10
ANVAR OBIDJONNING HAJVIY SHE’RLARI XUSUSIDA MULOHAZALAR
Mamatalimov Zafar Mamaraimovich
Alfraganus universiteti dotsenti
ORCID: 0009-0007-1628-1635; UDK: 821.512.133-1(092)(043.3)
https://doi.org/10.5281/zenodo.14915818
Annotatsiya:
Bu maqolada muallif taniqli bolalar shoiri Anvar Obidjonning hajviy
she’rlari misolida shoirning obraz yaratish mahorati, hajviy gʻazallaridagi oʻziga xoslik borasida
oʻz fikrlarini bayon qiladi.
Аннотация:
В данной статье автор на примере юмористических стихотворений
известного детского поэта Анвара Обиджона высказывает свои мысли о мастерстве
поэта в создании образов и неповторимости его юмористических газелей.
Kalit soʻzlar:
hajviy tip, voqeaband gʻazal, badiiy mistifikatsiya, xronologik tasvirlash
uslubi, nazira, she’rlar evolyutsiyasi, ijodiy labororiya, alliteratsiya, irsoli masal, shir-u shakar,
chiston, modern she’riyat
Ключевые слова:
юмористический тип, событийный газель, художественная
мистификatsiя, метод хронологического изображения, назира (газель, написанная
следуя ранее созданной), эволюция стихотворений, творческая лаборатория,
аллитерatsiя, ирсоли масал (приведения в газели пословиц), ширу шакар
(стихотворение, строки каторого написаны на разных языках чередованием), чистон
(стихотворение-головоломка), модернисткая поэзия.
Adabiyotshunos olim A.Rasulov “Ijodiy oʻzlik sari” kitobida XIX asr oxiri XX asr boshlarida
yaratilgan hajviy obrazlar haqida gapira turib, “XX asr ikkinchi yarmi she’riyatida yana ikkita
yorqin hajviy tip yaratildi. Biri–Matmusa (Erkin Vohidov), ikkinchisi–Gulmat (Anvar
Obidjon)”,–deb yozadi. Qahramon shoirimiz Erkin Vohidovning “Donishqishloq latifalari”
turkumini oʻqimagan, Matmusaning koʻz koʻrib, quloq eshitmagan hangomalaridan qotib-qotib
kulmagan oʻzbek boʻlmasa kerak. Shu ma’noda donishqishloqlik Matmusa oʻzbek kitobxoniga
qanchalik suyumli boʻlsa, oltiariqliklik Gulmat ham shu qadar ardoqlidir.
Hajviy qahramon yaratish, uni tip darajasiga koʻtarish masalasi ijodkordan katta mahorat
talab etishini hammamiz yaxshi bilamiz. Biz maqola mavzusidan kelib chiqqan holda usta
Gulmatni adabiyotshunoslar “yorqin hajviy tip” deya baholashlarining sabablarini izlashga
harakat qilib koʻramiz.
“Dastlabki she’rlarimni oʻsha otin oyilardan eshitgan Mashrab gʻazallari radiflariga
taqlidan bitganman”, – deya xotirlaydi Anvar Obidjon ijodining dastlabki pallalari haqida.
Demakki, usta Gulmat turkumidagi she’rlar yaratilishiga turtki boʻlgan omillarni mana shu
murgʻak tasavvurlardan izlash kerakka oʻxshaydi.
Oybek, Gʻafur Gʻulom… kabi ijodkorlarimiz biror yirikroq janrdagi ijod namunalarini yoki
she’riy toʻplamini elga taqdim etishdan oldin kitobxonlar koʻngliga sayohat qilish, oʻquvchi
munosabatini bilish maqsadida hikoya, yoki kichikroq she’riy asar shaklidagi asarlarini e’lon
qilganlari ma’lum. Shu ma’noda A.Obidjon ham “Bezgakshamol” toʻplami orqali turkum
gʻazallarini xalqimiz hukmiga havola etishdan avval “Ketmagil” deb nomlangan ilk toʻplamida
dastlabki hajviy gʻazallarini e’lon qildi. Toʻplamga “Anvar” taxallusida yozilgan uch gʻazal
kiritilgan. Har uchalasi hazaji musammani solim vaznida yozilgan “Kerak boʻlsin”, “Nasib
11
boʻlsa”, “Yalintirgay” radifli gʻazallar oʻta kamtarinlik bilan “gʻazal shaklidagi she’rlar” deb
nomlangan boʻlsa ham, shakl va badiiyat jihatidan mukammal gʻazallar ekanligi koʻrinib turibdi.
