Dekabr, 2024-Yil
925
HAVO TRANSPORTIDA TASHISH TURLARI VA O’ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Salimova Diyoraxon Baxtiyorjon qizi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tayanch doktoranti
Farg’ona viloyat yuridik texnikumi
“Mutaxassislik fanlar” kafedrasi o’qituvchisi.
Hamroqulov Bahodir Mamasharifovich
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
y.f.d., professor
Ilmiy rahbar.
https://doi.org/10.5281/zenodo.14543689
Annotatsiya. Maqolada havo transportida ichki va xalqaro tashish tushunchalari, ularning
huquqiy asoslari hamda o‘ziga xos xususiyatlari batafsil ko‘rib chiqilgan. Xalqaro tashishning
aniqlanish mezonlari, tashish shartnomasi va xalqaro normalar muhimligi ta’kidlangan.
Kalit so’zlar: havo transporti, xalqaro tashish, ichki tashish, tashish shartnomasi, bagaj,
yuk.
Iqtisodchilar nazdida transport jamiyat iqtisodiy organizmining muhim qon tomirlaridan
biridir. Zero, transport uzoqni yaqin, og’irni yengil qiluvchi vositadir [1; 47]. Havo transporti
ko’plab qulayliklarga egaligi bilan boshqa transport turlaridan ajralib turadi. Bu qulayliklar
quyidagilarda namoyon bo’ladi: yo‘lovchilar va yuklar harakatining yuqori tezligi; yo’l qisqarishi
natijasida yo‘lovchilar va yuklarni yetkazib berish vaqtining tejalishi; yuqoridagi qulayliklarni
hisobga olgan holda boshqa tashish turlariga nisbatan arzonligi; boshqa turdagi transportlarda
yurish qiyin bo‘lgan joylarga (tog‘lar, daryolar uzra, Uzoq Shimol hududlari va boshqalar) parvoz
qilish imkoniyati bo’yicha havo transportiga teng keladigani yo’q. Havo transportining alohida
rolini yil fasllari va iqlim sharoitidan qat’i nazar muntazamlik va universallik, havo kemalarining
yuqori tashish imkoniyatlari ham belgilaydi.
Havoda tashish –yo’lovchi va yuklarni havo kemalari yordamida tashish usuli hisoblanadi.
Fuqarolik kodeksidan ma’lumki, yo’lovchi va yuk tashish harakati shartnomaga asosan
amalga oshiriladi. Ta’rifdan kelib chiqqan holda bunday tashish asosan ikki guruhga bo’linadi:
yuk tashish va yo’lovchi, bagaj tashish shartnomasiga.
Qoida tariqasida, yo‘lovchi tashish shartnomasi bo‘yicha tashuvchi yo‘lovchini, yo‘lovchi
bagaj topshirgan bo‘lsa — bagajni ham belgilangan manzilga eltib berish hamda bagajni olishga
vakolat berilgan shaxsga topshirish majburiyatini oladi.
Dekabr, 2024-Yil
926
Bunda yo‘lovchi belgilangan yo‘l haqini, bagaj topshirgan bo‘lsa, bagaj tashish haqini ham
to‘lash majburiyatini oladi.
Barcha turdagi transportlarda, shu jumladan havo transportida ham, transport jarayoni
tashish obyektini fazoda ko‘chirishdan iborat. Bunday ko‘chirishlar bir mamlakat ichida (ichki
tashish, ichki yo‘nalishlarda tashish), shuningdek ikki yoki undan ortiq mamlakatlar o‘rtasida
(xalqaro tashish, xalqaro yo‘nalishlarda tashish) amalga oshirilishi mumkin. Bunday farqlashning
amaliy va nazariy ahamiyati xalqaro tashishlarning o‘ziga xos xususiyatlari bilan izohlanadi,
ularning huquqiy tartibga solinishi bitta milliy huquqiy tizim doirasidan chiqadi va xalqaro
shartnomalar hamda chet el qonunchiligi qoidalarini hisobga olishni talab qiladi.
N.Yu. Yerpileva va V.A. Kanashevskiy xalqaro tashishlarning asosiy xususiyati ikki va
undan ortiq mamlakatlar o‘rtasida amalga oshirilishidan iborat ekanligini ta’kidlaydilar. O.N.
Sadikov esa "tashishni xalqaro deb tan olish uchun uning amalda ikki yoki bir necha mamlakat
hududida amalga oshirilishi shart emasligiga" e’tibor qaratadi.
1929 yilgi Havo transportida xalqaro tashishlarning ba’zi qoidalarini unifikatsiya qilish
to‘g‘risidagi Varshava konvensiyasi (keyingi o‘rinlarda Varshava konvensiyasi) va 1999 yilgi
Havo transportida xalqaro tashishlarning ba’zi qoidalarini unifikatsiya qilish to‘g‘risidagi Monreal
konvensiyasi (keyingi o‘rinlarda Monreal konvensiyasi) qoidalariga muvofiq, tomonlarning
kelishuviga ko‘ra, jo‘nash joyi va belgilangan manzil (tashuvda tanaffus yoki qayta yuklash
bo‘lgan-bo‘lmaganligidan qat’i nazar) quyidagi holatlarda joylashgan bo‘lsa, har qanday tashish
xalqaro tashish deb e’tirof etiladi: a) ikki yoki undan ortiq davlat hududida; b) bir davlat hududida,
agar boshqa davlat hududida kelishilgan to‘xtash nazarda tutilgan bo‘lsa.
