RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI 7-8-MAY 2025-YIL
186
JIZZAX VILOYATINING HOZIRGI LANDSHAFTLARINI TASNIFLASH
Toshboev Zafarjon Maxramkulovich,
Jizzax davlat pedagogika universiteti, g.f.PhD,
katta o‘qituvchi
Annotatsiya.
Ushbu maqolada Jizzax viloyati hududida tarkib topgan landshaftlarning
hozirgi holati, ularning tadqiq etilishi va landshaft tiplariga ajratilishi, landshaft sinflari va tiplari,
tabiiy geografik rayonlariga ajratilib, ularning har birida tog‘ va tekislik landshaft tiplari
ajratilishi kabi masalalar yoritilgan.
Kalit so‘zlar
: voha landshaftlari, tekislikdagi antropogen landshaftlar, tog‘oldi landshaftlari,
tog‘oldi tekisliklar landshafti, tog‘oldi adir landshaftlari, tog‘ oralig‘i landshaftlari. botiq
landshaftlari, o‘rtacha balandlikdagi tog‘ landshaftlari.
Kirish.
Jizzax viloyati hududida tabiiy resurslardan maqsadga muvofiq foydalanish, voha
landshaftlarining morfologik strukturasini tadqiq etish va tahlil qilish, agrolandshaftlarning
morfologik birliklarini ajratish va chegaralash hozirgi zamon antropogen landshaftshunoslik
fanining dolzarb masalalaridan hisoblanadi. Olib boriladigan barcha landshaft tadqiqotlarining
asosiy vazifasi joyning landshaft kartasini tuzish, landshaftlarning ichki tuzilishi, yoshi, dinamikasi
va rivojlanishini tahlil qilgan holda batafsil ta’riflab berish bilan birga ularni ma’lum maqsadlarni
ko‘zlagan holda sifat va miqdor jihatdan baholash, u yoki bu sharoitda qanday o‘zgarishlar sodir
bo‘lishi mumkinligini va buning oqibatida qanday ekologik vaziyatlar vujudga kelishini oldindan
belgilab berish, ya’ni bashoratlashdan iboratdir. Bunday masalalar o‘z navbatida landshaft
izlanishlarida geofizikaviy, geokimyoviy va boshqa an’anaviy bo‘lmagan usullardan foydalanish
bilan bir vaqtda ekologik yondashishni ham talab qiladi (Zokirov, 1995).
Asosiy qism.
Landshaft to‘g‘risidagi ta’limot bilan bog‘liq qator muhim nazariy va uslubiy
jihatlar L.S.Berg (1913, 1931, 1947), N.A.Solnsev (1949), A.A.Grigoryev (1957), A.G.Isachenko
(1965, 1971), F.N.Milkov (1966, 1967), V.S.Preobrajenskiy (1966), S.V.Kalesnik (1970),
V.B.Sochava (1972, 1978), I.P.Gerasimov, N.A.Gvozdestkiy (1973, 1979), V.A.Nikolayev (1973,
1979), D.L.Armand (1975), I.M.Zabelin (1978) va boshqalarning ishlarida atroflicha yoritilgan.
O‘rta Osiyoning tog‘lari va tekisliklarining landshaft tuzilmalarini turli yondashuvlar asosida
o‘rganishda L.S.Berg (1913, 1931, 1947), R.I.Abolin (1929), E.M.Murzayev (1957),
N.L.Korjenevskiy (1960), N.A.Gvozdetskiy (1960, 1965), M.A.Glazovskaya (1964), I.S.Shchukin
(1983), V.M.Chupaxin (1987) kabi olimlarning xizmatlarini qayd etib o‘tish lozim.
