Authors

  • Laylo Yusupova

DOI:

https://doi.org/10.71337/inlibrary.uz.science-research.35223

Abstract

O‘zbek jadid xotin-qizlarining maqolalari va maktublari bilan tanishar ekanmiz, o‘sha suronli yillarda yangi bir hayot qurish istagida katta yo‘lga otlangan jadid bobolarimiz safidagi o‘zbek ayollari qismati hukmron zamonning shafqatsiz mashinasi ostida yanchib tashlanganiga guvoh bo‘lamiz. Biroq... ularning qisqa bo‘lsa-da, ibratli qismati biz uchun o‘lmas saboqdir!

background image

ISSN:

2181-3906

2024

International scientific journal

«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»

VOLUME 3 / ISSUE 6 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ

1269

O‘ZBEK JADID XOTIN-QIZLARINING IBRATLI QISMATI BIZ UCHUN O‘LMAS

SABOQDIR

Yusupova Laylo Umidbek qizi

Guliston davlat universiteti Psixologiya va ijtimoiy fanlar fakulteti

Tarix yo’nalishi talabasi

https://doi.org/10.5281/zenodo.12649201

Annotatsiya.

O‘zbek jadid xotin-qizlarining maqolalari va maktublari bilan tanishar

ekanmiz, o‘sha suronli yillarda yangi bir hayot qurish istagida katta yo‘lga otlangan jadid
bobolarimiz safidagi o‘zbek ayollari qismati hukmron zamonning shafqatsiz mashinasi ostida
yanchib tashlanganiga guvoh bo‘lamiz. Biroq... ularning qisqa bo‘lsa-da, ibratli qismati biz uchun
o‘lmas saboqdir!

Kalit so‘zlar:

Jadid, xotin-qizlar, Maryam Sultonmurodova, jurnalistika, Germaniya,

sho’ro tuzumi, Matluba Muhammad xonim, ayol o’zbek advokati, Dilorom Yusupova, Xayriniso
Majidxonova, qatag‘on, mustaqillik.

THE EXEMPLARY FATE OF MODERN UZBEK WOMEN IS AN IMMORTAL

LESSON FOR US

Abstract.

As we read the articles and letters of modern Uzbek women, we witness that the

fate of Uzbek women among our modern ancestors, who set out on the road to build a new life in
those turbulent years, was crushed under the cruel machine of the ruling era. . However... their
brief but instructive fate is an immortal lesson for us!

Key words:

Jadid, women, Maryam Sultanmuradova, journalism, Germany, Soviet system,

Ms. Matluba Muhammad, female Uzbek lawyer, Dilorom Yusupova, Khairiniso Majidhonova,
repression, independence.

ОБРАЗЦОВАЯ СУДЬБА СОВРЕМЕННЫХ УЗБЕКСКИХ ЖЕНЩИН –

БЕССМЕРТНЫЙ УРОК ДЛЯ НАС

Аннотация.

Знакомясь со статьями и письмами современных узбекских женщин,

мы становимся свидетелями того, что судьба узбекских женщин среди наших предков,
вставших в путь построения новой жизни в те роковые годы, была раздавлена жестокой
машиной правящая эпоха. Однако... их короткая, но поучительная судьба – это для нас
бессмертный урок!

Ключевые слова:

Джадид, женщины, Марьям Султанмурадова, журналистика,

Германия, советская система, Матлюба Мухаммад, узбекская юристка, Дилором
Юсупова, Хайринисо Маджидонова, репрессии, независимость.


KIRISH
“Maʼrifatparvar bobolarimiz mustaqillik uchun, xalqimiz emin-erkin yashashi uchun

kurashganini bilamiz. Oxirgi yillarda butun jamoatchiligimiz harakati bilan ularning nomlarini
tiklash, muzeylarni yangi namunalar bilan toʻldirish, ijod maktablari tashkil etish boʻyicha koʻp
ishlar qilinyapti. Bularning hammasi – odamlarga tarixiy adolatni, haqiqatni yetkazish uchun,
xalqimiz u kunlarni bilishi va hech qachon unutmasligi, bugungi kunlarning qadriga yetishi
uchun...”. Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Ona yurtimiz, millatimiz
ravnaqi, ilmu ma’rifati yo‘lida jon bergan bobolarimiz va momolarimiz nomlarini takror-takror


background image

ISSN:

2181-3906

2024

International scientific journal

«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»