Masalan, Rossiyadan Antarktidaga va ortga qaytishda amalga oshiriladigan tashish, agar
xorijiy davlat hududida oldindan rejalashtirilgan to‘xtash bo‘lmasa, xalqaro deb hisoblanmaydi.
Shu bilan birga, xalqaro tashish faqat bitta reys bilan amalga oshirilishi shart emas.
Mamlakat ichidagi uchastkalarni o‘z ichiga olgan murakkab (ko‘p reysli) yo‘nalishli
tashish, agar u tomonlar tomonidan yagona operatsiya sifatida ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, qisman bir
yoki bir nechta tashuvchilarning ichki reysi bilan bajarilganligidan qat’i nazar, xalqaro deb
hisoblanadi. Masalan, chiptada ko‘rsatilgan Parij – Toshkent – Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha
parvoz qilinganda, Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi yo‘nalishda tashish, yo‘lovchi ushbu
yo‘nalishda ichki reys bilan harakatlangan bo‘lsa ham, xalqaro hisoblanadi.
Shuni ta’kidlash muhimki, xalqaro tashishni tan olish uchun transport vositasining amalda
chet elda bo‘lishi shart emas. Agar aviatsiya hodisasi chegarani kesib o‘tishdan oldin sodir bo‘lsa
va hatto tashish u boshlangan davlatda to‘liq to‘xtatilgan bo‘lsa ham, bu bunday tashishning
Dekabr, 2024-Yil
927
xalqaro xususiyatiga ta’sir qilmaydi. Tashish shartnomasida taraflarning kelishuviga ko‘ra xalqaro
tashish ko‘zda tutilgan bo‘lishi muhimdir, chunki aynan shartnoma xalqaro havoda yo‘lovchi
tashish bo‘yicha huquqiy munosabatlar subyektlarining subyektiv huquqlari va yuridik
majburiyatlarini rasmiylashtirish shakli hisoblanadi.
Ushbu nuqtai nazar ham mahalliy, ham xorijiy fanda o‘z tasdig‘ini topgan. Statistik
ma’lumotlarga ko‘ra, havo transportida tashish tashishning eng xavfsiz turi bo‘lsa-da, ular inson
hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazish xavfi bilan bog‘liq. Bu, birinchi navbatda, havo parvozlarini
amalga oshirish bo‘yicha faoliyat yuqori xavf manbai ekanligi bilan bog‘liq bo‘lib, bu insonning
nomoddiy ne’matlariga jiddiy zarar yetkazish xavfini keltirib chiqaradi.
Shunday qilib, havoda tashish harakati fuqarolik shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
Yo’lovchi va yuk tashishning asosan ikki turi mavjud bo’lib, ichki va xalqaro tashishga
bo’linadi. Ichki tashish asosan mamlakatning ichki qonunchiligi asosida tartib solinsa, xalqaro
tashishda birxillashtirilgan qoidalar jamlanmasidan iborat konvensiyalar va xalqaro fuqaro
aviatsiyasi tashkilotlari hujjatlari negizida amalga oshiriladi.
REFERENCES
1.
N. Xushbokova Yo’lovchi, bagaj va yuk tashish shartnomasini tartibga soluvchi asosiy
qoidalar // SAI. 2022. №C5. URL: https://cyberleninka.ru/article/n/yo-lovchi-bagaj-va-
yuk-tashish-shartnomasini-tartibga-soluvchi-asosiy-qoidalar
(дата
обращения:
19.10.2024).
2.
Xalqaro havo tashishlariga oid ayrim qoidalarni birxillashtirish to‘g‘risidagi Varshava
konvensiyasi (1929).
3.
Xalqaro havo tashishlariga oid ayrim qoidalarni birxillashtirish bo‘yicha konvensiya
https://www.vip-class.ru/Montreal%20Convention_MC99.pdf
. Monreal konvensiyasi
4.
Ерпылева Н.Ю. «Актуальные проблемы теории и практики международного
транспортного права» // Адвокат. - 2003. — № 3. С. 37.
5.
Канашевский В.А. Международное частное право: Учебник. — М.:
Межд.отношения, 2006. С. 381.
6.
Садиков О.Н. Правовое регулирование международных перевозок. М.: Юрид. лит.,
1981. С. 7.
7.
Rashidov K.K. Xalqaro ko’lamda yo’lovchi va yuk tashish huquqi: darslik.-T.:JIDU, 2007.
8.
Xalqaro ommaviy huquq: darslik\ A.X.Saidov va boshqalar.-T.: TDYU nashriyoti, 2023 –
952 bet.
