Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
47-son_2-to’plam_Iyun -2025
28
ISSN:3030-3621
XORAZM XONLIGINING DAVLAT BOSHQARUVI VA SUD TIZIMI
Toshkent amaliy fanlar universiteti
Tarix 2-bosqich talabasi
Fayzullajonova Ruhshona
ruxshonafayzullajonova@gmail.com
Anotasiya
Mazkur maqolada Xorazm xonligining davlat boshqaruvi va sud tizimini haqida
batafsil yoritib berilgan. Unda xonlikda siyosiy tuzilma, boshqaruv organlari, uning
vakolatlari hamda sud tizimining shakllanishi va faoliyati yoritilgan.
Kalit so‘zlar:
qolxon, xon, to‘ra, inoq, mehtar, qo‘shbegi, otaliq, biy, mirza,
parvonachi, a’lam, muftiy, mudarris.
Annotation
This article provides a detailed overview of the state administration and judicial
system of the Khiva Khanate. It highlights the political structure, governing bodies,
their authorities, as well as the formation and functioning of the judicial system within
the khanate.
Keywords:
qolkhan, khan, tora, inoq, mehtar, qushbegi, ataliq, biy, mirza,
parvonachi, a’lam, mufti, mudarris.
Boshqa xonliklarda bo‘lgani singari Xorazm xonligida ham davlat boshqaruvi
va sud tizimi o‘ziga xos bo‘lgan. XVI asr Xorazmda davlat boshqaruvi va hududiy-
ma’muriy qurulmasi an’anaviy jihatlarga ega edi. Shu bilan birga davlat boshqaruvida
ko‘chmanchi dasht tartib-qoidalari bilan mahalliy o‘troq davlatchilik an’analarining
qorishuvi yuz bergan. Unga ko‘ra, oliy hukmdor hisoblangan xon hokimiyati vorisiylik
asosida Chingiziy sultonlarga o‘tar edi. Urug‘ning kattasi uning boshlig‘i hisoblangan.
Hukmdor vafot etishi bilan taxtni uning o‘g‘li emas, balki undan keyingi ukasi, faqat
akalari bo‘lmagan taqdirdagina xonning katta o‘g‘li egallagan. Elbarsxondan so‘ng
ukasi Bilbarsning o‘g‘li Sulton hoji, So‘fiyonxondan so‘ng ukasi Bo‘chg‘axonning
taxtga o‘tirishi bunga misoldir. Shu bilan birga, oliy hukmdor hayotlik vaqtida valiahd,
ya’ni taxt vorisini tayinlab qo‘yish hamda xorazmshohlarning davlatchilik an’nalarida
mavjud bo‘lgan ko‘pgina mansab va lavozimlar, ularning vakolatlari ma’lum darajada
o‘z ahamiyatini saqlab qolgan[1]. Taxt vorisi qolxon (kolxon) deb, xonadonning
boshqa a’zolari sulton deb atalgan. “Musaxxir al-hilod”da shayboniylar davrida
o‘rnatilgan boshqaruv tartibi haqida ma’lumot berilar ekan, yosh jihatdan hammadan
ulug‘ bo‘lganini xon atab xonlik mansabiga ko‘tarishgani hamda yosh jihatdan
boshqalardan katta hisoblangan sulton qone’a, ya’ni valiahd etib tayinlangani ko‘rsatib
o‘tilgan. Xorazmda qo‘g‘irotlar hukmronligi davriga kelib manbalarda yosh
Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
47-son_2-to’plam_Iyun -2025
29
ISSN:3030-3621
shahzodalarga nisbatan to‘ra unvoni qo‘llangan. Xorazm xonligida bo‘lgan Eron
qo‘mondoni Ismoil Mirnanja ham o‘z “Xotiralari”da (XIX asr) turkistonliklar o‘z
podshohlarini xon, shahzodani to‘ra, agar u valiahd bo‘lsa, inoq deb atashlarini
ko‘rsatib o‘tgan. Sayyohlarning yozishicha, turkistonliklar o‘z podshohlarini “xon”,
shahzodani “to‘ra”, agar u valiahd bo‘lsa “inoq” deb ataydilar. Xon xizmatidagi eng
mo‘tabar shaxslarga “inoq” valiahd, mehtar, qushbegi va devonbegi kiradi.
