RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI 7-8-MAY 2025-YIL
164
SHAHRISABZ TUMANINING EKOTURISTIK OBYEKTLARI VA ULARNI
RIVOJLANTIRISH MASALALARI
Shamuratova N.T. Chorshanbiyeva Mahliyo Nuraliyevna
O‘zMU
e-mail:
nigora_shamuratova@mail.ru
Annotatsiya:
Ushbu maqolada Shahrisabz tumanining ekoturistik salohiyati va hududda
joylashgan tabiiy ob’yekrlar tahlil qilinadi. Hisor tog‘lari, Oqsuv va Qizilsuv daralari kabi noyob
ekoturistik hududlarning imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.
Kalit so‘zlar:
Shahrisabz tumani, ekoturizm, Hisor tog‘lari, Oqsuv darasi, Qizilsuv darasi,
ekoturistik ob’yektlar, tabiiy resurslar, ekologik infratuzilma, mahalliy hamjamiyat, ekoturizmni
rivojlantirish.
Jahon turizm tashkilotining (JTT) hisobotida turizmni barqaror rivojlantirishning 10 ta asosiy
dasturi bayon etilgan bo‘lib, unda ekoturizmni rivojlantirishda iqlim o‘zgarishi, chiqindilarni
boshqarish, yerlardan barqaror foydalanish, bioxilma-xillikni saqlash va alohida muhofaza
etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligi
ta’kidlanadi. Shu sababli, ekoturizmni rivojlantirish jarayonida ekotizimlarning barqarorligini
ta’minlash, bioxilma-xillikni saqlash va tabiat yodgorliklarini muhofaza qilish ilmiy asosda tashkil
etilishi, shuningdek, ekoturizmni barqaror rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish zarurligi
dolzarb ahamiyat kasb etadi
1
.
Jahon amaliyotida ekoturizmni rivojlantirishda tabiat yodgorliklari, alohida muhofaza
etiladigan tabiiy hududlar, ekotizimlarni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona
foydalanishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Bu esa, ekoturizmni rivojlantirishning nafaqat
iqtisodiy, balki ekologik va ijtimoiy jihatlarini ham hisobga olish zarurligini ko‘rsatadi.
Ekoturizm orqali xorijiy sayyohlar O‘zbekistonning boy va betakror tabiati, ziyoratgohlari va
qadamjolari haqida tasavvurga ega bo‘lishi bilan birga, milliy qadriyatlarimizni ham targ‘ib qilish
imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy imidjini
shakllantirishga va madaniy diplomatiyani rivojlantirishga xizmat qiladi.
Mamlakatimizning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan Qashqadaryo viloyati o‘zining
xushmanzara tabiati, tabiiy turistik salohiyati bilan o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Binobarin, viloyat
hududining geomorfologik jihatdan tekislik, tog‘ oldi va tog‘li hududlardan iborat ekanligi, mos
ravishda tabiiy landshaftlarning vujudga kelganligi, ekoturistik salohiyati, va shu bilan birga
xo‘jalik jihatdan eski hamda yangi o‘zlashtirilgan hududlar, o‘z navbatida sayyohlarni jalb etish va
turizmni rivojlantirish uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Bugungi kunda respublikamizda sayyohlikning ekoturizm, madaniy-ma’rifiy, ekstremal,
arxeologik, rafting, sport, folklor-etnografik, tibbiy va rekreatsion turizm, agroturizm kabi turlari
ham jadal rivojlanmoqda. Bu borada Qashqadaryo viloyati o‘zining tabiiy turistik salohiyati va
ularning hududiy tarkibidan kelib chiqqan holda zamonaviy sayyohlikning bir necha turlarini
rivojlantirish imkoniyatlariga ega. Hozirda viloyatda jahon miqyosida talab tobora ortib borayotgan
1
https://www.unwto.org/ru
“TABIIY FANLAR: DOLZARB MUAMMOLAR VA ULARNING YECHIMLARI”
165
ekologik, tibbiy va rekreatsion turizm kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar
mavjud.