VOLUME 3 / ISSUE 6 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ

1270

tilga olgan daqiqalarda ularning ezgu g‘oyalari qalbimizda tirilgani sayin o‘zimiz ham ana shu
buyuk kuch - Ona Vatan sha’ni, qadri uchun ilm olishimiz, kurashishimiz, yashashimiz va ijod
qilishimiz kerakligini yanada chuqurroq anglay boshlaymiz.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023-yil 22-dekabr

kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida
“Buyuk ma’rifatparvar bobolarimiz tomonidan olg‘a surilgan g‘oyaviy-siyosiy, ijtimoiy-ma’rifiy
va huquqiy-axloqiy qarashlar, turli millat va elatlar o‘rtasida bag‘rikenglik va hamjihatlik
tamoyillarini qaror toptirish bilan birga, milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan intilishlar
hozirgi murakkab va tahlikali zamonda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat
namunasidir” [1; 2]. Binobarin, jadid ma’rifatparvar bobolarimizning Vatan taraqqiyoti, millat
ravnaqi yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yanada keng tadqiq etish, jadidchilikning holati va
istiqbollarini har tomonlama o‘rganish muhim ahamiyatga kasb etadi.

Samarqanddagi Shohi Zindaga borsangiz, Amir Temur davri maqbaralari ichida

qabrlarning eng ko‘pi ayollarga tegishli ekaniga guvoh bo‘lasiz. Ayniqsa, tariximizda xotin-qizlar
nomidagi madrasalar soni juda ko‘p. Zukko momolarimiz azaldan ilm-fanga homiylik qilishni
o‘zlariga faxr deb bilgan. Sobiq tuzum davrida o’zining vatanparvarligi, bilimi, faolligi,
intiluvchanligi va tashabuskorligi bilan ajralib turgan va bu yo’lda mash’um tuzumning
qatag’onlik siyosati gidobiga tortilgan Maryam Sultonmurodovani ham ana shunday momolarimiz
qatoriga qo’shishimiz mumkin. Sultonmurodova Maryam Jumaniyozovna 1905-yil 13-fevralda
Xiva shahrida tug‘ilgan. Maryam Sultonmurodova 1922-1923-yillarda Berlin universiteti
qoshidagi olti oylik tayyorlov kursida o‘qiydi. 1924-yil Darmshtadt shahridagi “Viktoriya”
o‘qituvchilar seminariyasiga imtihon topshiradi. Darhaqiqat, xorij ta’limi Maryamxonga oson
kechmadi.

Germaniyada tahsil olgan Sattor Jabborning Ertoy nomi bilan “Turkiston” gazetasining

1924-yil 2-sentabr sonida e’lon qilingan maqolasida bu to‘g‘rida shunday yoziladi: “...Xivalik
Maryamxon moddiy tomondan yaxshi ta’min qilinmagani uchun yo‘llarida ko‘p chatoqliklar
ko‘radir. Chindan hayot xotini bo‘lmoq va Turkistonda qolg‘on opa-singillarimizning istiqboli
uchun hech kim ko‘rsatmas qahramonlik qilib kelgan qimmatlik qizimizga Xorazm
jumhuriyatimizning shunday sovuqqonlik bilan qarashig‘a Turkiston yoshlari taassuf etolmay
turolmaydurlar” [2; 2]. “...O‘zbek jadid ayoli Maryam Sultonmurodovadan bolsheviklar nihoyatda
hayiqar edi” [2; 3]. Jadid bobolarimiz safida turib yurt va millat ravnaqi yo‘lida kurashgan o‘zbek
xotin-qizlarining zamondoshlaridan ustun jihatlari, fazilatlari qaysi voqeliklarda ko‘zga
tashlanadi? Maryamxonning “aybi” nima edi? Ajdodlarimiz onalarga millat egasi sifatida
qarashgan. Axir buyuk insonlarni ilm-ma’rifati yuksak onalar yetishtiradi. Millatimizda katta
olima, shoira va faqiha ayollar ko‘p bo‘lgan. Jadid ayollar mavzusi esa alohida tadqiqotlarni talab
qiladi. Eng avvalo, jadid bobolarimiz o‘sha zamon kishilari ongida xotinqizlarga bo‘lgan alohida
hurmat va ehtirom tuyg‘usini uyg‘ota bilgan. Ular millat farzandlarini “qo‘li to‘qmoq, boshi
pahmoq” ezilgan ayollar tarbiyalashini istamagan.Xorazmlik haqgo‘y va taraqqiyparvar inson
Jumaniyoz Sultonmurodovning qizi. Jumaniyoz Sultonmurodov Harbiy tribunal rahbari, Xorazm
Xalq Respublikasi Xalq komissarlari Kengashi raisi, Xorazm kompartiyasi kotibi lavozimlarida
ishlagan. Maryam Sultonmurodova 1919- yilda Toshkentdagi maorif maktab gimnaziyasini
tamomlagach, oliy ma'lumot olish maqsadida 1920-1921-yillarda Orenburg tatar pedagogika


background image

ISSN:

