YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
39
SHAVKAT RAHMON SHE’RIYATIDA RAMZLAR
Mo‘minova Gavharoy
Qarshi davlat universiteti tayanch doktoranti
https://doi.org/10.5281/zenodo.15573378
Annotatsiya.
Ushbu maqolada ramz tushunchasi va uni Shavkat Rahmon she’riyatidagi
tadrijiga urg‘u berildi. Shavkat Rahmon she’riyatida ramzlarning obrazliligi va ma’noviy
yangilanish hodisasi, uning ijodiyotidagi muhit va davr munosabatlariga bog‘liq holda amalga
oshadi. Ramzlarning tag ma’nosi shoirning g‘oya va istaklarini bayon qilibgina qolmay, she’r
badiiy ta’sirchanligi, jozibadorligini oshiradi.
Kalit so‘zlar va so‘z birikmalari:
badiiy-tasvir vositalari, simvol, an’anaviy obrazlar,
obraz-ramz, ramz, ijtimoiy mavzu, bulbul, avtobus.
Kirish.
She’riyat – shoir qalbining aks-sadosi. Unda shoirning tuyg‘u va tafakkur
uyg‘unligining jilosi akslanadi. Bu ikkisining to‘qnashuvidan yaralgan asar badiiy tasvir
vositalari bilan o‘zining mukammal shakliga ega bo‘ladi. She’riyat rang-baranglikni yaxshi
ko‘radi, she’r tilining o‘quvchini rom qilishi, jozibador va bo‘yoqdor bo‘lishi uning badiiy
tasvir vositalarining mahorat bilan qo‘llanilishiga bog‘liqdir. Shunday vositalardan ya’ni
poetik ko‘chimlardan biri ramz (simvol) hisoblanadi. Uning Shavkat Rahmon she’riyatida
qo‘llanilshi, ma’noviy tadriji o‘ziga xos ravishda namoyon bo‘ladi.
Asosiy qism.
O‘zbek adabiyotshunosligida ramzlar muayyan davr she’riyati va muayyan
ijodkor she’rlari tahlili jarayonida o‘rganilgan. Ramzlarning ma’noviy qirralari ham davr,
muhit va shoir fitratidan, badiiy mahoratidan kelib chiqib ochiladi. Lug‘atlarda ramzga
shunday ta’rif beriladi: “...ko‘chim turlaridan biri, faqat shartli ravishda va shu matn doirasida
ko‘chma ma’no kasb etuvchi so‘z yoki so ‘z birikmasi; obrazlilik turi”[1,245]. Ramzni simvol
deb ham yuritamiz: “Demak, simvol obrazli ifodaning bir ko‘rinishi bo‘lib, badiiy nutqda
hayotiy voqea, tushuncha va narsalarning ifodalash uchun shartli ravishda ko‘chma ma’noda
ishlatiladigan so‘z yoki so‘zlar birikmasidir. Shubhasiz, ko‘chma ma’noda ishlatiladigan
bunday so‘z yoki birikmalar o‘zlarining qandaydir xususiyatlari bilan tasvirlanayotgan hayotiy
voqea va tushunchalarni eslatib turishi, biri ikkinchisiga ma’lum darajada o‘xshab turishi
lozim”[2,279]. Shunday ramziy ma’noga ega obrazlarni obraz-ramz deb qo ‘llashga qaror
qildik. Shavkat Rahmon she’rlarida obraz-ramz asosiy obrazlar sifatida ko‘p qo‘llanilgan.
Ijodkorning ramzlardan keng foydalanishiga asosiy omillardan biri davrning ijodkorga
hamisha ham o‘z g‘oya va istaklarini ochiq bayon qilishga imkon bermasligi bo‘lsa, boshqa bir
omil mavhum tushinchani konkret yoki osonroq bayon qilishdir. Ramzlardan ijodkor o‘zining
ma’lum bir g‘oyasi, qarashlarini ifodalashida foydalanishi mumkin. Shavkat Rahmon
she’riyatining g‘oyaviy tomonlari ham ramzlar vositasida aniqroq tushiniladi. 70-80-yillarda
she’riyati bosh g‘oyasi, tabiiyki, ozodlik va erk edi, ammo buni sovet ittifoqining ayni kuchga
to‘lgan yillarida baralla aytishning imkoni yo‘q edi. Ramzlar yashirin mazmunlarni
ifodalabgina qolmaydi, u she’r badiiylik darajasini yuksaltiradi. Zero, g‘oyani och-yalang‘och
ifodalash she’rning badiiylik darajasini pasaytiradi. Kelajak avlod o‘quvchisi uchun she’rning g
‘oyasidan ko‘ra, badiiyati muhimroq. Shavkat Rahmon har ikkisini uyg‘un qo‘llashi, so‘zga
bo‘lgan ehtiromi, bugungi kun adabiyotidagi yuksak o‘rinini belgilab beraolgan desak
yangilishmaymiz. Shoirning so‘zga bo‘lgan munosabati “Qasam” she’rida o‘z ifodasini topadi.
