“TABIIY FANLAR: DOLZARB MUAMMOLAR VA ULARNING YECHIMLARI”
167
ZARAFSHON HAVZASIDA CHO‘LLANISH JARAYONIGA TA’SIR KO‘RSATUVCHI
TABIIY VA ANTROPOGEN OMILLAR
Sharipova Mehribon
Samarqand davlat universiteti, Samarqand,O‘zbekiston
e-mail:
Annotatsiya:
Ushbu maqolada Zarafshon havzasida cho‘llanish jarayoniga ta’sir
ko‘rsatuvchi tabiiy va antropogen omillar ta’siri tahlil qilinadi. Tuproq degradatsiyasi jarayoniga
qishloq xo‘jaligida foydalanish nuqtai nazaridan takliflar ishlab chiqiladi
.
Kalit so‘zlar:
cho‘llanish, degradatsiya, tuproq eroziyasi, sho‘rlanish, arid mintaqa va
ekologik muvozanat.
Kirish.
Cho‘llanish jarayonlari asosan arid hududlar uchun xos bo‘lib, ular tabiiy muhitning
biologik salohiyatining kamayishi va odamlar hayot sharoitlarining yomonlashuvi bilan birga
keladi. Ularning rivojlanishi tabiiy va antropogen omillar bilan bog‘liq va hududning tabiiy
sharoitlariga qarab, bu omillar biri-biridan ustun bo‘lishi mumkin. Quruq va issiq arid iqlim
yerlarning tabiiy cho‘llanishiga sabab bo‘ladi. Arid zonalardagi antropogen tuproq degradatsiyasi
tabiiy jarayonlarni yanada kuchaytiradi va bu ta’sir olib tashlanganida ham cho‘llanish to‘xtamaydi
(Gunin Pankova, 2004; Gunin Miklyaeva, 2006). Cho‘llanish-bu tuproq unumdorligini pasayib,
o‘simliklar qoplami yo‘qolib, tuproq eroziyasi kuchayishi bilan birga yerlarning cho‘lga aylanishi
jarayonidir. Cho‘llanish jarayoni landshaftlarning o‘zgarishiga yoki yo‘qolishiga olib keluvchi
tabiiy va antropogen omillar natijasida yuzaga kelayotgan jarayondir. Cho‘llanish nafaqat arid
mintaqalarida balki arid emas mintaqalarda ham hozirgi kunda kuzatilayapti. Cho‘llanish natijasida
o‘simlik degradatsiyalari ya’ni o‘simlik qoplamining yo‘q bo‘lib ketishi sho‘r botqoqliklarning
paydo bo‘lishiga olib keladi. Qishloq xo‘jaligining iqtisodiy salohiyati ham cho‘llanish natijasida
pasayib boradi. Cho‘llanish aholining ham turmush tarziga katta ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek,
degradatsiyaga uchragan hududlarda chang-to‘zon havoga chiqish natijasida aholi salomatligiga
ham kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Hozirgi kunga kelib, yurtimizning shimoli-g‘arb Orol bo‘yi, Navoiy,
Buxoro, Xorazm viloyatlarida cho‘llanish jarayoni tez su’ratlar bilan jadal rivojlanmoqda.
Yurtimizning 70% qismidan ortiq hududini cho‘l egallab bo‘ldi.
Cho‘llanish jarayoni tuproq unumdorligining pasayishida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Tuproq degradatsiyasi — bu tuproq unumdorligining kamayishiga olib keladigan kompleks jarayon
bo‘lib, ayniqsa bu holat arid va subarid mintaqalarga xosdir (Kassas 1999). Turli landshaftlarda
iqlim o‘zgarishining ortib borishi cho‘llanish jarayonlarining boshlanishiga sabab bo‘lishini
kuzatilishimiz mumkin. O‘rta Osiyo mintaqasi landshaftlari misolida T.Mendizabal (1998)
tomonidan ko‘rsatilganidek, cho‘llanishning ta’sirini o‘rganishda landshaftning ichki tartibga
soluvchi jarayonlari va tashqi atrof-muhit faktorlarining o‘zaro aloqasini baholash zarur.