2181-3906

2024

International scientific journal

«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»

VOLUME 3 / ISSUE 6 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ

1271

institutida o‘qigan. 1921-yil yozgi ta'tilda Xorazmga kelgach, Xorazm kompartiyasi Markaziy
Kengashida avval adabiy bo‘limga, so‘ng ayollar bo‘limiga rahbarlikka tayinlanadi. Biroq og‘ir
tarixiy sharoit va qiyinchiliklar unga ko‘nglidagidek ishlash imkonini bermaydi. Natijada 1922-
yil iyulda Toshkentga kelib, O‘rta Osiyo davlat universitetining ishchi fakultetiga hujjat topshiradi.
1922-yil oktyabrida Maryam Sultonmurodova Buxoro hukumati tomonidan Germaniyaga o‘qish
uchun yuborilayotgan talabalar safiga kiritiladi. U 1924- 1926-yillar Darmshtadt oliy
seminariyasida ta'lim oladi. 1926-1927-yillarda esa Berlin yaqinida Potsdam shahridagi
“Fraunshulle” maktabida amaliyot o‘tadi. 1927-yil yozgi ta'til vaqtida Xayriniso Majidxonova
bilan birga 29-iyuldan 18- avgustgacha Parij shahrida bo‘ladi. Ularning Parij opera teatri
oshxonasida Ahmad Naim va Mustafo Cho‘qaylar bilan 2-3 daqiqalik uchrashuvi keyinchalik
qatag‘on etilishi uchun asosiy bahona bo‘lgandi [3; 12].

1927-yil kuzidan Maryam Berlin shahrining Vedding tumanidagi professor

Finkelshteynning olti oylik hamshiralik kursini bitirib, 1928-yil SSSRga qaytgan. Maryam
Sultonmurodova Vatanga kelishi bilan so‘roq, ta’qiblar boshlanib ketdi. Avvaliga hech joydan ish
berishmadi. Faqat 1929-yil fevral oyida Germaniyada ta'lim olgan Badri Sayfulmulk yordamida
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash komissarligiga qarashli bolalik va onalikni asrash institutiga
hamshira bo‘lib ishga kiradi. Maryam 1929-yilning oxirlarida Asqar Ahmadbekov bilan oila qurib,
1933-yilgacha Kattaqo‘rg‘onda yashagan. Eri qamoqqa olingach, 1933-yil Toshkentga qaytib,
O‘rta Osiyo davlat universitetiga ishga kirdi. Biroq 1934-yil yana ishsiz qoldi. So‘ng “Guliston”
jurnaliga, 1936-yildan ayollarning “Yorqin turmush” jurnaliga adabiy xodim bo‘lib ishga kirdi.
Maryam o‘zbek matbuotida o‘zining olmon adabiyotidan qilgan tarjimalari va ayollarning o‘tkir
ijtimoiy muammolariga bag‘ishlangan maqolalari bilan elga tanila boshladi [4; 6].

1937-yil 13-sentyabr kuni Maryam Sultonmurodova Germaniyada o‘qigan, “Turkiston”

josuslik tashkiloti a'zosi deb, olti oylik norasida qizi Anora bilan qamoqxona azoblariga giriftor
etilgan. Jazo muddati tugagach vatanga qaytib, Urganch tumani, Yangibozor fuqarolar yig‘inida
hamshira bo‘lib ish boshladi. Biroq uning xursandchiligi yana uzoqqa bormadi. U 1949-yil 30-
martda qayta qamoqqa olindi va bu gal ham eski “jinoyatlari” uchun uzoq Krasnoyar o‘lkasiga
surgun qilingan [5; 1].