Qashqadaryo viloyatining turizm salohiyatini yanada rivojlantirish, turistlarni noyob tarixiy-
madaniy va me’moriy meros ob’ektlari bilan keng tanishtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish,
manzilli turizm xizmatlarini ko‘rsatish uchun turizm infratuzilmasini rivojlantirish, viloyatni turli
madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazish markaziga aylantirish orqali hududga turistlar oqimini
yanada ko‘paytirish hamda ularning hududda bo‘lish davomiyligini uzaytirish, shuningdek, turizm
sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi mahalliy aholi sonini ko‘paytirish maqsadida
08.03 2019 yil 198 sonli Qashqadaryo viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish chora-
tadbirlari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorda Qashqadaryo viloyatida yangi turizm yo‘nalishlarini tashkil etish bo‘yicha
chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan bo‘lib, rejaga kiritilgan chora-tadbirlar mahalliy byudjet
parametrlarida nazarda tutilgan mablag‘lar va ijrochilar mablag‘lari hisobiga moliyalashtirilishi
belgilangan.
Shaxrisabz tumanining tabiiy-geografik sharoiti turizmni rivojlantirish uchun juda kulaydir.
Ayniqsa, Hisor tog‘larining eng qadimgi geologik davrlarda shakllangan tog‘ jinslarining ochilib
qolgan ko‘rinishi, burmalangan holati, yer yuzasi tuzilishining qaytarilmas betakror go‘zalligi, past
tepaliklari, botiqlari, tog‘ va baland tog‘ manzaralarining maftunkor qiyofasi har qanday tabiat
ishqibozi bo‘lgan turistni maftun eta oladi. Hisor tizmasi va uning tarmoqlari (Boysun,
Ko‘hitangtog‘) asosan granit, ohaktosh va slaneslardan tuzilgan. Bu qattiq jinslar ko‘p yerlarda
ochilib, yer yuzasiga chiqib yotadi, tik yonbag‘ir va chuqur daralarni hosil qilgan. Hisor
O‘zbekistondagi eng baland tog‘, unda O‘zbekistonning eng baland nuqtasi Hazrati Sulton
cho‘qqisi joylashgan bo‘lib, uning mutlaq balandligi 4643 m. Hisor tizmasi g‘arb va janubi-g‘arbga
tomon bir qancha tarmoqqa bo‘linib, tobora pasayib boradi va asta-sekin tekisliklarga qo‘shilib
ketadi. Tog‘ oldilarida Miraki, Yakkabog‘ va G‘uzor adirlari katta maydonni egallab yotadi, ular
daryolar tog‘larni yemirib olib tushgan jinslardan tarkib topgan. Adirlar yer yuzasi notekis, past-
baland tekisliklardan iborat. Adirlarda va past tog‘larda karst relefi shakllari-g‘orlar, voronkasimon
chuqurliklar, ungurlar mavjud
2
.
Iqlimning bahor, yoz, kuz, qish tarzida almashinib kelishi esa, turizmni yil bo‘yi tashkil etish
uchun juda qulaydir. Ichki suvlarining tizimi turizm uchun boy resurslar bo‘lib xizmat qiladi.
So‘lim soylar, ko‘l, buloqlar, muzliklar turizm marshrutlarining mazmundorligini, ekzotik jihatini
oshiradi.
Oqsuv daryosi Qashqadaryoning irmog‘i hisoblanib, Hisor tizmasining g‘arbiy yon bag‘ridagi
muzliklardan boshlanadi. Uzunligi 62 km. Suv yig‘ish maydoni 845 km
2
, o‘rtacha balandligi 2444
m. Oqsuv daryosiga chapdan Dahansoy, Obikixona, Gelendaryo, Rabot, Sujar kabi irmoklar,
o‘ngdan Shutsoy quyiladi. Oqsuv daryosi Chiroqchidan 18 km yuqorida Qashqadaryoga quyiladi.
Qor-muzliklardan to‘yinadi. O‘rtacha yillik suv sarfi 12,3m³\s. Eng ko‘p suv sarfi iyun oyiga, eng
kam suv sarfi dekabr-yanvar oylariga to‘g‘ri keladi. Yillik suvning 49,2% mart-iyunda oqib o‘tadi.
Oqsuv daryosining o‘rtacha oqim moduli 14,6 l/sek. km
2
. Oqsuv daryosi Kitob, Shahrisabz,
Chiroqchi tumanlaridagi sug‘oriladigan yerlarni suv bilan ta’minlaydi.
