yil
225
FIFANING TMS HAMDA MY LEAGUE DASTURLARINING O‘ZBEKISTON
QONUNCHILIGIGA INTEGRATSIYASI
Norqobilov Dilshod Boyqobil o‘g‘li
+998903311662
https://doi.org/10.5281/zenodo.17395911
Zamonaviy futbol nafaqat sport musobaqasi, balki global miqyosdagi ulkan industriyadir.
Ushbu industriyaning samarali faoliyat yuritishi, shaffofligi va adolatli rivojlanishi bevosita
zamonaviy axborot texnologiyalari va raqamli boshqaruv tizimlarining joriy etilishi bilan bog‘liq.
Jahon futbolini boshqaruvchi asosiy tashkilot – Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA)
bu borada yetakchi rol o‘ynab kelmoqda. FIFA o‘zining global tizimini takomillashtirish maqsadida
bir qator innovatsion dasturlarni ishlab chiqqan bo‘lib, ular orasida FIFA Transfer Matching System
(TMS) alohida o‘rin tutadi. Ushbu dasturlar xalqaro futbol transferlari va musobaqalarni tashkil
etishda shaffoflik, nazorat va samaradorlikni ta’minlashning muhim vositalari hisoblanadi.
FIFA TMS – bu futbolchilarning xalqaro transferlarini kuzatish va nazorat qilish uchun
mo‘ljallangan majburiy onlayn tizimdir. [1] Uning asosiy maqsadi – transfer jarayonlarida
shaffoflikni oshirish, pul yuvish, voyaga yetmagan futbolchilar savdosini cheklash va shartnomaviy
majburiyatlarning bajarilishini ta’minlashdan iborat. Ushbu tizim orqali har bir xalqaro transferga oid
ma’lumotlar – transfer narxi, to‘lovlar, shartnomalar shartlari – aniq ro‘yxatga olinadi va ikki
tomonlama tasdiqlanishi shart. Bu transferlar bilan bog‘liq nizolarni kamaytirish va futbolchilarning
huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
My League dasturi esa asosan milliy assotsiatsiyalar darajasidagi musobaqalarni boshqarishga
qaratilgan bo‘lib, u ligalar, kuboklar va boshqa futbol tadbirlarini rejalashtirish, natijalarni kiritish,
futbolchilar statistikasini yig‘ish va umumiy ma’lumotlar bazasini yuritish uchun keng imkoniyatlar
yaratadi. My League tizimining joriy etilishi orqali milliy ligalar faoliyati yanada samaraliroq bo‘ldi,
ma’lumotlar aniqligi ta’minlandi va boshqaruv jarayonlari avtomatlashtirildi. Bu esa yakuniy
hisobda, milliy futbolning umumiy sifatini oshirishga xizmat qildi. Ushbu dastur FIFA connect
dastruri bilan ham integratsiya qilingan. [2] Ushbu dastur voyaga yetmagan futbolchilarni har
tomonlama qo‘llab- quvvatlab, himoya qilishga qaratilgan.
O‘zbekiston futboli ham global integratsiya jarayonlarining faol ishtirokchisi hisoblanadi.
O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi (O‘FA) FIFA va Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (OFK)
tomonidan ilgari surilgan barcha standartlar va talablarga rioya qilishga intilmoqda. [3] Shu sababli,
FIFA TMS va My League dasturlarining O‘zbekiston futboliga joriy etilishi va ularning amaliyotda
qo‘llanilishi milliy futbolimizning rivojlanishida muhim bosqichni tashkil etadi. Ushbu tizimlar
O‘zbekiston futbolida shaffoflikni oshirish, professional klublar faoliyatini tartibga solish,
futbolchilarning huquqiy himoyasini kuchaytirish va umumiy boshqaruv samaradorligini oshirishda
qanday rol o‘ynayotgani chuqur tahlilni talab qiladi.
FIFA TMS (Transfer Matching System)
Tizim FIFAning 2007-yildagi qarori asosida joriy etilgan va 2010-yildan majburiy etib
belgilangan. Tizimning asosiy maqsadi qora bozorga qarshi kurash, voyaga yetmaganlarni himoya
qilish, moliyaviy shaffoflikni ta’minlash.
