ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
51
“OMMAVIY MADANIYAT” YOXUD PINHONIY TAHDIDLAR
Karimova Saida
Guliston davlat universiteti o`qituvchisi.
https://doi.org/10.5281/zenodo.14584153
Globallashuv jarayoni o‘z-o‘zidan axborotning globallashuvi bilan ham
kechmoqda. Axborot tarqatish vositalarining takomillashib borishi bilan axborot
xuruji, axborot tahdidi ham namoyon bo‘lmoqda. XX asr oxiri XXI asr boshlariga
kelib biron bir hududda gegemonlikni qo‘lga kiritish uchun u yerga qo‘shin
kiritish, qurol-yarog‘ga katta mablag‘ sarflash shart bo‘lmay qoldi. Bu vazifani
“beozorgina” ko‘ringan axborot orqali amalga oshirish imkoniyati yuzaga keldi.
“Ommaviy madaniyat” ko‘rinishida zo‘r berib targ‘ib qilinayotgan va eshik
qoqmay kirib kelayotgan hamda milliy ma’naviyatimizga jiddiy xavf
tug‘dirayotgan hodisa bugun jamoatchilikni katta tashvishga solmoqda.
Internetning paydo bo‘lishi axborot sohasida inson uchun juda ko‘p
qulayliklar yaratdi. Minglab chaqirim masofalar go‘yo o‘zining ahamiyatini
yo‘qotdi. Dunyoning xohlagan go‘shasiga bir zumda har qanday xoh yozuvli, xoh
ovozli, xoh tasvirli bo‘lsin axborotni uzatish yoki undan qabul qilish mumkin
bo‘lib qoldi.
Mutaxassislarning fikricha, hali ilm-fanda “antikultura” (g‘ayrimadaniyat)
degan ilmiy tushuncha shakllanmaganligi uchun “Pop (ommaviy) madaniyat”
tushunchasi, nochorlikdan qo‘llanilmoqda. Chunki “ommaviy madaniyat” aslida
ma’naviyatsizlik va axloqsizlik sinonimidir. Faylasuf olim S.Otamurodov ushbu
hodisani “ommaviy ma’naviyat” deb ataydi. “Ommaviy ma’naviyat” o‘zida
mavjud bo‘lgan umuminsoniy qadriyatlarni yuzaga chiqarib, oxir-oqibatda
moddiy yuksaklikka erishgan va mazmunan qashshoqlashib qolgan “G‘arbning
halokati”ning o‘zini bu yorug‘ olamda saqlab qolishga qaratilgan xatti-
harakatlarning natijasi o‘laroq shakllanayotgan ma’naviyatdir. Bu ma’naviyat-
yuksak taraqqiyotga erishgan millatlar tomonidan hali yuksak taraqqiyotga
erishishga ulgurmagan millatlarni o‘zligidan, urf-odat, an’ana, qadriyatlaridan
marhum qilishga va ularni o‘z xohish-irodasiga hech ikkilanmasidan itoat
qiluvchi manqurtga aylantirishga qaratilgan ma’naviyatdir
1
.
“Ommaviy madaniyat” tarkibidagi kishilarning dasturiy qarashi
shundayki, ular insonni emas, aksincha, narsalar va buyumlarni e’zozlashadi.
Ma’naviy dunyoni emas, maishiy-iste’molchilik his-tuyg‘ularini qadrlaydilar va
ularni keng ommalashtirishga intiladilar. Ularning ma’naviy pozitsiyasi –
ma’naviyatni o‘ldirish va “narsalarga qullik” ni rag‘batlantirishdir. Amerikaning
taniqli adibi R.Bredberi aytganidek, “ommaviy madaniyat” maktabidan o‘tgan
1
Otamurodov S. Globallashuv va milliy-ma’naviy xavfsizlik. T.: O`zbekiston, 2013. 100-101-b.