Shavkat Rahmon degan
bir o ‘jar shoir,
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
40
bir kuni qaytadan yaraladimi?
Hayotim ma’nisin juda ko ‘p o ‘ylab,
sayladim so ‘zlarning
saralarini.
Har bir so ‘z
yuz so ‘zning o ‘rnini bosar –
Vatan, Xalq, Jasorat, Kurash, Ozodlik[3].
Obraz va simvolning adabiyotdagi ahamiyati haqida rus olimi V.Potebnya fikrlarida,
ularni ilm-fan yo‘nalishlaridagi yaratuvchilikning negizi sifatida ta’riflash asnosida haqiqatni
izlash zavqi faqat individual ijodkor uchungina emas, kishilik madaniyatining shakllanishi va
jamiyat taraqqiyoti uchun ham harakatlantiruvchi kuch vazifasini o‘tay olishini, bu esa o‘z
navbatida adabiy-madaniy yodgorlik yoki yuksak darajada badiiy kristallangan ma’naviyat
odamlarni va umuman jamiyatni kamolotga etaklashini qayta-qayta ta’kidlagan[4,42].
Obrazlarning mazmuni ramzlar orqali namoyon bo‘ladi, bir obrazning o‘z ma’nosidan tashqari
yashirin, ma’lum asar doirasidan kelib chiqqan ma’noga ega bo‘lishi obraz-ramzni yuzaga
keltiradi. Shavkat Rahmon ijodida
ko‘plab obraz-ramzlarni uchratish mumkin. Bunday
obrazlardan biri
bulbul
obrazidir. Bulbul an’anaviy obraz bo‘lib, har bir davr she’riyatida
o‘ziga xos ma’no-mazmun qirralariga ega. Mumtoz adabiyotda yor ishqida yonayotgan oshiq
timsoli sifatida gavdalangan bulbul, shoir ruhiy kechinmalarini aks ettirib, g‘azalga o‘zgacha
ruh, ramziy ma’no yuklaydi. Hazrat Navoiy she’riyatida bulbul tasviri turli ma’nolarni
ifodalaydi. Quyida bulbul va gul yonma-yon tasvirlangan:
Bu chamanda tortibon bulbul tong otguncha fig‘on,
Ishq darsin go‘yiyo gul daftaridan o‘rganur.[5,76]
Navoiy g‘azallarida gul va bulbulning birgalikda qo‘llanishi ko‘pincha Olloh go‘zalligining
bir ko‘zgusi bo‘lmish gulga
oshiq kishi
ma’nosini ifodalaydi. XX asr she’riyatning
ijtimoiylashuvi, yangilanishi bu kabi an’anaviy obrazlarning yangilanishiga sabab bo‘ldi.
Shavkat Rahmon she’riyatida jadid adabiyotiga yaqinlik sezilishini hisobga olib qaralganda,
bulbul obrazining yashirin ma’nosi ijtimoiy dardlar bilan tutash ko‘rinadi. Shoir qator
she’rlarida bulbul obraziga ijtimoiy-falsafiy ma’no yuklaydi. Bulbul uning she’rlarida lirik
qahramonning kechinmalari, orzu-istaklari bilan urayotgan
yuragi
ramzi sifatida namoyon
bo‘ladi.
Kunlar pisha boshaydi yana,
Ranglarini boshingda elar.
Xayolingni chaqmoqlar kabi
Yorutguvchi lahzalar kelar.
Yana yaproq yozgan daraxtga,
Atirgulga do ‘narsan nuqul.
Kechalari chap ko ‘kragingda
Qafasini sindirar bulbul.[3,57]
Qafasini sindirayotgan bulbul, yorug‘ lahzalar kelishini sezayotgan, erk nafasini his
qilayotgan lirik qahramon qalbiga ishora qilmoqda. Shavkat Rahmon she’rlari uning qalbidan
taralgan honish edi. U butun umr haqiqatni va yana haqiqatni kuyladi. Atrofidagi mayda
tashvishlarga berilib asl o‘zligini unutgan, ertasidan qayg‘urmaydigan kimsalarni ogohlikka
chorladi, mehnatdan qo‘li qadoq orzu-istaklari keraksiz sodda xalqiga achindi hamdard bo‘ldi.
