81
YANGI O'ZBEKISTON ILMIY
TADQIQOTLAR JURNALI
www.in-academy.uz
1-JILD, 12-SON (YOʻITJ)
EVFEMIZMLARNING SOTSIOMADANIY XUSUSIYATLARI
Andaniyazova Dilrabo Ro‘ziqulovna
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent
andaniyazova1406@gmail.com
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Qabul qilindi: 9-noyabr 2024 yil
Ma’qullandi: 10-noyabr 2024 yil
Nashr qilindi: 13-noyabr 2024 yil
Jamiyatda til va madaniyat mushtarakligi
masalasiga e’tibor kuchayganligi evfemizmlarning
nutqdagi vazifalari, evfemalashuv muammolari
zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etilishini
taqozo etmoqda. Tilda evfemizmlarning turli ijtimoiy
qatlam va kasb egalari nutqiga xoslanishiga ko‘ra
farqlanishi, muloqot jarayonida evfemizmni tanlash va
qo‘llash ko‘p hollarda ijtimoiy omillarga bog‘liqligi,
bunga, asosan, ijtimoiy muhit, ijtimoiy rol, ijtimoiy
mavqe, ijtimoiy vaziyat, gender xoslanish kabi omillar
ta’sir etishi kabi masalalarni batafsil o‘rganish bugungi
sotsiolingvistikaning
dolzarb
masalalaridan
hisoblanadi. Maqolada mazkur masalalar atroflicha
yoritilgan.
KEY WORDS
nutq
madaniyati,
evfemizmlar,
evfemik
ifoda,
sotsiolingvistik yondashuv, gender
xoslanish.
Tilimizda muayyan bir fikrni bir qancha shakl-u shamoyilda ifodalash imkoniyati mavjud,
aynan qaysi shakl-u shamoyilni tanlash, muloqot vaziyati uchun eng uyg‘un ifodani topa bilish
nutq egasining mahorat-u malakasi, ma’rifat-u ma’naviyatiga bog‘liq
. Darhaqiqat, tildagi
boshqa birliklar qatorida evfemizmlardan ham o‘rinli foydalanish, suhbatdoshning ruhiyati,
ijtimoiy mavqeyi, dunyoqarashi-yu yoshiga ko‘ra mos jumlani qo‘llay olish nutqning
kommunikativ sifatlaridan hisoblanadi.
Ma’lumki, nutqda evfemizmlardan foydalanish ko‘p hollarda muayyan jamiyatda belgilangan
qadriyatlar, ijtimoiy-madaniy hamda nutqiy me’yorlarga bog‘liq bo‘ladi. Evfemizmlar kelib
chiqishi jihatidan uzoq tarixga ega bo‘lgan lisoniy hodisadir. Evfemizmlarni o‘rganish
madaniyatlararo muloqot jarayonida yuzaga keladigan qiyinchiliklarni, tushunmovchiliklarni
bartaraf etib, muloqotning muvaffaqiyatli va samarali bo‘lishini ta’minlaydi. Shu ma’noda
evfemizmlar nutqda va madaniyat taraqqiyotida o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi.
E
vfemizm
yunoncha
euphemismos
,
eu
–
yaxshi
va
phemi
–
gapiraman
so‘zlaridan kelib chiqqan
bo‘lib, kishilarga nisbatan ishlatiladigan beodob, qo‘pol so‘zlar o‘rniga emotsional me’yoriy
bo‘lgan sinonim so‘z yoki so‘z birikmalarining qo‘llanishidir
. Shuningdek, evfemizm so‘z
ma’nosini yumshatuvchi vazifaga, tilning tarixiy rivojida muhim o‘ringa ham ega. Bu birliklar
muayyan tilning ichki qonuniyatlari, lisoniy mezonlari asosida yuzaga keladi.
Evfemizmlar deyarli barcha tillarda mavjud bo‘lib, ular ba’zi so‘zlarni qo‘llashda paydo bo‘lishi
mumkin bo‘lgan uyat, gunoh yoki qo‘rquv kabi salbiy ma’no va tuyg‘ularning oldini olish
uchun ehtiyoj sifatida paydo bo‘lgan. Evfemizmlarni qo‘llashdan maqsad esa nutq jarayonida
1
Маҳмудов Н. Тил. – Тошкент: Ёзувчи, 1998. – Б. 4.
2
Ҳожиев А. Тилшунослик терминларнинг изоҳли луғати. — Т.: Фан, 2002. – Б. 146.
82
YANGI O'ZBEKISTON ILMIY
TADQIQOTLAR JURNALI
www.in-academy.uz
1-JILD, 12-SON (YOʻITJ)
noqulaylik tug‘dirishi mumkin bo‘lgan so‘zlar o‘rniga silliq yoki chiroyli so‘zlarni ishlatishdir.
