ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
141
JADIDCHILIK HARAKATI NAMOYONDALARINING O‘ZBEKISTONDA
TA’LIM–TARBIYA, ILM–FAN VA MA’NAVIYATNI
RIVOJLANISHIGA QO‘SHGAN HISSASI
Maxsudov Odiljon Arifjanovich
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi,
sikli katta o‘qituvchisi, dotsent
https://doi.org/10.5281/zenodo.14166874
Maqolada XX boshlarida jadidchilik harakatining har tomonlama
shakllanishi va bunga o‘z hissasini qo‘shgan o‘zbek xalqining haqiqiy jonkuyar
farzandlarining amalga oshirgan ishlari haqida ma’lumotlar keltirib o‘tilgan.
Kalit so‘zlar:
jadid, jadidchilik harakati, inqilob, amir, qozi, Turkiston,
mudarris, chor Rossiyasi.
В статье рассмотрено всестороннее формирование джадидского
движения в начале 20 века и вклад в него преданных сыновей узбекского
народа.
Ключевые слова:
джадид, джадидское движение, революция, эмир,
главный судья, Туркистан, преподаватель медресе, царская Россия.
In article all-round formation djadid movements in the beginning of 20 centuries
and the contribution to it of devoted sons of the Uzbek people is considered.
Key words.
djadid, djadid movement, revolution, the emir, the main judge,
Turkistan, the teacher medrese, imperial Russia.
O‘zining davlati va qahramonlari tarixini mukammal bilgan avlodgina
tug‘ilib o‘sgan yurti, halqi hamda mustaqilligini ko‘z qorachig‘idek asrashdek
mas’uliyatli vazifani to‘liq anglab yetadi. Bu yo‘nalishda XX asr boshlarida
bizning ota–bobolarimiz chinakkam jasorat va tashabbus ko‘rsatganlar. Ularning
o‘zbek davlatchiligini shakllantirish, yosh avlodni ilmli va bilimli qilishga
qo‘shgan hissalarini bugun biz teran anglashimiz talab qilinadi. Bu borada Davlat
rahbari
– Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Sh.M.Mirziyoyev 2024-yil 12-yanvar
kuni Havfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida “Jadidchilar” faoliyatini
o‘rganish bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tganliklari maqola mavzusini bevosita
dolzarb ekanligini anglatadi.
XX asrning boshida jadidchilik harakati har tomonlama shakllangan. “Usuli
savtiya” maktablari ko‘payib, jadid matbuoti, adabiyoti va teatri maydonga
kelgan. 1905-yil inqilobidan keyingi davrda milliy matbuot dunyoga kelgan va
bir qator yangi nashrlar chiqa boshlagan. “Taraqqiy” , “Xurshid” , “Shuhrat” ,
“Osiyo” , “Buxoroi Sharif” , “Turon” , “Samarkand” , “Sadoi Farg‘ona” , “Sadoi
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
142
Turkiston” gazetalari shular jumlasidandir. Ammo bu hali jadidchilikning
barcha mintaqalarda to‘la g‘alaba qozonganini anglatmagan. Buxorodagi vaziyat
va jadidlarning bu yerdagi harakat doirasi nafaqat amirning har qanday
taraqqiyotga va yangilikka qarshi qaratilgan siyosati, balki din peshvolarining
noroziligi tufayli ham murakkab bir holda bo‘lgan.
Bu vaqtda, yangicha esayotgan shabadalar go‘yo Buxoroni chetlab
o‘tgandek bo‘lgan. Holbuki, bu vaqtda Hindiston (Kalkutta), Misr (Qohira),
Ozarbayjon (Boku, Tiflis), Tatariston (Qozon), Boshqirdiston (Ufa)da nashr
etilgan gazeta va jurnallar Turkiston yoshlarini junbishga keltirgan. Chunonchi,
Hamza 1909-yilda otasini hajga jo‘natish munosabati bilan Namanganda bo‘lgani
va Jome masjidi qoshidagi madrasada jadid gazetalarini buyuk bir havas bilan
o‘qiganini aytgan.
