`
26
MEDIA VA AXBOROT SAVODXONLIGI TUSHUNCHASI MAZMUNI
Nurulloyev Toxir Nutfulloyevich
Renessans ta’lim universiteti talabasi
https://doi.org/10.5281/zenodo.15836515
Annotatsiya.
Ushbu maqolada insonning axborotni izlash, qabul qilish, tahlil qilish,
baholash va mas’uliyat bilan tarqatish qobiliyati, zamonaviy jamiyatda shaxsning axborot
oqimida yo‘nalish topishi va media muhitda ongli ishtirok etishi va turli axborot manbalari,
xususan, televidenie, internet, ijtimoiy tarmoqlar, gazetalar va boshqa ommaviy axborot
vositalarining mazmunini tanqidiy baholash va tushunish qobiliyatlari, hamda ma’lumotlarni
qidirish, ishlatish, tahlil qilish va ularning haqqoniyligini aniqlashga oid bilim va ko‘nikmalarni
qamrab olish to‘g‘risida so‘z yuritiladi.
Kalit so‘zlar:
axborot, media, interfaollik, internet, kommunikatsiya
,
axborot-
kommunikatsiya texnologiyalari,
«Axborot» atamasi ko‘plab tavsifga ega bo‘lib, u ma’lumotlar, tadqiqot jarayonida olingan
bilimlar, tajriba yoki tahsil olish, shuningdek, signal yoki belgilarni anglatishi mumkin. Oddiy
qilib aytganda, axborot— bu to‘plangan, qayta ishlangan va izohlangan, foydalanish uchun
qulay bo‘lgan ko‘rinishda taqdim etiladigan ma’lumotlardir. Axborotning yana bir boshqacha
tavsifi — «tushunishga oson shaklda berilgan bilimlar»dir. O‘tmishda mazkur tushuncha ortida
odamlar tomonidan bir-biriga og‘zaki, yozma va boshqa usulda beriladigan ma’lumotlar
tushunilgan. Keng ma’noda axborot ta’rifi kibernetika fanida keltirilgan. Uning asoschisi
Norbert Vinerning yozishicha, «Axborot — bu biz unga va uning bizning hissiyotlarimizga
moslashuvchi, tashqi dunyodan olingan mazmun tavsifidir» . Axborot tushunchasiga juda ko‘p
olimlar tomonidan turlicha ta’riflar berilgan: Axborot — «bizni o‘zgartiradigan» tushuncha
(Stafford Beer, 1979). Axborot — bu «insonning ongiga yetib boradigan va uning bilimini
oshiradigan» tushuncha.
«Axborot — bu uni oladiganlar uchun ma’noga ega shaklga keltirilgan va joriy yoki keyingi
harakatlar yoki qarorlar uchun haqiqiy yoxud potensial qiymatga ega ma’lumotlar». Boshqa
tomondan, «axborot» atamasi axborot berish, axborotni uzatish va uni tarqatish ma’nosida ham
qo‘llaniladi. Ayrim tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, axborot deb oldindan ma’lum bo‘lmagan
biror narsa haqidagi xabar yoki ma’lumotlar tushuniladi. Axborot muhim unsur bo‘lib, usiz
nafaqat alohida insonni, balki jamiyatni ham tasavvur qilib bo‘lmaydi. Masala, uning sifati,
mazmuni, ohangi va yo‘naltirilganligidadir. Shu bois axborot chegaralangan,
qalbakilashtirilgan, tezkor, dolzarb va h.k. bo‘lishi mumkin. Media va boshqa axborot manbalari
tomonidan taqdim etilayotgan axborotdan to‘g‘ri foydalanish, insonlarning o‘zida axborotga
bo‘lgan ehtiyojini anglashi, ma’lumotni topish va unga egalik qilish hamda sifatini baholash
imkonini beradi. Aksariyat hollarda iste’molchi u yoki bu maqsadga erishish uchun nimani
bilishi zarurligini anglaydi va o‘z qidiruv ishini ma’lum bir natijaga qaratadi. Masalan,
inflyatsiya sharoitida har bir fuqaroni narx-navoning o‘sishi qiziqtiradi. Abiturient oliy ta’lim
muassasasiga kirish qoidalariga oid barcha ma’lumotni o‘rganadi. Tadbirkor va moliyachini,
birinchi navbatda, birjadagi narx kotirovkasi qiziqtiradi. Insonga u yoki bu axborot kanaliga
murojaat qilish maqsadi tushunarli. Tanlov xabarning to‘laligi, manbaning ishonchliligi yoki
qiziqarligi va hokazolar asosida amalga oshiriladi. Ammo bu yerda ham manbaning
ishonchliligini chuqur o‘rganish lozim. Masalan, o‘zini adabiy tanqidchi deb tanishtirgan
`
27
shaxsning yangi adabiyot bo‘yicha tavsiyalari, avvalo, muayyan maqsadda berilgan bo‘lishi
mumkin.