Maryam Sultonmurodova 1957-yil 2-avgustda SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi

tomonidan oqlandi. Biroq u to‘liq oqlanganidan keyin ham ro‘shnolik ko‘rmadi. Ta’qib
to‘xtamadi, sevgan sohasi jurnalistika bilan shug‘ullanish u yoqda tursin, uning matbuot
sahifalarini o‘qishiga ham to‘sqinlik ko‘rsatildi. Bu haqsizliklar ham Maryamning irodasini sindira
olmadi, o‘zini bir lahza bo‘lsin aybdor deb bilmadi. Haqiqatga ishondi, insoniyligini yo‘qotmadi.
Bu bilan sho‘rolar tuzumining sharmandali tarixida inson matonati timsoli sifatida qoldi.

Maryam Sultonmurodova qalamiga mansub “Mehr ko‘zda”, “Kutilmagan baxt”, “Qalbim

nidosi”, “Rahmat desinlar”, “Majnuntol”, “Karvonlar kelganda”, “Betamiz yigit” kabi ko‘plab
maqola va ocherklar bu ayolning yuksak iqtidoridan darak beradi. Sobiq tuzum davrida faoliyat
yuritgan ilg’or fikrli o’zbek xotin-qizlaridan yana biri – Matluba Muhammad xonimdir.
Cho‘lponning 17 yoshli shogirdi Matluba Muhammad xonimning “Mudom Chorning qo‘lida ko‘p
ezilgan millatim”, degan misralar bilan boshlanguvchi she'ri o‘sha davrda sho‘rolar mamlakatini
larzaga solgan ekan. Bu she'r Yevropa matbuotida qayta-qayta nashr etilgach, sho‘rolar iste'dodli


background image

ISSN:

2181-3906

2024

International scientific journal

«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»

VOLUME 3 / ISSUE 6 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ

1272

shoira tahsil olayotgan Moskvadagi O‘zbek maorif institutini yopgan deyishadi... Darhaqiqat, bir
shaxsiyatning isyonli ovozi butun bir mamlakatga zarba bergan.

Matluba xonimning “Kurtulush yo‘linda” nomli she’rini Sattor Jabbor nemis tiliga tarjima

qilgach, ushbu o‘tli misralar mashhur bo‘lib ketadi. “Sho‘rolar qanchalik bosim qilmasin,
adabiyotimiz Cho‘lponlarni yetishtirishda davom etmoqda, millatning orzu-maqsadlari shu fidoyi
qizning qalbidan otilib chiqmoqda”, deydi faxr bilan tarjimon. Matluba Muhammad
Marg‘ilonning mashhur jadid muallimi Nurmuhammad Dadamuhammedovning qizi bo’lib, o‘z
zamonasining iqtidorli yoshlaridan edi. Matluba 1926-yilgacha Qo‘qon bilim yurtida tahsil oladi.
1927- yil o‘qishini Toshkentdagi ayollar bilim yurtiga ko‘chirib, so‘ng opasi Mahbuba
Dadamuhammedovaning izidan borib Moskvadagi O‘zbek maorif institutiga o‘qishga kirdi. U
yerda mashhur shoir Cho‘lpon, Botu, Shokir Sulaymonlardan she'riyat sirlarini o‘rgandi.
Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon, Abdulhay Tojievlar suhbatidan bahramand bo‘ldi.

Matluba, ayniqsa, o‘zbek talabalarining ma'rifiy kechalarida Cho‘lponning vatanparvarlik

mavzusidagi otashin she'rlarini o‘qib, o‘zi ham shu mavzuda she'rlar yozib juda mashhur bo‘lib
ketgan. Uning bu shuhrati sho‘ro mamlakati chegaralaridan chiqib, Yevropa matbuotigacha borib
yetadi. Va bu “mashhurlik” tufayli Moskvada “Комсомолская правда” gazetasida unga qarshi
maxsus maqola chop etilgan va natijada u o‘qishdan haydalgan. Ko‘p o‘tmay Matluba ariza yozib,
o‘ziga qo‘yilgan ayblarning tuhmat ekanligini isbotlab, o‘qishiga tiklanadi. Bunga bir tomondan
O‘zbekiston hukumatining aralashuvi, ikkinchi tomondan, Matlubaning Italiya elchixonasiga
fuqarolik so‘rab murojaat etishi ham sabab bo‘lgan [6; 1].

Sovet hukumati O‘zbek maorif institutini yopib muammoga yechim topgan edi go‘yo.

