MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-28
Часть–3_Июнь –2025
246
JAZO TUSHUNCHASI TUSHUNCHASI VA TIZIMI
Karimov Islom Umidullo o’g’li
IIV Surxondaryo akademik litseyi Huquqshunoslik fanlari o’qituvchisi
Kalit so’zlar: Jazo – jinoyat huquqining markaziy institutlaridan biridir,
chunki u jinoiy javobgarlikni amalga oshirishning yetakchi shaklidir. Jinoiy
javobgarlikni amalga oshirish vositasi sifatida nafaqat jazo choralari, balki boshqa
xil jinoyat-huquqiy (tibbiy, tarbiyaviy yo‘sindagi majburiy choralar, shartli hukm va
sh.k.) ta’sir choralari qo‘llanishi bois, jinoiy javobgarlik jazodan farqli o‘laroq,
yanada kengroq va ixchamroq yuridik kategoriya ekanligini ta’kidlash lozim. Bir
tarafdan jazo – shaxs tomonidan jinoyat sodir etilishining mantiqiy oqibatidir,
boshqa tarafdan esa, JK tomonidan himoya qilinayotgan ijtimoiy munosabatlarni
tiklashning bir vositasidir ham. Aynan jinoyatlar uchun jazo tayinlanishi jinoyat
qonunini ijtimoiy munosabatlarga ta’sir ko‘rsatish vositasiga, huquqiy normalarni
shaxs, jamiyat va davlatni huquqqa xilof tajovuzlardan himoya qilishning amaliy
vositasiga aylantiradi.
Jinoiy javobgarlikning samaradorligi haqidagi masala jazoning samaradorligi
masalasiga jiddiy ta’sir qiladi. «Jazoning samaradorligini ijtimoiy ongga va
sudlangan shaxsga ta’sir etish oqibatida jazo maqsadlarini amaliy jihatdan yuzaga
chiqarish (erishish darajasi) deb ta’riflash mumkin. Jinoyat, jinoyat-ijroiya, jinoyat-
protsessual qonunchilik hamda mazkur qonunlarning jinoyatchilikka qarshi kurashda
qo‘llanish amaliyoti jamiyat rivojlanishining obyektiv qonuniyatlariga va ijtimoiy
munosabatlarning barcha yig‘indilariga eng yuqori darajada muvofiq kelgan taqdirda
jazoni eng yuqori samaradorlikka erishilgan deb hisoblash mumkin».
O‘z navbatida, jazo samaradorligi uni belgilash xususiyatlariga to‘g‘ri
proportsional nisbatdadir, chunki jazo mohiyati va uning o‘rni qanchalik darajada
aniqroq anglanilsa, jinoyatni sodir etgan shaxslarga nisbatan muvofiq ta’sir ko‘rsatish
usullarini va uslublarini tanlash shunchalik muvofiq darajada yuqori samarali bo‘ladi
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-28
Часть–3_Июнь –2025
247
va, demak, jinoyat qonunchiligining ijtimoiy munosabatlarni muvofiqlashtirish
jarayoniga ta’sir ko‘rsatishi ham ortib boradi.
JK 42-moddasi jinoiy jazoning butun tizimi uchun jiddiy asoslovchi
ahamiyatga egadir, chunki mazkur modda davlat tomonidan ijtimoiy munosabatlarga
ta’sir ko‘rsatishning tanlanadigan va jazo sifatida tan olinadigan usulni qonuniy
tarzda ta’minlaydi. Jazolash tushunchasi va maqsadlarining qonun normasida
ta’riflanishi nafaqat jinoyat qonunining qo‘llanishidagi bir xillikka, balki yuridik
mahoratning mukammallashuviga va shu orqali jinoyat qonuni rivojlanishining
tadrijiyligiga, tizimliligiga va ilgarilab borishiga ham sababchi bo‘ladi.
Tarkib nuqtai nazaridan, JK 42-moddasi ikki qismdan tashkil topgan bo‘lib,
ulardan birinchisida jazo tushunchasi keltirilgan, ikkinchisi esa uning maqsadlarini
belgilaydi. Ko‘rib chiqilayotgan normani mana shunday yo‘sinda talqin etish
ko‘rsatilgan unsurlarni aniq chegaralash uchun va shu orqali jazoning mohiyati va
o‘rnini anglashda qiyinchiliklarga duchor bo‘lmaslik uchun imkon beradi.