Turkiston-Nurota tizmasi tog‘ landshaftlari N.D.Dolimov (1943), N.A.Gvozdetskiy (1965),
Ch.V.Galkov, N.A.Kogay (1967, 1969), T.D.Jumaboyev (1968), L.A.Alibekov, S.A.Nishonov
(1973, 1978), S.A.Nishonov (1984), R.Baratov (1996), N.R.Alimkulov (2008), L.A.Alibekov
(2013) kabi olimlar tomonidan o‘rganilgan. T.D.Jumaboyev (1968) Sangzor daryosi havzasidagi
tog‘li va tekislik landshaftlarining yaruslilik xususiyati va ularning tuzilishini qishloq xo‘jaligida
foydalanish nuqtai-nazaridan tadqiq etishi e’tiborga sazovordir. L.A.Alibekov, S.A.Nishonovning
(1978) Sirdaryo va Zarafshon daryolari oralig‘idagi hududlarni qishloq xo‘jaligi maqsadida tabiiy
geografik rayonlashtirish asosida S.A.Nishonov (1984) hududda 62 ta landshaft turini ajratgan,
shulardan 20 ta landshaft turi (15 tasi tog‘ landshaft hamda 5 tasi tog‘oralig‘i botiq landshaftlar
sinflari) hududda tarkib topgan [4, 70 b].
“TABIIY FANLAR: DOLZARB MUAMMOLAR VA ULARNING YECHIMLARI”
187
P.Baratov (1996) Turkiston-Nurota okrugini Turkiston va Nurota tabiiy geografik rayonlarga
bo‘lib, ular tarkibida quyidagi landshaftlarni ajratgan:
I. Turkiston tabiiy-geografik rayonida: 1. Sangzor vodiysining o‘rta qismini o‘z ichiga
oluvchi qo‘ng‘irbosh va qorabosh o‘suvchi tirik (asosiy) bo‘z tuproqli lyossli past-baland qir-
adirlardan iborat bo‘lgan tekisliklar landshafti. 2. Bodomcha va bug‘doyiq o‘suvchi to‘q bo‘z va
jigarrang tuproqli Turkiston va Molguzar tog‘larining quyi yonbag‘ir landshafti. 3. Turkiston va
Molguzar tog‘larining quyi 1400-2800 m (tog‘ mintaqasi) balandliklarini o‘z ichiga olgan,
archazorlar mavjud bo‘lgan qoramtir tog‘ o‘rmon va jigarrang tuproqli tog‘lar landshafti. 4.
Turkiston tizmasining eng baland (yaylov mintaqasi) qismlarida joylashgan alr o‘tloqlardan iborat
bo‘lgan tog‘li landshaft. Bu landshaft hududida qoyali, muz-qorlar qoplagan joylar ham uchraydi. 5.
Tabiiy geografik rayonning xalq xo‘jaligida o‘zlashtirilgan qismlaridagi madaniy landshaft.
II. Nurota tabiiy-geografik rayonida: 1. Parchalangan, marzasimon teraliklar mavjud bo‘lgan,
qo‘ziquloq o‘suvchi asosiy (tipik) va to‘q bo‘z tuproqli tog‘lar orasidagi botiqlar landshafti. Bunga
Qo‘shrabot – Qo‘ytosh botig‘i kiradi. 2. Qo‘ng‘irbosh va qorabosh o‘suvchi chag‘ir toshli bo‘z
tuproq tarqalgan botiqlar landshafti. Bunga Nurota hamda Qoratog‘ bilan Baxiltog‘ orasida
joylashgan Orasoy botig‘i kiradi. 3. Qo‘ng‘irbosh va qorabosh o‘suvchi to‘q bo‘z tuproqli, lyossli
to‘lqinsimon tekisliklar landshafti. Bunga G‘allaorol botig‘i kiradi. 4. Qo‘ziquloq, oqquvray va
shuvoq o‘suvchi tipik va to‘q bo‘z tuproqli rast tog‘lar landshafti. Bunga G‘o‘bdintog‘,
Qaroqchitog‘, Qorachatog‘lar kiradi. 5. Bug‘doyiq va tirchoq o‘suvchi tipik bo‘z va jigarrang
tuproqli o‘rtacha balandlikdagi tog‘lar landshafti. Bunga Nurota, Qo‘ytosh tog‘lari kiradi. 6.
Shuvoq va kserofit butalar o‘suvchi jigarrang tuproqli tog‘lar landshafti. Bunga Nurota va
Oqtog‘ning eng baland qismlari kiradi. 7. O‘zlashtirilgan hududlardagi madaniy landshaft [1, 232-
233-b.].