Landshaftlar ularga bog‘liq bo‘lgan jamiyatlarga – odamlar, uy hayvonlari, tabiiy fauna – hayot
uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarni ta’minlaydi. Ammo har bir landshaft o‘zining maksimal
biomassasi mavjud bo‘lib, u barqaror ravishda ishlab chiqarishi mumkin. Agar bu chegaradan
oshsa, biologik ishlab chiqarish buziladi va yerda tuproq degradatsiyasi belgilarini ko‘rish
boshlanadi (Kassas, 1999). Cho‘llanish jarayonlarining kengligini o‘rganishda uzoq muddatli
RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI 7-8-MAY 2025-YIL
168
kuzatishlar va landshaftlarning arid degradatsiyasining turli bosqichlarini xaritalash usullari
qo‘llaniladi (Alibekov va boshqalar, 2000). Tabiiy omillar muayyan sharoitlarda cho‘llanish
jarayonlarini rivojlantirish uchun asosiy sharoitlarni yaratadi. Birinchisi tabiiy omillardir ularni
birma-bir tahlil qilamiz.
-iqlim o‘zgarishi
- haroratning ko‘tarilib borishi
-yog‘ingarchilikning kamayishi,
- suv resurslarining kamayishi,
-shamol va suv eroziyasi
Iqlim o‘zgarishi sharoitida daryolarning quyi oqimlarida (qadimgi deltalarda) sho‘rxok
landshaftlarning shakllanishiga eng katta hissa qo‘shuvchi omil – bu yer osti suvlari bug‘lanishi va
transpiratsiya jarayonlaridir. Ushbu jarayon Zarafshon daryosi havzasida ham kuzatiladi. Yer osti
suvlari yuzaga yaqinlashgan sari, bug‘lanish va sho‘r to‘planish jarayoni jadallashadi. Ayniqsa, 2-3
metr chuqurlikda joylashgan yer osti suvlari arid iqlim sharoitida tuproqning eng yuqori
sho‘rlanishiga sababchi bo‘ladi. Qurg‘oqchilikning ta’siri juda keng qamrovli bo‘lib, eng katta
zararni qishloq xo‘jaligi sektori ko‘radi. Bog‘dorchilik va lalmikor yerlarda hosildorlik 90-100% ga
qisqaradi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda sug‘oriladigan yerlarning
ulkan maydoni shamol eroziyasiga uchragan. Shamol eroziyasining asosiy rivojlanish markazlari
Markaziy Farg‘ona, Dalverzin, Mirzacho‘l va Buxoro vohasi hisoblanadi. Shamolning qayta-qayta
takrorlanishi natijasida tuproqning eng unumdor qatlami olib ketiladi va uchib ketgan joylarda
uning tarkibidagi mexanik o‘zgarishlar osonlashadi. Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha ekspertlarning
fikricha, o‘rtacha havo haroratining oshishi bilan bir qatorda, global iqlim o‘zgarishi ekstremal
hodisalar ehtimolining oshishiga olib keladi. Eroziya, o‘rmonlarning kesilishi va sho‘rlanishi
natijasida yerning tanazzulga uchrashi kuzatiladi. Sug‘oriladigan yerlarda hosildorlik 40% ga
pasayishi kuzatiladi. Bu esa cho‘llanish jarayonining kuchayishiga sabab bo‘luvchi asosiy
omillardan biriga aylandi.
Inson faoliyati natijasida cho‘llanish jarayoning tezlashiga katta ta’sir ko‘rsatmoqda bunga
misol qilib quydagi omillarni ko‘rsatamiz.
o‘rmonlarning kesilishi
yaylovlar sig‘imidan ortiqcha foydalanish
sug‘orishning yangi texnologiyalarini joriy qilmaslik
yerlardan noto‘g‘ri foydalanish.