Nigora Allayevaning ta’kidlashicha, taxt vorisini tayinlashda istisno holatlar
ham bo‘lgan. Bunda taxt vorisining yoshidan tashqari uning boshqaruv qobiliyati,
shuningdek, ma’naviy va ruhiy-jismoniy holati hamda harbiy shijoatiga alohida e’tibor
berilgan. Xususan, Dinmuhammad ibn Avaneshxonning ikki o‘g‘li bo‘lib, Poyanda
Muharumad yosh jihatdan katta bo‘lishiga qaramay, kichik o‘g‘li Abul Muhammad
otasi hayotligidayoq qolxon (kolxon) deb e’lon qilingan edi[2]. Manbadagi
ma’lumotlar to‘ngich o‘g‘ilning aqliy noqisligi, jismoniy zaifligi tufayli shariat hukmi
bilan ana shunday istisnoga sabab bo‘lganligini ko‘rsatadi. Qo‘ng‘irotlar sulolasi
davrida valiahdlik maqomi inoq unvoni bilan hamohang bo‘lib bordi. Xususan,
Xorazm xonligida Hazorasp hokimi sulola vakili bo‘lgan hamda u inoq deb yuritilgan.
Mazkur inoq valiahd maqomida bo‘lgan. Yozilmagan qoidaga ko‘ra, strategik
(chegaraoldi) jihatdan muhim ahamiyat kasb etuvchi bu shahar hokimligiga, odatda,
xon o‘rnini kelajakda egallashi mumkin bo‘lgan kishi tayinlangan (Buxoro xonligida
so‘nggi ashtarxoniylar kukmronligi davrida Balx mana shunday maqomga ega shahar
edi). Xon xonadonining boshqaruv ishiga layoqatli vakillariga turli viloyat va shahar
yoki ma’lum bir hududiy birlik mulk qilib berilgan. Shu asosda XVI asr boshida
mamlakatni mayda uluslarga bo‘lib boshqarish, ya’ni tarixoshunoslikda “apanaj”,
“ulus” yoki “udel” tizimi deb atalgan davlat boshqaruvi joriy etilgan. Xususan,
Elbarsxon va inisi Bilbars sulton Vazir va Urganchni qo‘lga kiritgach, Yodgorxon
xonadoniga mansub amakivachchalarini huzurlariga taklif qilib, Urganchni amakisi
Amnakxonning farzandlariga topshirishgan. Urganch, Kat, Vazir, Yangi Shahar,
Tirsak, Xiva, Hazorasp va unga tutash hududlar hukmron sulola vakillarining mulki
hisoblangan. Xonning qarindoshlari katta-kichikligi va unga uzoq yoki yaqinligiga
qarab ayrim shahar hamda viloyatlarni boshqarish huquqini olganlar. Qarindoshlar
kam bo‘lsa, ularning har biriga bir nechta shahar tekkan, agar qarindoshlar ko‘payib
ketsa, daromadiga qarab shaharning yarmini olishga ham majbur bo‘lganlar. Jumladan,
Xiva shahri XVI asr ikkinchi yarmi boshlarida Po‘lod sulton va Temur sultonning
mulki bo‘lgan. Xonga yaqin qarindoshlar iqtisodiy va strategik jihatdan muhimroq
hududlarni qo‘lga kiritganlar. Albatta, xonlarning almashinib turishi bilan turli
hududlarga egalik qilish huquqi ham o‘zgarib turgan. XVIII asrda Xorazmda muayyan
bir sulola hukmron emas edi. Chingiziylar sulolasiga mansub ba’zi shaxslar Xivaga
chaqirilib xonlik taxtiga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, amalda hokimiyat qo‘ng‘irot
sulolasidan bo‘lgan inoqlar qo‘lida bo‘lgan. 1804-yildan boshlab faqat qo‘ng‘irotlar
Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
47-son_2-to’plam_Iyun -2025
30
ISSN:3030-3621
sulolasi vakillari Xorazmda xon bo‘lganlar. Shuni ta’kidlash joizki, Xorazm
qo‘ng‘irotlari o‘zlarini Buxoro mang‘itlari kabi “amir” deb emas, balki “xon” deb atay
boshlagan. Ular buning o‘zlari uchun qonuniy asoslarini topgan. Ma’lumki, Yasoq
qoidalariga ko‘ra, “xon” unvoni Chingizxon avlodi yoki qarindoshi bo‘lgan shaxslarga
berilib, ular taxtga o‘tirishga haqli edi. Chingizxonning onasi qo‘ng‘irot qavmiga
mansubligi nuqtayi nazaridan, Xorazm qo‘ng‘irotlari o‘zlarini Chingizxonning onasiga
qarindosh deb bilishgan va ma’lum ma’noda bu ularga davlatni xon unvoni bilan
boshqarish imkonini bergan. Odatda, xon o‘limidan so‘ng “valiahd” xon etib saylanar
