Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
44-son_4-to’plam_May-2025
ISSN: 3030-3621
11
TARBIYASI OG’IR O’QUVCHILAR BILAN ISHLASHDA
PSIXOKORREKSION FAOLIYATNING O’RNI
Ahmadjonova Mohidil Saminjon qizi
Farg'ona viloyati Bag'dod tumani
MMTBga qarashli 2-IDUM psixologi
Annotatsiya:
Mazkur maqolada tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar bilan psixokorreksion
ishlarda qo‘llaniladigan psixologik yondashuvlar, metodik vositalar va ularning amaliy
samaradorligi tahlil qilinadi. O‘quvchi xulqidagi og‘ishlarni aniqlash, ularning
psixologik va ijtimoiy ildizlarini aniqlash hamda shaxsiy xususiyatlariga mos
individual korreksiya yo‘llarini ishlab chiqishning dolzarbligi asoslab beriladi.
Xususan, "Men" timsolining shakllanishi, o‘z-o‘zini anglash, salbiy xulq-atvorni ijobiy
yo‘nalishga o‘zgartirishda trening va guruhli mashg‘ulotlarning afzalliklari yoritilgan.
“Tarbiyasi qiyin o‘smir” metodikasi asosida olib boriladigan korreksion ishlarning
samaradorligi psixologik diagnostika va o‘quvchi shaxsini har tomonlama tahlil qilish
orqali aniqlanadi. Maqola amaliyotchi psixologlar, pedagoglar hamda defektologlar
uchun metodik tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Kalit so‘zlar:
Tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar, psixokorreksiya, og‘ishgan xulq,
"Men" timsoli, psixologik yordam, ijtimoiy normadan og‘ish, trening, shaxsiy
rivojlanish, metodik yondashuv, deviant xulq, o‘smir psixologiyasi, korreksion
faoliyat.
Hayotning murakkab va nozik tabiatini anglash – tarbiyaviy yondashuvlar
asosidir.
Hayot — o‘zining rang-barang jilolari bilan billurga o‘xshaydi; u e’tibor va
parvarish talab qiladi. E’tiborsizlik yoki loqayd munosabat esa bu nozik tuzilmaning
darz ketishiga olib kelishi mumkin. Bugungi globallashuv va raqobat muhitida yosh
avlodning sog‘lom, har tomonlama barkamol bo‘lib kamol topishi, ularning milliy
qadriyatlar, urf-odatlar hamda umuminsoniy axloqiy me’yorlarga hurmat ruhida
tarbiyalanishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Zamonaviy jamiyatda axloqiy tanazzul, tajovuzkorlik, huquqbuzarlik, zararli odatlarga
berilish kabi salbiy holatlarning keng tarqalayotgani ijtimoiy hayotning dolzarb
muammolaridan biri hisoblanadi. Bu holatlar, ayniqsa, o‘smirlar va yoshlar orasida
jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Shu sababli psixologlar, pedagoglar, sotsiologlar,
shifokorlar, huquq-tartibot idoralari xodimlari hamda boshqa mutaxassislar tomonidan
ushbu muammo ustida uzoq yillardan buyon izlanishlar olib borilmoqda.
Deviant xatti-harakatlar, ya’ni me’yorlardan og‘ishgan xulq-atvor, shuningdek,
tarbiyasi og‘ir o‘smirlar muammosi fanlararo tahlilni talab etadigan, murakkab va ko‘p
Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
44-son_4-to’plam_May-2025
ISSN: 3030-3621
12
qirrali sohaga aylanib bormoqda. “Og‘ishgan xulq” tushunchasining “ijtimoiy me’yor”
atamasi bilan chambarchas bog‘liqligi ushbu mavzuni yanada murakkablashtiradi.
