World scientific research journal
https://scientific-jl.org/index.php/wsrj
Volume-36_Issue-1_February-2025
3
TURKIY ADABIYOTLARDA ISRO VA ME’ROJ KECHASINING
BAYON ETILISHI
ОПИСАНИЕ НОЧИ ИСРЫ И МИРАДЖА В ТУРЕЦКОЙ ЛИТЕРАТУРЕ
THE REPRESENTATION OF THE NIGHT OF ISRA AND MIRAJ IN
TURKIC LITERATURE
Muxitdinova Gulbahor Rustamdjanovna
Namangan davlat universiteti stajor o‘qituvchisi
Telegram:91-342-45-31
Мухитдинова Гулбахор Рустамджановна
учительница Наманганского государственного университета
Tелеграм:91-342-45-31
Muxitdinova Gulbahor Rustamdjanovna
Namangan State University teacher
Telegram:91-342-45-31
ANNOTATSIYA
Islom dini tarixida Payg‘ambar Muhammad alayhissalom hayotlari, ul zoti
sharifning bosib o‘tgan mashaqqatli yo‘llari, dinni targ‘ib qilish bobida amalga
oshirgan mislsiz qahramonliklari alohida o‘rin tutadi. Nabiy alayhissalomning
tug‘ilgan vaqtlaridan boshlab to vafot etgan kunlariga qadar bo‘lib o‘tgan barcha
voqea-hodisalar haqida o‘sha zamonning o‘zidayoq ko‘plab manbalar yozilgan. Arab
adabiyotshunoslari, tarixchi olimlari, u kishining yonlarida yurgan maslakdoshlari -
sahobalari ham bunday muhim vazifani bajarish uchun astoydil harakat qilganlar. Ana
shunday manbalar orqali bizgacha islom dinining vujudga kelishi, mazkur din elchisi
Rasuli akramning hayot yo‘llari to‘g‘risida ko‘plab qimmatbaho ma’lumotlar yetib
kelgan.
Ushbu maqolani yozishdan asosiy maqsad hozirgi avlod vakillariga islom dini,
uning Payg‘ambari Muhammad alayhissalom hayotlari va bosib o‘tgan ibratli
yo‘llari, xususan, ul zoti sharifning Payg‘ambarlik davrlarida sodir bo‘lgan, butun
dunyo olimlari va bashariyatning hayratiga sabab bo‘lgan juda muhim voqea – Isro
va Me’roj kechasi voqealari haqida to‘liq va batafsil ma’lumot berishdir. Albatta
mazkur voqea to‘g‘risida ko‘p manbalar keltirilgan. Biroq namanganlik shoir
Xilvatiyning bu haqdagi qarashlari hech bir manbada aks ettirilmagan. Xilvatiy
o‘zining “Mavludi sharif” asarida islom dini Payg‘ambari Muhammad alayhissalom
hayotlarini turli hikoyalar asosida bayon etgan. Eng asosiysi, kitobda aynan Isro va
Me’roj kechasi uchun alohida bir katta bob ajratilgan. Ilmiy tadqiqot oldiga qo‘yilgan
asosiy vazifa esa kelajak avlod vakillariga XX asr o‘zbek mumtoz adabiyoti
namoyandalari ijodi, xususan, Namangan adabiy muhitida barakali ijod qilgan
jadidlardan biri Xilvatiy ijodi haqida batafsil ma’lumot berishdan iboratdir. Maqolada
mazkur asar qiyosiy, badiiy, tarixiy tahlil qilish metodlari asosida o‘rganilgan. XX
World scientific research journal
https://scientific-jl.org/index.php/wsrj
Volume-36_Issue-1_February-2025
4
asr o‘zbek mumtoz adabiyoti namoyandalari ijodi, xususan, Namangan adabiy
muhitida ijod qilgan buyuk o‘zbek shoirlarining bizga adabiy meros sifatida qoldirgan
nodir asarlarini o‘rganish natijasida qo‘lyozma va toshbosma manbalar tahlil qilinadi
hamda ushbu manbalar asosida yangidan-yangi tadqiqotlar olib boriladi. Natijada esa
bugungi kun yosh avlod vakillarining mumtoz adabiyotimizga bo‘lgan qiziqishlari,
shuningdek, islom dini targ‘ibotchisi Muhammad alayhissalomga bo‘lgan hurmat va
ehtiromlari yanada ortadi.
Kalit so‘zlar
: Muhammad, oyat, Isro, Me’roj, mavlud, Xilvatiy, namoz, osmon,
Payg‘ambar, olam.
АННОТАЦИЯ
В истории исламской религии жизнь Пророка Мухамеда, мир ему, трудные
путешествия его семьи и его беспримерный героизм в распространении религии
занимают особое место. Во многих источниках было написано обо всех
событиях, произошедших со времени рождения Пророка, мир ему, до дней его
смерти. Арабские литературоведы, историки и его профессиональные коллеги
– соратники также усердно работали над выполнением столь важной задачи.
Благодаря таким источникам мы получили много ценной информации о
зарождении ислама, жизни Расули Акрама, посланника этой религии.
Основная цель написания данной статьи – информирование
представителей нынешнего поколения об исламе, жизни и образцовом пути его
Пророка Мухамеда, особенно о тех, которые произошли во времена
пророчества Зати Шарифа, вызвавшие восхищение ученых и человечества
всего мира. Очень важное событие – дать полную и подробную информацию о
событиях ночи Исры и Мираджа. Конечно, существует множество источников
об этом событии. Однако взгляды наманганского поэта Хилвати по этому
поводу не отражены ни в одном источнике. В своём произведении “Мавлюди
шариф” Хилвати рассказал о жизни Пророка Мухамеда, мир ему, основываясь
на различных историях. Самое главное, что в книге есть отдельная огромная
глава, посвящённая ночи Исры и Мираджа. Основная задача научного
исследования – предоставить подрастающему поколению подробную
информацию о творчестве представителей узбекской классической литературы
XX века, в частности, о творчестве Хилвати, одного из самых хороших авторов
литературной среде Узбекистана. В статье указывается, что данное
произведение изучается на основе методов сравнительного, художественного и
исторического анализа. Творчество представителей узбекской классической
литературы XX века, в частности великих узбекских поэтов, творивших в
литературной среде Намангана имеет очень важное место. В результате
изучения его редких произведений, оставшихся нам как литературное наследие,
анализируются рукописные и литографические источники и на основе этих
источников проводятся новые исследования. В результате интерес
сегодняшнего молодого поколения к нашей классической литературе, а также
их уважение к Проповеднику ислама Мухамеду алейхисселяму ещё больше
возрастут.
Ключевые слова:
Мухамед, аят, Исра, Мирадж, мавлюд, Хилвати,
молитва, небо, Пророк, мир.
World scientific research journal
https://scientific-jl.org/index.php/wsrj
Volume-36_Issue-1_February-2025
5
ABSTRACT
In the history of Islam, the life of Prophet Muhammad (peace be upon him), his
enduring perseverance, and his extraordinary efforts to convey and establish the faith
hold a prominent and sacred position. From his birth to his passing, every event in his
life was meticulously recorded, even during his own time. Arab literary scholars,
historians, and the Prophet's close companions—the Sahabah—dedicated themselves
earnestly to this vital task. These sources have provided invaluable insights into the
establishment of Islam and into the exemplary life of its Prophet.
The primary aim of this article is to share deeper understanding of Islam, the life
of Prophet Muhammad (peace be upon him), and, specifically, the very essential and
miraculous events: the Night of Isra and Mi'raj. This extraordinary occurrence, which
has left scholars and humanity in awe for generations, is explored in detail. While
many sources discuss the Night of Isra and Mi'raj, the unique perspectives of Khilvati,
a poet from Namangan, remain absent from most accounts. Khilvati, in his work
Mavludi Sharif
, narrates the life of Prophet Muhammad (peace be upon him) through
a collection of stories. Most notably, he devotes an entire chapter to the Night of Isra
and Mi'raj, setting it apart as a significant subject of his work. The primary objective
of this scholarly exploration is to familiarize future generations with the contributions
of early 20th-century Uzbek classical literature, particularly the vibrant literary milieu
of Namangan. Among the prominent figures of this environment is Khilvati, whose
literary legacy deserves closer examination. This study employs comparative, literary,
and historical methodologies to analyze Khilvati’s writings, including manuscript and
lithographic sources. Through an intense study of such works, new doors for
researching are emerging. This enriches our understanding of Uzbek classical
literature and its intricate connection with Islamic values and traditions. These
investigations aim to inspire today’s youth to appreciate the rich legacy of classical
literature and to dive deeper to the life of Prophet Muhammad (peace be upon him)
as a central figure of Islam. By highlighting such contributions, this article seeks to
instill a renewed respect and admiration for the religious and cultural heritage
preserved within these literary treasures.