Jazo jinoyat huquqining asosiy institutlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Jazo
tizimi bu jinoyat sodir etishda aybli deb topilgan shaxsga nisbatan sud tomonidan
tayinlanishi mumkin bo‘lgan va jinoyat qonunida yengilidan og‘irligiga qarab
joylashtirilgan jazo turlarining yig‘indisidir.
Jarima aybdordan davlat daromadiga Jinoyat kodeksida belgilangan miqdorda
pul undirishdir. Jarima bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan olti yuz
baravarigacha miqdorda belgilanadi. Sud jarimaning to‘lanmagan miqdorini majburiy
jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, xizmat bo‘yicha cheklash, ozodlikni cheklash
yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtiradi.
Majburiy jamoat ishlarining ikki yarim soati bazaviy hisoblash miqdorining
bir baravari miqdoridagi jarimaga tenglashtirilib, to‘rt yuz sakson soatdan ko‘p
bo‘lmagan muddatga, axloq tuzatish ishlarining, xizmat bo‘yicha cheklashning,
ozodlikni cheklashning yoki ozodlikdan mahrum qilishning har bir oyi bazaviy
hisoblash miqdorining o‘n olti baravari miqdoridagi jarimaga tenglashtirilib, uch
yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga tayinlanadi.
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-28
Часть–3_Июнь –2025
248
Muayyan huquqdan mahrum qilish shaxsni sud tayinlagan muddat davomida
aybdorning korxonalar, muassasalar yoki tashkilotlarda u yoki bu mansabni
egallashini yoxud u yoki bu faoliyat bilan shug‘ullanishini taqiqlashdan iboratdir.
Muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi ozodlikdan mahrum qilish,
intizomiy qismga jo‘natish jazosiga qo‘shimcha jazo tariqasida tayinlangan bo‘lsa,
asosiy jazoning butun muddatiga, bundan tashqari sud hukmi bilan tayinlangan
muddatga joriy etiladi. Bu jazo boshqa asosiy jazolarga qo‘shimcha jazo tariqasida
tayinlanganda va mahkum shartli hukm qilinganda uning muddati hukm qonuniy
kuchga kirgan vaqtdan boshlab hisoblanadi.
Majburiy jamoat ishlari mahkumni haq to‘lanmaydigan foydali jamoat
ishlarini bajarishga majburiy tarzda jalb qilishdan iboratdir. Mahkum ishlayotgan
yoki o‘qiyotgan bo‘lsa, majburiy jamoat ishlari ishdan yoki o‘qishdan bo‘sh vaqtda
o‘taladi.
Mahkumlar majburiy jamoat ishlarini o‘tashi mumkin bo‘lgan joylar
(obyektlar) va majburiy jamoat ishlarining turi mazkur jazoning ijrosini nazorat
qiluvchi organlar tomonidan belgilanadi.
Majburiy jamoat ishlari bir yuz yigirma soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha
bo‘lgan muddatga tayinlanadi va olti oy davomida kuniga to‘rt soatdan ko‘p
bo‘lmagan vaqtda, mahkumga bog‘liq bo‘lmagan holatlar yuzaga kelgan taqdirda esa,
bir yilgacha bo‘lgan muhlatda kuniga to‘rt soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqtda o‘taladi.
Mahkum jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlagan taqdirda, sud majburiy jamoat
ishlarining o‘talmagan muddatini majburiy jamoat ishlarining to‘rt soatini ozodlikni
cheklashning yoki ozodlikdan mahrum qilishning bir kuniga tenglashtirgan holda
hisoblab, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan
almashtiradi. Jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlanilgan vaqt jazoning o‘talgan muddatiga
qo‘shib hisoblanmaydi.
Axloq tuzatish ishlari shaxs ish haqining o‘n foizidan o‘ttiz foizigacha
miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda uni mehnatga majburan jalb
qilishdan iborat bo‘lib, jazo sudning hukmiga muvofiq mahkumning o‘z ish joyi yoki
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-28
Часть–3_Июнь –2025
249
mazkur jazo ijrosini nazorat qiluvchi organlar belgilab beradigan boshqa joylarda
o‘taladi.
Axloq tuzatish ishlari olti oydan uch yilgacha muddatga tayinlanadi.
