Authors

  • Manzura Xo‘jamberdiyeva

DOI:

https://doi.org/10.71337/inlibrary.uz.science-research.64285

Keywords:

“Muhokamat ul-lug‘atayn” turkiy sart (fors-tojik) lakuna komprativistika bo‘shliq madaniy bo‘shliq lakunar birlik gender farq tilshunoslik.

Abstract

Mazkur maqolada adabiy til asoschisi Alisher Navoiyning tilshunoslikka oid qarashlari, “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari xususidagi fikrlarimiz va komprativistika hodisasi, ta’rifi, bu hodisaning ilk marotaba “Muhokamat ul- lu g‘atayn” asarida yoritib o‘tilganligi haqida so‘z yuritildi.

background image

1106

ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Valume 2 Issue 1

“MUHOKAMAT UL-LUG‘ATAYN” ASARI VA KOMPRATIVISTIKA HODISASI

Xo‘jamberdiyeva Manzura

Termiz iqtisodiyot va servis universiteti

Filologiya tillarni o‘qitish: o‘zbek tili 3-kurs talabasi.

https://doi.org/10.5281/zenodo.14784275

Annotatsiya.

Mazkur maqolada adabiy til asoschisi Alisher Navoiyning tilshunoslikka oid

qarashlari, “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari xususidagi fikrlarimiz va komprativistika hodisasi,

ta’rifi, bu hodisaning ilk marotaba “Muhokamat ul- lu g‘atayn” asarida yoritib o‘tilganligi

haqida so‘z yuritildi.

Kalit so‘zlar:

“Muhokamat ul-lug‘atayn”, turkiy, sart (fors-tojik), lakuna, komprativistika,

bo‘shliq, madaniy bo‘shliq, lakunar birlik, gender farq, tilshunoslik.

ПРОИЗВЕДЕНИЕ «МУХОКАМАТ УЛ-ЛУГАТАЙН» И ФЕНОМЕН

КОМПРОТИВИЗМА

Аннотация.

В данной статье представлены взгляды основоположника

литературного языка Алишера Навои на языкознание, наши мысли о произведении

«Мухокамат ул-лугатайн» и явлении компративистики, его определении, впервые это

явление освещено в произведении «Мухокамат ул-лугатайн». -лугатайн" з было проведено.

Ключевые слова:

«Мухокамат ул-лугатайн», турецкий язык, сарт (персо-

таджикский), лакуна, компративистика, разрыв, культурный разрыв, лакунарное

единство, гендерное различие, лингвистика.

"MUHOKAMAT UL-LUGATAYN" AND THE PHENOMENON OF COMPRATIVISM

Abstract.

In this article, the founder of literary language Alisher Navoi's views on

linguistics, our thoughts on the work "Muhokamat ul-lughatayn" and the phenomenon of

comprativistics, its definition, the first time this phenomenon was covered in the work "Muhokamat

ul-lughatayn" z was conducted.

Key words:

"Muhokamat ul-lughatayn", Turkish, sart (Perso-Tajik), lacuna,

comprativistics, gap, cultural gap, lacunar unity, gender difference, linguistics.

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bundan besh asr oldin tillarning o‘zaro chog‘ishtirma

tadqiqiga asoslangan “Muhokamat-ul-lug‘atayn” (“Ikki til muhokamasi”) monografiyasi bilan

dunyo tilshunosligida mutlaqo yangi ilmiy yo‘nalish – komprativistikaga asos solgan edi. Alloma

ushbu asari orqali chog‘ishtirma tilshunoslikning tadqiq yo‘llari, tahlil usullari, metodologik

bazasini ishlab chiqdi. Hozirga qadar ham zamonaviy tilshunoslikda ushbu ilmiy manbaning o‘rni,

tahlil va tadqiq usullari katta ahamiyat kasb etadi.


background image

1107

ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Valume 2 Issue 1

Lingvistika tarixida Alisher Navoiy boshlab bergan yangi ilmiy yo‘nalishga asoslangan

komprativistik tadqiqotlar Yevropada XIX asrning birinchi yarmiga kelibgina yaratila boshladi va

bu tilshunoslik tarixida qiyosiy-tarixiy tilshunoslik nomi bilan o‘rin egalladi. Hozirgi kunda bu

yo‘nalish zamonaviy tilshunoslikning yirik sohalaridan biriga aylangan.

