Aprel, 2025-Yil
520
OLIY TA’LIM RIVOJLANISHINING ZAMONAVIY TENDENSIYALARI
Jumanov Farux Saparbayevich
Registrator ofisi xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i, O‘zMU JF.
https://doi.org/10.5281/zenodo.15298311
Annotatsiya.
Ushbu maqolada oliy ta’limni rivojlantirishning asosiy zamonaviy
tendensiyalari to‘g‘risida fikrlar bayon qilingan. Oliy ta’lim tendensiyalarini o‘rganish
sohasidagi etakchi olimlarning aniq qarashlari tahlil qilinib oliy ta’lim tizimining rivojlvnishida
Boloniya jarayoning ahamiyati to‘g‘risida tahlillar keltirilgan.
Kalit so‘zlar:
kredit-modul, tendensiyalar, globallashuv, integratsiya, tijoratlashtirish,
mobillik, masofaviy ta’lim.
Mamlakatimiz oliy ta’lim tizimini xalqaro ta’lim maydoniga integratsiyasini amalga
oshirishi hozirgi globallashuv jarayonida muhim hisoblanadi. Xalqaro ta’lim maydoniga
integratsiyalashish orqali ilmiy salohiyatni kuchaytirish va innovatsiyalarni rivojlantirish
mamlakatning kelajagini belgilashda katta ahamiyat kasb etadi. Davlatimiz xalqaro ta’lim
standartlarini qabul qilish orqali o‘z o‘rnini mustahkamlashga intilmoqda. Bu borada rivojlangan
davlatlarning ta’lim tizimi chuqur o‘rganilib samarali jihatlari muhokama qilinmoqda.
Talabalarning mavjud ehtiyojlarini aniqlash, talabaga yo‘naltirilgan ta’lim tizimini tashkil
etish va zamonaviy raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashda Baloniya jarayoni tajribalari o‘rganib
chiqildi.
Boloniya jarayoni turli davlatlarning oliy ta’lim tizimlarni umumiy maxrajiga olib kelish,
Yevropaning turli milliy ta’lim tizimlarini shaffof va bir-biriga mos keladigan holga keltirish
maqsadida
1999-yil 19-iyun sanasida 29 Yevropa davlatlari ta’lim vazirlari Bolonya
deklaratsiyasini imzolagan hamda Bolonya universiteti nomi bilan shunday atalgan. Ushbu
jarayon Yevropa Kengashining Yevropa Madaniy Konvensiyasi doirasida boshqa davlatlar uchun
ham ochilgan. Bolonya jarayoni doirasidagi hukumat majlislari Praga (2001), Berlin (2003),
Bergen (2005), London (2007), Leven (2009), Budapesht-Vena (2010), Buxarest (2012), Yerevan
(2015), Parij (2018) va Rim (2020) da bo‘lib o‘tgan. Shu kunga qadar jarayon Yevropa
Kengashining Yevropa madaniyat konvensiyasini (1954) ratifikatsiya qilgan 49 davlatdan 48 ta
ishtirokchi davlatlarni o‘z ichiga oldi. Jumladan, Rossiya Bolonya jarayoniga 2003 yil sentabr
oyida Yevropa ta’lim vazirlarining Berlindagi yig‘ilishida qo‘shildi, Ukraina ta’lim vaziri 2005
yilda Bergenda Bolonya deklaratsiyasini imzoladi, 2010 yilda Budapeshtda Qozog‘istonning
Bolonya deklaratsiyasiga qo‘shilishi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilindi.
Aprel, 2025-Yil
521
E’tiborli jihati Qozog‘iston Yevropa ta’lim makonining to‘laqonli a’zosi sifatida tan
olingan birinchi Markaziy Osiyo davlati hisoblanadi. O‘tgan davr mobaynida Bolonya jarayoni
a’zo davlatlari o‘rtasida oliy ta’lim malaka standartlari va sifatini solishtirishni ta’minlashga
qaratilgan vazirlar darajasidagi bir qator uchrashuvlar va kelishuvlarga erishdi.