Nishona asari xalqimiz tomonidan xush qabul qilinganidan ruhlangan shoir usta Gulmat
turkumida she’rlarni “Bezgakshamol”, “Akang qaragʻay Gulmat”, “Alamazon va Gulmat
hangomasi”, “Alamazon va Gulmat” toʻplamlari orqali ketma-ket e’lon qila boshladi. Bu asarlar
hozirgacha adabiyotimiz jonkuyarlari tomonidan munosib baholanib kelinmoqda.
Shoirning ilk hajviy toʻplami boʻlmish “Bezgakshamol”ga jamlangan gʻazal, ruboiy, tuyuq,
fard, muxammas, mustazod janridagi she’rlari qayta ishlanib, sayqallanib, “Akang qaragʻay
Gulmat”, “Alamazon va Gulmat”, “Alamazon va Gulmat hangomasi” kabi toʻplamlariga
kiritilganiga guvoh boʻlish mumkin. Agar “Bezgakshamol” dagi gʻazallar shoirning Gulmat,
Gulmatiy taxalluslari bilan ijod qilganligini koʻrsatsa, keyingi toʻplamlarda badiiy
mistifikatsiyaga keng oʻrin beriladi. Ma’lumki, koʻpgina ilmiy adabiyotlarda mistifikatsiyaga
“asarda muayyan maqsaddan kelib chiqib, hodisaga sirli tus berish, yoʻq narsani bor deb
oʻquvchini ishontirish” yoki “pinhoniylik, sehrgarlikka yoʻgʻrilgan voqealar turtki boʻlib, dastlab
topib olingan, songʻra yoʻqotilgan qoʻlyozma hamda bu haqdagi hikoyani ravnaq toptiruvchi
oʻrta asrga xos xronologik tasvirlash uslubi” deb ta’rif beriladi. Bu uslub shoir Gulmat qalamiga
mansub devon, olimlikka ashaddiy ishqiboz Burundor Tusmoliyning hali tasdiqlanmagan ilmiy
ishi, mulla Akobirning kundaliklari, hattoki Gulmatiy she’rlarining tiklangan yillarining
berilishi, izoh ma’nosidagi tagmatnlar voqealarga sirli tus berishda muhim vosita boʻlib xizmat
qilgan.
Usta Gulmat tilidan aytilgan she’rlar jamlanib, mumtoz adabiyotimizda boʻlgani kabi
maxsus muqaddima yoki xotima yozilmagan boʻlsa-da, gʻazal, raqam 1 ning “Shoiringni yoʻlga
boshla yamoq tushgan choriqqinam” misrasi bilan boshlanishi oʻquvchilarda gʻazal mulkiga
sayohat ruhini paydo qiladi. Raqam qoʻyilmasdan “gʻazal raqam soʻgʻingʻidin oldingʻi”, “gʻazal
raqam soʻgʻingʻi” deya izoh berilgan gʻazallar xotimalovchi gʻazallardir.
“Devon” da mustaqil gʻazallar salmoqli oʻrin tutadi. Navoiy, Bobur, Mashrab, Muqimiy,
Zavqiy gʻazallariga nazira tarzida bitilgan gʻazallar ham talaygina. Xususan, gʻazal, raqam 11 –
Bobur qalamiga mansub “Sochining savdosi…” gʻazaliga, gʻazal, raqam 9 – Ogahiyning “Yuzing
ochkim…” gʻazaliga, gʻazal, raqam 27 – Mashrabning “Oʻrtar” gʻazaliga tatabbu sifatida
yaratilgan.