«Muhokamat ul-lug’atayn» — «Ikki til muhokamasi» deb nomlangan bu asar 905 hijriy

yilning jumodiyul avval oyi- 1499 melodiy yilning dekabr oyi oxirlarida chorshanba kuni yozib

tugatilgan:

Bu nomaki, yozdi qalamim tortib til,

Tarixin aning jumodiyul-avval bil.

Kunnung raqamini chorshanba qilg’il,

To’qqiz yuz yildin o’tub erdi besh yil.

(MAT, 20 tomlik, 16-tom, 40-bet)

«Muhokamat ul-lug’atayn» da turkiy-o’zbek va fors-tojik tillarini qiyosiy o’rganish

vositasida turkiy-o’zbek tilining Sharqda mashhur bo’lgan arab va fors-tojik tillari darajasidagi

mavqeidan so’z yuritiladi hamda ulardan, xususan fors-tojik tilidan farq qiluvchi xususiyatlari turli

xildagi ko’pgina misollar, jumladan «yuz lafz» (yuzta so’z)ni keltirib, talqin qilish bilan

isbotlanadi. Bu ma’no Alisher Navoiyning quyidagicha yozganlarida ham o’z ifodasini topgan.

«Turkiy va sort lug’ati kayfiyati va haqiqati sharhida bu risolani jam’ qilib bitidim va anga

«Muhokamat ul-lug’atayn» ot qo’ydum, to turk eli tili fasohatu diqqati va balog’atu vus’ati… zohir

qildim. Va xayolimg’a mundoq kelurkim, turk ulusi fasihlariga ulug’ haq sobit qildimki, o’z alfoz

va iboratlari haqiqati va o’z til va lug’atlari kayfiyatidin voqif bo’ldilar». (MAT, 20 tomlik, 16-

tom, 40-bet).

Hazrat Navoiy ilmiy tafakkurining gultojisi hisoblangan ushbu tadqiqot o‘zbek fani

tarixida ham tengsiz maqomga ega. Ushbu asar bizgacha yetib kelgan ilmiy ishlar orasida o‘zbek

tilida yaratilgan birinchi sof lingvistik ilmiy-tadqiqot hisoblanadi. Kezi kelganda aytish kerakki,

Nizomiddin Mir Alisher Navoiyga qadar turkiy tillar tadqiqiga bag‘ishlangan o‘nlab ilmiy asarlar

yaratilgan. Biroq ular arab tilida yozilgan va ularning aksariyati o‘quv qo‘llanma xususiyatiga ega

bo‘lgan.

Navoiy “Muhokamatu-l-lug‘atayn” (“Ikki til muhokamasi”) asari bilan o‘zbek lafzida

tilshunoslik bo‘yicha ilmiy ish yaratish uslubini, yozma ilmiy bayon texnikasini yaratib berish

bilan birga, uning ilmiy atamashunosligini ham ishlab chiqdi. Shu jihatlari bilan bu asar o‘zbek va

jahon fani uchun g‘oyat qadrli fundamental tadqiqotdir.

Navoiy o‘z asarida komprativistikaning tayanch usullarini ixtiro etgan. Chunonchi, u

tillarning qanday birliklari va qatlamlari solishtirilsa, asosli ilmiy natijalarga erishish mumkinligini

ham ko‘rsatgan.


background image

1108

ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Valume 2 Issue 1

Ana shu maqsadda Navoiy o‘zbek tilining so‘z boyligini ko‘rsatish orqali forsiyda

muqobili bo‘lmagan yuzta fe’lni keltiradi. Asarning Toshkent nashrida ushbu fe’llar to‘qson

to‘qqizta. To‘pqopi va Parij nusxalarida fe’llarning soni to‘qson to‘qqiz, Fotih va Budapesht

nusxalarida yuzta. Ushbu ikki nusxada boshqa qo‘lyozmada tushib qolgan yuzinchi fe’l ham bor.