Oktabr, 2025-Yil
226
TMS transferlarning moliyaviy tomonini ham qat’iy nazorat qiladi. Unda transfer
to‘lovlarining miqdori, to‘lov rejasi va vositachilik komissiyalari aniq qayd etiladi. Shuningdek, tizim
“Solidarity mechanism” (birdamlik mexanizmi) va “Training compensation” (mashg‘ulot
kompensatsiyasi) to‘lovlarini avtomatik hisoblab, kuzatib boradi. Bu esa moliyaviy shaffoflikni
ta’minlaydi va futbolni rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
TMS orqali futbolchining ro‘yxatga olinishi, diskvalifikatsiyalar, jarohatlar va shartnoma
muddati kabi holatlari doimiy ravishda kuzatib boriladi. Tizim global transfer ma’lumotlari bazasini
yaratish imkoniyatini beradi, bu esa o‘z navbatida tahliliy hisobotlar tuzish va futbol bozorini chuqur
tahlil qilish imkonini beradi.
Ushbu tizimning huquqiy asosi FIFA RSTP hisoblanadi. [4] Shuni ta’kidlash joizki, TMSda
ro‘yxatdan o‘tmagan transferlar FIFA tomonidan tan olinmaydi, bu esa uning yuridik kuchini
ko‘rsatadi. TMS xalqaro transferlar bozorini tartibga solish, adolatli raqobatni ta’minlash va
klublarning moliyaviy intizomini oshirishda global futboldagi muhim ahamiyatga ega.
My League musobaqa boshqaruv tizimi hisoblanadi. Uning konsepsiyasi va yaratilish
maqsadi milliy assotsiatsiyalarga, jumladan, O‘zPFLga musobaqa boshqaruvida yordam berish,
ma’lumotlar yaxlitligini ta’minlash va ma’lumotlar almashinuvini soddalashtirishdan iborat.
Asosiy funksiyalariga musobaqa rejalashtirish kiradi, bunda liga jadvali tuziladi, o‘yin
sanalari va vaqtlari belgilanadi, stadionlar tayinlanadi. Natijalar va statistika qismida o‘yin natijalari
real vaqt rejimida kiritiladi, to‘purarlar ro‘yxati, jamoaviy va individual statistik ma’lumotlar
yig‘iladi. Futbolchi va xodimlar ma’lumotlarida futbolchilarning ro‘yxatdan o‘tishi, kartochkalar,
diskvalifikatsiyalar, jarohatlar, murabbiylar va rasmiylarning ma’lumotlari qayd etiladi. Hakamlar va
inspektorlar tayinlash funksiyasida o‘yinlarga hakamlar va inspektorlarni tayinlash tizimi mavjud.
Hisobotlar va tahlil qismida musobaqa rivoji, jamoalar va futbolchilarning ko‘rsatkichlari bo‘yicha
tahliliy hisobotlar taqdim etiladi.
Milliy assotsiatsiyalar uchun My League operatsion samaradorlikni oshirish, inson omili
xatolarini kamaytirish, shaffoflik va ma’lumotlar ishonchliligini ta’minlash afzalliklariga ega. Global
futboldagi ahamiyati esa turli mamlakatlarning liga ma’lumotlarini markazlashtirish, FIFA va OFK
kabi tashkilotlarga global statistik ma’lumotlarga kirish imkoniyatini berishdan iborat.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining (O‘FA) xalqaro maydondagi faolligi, jumladan, FIFA
va OFK a’zoligi, shuningdek, Osiyo Chempionlar Ligasi, U-17 va U-20 Jahon chempionatlarida
muntazam ishtirok etishi mamlakat futbolini xalqaro standartlar va talablarga moslashtirish
zaruriyatini keltirib chiqaradi. Bu moslashuv ayniqsa shaffoflik, moliyaviy fair-play va futbolchilar
huquqlarini himoya qilish kabi muhim jihatlarda juda zarur.
FIFA Transfer Matching System (TMS) tizimi O‘zbekistonda 2010-yillarning boshidan joriy
etila boshlandi. O‘FA ushbu tizimga bosqichma-bosqich ulandi va vaqt o‘tishi bilan uni majburiy
qo‘llash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Tizimni muvaffaqiyatli joriy etish uchun dastlabki bosqichlarda
o‘quv seminarlari o‘tkazildi va kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.
