RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI 7-8-MAY 2025-YIL
42
OZIQ-OVQAT XAVFSIZLIGI TA’MINLASHDA LANDSHAFT
TADQIQOTLARINING ROLI
Eshquvvatov B.B., Arziqulov J.O., Obloqulov Sh.Sh.
Sh.Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti
Annotasiya.
Maqolada landshaftlardan qishloq xoʻjalik maqsadlarida foydalanish, mavjud
potensial imkoniyatlarini baholash va ularni oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi roli Oʻrta
Zarafshon havzasi togʻoldi tekislik va yoyilma landshaftlari misolida tahlil qilingan.
Kalit so‘zlar:
oziq-ovqat xavfsizligi, tog‘oldi tekisligi, konus yoyilmasi, landshaft, baholash,
vegetatsion indeks.
Har bir mamlakatning iqtisodiyotida oziq-ovqat xavfsizligi alohida oʻrin tutadi.
Iqtisodiyotning bosh maqsadi inson va uning sosial-iqtisodiy ehtiyojlarini, shu jumladan, oziq-ovqat
ehtiyojini qondirishga qaratilgandir. Oziq-ovqat ehtiyojini qondirish eng birlamchi maqsad
hisoblanadi. Albatta, inson uchun hayotdan maqsad faqat oziq-ovqat iste'mol qilish va unga boʻlgan
ehtiyojni qondirish emas. Uning boshqa koʻplab ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy, ma’naviy va
h.k. ehtiyojlari mavjud. Ammo inson oʻzining boshqa yuksak maqsadlariga erishish, koʻplab
ehtiyojlarini qondirish uchun eng avvalo, oziq-ovqatga boʻlgan ehtiyojini qondirishi talab etiladi.
Shuning uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash insonning iqtisodiy faoliyatida muhim oʻrin
tutadi.
Har qanday mustaqil davlat uchun oziq-ovqat xavfsizligi va aholisini barqaror oziq-ovqat
mahsulotlari bilan ta’minlash muhim masala boʻlib qolaveradi. Oziq-ovqat xavfsizligi masalalari
Oʻzbekiston ijtimoiy-iqtisodiy siyosatida mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab markaziy
oʻrinlardan birida turadi. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi vazirlar mahkamasining 2030-
yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga
oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Qarorining 2-maqsadida
“
Oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, ovqatlanish ratsionini yaxshilash hamda qishloq
xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish” belgilab berilgan.
Landshaftlardan xoʻjalikda foydalanish nuqtai nazaridan xorijiy olimlardan N.A.Gvozdeskiy
(1965), D.A.Rodionov (1968), N.A.Solnsev (1981), T.V.Zvonkova (1985), Yu.P.Odum (1987),
I.Yu.Kotorgin (2004), I.V.Orlova (2014), A.A.Kashin (2015), O.N.Trapeznikova (2017),
respublikamiz
olimlaridan
L.N.Babushkin,
N.A.Kogay
(1964),
Z.M.Akramov
(1974),
A.S.Saidov(1974), Sh.Ergashov (1974),
I.Xasanov, P.Gʻulomov (2006), K.M.Boymirzaev (2007),
A.Raxmatullaev (2018),
V.N.Federko (2018),
B.B.Eshquvvatov (2020)
va boshqalar
shugʻullanishgan.
Hozirda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va baholashga doir yagona umume’tirof etilgan
mezon va tamoyillar yoʻq. Lekin, bu borada olib borilayotgan tadqiqotlar doirasida bir nechta taklif
etilgan mezonlar bor. Jumladan, BMT huzuridagi oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)
tomonidan barqaror qishloq xoʻjaligini yuritishning mezonlari, tamoyillari va oziq-ovqat
xavfsizligini baholash boʻyicha koʻrsatkichlar tizimi, Rossiya xalq xoʻjaligi va davlat boshqaruvi
akademiyasining oziq-ovqat xavfsizligi darajasini hududlar kesimida aniqlash uslubiyoti va
makrodarajada oziq-ovqat xavfsizligini baholashda EPACIS, BLS hamda Aglink kabi prognoz
“TABIIY FANLAR: DOLZARB MUAMMOLAR VA ULARNING YECHIMLARI”
43
modellaridan foydalanib kelinadi.
