69
KICHIK LIRIK JANRLARDAGI ASARLARDA XABAR VA XABARCHI MAVZUSI
Mardanov Raxim Gaybulla ugli
Jizzax politexnika institut. O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi
Gmail: rahimmardanov42@gmail.com
https://doi.org/10.5281/zenodo.15023102
Аnnotatsiya:
Ushbu maqolada Hazrat Navoiyning kichik lirik janrlardagi asarlari,
xususan, ruboiylarida xabar va xabarchi mavzusiga ham murojaat qilingan. Alisher
Navoiyning “Badoye’ ul-bidoya”, “Navodir un-nihoya” va “Xazoyin ul-maoniy” to‘plamiga
kirgan devonlarida uchraydigan kichik janrdagi asarlarida xabar va xabarchi mavzusi bo‘yicha
olib borgan izlanishlar natijasi shuni ko‘rsatdiki, faqat ruboiy janridagina uchraydi.
Kalit so‘zlar
: Xabar, xabarchi, qosid, ruboiy, janrlar, tashbeh, mubolag‘a, devon,
makatub, kichik janarlar.
ТЕМА СООБЩЕНИЯ И СООБЩИКА В ПРОИЗВЕДЕНИЯХ МАЛЫХ
ЛИРИЧЕСКИХ ЖАНРОВ
Марданов Рахим Гайбулла угли
Преподаватель кафедры узбекского языка и литературы Джизакского
политехнического института
Gmail: rahimmardanov42@gmail.com
Аннотация:
В данной статье рассматриваются темы вести и вестника в
произведениях малых лирических жанров, адресах и рубаи Хазрата Навои. Результаты
исследований, проведенных по теме вести и вестника в произведениях малых жанров,
представленных в диванах Алишера Навои, вошедших в сборники "Бадоеъ ул-бидоя,"
"Наводир ун-нихоя" и "Хазойин ул-маоний," показывают, что эта тематика проявляется
только в жанре рубаи.
Ключевые слова
: Хабар, хабарчи, косид, рубаи, жанры, ташбех, гипербола, диван,
макатуб, малые жанры.
THE THEME OF MESSAGE AND MESSENGER IN WORKS OF SMALL LYRICAL
GENRES
Mardanov Rakhim Gaybulla son
Jizzakh Polytechnic Institute. Teacher of the Uzbek language and literature department
Gmail: rahimmardanov42@gmail.com
Annotation
: This article also addresses the theme of news and messenger in Hazrat
Navoi's works in small lyrical genres, particularly in his rubaiyat. The results of research on
the topic of news and messenger in the works of Alisher Navoi in the small genre found in the
divans included in the collections "Badoye' ul-bidoya," "Navodir un- nihoya," and "Khazoyin
ul-maoniy" showed that it is found only in the rubai genre.
Keywords:
Khabar, khabarchi, qasid, rubai, genres, tashbeh, mubolağa, divan, makatab,
small genres.
Albatta, Hazrat Navoiy o‘z g‘azallari qatori kichik lirik janrlardagi asarlarida, xususan,
ruboiy janrida ham xabar va xabarchi mavzusiga murojaat qilgan. Jumladan, ulug‘ shoirning
dastlabki rasmiy devoni “Badoye’ ul-bidoya”ga 7-raqam bilan kiritilgan quyidagi ruboiyda
xabar mavzusi qalamga olingan:
70
Nomangki, tirikligimdin uldur matlub,
Ochib o‘qug‘och bir necha lafzi marg‘ub,
Ko‘p to‘lg‘onib, ashk ichra o‘zumdin bordim,
Ul nav’ki, suv ichiga tushgay maktub.
Ruboiyni shunday tabdil qilish mumkin:
nomang tirikligimdan ko‘ra ko‘proq
xoxlangandir, uni ochib bir necha dilga yoqadigan so‘zni o‘qigach, ko‘p to‘lg‘anib, xuddi suv
ichiga tushgan maktubday qonli ko‘zyoshi ichida o‘zimdan ketdim.
