Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
44-son_3-to’plam_May-2025
ISSN: 3030-3621
230
ALISHER NAVOIY - SOʻZ SAN'ATINING GULTOJI
Abdirahmonova Dilnoza Ismoil qizi
dilnozaabdurahmonova954@gmail.com
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat
pedagogika universiteti
Annotasiya:
Ushbu maqolada Alisher Navoiyning hayoti va ijodi, turkiy
adabiyotdagi oʻrni, asarlarining bugungi kundagi ahamiyati, Navoiy lirikasi haqida
soʻz boradi.Navoiyning turkiy tilni koʻklarga koʻtarib, bu tilda yuksak badiiy asarlar
yaratgan shoir va mutafakkir sifatida til va adabiyot rivojiga katta hissa qo‘shgani
ta’kidlanadi. Shuningdek, Navoiy asarlarining bugungi kunda ma’naviy tarbiya,
axloqiy qadriyatlarni shakllantirishdagi o‘rni yoritib beriladi.
Kalit soʻzlar:
Alisher Navoiy, temuriylar hukmronligi, turkiy til, diniy-axloqiy
asarlar, gʻazallar, nasriy asarlar, "Xamsa" dostoni
Abstract:
This article discusses the life and works of Alisher Navoi, his role in
Turkic literature, the significance of his legacy in the modern era, and the
characteristics of his lyrical poetry. It emphasizes Navoi’s outstanding contribution to
the development of language and literature as a poet and thinker who elevated the status
of the Turkic language by creating profound literary works in it. The article also
highlights the relevance of Navoi’s works in shaping spiritual education and moral
values in contemporary society.
Keywords:
Alisher Navoi, Timurid dynasty, Turkic language, religious-ethical
works, ghazals, prose works, "Khamsa" epic
Kirish
Gʻurbatda gʻarib, shodumon boʻlmas emish,
El anga shafiq-u mehribon boʻlmas emish.
Oltin qafas ichra gar qizil gul bitsa
Bulbulgʻa tikondek oshiyon boʻlmas emish
Alisher Navoiy - she'riyat gultoji, turkiy adabiyot me'mori, soʻz san'atkoridir.
Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevralda Temuriylar hukmronligining yirik madaniy
markazlaridan biri boʻlgan Hirot shahrida tavallud topgan.Otasi Gʻiyosiddin
Muhammad Temuriylar xonadoniga yaqin kishilardan boʻlgan.Navoiy yoshligidanoq
ilm-fan, she'riyat, san'atga qiziqish bilan oʻsdi.Navoiyning bolaligi Shohrux
hukmronligining so‘nggi yillariga to‘g‘ri kelgan. U temuriyzodalar, xususan bo‘lajak
podshoh Husayn Boyqaro bilan birga tarbiyalangan.
Muhokama va natijalar
Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
44-son_3-to’plam_May-2025
ISSN: 3030-3621
231
Navoiy 4 yoshida maktabga borib, tez savod chiqarib, turkiy va forsiy tildagi
she’rlarni o‘qib, yod ola boshlagan. O‘zbek tili bilan bir qatorda forsiy tilni ham
mukammal egallagan.Alisher Navoiy 10—12 yoshlaridan she’r yoza boshlagan.
Tarixchi Xondamirning yozishicha, yosh Alisher iste’dodidan mamnun bo‘lgan
mavlono Lutfiy, uning:
Orazin yopqoch, ko‘zumdan sochilur har lahza yosh,
Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh matla’li g‘azalini
tinglab: «Agar muyassar bo‘lsa edi, o‘zimning o‘n-o‘n ikki ming forsiy va turkiy
baytimni shu g‘azalga almashtirardim...» deb yosh shoirning nomiga duolar
oʻqigan.Alisher Navoiy 15 yoshida shahri boʻylab shoir sifatida keng tanilgan.Turkiy
va forsiy tillarida qalam tebratgan.Turkcha she'rlariga "Navoiy", forscha she'rlariga
"Foniy" taxallusini qoʻllagan.