Bugungi kunda dunyo miqyosida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va baholash boʻyicha
imkoniyati cheklangan tabiiy resurslarni e’tiborga olgan holda kompleks baholash, iqlim oʻzgarishi
sharoitiga moslashgan qishloq xoʻjaligini shakllantirish, iqlimiy omillarning qurgʻoqchilikka
ta’sirini baholash hamda prognozlashtirish, intensiv qishloq xoʻjaligini shakllantirish va
rivojlantirish asosida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash siyosatini yuritish va boshqa
yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Bizning maqsadimiz arid iqlimli sharoitidagi va tabiiy resurslari imkoniyati cheklangan Oʻrta
Zarafshon togʻoldi tekisliklari landshaftlarini qishloq xoʻjaligi maqsadlarida baholash, intensiv
qishloq xoʻjaligini yuritish hamda shu orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashni takomillashtirish
hisoblanadi.
Hozirgi paytlarda landshaftning potensial imkoniyatlarini modellashtirish va bashorat qilish
usullari ishlab chiqilmoqda, landshaft tadqiqot usullarining arsenali kengayib bormoqda, stasionar
sharoitlarda uzoq muddatli kuzatuvlar olib borilmoqda va hokazo. Ayniqsa, landshaft geokimyosi
sohasidagi yutuqlar katta ahamiyat kasb etdi. Bu borada landshaft tadqiqotlarida zamonaviy,
jumladan GIS ga asoslangan usullarning qoʻlanilishi geosistemalardan xoʻjalik maqsadlarida
foydalanishning kattadan katta uslubiy imkoniyatlarini vujudga keltirmoqda [2; 3-21 b.].
Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligining asosiy yoʻnalishlari sugʻorma va bahorikor dehqonchilik,
meva-sabzavotchilik, ipakchilik hamda turli tarmoqlaridan tashkil topgan chorvachilikdan iborat.
Qishloq xoʻjaligining har bir tarmogʻi rivojlanishi uchun ma’lum bir tabiiy sharoit, aniqrogʻi
agroiqlimiy sharoit talab etiladi. Hudud tabiatining shakllantiruvchi tabiiy omillar va landshaftlar
qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini rivojlantirish uchun zarur boʻladigan tabiiy muhitni shakllantiradi.
Hozirgi davrda iqlim oʻzgarishi munosabati bilan hududlarning termik rejimini oʻrganish ekin
navlarini tanlashda amaliy ahamiyatga ega. Qishloq xoʻjaligi ekinlaridan boʻlgan donli ekinlarining
ekish muddatlarini aniq belgilash muhim tadbirlardan hisoblanib, bu hosili taqdirini oldindan
belgilashga imkon beradi. Masalan, kuz faslida bugʻdoy ekish hududning iqlimiy koʻrsatkichlari
bilan bogʻliq boʻlib, eng maqbul davrlarda ekilishi, ekilgan urugʻni undirib olish yuqori hosil
olishni ta’minlaydi [4; 146-149 b.].
Biror bir hududni qishloq xoʻjaligi nuqtai nazaridan baholanganda tabiiy sharoitning qulay
yoki noqulaylik darajasini belgilaydigan, yer yuzidagi togʻ jinslari, relef, iqlim, suv va landshaft
resurslarini uygʻunlikda tahlil qilish baholashning yetakchi uslublaridan hisoblanadi. Soʻnggi
yillarda hududlarni qishloq xoʻjaligini rivojlantirish maqsadlarida baholashda landshaftli tahlil keng
qoʻllanilmoqda va bu oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada
qishloq xoʻjalik ekinlari turlarini, shu jumladan tarmoqlarini joylashtirishda landshaftga asoslangan
tahlil samarali natija beradi. Tabiiy geografik va agroiqlimiy rayonlashtirish kartalari qishloq
xoʻjalik ishlab chiqarish uchun muhim ma’lumotlar manbai ekanligi bir qator mualliflar tomonidan
e’tirof etilgan [5; 338-342 b.].
