World scientific research journal
https://scientific-jl.com/wsrj
Volume-39_Issue-1_May-2025
323
ABDULLA QAHHORNING “AYB KIMDA?”
HIKOYASINING STILISTIK TAHLILI
Abdukarimova Nigora
Farg’ona davlat universiteti 1-kurs magistranti
E-mail: nabdukarimova85@gmail.com
Annotatsiya:
Ushbu maqolada Abdulla Qahhorning “Ayb kimda?” hikoyasi
asosida matn stilistikasi tahlil qilinadi. Asarda muallif va qahramonlar nutqidagi
stilistik kontrast, leksik-semantik vositalar, dialogik ifoda, kinoya va ironiyaning
badiiy-estetik xususiyatlari yoritiladi. Matn voqelikni tasvirlash bilan birga,
jamiyatdagi muhim tarbiyaviy muammolarni til vositasida ochib beradi.
Аннотация:
В данной статье анализируется стилистика текста рассказа
Абдуллы Каххара «В чём вина?». Рассматриваются стилистические контрасты
в речи автора и персонажей, использование лексико-семантических средств,
диалогическая форма, ирония и сарказм. Автор с помощью языка раскрывает
социальные и воспитательные проблемы, актуальные для общества.
Annotation:
This article analyzes the stylistic features of Abdulla Qahhor’s
short story Who Is to Blame?. It examines the stylistic contrast between the narrator
and characters, the use of lexical-semantic tools, dialogic structure, irony, and
sarcasm. Through language, the author highlights key educational and social issues.
Adabiy matnlar tahlilida stilistik yondashuv o‘ta muhim o‘rin tutadi. Zero,
badiiy asar nafaqat mazmun bilan, balki uni ifodalash vositalari - til, uslub, ohang va
obrazlilik orqali ham o‘quvchiga ta’sir qiladi. Stilistika fani matnning emotsional-
estetik qirralarini, til vositalari orqali yuzaga keladigan badiiy ta’sirni o‘rganadi. Bu
jihat ayniqsa, adibning hayotiy voqealarni qanday ko‘rganini, ularni qanday talqin
qilganini anglashda asosiy omil hisoblanadi.
Stilistik tahlil, bir tomondan, muallifning individual uslubini ochib bersa,
ikkinchi tomondan, davr ruhi, ijtimoiy holatlar va ruhiy ziddiyatlarni ham namoyon
etadi. Bunda leksik-semantik, sintaktik, fonetik, stilistik figuralar va troplarning
tahlili muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, o‘zbek adabiyotida o‘ziga xos badiiy-
uslubiy yondashuvi bilan ajralib turadigan Abdulla Qahhor ijodi stilistik tahlil uchun
boy material beradi.
Ushbu maqolada A. Qahhorning “Ayb kimda?” hikoyasi tahlil markaziga
olinadi. Hikoya muallifning o‘tkir kuzatuvchanligi, tanqidiy-yumoristik nigohi,
jamiyatdagi ma’naviy va tarbiyaviy muammolarga bo‘lgan chuqur munosabati bilan
ajralib turadi. Asarda obrazlar nutqi, dialoglarning tabiiyligi, muallif nutqidagi
kinoya, istehzo, epitet va boshqa stilistik vositalar o‘quvchini nafaqat fikrlantiradi,
World scientific research journal
https://scientific-jl.com/wsrj
Volume-39_Issue-1_May-2025
324
balki kulgu orqaligina emas, balki chuqur ijtimoiy muammo haqida o‘ylashga majbur
qiladi.
Demak, hikoya matni asosida stilistik tahlil olib borish, bir tomondan, A.
Qahhorning badiiy mahoratini ochib berishga, ikkinchi tomondan esa, o‘zbek
adabiyotida tanqidiy realizm uslubining ifodalanish shakllarini aniqlashga xizmat
qiladi.
1. Hamroevning stilistik portreti. Hamroev obrazi orqali muallif ziyolilarga xos
bo‘lgan tashqi jiddiyat va ichki sustkashlikni fosh etadi. Qahramon nutqi rasmiy-
pafosli, murakkab sintaktik qurilmalar, ritorik savollar va muqoyasali ifodalarga boy.
U o‘zini javobgar ota sifatida ko‘rsatishga urinadi, biroq bu harakatlar no‘noqlik va
kinoyali mantiq bilan aks etadi. Misol: “Men biron qog‘ozga o‘qimasdan qo‘l
qo‘ysam...” - bu jumla orqali Hamroev o‘z xatolarini o‘qituvchilarnikiga
tenglashtirib, aybni boshqalarga ag‘darishga urinadi.
2. Sobiraxonning xalqona tili. Sobiraxon tilida og‘zaki xalq nutqiga xos ifodalar,
emotsional ohang, dramatik pauzalar ustun. Uning shikoyatlari shaxsiy muammolar
va ijtimoiy odatlarning tutashgan nuqtasida namoyon bo‘ladi. Bu obraz orqali muallif
ayollar hayotidagi ichki ziddiyat va tarbiya masalasiga oid tashvishlarni aks ettiradi.
3. Hamdamning samimiy tili. Hamdam - bolalik va rostgo‘ylik timsoli. Uning
so‘zlari qisqa, sodda, lekin mazmunga boy. Bola o‘z aybini tushunmaydi, himoyasiz
va nohaq ayblov ostida qoladi. Unga xos bo‘lgan sodda savollar -kattalarning
nohaqligini ochib beruvchi kuchli stilistik vosita sifatida xizmat qiladi. Misol:
“Qachon men tomda yuribman?” - savol tarzidagi bu gap haqiqatni anglashga
urinayotgan bolaning noroziligini bildiradi.
