MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-20
Часть–1_ Февраль –2025
287
BUVIMDAN QOLGAN SIRLI MUXAMMAS
Qurbonova Manzura Shuxratulla qizi
Buxoro viloyati Jondor tumani 10-maktab o'qituvchisi
Annotatsiya: Ushbu maqolada salkam bir asr yashab o‘tgan Choriyeva
Barin buvidan yozib olingan muxammas va uning tarkibi xususida so’z boradi.
Kalit so’zlar: Folklor, musiqa, raqs, hunarmandchilik, xalq og‘zaki ijodi,
variantlilik, Buxoro, Jondor, Choriyeva Barin, muxammas, sheva, “Erali va Sherali”,
“Sust xotin”, “Choy momo”, T.Mirzayev, O.Safarov, D.O’rayeva “O‘zbek xalq
og‘zaki ijodi xrestomatiyasi”
Folklor barcha san’atning boshlanishi, sarchashmasi, shu sababli ham boshqa
ko‘pgina san’atlar bilan uyg’unlikka ega, shuning bilan birga hech biriga
o’xshamagan o’ziga xosligi bilan ajralib turuvchi alohida san’at turidir. Bu soha o‘z
ichiga musiqa, raqs, hunarmandchilik, tasviriy, badiiy va boshqa san’atlar bilan
bog‘liq tasavvurlarni qamrab oladi. Boshqacha aytsak, og’zaki ijod xalqning o’tmishi,
buguni va kelajagini o‘zida ifoda etuvchi, uning taqdiri bilan chambarchas bog’liq
ijodiy jarayondir. Shuning uchun ham allomalarimiz uni el adabiyoti deb atagan.
Biror bir xalqning qanday xalq ekanligini bilish uchun dastavval uning folkloriga
nazar solish lozim bo'ladi.
Xalq ijodi bu chinakam ma’nodagi doimiy o’zgarish, doimiy harakatdagi
san’atdir. Ya’ni xalq ijodi namunalari har galgi ijroda an’analarning davomiyligini
saqlagan holda muttasil yangilanib, o‘zgarib, mukammallashib boraveradi. Shuning
uchun ham xalq ijodi namunalari ko’plab variantlilikka ega. Ana shu variantlilik xalq
og’zaki ijodining o‘ziga xosligini ta’minlab beruvchi eng muhim jihatlardan biridir.
Ajdodlarimiz hayoti qandaydir bir udumiy-marosimiy qo’shiqlar va raqslarsiz ma’no
— tuzsizdek bo’lgan.
1
1
Jabbor Eshonqul: “Folklor – millatning boqiy tarixi” (2014)
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-20
Часть–1_ Февраль –2025
288
“Ayni vaqtda hozirgi globallashuv davrida, tijorat vositasiga aylangan
“ommaviy madaniyat”, shou-biznesning salbiy ta’siri tobora kuchayib borayotgan
murakkab zamonda har qanday milliy madaniyatning bulog’i bo'lgan folklor san’atiga
e’tibor va qiziqish, afsuski, susayib borayotgani ham sir emas. Holbuki, folklor
san’ati, ta’bir joiz bo’lsa, bu – insoniyatning bolalik qo’shig’idir. Mana shunday
noyob va buyuk san’at bugungi kunda shunchaki madaniy yodgorlik namunasiga
aylanib, ko’p joylarda unutilib ketayotgani, himoya va muhofazaga muhtoj bo’lib
turgani – bu ham davrimizning achchiq haqiqatidir. Bu haqiqat ushbu go’zal va
betakror san’atning chinakam fidoyilari sifatida siz, azizlarni hammadan ko’ra
ko’proq tashvishga solayotganiga ishonaman. Folklor san’ati bu – insoniyatning
bolalik qo’shig’idir. Shu sababli tengsiz ma’naviy boyligimiz bo’lmish mumtoz
san’atni, xalq ijodining nodir namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, uni
kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish jahondagi ilg’or fikrli olimlar va
san’atkorlarning, davlat va jamoat arboblari, barcha madaniyat ahlining ezgu
burchidir”.