Tabiiy muhitning biror xoʻjalik maqsadi uchun yaroqliligini aniqlashda asosiy mezon tabiat
komponentlari emas, balki bir xil tabiiy sharoitga ega boʻlgan va tabiiy geografik hududlarning
mazmunini tashkil etuvchi landshaftlarning tipologik komplekslaridir. Ular tabiiy geografik sharoiti
jihatidan nisbatan bir xil boʻlgan joylardir. Binobarin, bunday joylar qishloq xoʻjaligi ishlab
chiqarishiga bevosita yoki bilvosita ta’sir etadigan togʻ jinslari, relef, tuproq va oʻsimlik qoplami,
suvlari, iqlimiga, ya’ni muayyan tabiat komponentlariga asoslanib ham ajratiladi [3; 5-132 b.].
RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI 7-8-MAY 2025-YIL
44
Hududlar landshaftlari qishloq xoʻjaligini rivojlantirish maqsadlarida baholashda ushbu
hududdan foydalanishda murakkablik tugʻdiradigan xususiyatlari ham e’tirof etiladi. Bunday
xususiyatlarga tuproq qoplamining qay darajada rivojlanganligi, uning shoʻrlanish darajasi,
hududning tabiiy namlanganlik darajasi, yer yuzasining toshloq, gilli, qum-shagʻalli ekanligi,
relefning notekisligi, qiyaligi, parchalanganligi kabilar misol boʻlishi mumkin.
N.A.Kogay [1; 5-64 b.] yuqorida aytilganlarni hisobga olib landshaftlarni dehqonchilik nuqtai
nazaridan guruhlashtiradi va ularni juda past sifatli, past sifatli, oʻrtachadan past sifatli, oʻrtacha
sifatli, oʻrtachadan yuqori sifatli, yuqori sifatli tabiiy komplekslarga birlashtiradi. N.A.Kogayning
qishloq xoʻjaligi nuqtai nazaridan guruhlashtirish mezoni asosida Oʻrta Zarafshon havzasi landshaft
komplekslari qishloq xoʻjalik maqsadlarida baholandi. Unda allyuvial, allyuvial-delta, prolyuvial-
allyuvial tekisliklarning tabiiy komplekslaridan qishloq xoʻjaligida foydalanilganda oʻrtachadan
yuqori sifatga ega boʻlgan landshaftlar boʻlib, bu hududlar oʻzlashtirish uchun qulay hisoblanadi.
Oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini baholashda xalqaro tashkilotlardan biri FAO
metodologiyasi landshaftlarni baholashga imkon beradi. Tashkilot tomonidan barqaror qishloq
xoʻjaligini yuritishda qishloq xoʻjaligi barqarorligini ta’minlashda resurslardan foydalanish
samaradorligini oshirish, tabiiy resurslarni asrash va himoya qilish geotizimning tashqi ta’sirlarga
bardoshligini oshirish, qishloq xoʻjaligini yuritishda mas’uliyatli va samarali boshqarish
mexanizmlari kabi tamoyillarni belgilab bergan.