Agar shaxs sud tomonidan tayinlangan axloq tuzatish ishlari muddatining
jami bo‘lib o‘ndan bir qismidan ko‘prog‘ini o‘tashdan bo‘yin tovlasa, sud axloq
tuzatish ishlarining o‘talmagan muddatini xuddi shu muddatga ozodlikni cheklash
yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtiradi. Jazoni o‘tashdan
bo‘yin tovlagan vaqt jazoning o‘talgan muddatiga qo‘shib hisoblanmaydi.
Xizmat bo‘yicha cheklash — harbiy xizmatni kontrakt bo‘yicha o‘tayotgan
harbiy xizmatchini sud hukmida ko‘rsatilgan muddat davomida muayyan huquq va
imtiyozlardan mahrum qilib, pul ta’minotining o‘n foizidan o‘ttiz foizigacha bo‘lgan
miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolishdan iborat.
Xizmat bo‘yicha cheklash jazo chorasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining
moddasida nazarda tutilgan hollarda ikki oydan uch yilgacha muddatga qo‘llaniladi.
Xizmat bo‘yicha cheklash tariqasidagi jazoni o‘tash muddati davomida
mahkumning mansabini, harbiy yoki maxsus unvonini oshirish mumkin emas, jazoni
o‘tagan vaqt esa, uning ko‘p yil ishlaganlik, navbatdagi harbiy yoki maxsus unvon
hamda pensiya olish uchun asos bo‘ladigan xizmat muddatiga qo‘shilmaydi.
Ozodlikni cheklash sud tomonidan mahkumga nisbatan yashash joyini u yoki
bu sabab bilan tark etishni butunlay taqiqlashdan yoki sutkaning muayyan vaqtida
yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat. Ozodlikni cheklash bir oydan besh
yilgacha muddatga tayinlanadi.
Intizomiy qismga jo‘natish — muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchisini
sud tomonidan belgilangan muddat mobaynida ichki tartibi ancha qattiq bo‘lgan
maxsus harbiy qismga joylashtirish orqali, muayyan huquq va imtiyozlardan mahrum
etishdir.
Intizomiy qismga jo‘natish jazosi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining
moddasida nazarda tutilgan hollarda uch oydan bir yilgacha muddatga qo‘llaniladi.
Ozodlikdan mahrum qilish mahkumni jamiyatdan ajratib jazoni ijro etish
koloniyasi yoki turmaga joylashtirishdan iboratdir.
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-28
Часть–3_Июнь –2025
250
Ozodlikdan mahrum qilish bir oydan yigirma yilgacha muddatga belgilanadi,
ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish yigirma yildan ortiq, lekin yigirma
besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga belgilanadi va faqat javobgarlikni
og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish (97-moddaning ikkinchi qismi)
va terrorizm (155-moddaning uchinchi qismi) uchun tayinlanishi mumkin.
Ozodlikdan mahrum qilish Jinoyat kodeksining 60-moddasida nazarda
tutilgan bir necha jazolarni qo‘shish tartibida tayinlanganda, uning muddati yigirma
besh yilgacha belgilanishi mumkin.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinayotgan ayollarga hamda oltmish
yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan tayinlanayotgan jazo muddati Jinoyat kodeksi
Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum etish eng
ko‘p muddatining uchdan ikki qismidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
Umrbod ozodlikdan mahrum qilish favqulodda jazo chorasi bo‘lib, mahkumni
maxsus tartibli jazoni ijro etish koloniyasiga joylashtirish orqali jamiyatdan
muddatsiz ajratib qo‘yishdan iboratdir.
Umrbod
ozodlikdan
mahrum
qilish
jazosi
faqat
javobgarlikni
og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish (97-moddaning ikkinchi qismi)
va terrorizm (155- moddaning uchinchi qismi) uchun belgilanadi.
Harbiy yoki maxsus unvondan mahrum qilish – harbiy yoki maxsus unvonga
ega bo‘lgan shaxs og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat uchun hukm qilinganida sud hukmi
bilan mazkur unvondan mahrum qilinishi mumkin.
Huquqni muhofaza qiluvchi organ, yuridik xizmat yoki boshqa davlat
organlari xodimlariga berilgan unvonlar, martaba darajalari maxsus unvonlar
hisoblanadi va ulardan mahrum qilinishi ham mazkur qoidalarga asoslanadi.
Oliy harbiy yoki maxsus unvonga yoxud O‘zbekiston Respublikasining davlat
mukofotiga ega bo‘lgan shaxs og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun hukm qilinganida
sudning hukm asosida kiritadigan taqdimnomasiga binoan mazkur unvon yoki
mukofotdan mahrum qilinishi mumkin.
