T A D Q I Q O T L A R
jahon ilmiy – metodik jurnali
https://scientific-jl.com
64-son_4-to’plam_Iyun-2025
198
ISSN:3030-3613
XORAZM QOVUNCHILIGINING TARIXI.
Rahimov Furqat Jabberganovich
Ichan-Qal'a davlat muzey-
qo'riqxonasi “Tabiat” bo'limi mudiri.
Sapoyeva Nilufar
-
Ichan-Qal'a davlat
muzey-qo'riqxonasi yetakchi mutaxasisi.
Annotatsiya:
Maqolada mualliflar Xorazm diyorida yetishtirilgan qovun
navlari, qovun navlarining dunyoga tarqalish tarixi, qovunlarning insonlarga foydali
omillari to‘g‘risida ma'lumotlar beradi.
Kalit so'zlar:
Xorazm,
Qovun, Ne’mat, Nav, Tuyakarvonlar, Xushbo‘y,
Shabbozi gulobi, Dehqon, Urug‘, Olimlar asarlari, Da’vo.
Qadimgi rivoyatlarga ko‘ra, kunlardan bir kuni Xorazmdan Dajla va Frot
daryolari oralig‘idagi ellar tomonga olib boradigan yo‘lda Amir Temur soqchilari katta
bir karvonni to‘xtatishadi. - “Hoy, chol, bizning qovunlarimizni uzoq Bog‘dodga nima
uchun olib ketayapsan yoki sening yurtingda qovun yo‘qmi? - Ey ulug‘ xoqon, axir
Bog‘dod bozorlarida sening yerlaringda yetishgan qovunga teng keladigani yo‘qda! -
Mayli, yo‘lingdan qolma. Temurga qarashli yerlarning qovuni yetti iqlimda ham
yo‘qligini hamma bilib qo‘ysin”. Qovun haqidagi bu rivoyat balki haqiqatdir. Axir
o‘zbek tuprog‘ida yetishtirlgan qovunlarning ta'rifi uch-to‘rt ming yillardan buyon
davom etib kelmoqda-ku!
XII asr. Arab xalifaligining poytaxti Bog‘dodga O‘rta Osiyo o‘lkalaridan yuzlab
tuyalarda tovarlar keltirilgan. Xirojlar xalifalikning poytaxtdan uncha uzoq bo‘lmagan
joyidagi muhtasham saroyiga tushirilmoqda. Ko‘zni qamashtiradigan darajada
tovlanib turgan qorako‘l terilar, Turkman hunarmandlarining sehrli qo‘llari bilan
yaratilgan gilamlar, anvoyi oltin, kumush taqinchoqlar, Xorazmiy tilida yozilgan
noyob kitoblar va boshqa qimmatli buyumlarni ko‘zdan kechirayotgan xalifa Abu-
Bakr ular orasida maxsus qo‘rg‘oshin idishlarga joylangan Xorazm qovunlarini ko‘rib,
beixtiyor to‘xtab qoldi. Bu ajoyib sovg‘alardan shobbozi gulobi navli bir qovun
ehtiyotkorlik bilan idishdan olingach, undan taralgan xushbo‘y hid xalifaning
kayfiyatini ochdi. Xorazm qovunlarinng ta'rifini g‘oyibona eshitib yurgan xalifa haligi
qovundan bir karj yegach, darhol O'rta Osiyodagi arab qo'shinlarining noibi
Ubaydullaxon ibn Ziyodga maxsus farmon yubortirdi. Farmonda bundan keyin ham
saroyga yanashunday noyob qovunlardan muntazam yuborib turishni tayinlangan edi.
Shu davrdan boshlab qadimgi Xorazmdan uzoq Arabistonga tuyakarvonlarining
kajavalarida muntazam yuborib turiladigan bo‘ldi.
O‘zbek, Turkman va Qoraqolpoqlar yashab turgan hududlar ham poliz
T A D Q I Q O T L A R
jahon ilmiy – metodik jurnali
https://scientific-jl.com
64-son_4-to’plam_Iyun-2025
199
ISSN:3030-3613
ekinlarining eng sara navlarini bunyodga keltirgan qadimgi o‘lkalardan biridir.