Buxorolik ruhoniylar amirlikning keyingi taqdiri masalasida ko‘p bahs va
munozara yuritishni boshlagan. Hatto shu zaminda ular ikki qanotga ajralib
ketishgan. 1910-yildan 1920-yilga qadar amirlikda qozikalon vazifasini bajargan
Burhoniddin eskilik tarafdorlari bo‘lgan guruhga, mudarris Mulla Ikrom esa
liberal-demokratik qanotga rahbarlik qilganlar.
Muhammad Ikrom ibn Abdusalom nomi bilan ham mashxur bo‘lgan bu zot
Hamzaning tarjimai holi orqali ilm ahliga ma’lum bo‘lgan. Hamza 1910-yili
Buxoroga shu mudarris qo‘lida arab tilini mukammal o‘rganish uchun borgan.
Mulla Ikrom Buxoro amirligidagi ko‘zga ko‘ringan shaxslardan biri bo‘lib,
ruhoniylarning konservativ vakillaridan farqli o‘laroq, amirlikdagi nuqsonlarni
shafqatsiz ravishda ochib tashlagan holda amaldorlarning o‘zboshimchaliklari,
adolatsizlik ro‘y bergan holatlarni keskin fosh etgan [1]. O‘z dunyoqarashlarini,
tevarak-atrofdagi voqealarga bo‘lgan munosabatini nafaqat Buxoro ruhoniylari,
hatto qushbegi va amirdan ham yashirmagan. U “Usuli savtiya” maktablarining
tarafdori bo‘lib, eski maktab va madrasa ta’limidagi nuqsonlarni ayovsiz tanqid
qilgan. Shuning uchun ham Mulla Ikrom bilan qadimchilar o‘rtasida ko‘pincha
to‘qnashuvlar bo‘lib turgan. U o‘ziga xos teran bilimi, dunyoqarashi va mantiq
kuchi bilan bunday to‘qnashuvlarda g‘olib chiqibgina qolmasdan, balki
raqiblarini o‘z tomoniga ham og‘dirgan.
Shubhasiz, Mulla Ikromning shaxsi chor amaldorlari e’tiborini tortmasdan
qolmagan. Eski Buxoro politsiyasi boshlig‘i Vilman 1914-yil 14-iyun sanali
bildirgisida siyosiy agentlikka shunday xabar yo‘llagan: “Joriy iyun oyininig
dastlabki kunlarida mahalliy eshon Shoyaxsiy 63 yoshga to‘lishi munosabati
bilan ziyofat berdi. Bu ziyofat uchun amir 15 ming tangani ehson qildi. Mazkur
tantanada Buxorodagi barcha oliy zotlar bilan birga ruhoniylarning barcha
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
143
yuqori qatlamlari ham hozir bo‘ldilar. Qozikalon, rais, mirshab, to‘pchi boshi,
mullo-askar va boshq., shu jumladan Mulla Ikrom ham. E’tiborli mehmonlar
joylashgan mehmonxonada bo‘lib o‘tgan tantana paytida qariyb barcha
mehmonlarning Mulla Ikromcha bilan to‘qnashuvlari ro‘y bergan. Mulla
Ikromcha bu yerdagi yig‘ilishdan foydalanib, “Usuli qadim” tarafdorlarini fosh
etuvchi nutq so‘zladi” [1].
Shu so‘zlardan keyin politsiya boshlig‘i Mulla Ikrom bilan “Usuli qadim”
tarafdorlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bahsga e’tiborini qaratib, yangi usulning
afzalligini isbotlagani, eskilikdan yuz o‘girgan Turkiya va boshqa ma’rifatli
musulmon mamlakatlarining faqat ma’rifat orqasida o‘z obro‘-e’tiborlari va
mustaqilliklarini saqlab qolganini qayd etgan. Yana shu manbaning aytishicha,
Mulla Ikrom o‘z nutqida 4 oy mobaynida Yaqin Sharqdagi musulmon
mamlakatlarida bo‘lib, 9 oy davomida Istanbulda maktab va maorif tizimini
o‘rganganini aytgan [1].