Antropogen ta’sirlardan kelib chiqqan cho‘llanish jarayonining potensial manbalarining
paydo bo‘lishida muhim rol o‘ynaydi. Asosiy iqlim ko‘rsatkichlari, yotqiziqlarning mexanik tarkibi,
tuproq hosil qiluvchi va yotuvchi jinslarning dastlabki sho‘rlanishi tuproqning tabiiy
degradatsiyasiga sharoit yaratadi. Sho‘rlanish, botqoqlanish, o‘tlarning haddan tashqari kamayishi,
sug‘orish eroziyasi, daraxt va butalarning kesilishi, texnogen yuklar va boshqalar yerning
degradatsiyasining antropogen omillari hisoblanadi. 400 ming gektardan ortiq maydon, ya’ni
sug‘oriladigan yerlarning 10 foizdan ortig‘i qoniqarsiz holatda. Yer resurslarining katta qismi
insonning xo‘jalik faoliyati ta’sirida o‘simliklarning degradatsiyasi, qum deflyatsiyasi, suv va
shamol eroziyasi, sug‘oriladigan tuproqlarning sho‘rlanishi, texnogen cho‘llanish, tuproqning
ifloslanishi jarayonlariga duchor bo‘ladi. Tuproq funksiyasining bunday o‘zgarishi oqibatlarini
ularning tarkibi va donodorlik xususiyatlarining miqdoriy va sifat jihatidan yomonlashishi, tabiiy va
iqtisodiy qiymatining pasayishi bilan izohlash mumkin.O‘zbekistonda yaylovlar 21,2 million
“TABIIY FANLAR: DOLZARB MUAMMOLAR VA ULARNING YECHIMLARI”
169
gektarni yoki butun hududning yarmini egallaydi, shundan 14,4 million gektar cho‘l, 5,7 million
gektar tog‘ oldi, 1,1 million gektar tog‘ va tog‘li hududlardir. Yaylovlar asosan Qoraqalpog‘iston
Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida joylashgan.
Taxminan 19,4 million gektar yaylov suv ostida qolgan, 2,8 million gektar sug‘orishga muhtoj.
Yaylovlarning 16,4 mln.ga (77,3%) degradatsiyaga uchragan. Bu Qoraqalpog‘iston, Navoiy,
Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Yaylovlar foydalanish vaqtiga ko‘ra
quyidagicha taqsimlanadi: 5,4 million gektar yozgi yaylov, 3,8 million gektar qishki yaylov, 3,5
million gektar yil bo‘yi yaylovlardir.Ayrim yillarning ob-havo sharoitiga qarab, cho‘l yaylovlarida
faol rivojlanayotgan o‘simliklarning tur tarkibi 9 dan 55 turgacha, hosildorligi esa 2 dan 9 ts/ga
gacha o‘zgarib turadi. Yaylovlarning o‘rtacha hosildorligi, turli tashkilotlarning hisob-kitoblariga
ko‘ra, 2,4-2,7 ts/ga. Har 5 yilda bir yil past, ikkitasi o‘rtacha, ikkitasi yuqori hosildorlikka ega.
Bunday sharoitda buta va chala butalarni ekish orqali ozuqaning zaxira zahiralarini yaratish va
o‘simliklarning tur tarkibini yaxshilash kerak. Buxoro va Navoiy viloyatlarida respublikadagi jami
qo‘ylar sonining 22% ga yaqini va tuyalarning 60,8% ni tashkil etadi, ular uchun cho‘l o‘simliklari
asosiy oziq-ovqat manbai bo‘lib xizmat qiladi. Nafaqat tekislik qismlarida balki tog‘ oldi
hududlarida ham yaqqol namayon bo‘lmoqda. Biz o‘rganayotgan hudud Zarafshon havzasining
quyi qismida cho‘llanish jarayoning tezlashishi natijasida ekologik muvozanatning buzilishiga,
deflyatsiyaning (shamol eroziyasining) keskin kuchayishiga, tuproqlarning yemirilishiga, har yili
katta maydonlarda ekinlar nobud bo‘lishi yoki zarar ko‘rishiga, suv havzalari, kanallar va sug‘orish
tizimlarining qum bilan to‘lib qolishiga, yaylovlarning degradatsiyasiga va mahalliy aholining
yashash sharoitlarining umumiy yomonlashuviga olib kelmoqda.Tabiiy va antropogen omillar
natijasida quydagi geoekologik vaziyatlar vujudga keladi. Tuproq unumdorligining pasayishi
tuproqning o‘zida mavjud bo‘lgan ozuqa moddalarning kamayishi uning tuzilishi va fizik-kimyoviy
xususiytalarining yomonlashuvi sodir bo‘ladi, buning natijasida tabiiy yoki madaniy landshaftdagi