edi. Xon nomzodini ko‘rsatishda mehtar, qo‘shbegi va yasovulboshi katta rol
o‘ynaganlar. Hech shubha yo‘qki, yuqori tabaqa a’yonlari va xon urug‘lari tor doirada
o‘tkaziladigan saylov avvaldan kelishib qo‘yilgan bo‘ladi. Xonni tayinlash esa rasmiy
bir marosimdek gap edi. Yangi xon e’lon qilingach, marhum xon dafn etilib, “davr
falonchi xon davri” deb jarchilar jar solardilar. Xorazm xonligida ham xonlarni oq
kigiz ustiga o‘tqizib, xon ko‘tarish udumi ado etilgan. Manbalarda Xorazm xonligida
xon ko‘tarish marosimi Chingiziy va turkiy an’analar asosida tashkil etilganligi haqida
ma’lumotlar mavjud. “Shajarayi turk” asarida “Xorazm xonligining dastlabki
hukmdori hisoblangan Elbarsxonning taxtga o‘tirishi munosabati bilan ulug‘ to‘y qilib
o‘zbek va sart barchasi yig‘ilib ittifoq birlan Elbarsxonni xon ko‘tardilar” deb qayd
etililgan. Elbarsxondan keyin taxtga o‘tirgan jiyani Sultonhoji borasida “yangi
shahrdan Vazirga kelturub xon ko‘tardilar” deb ta’kidlangan bo‘lsa, sulolaning yana
bir vakili Abulakxon o‘g‘li Hasanqulixon haqida ham asarda “xon ko‘tarib, Urganchni
anga berdilar” deb ma’lumot beriladi. Shuningdek, “Shajarayi turk” asarida “oq
kigizning bir kunjini Ali Sulton va uch kunjini uch inisi tutub Hojimxonni o‘rta yerda
ulturtub, xon ko‘tardilar” degan ma’lumot mavjud. Shu jihatdan, manbalarda
keltirilgan xon ko‘tarildi, xon deb e’lon qilindi, podshoh ko‘tardilar, podshohlik toji
bilan sarafroz bo‘ldi kabi iboralar ushbu marosim bilan bevosita bog‘liqdir. “Xon
ko‘tarish” marosimi boshlanishidan oldin tor doirada maxsus kengash o‘tkazilgan
bo‘lib, uni shartli ravishda yopiq mashvarat deb atash mumkin. Chunki unda hukmdor
xonadoniga yaqin bo‘lgan eng ishonchli shaxslargina ishtirok etishlari mumkin edi.
Aksariyat hollarda, taxt vorisi aniq bo‘lishiga qaramay, uning nomzodi yopiq
mashvaratda yana bir bor muhokama qilingan.
Xonning maslahatchilari oqsoqollar bo‘lgan. Manbalarning ko‘rsatishicha,
oqsoqollar ma’lum bir fikrga kelganlaridan keyingina ularning qarorini mehtar xonga
bildiradi. Kengash majlisi qarornoma tuzmagan, mustaqil qarorlar chiqarmagan.
Garchi kengash davlatning turli-tuman ichki va tashqi ishlarini muhokama qila olsa-
da, biroq muhokama qilingan masalalar va kengashning fikri, dastavval, xonning
xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lgan[3]. Xonlikda inoq unvoni va amali Eltuzardan oldin
juda yuqori edi. Inoq xonlarga homiy bo‘lib, 1804-yilgacha, ya’ni “xonbozi” davrida
xonlikda to‘la hukmronlik qilardi. Inoq - do‘st, yaqin odam, ishonchli vakil, mahram,
Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
47-son_2-to’plam_Iyun -2025
31
ISSN:3030-3621
ishonchli mansab egasi hamda o‘z ishiga ishonchli va sadoqatli degan ma’nolarni
anglatadi. Odatda, inoqlar eng qudratli o‘zbek urug‘laridan tayin etilgan va ular
xonning eng yaqin maslahatchilari boʻlgan.
Otaliq – urug‘ oqsoqoli. Inoq boshliq to‘daga birlashgan urug‘ boshlig‘i edi.
Otaliq “ota” so‘zidan olingan bo‘lib, “ota o‘rniga ota” degan ma’noni ifodalaydi.
Uning vazifasi shahzoda yoki xonzodalarni tarbiyalash va ular ixtiyoridagi ulusni
balog‘atga yetganlariga qadar boshqarishdan iborat bo‘lgan.
Biy – ko‘chmanchi turkiylarda qadimdan yuqori unvonlardan biri. Otaliqlardan
keyin martaba jihatidan biylik keladi. Biy qabila yoki urug‘ning peshvosi, boshlig‘i,
rahbari hisoblanardi. Biy - ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi turkiy xalqlarning,
jumladan, o‘zbeklarning urug‘ oqsoqollariga beriladigan unvon.