Keywords:
Muhamed, verse, Isra, Miraj, Mavlud, Khilvati, prayer, heaven,
Prophet, world.
KIRISH
Islom dinining dunyo miqiyosida targ‘ib etilishi va tarqalishiga sababchi bo‘lgan
inson, Allohning so‘nggi elchisi Muhammad (s.a.v.)ning hayotlarida sodir bo‘lgan
ajabtovur voqea-hodisalar, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan mo‘jizalar to‘g‘risida
ko‘plab tarixiy ma’lumotlarga duch kelamiz. Manbalarda Isro va Me’roj kechasi
voqealari hayratlanarli tarzda bayon etiladi. Masalan, O‘zbekiston Milliy
Ensiklopediyasining 1-jildida mazkur tushunchalar quyidagicha izohlanadi: Isro va
Me’roj — islom tarixida Muhammad (s.a.v.) ning Makkadan Quddusga qilgan tungi
sayri (Isro) hamda Quddusdagi Aqso masjididan osmonga ko‘tarilishi (Me’roj). Bu
haqda Qur’on oyatlari va hadisi shariflarda keng ma’lumotlar berilgan. Bu hodisa
ilohiy mo‘jizalar turiga kirgani uchun moddiylik va aqliy dalillar bilan
chegaralanuvchi kishilar uni inkor etadilar. Hadis va rivoyatlarda aytilishicha,
Muhammad (s.a.v.) Jabroil (a.s) boshchiligida tunda ko‘p yillik masofani bosib o‘tib,
bu samoviy sayohatlaridan boy xotiralar bilan qaytganlar. Jumladan, yetti qavat
World scientific research journal
https://scientific-jl.org/index.php/wsrj
Volume-36_Issue-1_February-2025
6
osmon oraliqlarida o‘zlaridan oldingi o‘tgan yirik Payg‘ambarlar bilan muloqotda
bo‘lganlar. Jannat va do‘zaxni tomosha qilganlar. 5 vaqt namoz ham shu kechada farz
qilingan. Bu hodisa tasvirlab yozilgan ko‘pgina asarlar mavjud. Isro va Me’roj
kechasi islom olamida diniy bayram sifatida har yili hijriy rajab oyining 27-kechasida
nishonlanadi [Aminov, 2004; 258]. Qur’oni karimning Isro surasida “(O‘z) bandasi
(Muhammad)ni, unga mo‘jizalarimizdan ko‘rsatish uchun Masjidi Haromdan Biz
atrofini barakotli qilgan Masjidi Aqsoga tunda sayr qildirgan Zot barcha
nuqsonlardan pokdir” deya e’tirof etilgan [Shayx Abdulaziz Mansur, 2021; 282].
Dunyo olimlari bu voqeaga nisbatan o‘z qarashlarini turlicha ifodalab, fikr-
mulohazalarini bildirganlar. Hatto aynan shu voqeaga bag‘ishlab “Me’rojnoma”lar
ham bitilganligiga guvoh bo‘lamiz. O‘zbek olimlaridan tadqiqotchi Jahongir
Turdiyev aynan shu mavzuda fikr yuritar ekan, Islom tarixiga oid ishonchli
manbalarning barchasida Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning Me’rojga
ko‘tarilishlari bayon etilganligini uqtiradi. Dinimiz tarixida alohida ahamiyat kasb
etgan ushbu voqea yoritilgan asarlardan biri “Me’rojnoma” bo‘lib, uning turkiy
tildagi tarjimasi bizgacha yetib kelgan. Asar tilining ravonligi va yozuvining o‘ziga
xosligi ajdodlarimiz madaniy merosi, o‘zbek tili tarixi hamda adabiyotimizni
o‘rganishda muhim manba hisoblanadi. XV-XVI asrlarning nodir namunasi
hisoblangan turkiy tildagi “Me’rojnoma” asarining fanda ikki qo‘lyozmasi
ma’lum. Ularning biri uyg‘ur yozuvida, ikkinchisi arab xatida bitilgan. Uyg‘ur
harfli qo‘lyozma hozirgi kunda Parijda Fransiya milliy kutubxonasida Suppl. Turc.
190 ko‘rsatkichi ostida saqlanmoqda. Ushbu qo‘lyozma “Me’rojnoma” hamda
Farididdin Attorning “Tazkiratu-l-avliyo” asarlaridan iborat. Qo‘lyozmaning 1-69-
sahifalari “Me’rojnoma”, 70-264- sahifalari esa “Tazkiratu-l-avliyo” asarini o‘z
ichiga oladi. Uyg‘ur yozuvli bu qo‘lyozma hijriy 840- melodiy (1436-1437) - yili
Hirotda Abu Malik baxshi tomonidan ko‘chirilgan [Turdiyev, 2020; 240].
Tadqiqotchi Turdiyevning xabar berishicha, arab harfida bitilgan qo‘lyozma
Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasining Fotih fondida 2848 ko‘rsatkichi ostida
saqlanmoqda. “Me’rojnoma” asari “Nahju-l-farodis” nomli kitobidan turkiy tilga
o‘girilgan bo‘lib, asarning hamd va na’t qismidan so‘ng keladigan, tarjimon
tomonidan keltirilgan quyidagi jumlalar bayon etiladi: Emdi bilgil-kim, bu kitabni
ati “Merajnama” turur. “Nahj ul-faradis” atliq kitabdin turk tiliga evurduk. Kop
kisilarga fayda teksun tep, Ta’ri ta’alani’ tavfiqi birla tamam bitilip, xalayiqni’ ko‘li
koziga sirin korungay [Courteille, 1882; 840]. Olim shu o‘rinda “Me’rojnoma”
tarjima qilingan “Nahju-l-farodis” forscha yozilganligini, balki, arabchadan tarjima
qilinganligini taxmin qiladi, biroq asarda keltirilgan hadis va oyatlar aynan arabcha
ekanligini e’tirof etadi. Shuningdek, jannat va do‘zax sayohati faslining boshidagi
hadisning arabcha matni xattotning e’tiborsizligi natijasida tushirib qoldirilganligini,
turkiy mutarjim ham bu hadisning forschasini keltirishni lozim deb topmay,
“forscha yozildi” qaydini keltirib qisqartirganligini e’tirof etadi [Eckmann, 2003; 47].
Tadqiqotchi taxminiga ko‘ra “Me’rojnoma” asari arabchadan fors tiliga tarjima
etilgan. “Me’rojnoma”ga asos bo‘lgan forscha “Nahju-l-farodis” asari hamda bu
asarning arab tilidagi nusxasi bugunga qadar topilgani yo‘q. Olim ushbu asarning
Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasida Yangi Jomiy-784 raqami bilan qayd
etilganligi va TDK tarafidan Y. A. Ekmann so‘zboshisi bilan boshlanadigan nashr
Mahmud bin Ali as-Saroyi al-Kerdoriy (Kerdorlik Mahmud) qalamiga mansub
World scientific research journal
https://scientific-jl.org/index.php/wsrj
Volume-36_Issue-1_February-2025
7
bo‘lgan “Nahju-l-farodis”ning I bob, 7- va 8- bo‘limlari Me’roj hodisasini o‘z ichiga
olishini ta’kidlaydi [Sertkaya, 1977; 12]. Rus olimi S. Malov ham aynan shu mavzuga
qiziqib o‘rganganligi, biroq yanglish fikr bildirganligi ma’lum: “ “Me’rojnoma” -
“Jannat manzaralari” asarining tarjimasidir. Bu o‘sha Marjoniy o‘zining “Qozon va
Bulg‘or tarixi”ida aytib o‘tgan, muallifi Ali o‘g‘li Mahmud Bulg‘oriy (XIV asr)
bo‘lgan “Me’rojnoma” emasmikin?” [Malov, 1951; 96]. Oradan ko‘p yillar o‘tib, bu
borada tadqiqot o‘tkazgan turkolog olim E. N. Najipning xulosalari haqiqatga yaqin.