o‘simliklar qatlami yoki vegetatsiya qoplami kamayishi yoki butunlay yo‘q bo‘lib ketishi jarayoni
kuzatiladi, o‘simlik qoplamining kamayishi natijasida bioxilma-xillikning kamayishi iqlimning
o‘zgarishi va mahalliy qishloq xo‘jaligiga zarar yetishi iqtisodiy yo‘qotishlar keltiradi. Hosil
kamayishi natijasida daromadlar pasayadi va bu mahalliy aholi uchun ijtimoiy-iqtisodiy
muammolarga sabab bo‘ladi. Bugungi kunga kelib yurtimizda va xorijiy davlatlarda cho‘llanish
mavzusida ko‘plab olimlar tadqiqotlar olib borgan. Bu mavzu tabiiy geografiyada, tuproqshunoslik,
ekologiya, iqlimshunoslik va qishloq xo‘jaligi kabi fanlar bilan chambarchas bog‘liq. Cho‘llanishga
qarshi ko‘plab davlatlar turli metodlardan foydalanib kelmoqda. Shundan Isroil texnologiyasini
ko‘rib chiqadigan bo‘lsak Isroil tajribasi ko‘plab davlatlar uchun namuna hisoblanib kelmoqda
bular quydagi usullardir:
Tomchilatib sug‘orish texnologiyasi-Isroilning Netafim kompaniyasi tamonidan ishlab
chiqilgan tomchilatib sug‘orish tizimi suvni tejashda muhim rol o‘ynaydi. Bu texnologiyada suv
to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘simliklarning ildizlariga yetkaziladi. Shu bilan suv sarfi kamayadi va cho‘l
hududlarida ham o‘simliklarni sug‘orish imkoniyati oshadi. Bu usul suv resurslarini 50% dan ortiq
tejashga yordam beradi.
Sho‘r suvni tozalash va tuzsizlantirish.Tuzsizlantirish (desalinatsiya) texnologiyalari orqali
sho‘r suvlar ichimlik suvi sifatiga yetqaziladi. Qishloq xo‘jaligida ishlatiladi. Bu texnologiya suv
resurslari cheklangan hududlarda cho‘llanishga qarshi samarali choradir.
RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI 7-8-MAY 2025-YIL
170
Sun’iy daraxt ekish va o‘simliklar qoplamini qayta tiklash. Cho‘l hududlarda o‘simliklar
bilan qoplash loyihalari amalga oshirilgan. Turli iqlim sharoitlarida moslashgan daraxtlar yoki
o‘simliklar ekish orqali tuproqni barqarorlashtirish va eroziyani kamaytirishga erishiladi.
Tashlama suvlarni qayta ishlash, ishlatilgan suvning katta qismi qayta ishlanib yana
qishloq xo‘jaligida foydalaniladi. Ushbu qayta ishlash texnologiyasi cho‘l hududlarida suv
resurslarini tejash va qayta ishlashda katta ahamiyatga ega.
Iqlim monitoring tizimlari Isroil modelini qo‘llash. Qishloq xo‘jalik maydonlarida turli
sensorlar va monitoring tizimlaridan foydalnib har bir o‘simlik uchun zarur optimal sharoitni
yaratish. Bu tizimlar tuproq namligi havo harorati o‘simliklarning o‘sish holati kabi ko‘rsatkichlari
nazaorat qilib resurslardan samarali foydalanishga imkon beradi.
Yurtimizda Isroilning cho‘llanishga qarshi texnologiyalaridan cho‘l hududlarini yashil
o‘simliklar bilan qoplash suv resurslarini tejash va qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishda
muhim ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda. Cho‘llanishni prognozlashtirishda tuproqning
quruqlashishi va unumdorlikni yo‘qotish jarayonini oldindan ko‘ra olish uchun muhim ahamiyatga
ega. Bunday bashorat ekologik barqarorlikni saqlash va qishloq xo‘jaligini muhofaza qilishda
yordam beradi. Cho‘llanishni bashoratlashda zamonaviy texnologiyalar va ilmiy usullar
qo‘llaniladi: Masofaviy kuzatish va sun’iy yo‘ldosh tasvirlari: Cho‘llanish jarayonini bashorat
qilishda masofaviy kuzatish (remote sensing) va sun’iy yo‘ldoshlar orqali tuproqning namligi,
o‘simliklar qoplami va tuproq eroziyasini kuzatish keng qo‘llaniladi. NASA kabi tashkilotlar yer
yuzasidagi o‘zgarishlarni kuzatib, cho‘llanish xavfini baholash uchun sun’iy yo‘ldosh
ma’lumotlaridan foydalanadi. Bu usul cho‘l hududlarining kengayishini kuzatishda muhim rol