4. Muallif nutqi - tanqidiy ironiyaga boy. Muallif hikoya davomida soddaligi
bilan chuqur ijtimoiy tanqidni uyg‘unlashtiradi. Yozuvchi ifodasi o‘ta neytral
ko‘rinsa-da, kinoya va yumor orqali voqealarning nozik jihatlarini ochib beradi.
Hikoya realistik, ammo syujet voqealari ortida badiiy tanqid mavjud. Misol: “Foyda
bo‘lmasa ziyon ham yo‘q-ku!” - oddiy jumla orqasida muallif kattalarning befarqligi
va mas’uliyatsizligini ochib beradi.
Matn badiiy adabiyotga xos bo‘lgan obrazlilik, tilning emotsionalligi va o‘tkir
ijtimoiy mazmun bilan yo‘g‘rilgan. Shu bilan birga, muallif tarbiya, maktab,
o‘qituvchi, ota-ona kabi ijtimoiy masalalarga urg‘u bergani sababli publitsistik
elementlar ham bor. Hikoyaning asosiy qismini obrazlar orasidagi muloqot tashkil
etadi.Og‘zaki nutqqa yaqin so‘zlashuv uslubidagi iboralar: “Nima qilganingni
bilmaysanmi?”, “Voy, tavba”, “Qo‘ysangiz-chi!” - bular personajlarning tabiiy,
hayotiy ohangini yaratadi. Ironik va kinoyaviy ohang mavjud. Hamroevning o‘zini
ziyoli sifatida ko‘rsatib, oxirida majlisga bormasligi kulgili va kinoyali tus oladi.
Soddaligi va jonliligi bilan ajralib turuvchi gap tuzilmalari ishlatilgan. Inversiya
(odatiy so‘z tartibining buzilishi): “Yostiqni kursiga qo‘yib ustiga o‘tirdi” kabi
World scientific research journal
https://scientific-jl.com/wsrj
Volume-39_Issue-1_May-2025
325
ifodalar obrazlilik yaratadi. Takror va gradatsiya unsurlari mavjud: “Gapiring, izza
qiling! ... Ilgarilar urib yengar edim, endi uray desam...”.
"Hamroev hech qachon majlisga borgan emas, ammo fursati bo‘lganda bir
tayyorlanib bormoqchi va bola tarbiyalashni bilmagan yoki bu ishga sovuq qaragan
o‘qituvchilarni uyaltirmoqchi edi", - ushbu gap orqali Hamroevning bola tarbiyasiga
beparvo, mas‘uliyatsiz inson ekani bilinadi. Shuningdek, mualliflarga nisbatan bola
tarbiyalashni bilmaydigan sifatini bera turib bu fikr aslida o'ziga tegishli ekaniga
ishora qilib ketadi.
"Hamroev kulib yubordi. Bu laqabni Sobiraxonga o‘tgan yili bayramda
birovnikiga mehmon bo‘lib borishganida o‘zi qo‘ygan va shu bilan hammani
kuldirgan edi",- ushbu epizodda ham Hamroevning bola tarbiyasida befarqligi
ochiqlangan. Chunki bolaga aytilsa emas, bajarib ko‘rsatilsa, namuna qilinsa keyin
amal qiladi. U bo'lsa, onasiga Turandot laqabini o'zi qo‘yib bergan. Qush uylarida
ko‘rganini qiladi axir. Qolaversa, bu laqabni Hamroev o‘z uyida emas, birovniki
mehmonga borganda qo'ygan. Bu uni ikki karra madaniyatdan yiroq kishi ekanini
ifodalaydi.
"uvadasi chiqib ketgan yostiqni" bu jumla endi Sobiraxonning munosib ona
emasligidan dalolat. Chunki o‘z kasbi chevar bo‘la turib farzandiga tuzuk-quruq
yostiq tikib berilmagan onadan qanday tarbiya berishi mumkin? Yana onaning
befarqligida davom etamiz: "Umrimda bormagan joyimga qanaqa qilib boraman".
Bundan ko‘rinib turibdiki, Sobiraxon biror marta ona bo‘lib o‘g‘lining maktabiga
bormagan. Kulminatsiya esa yanada kinoyali: "Dadam ishdan kech keldi, oyim betob
yotibdi degin!" Demak, bolaning bunday tarbiya bilan voyaga yetishida, yolg‘onni
ko‘z pirpiratmay gapirishida ota-onasining aybi kattaroq. Zero, farzand 5 yoshgacha
o‘ziga kerakli tarbiyaning 70%ini olib bo‘ladi.
Abdulla Qahhor “Ayb kimda?” hikoyasida har bir obraz tilini ularning
dunyoqarashi, tarbiyasi va ijtimoiy holatiga mos tarzda yoritadi. Hamroev va
Sobiraxon nutqida kattalarning tarbiya masalasidagi chalkash qarashlari ko‘rsatilsa,
Hamdam tilida haqiqat, halollik va begunohlik yotadi. Muallif nutqi esa stilistik
jihatdan kuchli ironik tusda bo‘lib, ijtimoiy masalani badiiy vositalar orqali chuqur
ochib beradi. Ushbu stilistik qarama-qarshiliklar orqali asarda tarbiya muammosi,
javobgarlik masalasi va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlar keng ochib berilgan “Ayb
kimda?” hikoyasi tilning hayotiyligi, badiiy obrazlar orqali ijtimoiy tanqidni chuqur
ifodalashi bilan ajralib turadi. Stilistik jihatdan esa, badiiylik, kinoya, ironik ohang,
og‘zaki so‘zlashuv elementlari va soddaligi bilan o‘ziga xosdir.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Abdulla Qahhor "Ayb kimda?" hikoyasi
2. Dusmatov X., Mahmudova Z. Uslubshunoslik asoslari