Chunki ijtimoiy me’yorlarning o‘zi jamiyatdan jamiyatga farq qilishi mumkin bo‘lib,
har bir shaxsning rivojlanish darajasi va xulqiy ko‘rsatkichlari o‘ziga xosdir. Shu bois,
“absolyut me’yor” degan tushuncha real hayotda mavjud emas, bu esa tarbiya
jarayonida individual yondashuv zarurligini anglatadi. Zamonaviy ta’lim-tarbiya
tizimida o‘quvchilar bilan ishlashda turli individual xususiyatlarga ega bo‘lgan
shaxslar uchraydi. Jumladan, tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar bilan ishlash pedagogik
faoliyatning eng murakkab va mas’uliyatli yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bunday
o‘quvchilar bilan samarali ishlash nafaqat didaktik bilim va metodik yondashuvlarni,
balki chuqur psixologik tayyorgarlik, maxsus pedagogik texnika va ko‘nikmalarni
talab etadi.
Tarbiyasi qiyin o‘smirlarning xulq-atvorini korreksiya qilish vazifasi pedagog
oldiga keng ko‘lamli, tizimli yondashuvni qo‘yadi. Chunki bunday bolalar bilan
ishlashda muammoni faqat o‘qituvchi emas, balki maktab psixologi, ijtimoiy pedagog,
ota-onalar va boshqa ijtimoiy institutlar hamkorlikda hal etishi zarur. Bu jarayon o‘smir
shaxsining ichki tuzilmalari, oila muhiti, ta’lim muassasasining tashkiliy modeli va
ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning murakkab tizimidan iboratdir. Bir tizimdagi
har qanday o‘zgarish boshqalarda ham bevosita yoki bilvosita o‘zgarishlarga olib
kelishi mumkin.
Pedagog va psixologning tarbiyasi og‘ir o‘quvchilarda “men-
konsepsiyasi”ni shakllantirish va korreksiya qilishga yo‘naltirilgan kasbiy faoliyati
samaradorligi, birinchi navbatda, ularning kasbiy pozitsiyasi, yondashuv uslubi hamda
nazorat va munosabatning individual xarakteriga bog‘liq. Bu esa o‘quvchiga nisbatan
empatiya, sabr-toqat va ishonchli muloqot vositalaridan foydalanishni taqozo etadi.
Tarbiyasi og‘ir bolalar bilan ishlash qadimdan dolzarb muammo sifatida ko‘rilib
keladi. Bu borada ko‘plab olimlar – masalan, N.P. Dubinin, B.F. Sergeyev va boshqalar
– insonning genetik xususiyatlari, tug‘ma kasalliklar va fiziologik omillar uning xulq-
atvoriga muayyan darajada ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlaydilar. Shu bilan birga, tashqi
muhit, ya’ni ommaviy axborot vositalarining (televizor, kompyuter, internet) salbiy
ta’siri, oiladagi ziddiyatlar, katta yoshdagilarning e’tiborsizligi kabi omillar ham
muammoning yuzaga kelishida muhim rol o‘ynaydi. Shunday qilib, tarbiyasi og‘ir
o‘quvchilar bilan ishlashda yondashuvlar ko‘p qirrali bo‘lishi, pedagogik va psixologik
tamoyillarga asoslanishi, har bir bola uchun individual reja asosida amalga oshirilishi
lozim. Bu esa nafaqat bolani ijtimoiylashtirish, balki uni ongli, faol va barkamol shaxs
sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.
Tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar bilan ishlashda yondashuvlarning xilma-xilligi —
ularning xulq-atvoridagi og‘ishlarni aniqlash, oldini olish (profilaktika), hamda tizimli
ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatish kabi amaliy vazifalarni hal etishda alohida
ahamiyat kasb etadi. Fan terminologiyasida bunday o‘quvchilar “deviant” – ya’ni
Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
44-son_4-to’plam_May-2025
ISSN: 3030-3621
13
og‘uvchi xulqli shaxslar sifatida qaraladi. “Deviant” atamasi lotincha “deviatio” –
og‘ish so‘zidan olingan bo‘lib, insonning harakatlari yoki faoliyatining umumiy qabul
qilingan ijtimoiy me’yorlardan muntazam tarzda farq qilishi holatini bildiradi.