Usta Gulmat obrazining yaratilishi, badiiy obraz sifatida shakllanib borishi, “yorqin hajviy
tip”ga aylanishi, uning umriboqiyligini ta’minlab turgan qirralarni aniqlash uchun dastlabki
hajviy gʻazallar va soʻnggi yillarda chop etilgan usta Gulmat turkumidagi she’rlar
evolyutsiyasiga e’tibor qaratilsa, Anvar Obidjon doimiy qahramonining oʻzligini namoyon
qilishi uchun tinimsiz izlanishda boʻlganini koʻrsatadi. Qaysidir ma’noda shoir ijodiy
labororiyasining koʻlamini ham belgilab beruvchi bu she’rlardagi ayrim oʻzgarishlar vazn talabi
bilan amalga oshirilgan boʻlsa (gʻazal, raqam 11, 25), ba’zilari hajv kuchini oshirish (gʻazal,
raqam 7, 8, 10, 11, 13) yoki Gulmat shoir xarakterini yorqinroq ochish (gʻazal, raqam 16, 34)
vazifasini oʻtagan. Keling, ayrim gʻazallarni tahlilga tortib koʻramiz.
Mango ot bermading – sadqay, ey egam, kel, eshak bergil,
Egar-jabduqniyam sozlab, eshakka sal bezak bergil.
(“Bezgakshamol”, gʻazal, raqam 25).
Gulxaniyning “Bideh” radifli gʻazaliga hamohang tarzda yaratilgan ushbu gʻazal mumtoz
adabiyotimizda koʻp qoʻllaniladigan hazaji musammani solim vaznida. Gʻazal matlasidagi “ey
12
egam” undalmasi keying toʻplamlarda “xudoyim” soʻzi bilan almashtirilishi oqibatida birinchi
misra uchinchi ruknidagi saktalikning oldi olinishiga – musiqiy ravonlik ta’minlanishiga
erishilgan. Xuddi shu holni gʻazal, raqam 11, 15 larda ham koʻrish mumkin.
Mashrab gʻazaliga nazira tarzida bitilgan 27-raqamli gʻazalida:
Zabun holim boʻlib doston oʻqilgaydur machitlarda,
Yigʻlatibon soʻfilarni yurakni har azon oʻrtar
baytidagi oshiq shoir holatining aynan masjidda muhokama qilinishi haqiqatdan yiroqroq
ekanligini anglagan muallif bu soʻzni “soʻfiylar mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun moʻljallangan
katta xona va uning atrofidagi hujralar” ma’nosini anglatuvchi “xonaqoh” soʻzi bilan
almashtirish orqali tasvir kuchini yanada oshirishga erishgan.
Sevimli yozuvchimiz Said Ahmad “Bezgakshamol”ga soʻzboshi sifatida yozgan “Usta
Gulmatning mirzosi” maqolasida usta Gulmat bilan bogʻliq sarguzashtlarni tahlil qilar ekan,
shunday xulosaga keladi: “Usta Gulmat ba’zan juda quv, ba’zan oʻtaketgan darajada landavur,
ba’zan sodda mugʻombir… Undagi mana shu “xislatlar” hajv uchun juda qoʻl kelgan. Anvar
qahramoniga oʻziga bop til topgan, she’riy uslub ham topgan. Gʻazallarning har bir bandidan,
soʻzlaridan, vaznidan, hatto qofiyalaridan ham usta Gulmatning suvrati koʻrinib turganga
oʻxshaydi”. Darhaqiqat, Anvar Obidjon birinchi gʻazaldan to soʻnggisigacha Gulmatiy tili, uslubi,
xarakterini bir tizginda ushlab turish muammosini muvaffaqiyat bilan uddalaganki, natijada
voqealar xronikasida, qahramon xatti-harakatida gʻalizlik koʻzga tashlanmaydi. Masalan,
dastlab shoirlikka ixlos qoʻygan Gulmat keyinchalik sartarosh (gʻazal, raqam 57) sifatida
namoyon boʻladi. 22-raqamli gʻazalda sartaroshlikda ham omadi yurishmagan
qahramonimizning savdo ishlariga oʻzini urganligini koʻramiz:
Eski Joʻva qatorinda kichik doʻkon ochib qoʻyduk,
Sotuvgʻa soʻng mayiz-turshak, zira-zirka sochib qoʻyduk.