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-28
Часть–3_Июнь –2025
251
Jazo – jinoyat sodir etishda aybli deb topilgan shaxsga nisbatan davlat
nomidan sud hukmi bilan qo‘llanadigan va mahkumni qonunda nazarda tutilgan
muayyan huquq va erkinliklardan mahrum qilish yoki ularni cheklashdan iborat
majburlov chorasidir (JK 42-moddasi 1-qismi).
Jazoning chora sifatidagi sifat belgilari ta’rifida ta’sir ko‘rsatish usulining
mazmundorlik tomoni, ya’ni uning turi anglanadi (masalan, jarima ko‘rinishidagi
jazoning sifat ta’rifi pulni undirishda ifodalanadi). Miqdor jihatidan ta’riflash u yoki
bu usulni qo‘llash chegaralarini (masalan, jarimaning miqdoriy ta’rifi sifatida uning
miqdori, ozodlikdan mahrum etish holida jazoni o‘tash muddati va sh.k. belgilarni)
qamrab oladi. Qonun tomonidan belgilangan jazoning mazkur ta’rif belgilaridan
chetga chiqishga hech kim haqli emas. Faqat jazo doirasida chora sifatida sud jinoyat
qonuni asosida, jazo muddatlari va tartibini belgilagan holda, miqdoriy, ba’zan esa
sifat chegaralarda muayyan aniq bir shaxsga nisbatan jazo chorasi qo‘llanilishini
belgilashga haqlidir.
Jazo sifatida faqat majburlov xususiyatdagi choralar, ya’ni har kimning
ixtiyoridan qat’i nazar, xususan ushbu choralar qo‘llanilayotgan shaxsning ham,
boshqa shaxslarning (masalan, jazoni ijro etish organlarining xizmatchilari bo‘lgan
va shuningdek, korxona, muassasa, tashkilotlarning va boshqa mansabdor
shaxslarning) ixtiyoridan qat’i nazar ijro etish uchun majburiy bo‘lgan choralar tan
olinishi mumkin. Bunda jazolanuvchi shaxsning unga nisbatan qo‘llanilayotgan jazo
choralariga subyektiv munosabatda bo‘lishi mazkur choralarning majburlov
xususiyatda bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatmasligini inobatga olish lozim. Xususan, mahkum
etilgan shaxs jazoni o‘zi ixtiyoriy tarzda (masalan, jarimani ixtiyoriy to‘lash) o‘tashi
ham, jazo uning ixtiyoriga qarshi (masalan, uni ozodlikdan mahrum etish va sh.k.)
yo‘sinda ijro etilishi ham mumkin va bu jazoning albatta ijro etilishini, ya’ni uning
majburlov xususiyatini bekor qilmaydi.
Jazo maqsadi – bu davlat tomonidan jazoni qo‘llash vositasida erishishga
intilayotgan yakuniy natijadir.
Jinoiy faoliyatni davom ettirishga to‘sqinlik qilish jazoning maxsus maqsadi
sifatida shaxsni, uning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlari, xususiy
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-28
Часть–3_Июнь –2025
252
mulk, tabiiy muhit, tinchlik, insoniyat xavfsizligini himoya qilish yo‘lidagi Kodeks
vazifalarining xususiy tarzda namoyon bo‘lishini tashkil etadi. Jazoni belgilash yoki
qo‘llash orqali davlat kelajakda jinoiy faoliyatni sodir etish mumkinligiga yo‘l
qo‘ymaslikka harakat qiladi.
Maxsus prevensiya sudlangan shaxs tomonidan yangi jinoyatlar sodir
etilishining oldini olishdan iborat. Maxsus oldini olish maqsadini amalga oshirishni
ta’minlash orqali sud qonun asosida va JK tegishli moddasi sanksiyasi doirasida
mahkum uchun jazo turini va miqdorini qat’iy darajada belgilaydi. Ayni shu
maqsadga erishish uchun shaxs tomonidan sodir etilgan jinoyatga davlatning
munosabat bildirish tezkorligi ham ahamiyatlidir. Jazolanish muqarrarligi va
qo‘llanish tezkorligi uning shafqatsizligidan ko‘ra maxsus prevensiya maqsadi uchun
samaraliroqdir.