U Malovning yanglish fikrlariga qarshi chiqqan holda o‘zining mushohadalarini
asoslab, tili va tuzilishi, yozilgan davri va hajmi jihatdan farq qiluvchi bir nomdagi
ikki asarni adashtirish holatlari yuzaga kelganligini aytib o‘tgan [Nadjip, 2007; 265].
Farididdin Attor hayotda ko‘p bora qiyinchilik va talon-tarojlarga duch kelgan,
qismatning og‘ir sinovlari, larzalarini boshdan kechirgan, xotirjam yashash
imkoniyati unda juda oz bo‘lishiga qaramay, uning ijodiyoti baribir samarali kechgan.
U har tomonlama, chuqur ahamiyatga ega talay asarlarni kelajak avlodlarga abadiy
meros qilib qoldirgan. Davlatshoh Samarqandiy “Tazkiratush-shuaro” asarida Attor
asarlarining umumiy hajmini ikki yuz ellik ming baytga yaqin, deb ko‘rsatgani
ma’lum. U “Me’rojnoma” asarida Payg‘ambar Muhammad alayhissalomning
Buroqqa minib, yettinchi osmonga chiqqanlari va u yerda Allohning jamoliga
muyassar bo‘lganlari haqidagi Me’roj voqeasini bayon qiladi [Samarqandiy, 1987;
7]. O‘zbek olimlaridan Qosimjon Sodiqov qadimgi turkiy yodgorliklar tilini o‘rganar
ekan, XIV asr turkiy nasr namunalaridan biri Mahmud ibn Ali ibn as-Saroyi
qalamiga mansub bo‘lgan “Nahju-l-farodis” asarining 1357-1358 - yillarda Oltin
O‘rdaning poytaxti Saroy shahrida bitilganligini, qo‘lyozma nusxalari Istanbul, Qrim,
Qozon va Sankt-Peterburgda saqlanib kelayotganligini, har qaysisi o‘n bo‘limdan
iborat bo‘lgan to‘rt bobdan tashkil topganligini, muallif asarning har bir bo‘limini
arab tilida keltirilgan hadis bilan boshlaganligini, unda muqaddas Islom dinining
qonun-qoidalari, musulmonlik farzlari haqida ma’lumot beruvchi diniy axloqiy
mazmundagi asar bo‘lishiga qaramasdan, etnografik va tarixiy ma’lumotlarga
boyligi haqida ma’lumot beradi [Sodiqov, 2006; 21]. Islom dini Payg‘ambari
Muhammad alayhissalomning Me’rojga ko‘tarilganliklari haqidagi barcha asarlarda
deyarli bir xil ma’lumotlar keltiriladi. Arab, fors, turkiy tildagi manbalarda bu voqea
alohida ehtirom bilan tilga olinadi. 1858 - yilda Namanganda tug‘ilib, axloqiy-
ta’limiy, diniy-ma’rifiy mavzularda barakali ijod qilgan olim va mudarris Mulla
Yo‘ldosh Xilvatiyning ham bu borada tinimsiz mehnat qilganligi, aynan shu mavzuni
batafsil yoritib beruvchi mukammal asar yozganligi tarixdan ma’lum. Asar 1895 -
yilda muallifning qo‘lyozmasi asosida bitilgan bo‘lib, hozirda uning Jiydakapa
qishlog‘idagi uy muzeyida saqlanib kelmoqda. “Mavludi sharif” Payg‘ambar
Muhammad alayhissalomning mavludlari haqida o‘zbek tilida yozilgan yagona
she’riy doston hisoblanadi. Kitobda Me’roj kechasi bayoni uchun alohida bir katta
bob ajratilgan.
TADQIQOT METODLARI
Mazkur tadqiqot metodlari bevosita tarixiy, badiiy hamda qiyosiy tahlillardan
iborat. Jumladan, XX asr boshlari Namangan adabiy harakatchiligi namoyandalari,
xususan, Nodim, Hayrat, Xilvatiy, Ibrat, So‘fizoda, Dog‘iy, Suhayliy adabiy
merosiga oid manbalarni o‘rganish, ularning o‘zbek adabiyoti tarixida tutgan o‘rnini
belgilash, ijodidagi an'ana va yangilanish tamoyillarini aniqlashdan iborat. XX asr
World scientific research journal
https://scientific-jl.org/index.php/wsrj
Volume-36_Issue-1_February-2025
8
boshlari Namangan adabiy harakatchiligi namoyandalari hayoti va adabiy merosiga
oid manbalarni jamlab, ilmiy qimmatini belgilash; mazkur adabiy harakatchilikka
doir manbalar, arxiv va esdalik materiallari, davriy nashrlardagi adabiy merosi tahlili
asosida ularning o‘zbek adabiyoti tarixida tutgan o‘rnini baholash; o‘rganilayotgan
shoirlar merosining mavzu ko‘lami va janr xususiyatlarini aniqlash; adabiy
harakatchilik namoyandalari ijodida mumtoz she’riyat an’analari va novatorlikning
namoyon bo‘lishidagi adabiy-estetik tamoyillarni yoritish; adabiy harakatchilikning
boshqa adabiy muhitlardan farq qiladigan o‘ziga xos xususiyatlari haqida xulosalar
chiqarishdan iborat. Tadqiqot ob’yekti sifatida Xilvatiy asarlarining joriy nashrlari,
qo‘lyozma va toshbosma bayozlari, shuningdek, vaqtli matbuotdagi ular adabiy
merosiga doir maqolalar tanlab olindi.
Shuningdek, islom dini Payg‘ambari Muhammad (s.a.v.)ning Me’rojga
ko‘tarilganliklari xususida shu kungacha bitilgan manbalar qiyosiy metod asosida
o‘rganilgan. Jumladan, arab olimlaridan Imom Ja’far Barzanjiy qalamiga mansub
bo‘lgan dastlabki diniy manbalardan biri “Iqd ul-javhar fiy mavlid an-Nabiy al-azhar”
hamda o‘zbek tilida bitilgan “Mavludi sharif” asarlarini qiyoslaganda ancha farq
seziladi. Barzanjiy kitobining ikkita mashhur sharhi bor. Kitobga Misrda molikiylar
muftiysi bo‘lgan Muhammad ibn Ahmad Alish “al-Qavl ul-munjiy a’lo mavlid al-
Barzanjiy” degan sharhni 1269-hijriy yilda Rabi’ us-soniy oyida yozib tugatgan. Sal
keyinroq esa, ya’ni 1279-yilda Sha’bon oyida Ja’far al-Barzanjiyning avlodidan
bo‘lmish, Madinai munavvarada Shofi’iylar muftiysi bo‘lgan Ja’far ibn Ismoil ibn
Sayyid Zaynuddin ibn Sayyid Ja’far al-Barzanjiy degan zot “al-Kavkab al-anvar a’lo
Iqd al-javhar” nomli katta sharh yozgan. Bu ikki sharh ham Misrda 1310-yilda “Al-
Maymaniyya” matbaasida nashr etilgan. Ayrim olimlar Xilvatiyning asari Barzanjiy
asarining tarjimasi deb baho berganlar. Biroq bu fikr noto‘g‘ri ekanligini Xilvatiyning
avlodlaridan bo‘lgan adabiyotshunos olima Ozoda Boltaboyeva ta’kidlaydi. Uning
fikricha, bu asar aynan arab tilidan tarjima emas, balki yaxlit, mukammal asardir.
Mulla Yo‘ldosh Xilvatiy ustozi Langariydan shu mavzuda asar yozish haqidagi
vasiyatni eshitgach, tushida islom dini Payg‘ambari Muhammad alayhissalomni
ko‘radi va 1895-yilda mazkur asarni yozishga kirishadi. Asarlarni o‘zaro
taqqoslaganimizda Xilvatiyning tili ravonligini, badiiy tasvir vositalari, she’riy
san’atlardan keng foydalanganligini, voqealarni aniq va ravshan, qisqa va lo‘nda,
o‘quvchilarga tushunarli qilib ifodalaganligini, har bir voqea bayonida kichik
hikoyalar keltirganligini ko‘ramiz.