Madaniy ekinlar yovvoyi turlaridan kelib chiqqani ma’lum, lekin poliz ekinlari dastlab
qachon va qayerda paydo paydo bo‘lganligi to‘g‘risida uzil-kesil aniq bir ma’lumot
yo‘q.
Ba’zi tarixiy va arxeologik topilmalarning guvohlik berishicha, qadim-qadimdan
ekib kelingan. Hatto 4000 yil avval ham shu Osiyoga sayohat qilgan Xitoylik sayyohlar
bu yerlarda Xitoyda hechqachon bo‘lmagan a’lo navli qovunlar borligini yozib
qoldirishgan. O‘rta Osiyoda, shu jumladan Xorazmda yetishtirilgan qovun, tarvuz,
qovoq nihoyatda xushxo‘rligi, shirinligi, uzoq vaqt oddiy mehnatkashdan
podshohgacha hammaning sevimli ne’mati bo‘lgan.
Professor S.P. Tolstov boshchiligidagi arxeologlar 1951 yilda hozirgi Beruniy
shahridan 81 km shimoldagi Sulton Uvays tog‘larining yonbag'irlarida joylashgan va
qadimgi Xorazmshohlarning qarorgohi bo‘lmish Tuproq qal’adan milodning III asriga
mansub bo‘lgan madaniy qovun urug‘ini topishgan.
Arab olimi Abu-Mansur Abdulmalik ibn-Muhammad Ismoil as-Solibiy (961-
1038) o‘z asarlarida xalifa Ma’mun ibn Vosiq saroyiga usti muz bilan qoplangan
maxsus qo‘rg‘oshin idishlarda keltirilgan Xorazm qovuni haqida ko‘plab
ma’lumotlarni qayd qilib o‘tgan. Jumladan, u o‘zining 990-995 yillarda yozilgan
"Kitob latoif al Maorif', ("G‘aroyib ma’lumotlar kitobi") asarida Xorazmda
yetishtirilgan, hozirda esa yo‘qolib ketgan bitta mashhur qovun navini tilga olib
shunday yozadi: “Xorazmga xos narsalardan u yerda baranj nomi bilan yuritiladigan
qovundir. U qovunlarning eng shirini va yaxshisidir. Agar yaxshi saqlanib yetib kelsa,
bir donasi yetti yuz dirham turar ekan”.
Xorazmda umumiy savdoning asosiy qismini qovun savdosi tashkil qilgan. Buni
Faxriddin Halloj At’imon Sheroziy-Abu Ishaqning (1450) “Kanz al-ishtaho" asarida
ham ko‘ramiz: “Xorazmning qovunini qay til bilan aylay bayon, oning aslo tengi yo‘q,
hoh Chinu, hoh Bulg‘orga bor".