o‘ynaydi. Iqlim o‘zgarishiga oid modellashtirish: Kompyuter modellar yordamida kelajakdagi iqlim
o‘zgarishlari cho‘llanishga qanday ta’sir qilishini baholash mumkin. Ushbu modellar havo harorati,
yog‘in miqdori va namlikni o‘rganib, cho‘llanish xavfini bashorat qilish imkonini beradi. Ayniqsa,
qurg‘oqchilik va issiqlik to‘lqinlari cho‘llanish jarayoniga bevosita ta’sir qiluvchi omillar
hisoblanadi. Tuproq va o‘simlik qoplami monitoringi: maxsus sensorlar va yer usti monitoring
texnologiyalari tuproq namligi, sho‘rlanish darajasi, o‘simliklar qoplamining zichligi kabi
ko‘rsatkichlarni kuzatib boradi. Tuproqdagi o‘simlik qoplamining kamayishi yoki tuproqdagi o‘g‘it
darajalarining pasayishi cho‘llanish xavfini ko‘rsatadi. GIS (Geografik axborot tizimlari): GIS
texnologiyasi tuproqning cho‘llanish jarayonini hududiy o‘lchamda kuzatish va bashoratlash
imkonini beradi. GIS orqali turli hududlarning tuproq unumdorligi, shamol eroziyasi va suv
resurslari o‘zgarishi aniqlanadi, bu esa cho‘llanishning qaerda va qachon kuchayishi mumkinligini
oldindan ko‘rish imkoniyatini beradi. Ijtimoiy va iqtisodiy omillarni tahlil qilish: Aholi sonining
oshishi, qishloq xo‘jaligi amaliyotlari va yer resurslarini noto‘g‘ri ishlatish cho‘llanish jarayonini
tezlashtirishi mumkin. Shuning uchun ijtimoiy va iqtisodiy omillarni tahlil qilish cho‘llanish xavfini
oldindan ko‘rishda yordam beradi.
Xulosa
. Hozirgi vaqtda cho‘llanish shartli ravishda iqlimiy va antropogen omillarga bo‘linadi.
Cho‘llanishning asosiy sababi atmosfera sirkulyatsiyasining o‘zgarishi bo‘lib, qurg‘oqchilik va
yog‘ingarchilikning umumiy miqdori va past intensivlikdagi yog‘ingarchilik miqdori va
chastotasining kamayishiga olib keladi. Yog‘ingarchilikning o‘zgaruvchanligi quruq yerlarning
issiqlik balansining iqlim tizimidagi teskari aloqaga ta'sirining noaniqligini aniqlaydi. Zarafshon
havzasida cho‘llanish muammolarini hal qilish uchun tuproqning strukturaviy funksiyalarini
tiklashga yordam beradigan meliorativ tadbirlarni amalga oshirish kerak.
“TABIIY FANLAR: DOLZARB MUAMMOLAR VA ULARNING YECHIMLARI”
171
Yerlarning qishloq xo‘jaligining yuqori darajada rivojlanishini kamaytirish kerak.
Tuproqlarga texnogen yukni kamaytirish uchun degradatsiyaga uchragan yerlarni melioratsiya
fondiga aylantirish zarur. Yerlarning namlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun organik o‘g‘itlar qo‘llash,
ko‘p yillik o‘tlarni ekishni kengaytirish, o‘rmon zonasi ko‘chatlarini asrab-avaylash muhim.
Zarafshon havzasidagi cho‘llanish jarayoniga antropogen omillar o‘rganilib tahlil qilinishi
kartalar yaratilishi, tuproq qoplamini degradatsiyasini oldini olish uchun chora tadbirlar ishlab
chiqish zarur deb hisoblayman.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Алибеков Л.А Полоса жизни между горами и пустынями. М.:Наука,1991
2. Алибеков Л.А, Бабаев А.Г Развитие процессов опустывания в бассейне Аральского
моря в условиях глобального потепления климата. Ашхабад 2016
3.Galina Oguureva, Inessa Miklayeva, Maksim Bocharnikov Spatial and temporal variability
of dry steppes of Eastern Mongolia. Geography Environment
4. Mohammad Kassas. Desertification . Journal of arid environments
5. M.V.Bolgov, E.I Golubeva , T.V Dikariova, E.I Pankova. Ecosystems:Ecology and
dynamics. Journal
6. Sharipova M.Z. Influence of natural factors on geo-ecological condition of soils in the
Zarafshan river.-Nukus.Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining axborotnomasi.-2024.-
57-59b.