Devon mirza, kotib, ish yurituvchi. Xon huzurida maxsus devon bo‘lib, u
xonning rasmiy kotibi hisoblangan. Arbob saroyda umumiy tartibni nazorat qilgan.
XIX asrda saroyda (Abulg‘ozi davridagi kabi) ikki arbob yoki ikki oqsoqol bo‘lgan.
Parvonachi saroyning oliy vazifalaridan. Vazir muovini, farmon ijro qiluvchi.
Uning egasi saroyning ichki va tashqi ishlarida ham faol qatnashishi mumkin bo‘lgan.
Arzu shikoyatlarni xon huzuriga olib kirib (parvona-kapalakdek) javobini qaytarar edi.
Parvonachi xon farmonlarini tegishli kishilarga yetkazib turgan.
Sud tizimi.
XVI asrdan XX asr 20-yillariga qadar Xorazmda sud tizimi islom
dini ahkomlariga suyangan shariat qozilar tomonidan amalga oshirilgan. Shuni qayd
etish lozimki, xonlikda sud ixtisoslashtirilgan tizimga ega bo‘lgan. Sud tizimi vakolat
doirasi va faoliyat shakliga ko‘ra quyidagilardan tashkil topgan:
Siyosiy, o‘ta og‘ir va mansabdor shaxslarga oid jinoyatlarni ko‘ruvchi xon sudi;
Saroy markaziy harbiy sudi;
Qozi sudlari ustidan boshqaruv va nazorati bilan shug‘ullanuvchi qozikalon;
Joylardagi quyi shahar (tuman) fuqarolik va jinoyat ishlari bilan shug‘ullanuvchi
qozi sudlari;
Sud tizimida o‘rta asrlarga xos xususiyatlar saqlanib qolgan. Jumladan, mahalliy
muarrix Muhammad Yusuf Bayoniyning ma’lumot berishicha, xon sudi xonlik
tugatilgunga qadar o‘z vakolatini to‘la amalga oshirgan. Joylardagi qozi sudlar (islom
sudlari, shariat sudlari) ham to xonlik tugatilgunga qadar faoliyat olib borgan[4]. Shuni
ta’kidlash joizki, islom ahkomiga suyangan oliy sud hokimiyati rasman hech qachon
xon qo‘lida bo‘lgan emas. Mutlaq hokimlik imtiyozlaridan foydalangan xon faqat oliy
jazo hisoblangan o‘lim jazosiga oid hukmlarni millat otasi sifatida ko‘rib chiqqan va
unga o‘zgartishlar kiritish huquqiga, qozilarning muhim ishlar yuzasidan hukmlarini
tasdiqlash vakolatiga ega bo‘lgan. Demak, sud tizimida oliy hokimiyat adolatlilik
tamoyilining nazoratini yuritish uchungina xonga tegishli bo‘lgan.
Xon raislik qiluvchi oliy va markaziy mansabdor shaxslardan iborat xon sudi
manbalarda turlicha nom ostida qayd etiladi. Jumladan, xon boshliq amaldorlar sudi
Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
47-son_2-to’plam_Iyun -2025
32
ISSN:3030-3621
deb ham ataladi. Mazkur sudda siyosiy mohiyatlar, umuman davlat va jamiyatga
qarshi, shuningdek, shariatni qo‘pol tarzda buzish bilan bog‘liq og‘ir va o‘ta og‘ir
jinoyatlar ko‘rib chiqilgan. Bundan tashqari, unda oliy va markaziy boshqaruv
amaldorlarining huquqbuzarlik va jinoyat sodir etish hollari ham muhokama qilingan
va hukm chiqarilgan. Fuqarolarning arzi yuzasidan xon amri darhol chiqarilgan va ijro
etilgan. Arz-dod jarayonida aybdorga nisbatan jazo tayinlashda uning moliyaviy
ahvoli, ijtimoiy mavqeyi hamda yetkazilgan ziyon natijasida kelib chiqqan oqibat asos
qilib olingan. Ishning natijalari bo‘yicha hukm xon tomonidan chiqarilgan[5]. Odatda
amaldorlar tomonidan ilgari surilgan xulosa asosida chiqarilgan fatvoga tayanib
qilingan hukm xon ishtirokida ijro etilgan. Eng qaltis vaziyatlarda ham o‘lim jazosi
yoki afv etish to‘g‘risida qarorni xonlar bamaslahat qabul qiladi. Qozikalon qoshida
mahkama (qozixona) tashkil etilgan. Unda kam sonli mirza (kotib)lar faoliyat
ko‘rsatgan. Qozikalondan so‘ng sud tizimida mansab darajasiga ko‘ra a’lam, muftiy va
mudarrislar turgan. Ular saroyda o‘rin egallagan bo‘lib, diniy qonun-qoidalar va
tartiblar to‘g‘risida fikr bildirish huquqiga ega bo‘lgan.