XV asr madaniy muhiti. Alisher Navoiy ma'naviy hayotda fors tilining maqomi
borgan sari oshib borayotgan bir paytda turkiy tilning badiiy imkoniyatlarini isbotlab
turkiy dunyoga yangi ruh olib kirdi. Tun uzoq choʻzilgan turkiy dunyoda yangi tong,
yangi nafas, yangi jilvalar boʻy berdi. Bu tong minglab iste'dod jilgʻalarining koʻz
ochishiga zamin yaratdi. Oʻz davrining ilm va san'at homiysi temuriy hukmdor Husayn
Boyqaro Navoiyga quyidagicha taʼrif bergan: "Turkiy tilning oʻlgʻon jasadigʻa Masih
anfosi birla ruh kiyurdi va ruh topgʻonlarga turkiy oyin alfoz tor-u pudidan toʻqulgʻon
hulla va harir kiyurdi", - ya'ni turkiy til forsiy va arabiy tilning soyasida qolib
ketayotgan bir paytda unga Masih nafasidek yangi hayot ato etdi. Bundan bahramand
boʻlgan she'r ahliga turkiy tilning nafis va jozibali soʻzlaridan jilva etgan oʻz ijodiy
merosini hadya etdi.
Tarix zarvaraqlarida shunday insonlar borki, ular qilich bilan emas, qalam bilan
olamni larzaga sola oladi.Shunday insonlardan eng ulugʻvori Alisher Navoiy
edi.Alisher Navoiy soʻz qudrati bilan millatni uygʻotgan,oʻz asarlari bilan esa adolat
va haqiqatni baralla kuylagan sherpanja. Navoiyning lirikasi - turkiy tilning sohir
ohanglaridan yaraldi, jilvalandi, tarannum etdi:
Oʻz vujudinggʻa tafakkur aylagil,
Neki istarsen, oʻzingdin istagil.
Ya'ni ushbu misralar orqali ifodalangan gʻoya shundan iboratki, oʻz
mavjudliging, hayoting, kimliging haqida tafakkur yurit va oʻzing xohlagan barcha
maqsadlarga oʻz mashaqqating va harakating orqali ega boʻl.Navoiy nasriy asarlari
sharq mumtoz adabiyotining noyob durdonalaridan biridir. Ushbu asarlar orqali
Navoiy sevgi, komillik, insoniylik ohanglarini tarannum etdi.Alisher Navoiyda o‘zbek
tilida «Xamsa» — besh doston yaratish maqsadi yoshligidan bo‘lgan. Bu maqsadini
1483—1485 yillarda amalga oshirdi. Asar o‘zbek adabiyoti shuhratini olamga yoyib,
jahon adabiyotining durdonalaridan biriga aylandi. Navoiy "Xamsa" dostonini
yozarkan, ushbu misralar orqali bu ish oson emasligini, oʻzidan oldingi xamsanavislar
Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
44-son_3-to’plam_May-2025
ISSN: 3030-3621
232
panjasiga panja urmoq uchun maydoniga she'r boʻlib jangga chiqishi kerakligini
ta'kidlaydi:
Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasiga panja urmoq.
Kerak sher oldida ham sher jangi,
Agar sher o’lmasa, bori palangi.
Qanchadan qancha tarixnavis va nazmgoʻylar hukmdorlar madhiyaga she'r bitib,
saroy eshigidan nari chiqolmagan bir paytda Navoiy xalqni oʻyladi, xalq taqdiriga
befarq qarab turolmadi. Adabiyotni hukmdorlar saroyidan xalqning yuragiga olib
tushdi, ularning dardini kuyladi.Xondamirning asarlarida qayd etilishicha, 1480-yillar
davomida Alisher Navoiy o‘z mablag‘lari hisobidan Hirotda va mamlakatning boshqa
shaharlarida bir necha madrasa, 40 ta rabot, 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9
ko‘prik, 20 ga yaqin hovuz qurgandirgan. Ular orasida Hirotdagi «Ixlosiya»,
«Nizomiya» madrasalari, «Xalosiya» xonaqohi, «Shifoiya» tibgohi, Qur’on tilovat
qiluvchilarga mo‘ljallangan «Dorul-huffoz» binosi, Marvdagi «Xusraviya» madrasasi,
Mashhaddagi «Dorul-huffoz» xayriya binosi kabi noyob me’morlik yodgorliklari bor.