Jazoni qo‘llashdagi umumiy prevensiya maqsadi muayyan sudlangan shaxs
uchun muayyan jazo turini va miqdorini belgilashda, davlat shu yo‘l orqali
jamiyatning boshqa a’zolarini g‘ayriqonuniy qilmishlarni sodir etishdan
ogohlantirishga intilishidan iboratdir. Umumiy ogohlantirishdagi jinoiy qilmishlarni
sodir etishdan tiyib turuvchi asos bunday shaxslarning jinoyatning ko‘ngilsiz
oqibatlari haqidagi tasavvuri bilan, ya’ni har bir jinoiy qilmish uchun jinoiy
javobgarlik belgilanganligi, jazoning qattiqqo‘lligi darajasi jinoyatning og‘irligi
darajasi bilan belgilanishi, jinoyat sodir etilgan taqdirda javobgarlikning amaliyligi
va muqarrarligi bilan shartlanadi. Bunda JKda mujassamlangan jazo tahdidining
amaliyligi faqat uning qo‘llanishi holatida namoyon bo‘lishini nazarda tutmoq lozim.
Bunday hollarda, beqaror unsurlar jazoni o‘zlari uchun salbiy oqibatlari bilan zararli
bo‘lgan jinoyatning muqarrar oqibati sifatida qabul qiladilar.
Qo‘shimcha turdagi jazolardan birining qo‘llanishi boshqa toifa jazo turining
qo‘llanishiga to‘sqinlik qilolmasligini inobatga olish lozim. Masalan, agar aybdorga
nisbatan qo‘shimcha jazo sifatida uni harbiy yoki maxsus unvondan mahrum qilish
jazo turi qo‘llangan bo‘lsa, bu holda, uni shuningdek, muayyan huquqdan mahrum
qilish ham qo‘llanishi mumkin. Biroq bu holda, yuqorida ta’riflangan muayyan
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-28
Часть–3_Июнь –2025
253
huquqdan mahrum qilish ko‘rinishidagi jazo turining qo‘llanishiga to‘sqinlik qiluvchi
sharoitlarning mavjud emasligini aniqlash zarur bo‘ladi.
Jarima – sud tomonidan JKda belgilangan chegaralar doirasida va jinoyatni
sodir etish paytiga qadar qonunchilikda belgilangan eng kam oylik ish haqining
muayyan miqdoriga muvofiq keladigan me’yorda davlat foydasiga majburiy
undiriladigan pul to‘lovidir.
“Jazo tushunchasi va tizimi” mavzusi jinoyat huquqi nazariyasida markaziy
o‘rin tutadi. Bu mavzuni chuqur o‘rganish orqali talabalar jazo institutining mazmun-
mohiyati, uning huquqiy-tarbiyaviy ahamiyati, shuningdek, jinoyat sodir etgan
shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan turli jazo choralarining turlari va tartibi haqida
keng tasavvurga ega bo‘ladilar.
Mavzuni o‘zlashtirish natijasida talabalar:
jazoning huquqiy va ijtimoiy mazmunini anglaydilar;
jazolarning tasnifi, maqsadi va ularni qo‘llashdagi prinsiplarni
o‘rganadilar;
har bir jazo turining amaliyotda qanday qo‘llanilishini tahlil qilish
ko‘nikmasini shakllantiradilar;
jinoyatga qarshi kurashda jazolarning profilaktik, tarbiyaviy va ijtimoiy
himoya vazifalarini tushunadilar.
Shuningdek, mazkur mavzuning o‘quv jarayoniga kiritilishi talabalarda
jinoyatga huquqiy baho berish, sud-huquq faoliyati doirasida mustaqil fikrlash va
qonuniy qarorlar chiqarish malakasini shakllantirishga xizmat qiladi. Shu orqali ular
huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga hissa qo‘shadigan mutaxassis
sifatida yetishib chiqishadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi
2.
Jinoyat huquqi O‘zbekiston Respublikasi IIV akademik litseylari uchun
darslik. – T.: O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, 2023 – 184b
3.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi – asosiy normativ hujjat.
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-28
Часть–3_Июнь –2025
254
4.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi – jinoyat ishlari
yuritilishi tartibini belgilaydi.
5.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – jinoyat huquqining asosiy
prinsiplari shu yerda belgilangan.
6.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining plenum qarorlari
7.
M. Rustambayev. "Jinoyat huquqi (Maxsus qism)" – jinoyat turlarining tahlili.