Evfemizmlar orqali yetkazilayotgan axborotni yashirish emas, balki tegishli tushuncha va
harakatning ma’nosini saqlagan holda, uni muayyan millatning lisoniy tutumlariga mos
ifodalash maqsad qilinadi.
Mazkur mavzuga bag‘ishlangan tadqiqotlarning aksariyatida evfemizmning paydo bo‘lishi
insoniyat tafakkuri va axloqiy qadriyatlar rivoji bilan bog‘liqligi haqida aytiladi.
X.Qodirovaning ayni mavzuda olib borgan tadqiqotida ham nutqda evfemizmlarga bo‘lgan
ehtiyoj insoniyat tarixi qadar uzoqligi haqida fikrlar uchraydi: “Evfemizm nafaqat til hodisasi
(ifoda etayotgan shaxs nuqtayi nazaridan noqulay bo‘lgan birliklar o‘rnida qo‘llangan so‘z, so‘z
birikmasi yoki gap), balki insonning nutqiy vaziyatni qaysidir ma’noda o‘zgartirishga
moyilligi sifatida ham namoyon bo‘ladi. Maqbul so‘z qo‘llana turib, so‘zlovchi tomonidan man
etilgan (tabu) birliklar qo‘llanishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosoz muhit
yumshatiladi. Man etilgan so‘zlar esa insoniyat bilan tengqur deyilsa, mubolag‘a bo‘lmaydi”
.
Manbalarda evfemik ma’no yuklangan ifodalar antik davr olimlarida ham qiziqish uyg‘otgani,
jumladan, mazkur tushuncha Demokrit, Platon, Aristotel tomonidan ham tilga olingani qayd
qilinadi
. Ingliz tili tarixini o‘rgangan olim R.Byorchfild Choser nazmining evfemik birliklari
misolida tadqiqot olib borar ekan, evfemizm adabiyotning ham muhim uslubiy vositasi
ekanligini e’tirof etadi. Olim Choserni birinchi bor o‘z ijodida intim munosabatning evfemik
shaklini berganligini, Shekspir esa bu yo‘nalishni buzgan holda, o‘zining obrazlarini his-
hayajonli birliklar bilan ifodalab, evfemizmdan uslubiy bo‘yoqni kuchaytirish vositasi sifatida
foydalanganini ta’kidlaydi.
Evfemizm hodisasi XX asr boshlarida umumtilshunoslikda J.Vandries, L.A.Bulaxovskiy kabi
tilshunoslar tomonidan soha bilan bog‘liq adabiyotlarda qayd etilgan bo‘lib, ularning fikr-
mulohazalari evfemizm mohiyati tavsifining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu hodisani alohida millat, alohida jins vakillari (masalan, oltoy ayollari nutqi) misolida
tadqiq etgan olimlar A.N.Samoylovich, N.A.Baskakovlar hisoblanadi. Ular evfemizmni ko‘p
qirrali etnik hodisa sifatida yoritishga harakat qiladilar. E.A.Agayan, O.N.Turbachevlar ham
ma’lum guruh, mentalitet doirasida ushbu jarayonni tadqiq etadi. Masalan, O.N.Turbachev
Yevropa ovchilari va ov mavsumi bilan bog‘liq evfemizmlarning Shvesiya, Finlyandiya,
Estoniya kabi mamlakatlar xalqi nutqida ishlatilishini kuzatsa, E.A.Agayan arman qishloqlari
aholisi nutqidagi evfemizatsiya jarayonini o‘rgandi. S.Otaev turkman tili evfemizmlari,
G.G.Musaboev qozoq tili evfemizmlari, V.P.Darbakova mongol xalqi evfemizmlari,
N.G.Mixaylovskaya Uzoq Sharq – Chukot, Nanay xalqlari tilida uchraydigan evfemizmlarni
ilmiy tahlil qilishgan. Shuningdek, Tuva tilida
uchraydigan evfemizmlar borasida
S.P.Vanshteyn, Sh.Ch.Sat, ingliz tilida uchraydigan evfemizmlar xususida I.V.Arnold kabi
tadqiqotchilar ham o‘z ishlarida ma’lum darajada fikr bildirganlar. A.A.Reformatskiy tabu
o‘rnida qo‘llanilayotgan evfemik birliklarni etnik taraqqiyot bilan bog‘liq deb hisoblaydi.
Tabuning paydo bo‘lishiga turli bid’at va xurofotlar sabab bo‘lganligini aytib, evfemizmlar
uning nomini yopish uchun xizmat qilishini ta’kidlaydi. R.A.Budagov tabuning paydo
bo‘lishiga insoniyatning e’tiqodi turtki bo‘lganligini va bu ma’lum ma’noda tafakkur rivojining
asosi ekanligini e’tirof etgani holda, evfemizm yuzaga kelishida muhim omil emas deb
hisoblaydi. Chunki tabu boshqa sabablarga ko‘ra vujudga kelgan. Evfemizm esa nutqiy
madaniyat yuzasidan aytish noqulay bo‘lgan vaziyatni yumshatish uchun qo‘llanadi.