Sartaroshlik tegib jonga, kechib qaychi va qayroqdin,
Doʻkonga bir qoshiq-oʻlchov, iptarozu osib qoʻyduk.
Gʻazal raqam, 43 da savdo-sotiqda kasodga uchragan Gulmat yana gaptaroshlik – shoirlik
hunariga qayradi. Shunday qilib, toʻplamdagi she’rlar Gulmat – shoir, Gulmat – sayyoh-
savdogar, Gulmat – sartarosh, Gulmat – doʻkondor, Gulmat – olim kabi syujet chiziqlari atrofida
birlashadi.
Shu bilan birga Anvar Obidjon galdir qahramonining harakatlanishi uchun makon va
zamon masalasini mutanosiblashtirishga erishgan. Aksar voqeaband gʻazallarda keltirilgan joy
nomlari usta Gulmat sarguzashtlari Toshkent va uning atrofida kechganligini koʻrsatadi. Oq
podsho, Amir Olimxon, Kerenskiy, Krovpatkin nomlari, bolshibek (bolshivek) va menshibek
(menshivek)lar oʻrtasidagi toj-taxt talashuvi, mardikorlikka olish voqealari, Turkistonda
“madaniyat” niqobi ostida koʻnka (tramvay), otasharava (poyezd)ning paydo boʻlishi XIX asr
oxiri XX asr boshlari manzarasini oʻquvchi koʻz oʻngida jonlantiradi.
Badiiy asar tili, xususan, asarda uchraydigan koʻfrik, beshyagʻoch, sango, vale, oningdek,
tufrogʻ, kangul, kalavvot, istol, savgʻo, avqot, hillo (hiyla), yamon, emdi, pidboʻl singari soʻzlar
usta Gulmatning oʻziga xos til uslubini belgilaydi. Til xususiyatlarini koʻrsatish orqali Gulmatiy
xarakterini yorqinlashtirish, tipiklashtirish vazifasi qoʻshimchalar (ol
gʻon
, axtar
ub
,
bul
gʻuncho
, fosh qil
ayun
, oʻxshay
du
), hattoki tinish belgilariga ham yuklatilgan:
Xazar etgʻil poraxoʻrning qazonidin, chunonchi ul–
13
Qanchalar … yegonini oʻttiz ikki tishidin soʻr.
(gʻazal, raqam 31)
E sabo, ayt borib arzim oʻshal qozi kalonimgʻa,
Javob qaytarmasa……………………………… (gʻazal, raqam 13)
Koʻpnuqtalar gʻazal, raqam 38, 39, 63 larda ham uchraydi. Goʻyoki asl matnda oʻchib
ketgandek tasavvur uygʻotuvchi bu sirli koʻpnuqtalar mistifikatsiya kuchini yanada oshirganiga
shubha yoʻq.
Kezi kelganda Gulmat shoirga xos til uslubidan chekinish hollariga ham duch kelamiz. Bu,
ayniqsa, ayrim soʻzlar, qoʻllangan qoʻshimchalarda uchraydi. Gʻazal raqam 6 da -dan chiqish
kelishigining (yiroqlardan–mandin), gʻazal raqam 20 da joʻnalish kelishigining (oqposhshoga,
ulfatga–ahli dimogʻdorgʻa) ikki xil shaklda qoʻllanishi, gʻazal, raqam 8 da “Doʻrmon” soʻzining
davr nuqtayi nazaridan mos kelmasligi bunga misol boʻla oladi.
Gʻazallarning hayotbaxshligini ta’minlab turgan vositalardan biri she’riy san`atlardir.