U “chimdilamoq” fe’li bo‘lib, ketma-ketlikda “qichig‘lamaq” so‘zidan keyin keladi. Asar

nusxasini ko‘chirayotgan kotib aynan shu so‘zni tasodifan tushirib qoldirgan. Toshkent nashrida

ushbu fe’l uchramasligining sababi ham shunda, nashr uchun Parij qo‘lyozmasi asos bo‘lgan,

degan xulosaga keladi turkolog Q.Sodiqov.

Nusxalarda nafaqat bunday holatlar, balki ba’zi o‘rinlarda jumlalarning tuzilishida ham

farqli jihatlar bor. Masalan, To‘pqopi va Parij qo‘lyozmalaridagi ayrim jumlalar Fotih

qo‘lyozmasida tahrir qilingan yoki avvalgi ikki qo‘lyozmada uchramaydigan jumlalar Fotih

qo‘lyozmasida to‘ldirilgan. Bir-ikkitasini ko‘chirish chog‘ida tushirib qoldirilgan, deyish

mumkindir, lekin orada muhim ma’lumotlar ham kiritilgan bo‘lib, ular til va uslub jihatidan

Navoiyning jumlalari, bularni asarga muallifdan boshqa kishi kiritishi imkonsizdir.

Shuni eslatish joizki, Alisher Navoiy turkiy tilning fazilatlari haqida so’z yuritganda o’sha

davrda mashhur bo’lgan arab, fors-tojik va hind tillarini kamsitmaydi, aksincha ularning har biriga

xos bo’lgan xususiyatlarni ham ehtirom bilan bayon etadi.

Bundan kuzatilgan maqsad turkiy tilning fasohati va balog’ati haqida ilmiy asoslangan

mulohazalarni bayon etish bilan bir qatorda «turk nozimlari (shoirlari) o’z alfozlari bilan she’rg’a

mashg’ulluq qilg’aylar va ko’ngul g’unchasi dog’idinki, pechlar chirmanibdur, bahor nasimidek

anfos bila guldek ochilg’aylar». (MAT, 20 tomlik, 16-tom, 38-bet).

Demak, Alisher Navoiy turkiy tilning fasohati va lug’aviy boyligini dalillar bilan isbotlash

vositasida turkiy tildagi adabiyot-she’riyatning yanada ravnaq topishi lozimligini ham nazarda

tutgan. «Muhokamat ul-lug’atayn»da faqat qiyosiy tilshunoslik masalalaridan so’z yuritilgan

emas, balki unda til tarixi, o’zbek adabiyoti tarixi, she’riy janr va badiiy san’atlar, fors-tojik

adabiyoti namoyandalari asarlari va o’zi (Alisher Navoiy)ning ijodiga doir qimmatbaho

mulohazalar ham mavjud.

Alisher Navoiyning qayd qilishicha, turkiy til va turkiy tildagi adabiyot tarixi o’zaro

chambarchas bog’lidir. Shuning uchun asarda Hulokuxon, Amir Temur, Shohrux mirzo hamda

Sulton Husayn Boyqaro zamonlarida turkiy tilning rivojlangani tufayli turkiy she’riyatning

mavlono Sakkokiy, Haydar Xorazmiy, Atoyi, Muqimiy, Amiriy, Yaqiniy, Gadoyi, mavlono

Lutfiy, Husayniy va o’zi (Alisher Navoiy) kabi zabardast siymolari maydonga kelganlarini alohida

qoniqish bilan uqtirib o’tadi. Shuning bilan birga bu jarayonning Sulton Husayn Boyqaro-

Husayniy tomonidan qo’llab-quvatlashi tufayli yanada rivojlangani ta’kidlanadi.