NATIJALAR VA MUNOZARA
Turkiy Me’rojnomalarni o‘rganishda rus olimi S. Malov, turk olimlari Emir
Nadjip, Sertakaya, Osman Fikrilarning olib borgan ilmiy tadqiqotlari natijalarini
qiyosiy tahlil qilinganda ayrim xatoliklar, yanglish fikrlar bildirilganligiga guvoh
bo‘lamiz. Bu borada chuqur izlanishlar olib borgan o‘zbek olimlari Jahongir Turdiev
hamda Qosimjon Sodiqovlarning mulohazalari aynan haqiqatga yaqin ekanligi
tarixiy, badiiy, qiyoslash metodlari orqali aniqlangan.
Islom tarixida keyingi davrlarda vujudga kelgan adabiyotlarda ham bu mavzu
qayta-qayta tilga olinadi. Jumladan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
hazratlarining “Hadis va hayot” nomli asarlarida quyidagi fikrlarga duch kelamiz: Isro
hodisasi islom da’vatining eng og‘ir va mashaqqatli davrida sodir bo‘ldi. Bu vaqtda
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u kishiga iymon keltirgan musulmonlarga
World scientific research journal
https://scientific-jl.org/index.php/wsrj
Volume-36_Issue-1_February-2025
9
kuchli tazyiq o‘tkazilardi. Zero musulmonlarni mushriklar zulmidan himoya qiluvchi
Abu Tolib va Xadiyja binti Xuvaylid onamiz ham vafot etib ketishgandi. Shunday
qiyin va mahzunli bir damda Isro va Me’roj kechasi – Rasululloh sollallohu alayhi
vasallamning Alloh taolo huzuriga chiqishlari sodir bo‘ldi. Bu narsa u zotdagi g‘am-
tashvishni ketkazish, da’vat yo‘lida sobitqadam bo‘lish, qalbga surur bag‘ishlash
uchun tasalli berish edi. Me’roj Hazrat Payg‘ambarimizga berilgan ulug‘
mo‘jizalardan biridir. Boshqa biror Payg‘ambarga bunday ulug‘ maqom berilmagan.
Me’roj voqeasiga insonning aqli yetmaydi. Uning zamon, makon va masofa kabi
tushunchalarni anglatishga har qanday qalam ojiz. Bu hodisa ba’zi Hanafiy
ulamolarimizning tahqiq qilishlaricha, hijratdan bir yarim yil oldin, Ramazon oyining
o‘n yettinchi kuni sodir bo‘lgan [Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, 2008;
12]. Aksariyat olimlarning fikriga ko‘ra, 27-rajab Me’roj oyidir. Rasuli akramning
Me’roj hodisalari hijratdan bir yarim yil, ya’ni o‘n to‘qqiz oy avval bo‘lib o‘tgan.
Ko‘pchilik eski roviylar Me’rojning hijratdan bir yil yoki o‘n sakkiz oy oldin ro‘y
berganini aytishadi. Qur’oni karimning ifodasiga ko‘ra, Me’roj bilan hijrat orasidagi
vaqt uzoq emas, Me’rojdan so‘ng hijrat ham yaqinlashib qolgan edi [Ko‘nrapa, 1995;
127]. Me’roj ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra hijratdan uch, ayrim rivoyatlarga ko‘ra esa
bir yarim yil oldin sodir bo‘lgandir [Keski o‘g‘li, 1997; 47].
Shayx Akbarobodiy o‘zining “Nodirul me’roji turkiy” asarida Isro va Me’roj
voqeasi haqida quyidagi fikrlarni keltiradi: “Va ani (Me’rojni) voqe’ bo‘lg‘on vaqtida
ham ixtilof etgandurlar. Va ulamolarni ko‘blari Me’roj rabi’ul avval oyida,
Payg‘ambarlikning o‘n ikkinchi yilida voqe’ bo‘lg‘ondur deyurlar. Va ba’zilar
ayturlar, Me’roj hijratdin bir yil-u besh oy burun erdi. Bu rivoyatga qaraganda, shul
oyda voqe’ bo‘lsa kerak. Va bir qavlda rajab oyining yigirma yettinchisida voqe’
bo‘lg‘ondur va ba’zilar Payg‘ambarlikning beshinchi yilida voqe’ bo‘lg‘ondur
deyurlar” [Akbarabodiy, 1995; 29].
Safiyurrahmon Muborakfuriy “Ar-rahiyqul maxtum” kitobida “Isro va Me’roj”
voqeasi qachon sodir bo‘lgani to‘g‘risida aytilgan quyidagi olti xil qarashni keltirgan:
1. Isro Alloh taolo u zotni nubuvvatga musharraf etgan yili bo‘lgan.
2. Payg‘ambar bo‘lganlaridan besh yil keyin bo‘lgan.
3. Nubuvvatning o‘ninchi yili rajab oyining 27-kechasida bo‘lgan.
4. Hijratdan o‘n olti oy oldin nubuvvatning 12-yili ramazon oyida bo‘lgan.
5. Hijratdan bir yilu ikki oy oldin nubuvvatning 13-yilida muharram oyida
bo‘lgan.
6. Hijratdan bir yil oldin nubuvvatning 13-yilida robi’ul avval oyida bo‘lgan.
Keyin so‘zida davom etib, Isro surasida Isro qissasi bitta oyatda zikr qilingani,
so‘ngra Bani Isroil va ularning buzg‘unchiliklari haqida so‘z yuritilgani, Qur’onning
eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilishi haqidagi xabar berilgani hamda bu oyatlarning
oralaridagi bog‘liqliklar va ularning hikmatlari haqida atroflicha so‘z yuritib, oxirida
“Ushbu hikmatlarga ko‘ra Isro birinchi “Aqaba bay’ati”dan salgina oldin yoki ikki
“Aqaba bay’at”larining orasida bo‘lgan”, - degan [Abdurahim, 2012; 174].
Me’roj kechasi Rasuli akramning qayerda bo‘lganlari ham ixtilofli masaladir.
“Sahihayn”dagi Buxoriy va Muslim rivoyatiga ko‘ra, Rasuli akram Harami sharifda
“Xatiym” deb atalgan joyda edilar (Xatiym Ka’baning ta’miri davomida ochiqda
qolgan joy edi. Quraysh peshvolari bu yerda yotib qolishni odat qilishgan. Rasuli
akram ham ba’zan shu yerda yotib qolardilar). Boshqa bir rivoyatga ko‘ra, bu paytda
World scientific research journal
https://scientific-jl.org/index.php/wsrj
Volume-36_Issue-1_February-2025
10
Rasuli Akram Ummu Honiy uyida bo‘lganlar. (Ummu Honiy Abu Tolibning qizidir.
Uning uyi Abu Tolib mahallasida edi) [Ko‘nrapa, 1995; 128]. “Mavludi sharif”da
ham Xilvatiy bu fikrni tasdiqlaydi [Xilvatiy, 2021; 92]. Muhaddislar rivoyat
qilishlaricha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam xufton namozidan so‘ng Ummu Honiy
binti Abu Tolibning uyida uxlab yotganlarida, Isro hodisasi boshlandi. O‘sha kechasi
Buroq nomli hayvonga minib, Baytul Maqdisga bordilar. So‘ngra u yerdagi katta
xarsang tosh ustida turganlarida Me’rojga ko‘tarildilar. Hozirda o‘sha tosh ustiga
qubba – gumbaz qurilgan, dumaloq bino shaklidagi suratlari butun dunyoga
tarqatilgan. Ko‘pchilik bilmasdan, uni Masjidul Aqso deb tushunadilar [Shayx
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, 2013; 185].