Mumtoz adabiyotimizda azal-azaldan gʻazaliyotning bir husniga oʻn husn qoʻshib kelayotgan
tashbeh, tazod, jonlantirish, mubolagʻa, istiora, takrir kabi oʻnlab san`atlar Gulmatiy nazmining
ham jontomirlari sanaladi.
Koʻp oʻylanma bu ne’matlar haloldanmu haromdan deb,
Uzumni jimgina kavshab, bogʻini soʻrmogʻon yaxshi
yoki
Oʻtga yaktak otma, Gulmat, burgaga aylabon zarda
misralari orqali Gulmatiyning Suqrotnamo nasihatlarini ifodalash uchun irsoli masal
san`ati juda qoʻl kelgan.
Sani Fargʻonadan izlab topmadim,
Gulmatiyni oʻzin yoʻqlab Shoshga shosh.
Gʻazal, raqam 49 ning maqta’si sanalmish yuqoridagi baytda shoshmoq fe’li bilan
Toshkentning qadimiy nomi – Shosh tajnis san`atini yuzaga keltirgan boʻlsa, oʻzini doimo
eziluvchi sinf – jabrdiydalar safida hisoblagan alamzada Gulmatning satira manman, johil,
xudbin kimsalarga qarshi eng qudratli quroli ekanligini ifoda etishda muayyan tovushlar
ohangdoshligi, alliteratsiyadan foydalaniladi:
Azal kulgu bilan
e
zgʻon
e
zarmonni
e
zilgʻonlar,
Quyub gʻofil, kulib
yu
lgilki
yu
lgʻichdin
yu
lar ersang. (gʻazal, raqam 55)
Q
azonlardan
q
aro yu
q
sa, yamonlardan balo yu
ay,
Qoʻshilsa san-u manga, boʻlurmiz uch nafar iflos. (gʻazal, raqam 28)
Ikkinchi baytda esa qoʻllangan xalq maqoli (irsoli masal) tarkibidagi tovushdoshlik
parallel tasvir bilan (Qozonga yaqin yursang qorasi yuqar.–Yomonga yaqin yursang balosi
yuqar.) uygʻunlik hosil qilgan. Shuningdek bir qator gʻazallarda forscha (gʻazal raqam 2, 26),
ruscha (gʻazal raqam 51), fransuzcha (gʻazal raqam 48) kalimalar oʻzbekcha soʻzlar bilan
omixtalashib, shir-u shakar san`atini yuzaga keltirgan.
Agar Gulmat turkumidagi she’rlar shakl nuqtayi nazaridan tadqiq etilsa, “devon”ga
gʻazallardan tashqari fard, ruboiy, qit`a, muxammas, musaddas, mustazod kabi mumtoz janr
namunalari ham jamlanganiga shohid boʻlamiz.
Zamin hoʻkiz shoxida qaltis turodir beshak,
Biror mast ul hoʻkizga irgʻitmasa bas xashak.
14
(“Bezgakshamol”, fard, raqam 12).
Itni itga tishlatib, vaqti chogʻdir itboqar,
Boʻldi majruh ikki it, oʻzi sogʻdir itboqar.
(“Bezgakshamol”, fard, raqam 13).
Garchi mazkur fardlar shunchaki Gulmatning dumbul falsafabozligini, “olimona”
qarashlarini koʻrsatish uchun yaratilgan boʻlsa ham, zamirida ogʻriqli savollar, muhim hayotiy
muammolar yashiringanligini koʻrish mumkin. Qadimgi mifologiyaga koʻra, ulkan baliq ustida
turganicha zaminni oʻz shoxlarida tutib turuvchi hoʻkiz oʻziga irgʻitilgan xashakka talpinib,
zaminni halokatli vaziyatga qoʻyishi kishida kulgu uygʻotishi tabiiy. Aslida, “mast”, keyingi
farddagi “itboqar” soʻzlari asl ma’noni yuzaga chiqarayotgan, shoir badiiy niyatini oʻz gardaniga
ortmoqlagan leksik birliklardir. Bu soʻzlar vositasida, Fitrat ta’biri bilan aytganda, “dunyo
tuzugini oʻz qopchigʻini toʻldirgali buzgʻanlar” ning razil qiyofalari kishi ong-u shuurida
suvratlanadi. Boshqa fardlarda ham xuddi shunday fikrlar qatlamiga duch kelishimiz mumkin.