2
Prezidentimiz aytganlaridek, ma’naviy hamda moddiy boyliklarimizni, urf-
odat-u an’analarimizni saqlab qolishimiz va bus-butunligicha kelajak avlodga
yetkazish bizning sharafli burchimizdir. Quyida Buxoro viloyati Jondor tumani
Shodila qishlog’ida yashab o’tgan Choriyeva Barin buvidan yozib olingan
muxammas(Buxoro shevasida)ga e’tibor qaratsak:
Eshiging oldidan o’tsam,
Gul ochildi xiyolimga
Urubsiz mushk-u anbarni
Hidi urdi dimog’imga
Xudoyimdan tilab olsam,
Sani bir kecha qo’ynimga
Qo’limni bo’yningga taylab,
Rozidil aytsam qulog’ingga
Boshingdan tayla siynaning
2
Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro baxshichilik festivalida so'zlagan nutqi
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-20
Часть–1_ Февраль –2025
289
Ko’nglingdan tayla kiynani
Qarako’z ko’zi giryon-giryon
Oq yuzingga bo’ldim hayron
Saning bilan sursam davron
Man sani sevdim qarako’z
San ketsang maylis buzulur
Ustingda jonim uzulur
Kichkina charvoq ichinda
Aynalaylik ikkimiz
Chilmashib chiqqan niholdek
Chalmashaylik ikkimiz
Ikki yuzi qip-qizil almadakkina
Labchangdan o’psam maylimi?
Olti botmon olti shakar
Bo’yningda tursin
Kecha bergan va’dang
Ko‘nglingda tursin.
Mazkur muxammas (Buxoro shevasida) ning yaratilish tarixi ham juda qadim
zamonlarga borib taqaladi. Barin buvi bu muxammas(Buxoro shevasida)ni o’zlaridan
oldin yashab o’tgan bir qarindoshlaridan (amma buvilaridan) eshitib yodlab olgan
ekanlar. Buvi muxammasni to’y-marosimlarda, tantanalarda, hamda oilaviy
yig’inlarda, yaqinlari - farzand-u nabira-abira va chevaralari yig’ilishgan paytlarda
aytib, insonlarga xush kayfiyat ulashib kelganlar. Muxammasning asrlar osha bizning
qo’limizgacha yetib kelishida Barin buvining hissalari anchagina salmoqlidir. Barin
buvi salkam bir asr (ya’ni 94 yosh) yashaganlar.
Mazkur muxammasning til uslubi sodda, tushunarli bo’lganligidan yodlab
olish uchun juda qulay. Tarkibi sheva so’zlardan, aynan Buxoro shevasidagi
so’zlardan unumli foydalanilgan holda tuzilgan. Xususan, xiyol so’zi sheva so’z
bo’lib, xayol tarzida adabiy tilda qo’llaniladi. Taylamoq so’zi, ya’ni tashlamoq
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-20
Часть–1_ Февраль –2025
290
ma’nosida, siyna so‘zi ko’chma ma’noda dil, qalb, yurak ma’nosida kelgan. Misol
uchun: Bulbul uchib, qo’nar zog’lar, Siynam to’la alam-dog’lar. “Erali va Sherali”.
Kiyna so‘zi esa, xurofiy tushunchaga ko’ra, go’yo suqlanib qarash ta’sirida
“kiradigan” kasallik, og’riq. Bunga so’zning magik qudratiga asoslanuvchi kinna,
badik, avrash… hamda mavsum-marosim qo’shiqlaridan “Sust xotin”, “Choy momo”
kabilar mansub.
Buxoro shevasidagi so’zlarda ko‘pincha uchrab turadigan “o” tovushining “a”
lashgan ko’rinishlarini uchratasiz. Mazkur muxammasda ham bu kabi so’zlar
uchraydi. Qarako’z—qorako’z, san—sen, alma—olma kabi so’zlardan foylanilgan.
Bundan tashqari “j” tovushining “y” tarzida talaffuz qilinishi: maylis–majlis.
So’zlar tarkibidagi harflarni o’zgartirib qo’llash orqali: aynala—aylana,
chilmashmoq—chirmashmoq, chalmashmoq—chalishmoq
Muxammasga diqqat bilan qaralsa, qo’shimchalar orasida ham o’zgarish
bo’lganligini ko’rishimiz mumkin. “Almadakkina” so’zida ham o’zak, ham
qo’shimcha qismida o’zgarish sodir bo’lgan.
T.Mirzayev, O.Safarov, D.O’rayevalar harakatlari natijasi o’laroq vujudga
kelgan “O‘zbek xalq og‘zaki ijodi xrestomatiyasi” nomli kitobda ham mazkur
muxammasga o’xshash bo’lgan oilaviy-maishiy marosim qo’shiqlari bobida “jarlar”
turkumidan o‘rin olgan jarni uchratishimiz mumkin.