Me’roj voqeasi “Sahihul Buxoriy” va “Sahihul Muslim” kitoblarida haqqoniy
bayon etilgan. Qozi Iyoz ham o‘zining “Shifo” asarida bu haqda alohida to‘xtalib
o‘tgan. Anas ibn Molikdan rivoyat qilinishicha, Rasululloh Me’roj voqeasini shunday
bayon etganlar: “Menga eshakdan kattaroq, xachirdan kichikroq qadami ildam bir
ulov keltirildi. Uni minib Baytul maqdisga bordim. Ulovni Payg‘ambarlarning
ulovlari turadigan joyga bog‘lab, masjidda ikki rakat namoz o‘qib chiqdim. Jabroil
menga bir idishda may bilan ikkinchi idishda sut keltirdi. Men sutni tanladim. “Tabiiy
narsani topding”, - dedi Jabroil. Shundan keyin osmonga ko‘tarildik [Huzariy, 1992;
65].
Sulaymon Boqirg‘oniy “Me’rojnoma” asarida juda ko‘p qadimiy sof turkiy
so‘zlarni qo‘llaganligi tarixdan ma’lum. Bu asar XIX asr o‘rtalarida ko‘chirilgan.
“Me’rojnoma” avvalida Allohga maqtovlar keltiriladi va uning sifatlari aytiladi: unga
nisbatan “Bir-u bar”, ya’ni “Yakkayu-yagona”, “Erklig”, ya’ni “Qodir”, “Ko‘rkluk”,
ya’ni “Go‘zal” so‘zlari qo‘llanilgan. Yakkayu-yagona, qodir, go‘zal Alloh taolo
bizga nazar qildi, Mustafoni, ya’ni Muhammad (s.a.v.)ni yuborib, bizni unga ummat
qildi. Bu ishi bilan bizlarga ko‘p marhamatlar qildi, - degan fikrlarni keltiradi. Alloh
taolo o‘z nuridan Rasuli akramni yaratdi va unga “Habib” deb nom qo‘ydi,- degan
mulohazalarni bayon etadi [Boqirg‘oniy, 2013].
Zamonasining mashhur faylasuf olimlaridan Ahmad Yassaviy o‘zini faqirlar
zumrasiga kiritadi va bu bilan faxrlanadi. Faqir esa dunyoning asbobu ahvolidan hech
narsaga ega bo‘lmagan, hech bir tama’u da’vosi bo‘lmagan kishi, faqirlarning Olloh
diydoridan o‘zga talablari yo‘q. Faqirlikni insoniylik mohiyati deb bilib, g‘aniylik,
egalikni Ollohning sifati hisoblaydilar. “Devoni hikmat”da yoziladiki, Yassaviy ruhi
hali u tug‘ilmasdan Ilohga oshiq edi. Chunki hazrati Payg‘ambar alayhissalom Me’roj
tunida ko‘kda faqr haykalini ko‘rdilar (nur shaklida). Bu mening ruhim edi, deb
yozadi Ahmad Yassaviy:
Me’roj uzra haq Mustafo ruhim ko‘rdi [Yassaviy, 2013].
O‘zbek tarjimonlaridan Dilfuza Sarvarova “Muqaddas oylar va mustajob
duolar” kitobida bu ikki kechaning bir-biridan farqini quyidagicha ta’riflaydi: Isro –
Payg‘ambarimizning (s.a.v.) Makkadan Quddusga, ya’ni masjidi Haromdan masjidi
Aqsoga qilgan tunggi sayrlari. Me’roj esa – masjidi Aqsodan osmonga ko‘tarilishlari.
Me’rojda Alloh taolo tomonidan qilingan hukmlar juda ulug‘dir. Bu hukmlar
insonlarni diyonatli, yaxshi xulqli, mehr-muruvvatli, halol-pok bo‘lishga hamda
harom va nopoklikning turli ko‘rinishlaridan hazar qilishga chorlaydi [Sarvarova,
2005; 81]. Bu voqealarning hadislarda bayon etilishi bo‘yicha Alixonto‘ra
Sog‘uniyning “Tarixi Muhammadiy” asari guvohlik beradi: Payg‘ambarimiz
World scientific research journal
https://scientific-jl.org/index.php/wsrj
Volume-36_Issue-1_February-2025
11
kechaning bir parchasida Masjidul Haromdin chiqib, Quddus shahridagi Masjidul
Aqsoga kelganlari onglanadi. Endi bu oyat shu masalada qat’iy dalil bo‘lganlikdan,
Isroga inkor, ya’ni Masjidul Aqsoga kelish inkori iymonga muxolifdur. Ammo
Me’roj deb “Masjidul Aqsodin osmon olamiga chiqqani aytilur. Bu esa hadis bilan
sobit bo‘lgan masaladur [Sog‘uniy, 2007; 50].
Hadislarda keltirilishcha, “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Quraysh
meni yolg‘onchiga chiqargach, Hijrning ichida turdim. Shunda Alloh menga Baytul
Maqdisni namoyon qildi. Unga qarab turgan holimda ularga uning belgilaridan xabar
bera boshladim”, - deyayotganlarini eshitganman” [Buxoriy, 2014; 155]. Bu voqea
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Me’rojga chiqib kelganlaridan so‘ng,
mushriklar u kishini inkor qilib, yolg‘onchiga chiqarganlarida sodir bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hijrning ichida turib mushriklarga Allohning
yordami bilan Baytul Maqdisni tavsiflab berganlar.
Turk adibi Ahmad Lutfiy Qozonchining “Saodat asri qissalari” asarida mazkur
kecha Rajab oyining yigirma oltinchi kunidan yigirma yettinchi kuniga o‘tar kechasi
sodir bo‘lganligi aytiladi. Rasululloh (s.a.v.) “Me’roj” nomi berilgan ishga binoan
ko‘kka yuksala boshladilar. Payg‘ambarimiz (a.s.) bu haqda hikoya qilar ekanlar:
“Men Me’rojdan go‘zalroq, ko‘z qamashtiradigan g‘aroyibroq narsani ko‘rmadim.
Sizlardan vafot etadigan kimsalar uni ko‘rishga muvaffaq bo‘ladilar, o‘lganlar unga
tikilganlarida hayronu lol qoladilar”, - degan edilar [Qozonchi, 2020; 58].
Payg‘ambar Muhammad alayhissalom Jabroilni ikkinchi bor Me’roj kechasida
ko‘rganliklari, bu darajaga hech bir Payg‘ambar, hech bir farishta yetmaganligi
Adham Ibrohimning “Eng komil inson” asarida keltiriladi [Ibrohim o‘g‘li, 2022;
137].
She’riy asarlarda ham azaldan Me’roj mavzusiga alohida e’tibor qaratilgan.
Jumladan, buyuk alloma Alisher Navoiy ijodida ham yaqqol ko‘zga namoyon bo‘lgan
mavzulardan biri Me’roj kechasi hisoblanadi. Ilmiy tadqiqotchi olim Fayzulla
Iskandarov bu haqida izlanishlar olib borib, kechaning tasviri Navoiy tilidan o‘zgacha
mahorat bilan yoritilganligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, Payg‘ambarimiz
Muhammad (s.a.v.) aynan shu kechada Yor vasliga yetishganliklaridan behad
xursand bo‘lganlar:
Bir kecha zulmatqa qolib koinot
Mehr nihon o‘ylaki aynul hayot.
Garchi ul chashma nazardin qochib,
Xizr ko‘k uzra qatarotin sochib [Iskandarov, 2017; 164].
Tadqiqotchi shu o‘rinda olim Muslihiddin Muhiddinovning mulohazalarini
keltirib o‘tadi. Uning ta’kidlashicha, Navoiy osmon jismlarining intizorligini bayon
etishdan oldin Rasululloh (s.a.v.) o‘z ichki kechinmalari – Tangri bilan muloqot
mujdasidan yuragi beorom, joni ichiga sig‘may quvonishini ko‘rsatgan:
Chunki nabiy mujdai jonon topib,
Mujdai jonon chu topib, jon topib.
Payki oni qo‘ldabon otlon durub,
Raxshini kelgan sori – o‘q yondurub [Muhiddinov, 2005; 47].
