Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
47-son_4-to’plam_Iyun -2025
290
ISSN:3030-3621
OILA A’ZOLARI O’RTASIDAGI MULKIY NIZOLAR VA SUD AMALIYOTI
Gulnoza Muxiddinova
gulnozamuxiddinova9@gmail.com
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoiy odil sudlov fakulteti talabasi
Annotatsiya:
Mazkur maqolada oila a'zolari oʻrtasida yuzaga keladigan mulkiy
nizolar turlari, ularning qonunchilikdagi tartibga solinishi va sud amaliyotidagi yechim
uslublari yoritilgan. Ayniqsa, nikoh davomida orttirilgan mulk, ajrimdan keyingi
boʻlishish, meros nizolari kabi holatlar huquqiy asosda tahlil qilinadi. Shuningdek,
mediatsiya, fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar va ijro jarayonlaridagi muammolar ham
ko'rib chiqiladi. Muallif tomonidan mavjud muammolarga yechim sifatida huquqiy
ongni oshirish va profilaktik yondashuvlar taklif etiladi.
Aннотация:
В данной статье рассматриваются виды имущественных
споров между членами семьи, правовое регулирование таких конфликтов и
практика их разрешения в судебной системе. Особое внимание уделено вопросам
раздела совместно нажитого имущества супругов наследственным спорам и с
медиации. Также обсуждаются сложности исполнительного производства.
Автор предлагает повысить уровень правовой грамотности и расширить
применение досудебных механизмов.
Annotation:
This article examines the types of property disputes among family
members, their legal regulation, and resolution through court practice. Particular focus
is placed on jointly acquired property during marriage, post-divorce division,
inheritance disputes, and mediation. Challenges in enforcement procedures are also
discussed. The author proposes enhancing legal awareness and encouraging preventive
legal measures.
Kalit so'zlar:
Oila huquqi, Mulkiy nizolar, Meros nizosi, Nikoh davrida
orttirilgan mulk, Fuqarolik kodeksi, Sud amaliyoti, Mediatsiya, Huquqiy ong
Oilaviy munosabatlar nafaqat hissiy, balki mol-mulk bilan bog'liq huquqiy
masalalarni ham o'z ichiga oladi. Ayniqsa, oxirgi yillarda oila a'zolari oʻrtasida yuzaga
kelayotgan mulkiy nizolar sonining ortishi ushbu yoʻnalishda chuqur tahlil va huquqiy
yondashuv zarurligini koʻrsatmoqda. Oʻzbekistonda bunday nizolar asosan nikoh
davomida orttirilgan umumiy mulkni boʻlish, ajrashgan taraflar oʻrtasida mol-mulk
taqsimoti, meros masalalari va uy-joydan foydalanish kabi holatlarda ko'p uchraydi.
O’zbekiston respublikasi Konstitutsiyasining 76-moddasida oila jamiyatning asosiy
bo‘g‘ini hamda u jamiyat va davlat muhofazasida ekanligi bayon etilgan. Shu o‘rinda
davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa
Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
47-son_4-to’plam_Iyun -2025
291
ISSN:3030-3621
shart-sharoitlar yaratadi. Oila – jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lib, undagi barqarorlik
davlat va xalq farovonligining asosi hisoblanadi. Biroq, har doim ham oilaviy hayot
uzoq va baxtli davom etmaydi. Turli sabablar tufayli er-xotinlar o‘rtasida
kelishmovchiliklar yuzaga kelib, ajralish holatlariga olib keladi. Ajralishlar jamiyatda
muhim ijtimoiy muammo hisoblanadi, chunki ular nafaqat ruhiy, balki huquqiy va
iqtisodiy oqibatlarga ham olib keladi.
Statistika ma’lumotlariga qaraganda, O‘zbekistonda 2023-yilda 49,200 ta
nikohdan ajralish holatlari qayd etilgan. Bu ko'rsatkich 2022-yilga nisbatan biroz
ko'proqdir. Hududiy statistika qaraydigan bo‘lsak, nikohdan ajralishlar soni bo'yicha
Toshkent shahri yetakchilik qilgan. Xo‘sh buning sababi nimada? NClawyersforyou
saytidagi maqolada keltirilishicha, odatda katta shaharlardagi ajrimlar soni mamlakat
chekka hududlarida bo‘ladigan nikohdan ajralishlarga nisbatan yuqoriroq bo‘ladi.