background image

1109

ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Valume 2 Issue 1

«Muhokamat ul-lug’atayn»da she’riy janr (tuyuq), badiiy san’atlar (iyhom, tajnis, tarse’)

haqida turkiy she’riyatdagi o’ziga xos xususiyatlari jihatidan ma’lumot beriladi. Fikrning isboti

uchun misolga murojaat qilaylik:«She’rda barcha tab’ ahli qoshida ravshan va majmu’i fusaho

ollida1 mubarhandurki, tajnis va iyhom bag’oyat kulliydir. Va bu farxunda iborot va xujasta alfoz

va ishorotda forsiydin ko’prak tajnisomez lafz va iyhomangez nukta borki, nazmga mujibi zebu

ziynat va boisi takallufu san’atdur. Masalan: ot lafziki, bir ma’nosi alamdur2, yana bir ma’nisi

markabdur3 va yana bir ma’nisi amrdurkim, toshni yo o’qni ot, deb buyurg’aylar. Bu tajnisda

mundoq deyilibdurkim,

Bayt:

Chun pariyu hurdur oting, begim,

Sur’at ichra dev erur oting, begim.

Har xadangekim, ulus andin qochar,

Notavon jonim sari oting, begim.»

(MAT, 20 tomlik, 16-tom, 17-bet).

Eslatilganidek, «Muhokamat ul-lug’atayn» da fors-tojik adabiyotining Xoqoniy, Anvariy,

Firdavsiy, Nizomiy, Sa’diy, Xusrav Dehlaviy, Salmon Sovajiy, Xojui Kirmoniy, Ashraf,

Abdurahmon Jomiy kabi mashhur namoyandalarining asarlari, ularning turli janrlar sohasidagi

xizmatlari muxtasar tarzda bo’lsa-da, adabiyotshunos sifatida baholangan va xulosaviy fikrlar

bayon etilgan. Jumladan, forsiy tilda qasida janrining mukammal namunalarini yaratgan Xoqoniy,

Anvariy, Zahir, Salmonlar; masnaviy-doston sohasida «ustozi fan Firdavsiy va nodiri zamon

Shayx Nizomiy»(16-tom, 35-bet); g’azal janri sohasida muxtare’ Shayx Sa’diy va Hofiz

Sheroziylar ekanliklari haqidagi xulosaviy fikrlar hozirgi adabiyotshunoslar tomonidan faqat

e’tirof etilib qolmasdan, balki ular ilmiy jihatdan ham isbotlangan.

Bundan tashqari Alisher Navoiy arab she’riyatining zabardast namoyandalari haqida ham

muxtasar, ammo hozirgi kunda arab adabiyotshunoslari tomonidan ma’qullangan mulohazalarni

bayon etadi. Jumladan: «To mulk arab xulafosi va salotinida erdi, falak ul vaqtda nazm dabiriga

arab tili bila jilva berdi, andoqki, Hasson Sobitdek va Laxitdek malik ul-kalom suxanguzorlar va

ma’niofarin fasohatshiorlar paydo bo’ldilar va o’z tillari bila nazm adosining dodini berdilar».

(MAT, 20 tomlik, 16-tom, 35-bet).

Alisher Navoiyning arab shoirlari haqidagi muxtasar, ammo haqqoniy mulohazalari XX

asr arab adabiyotshunosi Hanna al-Foxuriyning «Arab adabiyoti tarixi» kitobida qo’llab-

quvvatlangan. Masalan, Hanna al-Foxuriy VII asrda faoliyat ko’rsatgan Hasson ibn Sobit (vaf.-54

hijriy-674 melodiy yil) ijodining ahamiyati haqida so’z yuritib, uni islom davri arab adabiyotida

islomiy va siyosiy she’riyatning asoschisi ekanligini alohida uqtiradi.


background image

1110

ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Valume 2 Issue 1

Ko’rinadiki, Alisher Navoiy Hasson ibn Sobitni malik ul-kalom deb ta’riflagan bo’lsa,

Hanna al-Foxuriy uni islomiy va siyosiy she’riyatning asoschisi tarzida tavsiflaydi. Demak,

Alisher Navoiy XV asrdayoq bu shoirning mavqeini o’sha davr adabiyotshunosligi mezoni asosida

«malik ul-kalom» iborasi bilan to’g’ri aniqlagan. Keltirilgan mulohazalar shundan guvohlik

beradiki, Alisher Navoiy «Muhokamat ul-lug’atayn»da o’zini faqat tilshunos olim sifatida emas,

balki arab, fors va turkiy adabiyot tarixining ham ulkan bilimdoni – olimi ekanini namoyish etgan.