Navoiyshunos olim Sayfiddin Rafiddinovning guvohlik berishicha, Navoiy
“Farhod va Shirin” dostonida Me’roj kechasini izohlab, (Payg‘ambarning) ko‘zi
o‘ngu so‘lga og‘maganligini, o‘z haddidan oshmaganligini, u (o‘sha soatda)
World scientific research journal
https://scientific-jl.org/index.php/wsrj
Volume-36_Issue-1_February-2025
12
Parvardigorning buyuk oyatlarini (ya’ni u zotning qudrati ilohiyasiga dalolat
qiladigan juda ko‘p alomatlarni) ko‘rganligini bayon etadi [ Rafiddinov, 2021; 129].
F.Iskandarov olib borgan tadqiqotlarning xulosalariga ko‘ra buyuk o‘zbek olimi
Najmiddin Komilov ta’biri bilan aytganda, Me’roj mavzusi Navoiyning eng sevgan
mavzusidir. Chunki Navoiy ham, boshqa so‘fiy yoki mutasavvuf shoirlar ham
Payg‘ambar Me’rojida tasavvuf g‘oyalariga yaqin narsani va so‘fiylarning ruh uruji
(ko‘tarilish), tariqat maqomlarini egallab, Parvardigor huzuriga musharraf bo‘lish
g‘oyasining isbotini ko‘radilar [Komilov, 2005; 216].
Muhammad alayhissalom haqlarida yozilgan eng mukammal she’riy doston
sanalgan “Mavludi sharif”da Me’roj kechasi batafsil bayon etiladi [Boltaboyeva,
2019].
Xilvatiy mazkur bobni “Muhammad sollallohu alayhi vassallamning Me’rojlari
bayoni” deb nomlaydi. Bob avvalida bir kecha Ul Zotning amakilarining qizi Ummu
Honiy uyida ekanliklari aytiladi:
Bir kecha ul toyiri nuri oshyon,
Bulbuli xushgo‘yi rahmat guliston.
Bog‘i rahmatning guli navrastasi
Ham guli navrastai guldastasi.
Anbiyolar zumrasig‘a toji sar,
Charxi izzat avjida nuri qamar.
Ya’ni, mahbubi Xudovandi taol,
Ul Muhammad Mustafo, nuri Jalol.
Ummu Honiy uyida yotgan edi,
Nurridin bistar aro botgan edi [Xilvatiy, 2021; 92].
Shu kecha Jabrail alayhissalomga Yaratgandan amr bo‘ladi. Unga jannatga
borib, Buroq ismli otni topish, uni egarlab, Muhammad (s.a.v.)ni mindirgan holda
arshi a’loni sayr qildirish vazifasi topshiriladi:
Jabrailg‘a amr qildi Kirdigor:
“Betavaqquf ushbu tun jannatga bor.
Bir murassa’ toj ila nurdin kamar
Ham Buroqe bodpoyu tez par.
Hullakim toru pudi nur erur,
Kimga darbor aylasa, masrur erur.
Ushbu majmu’ni sarolab, soz etib
Bor Habibim qoshig‘a parvoz etib.
Anga yetkurgil payomim, yo Amin,
Sayr qilsun bu kecha Arshi barin.
World scientific research journal
https://scientific-jl.org/index.php/wsrj
Volume-36_Issue-1_February-2025
13
Lomakon ichra manga arzin desun,
Ne’mati qurbi visolimni yesun” [Xilvatiy, 2021; 93].
Jabrail alayhissalom jannat tomon yo‘l oladi va Buroqni qidirishga tushadi:
Eltgali bu rang farmoni Jalil
Ayladi parvoz ul dam Jabrail.
Turfatul ayn ichra jannatun Naim
Bo‘stonig‘a borib bo‘ldi muqim.
Hullau toju murassa’ni topib,
Justujo‘ qildi Buroqni axtarib [Xilvatiy, 2021; 93].
Lekin jannati Naimda yuz ming Buroq o‘tlab yurganligini ko‘rib, hayron bo‘ladi.
Bularning ichidan qaysi birini tanlashga boshi qotadi:
Sabzazorig‘a qadam qo‘ydi hamon
Ko‘rdikim, yuz ming Buroq o‘tlar ekan.
Ul Buroqlar ichra ko‘rdi bir Buroq,
Yemishidur sabzai dashti firoq [Xilvatiy, 2021; 93].
Barcha otlar jannatda barra o‘tlardan yeb, zilol suvlardan ichib yurardilar.
Ularning orasida bittasi o‘t ham yemay, suv ham ichmay, xomush bo‘lib, ko‘zlariga
yosh to‘lib turardi:
O‘zgalar o‘t o‘tlashib, suv suvlashur,
Izg‘ishib, o‘ynog‘lashib, uyqulashur.
Bu alar ichra suv ichmas, o‘t yemas,
O‘tu suvg‘a mayl qilmas, izg‘imas.
Ko‘zidin tinmay sirishki oqadur,
Toqat etmay har tarafg‘a boqadur.
Jonini hijron chayoni choqadur,
Bag‘rig‘a har lahza o‘tlar yoqadur [Xilvatiy, 2021; 94].
Jabrail uning yoniga kelib buning sababini so‘raydi:
Ko‘rub ul bechorani Ruhul amin
Jonibiga qo‘ydi shafqat maqdamin.
Jabrail aydi anga: “Ey bezabon,
Manga o‘z kayfiyating etgil bayon.
Nega o‘t yemay, suv ichmay yurasan,
Yosh ila ikki ko‘zung to‘ldurasan?
World scientific research journal
https://scientific-jl.org/index.php/wsrj
Volume-36_Issue-1_February-2025
14
Na sababdurkim bu yanglig‘ zorsan,
Notavonu xastavu afgorsan?
O‘zga yo‘ldoshing hama shodob erur,
O‘t bila, suv bila serob erur” [Xilvatiy, 2021; 94].
Buroq unga javoban qirq ming yildan beri shu jannatda yashashini, lekin
hanuzgacha dili vayron ekanligini, bunga sabab esa qalbida Muhammad
alayhissalomga nisbatan buyuk bir ilohiy tuyg‘u bo‘lib, unga tinchlik bermasligini, ul
zotning vasliga yetmaguncha shu holat davom etishini aytadi. Zohiran makoni jannat
bo‘lsada, botinan do‘zax azobida, hijron dardida kuyganligini bayon etib, tilga kiradi:
Dedi ul dam ul Buroqi notavon,
Yoshini aylab iki ko‘zidin ravon:
“K-ey maloik ahlini Payg‘ambari,
Barcha qudsiylar azizi, sarvari.
Qirq ming yil bo‘ldikim, hol ushbudur,
Siz gumon etmangki, ahvol ushbudur.
Boisi shulkim, eshittim bir nido,
“Yo Muhammad!”, deb nido qildi Xudo.
Chun qulog‘img‘a yetib ul nomi pok,
Xanjari ishqida bag‘rim bo‘ldi chok.
Dam-badam ishqim o‘ti afzun bo‘lur,
Diydadin qon yoshlarim Jayhun bo‘lur.
Ul zamondin to bu dam ovoraman,
Sohibi ul nomi pok axtoraman.
Zohiran garchi makonimdur bihisht,
Botinan do‘zax o‘tig‘a siyna tasht [Xilvatiy, 2021; 95].
Jabrail alayhissalom o‘sha uzoq kutilgan kun kelganligini, Rasululloh vasliga
erishish nasib etganligini aytadi va uni qizil yoqut bilan egarlab, yerga tushadi:
Ya’ni, Jabrail Amin arzi Buroq
Eshitib dediki: “Ey zori firoq!
Shod bo‘lkim, bul kecha mahbubni,
Ko‘nglung olg‘on dilbari marg‘ubni.
Vasliga lutfi Xudo vosil qilur,
Harna maqsudingki bor hosil qilur [Xilvatiy, 2021; 96].
Ummu Honiy uyiga yetib kelganlarida Jabrail “Yo Muhammad, kirishga izn
bormi?” deb so‘raydi. Bu kecha unutilmas kecha ekanligini, Yaratgan ul zotni Rizvon
World scientific research journal
https://scientific-jl.org/index.php/wsrj
Volume-36_Issue-1_February-2025
15
bihishtiga, jannatga tashrif buyurishlarini, yetti osmonni sayr qilishlarini
buyurganligini aytadi:
Ummu Honiy uyig‘a keldi yetib,
-“Yo Muhammad!” – dedi ul ovoz etib, -
Kirgali bormu ijozat, yo Habib,
Jurmu isyon dardig‘a hoziq tabib.
