Noyabr, 2025-Yil
50
BAXSHICHILIK SAN’ATI: TARIXIY ILDIZLAR VA ZAMONAVIY TARAQQIYOT
BOSQICHLARI
Hamrayeva Nargiza Hasan qizi
Termiz iqtisodiyot va servis universiteti talabasi
Filologiya va tillarni o‘qitish: o‘zbek tili yo‘nalishi 4-bosqich talabasi.
https://doi.org/10.5281/zenodo.17569011
Annotatsiya.
Ushbu maqolada baxshichilik san’atining tarixiy ildizlari va zamonaviy
taraqqiyoti, uni rivojlantirishga qaratilgan davlat qarorlari hamda bu san’atning yoshlar
tarbiyasidagi ahamiyati yoritiladi.
Kalit so‘zlar:
Baxshichilik san’ati,doston,og‘zaki ijod, milliy cholg‘u asboblari, maktab-
internat, ansambl, YUNESKO, madaniy meros, ustoz-shogird an’anasi
Аннотация.
В статье рассматриваются исторические корни и современное
развитие искусства бахши, государственные решения, направленные на его развитие, а
также значение этого искусства в воспитании молодёжи.
Ключевые слова:
искусство бахши, эпос, устная традиция, национальные
музыкальные инструменты, школа-интернат, ансамбль, ЮНЕСКО, культурное наследие,
традиция «мастер-ученик».
Annotation.
This article discusses the historical roots and modern development of the art
of Bakhshi, state decisions aimed at its development, and the importance of this art in the
education of young people.
Keywords:
Bakhshi art, epic, oral art, national musical instruments, boarding school,
ensemble, UNESCO, cultural heritage, master-disciple tradition.
Bugungi kunda milliy madaniyatimiz va ma’naviyatimizni rivojlantirish yo‘lida qator
amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
baxshichilik san’atini yanada rivojlantirishga doir qabul qilgan qarori bu borada muhim qadam
bo‘ldi. Ushbu qaror orqali baxshichilik san’atini asrab-avaylash, uni jamg‘arish, maqsadli va
samarali foydalanishni ta’minlash asosiy vazifa qilib belgilandi.
Mazkur qaror asosida Termiz shahrida baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan Respublika
maktab-internati tashkil etilishi rejalashtirilgani diqqatga sazovor. Bu maktab nafaqat yosh avlodni
milliy qadriyatlarga sodiq ruhda tarbiyalash, balki ularga baxshichilik ijodining sirlarini o‘rgatish
uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida baxshichilik
san’ati rivojiga xizmat qiladigan amaliy ishlar belgilangan. Jumladan, baxshichilik uchun zarur
bo‘lgan milliy cholg‘u asboblari – do‘mbira, sibizg‘a, chanqovuz, qo‘shnay, g‘ajirnay, bo‘lamon,
qo‘biz kabi asboblarni ishlab chiqaradigan ustalarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ular uchun
ustaxonalar ajratish hamda maxsus materiallar bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, baxshi-shoir, jirov va oqinlar tomonidan ijro etiladigan doston va
qo‘shiqlar kuylarini notalashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilandi. Bu esa
kelajakda mazkur san’atni chuqur ilmiy o‘rganish va uni keng targ‘ib etish uchun mustahkam asos
yaratadi.
Noyabr, 2025-Yil
51
E’tiborlisi shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi YUNESKO ishlari
bo‘yicha Milliy komissiya bilan hamkorlikda baxshichilik san’atini Insoniyat nomoddiy madaniy
merosining reprezentativ ro‘yxatiga kiritish masalasini ham yo‘lga qo‘ymoqda. Bu esa
xalqimizning ko‘hna va betakror og‘zaki ijod namunalarini jahon miqyosida tanitish uchun muhim
qadamdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida davlat
ansambllari, boshqa hududlarda esa viloyat ansambllarining tashkil etilishi, shuningdek, bolalar
musiqa va san’at maktablari qoshida baxshichilik sinflarining yo‘lga qo‘yilishi ushbu san’atni
yoshlar orasida keng yoyish imkonini beradi.