Evfemiya hodisasi bilan shug‘ullangan tilshunoslarning har biri uning turli belgilariga
asoslangan tasniflarini ham u yoki bu darajada amalga oshirishga harakat qilishgan. Hodisa
boshqa lisoniy birliklardek serqirra bo‘lgani kabi, bu tasniflarda evfemizmlarning turli
qirralariga e’tibor qaratilgan bo‘lib, qo‘lga kiritilgan natijalar ham turlicha. Bu turli-
tumanliklar qarama-qarshidek tuyulsa-da, aslida bir-birini to‘ldirishga xizmat qilishini
3
Қодирова Х. Ўзбек тилида эвфемизм ва дисфемизм. Ўқув-услубий қўлланма. – Тошкент, 2013.
4
Бу ҳақда қаранг: Қодирова Х. Кўрсатилган манба. – Б. 12.
83
YANGI O'ZBEKISTON ILMIY
TADQIQOTLAR JURNALI
www.in-academy.uz
1-JILD, 12-SON (YOʻITJ)
ta’kidlash lozim. Jumladan, rus tilshunosi R.A.Budagov evfemizmlarni ikki yirik turga bo‘lishni
taklif etadi:
a) badiiy til evfemizmlari;
b) turli jargon evfemizmlari.
Birinchi turga qo‘pol so‘zni ifodalamaslikka intilish asosida yuzaga kelgan evfemizmlar
kiritilgan. R.A.Budagov kontekstual evfemizmlarni alohida guruhlaydi. Ular nisbatan
mukammalroq va fikrni ifoda etayotgan shaxsning fe’l-atvori hamda matn shartiga asoslanadi.
Kontekstual evfemizmlarni E.P.Senichkina okkazional evfemizm deb nomlaydi. Ular doimo
nutqda yuz beradi va evfemiya hodisasining barcha talablariga javob beradi, ammo tayyor
qolipga ega bo‘lmaydi. Odatda, bunday evfemizmlar obrazli va metaforik tabiatli bo‘ladi. Bu
xildagi evfemizmlar A.M.Katsevning ham e’tiboridan chetda qolmagan. Uning fikricha,
okkazional evfemizmlar kuchli evfemik ta’sir (bo‘yoq)ga ega. Ular yangi — shaklga
kiritilmagan. E.P.Senichkina okkazional evfemizmlar bilan bir qatorda quyidagi turkumlarni
ajratadi: tilda o‘z qolipiga ega va ifodalovchi uchun ma’lum bo‘lgan evfemizmlar, kelib chiqishi
ifodalovchi uchun noma’lum (biror shaxs yoki narsa-hodisa bilan bog‘liq) bo‘lgan evfemizmlar,
shuningdek, tarixiy evfemizmlar va disfemizmlar.
Turk tilshunosi Dog‘an Aksan mazkur tushunchaga nisbatan “chiroyli nomlash” atamasini
qo‘llaydi va tildagi bu hodisa dunyoning har bir tilida uchraydigan o‘zgaruvchan hodisa
ekanligini va qo‘rquv, jirkanish, ko‘ngilga tegish kabi holatlarning oldini olishga
qaratilganligini ta’kidlaydi
Ko‘rinadiki, barcha tilda keng tarqalgan evfemizmlar tadqiqotchilar tomonidan turli nuqtayi
nazardan baholangan
. Hatto muayyan so‘zning evfemizmga aylanish sabablari va uning
sotsiomadaniy jihatlari misolida tadqiqotlar ham olib borilgan
. Jumladan, Dog‘an Aksanning
tadqiqotida jamiyatda noqulay vaziyat yaratuvchi yoki ochiq aytish uyat sanaladigan biologik
ehtiyoj qondiriladigan joylarning nomlari, ularning evfemiklashuvi, so‘zning tarixiy
shakllanishi faktlar asosida yoritilgan. Muallif bunday so‘zlardan foydalanish paytida sezilgan
noqulaylik tufayli ularning nomi “qog‘ozga o‘rab” aytilishi yoki yopiq tarzda tilga olinishi
boshqa evfemik birliklarga qaraganda kuchli ekanini aytadi. Tildagi bu jarayon bir xil
tushuncha, hodisa yoki hissiyotga mos keladigan yangi so‘zlarning qo‘llanilishiga olib keldi.
O‘zbek tilida ham
hojatxona
so‘zi bilan bog‘liq turli shakllar qo‘llaniladi. Masalan,
maktabgacha ta’lim muassasalarida, boshlang‘ich sinflarda bu so‘z bilan bog‘liq mavjud
qoliplar bo‘lib, ular bolalarga ijtimoiy odob doirasidagi darslarda o‘rgatiladi.
