701
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 6
BUDJET-SOLIQ SIYOSATI
Abdusattororov Sunnat
Termiz davlat universiteti talabasi.
Hojiqulova Feruza
Termiz davlat universiteti o’qituvchisi.
https://doi.org/10.5281/zenodo.15670310
Annotatsiya.
Ushbu maqolada biz byudjet-soliq siyosatining mohiyati, maqsad va
vazifalarini shuningdek turlari va shakllari bilan tanishamiz.
Kalit sozlar
: fiskal ekspansiya, fiskal restriktsiya, byudjet – soliq siyosati, diskret fiskal
siyosat, nodiskret fiskal siyosat.
Kirish
. Davlatning asosiy vazifalaridan biri iqtisodiyotni barqarorlashtirish hisoblanadi.
Bunday barqarorlashtirishga pul-kredit siyosati vositalari qatori budjet soliq siyosati
orqali ham erishiladi. Budjet-soliq siyosati fiskal siyosat deb ham yuritiladi. Budjet-soliq siyosati
deganda, noinflatsion YaIM ishlab chiqarish sharoitida iqtisodiyotda to‘liq bandlikni, to‘lov
balansining muvozanatini va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan davlat xarajatlari va
soliqlarini o‘zgartirishni o‘z ichiga olgan chora-tadbirlar tushuniladi.
Budjet-soliq siyosatining ikki turi farqlanadi: 1.rag‘batlantuvchi budjet-soliq siyosati
(fiskal ekspansiya) - iqtisodiy turg‘unlik yoki pasayish davrida qo‘llaniladi; 2. cheklovchi budjet-
soliq siyosati (fiskal restriksiya) - iqtisodiyotda to‘liq bandlik va ortiqcha talab natijasida
inflyatsiya kelib chiqishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarda qo‘llaniladi. Iqtisodiyot turg‘unlik yoki
pasayish davrida bo‘lgan vaziyatlarda davlat tomonidan rag‘batlantuvchi budjet-soliq siyosati –
fiskal ekspansiya olib boriladi. Ya’ni, davlat qisqa muddatda iqsodiyotning pasayishi
muammosini davlat xarajatlarini oshirish yoki soliqlarni kamaytirish, yoxud ikkalasini bir
vaqtning o‘zida olib borish evaziga hal etadi. Agar hukumat davlat sektorini kengaytirmoqchi
bo‘lsa, davriy pasayishni tugatish uchun o‘z xarajatlarini oshirishi, inflyatsiyani cheklash uchun
esa soliqlarni oshirishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aksincha, budjet-soliq siyosati davlat
sektorini cheklashga qaratilgan bo‘lsa, davriy pasayish sharoitida soliqlarni kamaytiradi, davriy
ko‘tarilish paytida esa davlat xarajatlarini oshirish maqbul yo‘l hisoblanadi. Diskret va nodiskret
budjet-soliq siyosati. Budjet taqchilligi va ortiqchaligi. Hukumatning bandlik darajasi, ishlab
chiqarish hajmi, inflyatsiya sur’atlari va to‘lov balansi holatini o‘zgartirishga yo‘naltirilgan
maxsus qarorlarni qabul qilishi natijasida davlat xarajatlari, soliqlar va davlat budjeti qoldig‘ini
maqsadli o‘zgartirilishi diskret budjet-soliq siyosati deyiladi. Diskret budjet-soliq siyosati
yuritilganda iqtisodiy pasayish davrida yalpi talabni rag‘batlantirish uchun davlat xarajatlarini
oshirilishi va soliqlarni kamaytirilishi natijasida davlat budjeti kamomadi yuzaga keltiriladi. O‘z
navbatida davriy ko‘tarilish paytida budjet ortiqchaligi yuzaga keltiriladi. Nodiskret budjet-soliq
siyosati – davlat xarajatlari, soliqlar va davlat budjeti qoldig‘ini avtomatik o‘zgartirishni ko‘zda
tutadi. Nodiskret budjet-soliq siyosati o‘rnatilgan barqarorlashtirgichlarga asoslanadi.