2
Ҳасанов И.А., Ғуломов П.Н., Қаюмов А.А. Ўзбекистон табиий географияси (2 қисм) Тошкент-2009. 161б.
RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI 7-8-MAY 2025-YIL
166
Tuproq qoplami hamda organik dunyosi ekoturizm uchun muhim resurs, sayyohlarning diqqat
e’tiborini tortuvchi eng g‘aroyib tabiat mahsuli sifatida namoyon bo‘lishi mumkin. Turistik
marshrutlar bo‘ylab turli organik dunyo vakillari bo‘lgan o‘simliklar, hamda jonivorlarni kuzatish
imkoniyati mavjudligini inobatga olsak, yo‘nalishlarning yanada mazmundorligiga erishamiz.
Tuprog‘i Shahrisabz-Kitob botig‘ida tipik bo‘z, daryo bo‘yida allyuvial bo‘z, tog‘larda
qo‘ng‘ir tuproq. Efemer o‘simliklar hamma joyda uchraydi. Suv bo‘ylarida qamish, yulg‘un o‘sadi.
Tog‘ yon bag‘irlarida archa, bodom, do‘lana, olma, tol, yong‘oq, pista, zarang daraxtlari va xilma-
xil butalar o‘rmon hosil qilgan. Tog‘ yon bag‘irlari chorva mollari uchun yozgi yaylov. Tulki, bo‘ri,
chiyabo‘ri, bo‘rsiq, ayiq, qobon, tog‘ echkisi, arhar; sudraluvchilar; kaklik, chil, bulbul va boshqalar
yashaydi.
Shaxrisabz tumanida ekoturizni rivojlantirish uchun barcha tabiiy sharoitlar inobatga
olingan holda hukumat tomonidan ko‘plab chora tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Chunonchi,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-noyabrdagi “Qashqadaryo viloyatining
tog‘li-rekreatsion hududlarida zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm obektlarini bar po
yetish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–376-son qaroriga muvofiq Shahrisabz tumani
hududida “Shahrisabz” turistik markazi tashkil yetiladi.
“Shahrisabz” turistik markazi “Miraki”, “Amir Temur”, “Uloch” va “Polmon” mahalla
fuqarolar yig‘inlari hududidagi umumiy maydoni 240 gektar bo‘lgan yer uchastkasidan
iborat bo‘ladi. Ishlab chiqilgan master-rejaga asosan Turistik markazda zamonaviy xizmat
ko‘rsatish majmualari va turizm infratuzilmasi obektlari, jumladan, mehmonxonalar,
mehmon uylari, sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar markazlar joylashtirish ko‘zda
tutilgan.
Shuningdek, dam oluvchilarga zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida 2024 –2025-
yillarda Turistik markazda uchta zamonaviy mehmonxona kompleksi, ovqatlanish, xizmat
ko‘rsatish va savdo-ko‘ngilochar markazlar, ochiq turdagi avtoturargoh hamda dor yo‘li
barpo yetiladi
3
.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekoturistik
infratuzilmani rivojlantirish, mahalliy aholini ekoturizmga jalb qilish, ekoturizmni targ‘ib qilish,
ekologik ta’lim va tarbiyani kuchaytirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish lozim.
Xulosa qilib aytganda, Shahrisabz tumanida ekoturizmni rivojlantirish uchun katta
imkoniyatlar mavjud. Ammo, bu imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun yuqoridagi choralarni
ko‘rish va ekoturizmni rivojlantirishda barqarorlik tamoyillariga amal qilish zarur.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
08.03 2019 yil 198 sonli Qashqadaryo viloyatining turizm salohiyatidan samarali
foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi qarori.
2.
Hasanov I.A., G‘ulomov P.N., Qayumov A.A. O‘zbekiston tabiiy geografiyasi (2 qism)
Toshkent-2009. 161b.
3.
Shamuratova N.T. O‘zbekistonda ekologik turizm va uning tabiiy geografik jihatlari
//g.f.n. ilmiy darajasni olish uchun yozilgan dissertatsiya. Toshkent 2011. 120 b.
4.
https://www.unwto.org/ru
3
https://www.imv.uz/news/category/yangiliklar/shahrisabz-tumani-hududida-shahrisabz-turistik-markazi-tashkil-etiladi