O‘zbek tilshunosligida evfemizmlar masalasiga bag‘ishlangan dastlabki tadqiqotlar sifatida
N.Ismatullaevning “Hozirgi o‘zbek tilida evfemizmlar” nomli dissertasiyasi tilga olinadi. Olim
tadqiqotida evfemizmning paydo bo‘lish tarixiga to‘xtalib, uning tabu bilan bog‘liqligini
ta’kidlaydi. Shuningdek, evfemizm tasnifi xususida turli tilshunos olimlar qarashlariga fikr
bildirib, o‘z ishlarida uning yaratilish sabablariga ko‘ra tasnifini taklif etadi
.
Keyinchalik A.Omonturdiev evfemizmni uslubshunoslikning tadqiqot obyekti sifatida keng
doirada o‘rganib, o‘zbek nutqining evfemik asoslarini tadqiq qilgan. U ham yuqoridagi fikrga
5
Aksan, Doğan (2003). Her Yönüyle Dil Ana Çizgileriyle Dilbilim. Ankara: Türk Dil Kurumu. – S. 98.
6
Çiftoğlu Çabuk, Arzu “Türkçedeki Örtmece Sözlerin Oluşum Yolları”. Manas Sosyal Araştırmalar Dergisi, 2015. 4(5):
136-160; Baykara, Sadık. Yeni Uygur Türkçesinde Örtmeceler. Doktora Tezi. Kayseri: Yerciyes Üniversitesi. 2020;
Chuldum-Ool, Aygulya. Tuva Türkçesinde Tabu ve Örtmece Sözler. Yüksek Lisans Tezi. Ankara: Gazi Üniversitesi.
2016.
7
Akbulak Özlem. Örtmece Sözlere Bir Örnek Olarak Tuvalet Sözcüğünün Değerlendirilmesi // Kültür Araştırmaları
Dergisi.Yıl 2022, Sayı: 15, 271-287, 10.12.2022.
https://dergipark.org.tr/tr/pub/kulturder/issue/73695/1198382
8
Исматуллаев Н. Эвфемизмы в современном узбекском языке: Автореф. дис… канд. филол. наук. – Ташкент,
1963. – 19 с.
84
YANGI O'ZBEKISTON ILMIY
TADQIQOTLAR JURNALI
www.in-academy.uz
1-JILD, 12-SON (YOʻITJ)
qo‘shilgan holda, evfemizmlarni etimologik, ijtimoiy-madaniy aspektda o‘rganish kerak deb
hisoblaydi. Evfemik ma’noning evolyusiyasiga, yondosh hodisalarga va til sathiga
munosabatiga e’tiborini qaratadi. Shu bilan birga, uni qo‘llanish darajasiga ko‘ra umumnutqiy
va xususiy nutqiy evfemaga ajratib, ifoda usullarini o‘rganadi. Tasnifiy xarakterdagi bu
izlanish o‘zbek tili nutqining evfemik birliklari haqida ko‘proq amaliy ma’lumot beradi
.
Ko‘rinadiki, evfemizm o‘zbek tilshunosligida ham keng o‘rganilgan bo‘lib, bugungi kunga
qadar yuqorida sanab o‘tilgan olimlar tomonidan evfemizmning ko‘proq nutqiy qatlam
sifatidagi xususiyatlari sistemali tadqiq etilgan. Uning yondosh hodisalarga munosabati,
turdosh bo‘lgan troplari, til sathidagi o‘rni belgilanganligi, lisoniy va nutqiy evfemalar
farqlanib, evfemik ma’no kategoriyalari funksional-uslubiy jihatdan tasnif qilinganligi
ahamiyatli. Qolaversa, o‘zbek tilshunoslari orasida ayni masala yuzasidan hanuz bahs
munozaralar olib borilayotganligi uning turli sohalar bo‘yicha chuqurroq o‘rganilishi
lozimligidan dalolat beradi. Keyingi yillarda evfemizmlar turli yondashuvlar asosida tadqiq
qilinmoqda. Bu borada tadqiqotchi S.Samandarovaning evfemizmlarni sotsiolingvistik
aspektda tadqiq qilayotgani va olib borayotgan kuzatuvlari diqqatga molik. S.Samandarova
o‘zbek publitsistik matnlarda uchraydigan evfemizmlarni quyidagi tasnif qiladi:
-
axboriy:
-
tahliliy;
-
badiiy-publitsistik.
Tadqiqotchi publitsistik matnlarda uchraydigan evfemizmlarni mavzuviy jihatdan turlarini
esa quyidagi semantik guruhlarga bo‘lib o‘rgangan:
-
kasbiy evfemizmlar;
-
kasallikni bildiruvchi evfemizmlar;
-
o‘lim mavzusi bilan bog‘liq evfemizmlar;
-
jins turlariga oid evfemizmlar;
-
jinoyat bilan bog‘liq evfemizmlar;
-
siyosiy evfemizmlar
.