Bugungi kunda axborot materiallarining, kontent va resurslarning haddan tashqari keng
va turli-tuman to‘plami mavjud, ayniqsa Internetda, ularning aniqligi, ishonchliligi va qiymati
turlicha. Bundan tashqari, bu ma’lumotlar turli shakllarda (matn, tasvir, statistik ma’lumotlar,
elektron yoki bosma shaklda) mavjud bo‘lib, ularni onlayn baza, portal, virtual va real
kutubxona, hujjatlar to‘plami, ma’lumotlar bazasi, arxivlar, muzeylar va boshqalar orqali olish
mumkin. Ammo ushbu axborotning sifati muhim omil sanalib, u «juda yaxshi» dan «juda
yomon»gacha farqlanishi mumkin. Demak, axborotni saralash asosida uning iste’molchiga
xatto, o‘zi tushunmagan holatda ham qadrliligi yotadi. Axborot manbasini baholashda, avvalo,
inson axborotni nima maqsadda olayotganini aniqlash zarur. Mazkur jarayon ishonchli axborot
manbalarini aniqlashga yordam beradi. Masalan, quyidagi savollarga javob topishga harakat
qilish joiz: konkret holat uchun axborotning qanday manbai yoki qanday turdagi manba eng
ishonchli hisoblanadi, qanday manbalarning xolis, betaraf, yashirin ma’nosi bo‘lmagan va sifat
nazoratidan o‘tgan bo‘lish ehtimoli ko‘proq? Qaysi manbalar haqqoniy, xolis bo‘la oladi?
Axborot manbasi, odatda, ijtimoiy ahamiyatga molik ( ya’ni, keng ommaga qiziq va kerak
bo‘lgan) axborotga ega bo‘lgan shaxs yoki tashuvchidir. Axborot manbalari an’anaviy (rasmiy
manbalar, ya’ni hujjatlar, ommaviy axborot vositalari materiallari, hukumat qarorlari,
hayotning o‘zi va hokazo) va noan’anaviy («ishonch telefonlari», ijtimoiy sog‘lomlashtirish
markazlari, ikkilamchi xomashyo, shisha qabul qilish, mashina yuvish va yonilg‘i quyish
shahobchalari, bozorlar va hokazo) ga ajratiladi. Shuningdek, axborot manbalari uch toifaga
bo‘linadi.
Birlamchi manbalar
— bu original manbalar bo‘lib, ular axborotni izohlamaydi. Bu
tadqiqot hisobotlari, prays-varaqlar, nutq matnlari, elektron xabarlar, original san’at asarlari,
qo‘lyozmalar, fotosuratlar, kundaliklar, shaxsiy maktublar, og‘zaki hikoya - intervyu yoki
diplomatik hujjatlar bo‘lishi mumkin. Aksariyat holatlarda va muayyan vaziyatlarda imkon
qadar birlamchi axborot manbalaridan foydalanish tavsiya etiladi.
Ikkilamchi manbalar
sifatida axborotni yetkazib beruvchilar maydonga chiqadi. Bu
holatda axborot o‘zgarishi, tahlil qilinishi yoki umumlashtirilishi mumkin (masalan, ilmiy
kitoblar, jurnallar, tanqidiy tahlil yoki ma’lumotlar talqini). Foydalanishga tavsiya etiladigan
birlamchi manbalar ikkilamchi manbalarga nisbatan har doim ham o‘zida nufuzli yoki xolis
axborotni mujassam etmaydi. Axborotni sub’ektiv baholash holatlarini tekshirilgan ikkilamchi
manbalardan foydalanib bartaraf etish mumkin. Ikkilamchi manba muayyan soha yoki
muayyan vaziyatdan kelib chiqqan holda belgilanishi mumkin.
Uchlamchi manbalar
— bu tashkil etilgan va o‘zida birlamchi hamda ikkilamchi
manbalardagi axborotni qayta ishlab, o‘zida mujassamlagan (masalan, referatlar, bibliografiya,
turli qo‘llanmalar, ensiklopediyalar, ko‘rsatkichlar, xronologik jadvallar, ma’lumotlar bazasi)
manbalardir.
Axborot borasida savodxon insonlar qo‘yidagi tayanch ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar:
tanqidiy fikrlash, axborotni tahlil qila bilish va undan o‘z fikrini bayon etishda foydalanish,
mustaqil ta’lim olish qobiliyati, davlat faoliyati va jamiyatda kechayotgan demokratik
jarayonlarda ishtirok etish, xabardor fuqaro va o‘z kasbining ustasi bo‘lishga tayyor bo‘lish.
