Mart, 2025-Yil
141
MA’NAVIY TAHDIDLAR VA ULARNI OLDINI OLISHNING
AYRIM JIHATLARI
Nurmamatova Navbahor Odilbek qizi
Omongaldiyeva Shahnoza Qahramon qizi
Urganch Ranch texnologiya universiteti pedagogika fakulteti magistrantlari
https://doi.org/10.5281/zenodo.15032773
Annotatsiya
. Mazkur maqolada mamlakatimiz tinchligi va taraqqiyoti uchun mavjud
ma’naviy tahdidlar, ularning turlari, namoyon bo‘lish shakllari, ma’naviy-mafkuraviy
tahdidlarning oldini olish va unga qarshi kurashishdagi asosiy, ustuvor vazifalar haqida mulohaza
yuritilgan. Shuningdek, mafkuraviy makonda fuqarolar, ayniqsa yoshlarni ma’naviy tahdidlardan
saqlash yuzasidan takliflar ishlab chiqilgan.
Kalit so‘zlar
: ma’naviy tahdid, milliy qadriyatlar, ichki ma’naviy tahdidlar, tashqi
ma’naviy tahdidlar, yangi ma’naviy makon, axborot qabul qilish madaniyati, mafkuraviy
immunitet, daxldorlik, yoshlar tarbiyasi, tarbiya, axborot xurujlari, milliy qadriyatlar, onalar
mas’uliyati.
Аннотация.
В данной статье рассматриваются существующие духовные угрозы
миру и развитию нашей страны, их виды, формы проявления, основные, приоритетные
задачи по предотвращению и борьбе с духовными и идеологическими угрозами. Также в
идеологическом пространстве разработаны предложения по защите граждан, особенно
молодежи, от моральных угроз.
Ключевые слова
: духовная угроза, национальные ценности, внутренние моральные
угрозы, внешние моральные угрозы, новое духовное пространство, культура восприятия
информации, идеологический иммунитет, актуальность, воспитание молодежи,
радикализм, воспитание, информационные атаки, национальные ценности, современный
герой, материнская ответственность.
Abstract.
This article examines existing spiritual threats to peace and development of our
country, their types, forms of manifestation, main, priority tasks for preventing and combating
spiritual and ideological threats. Also in the ideological space, proposals have been developed to
protect citizens, especially young people, from moral threats.
Keywords:
moral threat, national values, internal moral threats, external moral threats,
new spiritual space, culture of information perception, ideological immunity, relevance, youth
upbringing, radicalism, upbringing, information attacks, national values, modern hero, maternal
responsibility.
Mart, 2025-Yil
142
Bugungi dunyoda bo‘layotgan siyosiy va mafkuraviy jarayonlar, harbiy tajovuzlar va
to‘qnashuvlarning keskinlashib borayotgani barchani tashvishga solishi tabiiydir. Hozirda butun
yer yuzi iqtisodiy, siyosiy jihatdan yaxlit bir makonga aylandi, barcha jarayonlar integratsiyalashib
dunyoning bir mintaqasida ro‘y bergan voqelik boshqa hududlarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda.
Mazkur jarayonlar barcha davlatlarda o‘z fuqarolarining xavfsizligi, mamlakat tinchligini
ta’minlash dolzarbligini yanada oshirib yubormoqda. Ayni paytda mamlakatlar taraqqiyotiga
tahdid solayotgan siyosiy, iqtisodiy, harbiy xavflar bilan bir qatorda ma’naviy tahdidlar g‘oyat
murakkab tus olayotgani hech kimga sir emas. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev bu haqida to‘xtalar ekan: “... hozirgi murakkab va tahlikali zamonda milliy va diniy
qadriyatlarimizga yot turli xurujlar, yoshlarimizning ongi va qalbini egallashga qaratilgan g‘arazli
intilishlar, mafkuraviy tahdidlar tobora kuchayib borayotgani barchani yanada hushyor va ogoh
bo‘lishga undaydi”, - deya bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalarni belgilab
berdilar.