A’lam muftiylar boshlig‘i hisoblanib, vazifasi fatvolarda keltiriladigan shariat
rivoyatlarini tekshirish va ularning asl nusxalarga mosligini aniqlash, so‘ng o‘z muhri
bilan tasdiqlashdan iborat bo‘lgan[6].
Muftiylar shariat bo‘yicha turli ishlar yuzasidan fatvo chiqargan. Besh nafar
muftiy aynan saroyda faoliyat ko‘rsatgan. Saroyda mudarrislar, ya’ni ilohiyot
fanlaridan madrasalarda dars beruvchi o‘qituvchilar faoliyat yuritgan. Ular diniy
ta’limotning yetuk mutaxassislari hisoblangan.
Quyi sud tizimi o‘troq va ko‘chmanchi aholi hududlarida bir muncha farq qilgan.
Ko‘chmanchi aholi orasida mahalliy sud ishlarini olib borishda jamoatchilik fikri katta
ahamiyatga ega bo‘lgan. Odat huquqiga ko‘ra, butun aholi nomidan ish ko‘ruvchi biy
bir vaqtning o‘zida ham hokim, ham qozi vazifasini bajargan. Oqsoqollar ham o‘z
vakolati doirasida, odat normalariga asoslangan holda, sud ishlarini amalga oshirgan.
Ko‘chmanchi aholi hududlari Xorazm tarkibiga kiritilgan davrdan e’tiboran, ular
hayotida shariat asosida ish yurituvchi qozi sudlari ham joriy etilgan. Natijada qozilar
ko‘chmanchi aholi o‘rtasida urug‘ va qabila oqsoqollari qatorida sud ishlarini olib
borgan[7]. Shunday bo‘lsa-da, turkman, qoraqalpoq va qozoq xalqlari o‘rtasidagi ishlar
aksariyat hollarda oqsoqollar tomonidan odat bo‘yicha hal etilgan.
Xulosa qilib, Xorazm xonligi – o‘zbek davlatchiligi tarixida chuqur iz qoldirgan,
mustaqil siyosiy tizim, rivojlangan harbiy tuzilma, o‘ziga xos ma’muriy boshqaruv
hamda boy madaniy merosga ega bo‘lgan yirik davlatlardan biridir. Xorazm
xonligining turli jabhalardagi faoliyati – davlat tuzilmasi, sud tizimi ham o‘ziga xosdir.
Avvalo, xonlikdagi davlat boshqaruvi Chingiziylar an’anasi va mahalliy o‘troq
boshqaruv tizimlarining uyg‘unlashuvidan iborat bo‘lib, bu noyob siyosiy tajriba
sifatida tarixda alohida o‘rin egallaydi. Taxt vorisligi, mansab taqsimoti va xon saylash
Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
47-son_2-to’plam_Iyun -2025
33
ISSN:3030-3621
marosimlari yuksak darajadagi tartib va qadimiy udumlar asosida olib borilgan.
Ayniqsa, “oq kigiz ustiga chiqarib xon ko‘tarish” marosimi Turk dunyosi siyosiy
madaniyatining muhim namunasidir.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Madirimov X.R. Xiva xonligining davlat tuzumi va huquq manbalari. Yuridik
fanlari nomzodi ... diss. - Toshkent, 2012.
2.
Allayeva N. Xiva xonligining diplomatiyasi va savdo aloqalari (XVI – XIX asrlar).
– Toshkent 2019.
3.
Bekmuhammad U. Xorazm tarixidan sahifalar. Birinchi kitob. – Toshkent: Yangi
asr avlod, 2009.
4.
Muhammad Yusuf Bayoniy. Shajaraiy Xorazmshohiy / So‘zboshi N. Jumaxo‘ja, I.
Adizova. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1994.
5.
Абулғозий Баҳодирхон. Шажараи турк. Масъул муҳаррир ва сўзбоши
муаллифи Б. А. Аҳмедов. — Тошкент: Чўлпон. 1992.
6.
Akbar Zamonov, Alisher Egamberdiyev “O‘zbekiston tarixi” IV qism. -Toshkent
2022.
7.
Vohidov Sh, Xoliqova R. Markaziy Osiyoda davlat boshqaruvi tarixidan (XIX –
XX asr boshlari). – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2006.