Ko‘rinadiki, ruboiyda ma’shuqasidan orziqib kutilgan javob maktubini olgan oshiqning
ruhiy holati badiiy tasvirlangan. Lirik qahramon mashuqasining maktubini o‘z tirikligidan
ustun qo‘ygan. Bir qarashda bunday iqror erish tuyulishi mumkin, lekin chuqurroq o‘ylab
ko‘rilsa, ilojsizlik ortidan keladigan bexabarlikning o‘zi o‘limdan og‘irroqdir. Shu sabab yordan
kelgan xabar oshiq uchun o‘z tirikligidan a’loroqdir.
Xatni ochib, undan bir necha dilga xush yoqadigan so‘zlarni o‘qigach, oshiq ko‘p
to‘lg‘anib, ko‘zidan og‘gan qonli yoshi ichida hushidan ayrilganini ifodalash uchun o‘zini suvga
tushgan maktubday his qilishini bayon qiladi. She’rda shoir mubolag‘a (
ashk ichra o‘zumdin
bordim
) va tashbeh (
ul nav’ki, suv ichiga tushgay maktub
) badiiy san’atlaridan ustalik bilan
foydalangan. Qofiyalanish tartibiga ko‘ra, ruboiyi xosa hisoblanadi, chunki ruboiyning
uchinchi misrasi ochiq, qolganlari o‘zaro qofiyadosh (
matlub-marg‘ub-maktub
) hisoblanadi:
a-
a-b-a
Mazkur devonga 8-raqam bilan kiritilgan quyidagi ruboiyda ham xabar mavzusi bayon
qilingan:
Nomangkim, erur boisi iqbol-u tarab,
Yetkursa tarab meni hazing‘a, ne ajab,
Yolg‘uz mendin ketarmadi ranj-u taab,
Kim bo‘ldi base xalq hayotig‘a sabab.
Mazmuni:
maktubing baxtiyorlik va shodlik sababchisi bo‘ldi, bu shodlik meni qayg‘uga
yetkazsa, ajabmas. Faqat myendan hargiz xalq hayotiga sabab bo‘lgan ranj va qiyinchilikni
ketkazmadi.
Ruboiyning lirik qahramoni nafaqat oshiq, balki xalq dardi bilan yongan inson hamdir. U
yor maktubini olganidan o‘zini baxtiyor va shodlikka to‘lgan, lekin bu xursandchilik uzoqqa
cho‘zilmasligidan xavotirda. Chunki yor maktubi uning o‘z dardini aritgan bo‘lsa-da, yuragini
to‘ldirgan xalq ranji va qiyinchiligini ketkazolmadi. Baytda qo‘llangan
iqbol-u tarab ‒ ranj-u
taab, tarab ‒ hazin
so‘zlari vositasida qo‘llangan tazod san’ati uning badiiy qimmatini
oshirgan. Qofiyalanishiga diqqat qaratsak, uning har to‘rtala misrasi o‘zaro qofiyadosh:
tarab-
ajab-taab-sabab
. Shunga ko‘ra bu ruboiy taroniyi ruboiy yoki musarra’ sanaladi.
“Badoye’ ul-bidoya” devonidagi 26-raqamli ruboiy ham bevosita xabar mavzusida
bitilgan:
Gul zikrin eshiturmenu, yo‘q guldin asar,
Bu bog‘ eshigidin istaram oncha guzar,
Kim topmasa gul jamolidin bahra nazar,
Bori isidin yetsa dimog‘img‘a xabar,
Ruboiyda keltirilishicha, lirik qahramon gul tavsifini ko‘p eshitsa ham, lekin haligacha
uni ko‘rishga muyassar bo‘lmaganligidan o‘kinadi. U gul o‘sgan bog‘ eshigidan ichkariga
o‘tish(kirish)ni xohlaydi, biroq buning imkoni yo‘q, shu bois oshiq gul jamoliga nazar
71
solishdyek halovatni topmasa ham, dimog‘iga uning hididan xabar yetishidan umidvor. Ushbu
ruboiy qofiyalanishiga ko‘ra musarra’ yoki taronayi ruboiy turiga mansub. Chunki uning har
bir misrasi
asar-guzar-nazar-xabar
so‘zlari yordamida o‘zaro qofiyalangan. Shoir ruboiyda
gul, bog‘, jamol, is, dimog‘
so‘zlari vositasida tanosib san’atini qo‘llagan.