Huddi shunday landshaft turlari N.R.Alimkulovning (2008) tadqiqotida ham uchraydi. Biroq,
yuqoridagi tadqiqotlarning maqsadlari (qishloq xo‘jalik maqsadida hamda landshaft-ekologik
sharoitni baholash uchun) o‘ziga xos bo‘lib, tadqiqotlar samarali yakunlangan. Olib borilgan
tadqiqotimizning maqsadidan kelib chiqqan holda landshaftlarni sug‘orish maqsadida baholashda
yuqoridagi mualliflar tomonidan tuzilgan landshaft kartalarini o‘tgan vaqt va makondagi qisman
o‘zgarishlarini hisobga olgan holda landshaft turlari ajratildi va ular tavsiflandi:
I.
Tekislikdagi
antropogen landshaftlar:
1. Daryolarning quyi terrasalaridagi sug‘oriladigan
bo‘z-o‘tloq tuproqli yassi tekisliklardagi agrolandshaftlar. 2. Tog‘oldi qiya tekisliklari va konus
yoyilmalaridagi tipik bo‘z tuproqli sug‘oriladigan voha landshaftlari.
II. Tog‘oldi landshaftlari.
1. Tog‘oldi tekisliklar landshafti:
3. Qiya, yassi allyuvial-prolyuvial tekisliklardagi bo‘z-
o‘tloq tuproqli tog‘oldi sug‘oriladigan agrolandshaftlar. 4. To‘lqinsimon tekisliklardagi qisman
haydaladigan tipik bo‘z tuproqlarda efemer-shuvoq o‘simliklari o‘sadigan tog‘oldi bahorikor
agrolandshaftlar. 5. Qiya, kam parchalangan tog‘oldi shleyflari hamda konus yoyilmalarining bo‘z-
qo‘ng‘ir tuproqli va toshloq quruq o‘zanlaridagi efemer, efemer-shuvoq, sho‘ra-shuvoq formatsiyali
yarim bahorikor va sug‘oriladigan agrolandshaftlar. 6. Qiyaroq, kam parchalangan tog‘oldi
tekisliklarining bo‘z tuproqlaridagi efemer-efemeroid, yarim butalilar tarqalgan bahorikor
agrolandshaftlar. 7. Qiya, to‘lqinsimon tekisliklardagi qisman sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqli
tog‘oldi agrolandshaftlar. 8. Tog‘oldi prolyuvial tekisliklardagi shag‘al va mayda shag‘al-qumloqli,
cho‘llarda kserofit chala butalar, efemer-shuvoqli cho‘l landshaftlari. 9. Kuchli parchalangan,
boshoqli-efemeroidli tog‘oldi chalacho‘l landshaftlari.
2. Tog‘oldi adirlar landshaftlari:
10. Kuchli va kam parchalangan yonbag‘irlarning tirik bo‘z
tuproqlaridagi sho‘rali shuvoqzorlar, ba’zan efemer o‘tlar va bodomzorlar bilan qoplangan toshloq
RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI 7-8-MAY 2025-YIL
188
adir landshafti. 11. Yonbag‘irlari kuchli parchalangan to‘q bo‘z tuproqlaridagi efemer-shuvoq-
bug‘doyiqli va turli o‘t-butalardan iborat, jigarrang tuproqli daryo vodiylarida qurg‘oqchil siyrak
o‘rmonlardan iborat yonbag‘ir landshafti. 12. Lalmi tirik bo‘z tuproqli joylardagi efemer-
efemeroidlilar yarim butalilar bilan almashinib keladigan adir landshafti. 13. O‘rtacha parchalangan
yonbag‘irlarning to‘q bo‘z tuproqlaridagi qo‘ng‘irbosh-rang va butali bodomzorli adir landshafti.
14. Tirik bo‘z turroqlaridagi efemeroid-shuvoq formatsiyali adir landshafti. 15. Tog‘oldi va
daryolarning yuqori terrasalaridagi shuvoq-efemeroidlar, boshoqli-efemeroid formatsiyali lyossli
chalacho‘l-adir landshafti. 16. Kuchli parchalangan o‘rtacha qiyalikdagi yonbag‘irlarning bo‘z
tuproqlaridagi efemer-qo‘ng‘irbosh-rang, shuvoqli bodomzorlar, bir yillik sho‘ra-efemer-shuvoqli
past tog‘ va adir landshafti.