1333 yili Xorazm mamlakatiga sayohat qilgan Ibn Batuta o‘z "Sayohatnoma"
asarida Xorazm qovunlariga maxsus bob ajratadi. U shunday deb yozadi: “Xorazm
qovunlariga teng keladigan qovun na Mashriqda va na Mag‘ribda topiladi. Xorazm
qovunining mag‘zi qattiq, rangi qizg‘ich bo‘lib, “to‘ni” ko‘k-yashil tovlanadi. O‘zi
juda ham shirin, mamlakat tashqarisida ham juda mashhur va suyumli meva
hisoblanadi. Qovun qoqilarini hatto Xitoy va Hind yurtlariga ham savdogarlar
Xorazmdan olib borishadi". Xorazmdan so‘ng Ibn-Battuta Hindiston mamlakatiga
safar qilib, Hind hukmdori huzurida bo‘lganida u yerda ko‘rgan Xorazm qovunlariga
qoyil qolganini yozadi. O‘shanda hukmdor bu qovunlarga o‘zining ham moyilligini tan
olib, “Sayohatnoma” muallifiga Xorzmdan keltirilgan qovun qoqi taqdim etganini Ibn
Battuta yozib qoldirgan. O‘rta Osiyo qovunlarining tilimi tilni yorishi to‘g‘risida
Zahiriddin Muhammad Bobur ham lutf qilgan. U Hind zaminida yetishtirgan
T A D Q I Q O T L A R
jahon ilmiy – metodik jurnali
https://scientific-jl.com
64-son_4-to’plam_Iyun-2025
200
ISSN:3030-3613
qovunlarni o‘z ona yurtidagi qovunlar bilan solishtirib "Boburnoma" da shunday
yozadi: “Movarounnahrda Buxoro qovunidan, ko‘p va xo‘p qovun bo‘lmas. Agarchi
Farg‘ona viloyatidan Axsisining bir nav qovuni kim “Mir Temuriy" derlar, muning
qovunidan chuchuqroq va nozikroq bo‘lur, vale Buxoroda harjins qovundin ko‘k
bo'lur, yaxshi bo‘lur. Bu fursatda bir qovun keltirib edilar, kesib yegach g‘aroyib ta’sir
qildi”. Mashhur Venger sayyohi G. Vambyeri Xorazm qovunini ta’riflab, shunday
deydi: “Xiva qovunidek shirin yegulikni na Eronda, na Turkiyada, na Yevropayu na
Osiyo qit’asining boshqa o‘lkalaridan izlab topa olasan". Professor Ya.G'ulomov esa
bu yuksak bahoning sirini quyidagicha izohlaydi; “Xiva qovunlarining bu qadar shirin
bo‘lishi asrlar davomida mavj urib oqqan voha qon tomiri - sehrgar Amudaryo suvi va
sahovatli Xorazm tuprog‘ining kimyoviy tuzilishi bilan bog'liqdir". XIX asr oxiri XX
asr boshlarida Rossiyaga juda ko‘plab olib Markaziy Rossiya aholisini lol qoldirgan
qovunlar Xorazmdan vagonlarda jo‘natilgan. Ular Xorazm vohasida yetishtirilgan
qovunlar edi. Suv chiqmaydigan baland yerlarga qovun ekib, undan mo‘l hosil olish
usuli yana g‘alati. Masalan, bu haqda XVII asrning ensiklopedist olimi balxlik
Mahmud Ibn Vali "Sirli dengiz" asarida, “Dunyo bo‘yicha Xorazm qovuni singari
shirin qovun ko‘rmadim” - deb yozgan va uning yetishtirilishini quyidagicha
ta’riflagan; - “Tomiri pishgunichaa yantoq tomiridagi suv bilan oziqlangan qovunning
hosili juda yirik va nihoyatda shirin bo'ladi". Xorazm qovunining qoqi ham ko‘pgina
davlatlarga olib borilib, undan foydalanganlar. Jumladan, XIX asr o‘rtalarida Fransuz
ishbilarmonlari Xorazm qovunining quritilgan qoqidan a’lo navli konyak ichimligini
tayyorlashgan. Ko‘hna zamonlardan beri qovun inson uchun shirin ozuqa, to‘yimli
ne’mat bo‘lishi bilan birga, bir qator xastaliklar davosi sifatida iste’mol qilib kelingan.
Abu Ali ibn Sino o‘zining shoh asari - “Tib qonunlari” kitobida “qovunning eti va -
ayniqsa, urug‘i yetiltiruvchi tozalovchidir. Terini tozalaydi, ayniqsa, urug‘i va ichidagi
boshqa narsalar sepkil, dog‘ va boshning kepagini yo‘qotishda foyda qiladi. Qobig‘i
(po‘chog‘i) manglayga yopishtirilsa, ko‘zga tushadigan narsalarga to‘sqinlik qiladi,
qovunning yetilgani ham, xomi ham peshob haydaydi. Ayniqsa, buyragi va qovug‘ida
mayda toshlar bo‘lgan bemorlar uchun foydalidir”. O‘z zamonining mashhur
tabiblaridan biri Ismoil Jurjoniylar “Xorazmshohning davolar xazinasi" kitobida qovun
qonni tozalash xususiyatiga ega ekanligini ta’kidlaydi. Zamonaviy tibbiyot amaliyotida
qovun kishi asabini tinchlantiruvchi, podagraga davo, siydik haydovchi, ichni
yumshatuvchi, bavosil aziyatlariga malhamlik qiluvchi omil sifatida tavsiya qilinadi.