Mazkur devonga 29-raqam bilan kiritilgan ruboiyda ham xabar mavzusi xalqona usulda
tasvirlanganki, bunda shoirning xalqona urf-odat va bashoratlardan mukammal darajada
xabardorligi aks etadi:
Ko‘zum uchadur, magarki yorim keladur,
Es har dam ozar, magar nigorim keladur.
Yo bodiyayi firoq sayrida qilib
Yuz marhala qat’ shahsuvorim keladur.
Inson sog‘ingan yoki ko‘rish ishtiyoqida bo‘lgan kishisining tashrifi yoki u haqida xabar
eshitishi oldidan ko‘p hollarda buni ko‘ngli bilan sezadi va xalq tilida
“ko‘zim uchaverdi”
degan ibora uchraydi. Ulug‘ shoir ham, albatta, bundan xabardor bo‘lgan va buni ruboiyning
birinchi misrasida yorni ko‘rish yoki undan biror xabar olish ilinjida bo‘lib, hijronda iztirob
chekayotgan oshiq ruhiy holatini tasvirlashda mohirlik bilan qo‘llagan:
ko‘zim uchyapti, balki
yorim kelar.
Keyingi misrada yorning umidvor gumoni ortganligi tasvirlanadi:
ko‘zim
uchganidan har dam esim og‘adi, balki nigorim kelar.
Ruboiyning keyingi baytlarida hozirgi
zamon kitobxoni uchun notanish bo‘lgan
bodiya, marhala, qat’
va
shahsuvor
so‘zlari uchraydi.
Bu izohlarga asoslanib, ruboiyning keyingi misralarini shunday talqin qilish mumkin:
yo
firoq dashtida sayr qilib, otga minib yuz masofa yo‘l bosib, mahbubam ‒ shahsuvorim keladi.
Ya’ni baytda lirik qahramon ko‘zi uchishini yaxshilikka yo‘yadi, yorining o‘zi yoki undan
yaxshi xabar kelishini umid qiladi. Demak, ruboiyda xalq orasida tarqalgan oddiy bir qarash,
tasavvur orqali yor hajrida qattiq iztirob chekayotgan oshiqning ruhiy holati xalqona samimiy
ohanglarda badiiy jihatdan ohoriy bo‘yoqlarda tasvirlangan. Baytda
ko‘zi uchmoq-esi og‘moq
birikmalari,
yor-nigor-shahsuvor
hamda
marhala-qat’-shahsuvor
so‘zlari vositasida uchta
tanosib san’ati qo‘llangan. Qofiyalanishga ko‘ra ushbu ruboiy ruboiyi xosa hisoblanadi, chunki
uning birinchi, ikkinchi va to‘rtinchi misralari o‘zaro qofiyadosh, uchinchi misrasi esa
ochiqdir.
Foydalanilgan adabiyotlar/Используемая литература/References:
1.
Alisher Navoiy. Mahbub ul-qulub. ‒
www.ziyouz.com
kutubxonasi, 37-b.
2.
Komilov N. Tasavvuf. ‒ Toshkent, “Movarounnahr”, 2009, 48-60-b.
3.
Alisher Navoiy. Badoe’ ul-vasat. ‒
www.ziyouz.com
kutubxonasi, 13-14-b.
4.
Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati. ‒ Toshkent, “Fan”, III, 1984 , 400-b.
5.
Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati. Fan”, II,‒ Toshkent, “1983 , 618-b.
6.
Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati. ‒ Toshkent, “Fan”, II, 1983 , 240-b.