Ma’lumki, ba’zi so‘zlarning ma’nosida muayyan vaziyat yoki davr talabi bilan ijobiylik yoki
salbiylik ottenkalari o‘zgaradi. Masalan, tildagi
majruh
so‘zi vaqt o‘tishi bilan nogiron
so‘zidan
ko‘ra ko‘proq haqoratomuz qo‘llanishga ega bo‘ldi. Buning o‘rniga evfemizm sifatida
nogiron
so‘zi qayta iste’molga kirdi. Shubhasiz, vaqt o‘tishi bilan so‘zlardagi ijobiy va salbiy bo‘yoq
ham u yoki bu tarzda o‘zgarib turadi. Evfemizmlarning bu xususiyati tilning lug‘at qatlamini
sinonimik evfemik so‘zlar bilan boyitib turuvchi etnolingvistik omil hisoblanadi.
Ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlar yangi-yangi nutqiy birliklarning vujudga kelishiga sabab
bo‘lganidek, siyosiy shaxslarni ham umumaxloqiy va madaniy jihatdan to‘g‘ridan to‘g‘ri
ifodalamaslikka urinish holatlari yangi birliklarning vujudga kelishiga yoki mavjud atov
birliklarining yangi ma’no va vazifa kasb etishiga sabab bo‘lishi mumkin, deb yozadi tilshunos
X.Qodirova. Olima A.Qodiriy asarlaridagi evfemizmlar bo‘yicha keng ko‘lamli tadqiqot olib
borgan. Uning quyidagi fikrlari va
valine’mat
so‘zi borasidagi tahlillari bevosita
evfemizmlarning sotsiomadaniy xususiyatlari bilan bog‘liqdir: “A.Qodiriy asarlarida
valine’mat
so‘zini ikki xil ma’noda uchratish mumkin: kinoyaviy evfemik ma’no va
tabulashgan evfemik ma’no. Har ikki ma’no matnda qurshov asosida yuzaga chiqadi:
Bas,
siz bilan biz ishchi-dehqon xodimi bo‘la turib, nega valine’matimizga oyog‘ xizmatini o‘taymiz
(A.Qodiriy “Shallaqi”). Bu yerda Stalin nomini almashtiruvchi mazkur ifoda uslubiy evfema
sifatida hurmat munosabatini yuzaga keltirgan desak, to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu so‘z kinoya
asosidagi evfema sifatida qaralishga loyiq. Quyidagi jumlada birlik o‘z ma’nosida yuzaga
9
Омонтурдиев А. Ўзбек нутқининг эвфемик асослари. – Термиз: НС, 2000. – 128 б.
10
Samandarova S. Publitsistik matnlarda evfemiya hodisasining namoyon bo‘lishi // O‘zMU xabarlari jurnali. 2021/5-
son. – B. 284-287.
85
YANGI O'ZBEKISTON ILMIY
TADQIQOTLAR JURNALI
www.in-academy.uz
1-JILD, 12-SON (YOʻITJ)
chiqqan va evfemik “ohangdan” xolidek tasavvur uyg‘otadi:
Qullaridan biri valine’matimga
ikki kalima arzim bor, deydir.
(A.Qodiriy. “Mehrobdan chayon”). “Valine’mat”ning ismini
tutishga istihola mavjudligi uning evfemikligini ko‘rsatadi”
.
Hozirgi kunda tilimizda “katta” (hokimiyat kishisi) birligi ham siyosiy shaxslar qatorini
kengaytiruvchi evfemik vosita sifatida bir qadar faollashgan. Mazkur evfemizm nutq
vaziyatiga ko‘ra ham ijobiy, ham salbiy ma’no tashishi mumkin. Ba’zan esa muayyan
insonning ismini oshkor qilmaslik maqsadida ham bu birlik qo‘llanadi. Tinglovchida mavhum
shaxsga nisbatan hurmat hissini paydo qilishda ham
katta, kattakon
evfemizmidan
foydalanish kuzatiladi. X.Qodirova bu kabi evfemizmlarni shaxsni anglatuvchi evfemik
ma’noli birliklar sifatida tahlil qilgan. Shuningdek, tilimizda insonning jismoniy holatini
anglatuvchi evfemik ifodalar ham mavjudki, ular nafaqat so‘zlashuvda, balki badiiy
matnlarda ham muhim vazifa bajaradi. Masalan, homila bilan bog‘liq ifodalarning yuklik,
homilalik, og‘ir oyoq, ikkiqat; tumsa, qisr (tug‘mas yoki tug‘may qolgan xotin) kabi shakllari
tilning ijtimoiy qatlamida ancha turg‘unlashgan evfemizmlar hisoblanadi.