Axborot borasida savodxon insonlar odob-axloq qoida va me’yorlariga tayangan holda
`
28
axborotni qanday to‘plash, undan foydalanish, uni sintezlash va tashkil etishni yaxshi biladilar.
Mazkur kompetensiyalar har qanday o‘quv jarayoni kontekstida, shu jumladan, ta’lim va kasbiy
muhitga yoki o‘z-o‘zini rivojlantirishga nisbatan tatbiq qilinishi mumkin. Axborot savodxonligi
o‘z ichiga quyidagi ko‘nikmalarni oladi:
• axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlash-anglash: menga nima kerak? Qanday
muammoni hal qilishga urinyapman?
• axborot manbalarini aniqlash: qaysi axborot manbalaridan foydalangan ma’qul:
Internet ma’lumotlari, kitoblar yoki televideniedanmi? Birlamchi, ikkilamchi yoki uchlamchi
manbalarning qaysi biridan foydalanish kerak?
• axborot manzilini aniqlash va izlash: axborotni qaerdan izlagan ma’qul? Yordam olish
uchun kimga murojaat qilish kerak?
• axborot sifatini tahlil qilish va uni baholash: axborotning ishonchliligi va haqqoniyligini
aniqlash.
• axborotni saralash, saqlash va arxivlash: bir nechta axborot manbalaridan olingan
axborotni qanday qilib samarali tashkil etish mumkin?
• axborotdan etikaga (odob-axloq me’yorlariga) rioya qilgan holda samarali foydalanish:
Axborot yaratuvchilarining mualliflik xuquqlari buzilmasligi uchun qanday harakat qilishim
kerak?
• yangi bilimlarni yaratish va ulashish: Axborotni qanday taqdim etish mumkin? Axborot
borasida savodxon inson axborot izlash jarayonini o‘z vaqtida to‘xtatishni ham biladi. Mavjud
barcha ma’lumotlarni to‘plab bo‘lmaydi. Axborot borasida savodxonlik yetarli darajada
ma’lumot to‘plangan va hali qayta ishlanmagan ma’lumot manbalari ko‘p bo‘lishiga
qaramasdan, olingan yangi ma’lumot o‘zlashtirilmaydigan, to‘yinish nuqtasiga erishilgan paytni
aniqlash imkoniyatini beradi.
«Media» atamasi (lotincha— medium, ya’ni vosita, vositachi, usul) turli ko‘rinishdagi
kommunikatsiya va axborot vositasini anglatadi. Media tushunchasiga axborotni yaratish,
nusxalashtirish, tarqatish vositasi hamda mualliflar va ommaviy auditoriya o‘rtasida axborot
almashinuvining texnik vositalari kiradi. Bugungi kunda media atamasidan OAV yoki mass-
media tushunchalarining sinonimi sifatida foydalaniladi. Hozirgi zamon jamiyati taraqqiyotiga
medialarning ta’siri yil sayin oshib borib, ular vositasida insonlar atrof-voqelikni ijtimoiy va
ruhiy jihatdan anglamoqda va baholamoqda. Zamonaviy medialarning asosiy jihatlariga
tadqiqotchilar kreativlik (yaratuvchanlik, ijodkorlik) va innovatsiyalarni kiritmoqda.
Shu bilan birga boshqa manbalarda ham media atamasiga shu tarzdagi tavsiflar
berilganini ko‘ramiz. «Media — ommaviy axborot vositalari, ham keng, ham maxsus
auditoriyaga mo‘ljallangan ko‘ngilochar takliflarni tavsiya etuvchi, yangilik, axborot va reklama
axborotini tarqatishga yo‘naltirilgan ko‘p sonli va serqirra funksiyalarni amalga oshiruvchi
kommunikatsiya kanallaridir». Aksariyat hollarda mutaxassislar media atamasi o‘zagida aynan
ushbu tavsifni ko‘radi. Shunga qaramasdan, mazkur atamaning tor mazmuni ham mavjud.
Ayrim tadqiqotchilar mazkur atama mazmunida alohida axborot muhiti sifatida aynan OAVni,
boshqalari esa — aniq axborot tashuvchini nazarda tutadi. Kommunikatsiya kanali sifatida
medialar sirasiga mutaxassislar bosma nashrlar, elektron OAV, shu jumladan, Internet,
reklamaning tashqi vositalari va b. ni kiritadi»1 .
`
29
Mediasavodxonlik o‘z ichiga quyidagilarni oladi: − estetik va kreativ ko‘nikmalar
mediakontentni ijodiy jihatdan anglash, yaratish va talqin etish qobiliyatini bildiradi.
Mediakontentni yaratish orqali o‘quvchi mazkur ko‘nikmalarni o‘zida shakllantirishi mumkin.