Deviant xulq, eng avvalo, shaxsning axloqiy nuqtai nazardan o‘z yaqinlariga —
qarindoshlari, do‘stlariga zarar yetkazishi, atrofidagilar hayotiga xavf tug‘dirishi va
ta’lim tizimida o‘quvchi shaxsiga xos bo‘lmagan xatti-harakatlar bilan namoyon
bo‘lishi orqali ko‘zga tashlanadi. Bunday shaxslar ko‘pincha ijtimoiy moslashuvda
qiyinchiliklarga uchraydi, ularning tarbiyasi esa chuqur yondashuv va tizimli
korreksiya tadbirlarini talab etadi.
Deviant xatti-harakatlarning oldini olish va ularni
tuzatish jarayonida psixokorreksiya usullari alohida o‘rin tutadi. “Korreksiya”
tushunchasi o‘z mazmuniga ko‘ra “tuzatish”, “to‘g‘rilash” degan ma’noni anglatib,
bunda o‘quvchining ruhiy va jismoniy rivojlanishidagi nuqsonlarni pedagogik va
psixologik vositalar orqali bartaraf etish ko‘zda tutiladi. Korreksion yondashuvning
maqsadi — o‘quvchining individual xususiyatlari va muammolari asosida
moslashtirilgan tarzda aniq strategiya ishlab chiqish, vazifalarni belgilash hamda zarur
metodlardan foydalanish orqali salbiy holatlarni ijobiy tomonga o‘zgartirishdir.
Korreksion ishlar har bir o‘quvchining psixik rivojlanish darajasi va og‘ish
xususiyatiga qarab diferensial yondashuv asosida amalga oshiriladi. Shaxs bilan olib
borilgan individual suhbatlar ba’zida samarasiz kechishi mumkin, chunki bola o‘z
muammolarini ochiq aytmasligi, ayrim vaziyatlarni yashirishi yoki gapirishga tayyor
emasligi ehtimoli mavjud. Bunday hollarda majburlash o‘rniga, o‘quvchining holatiga
mos ravishda guruh shaklidagi psixokorreksion mashg‘ulotlardan foydalanish samarali
hisoblanadi. Chunki guruh muhitida o‘quvchi o‘zini faollikka majbur etilgan holda
emas, balki tabiiy tarzda ishtirok etuvchi sifatida his qiladi, bu esa ichki holatini
ifodalashga ko‘maklashadi. Shunday qilib, tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar bilan ishlashda
muvaffaqiyatli korreksiya pedagog va psixologdan nafaqat kasbiy bilim va
ko‘nikmalarni, balki ijtimoiy-emotsional sezgirlik, empatiya va moslashuvchan
metodik yondashuvlarni talab etadi.
Tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar bilan psixokorreksion ishlarda psixologik
yondashuvlar va amaliy metodlar
Korreksiya jarayonini samarali tashkil etishda amaliyotchi psixologning vazifasi
— avvalo o‘quvchi xulqidagi og‘ishlarga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlashdan
boshlanadi. Bunda bolaning oilaviy sharoiti, u bilan kundalik hayotda ko‘proq vaqt
o‘tkazadigan shaxslar, intellektual salohiyati, temperament tipi, shaxsiy qiziqish va
ehtiyojlari chuqur o‘rganilishi lozim. Bu omillarni aniqlash orqali o‘quvchining
individual xususiyatlariga mos korreksion strategiyalar ishlab chiqiladi. Shaxsning
rivojlanishidagi psixologik kamchiliklarni bartaraf etish, ijtimoiy moslashuv darajasini
oshirish, muomala va xulq-atvordagi buzilishlarni korreksiyalash, shuningdek, ijobiy
Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
44-son_4-to’plam_May-2025
ISSN: 3030-3621
14
psixik rivojlanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish — korreksiya jarayonining
asosiy maqsadidir.