“Birinchi xalqaro baxshichilik san’ati festivali”
“Birinchi xalqaro baxshichilik san’ati festivali”
O‘zbek xalq ijodiyotining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan baxshichilik san’ati
qadimiy ildizlarga ega bo‘lib, xalqning ma’naviy dunyoqarashi, tarixiy xotirasi va badiiy
tafakkurini ifodalaydi. H.T. Zarifovning yozishicha, “baxshi” so‘zi mo‘g‘ulcha va buryatcha
“baxsha”, “bag‘sha” so‘zlaridan olingan bo‘lib, “ustoz”, “ma’rifatchi” ma’nolarini bildiradi.
O‘zbeklarda baxshi keng ma’noda xalq dostonlarini kuylovchi, yodda saqlovchi va
nasldan naslga o‘tkazuvchi san’atkor sifatida tanilgan. Xalq orasida esa bu so‘z ikki xil
xarakterdagi shaxsga nisbatan qo‘llangan: ko‘pchilik hududlarda professional dostonchi, ayrim
joylarda esa afsungar, folbin yoki shaman vazifasini bajaruvchi shaxs sifatida ishlatilgan.
Qadimda bu ikki vazifa bir shaxs qo‘lida mujassam bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik ular
o‘rtasida muayyan tafovut yuzaga kelgan. Shu sababli ikkinchi vazifani ado etuvchi shaxs xalq
orasida duoxon, kinnachi kabi boshqa nomlar bilan atalgan.
Turli hududlarda xalq dostonchilariga “baxshi”dan tashqari boshqa atamalar ham
qo‘llangan. Surxondaryo va Qashqadaryoning ayrim joylarida yuzboshi, Janubiy Tojikiston
Noyabr, 2025-Yil
52
o‘zbeklari orasida soqi, Surxondaryo va Janubiy Tojikistonning ayrim hududlarida sozanda,
Farg‘ona vodiysida sanovchi, ba’zi tumanlarda jirov, jirchi, oqin, oxun kabi nomlar ishlatilgan.
Shuningdek, o‘zbeklarda xalq dostonchilarini shoir deb atash ham keng tarqalgan. “Shoir”
arabcha so‘z bo‘lib, poetik asarlar ijodkori bo‘lgan yozma va og‘zaki adabiyot vakillariga nisbatan
qo‘llaniladi. Badihago‘y ijodkorlar, yangi variantlar yoki yangi dostonlar yaratishga qodir
baxshilar shoir sifatida tanilgan. Masalan, Ergash shoir, Fozil shoir, Islom shoir, Po‘lkan shoir
singari ijodkorlar bunga yorqin misol bo‘la oladi.
O‘zbek dostonchilik maktablari tarixida Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining o‘rni alohida. U
1868-yilda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan va 1937-yilda vafot etgan.
Dehqon dostonchi oilasida dunyoga kelgan bu ijodkorning nasl-nasabida yetti ota-
bobosidan boshlab ko‘plab mashhur baxshi va shoirlar yetishib chiqqan. Ergash Jumanbulbul
o‘g‘li boy va rang-barang repertuarga ega bo‘lib, “Kuntug‘mish”, “Yakka Ahmad”, “Alibek bilan
Bolibek”, “Dalli”, “Ravshan”, “Qunduz bilan Yulduz”, “Xushkeldi”, “Xoldorxon”,
“Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi”, “Hasanxon”, “Avazxon”, “Avazning Farangga safari”, “Nurali”,
“Xiromon” (“Jahongir”), “Alpomish”, “Yusuf bilan Ahmad”, “Tulumbiy”, “Qironxon”, “Qumri”,
“Oshiq G‘arib”, “Vomiq bilan Uzro”, “Varqa bilan Gulshoh”, “Mahtumquli” kabi 30 ga yaqin
dostonlarni mukammal ijro etgan. Uning ijodidan ko‘plab termalar, dostonlar hamda baxshichilik
san’atiga oid ma’lumotlar yozib olingan.
XIX asrda shakllangan epik markazlardan yana biri Shahrisabz dostonchilik maktabidir.
Bu maktabning yirik vakillaridan Abdulla Nurali o‘g‘li (1874—1957) va Islom Nazar
o‘g‘li (1874—1953) Rajab shoirning shogirdlari bo‘lib, dostonlarni sho‘x, quvnoq, ko‘tarinki
ruhda ijro etishlari, kuylarining yoqimliligi bilan mashhur bo‘lganlar. Shu maktabga mansub
Nurmon Abduvoy o‘g‘li (1862—1940) ham o‘z ijodi bilan xalq dostonchiligiga katta hissa
qo‘shgan. Ularning repertuarida “Orzigul”, “Sohibqiron”, “Erali va Sherali”, “Zulfizar bilan
Avazxon”, “Gulixiromon”, “Kuntug‘mish” singari dostonlar mavjud bo‘lib, ular xalq eposining
demokratik asoslarini kengaytirgan.