“Akang qaragʻay Gulmat” toʻplamiga ikkita muloqot janridagi she’r kiritilgan. Mana
ulardan bir parcha:
Kim yigʻlayur, vale yotni shodlatur?
“Gilamchida gilam yoʻq” – ne anglatur?
Tilamchi oʻz holin qachon tanglatur?
Zavol bizda qolgʻay, savoli sizga.
Folklor an`analari, turman shoiri Maxtumquli va Durdi shoir aytimlari ta’siri sezilib
turgan bu she’riy topishmoq–chistonlarning javobini topish ham oʻquvchidan yetarlicha
zukkolik, topqirlik talab etadi.
Birinchi misrada oʻlanchi, ikkinchi misrada dehqon, uchinchisida mukofotxoʻr haqida gap
borayotganini anglagan kitobxon labida yumor kuchidan nim tabassum uygʻonadi. Ammo
shoirning buyuk armonlari – “aytsa tili, aytmasa dili kuyadigan” asl moya majoz pardasiga
oʻralganini faqat zukko oʻquvchigina anglab yetadi.
“Shunchaki gap-gashtak aytishib dono boʻlgʻonim” deya izoh berilgan 1-raqamli muloqot
avom tomonidan berilgan savollarga Gulmatning javobi tartibidagi yakka misralardan tashkil
topgan. Gulmat va aygʻoqfe’l tanqidchi Gʻishmat orasida kechgan 2-raqamli muloqot
toʻrtliklardan iborat.
Saroy munaqqidi, zamonasoz Gʻishmat nomi muxammas, raqam 5 da ham uchraydi. Bu
muxammas Gulmatning oʻz gʻazallarini nooʻrin tanqid qilingani tufayli Gʻishmatga, muxammas,
raqam 2 Gulmatiyni koʻrolmaganigan gubernatorga tuhmatnoma yuborgan Makoyil Mustafoga
murojaat tarzida bitilgan. Yangi yil munosabati bilan Gulmatni yoʻqlab kelgan rusiyalik shoir
Koʻzma Prutkov, qoraqalpoq shoiri Amir laqqi, tojik shoiri Mushfiqiy, qozogʻistonlik Aldar koʻso
bilan bogʻliq sarguzashtlar 4-raqamli muxammasda oʻz aksini topgan.
“Bezgakshamol” dan beshta tuyuq bor. Ular toʻrt misradan iborat ekanligi, qofiyalanish
tartibi, qofiyalarning “boʻlmasang”, “yaxshi qizdir”, “ot”, “oʻt”, “kech” kabi tajnis soʻzlardan
tashkil topganligi bilan tuyuqqa oʻxshaydi. Oxirigi uch soʻzning xalq ogʻzaki ijodida, mumtoz
adabiyotda tajnis sifatida qoʻllanishiga bot-bot duch kelamiz. Usta Gulmat tilidan aytilgan
tuyuqlarda yuqoridagi soʻzlar yumor bilan qorishgan holda rango-rang ma’no tovlanishlarini
ham hosil qiladi.
Tekin ishlagʻonda sekin ishla. (oʻgut, raqam 3).
15
Buqaning oldida yurmagʻil, eshakning ortida turmagʻil. (oʻgut, raqam 11).
Qassobga gul berma, xotungʻa – pul. (oʻgut, raqam 13).
Tulki esang, sherman dema, sherman desang, tovuq yema. (oʻgut, raqam 18).
Qonxoʻrga koʻz yoshlagʻon – quduqqa qarmoq tashlagʻon. (falsafa, raqam 9).