«Muhokamat ul-lug’atayn»ning adabiyotshunoslik sohasidagi ahamiyati yuqorida qayd

qilingan fazilatlar bilan cheklanmaydi. Asarda Alisher Navoiyning turkiy va forsiy tillarda

yaratgan asarlari, ularning yozilish sabab va tarixlari, ijodiy hamkorliklari haqida ma’lumotlar

uchraydiki, ular ulkan shoirning ijodiy tarjimayi holini yaratishda qimmatbaho material bo’lib

xizmat qiladi. Bu jihatdan «Xazoyin ul-maoni», «Tuhfat ul-afkor», «Xamsa» va boshqalar haqida

yozganlari ardoqlidir.

Bundan tashqari «Muhokamat ul-lug’atayn»ning adabiy ahamiyati yana shu bilan ham

belgilanadiki, unda o’sha davr nasri uchun xos uslub – saj’ san’ati (nasrda ohangdorlik va qofiya,

radif unsurlari) mahorat bilan ishlatilgan hamda turli xil she’riy nav’lardan misol keltirish bilan

ziynatlangan.

Misollar:

Saj’ san’ati:«Takallum ahli xirmanining xo’shachini va so’z durri samini maxzanining

amini va nazm gulistonining andalebi nag’masaroyi, ya’ni Alisher al-mutaxallis bin Navoyi …

mundoq arz qilurkim…» (MAT, 20 tomlik, 16-tom, 8-bet).

Yana:«Umid ulkim, bu faqirni xayr duosi bila yod qilg’aylar va ruhumni aning bila shod

qilg’aylar».

(MAT, 20 tomlik, 16-tom, 40-bet).

She’riy parchalar:

Ruboiy:

Ey so’z bila qilg’on ofarinish og’oz,

Insonni aroda aylag’on mahrami roz.

Chun «kun fa yakun» safhasiga bo’ldi tiroz,

Qilg’on oni nutq ila boridin mumtoz.

(MAT, 20 tomlik, 16-tom, 7-bet)

“Muhokamatu-l-lug‘atayn”ning to‘rtta qo‘lyozmasi bizgacha yetib kelgan bo‘lib, uning

birinchi nusxasi Istanbuldagi To‘pqopi saroyi muzeyi Revan kutubxonasida saqlanayotgan Navoiy

kulliyotidan o‘rin olgan. Taxminlarga qaraganda, u mavjud nusxalarning eng eskisidir.

Asarning yana bir nusxasi Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasining Fotih bo‘limida

saqlanmoqda va u Navoiy kulliyotiga kirgan. 1526-1527 yillarda ko‘chirilgan Parij nusxasi

Parijdagi Milliy kutubxonada va asarning to‘rtinchi qo‘lyozmasi Budapeshtda saqlanmoqda.


background image

1111

ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Valume 2 Issue 1

Alisher Navoiyning “Muhokamatu-l-lug‘atayn” asarining yangi nashri ana shu nusxalarni

o‘zaro qiyoslash natijasida yaratildi.

“Muhokamatu-l-lug‘atayn”ning qo‘lyozmalari orasida To‘pqopi va Parij nusxalari matniy

jihatdan bir-biriga juda yaqin: To‘pqopida qaysi joylari tushib qolgan bo‘lsa, Parij qo‘lyozmasida

ham aytarli shunday holat kuzatiladi. Asarning Fotih kutubxonasida saqlanayotgan qo‘lyozmasi

boshqa nusxalardan birmuncha farq qiladi. Muhimi shundaki, To‘pqopi va Parij qo‘lyozmalarida

uchramaydigan so‘z va jumlalar ushbu nusxada to‘ldirilgan. Tekstologik jihatdan bu nusxaning

o‘ziga yarasha afzalligi ham bor.