Ma’lumki, mustaqillik yillarida milliy ommaviy axborot vositalarida bir nechta tushunchalar
ijtimoiy-siyosiy sabablarga ko‘ra atayin evfemizmlashtirildi. Masalan, o‘zbek tilida odamning
jismoniy kamchiliklarini anglatuvchi cho‘loq, ko‘r, kar, soqov kabi tushunchalar bor. Bu kabi
so‘zlarning evfemik variantlari yuzaga kelishi sabablari haqida S.Samandarova shunday
yozadi: “Bugungi kun o‘zbek sotsial madaniyati uchun bu tushunchalarni publitsistik
matnlarda ommaga ochig‘icha bayon qilish bir qadar madaniylik talabiga rioya qilinmagandek
tuyuladi. Xususan,
ko‘r
tushunchasini o‘zbek ijtimoiy sotsiol madaniyati dag‘al deb baholagani
uchun milliy publitsistikada bu so‘z ko‘rish bilan nuqsoni bor, deya evfemizmlashtirilgan.
Ko‘rinadiki,
ko‘r
degan dag‘al tushuncha bitta so‘z bilan ifodalanadi, lekin u
evfemizmlashtirilganda publitsistik matnlarda unga teng keladigan muqobil bitta so‘z yo‘q.
Shuning uchun u birikma bilan ifoda qilinyapti. Va bu o‘zini oqlaydi. Xuddi shunga o‘xshash
kar so‘zi eshitish bilan nuqsoni bor, soqov, cho‘loq kabi tushunchalar esa
jismoniy imkoniyati
cheklangan
singari birikmalar yordamida evfemizmlashtirilgan”
.
So‘nggi yillarda tilda faol qo‘llanayotgan evfemik ifodalar qatorida
kam ta’minlangan
,
ijtimoiy
himoyaga muhtoj, ehtiyojmand oila
,
imkoniyati cheklangan
,
nogironligi bor
kabi ijtimoiy-
madaniy evfemizmlar kabi birikmalar ham mavjud. O‘zbek o‘quvchisi
kam ta’minlangan
,
ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand
kabi ifodalarning kambag‘al ma’nosini anglashini
qiynalmay tushunadi. Publitsistik matnlarda ham mazkur birliklar faol qo‘llanilmoqda:
“Adolat” partiyasi
Ehtiyojmand
aholini ishga qabul qilganlik uchun soliq imtiyozlarini belgilash
tashabbusi bilan chiqdi.
Gazetadan;
Shuningdek, mamlakatimizda
ehtiyojmand
aholini qo‘llab-
quvvatlash bo‘yicha boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish va kelgusi uch yilda
kambag‘allik darajasini 7 foizgacha pasaytirish maqsadini to‘la amalga oshirish yo‘lida
taʼsirchan chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Gazetadan.
S.Samandarova bu kabi evfemizmlar haqida shunday yozadi: “Vaqt o‘tgani sari bu so‘zlarning
kundalik muloqot tiliga ham ko‘chib borayotgani bir jihatdan so‘zlashuv uslubining
madaniylashtirayotgan hodisa bo‘lsa, ikkinchi tomondan evfemizmlarning yangilanishiga ham
turtki bo‘ladi. Masalan, kam ta’minlangan birikmasini so‘zlashuv uslubida ishlatilayotganini
inkor eta olmaymiz. Shu sababdan so‘nggi yillarda publitsistik matnlarda bu birikmalar
o‘rnida
ehtiyojmand
so‘zi qo‘llanila boshlandi. Hatto bu kabi ba’zi evfemizmlar ma’lum
vaqtdan so‘ng disfemizmga aylanishi ham kuzatilmoqda. Masalan, o‘n yil ilgari publitsistik
11
Бу ҳақда қаранг: Қодирова Х. Ўзбек тилида эвфемизм ва дисфемизм. Ўқув-услубий қўлланма. – Тошкент. –
Б.12.
12
Samandarova S. Publitsistik matnlarda evfemiya hodisasining namoyon bo‘lishi. O‘zMU xabarlari jurnali. 2021/5-
son. – B. 284-287.
86
YANGI O'ZBEKISTON ILMIY
TADQIQOTLAR JURNALI
www.in-academy.uz
1-JILD, 12-SON (YOʻITJ)
matnlarda majruh tushunchasiga nisbatan
nogiron
so‘zini evfemizm tarzida ishlatish me’yoriy
holat sifatida qabul qilingan. Bugungi kunga kelib esa ba’zi tahririyatlarda bu so‘zni qo‘llash
senzura darajasiga ko‘tarilgan. So‘nggi 5-6 yil ichida
nogiron
so‘zining ko‘plab evfemik
o‘rindoshlari paydo bo‘ldi”.
Bu o‘rinda ta’kidlash joizki,
ehtiyojmand
so‘zi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ning yangi nashriga
ham kiritilgan va quyidagi izoh va illyustrativ misollar bilan dalillangan: “
EHTIYOJMAND
Biror narsaga zaruriyati, muhtojligi boʻlgan; moddiy jihatdan nochor, moddiy ko‘makka
muhtoj.
Ehtiyojmand oila
.
▬
Ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmini yanada
takomillashtirish masalalari muhokama qilindi
. Gazetadan”
Aksariyat lingvomadaniyatlarda keng tarqalgan evfemik so‘zlardan biri “o‘lim”dir.