Janubiy O‘zbekiston dostonchilik maktabi ham o‘ziga xos an’analarni davom ettirgan.
Umir shoir Safarov, Mardonaqul Avliyoqul o‘g‘li kabi baxshilar Qodir Rahimov, Xushvaqt
Mardonaqulov, Qora va Chori Umirovlar, Chorshanbi Rahmatullayev kabi shogirdlarni tarbiyalab
yetishtirgan. Keyinchalik Shoberdi Boltayev, Boborayim Mamatmurodov, Abdunazar Poyonov,
Ro‘zi Qulto‘rayev, Qahhor Rahimov, Jovli Tangirov, Abdusalom Ergashev, Abduqahhor Umirov,
Abdulmurod Qodir o‘g‘li kabi san’atkorlar xalq dostonlarini jonli ijroda davom ettirganlar.
Xorazm dostonchilik maktabi esa boshqa hududlardagidan tubdan farqlanadi. Bu yerda
so‘z improvizatsiyasi ikkinchi darajaga tushib, musiqa yetakchilik qiladi. Xorazm dostonlari
ko‘pincha yozma manbalarga ega bo‘lib, ijrochining qo‘lida qo‘lyozma matni mavjud bo‘ladi.
Bundan tashqari, Xorazmda dostonni yakka ijro qilish bilan birga, jamoa bo‘lib ijro etish
an’anasi ham shakllangan. Ustoz baxshi dutorda kuyni boshlaydi, boshqa ijrochilar g‘ijjak va
bo‘lomon bilan jo‘r bo‘ladilar, naqarot qismlar esa birgalikda kuylanadi.
Xulosa qilib aytganda, baxshichilik san’ati o‘zbek xalqining qadimiy madaniy merosi
sifatida turli hududlarda turlicha shakllanib, rivojlangan. Har bir maktabning o‘ziga xos ijro
uslubi, doston repertuari va tarbiyalagan shogirdlari mavjud.
Noyabr, 2025-Yil
53
Bu san’at nafaqat xalq og‘zaki ijodining yirik tarmog‘i, balki o‘zbek xalqining tarixiy
xotirasi, estetik didi va ma’naviy qadriyatlarining yorqin ifodasi hisoblanadi.Mening nazarimda,
baxshichilik san’ati xalqimizning bebaho xazinasi, go‘yoki asrlar qa’ridan kelayotgan musiqiy
daryodir. Bu daryoni to‘sib qo‘yish emas, balki uni yanada toza va sersuv oqizish bizning sharafli
burchimizdir. Prezidentimiz va davlatimiz tomonidan berilayotgan g‘amxo‘rlik ana shu daryoga
yangi irmoqlar qo‘shib, uning manbaini yanada mustahkamlamoqda. “Ustoz — shogird”
an’anasining qayta tiklanishi esa daraxt ildizini sug‘orishdek, kelajak avlodning ijodiy kuchini
quvvatlantiradi.
Bugun baxshi-shoirlarning asarlarini keng yoyish, ularning audio va video yozuvlarini
yaratish, xalqaro miqyosda hamkorlikni kuchaytirish — bu daryoga ko‘prik solish, uni dunyoga
tanitish demakdir. Yoshlarni baxshichilik maktablariga jalb qilish esa ularning qalbiga milliy
g‘urur urug‘ini sepish bilan barobardir. Menimcha, bu qadimiy san’atni avaylash va rivojlantirish,
uni xalqimiz qalbida yashovchan tutish — har birimizning muqaddas burchimizdir.
Adabiyotlar ro‘yxati
1.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-apreldagi “II Xalqaro baxshichilik
san’ati festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va baxshichilik san’atini rivojlantirish uchun qulay
shart-sharoitlar yaratishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5070-son
qarori.
2.
Madayev O. Sobitova T. “Xalq og’zaki poetik ijodi” – Toshkent. Sharq nashriyoti.
3.
Matyoqubov, B. (1999). Xorazm doston ijrochiligini zarxat sahifalari. Xorazm: Urganch
nashriyoti.
4.
https://lex.uz/docs/-4380951