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
52
avlod uchun hayotning ma’nosi – avtomobil, televizor, kompyuter va shunga
o‘xshash texnik vositalargagina ega bo‘lishdir. Inson moddiylikka muhabbat
qo‘ygani sayin uning qalbida ma’naviy tutumlarga joy kamayib, ma’naviy
qashshoqlikka qarab yetaklaydi.
G‘arbda “populyar” yoki “pop-kultura” ya’ni “ommaviy madaniyat” deb
atashadi. Garchi “ madaniyat atalsada, aslida, tub mazmun-ma’nosi, maqsad-
muddaosiga
ko‘ra
“ommaviy
madaniyat”
chinakam
madaniyatning
kushandasidir. Gegemonlikka intilgan davlatlarning mafkurachilari madaniy
gegemonlikka erishish uchun xalqning ma’naviy-madaniy tayanchlarini
kuchsizlantirish, ularga butunlay teskari bo‘lgan g‘oyaviy ta’sirlar orqali erishish
mumkinligini ta’kidlashgan. Har bir xalqning o‘zligini belgilovchi, milliy qiyofa
ruh beruvchi ma’naviy madaniyati mavjud. Bu negiz ming yillar davomida
shakllangan turmush tarzi, urf-odat va qadriyatlari, hayotiy tutumlarini qamrab
oladi.
Geyosiyosiy kurashda gegemonlikni maqsad qilgan kuchlar ana shu milliy
o‘zlikka tajovuz qiladi. Buning uchun tanklar, qiruvchi samolyotlar, bombalar
talab etilmaydi, balki targ‘ibot vositalariga ya’ni kitoblar, risolalar, filmlar,
qo‘shiqlar va boshqalarga milliy o‘zlikni yemiradigan, uning kushandasi bo‘lgan
g‘oyalar singdirilgan mahsulotlarni yuborishning o‘zi kifoya. O`zbekiston
Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov “ bugun mafkura poligonlari
yadro poligonlaridan kuchli” deganda aynan mana shuni nazarda tutgan edi.
Haqiqatdan ham bugun har bir xonadonning to‘rini egallab turgan
televizor eng xafvli, kuchli poligon vazifasini o‘tamoqda. Bundan 30-40 yil avval
telvidenie uncha taraqqiy etmagan, ko‘rsatuvlar namoyish davri cheklangan har
bir ko‘rsatuv senzura nazaridan o‘tkazib taqdim etilgan davr bilan bugungi
kunni aslo taqqoslab bo‘lmaydi. Bugun televizordan sutkada 24 soat davomida
yuzlab telekanallar orqali ko‘rsatuv tomosha qilish mumkin. Chunki sun’iy
yo‘ldosh orqali dunyoning xohlagan joyidan uzatilayotgan har qanday yaxshi va
yomon, oq va qorani ko‘rsatadigan ekranning naqadar kuchli sinov maydoni
ekanligini tasavvur etish mumkin.
Tarixiy xotirani susaytirish, jamiyatdagi birdamlikka putur yetkazish,
an’anaviy qadriyatlarni yemirish, xalqni ma’naviy ildizlaridan mahrum etish,
sog‘lom aqlni “o‘chirish”, axloqsizlikni targ‘ib qilish, insonning eng tuban
mayllari, hayvoniy xirslari, nafsini qo‘zg‘ash kabi usullar bilan milliy negizni
tashkil etgan o‘zlikni kuchsizlantirishga harakat qilinmoqda. Ko‘rinib turibdiki,
buning muddaosida insonning mustaqil fikrdan mahrum qilish, uni o‘zligini
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
53
unutgan kimsaga, manqurtga aylantirish maqsadi yotibdi. Yangi ko‘rinishdagi
bunday mustamlakachilikning fojiaviy oqibati ham shunda.