III. Tog‘ oralig‘i landshaftlari.
Botiq landshaftlari:
17. Past-baland, unchalik o‘yilmagan tog‘oldi tekisliklarining bo‘z
tuproqlaridagi efemeroid-butali, rang-qo‘ng‘irbosh, bir yillik sho‘ra yantoqzorli tog‘oralig‘i tekislik
landshafti. 18. Kuchli o‘yilgan, tog‘oldi va tog‘oralig‘i lyossli tekisliklaridagi efemer, shuvoq-
efemeroidli tog‘oldi va oralig‘i bahorikor agrolandshaftlari.
IV. Tog‘ landshaftlari.
1. O‘rtacha balandlikdagi tog‘ landshaftlari:
19. O‘rtacha qiyaliklardagi, turli darajada
o‘yilgan bug‘doyiq va shuvoq-efemer-bug‘doyiqli, dashtlar esa betaga yoki shuvoqli, siyrak
o‘rmonli, toshloq o‘rtacha balandlikdagi tog‘-vodiy landshafti. 20. O‘rtacha qiyalikka ega
yonbag‘irlardagi boshoqli-turli o‘tli, siyrak o‘rmonlar aralash o‘rtacha baland landshafti. 21. Kuchli
o‘yilgan, butali, turli o‘tlar, siyrak archazorlar aralash yonbag‘irli o‘rtacha baland tog‘ landshafti.
22. Past-baland, toshloq, betagali-dasht pastbo‘yli o‘tlar va qoyali yonbag‘irli o‘rtacha baland tog‘
landshafti.
2. Baland tog‘ landshaftlari:
23. Tik va yonbag‘irlari kuchli o‘yilgan, siyrak archazorlar va
kserofitli, o‘tloqlar almashinib keladigan, ba’zan tik qoyalar va chag‘il toshli baland tog‘ landshafti
[5, 79 b].
Xulosa qilib shuni ta’kidlash mumkinki, vohalar antropogen landshaftlarning boshqa
turlaridan faqat tabiiy geografik xususiyatlari bilan emas, balki morfologik strukturasining
murakkabligi bilan ham bir-biridan farq qiladi. Xususan, Jizzax viloyati tabiatining asosiy
xususiyatlari va voha landshaftlarining vujudga kelishiga ta’sir qiluvchi omillar ham bir-biridan
farq qilishi aniqlandi. Voha landshaftlarini tabiiy landshaftlardan farqi shundaki, ular inson
tomonidan boshqarilish xususiyatlariga hamda inson xo‘jalik yuritish maqsadiga muvofiq o‘zgarish
xarakteriga ega. Voha landshaftlarini dala sharoitida tadqiq etish, morfologik birliklarni ajratish va
ularni kartalashtirish natijasida Jizzax viloyati hududlarining ilmiy va amaliy ahamiyatga molik
bo‘lgan landshaft kartasi tuzildi va hozirgi landshaftlariga tasniflandi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Baratov P. O‘zbekiston tabiiy geografiyasi. O‘quv qo‘llanma. T.: O‘qituvchi, 1996.
2.
Toshboyev Z.M. Relief forms of Mirzachul oasis. ACADEMICIA An International
Multidisciplinary Research Journal. /Vol. 10 Issue 11, November 2020 (Double Blind Refereed &
Peer Reviewed Journal) Impact Factor: SJIF 2020 = 7.13. p. 5.
3.
Toshboyev Z.M. Mirzacho‘l voha landshaftlarining shakllanishi va rivojlanishi.
GEOGRAPHY: NATURE AND SOCIETY - SJIFactor.
4.
Toshboyev Z.M. Jizzax viloyati voha landshaftlari meliorativ holatini baholash va
kartalshtirish./PhD ilmiy darajasini olish uchun yozilgan diss. -Samarqand, 2024. 136 b.