Rivojlangan davlatlarda o‘rnatilgan barqarorlashtirgichlari rolini progressiv soliq
stavkalari, davlat transfertlari tizimi va foydada ishtirok etish tizimi o‘ynaydi. Nodiskret budjet-
soliq siyosati davriy tebranishlarni yumshatish uchun hukumatning bevosita aralashuvini talab
etmaydi. Davriy pasayish sharoitida daromadlar pasayishi tufayli soliq stavkalari pasayadi. Bu
esa yalpi talabning oshishiga, ishlab chiqarishni kengaytirishga rag‘batni yuzaga kelishiga olib
keladi.
702
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 6
Shuningdek pasayish davrida davlat transfertlari, jumladan ishsizlik nafaqasi to‘lovlari
miqdori oshadi. Bu holat ham yalpi talabni oshirib, yalpi taklif hajmini oshishiga ijobiy ta’sir
ko‘rsatadi.
Davlat budjeti kamomadini moliyalashtirishda quyidagi budjet-soliq siyosati usullaridan
foydalaniladi: 1. Pul-kredit emissiyasi; 2. Davlat zayomlarini chiqarish; 3. Davlat budjetiga soliq
tushumlarini ko‘paytirish; 4. Xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar hisobiga moliyalashtirish.
Davlat budjeti kamomadi pul emissiya qilish orqali qoplanganda muomalada pul
massasining ko‘payishi inflyatsiyaga olib keladi. Inflyatsiya darajasi oshganda Oliver-Tanzi
samarasi paydo bo‘ladi, ya’ni soliq to‘lovchilar tomonidan davlatga to‘laydigan soliqlar to‘lovini
atayin kechiktirish hollari yuzaga keladi. Bu esa davlat budjeti kamomadi oshishiga olib keladi.
Budjet taqchilligi tufayli davlat xususiy ishlab chiqaruvchilardan tovarlar va xizmatlar
sotib olsa-yu, lekin to‘lovlarni kechiktirsa, xususiy ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlari
narxlarini oldindan oshirib qo‘yishadi. Bu esa inflyatsiyaning oshishiga olib keladi. Agar davlat
budjeti taqchilligi davlat zayomlarini chiqarish orqali moliyalashtirilsa, ular sotilishi natijasida
pulga talab oshadi. Bu esa o‘z navbatida foiz stavkasini ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin.
Oqibatda investitsiya xarajatlari, sof eksport hajmi va qisman iste’mol xarajatlari
kamayadi. Pirovardida siqib chiqarish samarasi ro‘y beradi va u budjet-soliq siyosatining
rag‘batlantiruvchi samarasini zaiflashtirib qo‘yadi. Budjet taqchilligini moliyalashtirishning bu
usuli noinflyatsion usul hisoblansada, inflyatsiya xavfini ma’lum muddatga kechiktiradi xolos.
Chunki muddati o‘tgan zayomlarni sotib olish bilan davlat muomaladagi pul massasini
ko‘paytiradi. Bu esa o‘z navbatida, narxlar darajasining ko‘tarishiga sabab bo‘ladi.
Davlat zayomlari – budjetga pul toʻplash maqsadida davlat nomidan sotish uchun
chiqariladigan, davlatning qarzdorligini tasdiqlovchi qimmatli qog’oz. Qarzni qoplash
muddatlariga koʻra qisqa muddatli (1 yil), oʻrta muddatli (2-5 yil) va uzoq muddatli (5 va undan
ortiq yillik) davlat zayomlarilari boʻladi. Daromadliligiga qarab foizli va yutuqli, tarqatilish
joyiga qarab mamlakatning ichki va xorijiy davlatlarga kredit tarzida beriladigan tashqi zayomlar
mavjud. Soliq tushumlarini ko‘paytirish budjet taqchilligini moliyalashtirishning uchinchi yo‘li
bo‘lib, u uzoq muddat talab etadigan soliq islohoti o‘tkazilishini talab etadi. Bu islohotlar soliq
bazasini kengaytirish, soliq stavkalarini kamaytirish, soliq yukini ishlab chiqaruvchilardan
ko‘proq mulk egalari va mulkdan foydalanuvchilar zimmasiga o‘tkazish orqali soliqlar
tushumini ko‘paytirishni ko‘zda tutadi. Soliq stavkasi va soliq tushumlari o‘rtasidagi bog‘liqlik
amerikalik iqtisodchi Artur Laffer tomonidan tadqiq etilgan. A.Laffer konsepsiyasiga binoan,
davlat budjet daromadlarini ko‘paytirish maqsadida hukumat tomonidan soliq stavkalarining
ko‘tarilishi yashirin iqtisodiyot ko‘lamining oshishiga va soliq tushumlarini kamayishiga olib
kelishi mumkin. A.Laffer o‘zining 1974-yilda taklif etgan Laffer egri chizig‘i bilan mashhurdir.