O
liy ta’lim tizimining zamonaviy rivojlanish tendensiyasida mazkur jarayonning bir nechta
afzalliklari kuzatishimiz mumkin. Jumladan,
sifatni kafolatlovchi umumiy standartlar va umumiy tartibotlar ishlab chiqildi;
kredit to‘plab ularni o‘tkazish va o‘zaro tan olish tizimi (ECTS) joriy etildi;
davlatlararo yagona ta’lim muhiti yaratildi;
ta’limning xalqarolashuviga erishildi;
mobillikning erkinlik darajasi berildi;
hamkorlik dasturlari ishlab chiqilib qo‘shma diplomlar berilishi yo‘lga qo‘yildi;
ixtisoslik/kvalifikatsiyalar tan olinishi yo‘lga qo‘yildi;
ta’lim doirasi va kasbiy sohada diplomlar tan olinishi yo‘lga qo‘yildi;
talaba tahsil olish yo‘llarini tuzishida erkinliklar berildi;
talabalar, o‘qituvchilar va tadqiqotchilar uchun Yevropa universitetlariga borib tahsil olish,
ishlash hamda taqdiqotlar olib borish uchun keng imkoniyatlar berildi.
Baloniya jarayoni imkoniyatlari, ta’lim sifat samaradorligiga ta’sirini yurtimiz olimlari va
mutasaddi mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqilib hozirgi zamonda milliy ta’limga
innovatsiyalarni joriy yetish, integratsiya, harakatchanlik, tijoratlashtirish, shuningdek, masofaviy
ta’limni joriy etish lozim degan xulosaga kelishdi. Oliy ta’lim islohotlari mahalliy va xorijiy
tajribani hisobga olgan holda ta’lim modelini shakllantirishga qaratildi. Prezidentimiz ta’biri bilan
aytganda, “Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini
egallashimiz zarur va shart. Bu bizga yuksalishning yeng qisqa yoʻlidan borish imkoniyatini
beradi. Zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib bormoqda.”
Shu maqsadda
O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor
yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil
fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga
ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda
ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida 2019-yil “O‘zbekiston
Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash
to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni imzolandi.
Aprel, 2025-Yil
522
2020-yil yakunida esa “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini tashkil etish bilan
bog‘liq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Vazirlar Mahkamasining 824-son
Qarori tasdiqlandi. Unga ko‘ra oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoniga Kredit to‘plash va
ko‘chirishning Yevropa tizimi (European Credit Transfer and Accumulation System — ECTS)
asosida ta’limning kredit-modul tizimini joriy etish tartibi belgilandi.
Natijada, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining malaka
talablari, o‘quv rejasi va fan dasturlari takomillashtirildi, oliy ta’lim muassasasida 3 yil ishlab
berishni nazarda tutuvchi shartnomani rasmiylashtirgan holda professor-o‘qituvchilarni nufuzli
xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ilmiy muassasalarda stajirovka o‘tashi va malaka oshirishi, 5 yil
ishlab berishni nazarda tutuvchi shartnomani rasmiylashtirgan holda o‘qituvchilarni nufuzli xorijiy
oliy ta’lim tashkilotlari va ilmiy muassasalarning doktorantura dasturlari asosida o‘qitish tartibi
ishlab chiqildi. Auditoriya mashg‘ulotlari, ilmiy loyihalar, mustaqil ta’lim, ishlab chiqarish
amaliyoti va boshqa ta’lim elementlaridan iborat ta’lim dasturlari takomillashtirildi, mahalliy va
xorijiy yangi avlod adabiyotlariga tayangan holda fanlar katalogi bo‘yicha namunaviy fan
dasturlari yaratildi, kreditlarni tan olish va ko‘chirib o‘tkazishga, akademik mobillikka ruxsat
berildi. Talaba bakalavriatda o‘qish muddati kamida 3 yil bo‘lganda 180 kredit, o‘qish muddati
kamida 4 yil bo‘lganda 240 kredit to‘plashi zarurligi, magistraturada o‘qish muddati kamida 1 yil
bo‘lganda 60 kredit, o‘qish muddati kamida 2 yil bo‘lganda 120 kredit to‘plashi talabi belgilandi.
Har bir oliy ta’lim muassasasi vazifasi sifatida xorijdagi yetakchi turdosh ilmiy-ta’lim
muassasalari bilan istiqbolli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim
standartlariga asoslangan eng zamonaviy pedagogik texnologiyalarni keng joriy etib ilmiy
pedagogik faoliyatga chet elning yuqori malakali professor-o‘qituvchilari va olimlarini jalb etish,
yangi avlod o‘quv qo‘llanmalarini yaratish va oliy ta’lim tizimiga keng tadbiq etib zamonaviy
o‘quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlash belgilandi.