Insonlarning tasavvurida o‘lim eng katta baxtsizlik sanaladi. Shuning uchun ko‘pchilik
xalqlarning tilida
o‘lim
so‘zi tilga olinmaydi va u turli evfemik so‘zlar va iboralar vositasida
ifodalanadi. Masalan, o‘zbek tilida:
vafot etmoq, olamdan o‘tmoq, bandalikni bajo keltirmoq,
halok bo‘lmoq, qazo qilmoq, ketmoq, o‘tmoq, kuzatmoq, xayrlashmoq, mangu uyquga ketmoq,
abadiy uyquga ketmoq, tuproqqa qaytmoq.
Yoki ba’zi hududlarda
qovun ekishga ketmoq
,
pishmaydigan qovunlar yurtiga ketmoq
,
yantoq ekishga ketmoq, kapalakka aylanmoq, bir
hovuch duoga aylanmoq
tarzidagi ifodalar ham aynan o‘lim bilan bog‘liq tushunchalarni
anglatadi.
Xitoy tilidagi evfemizmlarning ijtimoiy-madaniy xususiyatlarini tadqiq etgan Sh.Shamsieva
xitoy tilida ham o‘lim bilan bog‘liq so‘z va iboralar evfemiyaga uchraganini, bunga sabab
birinchidan, buddizm ta’limoti bilan bog‘liqligi va unga ko‘ra, o‘lim ortida kishining tiriklik
chog‘ida qilgan har bir yomon xatti-harakati uchun jazo kutayotganligi bo‘lsa, ikkinchidan,
o‘lim tushunchasi kasallik ortidan ergashib keluvchi yoqimsiz hodisa sifatida talqin etilishi
haqida yozadi. Xitoy tilida o‘lim ma’nosini bildiruvchi
abadiy dunyoga ketish, o‘zga dunyoga
kuchib o‘tish, abadiy uyqu, dam olish, uzoq safarga yo‘l olish, osmonga qaytish
kabi evfemizmlar
qo‘llanishini misol sifatida keltiradi.
Evfemizmlar mavzusiga murojaat qilinganda, nafaqat evfemik iboralar, balki shu evfemizmga
ehtiyoj tug‘dirgan ijtimoiy-madaniy va til sharoiti ham tadqiq etiladi. O‘zbek tilidagi
evfemizmlar ham xalqning milliy madaniyati bilan bog‘liq tarzda yuzaga keladi. Muloqotdan
ko‘zlangan maqsadni amalga oshirish uchun ijtimoiy odob bilan birga nutqiy etiket ham
muhim hisoblanadi. Bu borada evfemizmlarning o‘rni ayniqsa, muhimdir. Masalan,
evfemizmlar o‘rnida disfemizmlardan foydalanilsa, nutqning kommunikativ sifatlardan biri
nutqning jo‘yaliligi buziladi. Har qanday nutq ifodalamoqchi bo‘lgan axborotning mazmuni,
tinglovchi yoki o‘quvchining yoshi, ijtimoiy maqomi, nutqning yozma yoki og‘zaki ekanligi,
nutq vaziyatiga to‘la mos kelishi zarur, jo‘yalilik sifati shu asosda voqelanadi. Olib borilgan
tadqiqotlarda ham o‘rta yoshli kishilar muloqot faoliyati tahlil qilinganda, ular nutqida
ishlatilayotgan evfemik birliklar iltimos, maslahat, darak mazmunidagi nutqiy aktlar
hisoblanishi, ular gender xususiyatiga ko‘ra ham farqlanishi ko‘p ta’kidlangan. Shu o‘rinda
aytib o‘tish joizki, so‘zlovchi tinglovchiga nisbatan shunchaki axborot uzatmaydi. Berilayotgan
axborot mazmunida so‘zlovchining maqsadi, shuningdek, milliy madaniy qarashlar yuzaga
chiqadi. Kommunikasiya jarayonidan shaxslarning e’tiqodi, ijtimoiy mavqeyi, jinsi, yoshi, aqliy
va ruhiy holatini anglab olish mumkin. Umuman, “sotsiomadaniy pragmatikaning asosiy
vazifasi til tizimi boyligidan ma’lum bir ijtimoiy guruh yoki jamoa doirasida foydalanish
me’yorlarini aniqlashdir. Me’yor (norma) tushunchasi tilshunoslar va sotsiologlar tomonidan
turlicha talqin qilinib kelinmoqda, bir tomondan, u umumiy hayotiy tajriba asosida yuzaga
13
Samandarova S. Ko‘rsatilgan manba. – B. 285.
14
Oʻzbek tilining izohli lugʻati. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa uyi, 2022. 2-жилд. – B. 14.
15
Usmanova Sh.R. Tarjimaning lingvomadaniy aspektlari. Darslik. – Toshkent: ToshDShI, – 2017. – Б.142.