Baqalarga joʻr boʻlgʻondin hofiz chiqmas. (falsafa, raqam 4)
“Alamazon va Gulmat” kitobidagi oʻgit, falsafalar koʻzdan kechirilsa, hozirgi davr
adabiyotida modern she’riyat namunasi sifatida baholanayotgan bir, ikki yoki uch qatordan
iborat she’rlar shoir ijodida 70-80-yillardayoq uchrashiga guvoh boʻlish mumkin. Bir oʻqishda
samimiy kulgu ortida yurakka nashtardek botuvchi haqiqatlar jo qilingan bunday she’rlar
keyingi davrda nashr etilgan toʻplamlarda “oʻrtabarmoqlar”, “ignabarg she’rlar”, “ikkiqatlar”,
“uchchanoqlar” turkumi sifatida beriladi.
Yana shuni ham ta’kidlash kerakki, Anvar Obidjon garchi usta Gulmat turkumiga kirgan
gʻazallarini “raqamli gʻazallar” sifatida kitobxonlarga taqdim etgan boʻlsa-da, boshqa
toʻplamlariga kirgan gʻazallarini esa oʻta kamtarlik bilan “gʻazalsimonlar”, “gʻazal shaklidagi
she’rlar” deb nomlanganining oʻziyoq shoir mohir gʻazalnavislikni da’vo etmaganini koʻrsatadi.
Aksincha, Choʻlpon, Habibiy, E.Vohidov kabi ijodkorlar ishini munosib davob ettirib, bir vaqtlar
she’riyatning mehvari hisoblangan aruzni himoya qilish, unga nisbatan yosh kitobxonlar
koʻnglida muhabbat uygʻotishni asosiy maqsad qilib oladi. Bu haqda shoir “Juda qiziq voqea”
kitobining “Bulbulning choʻpchaklari” turkumida shunday yozadi: “Ajdodlarimiz meros
qoldirgan durdona asarlarning deyarli hammasi aruz vaznida bitilgan. Ayni paytda, bu vaznda
bolalar uchun juda kam narsa yozilgan.
Kichkintoy zamondoshlarim qalbida gʻazalga qay tarzda koʻnikma hosil qildirish ustida
bosh qotirib yurgan kezim tasodifan bir Bulbulcha bilan tanishib qoldim-u, mushkulim oson
koʻchdi… She’rlarining shakligina gʻazalga oʻxshaydi, ya’ni unda aruz qonun-qoidalariga toʻliq
rioya etilmagan. Yanglishmasam, shoir qushchaning oʻzi oʻsha qonun-qoidalarni chuqurroq
oʻrganib ulgurmagan koʻrinadi”. Bu turkumda Gulmat sarguzashtlaridan farqli ravishda
bolalarbop gʻazallar (“Ovchining toʻyi”, “Suvarak”, “Musiqa darsi”…) jamlangan.
Toʻgʻri, jahon adabiyotida ham, oʻzbek adabiyotida nasr imkoniyatlaridan kelib chiqib
ming-minglab betakror obrazlar yaratilgan. She’riyatda, ayniqsa, mavzu doirasi birmuncha
cheklangan gʻazallar yordamida qahramon yaratish ijodkordan alohida mahorat talab qiladi. Bu
esa Anvar Obidjonning beqiyos mahoratidan dalolat beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar/Используемая литература/References:
1.
Obidjon A. Alamazon va Gulmat hangomasi. – Toshkent: Choʻlpon, 1992. – В.254.
2.
Obidjon A. Ketmagil. – Toshkent: Gʻ.Gʻulom nomidagi adabiyot va san`at nashriyoti, 1985.
– B.41.
3.
Oʻzbek tilining izohli lugʻati. 5 tomlik. – Toshkent: Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi,
2006. – B.412.
4.
Obidjon A. Bezgakshamol. – Toshkent: Gʻ.Gʻulom nomidagi adabiyot va san`at nashriyoti,
1985. – B. 3.
5.
Obidjon A. Alamazon va Gulmat. – Toshkent: Ma’naviyat, 1998. – B. 252.
6.
Obidjon A. Akang qaragʻay Gulmat. – Toshkent: Gʻ.Gʻulom nomidagi adabiyot va san`at
nashriyoti, 1987. – B. 283.