Shu tariqa kredit-modul tizimini joriy etish orqali mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida
Baloniya jarayoniga oid mushtarak jihatlar ham vujudga keldi. Jumladan,
integratsiya;
ta’limning uch bosqichli tizimi;
doktorantura bo‘yicha yangi tizim;
ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi;
hamkorlikni rag‘batlantirish;
ilmiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;
Aprel, 2025-Yil
523
ta’lim sifatiga e’tibor qaratish;
kadr iste’molchilari bilan aloqani o‘rnatish orqali bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash;
OTM lar reyting tizimi va h.z.
O‘zbekiston Baloniya jarayoni ishtirokchisi bo‘lmasada
oliy ta’lim olish imkoniyatining
hamma uchun borabar bo‘lishi, kreditlar va diplomlarning tan olinishi, talaba va xodimlarning bir
joydan boshqa joyga borib o‘qish va ishlarini davom ettirishlariga yo‘l ochildi. Oliy ta’lim tizimini
rivojlantirishga oid me’yoriy-huquqiy xujjatlarni xorij va mahalliy tajriba asosida zamonaviy
ehtiyojlardan kelib chiqib ishlab chiqilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Mamlakatimizda kadrlar
tayyorlash sifatini oshirish uchun ta’lim jarayonidagi yangiliklarni ko‘r-ko‘rona, shoshma-
shosharlik bilan emas, mavjud erishilgan tajriba, shu kunga qadar shakllangan yondashuvlarni
umumlashtirib yangiliklar tizimli ravishda joriy etmoqda.
Hozirgi kunga kelib oliy ta’lim muassasalarida orttirilgan tajribalar asosida zamonaviy
ta’lim metodlaridan foydalanib kelinmoqda. Jumladan, raqamli platformalar orqali masofaviy,
onlayn mashg‘ulotlar ham olib borilmoqda. Bu o‘z navbatida ma’lumotlarni bepul ulashish, ta’lim
xizmatlarining importi va eksportini rag‘batlantirish, ta’lim innovatsiyalarini joriy etishga
ko‘maklashish, axborot texnologiyalari samarali rivojlanishiga imkon beradigan ta’lim shakllari
va usullaridan foydalanishga olib keladi.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz oliy ta’lim rivojlanishining zamonaviy tendensiyasi
rivojlangan davlatlar ta’lim tizimi yutuqlarini o‘zida mujassam etgan, bozor iqtisodiyoti davrida
raqobatbardosh va ish beruvchi tashkilotlarning talablariga javob beraoladigan kadrlarni yetkazib
kelgusi avlodga barcha imkoniyatlarni yaratib beruvchi o‘z milliy tizimini yaratishdan iborat.
REFERENCES
1.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi ““Raqamli Oʻzbekiston–
2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻg‘risida”
gi PF-6079-son Farmoni.
2.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi “Oliy ta’lim
muassasalarida ta’lim jarayonini tashkil etish bilan bog‘liq tizimni takomillashtirish chora-
tadbirlari to‘g‘risida” gi 824-son Qarori.
3.
Болонская декларация “О Европейском регионе высшего
образования”. г. Болонья, Италия. 1999.
Aprel, 2025-Yil
524
4.
О‘rinоv B., Sultоnоv B., Umаrоv А. О‘zbekistоn Resрublikаsi
оliy tа’lim tаshkilоtlаridа ECTS kredit-mоdul tizimi: аsоsiy tushunchаlаr vа qоidаlаr. –
Tоshkent, “Mа’nаviyаt”, 2020. – 96 bet.
5.
Gebaew, C., Hardini, I. R., Panjaitan, G. H. A., Kurniawan, N. B., & Suhardi. (2018).
ASystematic Literature Review on Digital Transformation. 2018 International Conference
on Information Technology Systems and Innovation (ICITSI).
6.
Farux Jumanov. Oliy ta’lim tizimini transformatsiyalash va istiqbolli yoʻnalishlar. “Yangi
Oʻzbekistonda oliy ta’lim muassasalarini tizimli rivojlantirish va tashkiliy boshqaruvni
takomillashtirish muammolari”, konferensiya. 97-99, 2023