TMSning joriy etilishi klublar va O‘FA uchun yangi tizimga moslashish jarayonini boshlab
berdi. Bu jarayonda eng sezilarli o‘zgarishlardan biri hujjatlar aylanishining raqamli formatga o‘tishi
bo‘ldi, bu esa avvalgi an’anaviy qog‘ozbozlikdan tubdan farq qiladi. Dastlabki davrda ma’lumotlarni
kiritishda xatolar kuzatildi.
Oktabr, 2025-Yil
227
Shuningdek, moliyaviy shaffoflikka nisbatan klublarning dastlabki qarshiliklari yoki
moslashish davri ham kuzatildi, chunki yangi tizim transfer operatsiyalarining har bir detalini shaffof
tarzda qayd etishni talab qiladi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan klublar ushbu tizimga moslashib, uning
afzalliklarini tushunib yeta boshladilar.
TMS joriy etilgandan so‘ng O‘zbekistonning xalqaro transfer bozoridagi faolligida sezilarli
o‘zgarishlar yuz berdi. Tizimning shaffofligi va aniqligi tufayli o‘zbek futbolchilarining xorijga
transferlari yanada tizimli va qonuniy asosda amalga oshirila boshlandi. Shu bilan birga, xorijlik
futbolchilarning O‘zbekistonga kelishida ham tartib va shaffoflik ta’minlandi. Bu o‘zgarishlar
nafaqat transferlarning miqdoriga, balki ularning sifatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. TMSning joriy
etilishi O‘zbekiston futbolining xalqaro miqyosdagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qildi.
My League dasturi O‘zbekiston futbolida yagona, markazlashgan statistika tizimini yaratishga
qaratilgan.
Dastlab 2022-yilda Superliga va Pro Liga uchun joriy etildi. Keyinchalik O‘zbekiston Kubogi,
Birinchi Liga, ayollar futboli va yoshlar ligalari (U-21, U-18 va h.k.) ham qamrab olindi.
Joriy etish jarayonida bir qator texnik va tashkiliy masalalar hal etilishi zarur edi.
Bu dastur O‘zbekiston futbolida yagona markazlashgan statistika tizimini yaratadi. U
futbolchilarning tarixi, jamoalar natijalari va o‘yinlar statistikasi bo‘yicha ishonchli ma’lumot manbai
bo‘lib xizmat qiladi. To‘plangan ma’lumotlar tahlilchilar (o‘yinlarni chuqur tahlil qilish va strategik
qarorlar qabul qilishda yordam beradi), murabbiylar (mashg‘ulotlarni rejalashtirish, taktikalarni
ishlab chiqish va o‘yinchi tanlashda foydalanadi) va futbol mutaxassislari, menejerlar (iqtidorlarni
topish va futbolchilarni baholashda asos bo‘ladi) uchun juda muhim.
Shuningdek, TMS va My League dasturlarining O‘zbekiston Respublikasining amaldagi
qonun hujjatlariga muvofiqligini chuqur tahlil qilish maqsadga muvofiq.
1. “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonun
Bu qonunning 4-moddasida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatining asosiy
yo‘nalishlaridan biri sifatida har kimning jismoniy tarbiya va sport bilan erkin shug‘ullanishga
bo‘lgan huquqini ta’minlash belgilangan [5] TMS (Transfer Matching System) va My League bu
prinsiplarga to‘liq mos keladi. TMS transferlarda moliyaviy shaffoflikni, My League esa musobaqa
tashkilotlarida adolatni ta’minlash orqali sportchilarning sport bilan erkin shug‘ullanishga bo‘lgan
huquqini ta’minlashga ko‘maklashadi. Qonun sport tashkilotlari faoliyatini, musobaqa o‘tkazishni va
sportchilarni ro‘yxatga olishni tartibga soladi. My League orqali futbolchilar ro‘yxatga olinadi va
musobaqalar boshqariladi. O‘zbekiston qonunchiligi bevosita FIFA va OFK qoidalariga murojaat
qilmasa-da, xalqaro sport huquqi prinsiplariga zid kelmasligi kerak. O‘FA o‘z ustavida FIFA va OFK
qoidalariga rioya qilish majburiyatini olgan, bu esa TMS va My League kabi xalqaro tizimlarning
qo‘llanilishini asoslaydi. Sport arbitraji va nizolarni hal qilishda TMSdagi ma’lumotlar (masalan,
shartnoma nusxalari) muhim isbot bazasi bo‘lib xizmat qiladi.