Ma’naviy tahdidlar haqida to‘xtalar ekanmiz, ularni jamiyat hayotini izdan chiqarishga
bo‘lgan xavfi jihatidan ikki turga – ichki va tashqi ma’naviy tahdidlarga bo‘lishimiz mumkin.
Ma’naviy tahdidlar jamiyat hayotini izdan chiqarishi, tartibsizlik va parokandalakni yuzaga
keltirishi, ijtimoiy guruhlarni bir-biriga qarama-qarshi qilib qo‘yishi, mamlakatda milliy, diniy va
siyosiy ziddiyatlarni paydo qilishi, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini butunlay izdan
chiqarib yuborishi mumkin.
Ichki ma’naviy tahdidlar jamiyatimizda uchrab turadigan loqaydlik, befarqlik, milliy
qadriyatlarni buzishga bo‘lgan urinishlar, boshqa madaniyatlarga ko‘r-ko‘rona ergashish, huquqiy
nigilizm, radikalizm, o‘tkinchi xissiyotlarga o‘ta berilish, riyokorlik, bilimsizlik (johillik) va
boshqalar misolida namoyon bo‘lmoqda.
Tashqi ma’naviy tahdidlar esa, diniy ekstremizm, aqidaparastlik, missionerlik, buyuk
davlatchilik shovinizmi, terrorizm, “ommaviy madaniyat”ni targ‘ib qilish, ma’naviy axloqsizlik
targ‘iboti, milliy va diniy qadriyatlarni buzishga bo‘lgan urinishlar va boshqalar ko‘rinishida
jamiyatimizga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Bugungi globallashuv davrida turli xil ma’naviy
tahdidlar, mafkuraviy hurujlar yoshlar qalbi va ongiga tezlik bilan kirib borib, ularning xulq –
atvoriga, ma’naviy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bunday omillarni asosan quyidagilarda ko‘rish mumkin:
- xalqaro internet tarmog‘i orqali milliylikka tahdid soluvchi, diniy ekstremizm va
aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi, konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan ag‘darishga undovchi
Mart, 2025-Yil
143
g‘oyalar, shuningdek, boshqa vositalar orqali shu mazmundagi g‘oyalarni targ‘ib etishga urinish
hollarining kuchayishi;
- internet tarmog‘i orqali turli hayosiz, pornografik mazmundagi axborotlarni tarqatish
orqali yoshlardagi milliy qadriyatlarni buzishga urinish;
- ayrim toifa yoshlarning “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlariga ko‘r-ko‘rona taqlid qilishi
va uni eng zamonaviy madaniyat sifatida targ‘ib etish borasidagi hatti-harakatlari;
- ayrim oilalardagi nosog‘lom turmush tarzi (ichkilikbozlik, kashandalik, narkomaniya va
boshqalar)ning “zamonaviylik” tarzida qabul qilinishi;
- zo‘ravonlikka, vayronkorlikka, dahshatli fojealarni targ‘ib qilishga asoslangan kompyuter
o‘yinlariga yoshlarning mukkasidan ketishi yoki butkul internetga qaramlik kasaliga chalinish
holatlarining shakllanishi;
- turli maishiy muammolarni ko‘rsatgan holda yoshlarning nazoratsiz qoldirilishi, ularning
qiziqishlari, muammolarini ota-onalar tomonidan tahlil qilinmasligi;
- manbaviy asosga ega bo‘lmagan fikrlar (mish-mish)larni tarqatish orqali yoshlarda
ishonchsizlik ruhiyatining yuzaga keltirilishi;
- yoshlarda internet tarmog‘i orqali olingan axborotlar asosida diniy radikallashuvning
kuchayib borishi, ma’lum aqidalarni mazhabidan, diniy aqidalaridan qat’iy nazar, o‘zi uchun
to‘g‘ri yo‘l sifatida qabul qilishi hamda ularning xatti-harakatlarida yaqqol namoyon bo‘lishi.