Shuningdek, beg‘ubor qovunlar jigar, arteroskleroz xastaliklariga yengillik beruvchi
manba sifatida ham ishlatiladi. Qovun yurak - qon tomir tizimi, jigari kasallangan
bemorlar, shuningdek, anemiya bilan ozorlangan kishilar uchun foydali. Yuqoridagi
ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, qovun inson hayotida naqadar ahamiyatga egadir,
shuning uchun bu durdona asrab-avaylanishi, kelgusi avlodga yetkazilishi o‘ta
muhimdir. Xorazm qovunini takomillashtirish ishlari asrlar mobaynida davom etgan;
T A D Q I Q O T L A R
jahon ilmiy – metodik jurnali
https://scientific-jl.com
64-son_4-to’plam_Iyun-2025
201
ISSN:3030-3613
xalqdan yetishib chiqqan usta qovunchilar qovunnavlarini asrab-avaylab kelish bilan
birga yangi navlarni yaratish, uning agrotexnikasiga yangiliklar qo‘yish bilan yaqindan
shug'ullanganlar. Xorazm eliga 1928 yilda kelgan ulug‘ rus olimi I.I. Vavilov mahalliy
ekinlarning parvarishiga, ulardan bu yerda olinadigan hosildorlikka juda yuqori baho
bergan. Shuning bilan u “Chorjo‘y” deb nomlangan qovun haqida Chorjo'yda emas,
balki Xorazm vohasidan keltirilayotganini isbotladi. Xorazm qovunchiligini rivoj
topishiga 1930 yillar boshlarida tashkil etilgan. Xorazm tajriba stansiyasi olimlari o‘z
munosib hissalarini qo‘shganlar. Bu dargohda A.N. Yaxtenfeld (1928) va mahalliy
navlarni ta’riflash bilan birga birinchi marta qovunda biokimyoviy tahlil o‘tkazganlar.
Xorazm qovunlarini takomillashtirish maqsadida 1973 yilda O‘zbekiston
sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot institutining Xorazm
tayanch punkti barpo etilgan. Bu dargohda Xorazm qovunlarining yangi navlari
yaratish, agrotexnikasini yanada takomillashtirish borasida ancha ishlar qilingan.
Olimlardan qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi Q. Sharipov, S. Gulomovlar bu ishlarga
rahbarlik qildilar. Keyingi yillarda Xorazm elida ko‘pgina usta qovunchilar yetishib
chiqdi. Ulardan qovunchilikni rivojlantirishda Yangibozorlik Matvafo aka Yusupovni,
Gurlanlik Madraxim Turobovni, Urganchlik Matyaqub Sobirovni, Shovotlik
Ahmadjon aka Abdullaevni, Xivalik Ulli ota Samandarovni ajoyib ishlarini alohida
ta’riflab o‘tishimiz joizdir. Chunki ular tabiatning ulug‘ ne’mati bo‘lgan Xorazm
qovunining dovrug‘ini taratgan insonlardirlar.
Foydalanilgan Adabiyotlar.
1. X.U. Bekchonov, M.X. Bekchonov, N. Yadgorova, U.E. Do‘schanov. “Poliz
agrotsenozi entomofaunasi va qovun pashshasi (MYIOPARDALIS PARDALINA)
ning bioekologiyasi”. Urganch-2011y.
2. D.Y. Yormatova, M.Y. Ibrahimov, D.S. Yormatova. “Meva-sabzavotchilik”.
Toshkent-2002 y.
3. Tolstov S. P., Qadimgi Xorazm madaniyatini izlab, Toshkent, 1964;
4. T.E. Ostonaqulov. “Sabzavotlar yetishtirish texnologiyasi” Sharq nashriyoti.
Toskent-2003y.