2. Mehnat qonunchiligi
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi [6] professional futbolchilarning mehnat
munosabatlarini tartibga soladi. Futbolchilar klublar bilan mehnat shartnomalari tuzadilar.
Shartnomalar qonuniy kuchga ega bo‘lishi uchun TMSda aks etishi lozim. Voyaga yetmagan
futbolchilarni himoya qilish O‘zbekiston qonunchiligi va FIFAning qat’iy qoidalari (18 yoshgacha
Oktabr, 2025-Yil
228
xalqaro transferlarni cheklash) orqali amalga oshiriladi. TMS yosh futbolchilarning transferlarini
nazorat qilib, ularning ekspluatatsiya qilinishining oldini oladi.
3. Fuqarolik kodeksi [7]
Klublar o‘rtasidagi transfer shartnomalari va futbolchilarning shaxsiy shartnomalari Fuqarolik
kodeksi talablariga muvofiq tuziladi. TMSdagi ma’lumotlar shartnomalarning haqiqiyligi va ijrosini
tasdiqlashda muhim rol o‘ynaydi. Agar TMSdagi ma’lumotlar va asl shartnomalar o‘rtasida ziddiyat
bo‘lsa, odatda asl yozma shartnoma ustuvor hisoblanadi, ammo FIFA nazorati ostida TMS
ma’lumotlari ham dalil bo‘lib xizmat qiladi.
4. Shaxsiy ma’lumotlar qonunchiligi
“Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonun ma’lumotlarni yig‘ish, saqlash, qayta ishlash
va uzatish tartibini belgilaydi. [8] TMS va My League futbolchilar, murabbiylar, menejerlar va
boshqa subyektlarning shaxsiy ma’lumotlarini to‘playdi. Bu ma’lumotlar Qonun talablariga muvofiq,
subyektning roziligi bilan qayta ishlanishi kerak. Shuningdek, ma’lumotlarning transchegaraviy
uzatilishi (FIFA serverlariga) O‘zbekiston qonunchiligi va FIFAning ma’lumotlar himoyasi qoidalari
uyg‘unligini talab qiladi. Ma’lumotlar xavfsizligi esa – shifrlash kirishni cheklash orqali
ta’minlanadi, chunki tizimlarda shaxga doir ma’lumotlar ko‘p.
5. Valyutani tartibga solish va soliq qonunchiligi
Xalqaro transferlarda valyuta operatsiyalari O‘zbekistonning “Valyutani tartibga solish
to‘g‘risida”gi qonunlari asosida amalga oshiriladi. [9] Transfer to‘lovlari va vositachilik
komissiyalari Soliq kodeksiga muvofiq soliqqa tortiladi. TMS moliyaviy ma’lumotlarni shaffof qilib,
soliq organlari uchun nazoratni kuchaytiradi va noqonuniy moliyaviy operatsiyalarning oldini oladi.
TMS va My League dasturlari O‘zbekiston futboliga quyidagi ta’sir va afzalliklarni keltiradi:
TMS transferlarda to‘lovlar va vositachilik komissiyalarining shaffofligini oshiradi, “kulrang
zonalar”ni kamaytiradi. TMSdagi rasmiy ma’lumotlar (shartnomalar, to‘lovlar) klublar va
futbolchilar o‘rtasidagi nizolarni hal qilishda isbot bazasi yaratadi, bu esa moliyaviy intizomni
kuchaytiradi.
My League O‘zbekiston futboliga oid barcha muhim ma’lumotlarni markazlashgan bazada
jamlaydi. Bu murabbiylar va tahlilchilar uchun batafsil statistik tahlil imkoniyatini beradi, qarorlar
qabul qilishda yordam beradi. Klublar va O‘FA uchun kadrlar siyosati, yoshlar futbolini rivojlantirish
va transfer siyosatida aniq ma’lumotlarga asoslanish imkonini beradi. My League musobaqalarni
tashkil etishda (jadval tuzish, natijalarni e’lon qilish) samaradorlikni oshiradi, inson omilini
kamaytiradi.