Iqtisodiyotda Laffer egri chizig‘i soliq stavkalari va davlat soliq tushumlarining darajalari
o‘rtasidagi nazariy bog‘lanishni ko‘rsatadi . Budjet-soliq siyosatini amalga oshirishda soliq
stavkasining optimal darajasini qo‘llashga harakat qilinadi. Soliq stavkasining optimal darajasi
soliq tushumlarining maksimal darajasini ta’minlaydigan soliq me’yoridir.
O‘zbekiston Respublikasida budjet-soliq siyosatining ustuvor yo‘nalishlari;
Mustaqillikning dastlabki yillaridagi budjet taqchilligining yuqori darajasi (1992 yilda 12%)
sharoitida olib borilgan izchil budjet-soliq siyosati natijasida davlat budjeti taqchilligi
pasaytirildi va 2003, 2004-yillarda YaIMga nisbatan 0,4 foizni tashkil etdi. Bu umume’tirof
etilgan 3 foizli me’yordan ancha past ko‘rsatkichdir.
703
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 6
Budjet taqchilligi asosan noinflyatsion usullar bilan, ya’ni davlat obligatsiyalari chiqarish
hamda xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar hisobiga moliyalashtirildi. Mamlakatimizda
2000-2004 yillar davomida davlat budjeti taqchilligini 1,0 foizdan 0,4 foiz darajasiga qadar
pasaytirishga, 2005-yildan boshlab esa davlat budjeti taqchilligiga barham berib, 2008-yilga
kelib davlat budjeti profitsitini 1,5 foizga qadar oshirishga erishildi. Keyingi yillarda ham
mazkur jarayonlar davom etib, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi o‘zining salbiy ta’sirini
ko‘rsatishiga qaramasdan, budjet profitsitini saqlab qolishga erishildi. Ammo, 2019-yildan
boshlab O‘zbekistonda defitsitli budjet shakllanib kelmoqda. 2020-yildan boshlab budjet defitsiti
bo‘yicha mo‘ljal olindi, ammo ushbu mo‘ljaldan defitsitning haqiqiy holati ortib ketmoqda.
Jumladan, 2023-yilda mo‘ljal 3,0 etib belgilangan edi, ammo yil yakunida 5,5 foizni
tashkil etdi. 2023-yil 15-dekabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida
“2023-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish
va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Unda deputatlar
konsolidatsiyalangan budjet taqchilligi limitini YaIMga nisbatan 3 foizdan 5,5 foizgacha
oshirildi. Respublikamizda o‘tkazilayotgan budjet-soliq siyosati makroiqtisodiy barqarorlikni
ta’minlab turish, ustivor tarmoqlarni investitsiyalash, ta’lim sohasini jadal rivojlantirish, aholini
ijtimoiy himoya qilish maqsadlariga qaratilib kelinmoqda. Mamlakatimizda davlat budjeti
daromadlari 2022-yilda 202 trln. so‘m bo‘lib, 2021-yilga nisbatan 37,2 trln. so‘mga yoki 22,6
foizga oshdi. 2022-yili davlat budjeti daromadlarining YaIMdagi ulushi 22,7 foizni tashkil etib,
bu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan solishtirilganda 0,3 foizga va 2020 yilga nisbatan 0,6 foizga
oshdi. 2022-yilda Davlat budjeti tarkibidagi Soliq qo‘mitasi ma’murchiligidagi tushumlar 148,4
trln. so‘mni (jami Davlat budjeti daromadlariga nisbatan 73,4 foiz), Bojxona qo‘mitasi bo‘yicha
tushumlar 46 trln. so‘mni (22,8 foiz) hamda boshqa daromadlar va soliq bo‘lmagan tushumlar
7,6 trln. so‘mni (3,8 foiz) tashkil qildi. 2022-yilda 2021-yilga nisbatan bevosita soliqlar, resurs
to‘lovlari hamda mol mulk solig‘ining Davlat budjeti daromadlaridagi ulushi kamaygan bo‘lsa,
bilvosita soliqlar hamda boshqa daromadlar va soliq bo‘lmagan tushumlarning ulushi oshdi.