E’tibor bering, yuqoridagi tahdidning maqsadlaridan biri birdamlikka
putur yetkazish hisoblanadi. Tasavvur qiling urf-odatlarimizda agar ilgari biron
oilaga uzoqdan mehmon kelsa qo‘ni-qo‘shnilar mehmonning oldiga taklif
qilingan. Mahallada birdamlik, qo‘ni-qo‘shnichilik an’analari chuqur ildiz otgan.
Bugun esa mahallaga kim kelayapti yo ketayapti bundan hech kimning xabari
yo‘q. Hamma o‘z qobig‘iga o‘zi o‘ralashib, asosiy vaqtini televizor qarshisida
“ommaviy madaniyat” bilan yo‘g‘rilgan filmlar, seriallarga ajratilayotgani ana
shu birdamlikka putur yetkazishning eng oson usuli deyish mumkin.
Bugun na ma’no na mazmun bo‘lgan, insoniy hislardan ko‘ra, ko‘proq past
instiktlarni qo‘zg‘ovchi yoki shunday kadrlar ataylab joylashtirilgan, g‘oyaviy
bo‘sh, hatto zarali film, qo‘shiq, klip kabi “ommaviy madaniyat” namunalariga
hayotimizda ko‘p duch kelamiz. “Ayniqsa, yoshlarni ohangraboday o‘ziga
tortayotgan, “ommaviy madaniyat” qulligidan qutilishning yo‘li bormi? Tabiiyki
“ommaviy madaniyat” degan niqob ostida axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlik,
individualizm, egotsentrizm g‘oyalarini tarqatish, kerak bo‘lsa, shuning
hisobidan boylik ortirish, boshqa xalqlarning necha ming yillik an’ana va
qadriyatlari, turmush tarzining ma’naviy negizlariga bepisandlik, ularni
qo‘porishga qaratilgan xatarli tahdidlar odamni tashvishga solmay qo‘ymaydi.
“Ommaviy madaniyat” Yer yuzida qadriyatlarning bir xillashuvi, milliy
o‘ziga xoslikning yo‘qolib borishiga olib kelmoqda. Har bir xalq o‘zining
qadriyatlari, urf-odatlari, milliy ma’naviy boyliklari bilan tirik. “Ommaviy
madaniyat” ta’siridagi inson “g‘arb” andozalarining quliga, o‘zgalar urfining
taqlidchisiga aylanadi. Qalbi o‘zgalar madaniyatiga talpingan odam hech qachon
vatanparvar bo‘lmaydi. Har qanday sharoitda xiyonat, xoinlik yo‘liga kirish,
o‘zgalar manfaatiga shay askarga aylanishi mumkin. “Ommaviy madaniyat”ning
ildizi, boy merosga suyanadigan tayanchi yo‘q. Uning ta’sirida o‘z milliy
zaminidan, o‘zligidan yiroq manqurt shakllanadi. O‘z urf-odat va ma’naviy
tutumlaridan osongina voz kechadigan, ularni eskilik sarqiti, zamonga mos emas
degan g‘oya bilan yashaydigan olomon yaratiladi.
Adabiyotlar:
1. Каримова, С. (2021). Mafkuraviy xavfsizlikni ta’minlashning tarkibiy
funksional tahlili. Общество и инновации, 2(11/S), 273-279.
2. Karimova, S. (2022). MAFKURAVIY XAVFSIZLIKNI TA’MINLASHDA MILLIY
MEROSIMIZNING ORNI. BARQARORLIK VA YETAKCHI TADQIQOTLAR ONLAYN
ILMIY JURNALI, 2(1), 485-488.
ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE
International scientific-online conference
54
3. Mustafayevich, B. A. (2021). Use of Fiction in the Formation of the Worldview
of Youth. Central Asian Journal of Literature, Philosophy and Culture, 2(5), 37-
40.
4. Bayeshanov, A. (2022). BADIIY ADABIYOT YOSHLAR TAFAKKURINI
RIVOJLANTIRUVCHI OMIL SIFATIDA. TA’LIM VA INNOVATSION TADQIQOTLAR,
97-99.