Mafkuraviy jarayonlar globallashib borayotgan hozirgi vaqtda mafkuraviy axborot xurujlaridan
himoyalanishning eng maqbul yo‘li – yoshlarimizda axborot iste’moli madaniyatini
shakllantirishdir. Bu borada yoshlarda eng avvalo, ishonchli axborotni qabul qilish bo‘yicha
ko‘nikmalarni shakllantirish, axborot tarqatish manbasining ishonchliligi va shaffofligiga ishonch
hosil qilish ko‘nikmasini shakllantirish lozim. Bu borada Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev
ma’naviy va mafruviy tahdidlarga qarshi kurashish, “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan
kurashish”ning yangi bir yo‘nalishini belgilab berdilar. Bu Yangi O‘zbekistonda shakllanadigan
yangi ma’naviy makondir. Davlatimiz rahbari bu xususida to‘xtalar ekan, “Yangi ma’naviy makon
nima? Mening nazarimda, u – biz orzu qilayotgan Yangi O‘zbekistonning ma’naviy qiyofasi
yaqqol aks etadigan, xalqimiz intilayotgan va el-yurtimiz baxtiyor yashaydigan ma’rifatli
jamiyatdir”, - deya ta’rif beradilar. Ma’rifatli jamiyatda, avvalo, fuqarolarda axborot qabul qilish
madaniyatini shakllantirish, har qanday sub’yektiv fikrlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketavermaslik,
axborot olamida faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistlar, blogerlar milliy manfaatlardan kelib chiqqan
holda jarayonlarni yoritishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ikkinchidan, mamlakat fuqarolarida,
ayniqsa o‘sib kelayotgan yosh avlod ongida vatan taraqqiyoti, tinchligi uchun daxldorlik hissini
Mart, 2025-Yil
144
shakllantirish va uni kuchaytirish lozim. Yurtimiz buguni va ertasi uchun qayg‘urish, uning dunyo
davlatlari bilan tengma-teng, hech bir xalqdan kam emasligini isbotlash hissini uyg‘otish
maqsadga muvofiq. Oila, mahalla, ta’lim muassasasi, korxona (tashkilot), jamoat tashkilotlarining
barchasida ushbu daxldorlik tuyg‘usi mavjud bo‘lishi lozim. Uchinchidan, fuqarolarda mafkuraviy
immunitetni shakllantirish masalasi dolzarb vazifa bo‘lmog‘i kerak. Internet yoki boshqa
ommaviy axborot vositalari orqali tarqatilayotgan axborotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilmaslik,
uni tahlil qilish hamda eng to‘g‘ri hamda asosli bo‘lgan axborotlarni o‘zlashtirish madaniyatini
shakllantirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Vatanimiz tinchligi va taraqqiyotiga tahdid bo‘ladigan
har qanday axborotga qarshi ziyolilarimizda, fuqarolarimizda munosib javob bo‘lishi shart.
Shundagina, yurtimizga chetdan asossiz “tosh otishlar”ga chek qo‘yilishi mumkin. To‘rtinchidan,
jaholat va bilimsizlikning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz kayfiyatni shakllantirish
lozim. Johillik (bilimsizlik) tufayli ko‘plab yoshi ulug‘ fuqarolarda, xususan ziyolilar orasida ham
sobiq sovet tuzumini qo‘msash, uni ulug‘lash kayfiyatining hozirga qadar ham saqlanib
qolayotgani yoki diniy aqidalarga mukkasidan ketish, faqatgina ibodatdan boshqa faoliyatni ko‘ra
olmadigan, o‘ta radikallashib borayotgan shaxslarning mavjudligi achinarli holatdir. Shu bilan
birga, diniy faoliyatni o‘ziga kasb qilib olish va undan daromad orttirish holatlari ham mavjud.