Eshiging oldidan o’tdim,
Gul ochildi xayolimda.
Birovning so’ziga kirib,
Yana o’t solma jonimga.
Birovga pistazor kordir,
Birovga rustazor bordir.
Asal-parvarda deb so’rdim,
Labingdan o’z xayolimcha,
Huy-huy-huy, huy bale!
Huy-bala-bale, huy bale!
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-20
Часть–1_ Февраль –2025
291
Labimni labga qo’yganda,
Qo’lim bo’yningga o’ralgay.
Hazoron o’ldirar bo’lsang,
Soching birla bo’g’ib o’ldir.
Qilich birla chopar bo’lsang,
Qo’ling qonimga bo’yalgay.
Huy-huy-huy, huy bale!
Huy-bala-bale, huy bale!
Yuqorida ko’rib o’tgan she’r va qo’shiqlarimiz xalqimizning bebaho ma’naviy
boyliklaridir. Biz yoshlar ularni asrab-avaylab kelajak avlodlarga ham bus-
butunligicha yetkazishimiz darkor.
Biz oyoq qo‘yib turgan tuproq zarrasidan tortib, nafas olayotgan
havomizgacha, farzandning tug‘ilishidan to insonlar yoshini yashab, oshini oshab
vafot etgunga qadar bo‘lgan barcha jarayonlar, marosimlar, yashash tarzimiz,
ongimiz, fikrimiz, tilimiz, kuyimiz-u qo‘shig‘imizgacha barchasi aytilgan-
aytilmagan, to‘qilgan-to‘qilmagan, yozilgan-yozilmagan folklor. Bizni folklor o‘rab
turibdi, zaminimiz ham folklor, osmonimiz ham. Olam va hayotning o‘zi folklor.
Faqat uni baxshilar va ijodkorlarga o‘xshab o‘qiy olishimiz kerak. Dunyoviy bilimlar,
adabiyot, umuman har qanday san’at eshigiga yo‘l mana shu milliy boylikni
anglashdan, o‘zingga, ruhiyatingga singdirishdan boshlanadi. Xalqimizning o‘ziday
sodda, o‘ziday donishmand, ulug‘ va boqiy bu meros o‘zbek degan nomni har yerda
va har doim ulug‘lab turaveradi. Chunki folklor deb atalgan meros xalqning hamisha
uyg‘oq va boqiy tarixidir.Bundan yuz yil muqaddam buyuk o’zbek shoiri
Abdulhamid Sulaymon o’g’li – Cho’lpon “Adabiyot yashasa, millat yashar!” degan
otashin da’vat bilan maydonga chiqqan edi. Hayot va tarix sinovlaridan o’tgan teran
ma’noli bu so’zlar bugun ham o’z ahamiyati va qimmatini yo’qotgan emas.
Darhaqiqat, adabiyot, san’at va madaniyat yashasa, millat va xalq, butun insoniyat
bezavol yashaydi.
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-20
Часть–1_ Февраль –2025
292
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI
1. Jabbor Eshonqul: “Folklor – millatning boqiy tarixi” (2014)
2. T.Mirzayev, O.Safarov, D.O’rayevalar “O‘zbek xalq og‘zaki ijodi xrestomatiyasi”
3. O‘ZBEK TILINING IZOHLI LUG‘ATI 80000 dan ortiq so‘z va so‘z birikmasi 5
JILDLI
TAHRIR
HAY’ATI:
A.MADVALIYEV,
N.MAHKAMOV,
N.MAHMUDOV (rahbar), D.XUDOYBERGANOVA, O.ODILOV Abduvahob
Madvaliyev tahriri ostida “O‘zbekiston nashriyoti” Toshkent – 2021
4. O.Narjigitov, F.Tovboyeva “Barkamol avlodni tarbiyalashda o’zbek xalq og’zaki
ijodining o’rni” (uslubiy qo’llanmna) Toshkent-2014
5. Jabbor Eshonqul “Folklor: Obraz va talqin” Qarshi “Nasaf” nashriyoti 1999
6. Shahnoza Nazarova “Xayol va haqiqat folklor va teologiya kesimida” Toshkent
“Mumtoz so’z” 2013
7. Madayev.O. ”O’zbek xalq og’zaki ijodi ”.-T.:Mumtoz so’z,2010
8. Madayev.O., Sobitova.T: ”Xalq og’zaki poetik ijodi ”.-T.:Sharq,2010
9. www.ziyonet.uz
10. diss.natlib.uz