Korreksion faoliyat quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
O‘quvchining psixik jarayonlari — tafakkur, emotsiya, xotira va diqqat kabi
jihatlari tahlil qilinadi;
Uning salbiy fikrlari va atrof-muhitga nisbatan shakllangan munosabatlari
aniqlanadi;
Ijtimoiy ustanovkalar, ya’ni ijtimoiy norma va qadriyatlarga bo‘lgan munosabati
o‘rganiladi;
Shaxsiy qiziqishlari, ehtiyojlari va motivatsiya darajasi tahlil qilinadi;
Oila muhiti, tengdoshlar bilan munosabatlar va psixososial “aura” baholanadi.
To‘plangan ma’lumotlar asosida o‘quvchining xulqidagi og‘ish turlari, ularning
kelib chiqish sabablari — ijtimoiy, psixologik va ba’zan biologik omillar aniqlanadi.
Jumladan, oilaviy befarqlik, ota-onalarning tarbiyada yo‘l qo‘ygan xatolari, bolaning
o‘z-o‘zini qanday his qilishi va o‘zini jamiyatda qanday ko‘rishi sinchkovlik bilan
o‘rganiladi. Ushbu diagnostik bosqichlardan so‘ng, o‘quvchi bilan tizimli korreksion
ishlar amalga oshiriladi.
Tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar bilan ishlashda “Men” konsepsiyasini o‘rganish
muhim ahamiyatga ega. Zero, o‘zligini anglash darajasi past bo‘lgan o‘quvchi odatda
“qiyin” xatti-harakatlar bilan tashqi olamga o‘z ichki inqirozini namoyon qiladi. O‘zini
anglashda yuz beradigan muvaqqat tangliklar vaqt o‘tishi bilan patologik
shakllanishlarga olib kelishi mumkin. Shu bois, psixolog “Men” timsolining tuzilishini
chuqur tahlil etgan holda, o‘quvchining o‘z-o‘zini baholashi, qadr-qimmati va ijtimoiy
o‘rnini shakllantirish ustida ishlashi lozim bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, “Tarbiyasi
qiyin o‘smir” metodikasi amaliy jihatdan yuqori samara beradi. Ushbu metodikada
o‘quvchiga 20 ta mulohaza taqdim etiladi, u esa o‘ziga mos fikrlarni tanlaydi. Psixolog
ushbu tanlovlar asosida bolaning “men-timsoli”ni, shaxsiy qiyinchiliklarini tahlil qiladi
va individual korreksion tavsiyalar ishlab chiqadi.
Psixokorreksiya mashg‘ulotlari odatda jamoaviy (trening) shaklida tashkil etilishi
mumkin bo‘lib, bu jarayon vaqt jihatdan tejamli, emotsional jihatdan esa o‘quvchi
uchun qulaydir. Bunday yondashuv natijasida o‘quvchilarda quyidagi o‘zgarishlar
kuzatiladi:
Kayfiyat ko‘tarilishi;
Salbiy xususiyatlardan voz kechish;
O‘zini anglash va qadrlash;
Ijtimoiy moslashuv darajasining oshishi;
Kelajakka nisbatan ishonch hosil qilish;
Ijobiy fikr va ijobiy munosabatlarning shakllanishi.
Ta'lim innovatsiyasi va integratsiyasi
44-son_4-to’plam_May-2025
ISSN: 3030-3621
15
Xulosa qilib aytganda, tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar bilan ishlashda korreksion
faoliyat — bu nafaqat xatti-harakatni tuzatish, balki shaxsni butunlay ijtimoiy va
psixologik jihatdan tiklashga yo‘naltirilgan murakkab, ammo muhim jarayondir.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati :
1. “Psixologiya”. E.G’oziyev. Toshkent – 2008.
2. “Psixologik korreksiya va konsultatsiya”. nazariya va amaliyot. Uslubiy qo’llanma,
Toshkent.
3. “Psixologik lug’at”.S.Y.Akbarov. Namangan-2015.
4. “Xammasi sening qo’lingda”. N.2015.