Mulla Ikromning nutqi qozikalonda munozara qilish xohishini uyg‘otib, u
o‘z mavqei va qarashlarini tushuntirishga intilgan va “Buxoro yuz yillardan beri
yashab kelmoqda, shu vaqt orasida eski maktabdan qanchadan-qancha buyuk
olimlar va jamoat arboblari yetishib chiqqan va biz ular bilan haqli ravishda
faxrlanamiz, shuning uchun ham bu maktabni tag-tugi bilan buzishga hech
qanday hojat yo‘q”, degan [1]. Qozikalonning bu so‘zlarini Mulla Ikromdan
boshqa barcha hozir bo‘lganlar ma’qullashgan. Ammo Mulla Ikrom o‘zining
oxirgi so‘zida qozikalonning bu fikrlariga javoban shunday degan: “Hozir ham
Buxoro o‘z olimlariga ega. Ammo bular o‘z hayotini butunlay ilm-fanga
bag‘ishlagan o‘n minglab kishilar orasidan chiqqan baxtli insonlardir. Agar
Buxoroda boshqacha sharoit bo‘lganida bunday olimlar soni minglarga ham
yetgan bo‘lardi. Nima uchun biz hozir Buxoroning gullab-yashnashi va ravnaqi
uchun, Ovro‘po ochiqdan-ochiq urush e’lon qilgan islom uchun hukumatdan eski
usulni yangisi bilan almashtirishni talab qildik? Men, Ikromcha, amaldorlar bilan
ruhoniylar o‘rtasida o‘zimga madad topmasam, muqaddas ish uchun ochiq
kurash maydoniga kirib, jabr chekishga va o‘z o‘limimni qabul qilishga ham
tayyorman”.Vilmanning xabar berishiga qaraganda, Mulla Ikromning so‘nggi
so‘zi yig‘ilganlarga kuchli ta’sir qilgani bois qozikalon yer bilan bitta bo‘lib, agar
amir yangi usulga o‘tishga rozilik bersa, bu usul tarafdorlari safiga qo‘shilishga
rozi ekanini tan olgan. Mulla Asqar esa Mulla Ikromga qo‘shilishini ochiqdan-
ochiq tan olib, uni qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan. Tantana oxirida hatto
Mulla Ikrom keltirgan takliflar asosida, “amirdan yangi usulga o‘tishga ruxsat
berish so‘ralsin”, qaroriga kelishgan [1].
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
144
Ammo mazkur qozikalon boshchiligidagi eskicha fikrli ruhoniylarning
yangi usulga nisbatan salbiy munosabatlari keyinchalik ham davom etgan.
Shuning uchun amirlik hududida ochilgan “Usuli savtiya” maktablari o‘z
faoliyatlarini yashirin tarzda olib borishga majbur bo‘lgan. Eskicha fikrli
ruhoniylar guruhining XX asr boshidagi mavqei, xususan, Buxoro amirligi
tasarrufida maorif tizimini yangilashga qaratilgan har qanday tashabbusga
to‘sqinlik qilgan. Holbuki, o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan jadidchilik
harakatining boshlanishi eski yo‘nalishdagi maktablarni yangi asosda isloh etish
hisoblangan.