Bunga shahar muhitida individualizmning ko‘proq rag‘batlantirilishi va ish va hayot
o‘rtasidagi muvozanatning kamligi ko‘rsatilib o‘tilgan.
Undan keyin o‘rinlarda Farg'ona va Andijon viloyatlari keladi. Eng kam ajrim
esa Navoiy viloyatida kuzatilgan.
Umumiy ko'rsatkich hududlar kesimida:
Toshkent shahri – 6,169 ta.
Farg'ona viloyati – 5,773 ta.
Andijon viloyati – 5,480 ta.
Navoiy viloyati – eng kam.
Farzandli va farzandsiz ajralishlar:
Farzandsiz ajralishlar – 24,576 ta (jami ko'rsatkichning 50%).
Bir nafar farzand bilan ajralishlar – 13,610 ta (27.7%).
Ikki va undan ortiq farzand bilan ajralishlar – 11,012 ta (22.3%).
Yosh bo'yicha:
Ajrashgan erkaklar o'rtacha 37.2 yosh, ayollar esa 32.8 yoshda bo'lgan. 35
yoshgacha bo'lgan ayollar ajralishlarda eng katta ulushni (62.5%) tashkil etgan.
Ma’lumotda keltirilishicha, 2023 yilda O‘zbekistonda qayd etilgan nikohlar soni
283,8 mingni tashkil qilgan. Bu raqam 2022 yilda 296,7 ming bo‘lgan.
Respublikada keyingi yillarda ajralishlar soni sezilarli ko‘paygan. Misol uchun,
2021 yilda 39,3 ming nikohdan ajralish qayd etilgan bo‘lsa, bu raqam 2022 yilda 48,7
mingni, 2023 yilda esa yuqorida ta’kidlanganidek 49,2 mingtani tashkil qilgan.
Zamonaviy hayotning bosimi va stress darajasining oshishi, ish va shaxsiy hayot
muvozanatining buzilishi oilaviy munosabatlarga salbiy ta’sir qiladi. Bugungi kunda
ijtimoiy tarmoqlar va axborot vositalari ta’siri ostida odamlarning kutganlari va
talablari ham oshib, ular o‘zaro kelishmovchiliklarni hal qilishda qiyinchiliklarga duch
kelmoqda. Shuningdek, iqtisodiy qiyinchiliklar, mol-mulk masalalaridagi nizolar va
oilaviy zo‘ravonlik kabi omillar ham ajralishlarga sabab bo‘ladi. Shu bois, oilalarda
Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
47-son_4-to’plam_Iyun -2025
292
ISSN:3030-3621
mustahkamlikni saqlash va ajralishlarni kamaytirish uchun huquqiy ta’lim, oilaviy
psixologik yordam va mediatsiya kabi vositalarni kengroq qo‘llash zarur.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: o‘zi ajrim jarayoni O‘zbekiston qonunchiligida
qanday tartibga solingan?
Mamlakat qonunchiligida Oila kodeksi va Fuqarolik kodeksi ushbu masalalarni
tartibga soluvchi asosiy normativ-huquqiy hujjatlar hisoblanadi. Amaldagi
qonunchilikka ko‘ra, nikohdan ajralishning ikki xil yo‘li mavjud — fuqarolik holati
dalolatnomalarini qayd etish organlari yoki sud orqali. Ularning har biriga alohida
to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq.
Birinchisi, Oila kodeksining 42-moddasiga ko’ra, voyaga yetmagan bolalari
bo‘lmagan er-xotin nikohdan ajratishga o‘zaro rozi bo‘lsalar, ular nikohdan fuqarolik
holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida ajratiladi. Ya’ni, nikohlanuvchilar
o’rtasida hech qanday mulkiy munosabatlar bo’lmasa yoki o’rtada farzand bo’lmasa
ular FHDYO orqali ajralishadi. Bu yerda shuningdek er-xotin o‘rtasida mulkiy nizolar
mavjud bo‘lmasligi ham talab etiladi.