Masalan, To‘pqopi qo‘lyozmasida: “Forsiygo‘y turk beglar-u mirzodalar “bo‘xsamaq”ni

forsiy til bila tilasalar-ki, ado qilg‘aylar!”, yoki ushbu gap Fotih qo‘lyozmasida: “Forsiygo‘y turk

beglar-u mirzodalar “bo‘xsamaq”ni forsiy til bila tilasalar-ki, ado qilg‘aylar, ayo ne nav’

qilg‘aylar”, deb berilgan. Navoiy asarlari tilida singarmonizm (tovushlar uyg‘unligi) “temir

qonun” sifatida amal qilinganini ko‘rishimiz mumkin. Bu narsa tovushlar tizimini anglashga ham

imkon beradi. Masalan, muallif keltirgan misollarda “yo‘g‘on” o‘zak-negizli so‘zlarga masdar

ko‘rsatkichining -maq varianti qo‘shiladi: “qurug‘samaq”, “aldamaq”, “qistamaq”, “yalinmaq”

singari; “ingichka” talaffuzli so‘zlarga esa -mäk varianti qo‘shiladi: “igirmak”, “indamak”,

“surkanmak”, “o‘rtanmak” singari. Demak, Navoiy tilida orqa qator, “yo‘g‘on” a bilan old qator,

“ingichka” ä ning har ikkovi mustaqil fonemalar sifatida ishlatilgan.

Shunday qilib, Alisher Navoiyning «Muhokamat ul-lug’atayn» ilmiy asari turkiy

tilshunoslikning nodir yodgorligi bo’lib, unda turkiy tilning o’ziga xos xususiyatlari, uning buyuk

ahamiyatga molik badiiy yodgorliklarni yaratishga qodirligi masalasi ilmiy asosda yoritilgan.

Shuning bilan birga asarning mavzu doirasi keng bo’lib, unda umuman adabiyotshunoslikning

turli xildagi muhim muammolari tilga olingan va o’sha davrdagi nasrning o’ziga xos xususiyatlari

o’z ifodasini topgan.

REFERENCES

1.

А. Навоий. Асарлар. Ўн беш томлик. Ўн тўртинчи том. Ғафур Ғулом номидаги

бадиий адабиёт нашриёти. Тошкент, 1967.

2.

“Navoiy asarlari lug‘ati” (1972)

3.

“Alisher Navoiy asarlarining izohli lug‘ati” (1993-1995)

4.

“O‘zbek tilining izohli lug‘ati” (2006-2008)

5.

“O‘zbek tilining etimologik lug‘ati” (2000)

6.

Xayrulla Ismatullayev “”Muhokamat ul-lug’atayn ”ning chet ellarda o’rganilishi” “O’zbek

tili va adabiyoti ” jurnali 1988,4-nashr,54

7.

Alisher Navoiy Asarlar.O’n besh tomlik .14-tom.Toshkent,1967,228-bet

References

А. Навоий. Асарлар. Ўн беш томлик. Ўн тўртинчи том. Ғафур Ғулом номидаги бадиий адабиёт нашриёти. Тошкент, 1967.

“Navoiy asarlari lug‘ati” (1972)

“Alisher Navoiy asarlarining izohli lug‘ati” (1993-1995)

“O‘zbek tilining izohli lug‘ati” (2006-2008)

“O‘zbek tilining etimologik lug‘ati” (2000)

Xayrulla Ismatullayev “”Muhokamat ul-lug’atayn ”ning chet ellarda o’rganilishi” “O’zbek tili va adabiyoti ” jurnali 1988,4-nashr,54

Alisher Navoiy Asarlar.O’n besh tomlik .14-tom.Toshkent,1967,228-bet