Qisqаcha хulosаlаr;
Budjet-soliq siyosati (fiskal siyosat) maqsadi iqtisodiy o‘sish,
narxlarning barqaror darajasi, to‘liq bandlik va to‘lov balansi barqarorligini ta’minlashdan iborat.
Bu maqsadlarga erishish uchun davlat xarajatlari va soliqlar bilan manipulyasiya qilinadi.
Budjet-soliq siyosati cheklovchi yoki rag‘batlantiruvchi turlarga bo‘linadi.
Rag‘batlantiruvchi budjet-soliq siyosati iqtisodiyotning pasayish davrida olib borilsa,
cheklovchi budjet-soliq siyosati iqtisodiyotda haddan ziyod talab tufayli inflatsiya paydo bo‘lgan
sharoitda olib boriladi. Budjet-soliq siyosati tadbirlari qisqa va uzoq muddatda multiplikator
samarasi ta’siri ostida bo‘ladi. Davlat xarajatlari multiplikatori iste’molga chegaralangan
moyillik darajasi bilan to‘g‘ri bog‘liqlikka, chegaraviy soliq stavkasi hamda iste’molga
chegaralangan moyillik darajasi bilan teskari bog‘liqlikka ega. Davlat xarajatlari va soliqlar
miqdorini bir xil miqdorga oshirilishi daromadlar hajmini ham shuncha miqdorga oshirilishiga
olib keladi. Bu holat balanslashgan budjet multiplikatori bilan izohlanadi. Iqtisodiy pasayish
paytida budjetning davriy taqchilligi, diskret budjet-soliq siyosati natijasida esa tarkibiy
taqchilligi yuzaga keladi. Budjet taqchilligini moliyalashtirishning maqbul yo‘li davlat qimmatli
qog‘ozlarni chiqarish va ularni sotish hisobiga qarz olishdir. Respublikamizda o‘tkazilayotgan
budjet-soliq siyosati iqtisodiyotga soliq yukini kamaytirish, soliqlarning rag‘batlantiruvchi rolini
kuchaytirish, barqaror iqtisodiy o‘sishga shart-sharoit yaratish, yalpi talabni oshirish kabi
maqsadlarga qaratilgan.
704
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 6
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati;
1.
Soliyev, A.S., Tadjibayeva, Z.Sh. (2021). Soliqlar va soliqqa tortish. Toshkent:
Iqtisodiyot.
2.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi rasmiy sayti – https://www.mf.uz
3.
O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi rasmiy sayti – https://soliq.uz
4.
Musayev, M.M. (2020). Iqtisodiy siyosat nazariyasi. Toshkent: Fan va texnologiya.
5.
O‘zbekiston Respublikasining Byudjet Kodeksi (oxirgi tahriri, 2024-yil). https://lex.uz
6.
IMF (2023). Fiscal Monitor: Public Investment for the Future. Washington, D.C.:
International Monetary Fund. https://www.imf.org
7.
OECD (2022). Tax Policy Reforms: OECD and Selected Partner Economies. OECD
Publishing. https://www.oecd.org/tax