O‘tmishni, mustamlaka siyosatini qo‘msash yoki diniy hayotni mutloqlashtirish oqibatlari haqida
soxa mutaxassislari tushuntirish ishlarini olib borishlari lozim. Beshinchidan, yurtimiz taraqqiyoti
va tinchligi eng buyuk ne’mat ekanligi, kelajak avlodlarga qoldiriladigan vatan taqdiri
mas’uliyatini barcha fuqarolarga eng jozibali usullarda OAVlari orqali yetkazish, shuningdek,
tariximizda yashab o‘tgan, o‘zlaridan buyuk ma’naviy meros qoldirgan, jahon tarixida ulkan
o‘ringa ega bo‘lgan, o‘z jasoratlari bilan namuna ko‘rsatgan ajdodlarimiz haqida hujjatlari va
badiiy filmlar yaratish orqali xalqimizni tarix bilan qurollantirishimiz zarur. Zero, o‘z tarixini
biladigan, undan ruhiy quvvat oladigan xalqni yengib bo‘lmasligiga tariximizda ko‘plab misollar
mavjud. Oltinchidan, ma’naviy barkamol avlodni shakllantirishda oilaning o‘rnini oshirish, xotin-
qizlar, ayniqsa bo‘lg‘usi onalarning bilimli, iqtidorli bo‘lishlari uchun zarur shart-sharoitlar
yaratish, onalarning farzand tarbiyasidagi o‘rniga katta ahamiyat berish, onalarni sharaflash,
ularning jamiyatdagi mavqelarini yuksaltirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish maqsadga
muvofiqdir. Yettinchidan, yoshlar uchun ibrat bo‘ladigan, yuksak natijalarga erishayotgan
bugungi kun qahramoni qiyofasini shakllantirish, ularning mehnatda, ilmda, sportdagi yutuqlari
hamda jasur yigitlarning Vatan himoyasi yo‘lidagi jasoratlarini keng targ‘ib qilish orqali
muvaffaqiyatlarga erishish yo‘llarini ko‘rsatib berish, sabrli, matonatli, qo‘rqmas avlodni
tarbiyalash muhim vazifamiz bo‘lishi lozim. Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, yoshlarning
Mart, 2025-Yil
145
ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi uchun, avvalo, ularga salbiy ta’sir
ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etish lozimdir. Bu esa, o‘z navbatida, oila, mahalla, ta’lim
muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va nodavlat tashkilotlari, umuman har
bir fuqarodan mas’uliyat, fidoiylikni talab etadi. Yoshlarning vatanparvarligi oiladagi tarbiya,
mahalla va ta’lim muassasalaridagi ma’naviy muhitdan boshlanadi, o‘z oilasi, mahallasi va ta’lim
muassasasini qadrlamagan inson Vatanini ham qadrlashi qiyin kechadi. Oila, mahalla va ta’lim
muassasasi muhiti yoshlar ma’naviyatini shakllantiruvchi omil sifatida yetakchi o‘rinda turadi.
Xulosa qilib, xilma-xil usullarda olib borilayotgan ta’lim va tarbiya ishlari jismonan
sog‘lom, ma’naviy barkamol yoshlarni tarbiyalab voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb
etmoqda. Zero, yangi ming yillikda davlatlarning, xalqlarning taqdirini moddiy boylik emas, balki
salohiyati yetuk va yuksak ma’naviyatli yoshlar hal qilishi unutmasligimiz kerak.
REFERENCES
1.
Mirziyoyev Sh. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi. – Toshkent: O‘zbekiston, 2023.
– 440 b.
2.
Mirziyoyev Sh. Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik. – Toshkent: O‘zbekiston,
2023. – 408 b.
3.
Mirziyoyev Sh. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida demokratik islohotlar
yo‘lini qat’iy davom ettiramiz. – Toshkent: O‘zbekiston, 2022. – 520 b.
4.
Ma’naviyat asosiy tushunchalar lug‘ati // Q.Nazarov va boshqalar. – Toshkent:
O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti, 2022. – 728 b.