Jadidlar, bir tomondan, rus mustamlakachilari, ikkinchi tomondan,
mahalliy g‘oyaviy raqiblarining keskin qarshiligini yengib, hududda maktab
tizimini uslubiy jihatdan yangilashga, yosh avlodning savodli bo‘lish va ilm olish
jarayonini tezlashtirishga erishganlar. Shu bilan bir qatorda, yangilanish
harakati maorif sohasidagi islohotlar bilan cheklanib qolmay, balki adabiyot,
ilm-fan, matbuot va matbaachilikda ham bir qator yutuqlar qo‘lga kiritilgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiy, Cho‘lpon, Fitrat, Sadriddin Ayniy, Sayyid Ahmad Vasliy,
Hoji Muin kabi ijodkorlarning ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan asarlari [2] ni tilga
olish yetarli bo‘lsa kerak bizning fikrimizcha.
O‘z vaqtida Qozonda tahsil olgan ziyolilar, shu jumladan, Ahmadjon
Bektemirov, Shokir Muxtoriy, Shokir Sulaymon, Muxtor Bakir, qori Abdurahmon
Toji, Ismoil Obidov, G‘ozi Yunuslar katta ishlarni amalga oshirganlar [2]. Shokir
Sulaymonning to‘rt qismdan iborat bo‘lgan “Islom tarixi” va Muxtor Bakirning
“Mufassal Turkiston jug‘rofiyasi” kitoblari, Abdurahmon Toji ning qator go‘zal
she’rlari shular jumlasidandir.
O‘zbek jadidchiligi sarchashmalari to‘g‘risida so‘z borganda, yana bir
manbani unutmaslik lozim. Turkiy xalqlarning o‘zaro yaqinlashishiga tish-
tirnog‘i bilan qarshilik ko‘rsatgan sho‘ro tizimi azaliy o‘zbek-turk ilmiy, madaniy,
ijtimoiy va savdo aloqalarini uzish uchun tegishli choralarni ko‘rgan. Shuning
uchun ham bu aloqalarning 1917-yilga qadar bo‘lgan tarixni unutilish havfi
paydo bo‘lgan. Holbuki, o‘zbek jadid adabiyotining asoschilaridan biri Fitrat
1909–1913-yillarda Turkiyada bo‘lgan vaqtida yosh usmonlilar harakati va
adabiyoti ta’sirida yozgan dastlabki asarlar jadid adabiyotining dasturi bo‘lib
xizmat qilgan. Shubhasiz, Fitratdan oldin ham, keyin ham ko‘plab o‘zbek yoshlari
Turkiyaga borib tahsil olishgan. Ularning aksariyati o‘z vataniga qaytgach, jadid
maktabi ochib, jadid adabiyoti va teatriga poydevor qo‘yishda ishtirok etishgan.
Zero, Turkiya va Turkistonning jadidchilik borasidagi aloqalari bir tomonlama
bo‘lmagan. O‘z navbatida yosh usmonlilar ham Turkiston va Sharqiy Turkiston
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
145
(Qashqar)ga o‘z vakillarini jo‘natib, jadidchilik g‘oyalarini tarqatishga harakat
qilishgan.
Ma’lumki, jadidchilik harakati o‘z tarixi davomida ikki bosqichni bosib o‘tgan.
1917-yildan keyin Turkiston jadidlari bolsheviklar diktaturasi sharoitida
ishlashga majbur bo‘lgan. Kommunistlar esa 1918-yil fevralida Turkiston
muxtoriyatini qurol kuchi bilan tugatganidan keyin maktab va maorif tizimiga
rahbarlik qilishni o‘z qo‘llariga olgan. Shunday sharoitda jadidlar oldida turgan
asosiy vazifa kelajakda fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan siyosatga
qarshi kurashish, navqiron avlodda til, tarix va madaniyatga hurmat tuyg‘usini
tarbiyalash, milliy urf-odatlar va san’at turlarini saqlab qolish va mustaqillikka
erishish g‘oyalarini yoshlar shuuriga singdirish hisoblangan.