Oʻrta Zarafshon havzasining umumiy maydoni 13570,52 km
2
, shundan suv ob’ektlari 127,36
km
2
, ochiq maydon 5881,84 km
2
, gʻalla ekiladigan maydon 3008,86 km
2
, paxta maydoni 2537,85
km
2
, bogʻlar, daraxtzorlar, butazor siyrak oʻrmonlar maydoni 2014,59 km
2
ni tashkil etadi. Ushbu
ma’lumotlar NDVI calculation katalogi orqali avtomatik hisoblash aniqligi 10
5
ga teng bo‘ldi. Biz
Landsat-8 kosmik stansiyasining 2023 yilning vegetasion davri uchun olingan kosmik suratlari
asosida (1-rasm) Oʻrta Zarafshonning integral kartasini yaratdik. Ushbu kartani yaratish uchun
dastlab, Landsat-8 stansiyaning 2023 yil 10 maydan 27 iyulgacha vaqt oraligʻidagi jami 6 ta kosmik
suratlari tahlil qilindi [5; 338-342 b.].
1-rasm.Oʻrta Zarafshon landshaftlarini vegetasion indekslari integral kartasi
Oʻrta Zarafshon havzasining relefi ancha murakkab boʻlib, landshaftlarning vujudga kelishida
asosiy omil vazifasini oʻtasa, bu omil qishloq xoʻjaligi maqsadlarida baholashda muhim mezon
“TABIIY FANLAR: DOLZARB MUAMMOLAR VA ULARNING YECHIMLARI”
45
sifatida foydalanish mumkin. Havzada landshaftlarni vujudga kelishi va oʻziga xos xususiyatlarini
inobatga olib, landshaft komplekslari tavsiflanganda iqtisodiyot tarmoqlarida foydalanish nuqtai-
nazaridan baholash imkonini berdi. Deshifrovka natijasida oʻsimliklarning NDVI (vegetasion
indeksi) ni tahlil qilish, landshaft komplekslarini ichki strukturasi va qishloq xoʻjaligida
foydalanishning potensial imkoniyatlarini ochib berishda hamda boshqa jarayonlar dinamikasini
oʻrganishda keng foydalanish imkoniyati katta. Oʻrta Zarafshon havzasining qiyalik (slope)
xususiyatlarini aks ettiruvchi kartalari landshaftlardan qishloq xoʻjaligida foydalanishda muhim
amaliy ahamiyat kasb etadi, shuningdek meliorativ tadbirlarni amalga oshirishda yangi uslubiy
imkoniyatlarni yaratadi. Xulosa qilib aytganda togʻoldi tekislik va yoyilma landshaftlarining katta
qismi qishloq xoʻjaligida foydalanishga yaroqli boʻlishiga qaramasdan hanuzgacha ularning
imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmayapti. Agarda mavjud tabiiy resurslardan intensiv foydalanilsa
togʻoldi tekisliklarida zamonaviy sugʻorish usullarini qoʻllagan holda intensiv qishloq xoʻjaligini
rivojlantirish imkoniyati yuqori hamda bu mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini
yechishda muhim oʻrin tutadi deb hisoblaymiz.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Когай Н.А. Туранская физико-географическая провинция. Автореф. дисс. докт.
геогр. наук. -Ташкент, 1971. -64 с.
2.
Мелиев Б.А. Ўрта Зарафшон ландшафтларини тадқиқ этишда аэрокосмик,
математик ва геоинформацион методлардан фойдаланиш //PhD дисс.автореф. –Самарқанд,
2019. -41 б.
3.
Саидов А.С. Ландшафты правобережья Среднего Зарафшана. -Ташкент: Фан, 1972.
-132 с.
4.
Холбаев Г.Х., Абдуллаев А.Қ. Иқлим ўзгаришини ҳаво ҳароратининг турли
даражадан ўтишига таъсири ҳақида (Самарқанд вилояти мисолида) // География асрда:
Муаммолар, ривожланиш истиқболлари. -Самарқанд, 2017. –Б. 146-149.
5.
Эшқувватов Б.Б. Космик суратларни дешифровка қилиш асосида Ўрта Зарафшон
ландшафтларида вегетацион индексларни ҳисоблаш // Ўзбекистон География жамияти
ахбороти.
57-жилд.
–Тошкент,
2020.
-Б.338-342.