Ikkinchi yo‘li esa, Oila kodeksining 40-moddasiga ko‘ra sud tomonidan
ajratishdir. Unga ko’ra, nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlar sud tomonidan
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida da’vo ishlarini hal qilish
uchun belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Bunday tartibdagi ajrim tomonlar o‘rtasida
mulkiy masalar va voyaga yetmagan farzandlar mavjud bo‘lganda amalga oshiriladi.
Keling, oila a’zolari o’rtasidagi mulkiy nizolar va sud amaliyotini ko’rib
chiqsak. Nikoh davomida er-xotin tomonidan orttirilgan mol-mulk Oila kodeksining
23-moddasiga koʻra ularning umumiy mulki sifatida qaraladi. Sud amaliyotida esa, bu
mulk taraflar o'rtasida odatda teng taqsimlanadi, biroq real sharoitlar, taraflarning
ishtiroki darajasi va farzandlar holati inobatga olinishi mumkin. Shu joyda:
“Nikohlanuvchilarning umumiy mulkiga o’zi nimalar kiradi?” degan savol paydo
bo‘lishi mumkin. Ushbu savolga javobni Oila kodeksining 23-moddasi orqali olishimiz
mumkin. Unga ko‘ra, Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari,
shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari
hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol
ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.
Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari jumlasiga (er va
xotinning umumiy mol-mulkiga) er va xotin har birining mehnat faoliyatidan,
tadbirkorlik faoliyatidan va intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlari,
ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar, shuningdek maxsus maqsadga
mo‘ljallanmagan boshqa pul to‘lovlari (moddiy yordam summasi, mayib bo‘lish yoki
salomatligiga boshqacha zarar yetkazish oqibatida mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik
munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash tarzida to‘langan summalar va boshqalar)
kiradi.
Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
47-son_4-to’plam_Iyun -2025
293
ISSN:3030-3621
Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan ko‘char va ko‘chmas
ashyolar, qimmatli qog‘ozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa
tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh
davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining
nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablag‘lari kimning nomiga yoki er va xotinning
qaysi biri tomonidan kiritilgan bo‘lishidan qat’i nazar, ular ham er va xotinning
umumiy mol-mulki hisoblanadi.
Bundan kelib chiqadiki, er va xotinning nikoh davomida yoki nikohdan oldin
ularning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan barcha mol-mulklari, agar qonunda
yoki nikoh shartnomasida boshqacha ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning umumiy mulki
hisoblanadi. Bu mol-mulk ish haqi, pensiyalar, ko‘chmas va ko‘chma mulk, qimmatli
qog‘ozlar va boshqa daromadlarni o‘z ichiga oladi.
Biroq har qanday daromad va mulk ham er-xotinning umumiy mol-mulki
hisoblanmaydi. Taraflar har birining alohida mulki ham bo‘ladi va bu qonunchiligimiz
bilan tartiba solingan. Unga ko‘ra, er va xotinning nikohga qadar o‘ziga tegishli
bo‘lgan mol-mulki, shuningdek ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros
tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birining o‘z
mulki hisoblanadi.
Nikoh davomida er-xotinning umumiy mulki yoki ulardan har birining mol-
mulki yoxud er va xotindan birining mehnati hisobiga mol-mulkning qiymati ancha
oshishiga olib kelgan mablag‘lar (kapital ta’mirlash, qayta qurish, qayta jihozlash va
boshqalar) qo‘shilgani aniqlansa, er yoki xotindan har birining mol-mulki ularning
birgalikdagi mulki deb topilishi mumkin.
Qimmatbaho buyumlar va zebu-ziynatlardan boshqa shaxsiy foydalanishdagi
buyumlar (kiyim-bosh, poyabzal va boshqa shu kabilar), garchi nikoh davomida er va
xotinning umumiy mablag‘i hisobiga olingan bo‘lsa ham, ulardan foydalanib kelgan er
va xotinning xususiy mulki hisoblanadi.
Xo‘sh, umumiy mol-mulk o‘zi qanday tartibda bo‘linadi. Oila kodeksining 27-
moddasida, umumiy mol-mulkni bo’lish tartibi belgilangan. Er va xotinning umumiy
mol-mulkini bo‘lish ular o‘zlari kelishib olishi yoki sud qarori bilan amalga oshiriladi.