Haq salom aytti nihoyatdin fuzun
Ham payomi haddu g‘oyatdin fuzun.
So‘ngra aydikim: “Habibim bu kecha,
Nuri rahmatg‘a qaribim bu kecha.
Arshu Kursini tamosho aylasun,
Yetti osmonni qadamjo aylasun” [Xilvatiy, 2021; 97].
Shu kecha barcha jannat eshiklari ochiladi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)
Buroq otiga minganlaricha sayr qilishga oshiqadilar. Avval masjidi Aqsoga qadam
qo‘yadilar. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ushbu masjidda barcha
Payg‘ambarlar davrasida imomlik qiladilar va ikki rakat namoz o‘qiydilar. So‘ng ular
bilan vidolashib, Saxraning ustidan qaror topadilar. Ular uchib ketayotganlarida Saxra
ham ortilaridan ergashadi, lekin unga “Senga ijozat yo‘q” degan amr bo‘ladi. Shu
sababli turgan joyida muallaq qoladi.
Rasululloh alayhissalom tashriflaridan uch xil - oq, qizil, ko‘k gullar ochiladi va
ular yodgorlik bo‘lib qoladi:
Terladilar ushbu yo‘lda ul uchav,
Shoh, shotir ham Buroqi tezrav.
Har araqkim misli marjonu guhar,
Ayladi paydo tani Xayrul bashar.
Andin oq gulning niholi bosh chiqib,
Yashnadi bir soat o‘tmay ochilib.
Xo‘yilarkim Jabraildin bo‘ldi fosh,
Sabz o‘lub naxli qizil gul chekti bosh.
Harnakim chiqdi Buroqdin ul zamon,
Ul guli ra’no ko‘kardi begumon.
Ushbu uch gul bul uchavdin yodgor,
Jumlai ummatg‘a qoldi poydor [Xilvatiy, 2021; 101].
World scientific research journal
https://scientific-jl.org/index.php/wsrj
Volume-36_Issue-1_February-2025
16
Charx avvaliga yetib kelganlarida Jabrail “Och eshik!” deya amr qiladi.
Darbonlar eshiklarni ochib, gavhar sochadilar va “Marhabo yo nuri Haq” deya tavof
qiladilar. Barcha farishtalar toatda bo‘ladilar va “Me’rojingiz qutlug‘ bo‘lsin” deya
qarshi oladilar. Bu kechadan behad lutf olishlarini, bunday sharafga hech bir
Payg‘ambar munosib ko‘rilmaganligini aytadilar:
Charxi avvalg‘a yetushub shul zamon,
“Och eshik”, - deb Jabrail qildi fig‘on.
Anda darbonlar eshikni ochtilar,
Mustafo boshig‘a gavhar sochtilar.
“Marhabo yo nuri Haq”, - deb qudsiyon
Tavf qildilar Muhammadni ravon.
Ko‘rdilarkim, barchasi toatdadur,
Bir farishta yo‘qki ul g‘aflatdadur [Xilvatiy, 2021; 101].
Shu tariqa Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) yetti osmonni sayr
etadilar. Qayerga borsalar, maloikalar ularni o‘zgacha hurmat-ehtirom bilan
qarshilaydilar. Sidrada Jabrail va Buroq qolishlari lozimligini aytadilar. Shu ondayoq
Rafraf paydo bo‘ladi va Rasululloh alayhissalom unga minib, sayrni davom
ettiradilar. Oxiri na turish, na yurish, na makon, na zamon bo‘lmagan bir xilvat joyda
to‘xtaydilar. Shu yerda ikki olam sarvari bilan diydorlashuv bo‘lib o‘tadi. Diydor
chog‘i Alloh taolo shunday deydi:
So‘ngra aydi Haq Muhammadg‘a:
Ayo Sarvari olam azizi du saro.
Bu kecha ul kechakim, har muddao
San talab qilsang, Man aylarman ato [Xilvatiy, 2021; 105].
Shunda Rasulimiz alayhissalom Yaratganga ikki hadya keltirganliklarini
aytadilar:
Sanga ikki hadya kelturdum bukun,
Ey Hakimi oshkoru yoshirun.
Birisi o‘ksuk namozu toatim,
Birisi jurmu gunohi ummatim [Xilvatiy, 2021; 106].
Alloh Taolo bu so‘zlarni eshitgach, hadyalarning ikkisini ham qabul qilganligini
va ummatlarning gunohlaridan kechganligini aytadi:
Haq dedi: “Toatlaring qildim qabul,
Ummating jurmini o‘ttim, yo Rasul.
Barcha ummatlarni rahmat ayladim,
Manzilin gulzori jannat ayladim” [Xilvatiy, 2021; 107].
Shundan so‘ng Sidraga qaytadilar va Buroqqa minib, Saxra ustidan uchib o‘tib,
Ummu Honiy uyiga keladilar. Ichkari kirganlarida eshik zanjiri ochilmaganligini,
to‘shaklari sovumaganligini ko‘radilar. Tongga qadar yotmay, o‘tirmay toat-ibodat
World scientific research journal
https://scientific-jl.org/index.php/wsrj
Volume-36_Issue-1_February-2025
17
qilib chiqadilar. Bomdod namozidan so‘ng ona zamin uzra quyosh nurlari sochilgan
payt tashqariga chiqadilar va bo‘lgan voqeani sahobalariga yetkazadilar. Xabarni
eshitgan sahobalar g‘oyat shod bo‘lib, ul zotni Me’roj bilan muborakbod etadilar:
Qissai Me’rojidin ashoblar,
Shod bo‘ldilar xo‘b hama ahboblar.
Kimda gar bo‘lsa adovatdin asar,
Xira bo‘ldi ta’bi anglab bu xabar [Xilvatiy, 2021; 109].
Xilvatiy Me’roj kechasi bilan bog‘liq voqea bayoni so‘ngida kitobxonlarni
salavot aytishga da’vat qiladi:
Tammat o‘ldi qissai Me’roji Nur,
Lutf qildi hazrati Rabbi G‘afur.
Eyki, istarsiz hama g‘amdin najot
Aytingiz Payg‘ambarimga as-salot [Xilvatiy, 2021; 109].
XULOSA
Islom dini tarixida o‘ziga xos o‘rin tutgan Isro va Me’roj kechasi haqida turli
olimlarning fikrlari bilan tanishdik. Jumladan, arab tarixchisi Imom Ja’far Barzanjiy,
turk olimlari Emir Nadjip, Sertakaya, Ahmad Lutfiy Qozonchi, rus olimi Sergey
Malov, o‘zbek tarixchi va adabiyotshunos olimlari Ahmad Yassaviy, Imom Buxoriy,
Alisher Navoiy, Sulaymon Boqirg‘oniy, Farididdin Attor, Mulla Yo‘ldosh Xilvatiy,
qolaversa,
zamondosh
olimlarimizdan
Najmiddin
Komilov,
Muslihiddin
Muhiddinov, Jahongir Turdiyev, Fayzulla Iskandarov, Qosimjon Sodiqov, tarjimon
Dilfuza
Sarvarova,
namanganlik
olima
Ozoda
Boltaboyevalarning
fikr-
mulohazalarini o‘rgandik.
Xulosa sifatida shuni ta’kidlash joizki, ma’rifatparvar jadid olimlar safidan joy
olgan hamyurtimiz Mulla Yo‘ldosh Xilvatiyning Isro va Me’roj kechasi bayoni
to‘g‘risidagi fikrlari haqiqatga yaqindir. Asar tili, badiiy xususiyatlarining o‘ziga
xosligi shoir mahorati yuksakligidan dalolat beradi.
Bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan tarixiy manbalarni topish,
qadimgi o‘zbek mumtoz adabiyoti namunalarini chuqur tahlil qilish, bizgacha yetib
kelgan nodir yodgorliklarni har jihatdan mukammal o‘rganish hozirgi zamon
adabiyotshunoslari oldiga qo‘yilgan muhim vazifalardan sanaladi. Namangan adabiy
muhitida yashab ijod etgan buyuk olimlar, tarixchilar, ma’rifatparvar jadidlarning
nomlari nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo tarixida abadiy muhrlanishi uchun
ularning o‘lmas meroslarini ko‘z qorachig‘idek avaylab-asrashimiz lozim.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. M.Aminov O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi.4-jild, Toshkent, 2004-yil, 258-b.