Futbolchilarning shartnomalari, to‘lovlari TMS va My League’da aniq ro‘yxatga olinishi
ularning huquqlarini himoya qilish uchun yuridik asos yaratadi. FIFA TMSning qat’iy qoidalari
voyaga yetmagan futbolchilarning noqonuniy transferlardan himoya qilinishiga yordam beradi.
Nizolarni hal qilishda TMSdagi rasmiy ma’lumotlar asosiy dalil sifatida ishlatiladi.
TMS va My League O‘zbekiston klublari va futbolchilarini xalqaro futbol hamjamiyatiga
integratsiya qiladi, ularni shaffof va ishonchli subyektlarga aylantiradi. Bu tizimlar orqali FIFA va
OFK qoidalariga to‘liq rioya qilinadi. Natijada, O‘zbekiston futbolining xalqaro obro‘si
mustahkamlanadi, chet ellik sarmoyadorlar va skautlar uchun jozibadorlik oshadi.
Shu bilan birga, quyidagi muammolar va cheklovlar yuzaga kelishi mumkin:
Oktabr, 2025-Yil
229
Tizimlarda katta miqdordagi shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlar mavjudligi sababli, ularning
sizib chiqishi yoki buzilishi xavfi yuqori. Kibernetik tahdidlar doimiy xavf tug‘diradi.
O‘zbekistonning shaxsiy ma’lumotlar himoyasi qonunchiligi va xalqaro standartlar (GDPR)
o‘rtasidagi farqlar ham ma’lumotlarni uzatishda muammo tug‘dirishi mumkin.[10]
Ba’zi hollarda FIFA qoidalari va milliy qonunchilik o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga
kelishi mumkin. Bunday holatlarda Sport Arbitraj Sudi (CAS) qarorlari muhim hisoblanadi. [11]
Futbol qoidalari va texnologiyalar tez o‘zgargani sababli, normativ-huquqiy bazani doimiy yangilab
turish zarur.
My Leaguening quyi ligalar va havaskor futbolga to‘liq joriy etilishi texnik va moliyaviy
resurslar cheklanganligi sababli qiyin bo‘lishi mumkin. Bu klublar tizimdan foydalanish uchun
qo‘shimcha investitsiyalar va o‘quv jarayonlariga muhtoj bo‘ladi. Barcha jamoalarning bir xil
darajada foydalana olishini ta’minlash qiyin.
Kamchiliklarni bartaraf etishda boshqa mamlakatlarning tajribasini chuqur tahlil qilish
maqsadga muvofiq.
Yevropa ligalari (Premer Liga, La Liga, Bundesliga): Bu ligalar TMS va o‘z milliy
tizimlaridan faol foydalanadi. Angliyada murakkab transferlar TMS orqali shaffoflashgan.
Germaniyada esa ma’lumotlar himoyasiga yuqori e’tibor beriladi. Ular kadrlar tayyorlash va
ma’lumotlar sifatini ta’minlashda ilg‘or tajribaga ega. [12]
Osiyo mamlakatlari (Yaponiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni): IT infratuzilmasi
rivojlangan bu mamlakatlar futbolchilarni ro‘yxatga olish, transferlar va musobaqa boshqaruvida
raqamli tizimlardan samarali foydalanadi. Ular yosh futbolchilarni himoya qilish va akademik
ta’limga e’tibor berishda ham tajribaga ega.
Boshqa mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston quyidagilarni tatbiq etishi
mumkin:
Kadrlar malakasini oshirishga investitsiya kiritish: Doimiy o‘quv kurslari va seminarlar
tashkil etish;
Qonunchilikni xalqaro standartlarga yaqinlashtirish: Sport va axborot qonunchiligini xalqaro
normalarga uyg‘unlashtirish;
Ma’lumotlar xavfsizligini kuchaytirish: Kibernetik xavfsizlik choralarini doimiy yangilab
borish.