− interfaollik ko‘nikmalari media orqali muloqot qilish va turli media-rollarni bajarib ko‘rish
qobiliyatida namoyon bo‘ladi. Mazkur ko‘nikmalarni ta’lim va amaliyot doirasida rivojlantirish
mumkin. Interfaollik ko‘nikmalari o‘z fikri va qarashlarini ifoda etishga tayyorligini ko‘rsatadi.
− tanqidiy tahlil ko‘nikmalari turli tahliliy vositalardan foydalangan holda turfa xil
mediakontentni talqin qila olish va ahamiyatini tushunishni bildiradi. Ushbu ko‘nikmalar rang-
barang mediakontent va janrlarni o‘rganish orqali yaxshiroq rivojlanadi; − xavfsizlik
ko‘nikmalari murakkab vaziyatlardan chiqish va ularning oldini olish qobiliyatida namoyon
bo‘ladi. Virtual makondan xavfsiz foydalanish, shaxsiy makonni himoya qilish hamda zararli
kontent va muloqotdan voz kechishni nazarda tutadi.
Mediasavodxonlik insonning jamiyatdagi fuqaro sifatidagi mas’uliyatini his qilgan holda
faol va savodli bo‘lishi, mediamatnlarni qabul qila olishi, yaratishi, tahlil eta olishi va baholashi,
zamonaviy mediani ijtimoiy-madaniy va siyosiy mazmunini tushuna olishi demakdir. Media va
axborot savodxonligining asosiy unsurlari Media va axborot savodxonligi — «soyabon», ya’ni
bir tushuncha mazmunida ikki ma’no birlashgan atama sifatida YuNESKO tomonidan tavsiya
etilgan. Uning mohiyatini anglash uchun har bir tushuncha o‘zagini bilish zarur. Har bir
atamaning mohiyatidan kelib chiqqan holda ularning tavsifi quyidagicha keltiriladi. Axborot
savodxonligi — axborotni tanlash, baholash, qayta ishlash va uzatish borasidagi ko‘nikmalar va
malakalar majmuini bildiradi. Ular quyidagilardan iborat:
-
Axborot ehtiyojlarini aniqlash va shakllantirish;
-
Axborotni izlash va unga egalik qilish;
-
Axborotni baholash;
-
Axborotni tizimlashtirish;
-
Axborotdan axloqiy qoidalarga rioya qilgan holda foydalanish;
-
Axborotni uzatish;
-
Axborotni qayta ishlash uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ishlash
ko‘nikmalaridan foydalanish.
Axborot savodxonligi axborotga egalik, uni baholash va axloqiy qoidalarga rioya qilgan
holda foydalanishning muhimligini e’tirof etadi.
Mediasavodxonlik— mass-mediani qabul qilish va uning faoliyatini baholash bo‘yicha
ko‘nikmalar va malakalar majmuini bildiradi, jumladan
-
demokratik jamiyatda medianing roli va funksiyalarini tushunish;
-
media o‘z funksiyalarini amalga oshirishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlarni tushunish;
-
mediakontentini uning funksiyalari nuqtai nazaridan tanqidiy baholash;
-
media vositasida o‘z fikrini bayon etish va demokratik jarayonlarda ishtirok etish uchun
o‘zaro hamkorlik qilish;
-
foydalanuvchi kontentini yaratish uchun kerak bo‘ladigan ko‘nikmalar ni faollashtirish.
Mediani ifoda etish shakllari va vositalari muntazam ravishda rivojlanib bormoqda.
Demak, media va axborot savodxonligi ko‘nikmalari ham uzluksiz tarzda takomillashib borishi
lozim. To‘g‘ri, bitta inson media va axborot savodxonligiga oid barcha ko‘nikmalarni egallashi
qiyin masala, biroq har bir inson o‘z ko‘nikmalarini uzluksiz yangilab borish uchun mas’uldir.
`
30
Media va axborot savodxonligiga oid ko‘nikmalarimizni faol namoyon qilganimiz sayin media
va ularning tuzilmalarining mohiyatini yana ham chuqurroq tushunamiz. Media va axborot
savodxonligiga oid shaxsiy ko‘nikmalarni rivojlantirishning eng yaxshi usuli — boshqalar bilan
media borasidagi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishdir.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Viner I. Kibernetika i obщestvo. — M.: IL, 1958. — S. 31.
2.
O‘zbekiston Respublikasining «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonuni. Axborot va
axborotlashtirishga oid normativ-huquqiy hujjatlar to‘plami. — T.: Adolat, 2008.
3.
Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro Konvensiya. //www:un.org. 13. Inson huquqlari
Umumjahon Deklaratsiyasi. // www:un.org. 14.
4.
B. Namazov, M. Fayzieva, Sh. Sharofaddinov. Media va axborot savodxonligi: o‘quvchilar
uchun o‘quv qo‘llanma. 1-chi nashr. – T.: Baktria press, 2017 – 140 b.