2. Shayx Abdulaziz Mansur “Qur'oni Karim” Qayta ishlangan nashri, Toshkent, 2021.
3.Jahongir Turdiyev. “Me’rojnoma” asarining turkiy tildagi tarjimasi. Society and
innovations Special issue -1, №01.2020.
4. Courteille, Pavet de.1882. Miradj-nameh, Recit de l’Ascension de Mahomet au
Ciel Compose A.H. 840/1436-1437. Amsterdam: Philo Press.
5. Eckmann, Janos 2003. Harezm, kipcak ve cagatay turkcesi uzerine arastirmalar.
Ankara.
6. Sertkaya, Osman Fikri.1977. Islami Devrenin Uygur Harfli Eserlerine Toplu Bir
World scientific research journal
https://scientific-jl.org/index.php/wsrj
Volume-36_Issue-1_February-2025
18
Bakis. Bocum.
7. Malov Sergey. 1951. “Pamyatniki drevnetyurkskoy pis’mennosti” teksti i issledovaniya. Moskva.
8. Nadjip. 2007. Emir. “Regioni i etapi formirovaniya tyurkskix pis’mennix yazikov i literatur”. Turkestan.
9.Q. Sodiqov. 2006. Turkiy yozma yodgorliklar tili: adabiy tilning yuzaga kelishi va
tiklanishi. Toshkent.
10. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va Hayot. 5-juz Namoz. Toshkent: “Sharq”
nashriyoti. 2008-y. 12-bet.
11. Zakoi Ko‘nrapa. Payg‘ambarimiz va asharai mubashshara. Birinchi kitob. Makka davri. Toshkent:
“Movarounnahr” nashriyoti. 1995-y. 127-bet.
12. Usmon Keski o‘g‘li. Siyari Nabiy. Anqara: 1997-y. 47-bet.
13. Akbarabodiy. Me’rojnoma. Toshkent: “Yozuvchi” nashriyoti. 1995-y. 29-bet.
14. Abdulqodir Abdurahim. E’tiqod durdonalari “Bad’ul amoliy” sharhi. Toshkent: “Toshkent islom
universiteti” nashriyoti. 2012-y. 174-bet.
15. Mulla Yo‘ldosh Xilvatiy. Mavludi sharif. Toshkent: “Qamar media”. 2021- y. 92-105- bet.
16. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Hadis va Hayot. 19-juz. Olamlarga rahmat Payg‘ambar.
Toshkent: “Hilol-Nashr” 2013-y. 185-bet.
17. Muhammad Huzariy. Nurul yaqin. Toshkent: Cho‘lpon-Kamalak. 1992-y. 65–67-betlar.
18. D.Sarvarova. Muqaddas oylar va mustajob duolar. Toshkent: “Movarounnahr” nashriyoti. 2005-y. 81-
bet.
19. Alixonto‘ra Sog‘uniy. Tarixi Muhammadiy. Toshkent, 2007- y, 50-bet.
20. Fayzulla Iskandarov, Me’roj kechasining badiiy tasviri. “O‘zbekistonda xorijiy tillar” ilmiy-metodik
jurnali. 2017- yil, 164-bet.
21. Muslihiddin Muhiddinov. Komil inson – adabiyot ideali. Toshkent: 2005; 47-bet.
22. Najmiddin Komilov. Xizr chashmasi. Toshkent. 2005-yil, 216-bet.
23.Oltin silsila: 5-juz: Sahihul Buxoriy. Toshkent: “Hilol-Nashr” nashriyoti. 2014-y. 155-bet.
24. Sulaymon Boqirg‘oniy. Hikmatlar, nashrga tayyorlovchi E.Ochilov. Toshkent. 2013-y.
25. Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari, 2022. 58-bet.
26. Adham Ibrohim o‘g‘li. Eng komil inson. Toshkent, 2022 -yil, 137-bet.
27.Sayfiddin Rafiddinov. Istiqlol davri o‘zbek Navoiyshunosligi. Toshkent, 2021-y, 129-bet.
28. Ahmad Yassaviy. Hikmatlar, Toshkent. 2013-yil.
29.Davlatshoh Samarqandiy. Tazkiratush-shuaro.
30. O.Boltaboyeva. XX asr boshlarida Namanganda adabiy harakatchilik. (PhD) Dissertatsiya, Toshkent,
2019.
REFERENCES
1.
M.Aminov National Encyclopedia of Uzbekistan. Volume 1. Tashkent, 2004.
2.
Sheikh Abdulaziz Mansur. Holy Kuran. Revised edition. Tashkent, 2021.
3.
Jahongir Turdiyev. Turkish translation of “Merajname”. Society and innovations Special
issue-1, 2020.
4.
Courteille, Pavet de. 1882. Miradjnameh, Recit de l’Ascension de Mohamet au Ciel Compose
A.H. 840/1436-1437. Amsterdam: Philo Press.
5.
Eckmann, Janos. 2003. Research on Harezm, Kipchak and Chigatai Turkish. Ankara.
6.
Sertakaya, Osman Fikri.1977. Collected Works of Uygur Letters of the Islamic Era View.
7.
Malov Sergey. 1951. Monuments of ancient Turkish writing texts and research. Moscow.
8.
Najib Emir. 2007. Regions and stages of the formation of the Turkish. Written languages and
literatures. Turkestan.
9.
Q. Sadikov.2006. The language of Turkic written monuments: the emergence and revival of
the literary language. Tashkent.
10.
Sheikh Muhammed Sadik Muhammed Yusuf. Hadith and life. Chapter 5 prayer.
Tashkent.2008. Page 12.
11.
Zakoi Konrapa. Propet and asharai mubashara. The first book. Tashkent.1995. Page 127-128.
12.
Son of Usman Keski. Siyari Nabi. Ankara.1997. Page 47.
13.
Akbarabadi. The ceremony. Tashkent.1995. Page 29.
14.
Abdulkadir Abdurahim. Review of Bad’ul Amoli masterprieces of faith. Tashkent. 2012. Page
174.
15.
Mulla Yuldash Khilvati. Mavludi sharif. Tashkent.2021.
World scientific research journal
https://scientific-jl.org/index.php/wsrj
Volume-36_Issue-1_February-2025
19
16.
Sheikh Muhammed Sadik Muhammed Yusuf. Hadith and life. Chapter 19 prayer.
Tashkent.2013. Page 185.
17.
Muhammed Huzari. Nurul is close. Tashkent.1992. Page 65-67.
18.
D.Sarvarova. Holy months and mustajab prayers. Tashkent.2005. Page 81.
19.
Alikhantura Soguni. The history is Muhammedi. Tashkent.2007. Page 50.
20.
Fayzulla Iskandarov. Artistic depiction of the Night of Miraj. Foreign languages in Uzbekistan
– scientific-metodical magazine.2017. Page 164.
21.
Muslihiddin Muhiddinov. A Perfect person is the ideal of literature Tashkent.2005. Page 47.
22.
Najmiddin Komilov. Khizr spring. Tashkent.2005. Page 216.
23.
Bukhari. Golden series: Part 5. Sahihul Bukhari. Tashkent.2014. Page 155.
24.
Suleyman Bakirgani. Proverbs, prepared for publication by E. Ochilov. Tashkent.2013.
25.
Ahmad Lutfi Kazanchi. Tales of the Age of Happiness. Page 58.
26.
Adham son Abraham. The most perfect person. Tashkent.2022. Page 137.
27.
Sayfiddin Rafiddinov. Uzbek Navoi studies of the period of independence. Tashkent.2021.
Page 129.
28.
Ahmed Yassavi. Proverbs. Tashkent.2013.
29.
Davlatshah Samarkandi. Tazkiratush-shuaro.
30.
O. Boltaboyeva. Literary movement in Namangan at the beginning of the 20 th century. (Phd)
Dissertation. Tashkent.2019.