Umumiy qilib aytganda, quyidagi takliflarni inobatga olish zarur:
Asosiy topilmalarni umumlashtirish: FIFA TMS va My League dasturlari O‘zbekiston
futbolida shaffoflikni, samaradorlikni va xalqaro integratsiyani oshirishda hal qiluvchi rol o‘ynadi.
Shu bilan birga, bu tizimlarni qo‘llashda texnik, kadrlar va huquqiy masalalarda ayrim cheklovlar
mavjudligi kuzatilmoqda.
Kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish: O‘FA, klublar va hududiy assotsiatsiyalar
xodimlari uchun tizimlardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha doimiy o‘quv kurslari va seminarlar tashkil
etilishi kerak. Bu jarayonga FIFA va OFK mutaxassislarini jalb qilish samaradorlikni oshiradi.
Texnik infratuzilmani rivojlantirish: Barcha futbol tashkilotlarida, ayniqsa quyi ligalarda,
zamonaviy IT infratuzilmasini va barqaror internet ulanishini ta’minlashga ustuvor ahamiyat berilishi
lozim. Bu ma’lumotlarni tezkor kiritish va qayta ishlash uchun muhimdir. Qonunchilikni
takomillashtirish va uyg‘unlashtirish: Milliy qonunchilikni (xususan, sport, mehnat va shaxsiy
Oktabr, 2025-Yil
230
ma’lumotlar himoyasi sohasidagi) xalqaro futbol qoidalari va FIFA standartlariga maksimal darajada
uyg‘unlashtirish bo‘yicha tahliliy ishlar olib borilishi va tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi shart. Bu
milliy va xalqaro normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni bartaraf etishga yordam beradi.
Ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash choralarini kuchaytirish: Futbolchilarga va klublarga oid
shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlarning himoyasini kuchaytirish bo‘yicha choralar ko‘rish zarur.
Bunga muntazam kiberxavfsizlik auditlari o‘tkazish va zamonaviy xavfsizlik texnologiyalariga
investitsiya kiritish kiradi. Quyi ligalar va havaskor futbolni raqamlashtirishni davom ettirish: My
League dasturini barcha darajadagi musobaqalarga to‘liq tatbiq etish uchun qo‘shimcha resurslar
ajratish va quyi liga hamda havaskor jamoalar vakillarini tizimdan foydalanishga o‘qitish muhim.
Ochiqlik va muloqotni kuchaytirish: Klublar, futbolchilar va ularning agentlari bilan tizimlar
bo‘yicha muntazam muloqot o‘rnatish va ularning fikr-mulohazalarini inobatga olish tizimlarning
foydalanuvchi qulayligini oshiradi. Kelajakdagi tadqiqotlar uchun yo‘nalishlar: Ushbu tizimlarning
moliyaviy barqarorlikka ta’siri, yosh futbolchilarning rivojlanishiga ta’siri, transfer bozoridagi
o‘zgarishlar va boshqa jihatlari bo‘yicha chuqur ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish maqsadga muvofiqdir.
Ushbu tavsiyalar O‘zbekiston futbolining xalqaro arenadagi mavqeini mustahkamlash va
raqamli boshqaruv samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
References:
1.
FIFA. (2022). TMS User Manual. Zurich.
2.
FIFA Connect. (2020). Integration Report. Zurich.
3.
AFC. (2021). Club Licensing Regulations. Kuala Lumpur.
4.
FIFA. (2023). Regulations on the Status and Transfer of Players. Zurich.
5.
“Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida (yangi tahriri)” O‘zbekiston Respublikasining Qonuni,
04.09.2015 yildagi O‘RQ-394-son O‘R QТ 2015 #36 473-modda
6.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi. Toshkent. Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni,
28.10.2022 yildagi O‘RQ-798-son
7.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi. Toshkent. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy
Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 2-songa ilova;
8.
“Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida” Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 02.07.2019
yildagi O‘RQ-547-son
9.
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida (yangi tahriri)” Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni,
05.11.2019 yildagi O‘RQ-580-son
10.
Solix. GDPR Solutions. Retrieved from
https://www.solix.com/uz/solutions/gdpr/
11.
CAS. (2022). Case Law Digest. Lausanne.
12.
Smith, J. (2023). Digital Transformation in Football Governance. Journal of Sport
Management, 35(2), 145–162.