Bu bo‘lish nikoh davomida, ajralish paytida yoki undan keyin ham talab qilinishi
mumkin. Sud mulkni qanday bo‘lish kerakligini aniqlaydi. Bunda agar bir tomon
ko‘proq mulk olsa, boshqasiga pul to‘lanishi mumkin. Bolalar uchun olingan narsalar
bo‘linmaydi va ular faqatgina bolalarga tegishli bo‘ladi. Ajralishdan keyin mulkni
bo‘lish bo‘yicha da’vo qilish uchun uch yil muddat beriladi. Shuni alohida ta'kidlash
lozimki, bu kabi mojarolarning oldini olishda mediatsiya muhim rol o'ynashi mumkin.
2018-yilda qabul qilingan "Mediatsiya to'g'risida"gi Qonun oilaviy nizolarni sudgacha
hal etish imkoniyatini yaratadi.
Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
47-son_4-to’plam_Iyun -2025
294
ISSN:3030-3621
Kodeksning 28-moddasiga nazar tashlaydigan bo’lsak, er va xotinning umumiy
mol-mulkini bo‘lishda hamda ularning shu mol-mulkdagi ulushlarini aniqlashda, agar
er va xotin o‘rtasidagi nikoh shartnomasida boshqacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa,
er va xotinning ulushlari teng deb hisoblanadi.
Sud voyaga yetmagan bolalar manfaatlaridan va (yoki) er va xotindan birining
e’tiborga loyiq manfaatini hisobga olib, jumladan, agar er yoki xotin uzrsiz sabablarga
ko‘ra daromad olmagan bo‘lsa yoxud er va xotinning umumiy mol-mulkini oila
manfaatlariga zarar yetkazgan holda sarflagan bo‘lsa, er va xotinning umumiy mol-
mulkidagi ulushlari tengligidan chekinishga haqlidir.
Er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lishda er va xotinning umumiy qarzlari
ularga belgilangan ulushlarga mutanosib ravishda har ikkalasi o‘rtasida taqsimlanadi.
Agar er va xotindan biri umumiy mol-mulkni er yoki xotinning erkiga zid
ravishda va oila manfaatiga mos bo‘lmagan holda o‘z xohishiga ko‘ra sarflagan yoki
boshqa shaxsga o‘tkazgan bo‘lsa, uni bo‘lishda bu mol-mulk yoki uning qiymati
hisobga olinadi.
Xalqaro amaliyotga nazar tashlansa, rivojlangan davlatlarda oilaviy mulkiy
nizolarni tartibga solishda oldindan tuzilgan "pre-nuptial agreement" (nikoh
shartnomasi) keng qoʻllaniladi. Masalan, Germaniyada nikohdan avval mulkiy
kelishuv tuzish oddiy hol hisoblanadi va sudlar uni asosiy hujjat sifatida e'tiborga oladi.
Shuningdek, AQShda mediatsiya orqali hal etilgan oilaviy nizolar sudlarda ko'rib
chiqiladigan ishlardan ko'ra samaraliroq va tezroq hal qilinadi. Bu esa sud tizimidagi
yukni kamaytiradi va taraflar orasidagi psixologik bosimni yengillashtiradi.
Bundan tashqari, Skandinaviya davlatlarida davlat tomonidan bepul yuridik
maslahatlar va oilaviy psixologik xizmatlar taklif etiladi. Bu esa fuqarolarning huquqiy
madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsam, ajralish oiladagi eng qiyin holatlardan biri va u
odamlarning hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ajralish nafaqat ruhiy holatga, balki mol-
mulk masalalariga ham katta muammolar olib keladi. Shuning uchun oiladagi mulkiy
nizolarni oldini olish va ularni hal qilish uchun huquqiy bilimlarni oshirish, mediatsiya
kabi tinch yo‘l bilan kelishuv usullarini qo‘llash juda muhim. Shu tarzda oiladagi
nizolar kamroq bo‘ladi, odamlar orasidagi munosabatlar ham yomonlashmaydi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
1.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (01.05.2023-y., 03/23/837/0241-son)
2.
Brown, O. (2024, September 5).
The Impact of Urbanization on Divorce Rates: A
Closer Look at Metropolitan vs. Rural Areas
. NC Lawyers for You.
https://nclawyersforyou.com/the-impact-of-urbanization-on-divorce-rates/
3.
O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi
4.
O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksi
5.
6.
https://daryo.uz/