Xalq dardini o‘ziniki qildi va har bir otilgan toshga qalqon bo‘ldi. Borib-borib bu toshlar shoir
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
41
yuragini hastalanishiga olib keldi. Afsuski, Shavkat Rahmon ayni ijodiy kamolotga erishgan
paytida olamdan o‘tdi. So‘nngi she’rlaridan birida hasta bulbulga murojaat qilib deydi:
Ayt, ey hasta bulbulim,
O‘shga qachon yetamiz?
Yashil bog‘lar sarg‘adi,
Mag‘iz bo‘ldi g‘ujumlar.
Oh, voy, muncha yo‘l og‘ir,
Bulbulim...[3,464]
Yana bir o‘ziga xos obraz-ramzlardan biri
avtobus
. Shoir “Avtobusdagi o‘ylar” she’rida
ijtimoiy mavzuni qalamga olgan. She’rda yo‘l, yo‘lovchilar, avtobus asosiy obraz sifatida
ijtimoiy-falsafiy mazmun tashiydi. She’r avvali yo‘l manzaralaridan boshlanadi. U yerda
shunchaki manzara emas o‘sha davr insonlarining turmush tarzi, o‘y-kechinmalarining
portreti hisoblanadi. She’rda ikki xil manzarani ko‘rish mumkin: avtobus tashqarisi va
avtobus ichi – ularning har biri o‘zgacha ma’nolarni ifodalaydi. Har bir tasvirni
umumlashtiruvchi obraz avtobus ham ramziy ma’no kasb etadi:
Mayxonaga o‘xshar
Avtobus ichi,
Yosh-yalanglar chaynar nag‘malarini.
Bir butun odamni ko‘rmadim bunda,
Ko‘rdim men odamning zarralarini.
Ko‘ngil ag‘darilar
Latifalardan,
Orzular, qarashlar naqadar kalta.
Nega gapirishmas separatchilar
Indira Gandini otgani haqda?![3,260]
Avtobusning ichi manzarasidan, uning qanday ramziy ma’noga ega ekanligi aniqroq
namoyon bo‘ladi. Atrofidan bexabar, dunyoqarashi kalta, yurt kelajagi to‘g‘risida fikr
yuritmaydigan
ko‘zlari ochiqligicha uxlayotgan
kishilarni jamlagan
avtobus –
o‘sha davr
muhitiga ishora. Sobiq sho‘ro davridagi muhit xalqning ma’naviy, tarixiy, ruhiy olamiga huruj
qildi, oqibatda ruhan siniq, mo‘te, o‘zligidan yiroqlashgan, yot g‘oyalar, ta’qib va yolg‘onlar
girdobida qolgan avlod shakllanishiga olib keldi. Shoir bu mudroq tortayotgan avlodni
ogohlikka chaqiradi:
Qani birortasi
Bitta so‘z aytsa,
So‘qimlar davrasin nogoh to‘zitib.
Shoir yuragimni yulib berardim
Birgina Turkiston degan so‘z uchun.[3,260]
Xulosa.
Shavkat Rahmon she’rlarida boshqa ko‘chim turlari qatorida ramzlar ham katta
ahamiyatga ega. Bu ramzlar obrazlilikka erishib she’r badiiyati yuksakligi jozibadorligini
oshiradi va mazmun-mohiyatini anglashilishiga yordam beradi.
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
42
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Quronov D., Mamajonov Z., Sheralieva M. Adabiyotshunoslik lug‘ati. – T: Akademnashr,
2010. – B.245.
2.
Ҳотамов Н., Саримсоқов Б. Адабиётшунослик терминларининг русча-ўзбекча
изоҳли луғати. – Тошкент, 1979. – 279 б.
3.
Shavkat Rahmon. Zulfiqor ruh. – Toshkent. “Anorbooks”, 2023. – B. 512.
4.
Потебня В.Теоретическая поэтика. – М.: Высшая школа, 1990. – С.42.
5.
Alisher Navoiy. Badoye ul-vasat. TAT. 10 jildlik, 3-jild. -T., 2011.
6.
Бахтин, М. М. Вопросы литературы и эстети-ки [Текст] / М. М. Бахтин. – М. :
Художественная ли-тература, 1975. – С. 309.
7.
Валентинов, Н. Два года с символистами [Текст] / Н. Валентинов. – М. : XXI век –
Согласие, 2000. – С. 88.
8.
Ханзен-Лёве, А. Русский символизм. Система поэтических мотивов. Мифо-
поэтический символизм [Текст] / А. Ханзен-Лёве ; пер. с нем. М. Ю. Некрасо-ва. – Т. 48. –
СПб. : Академический проект, 2003. – С. 16.