Turk zobitlari ana shunday tarixiy vaziyatda Turkistonga kelib, o‘zbek
birodarlariga yordam bera boshlaganlar. Roji Chaqiro‘z bu davrni shunday
xotirlaydi: “Biz Toshkentga kelganimizda bu yerda jadidchilik harakati boshlanib
ketgan va shaharning har tarafiga yoyilgan edi. Ba’zi yerlarda esa rus-tuzem
maktablari ochilib, yerli aholi o‘rtasida rus madaniyati urug‘larini sochish
harakati mavjud edi. Bunga qarshi qrimlik Ismoil G‘aspirali yo‘lini tutgan bir
guruh turkistonlik ziyolilar yangi usuldagi maktablarni ochayotgan edilar.
Jadidchilik harakati boshida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Usmonxo‘ja va
Munavvarqori Abdurashidxonov kabi ziyolilar turar edilar. Biz kelgan vaqtda
(1918-yil) bunday boshlang‘ich, o‘rta maktablarning soni yetmish ikkiga yetgan
edi. Birin-ketin ochilayotgan maktablarga o‘qituvchi topish qiyin ish edi. Hattoki,
rus litseylarining oxirgi sinflarida o‘qiyotgan turkistonlik o‘quvchilardan bir
qismi ham bu maktablarda dars berish uchun jalb etila boshlandi. Bundan
tashqari, o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida uch va olti oylik
“o‘qituvchilarni tayyorlash kurslari” ham ochildi.
Men muallimlik qilayotgan “Turon” maktabida rus tili fanidan bir chex
kishi dars berardi. U vaqtda men “Turk kuchi” guruhini tashkil etish bilan
mashg‘ul edim. Musulmon bo‘lmagani uchun faoliyatimni bu chexning oldida
olib borishim ba’zi bir murakkabliklarni tug‘dirdi. Bu hakda maktab direktori
Majid Qodiriyga aytishga majbur bo‘ldim. Unga: “Bu yerda yo u qolishi kerak
yoki men”, dedim. Shundan keyin uni boshqa maktabga yubordilar va o‘rniga
Ra’noxonim degan yosh turkistonlik qizni ishga oldilar. Ra’noxonim bu vaqtda
rus litseyining bitiruvchi sinfida o‘qir edi” [2].
Taniqli adibimiz Abdulla Qahhorning tarjimai holiga doir maqolalardan
shu narsa ma’lum bo‘ladiki, turk zobitlari nafaqat Toshkentda, ayni paytda
Qo‘qon
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
146
va Farg‘ona vodiysining boshqa shaharlarida ham ma’rifatparvarlik faoliyati
bilan shug‘ullanishgan. Ular faoliyatida turkchilik asoslarini targ‘ib etish tamoyili
yetakchi rolni o‘ynagan. Ammo shu bilan birga, o‘sha paytda turk zobitlari
qo‘lida tarbiya ko‘rgan yoshlar orasidan o‘z xalqiga astoydil xizmat qilgan Oybek,
Mirkarim Osim, Abdulla Qahhor kabi ilg‘or ziyolilar yetishib chiqqan.
Turk zobitlari xizmat qilgan maktablarda bilim berishdan tashqari, “Turk kuchi”
singari guruhlar tashkil etilib, uning a’zolari harbiy-vatanparvarlik mashqlari,
sport musobaqalari, musiqa va teatr kechalarini tashkil etish bilan ham
shug‘ullangan. Drama to‘garagi qatnashchilari ijrosida kichik-kichik sahna
asarlari o‘ynalib, o‘z davrining madaniy hayotiga ta’sir o‘tkazilgan. Guruhlar
qoshidagi orkestrlar esa turli siyosiy va madaniy tadbirlarning yuksak saviyada
o‘tishiga xizmat qilgan.