Ilm-fan yuqori darajada taraqqiy etgan hozirgi davrda Navoiy asarlari bosma
hamda elektron koʻrinishlarda dunyoning turli nuqtalarida oʻquvchilariga ega boʻlib
kelmoqda. Zamonaviy dunyoda Navoiy asarlari ayniqsa ta'lim, ma'naviyat, axloq va
milliy oʻzlikni anglashda ulkan tarbiya maktabi boʻlib xizmat qilmoqda.Uning
"Mahbub ul-qulub" asari Navoiy hayotining soʻngi yillarida yozilgan boʻlib, hayotiy
tajriba va axloqiy pand-nasihatlar manbayi hisoblanadi."Muhokamat ul-lugʻatayn"
asarida esa Navoiy turk tilining buyuk bilimdoni va homiysi boʻlib maydonga chiqadi.
Ona tilining boshqa tillardan mutlaqo qolishmasligini isbotlab Navoiyning "Arbain",
"Nazm ul-javohir" asarlari esa hozirgi kunda ham diniy bilimlarni egallashda
qoʻllanma va yoʻllanma boʻlib kelmoqda.Navoiy asarlari nafaqat ma'naviy balki ilmiy
dunyoqarashni kengaytirishning ham asosiy vositasi boʻlib xizmat qiladi.
Xulosa
Xulosa oʻrnida aytishimiz mumkinki, bugun Alisher Navoiy haqli suratda jahon
madaniyatining mumtoz vakillari safidan o‘rin oldi. Uning asarlari jahondagi yuzlab
tillarga tarjima qilindi. Dunyo ahli uning merosi bilan qiziqmoqda, asarlarida tarannum
etilgan oliyjanob g‘oyalar va falsafiy mushohadalardan zavq olmoqda. Shoir haykallari
Yaponiyaning Soka universiteti hovlisida, Rossiya poytaxti Moskva va Ozarbayjon
poytaxti Boku shaharlarida qad ko‘tardi.Navoiy shunchaki shoir va davlat arbobi emas,
balki ma'rifat mash'ali, turkiy til sultoni. Uning asarlaridagi toza ruh biz bilan har bir
satrda, har bir ilhomda, har bir yurakning urishida. Zero, Navoiyni anglash - oʻzlikni
anglash, Navoiyga ehtirom - millatga ehtirom.
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
44-son_3-to’plam_May-2025
ISSN: 3030-3621
233
1.
Abdurazzoq Rafiyev, Nazira Gʻulomova. Ona tili va adabiyot."ShARQ"
NASHRIYOT - MATBAA AKSIYADORLIK KOMPANIYASI BOSH
TAHRIRIYATI. Toshkent-2013.191-bet
2.
Oʻzbek tilining izohli lugʻati. 5 jildlik. J. 1. – Toshkent: Oʻzbekiston milliy
ensiklopediyasi, 2006.
3.
Bafoyev B. Navoiy ummonidan dur izlab... – Buxoro: Buxoro, 2022.
4.
Alisher Navoiy. Mukammal asarlar toʻplami. 20 tomlik. T. 12. – Toshkent: Fan,
1996.
5.
Ishoqov Yo. Navoiy poetikasi. – Toshkent: Fan, 1983.
6.
Alisher Navoiy. Mukammal asarlar toʻplami. 20 tomlik. T. 16. – Toshkent: Fan,
2000.
7.
Sattorov Sh. Mir Alisher Navoiy haqida 15 maʼlumot, 10 hikmat va bir rivoyat. //
Janob, 2017-yil, 1-son.
8.
“Oqquyunli muxlislar devoni”ning Tokio nashri (Adabiyotshunos Aftondil Erkinov
bilan jurnalist Mahmud Saʼdiy suhbati). // Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati, 2016-
yil, 5-fevral.
9.
Dadaboyev H. Buyuk tilshunos. // Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati, 2016-yil, 5-
fevral.
10.
Navoiy, A. Xazoyin ul-maoniy. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va
san’at nashriyoti, 1983. – 560 b.