16
Шамсиева Ш. Хитой тилидаги эвфемизмларнинг ижтимоий-маданий хусусиятлари // “Ўзбекистонда хорижий
тиллар” илмий-методик электрон журнал № 4 (23) / 2018. – Б. 55-61.
87
YANGI O'ZBEKISTON ILMIY
TADQIQOTLAR JURNALI
www.in-academy.uz
1-JILD, 12-SON (YOʻITJ)
keladigan doimiy, odat tusiga kirgan harakatga taalluqli bo‘lsa, ikkinchi tomondan, jamoa
tomonidan ma’qullangan qoidalar to‘plamiga oiddir”.
Ma’lumki, davr taqozosiga ko‘ra rus tiliga nisbatan izzat-hurmatni anglatuvchi evfemalar ko‘p
bo‘lgan. Misol uchun,
og‘amiz, ulug‘ og‘amiz, katta millat
kabi. Bugungi kun
sotsiomadaniyatida esa mazkur qo‘llanish me’yor hisoblanmaydi. Shu jihatdan olib qaraganda,
muayyan davr uchun faol bo‘lgan evfemizlar boshqa bir davr uchun arxaiklashadi va nofaol
birlikka aylanadi.
Umuman, jamiyatda til va madaniyat mushtarakligi masalasiga e’tibor kuchayganligi
evfemalashishning yangi qirralari, evfemalashuv muammolari zamonaviy ilmiy yondashuvlar
asosida tadqiq etilishini taqozo etmoqda. Tilda evfemizmlarning turli sotsial qatlam va kasb
egalari nutqiga xoslanishiga ko‘ra farqlanishi, muloqot jarayonida evfemizmni tanlash va
qo‘llash ko‘p hollarda ijtimoiy omillarga bog‘liqligi, bunga, asosan, ijtimoiy muhit, ijtimoiy rol,
ijtimoiy mavqe, ijtimoiy vaziyat, gender xoslanish kabi omillar ta’sir etishi kabi masalalarni
batafsil o‘rganish bugungi sotsiolingvistikaning dolzarb masalalaridan hisoblanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Маҳмудов Н. Тил. – Тошкент: Ёзувчи, 1998. 40 б.
2.
Ҳожиев А. Тилшунослик терминларнинг изоҳли луғати. – Тошкент: Фан, 2002. – Б.
146.
3.
Қодирова Х. Ўзбек тилида эвфемизм ва дисфемизм. Ўқув-услубий қўлланма. –
Тошкент, 2013.
4.
Aksan, Doğan (2003). Her Yönüyle Dil Ana Çizgileriyle Dilbilim. Ankara: Türk Dil
Kurumu. – S. 98.
5.
Çiftoğlu Çabuk, Arzu “Türkçedeki Örtmece Sözlerin Oluşum Yolları”. Manas Sosyal
Araştırmalar Dergisi, 2015. 4(5): 136-160.
6.
Baykara, Sadık. Yeni Uygur Türkçesinde Örtmeceler. Doktora Tezi. Kayseri: Yerciyes
Üniversitesi. 2020.
7.
Akbulak Özlem. Örtmece Sözlere Bir Örnek Olarak Tuvalet Sözcüğünün
Değerlendirilmesi // Kültür Araştırmaları Dergisi.Yıl 2022, Sayı: 15, 271-287, 10.12.2022.
https://dergipark.org.tr/tr/pub/kulturder/issue/73695/1198382
8.
Исматуллаев Н. Эвфемизмы в современном узбекском языке: Автореф. дис… канд.
филол. наук. – Ташкент, 1963. – 19 с.
9.
Омонтурдиев А. Ўзбек нутқининг эвфемик асослари. – Термиз: НС, 2000. – 128 б.
10.
Samandarova S. Publitsistik matnlarda evfemiya hodisasining namoyon bo‘lishi //
O‘zMU xabarlari jurnali. 2021/5-son. – B. 284-287.
11.
Oʻzbek tilining izohli lugʻati. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa uyi,
2022. 2-жилд.
12.
Usmanova Sh.R. Tarjimaning lingvomadaniy aspektlari. Darslik. – Toshkent: ToshDShI,
– 2017.
13.
Шамсиева Ш. Хитой тилидаги эвфемизмларнинг ижтимоий-маданий
хусусиятлари // “Ўзбекистонда хорижий тиллар” илмий-методик электрон журнал № 4
(23). 2018.
14.
Cафаров Ш. Социомаданий ва когнитив прагмалингвистика йўналишлари //
Хорижий филология. №1, 2017.
15.
Гулямова Ш. Ўзбек тили эвфемизмларининг гендер хусусиятлари: филол. фан.
бўйича фалс. д-ри (Рhd) дисс. – Бухоро, 2020. – 162 б.
17
Cафаров Ш. Социомаданий ва когнитив прагмалингвистика йўналишлари // Хорижий филология. №1, 2017.
– Б. 41.