Sobiq turk zobiti xotiralarida Hamzaning teatrchilik faoliyati bilan bog‘liq
maroqli fikrlar ham uchraydi, shu sababli ularning asarlaridan jumlalar
keltiramiz: “Farg‘ona vodiysida Musajon va Hamza Hakimzoda Niyoziy
tomonidan tashkil etilgan musiqali teatr truppasi bizning “Turk kuchi” to‘dasi
bilan birlashish istagini bildirdi. Biz ham bunga rozi bo‘ldik. Bu vaqtda truppa
Toshkentga kelib, yozuvchi Hamza Hakimzodaning “Loshman fojiasi” pesasini
qo‘yayotgan edi. Unda chor Rusiyasining Birinchi jahon urushi davrida
turkistonliklarga o‘tkazgan zulmi xaqida hikoya qilinardi. Ruslar qozoq, qirg‘iz,
o‘zbek va turkmanlarni front orqasida xizmat qilish uchun majburiy ravishda
mardikorlikka olish ishlarini boshlab yuboradilar. Yerli aholi bunga qarshi
chiqqach, askarlar qurol ishlatadilar [2]. Natijada, 1916-yili Turkistonda
umumxalq qo‘zg‘oloni boshlangan. Asarda ana shu qonli voqealar haqida hikoya
qilingan.
Hamza Hakimzoda rahbarlik qilgan ushbu sayyor truppa erkak
san’atkorlarining aksariyati o‘zbeklar bo‘lgan. Ular orasida birgina tatar ayol
bo‘lgan. Bir oz vaqtdan so‘ng ularning truppasiga Fotima tutash ismli yana bir
tatar qizi kelib qo‘shilgan. O‘zbeklar u vaqtlarda qizlarining teatrga kirib
ishlashlariga ruxsat bermaganlar. Shuning uchun ham teatrning ayol
san’atkorlarga bo‘lgan ehtiyoji tatar, arman va yahudiy xonimlarni sahnaga jalb
etish yo‘li bilan qondirilgan.
Hamzaning teatr truppasi musiqa sadolari ostida Toshkentning Yangi
shahar qismidan, “Turon kuchi” guruhi esa maxsus tikilgan liboslarda va orkestr
sadolari ostida Eski shahardan yo‘lga chiqqan. Bir ozdan keyin guruxlar
birlashib “Turon” maktabiga tomon yo‘l olganlar. Teatrlashtirilgan yurish
davomida har ikki guruh musiqachilari “Eski do‘st” nomli marshini chalib
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
147
borganlar. “Turon” maktabi hovlisida Muhiddinqori tomonidan mavlud o‘qilgan
va dasturxonlarga osh tortilgan [3].
Yozuvchi Hamza Hakimzodaga maktabdagi bo‘sh xonalardan biri ajratib
berilgan. U har safar Toshkentga kelganida shu yerda istiqomat qiladigan
bo‘lgan. Birlashgan teatr truppasiga ham Hamzaning o‘zi rahbarlik qila
boshlagan.
Bir qarashda bu xotiralarning jadidchilik harakati sarchashmalariga
aloqasi yo‘qdek ko‘rinadi. Ammo asr boshida o‘zbek-turk madaniy aloqalari
shunga yaqin manzaralardan iborat bo‘lgan bo‘lishi, dastlabki o‘zbek teatrining
ochilishi yo gazetasining chop etilishi marosimi ham shunday tantanavor
kechganligi ehtimoldan xoli emas. Bundan tashqari, har holda o‘zbek
yoshlarining, Fitrat singari, Turkiyaga “qip-qizil musulmon farzandi” sifatida
borib, so‘ng “jadid” bo‘lib qaytishi o‘zbek jadidchilik harakatining oyoqqa
turishida “Turkiya omili” ham muhim ahamiyatga molik bo‘lganini ko‘rsatadi.
Adabiyotshunos olimlarning Cho‘lpon ijodiga Yahyo Kamol, Tavfiq Fikrat,
Muhammad Amin singari turk shoirlarining ta’sir ko‘rsatgani, hatto 1920-
yillarning boshlarida she’riyatga kirib kelgan Oybek ijodi ham bu ta’sirdan
chetda shakllanmagani ham bu omilni jiddiy o‘rganish lozimligidan darak beradi.
Ko‘rib o‘tganimizdek, XIX asrning ikkinchi yarmi, XX asr boshlarida Turkiston
ancha og‘ir va ziddiyatli, ammo shu bilan birga umidbaxsh bosqichni boshdan
kechirgan. Turkiston, Kavkaz (Ozarbayjon), Idil-Ural kabi xududlarda vujudga
kelgan yangilanish harakati keskin mafkuraviy kurash bilan kechgan. Bu
jarayonda ishtirok etgan har bir mo‘tabar siymo hayoti umuminsoniy
qadriyatlar, o‘z xalqi manfaatlari uchun ongli ravishda olib borilgan kurashdan
iborat bo‘lgan.
Shunday qilib, XIX asrning so‘nggi yillarida Turkistonda maydonga kelgan
tarixiy-ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy vaziyat bu xududda yashovchi xalqlar
hayotini tubdan o‘zgartirish, o‘lkaning ijtimoiy va madaniy hayotida islohotlar
o‘tkazishni taqozo etgan. Xalqning ilg‘or qismi bo‘lgan ziyolilar bu tarixiy
zaruratni o‘z vaqtida tushunib yetigan. Ular dunyoqarashining shakllanishi,
mamlakatni qaysi bir yo‘nalishda rivojlantirish lozimligini tushunishlari uchun,
birinchidan, Ismoil G‘aspiralining Boqchasaroyda chop etgan “Tarjimon”
gazetasi, shuningdek, Tatariston, Ozarbayjon, Misr, Hindiston singari o‘lka
va mamlakatlardan keltirilgan davriy nashrlar katta rol o‘ynagan.
Ikkinchidan, tatar ma’rifatparvarlarining Turkistonga kelib, o‘zbek hamkasblari
bilan yonma-yon turib, usuli jadid maktablarini ochishlari uning rivojlanishini
tezlashtirgan.
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
148
Uchinchidan, iste’dodli yoshlarning xorijga, birinchi navbatda, Turkiyaga
o‘qishga yuborilishi yangicha fikrli shaxslarning vujudga kelishiga tegishli shart-
sharoitlar yaratgan.
To‘rtinchidan, Turkistonda milliy matbuotning maydonga kelishi, jadid
yozuvchilari qalamiga mansub asarlarning paydo bo‘lishi jadidchilik
g‘oyalarining keng xalq ommasi orasiga kirib borishiga shart-sharoitlar
yaratgan.
Beshinchidan, rus, tatar, ozarbayjon teatrlari ta’sirida milliy o‘zbek teatri
tug‘ilib, bu g‘oyalarni bevosita sahna orqali xalqqa yetkazish imkoni tug‘ilgan.
Ana shu tilga olingan holat Turkistonda jadidchilik harakatining yuzaga kelishi
va shakllanishida hal qiluvchi omillar bo‘lib qolgan.
Turkistonda jadidchilik harakati faollari hisoblangan o‘zbek xalqining
buyuk mutaffakkir hamda ziyoli fazandlarining kelgusida haqiqiy vatanparvar,
o‘z xalqining chinakkam jonkuyar o‘zbek ziyolilarini yetishtirishdagi ilm–fan,
ta’lim–tarbiya hamda ma’naviyat va ma’rifatni shakllanishiga qo‘shgan hissalari
natijasi bugungi O‘zbekistonning taraqqiyoti asosi hisoblanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Do‘stqoraev, B. Turkiston jadidlarining yirik siymosi / B. Do‘stqoraev // Jahon
adabieti. – 1998. – 3-son. – 146-bet.
2. Chaqiro‘z, Roji Turkistonda turk subaylari. (Xotiralar. 1914-1923 yillar) / Roji
Chaqiro‘z // Turk dunyosi, Istanbul. – 1987. – 4-son. – B. 40-41.
3. Sharipov, R. Turkiston jadidchilik harakati tarixidan / R. Sharipov. – T.:
«O‘qituvchi», 2002. – 176 b.