Matlubaxon esa Toshkentga qaytmasdan Moskvadagi musiqa texnikumiga kirib o‘qishini davom
ettirgan. 1929-yil Leningrad arxitektura instituti talabasi Vosiq Muhammedov bilan tanishadi.
1933-yil Toshkentga kelgan Vosiq Muhammedov Matlubaga uylanadi. Vosiq Muhammedov
(1905- 1938) o‘z vaqtida Munavvarqorining “Namuna” maktabi iftixori, Fitratning “Chig‘atoy
gurungi” ishtirokchisi, “Ko‘mak” uyushmasining faollaridan edi. U o‘z zamonasining tengsiz
yigitlaridan bo‘lgan.

Vosiq Muhammedov va go‘zal Matlubaxon hayotlarining eng shirin damlariga ham Stalin

boshliq totalitar tuzum o‘zining jirkanch panjasini soldi. 1937-yil 17-dekabr kuni qamoqqa olingan
Vosiq Muhammedov 1938-yil 5-oktyabr kuni otib tashlangan. 1938-yil 17-yanvar kuni Toshkent
tibbiyot institutining 3-bosqich talabasi Matluba Muhammad ham qamoqqa olinadi. 19-yanvar
kuni ilk so‘roqda u turmush o‘rtog‘ining davlat va xalq oldida hech qanday aybi yo‘qligini bayon
qildi. 1938-yil 21-fevralda ikkinchi so‘roqda opasi Mahbuba va uning turmush o‘rtog‘i,
Germaniyada tahsil olib qaytgan kimyogar olim Sattor Jab borning ham aybsizligini ta'kidlagan.

Biroq qo‘yilgan birorta ayblovning isbotlanmaganiga qaramay, 1938-yil 17-may kuni

Toshkent viloyat sudi tomonidan Matluba Muhammedova 10 yilga qamoqqa hukm etildi. U nohaq
jazoni

sovuq

Sibirning

Usolskiy

lagerida o‘tadi. 1940-yil 26-fevralda Matluba

Muhammedovaning arizasi qayta ko‘rilib, u oqlanishga erishdi. Vatanga qaytgach, urush yillarida
Tibbiyot institutini tugatdi. 1937-yil arxitektura institutida talabalik yillarida qamalib ketgan ukasi
Fatxulla urushdan so‘ng Vorkutadagi qamoqxonadan og‘ir ahvolda qaytadi. Matluba ukasi uchun
Namanganga borib yashab, uni davolaydi. Faqat Stalin vafotidan so‘nggina ular Toshkentga qaytib
keladilar. Matluba Muhammad ko‘p yillar xalq salomatligi yo‘lida halol mehnat qilib, el-yurt


background image

ISSN:

2181-3906

2024

International scientific journal

«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»

VOLUME 3 / ISSUE 6 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ

1273

hurmatiga sazovor bo‘ldi. Bir paytlar Vatan ishqida, istiqlol orzusida otashin she'rlar bitgan
Matluba Muhammedova O‘zbekistonning mustaqillikka erishganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi.
Jiyanlarining xotirlashicha, millat hurligi, mamlakat mustaqilligi e'lon qilingan kunlarda cheksiz
quvonch yoshlarini to‘kkan ekan. Matluba Muhammedova 1998-yili Toshkent shahrida olamdan
o‘tgan.

Xorijda o‘qib kelgan qizlar nafaqat jadidlar falsafasiga, balki tashqi qiyofasiga ham ta’sir

ko‘rsatib, hatto yevropaliklarga o‘xshab kiyina boshlashgan. O‘sha davrda qadimchilar va
an'anaviy odatlarga yangilik kiritadiganlar o‘rtasida tortishuv va muhokamalar ko‘p bo‘lgan.
Tabiiyki, bu jarayonda qadimchilar ko‘pchilikni tashkil qilgan. Kiyinish masalasidagi e’tirozlar,
gazetaning bid’at ekani haqidagi targ‘ibotlar, teatrni taqiqlash, turmush tarzidagi yangicha yashash
imkonlarini rad etish, hatto sunnatda yo‘q deb taomni qoshiq bilan tanovul qilishga ham qarshi
fikrlar bildirishlar kun o‘tgani sayin jiddiy bahsu munozaralarga sabab bo‘lgani haqiqat...

Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring: jadidlarimiz Germaniyaga borganida ketmon chopib,

dehqonchilik qilayotgan xalq vakili sifatida u yerdagi texnik yangiliklardan hayratlanishi tabiiy
emasmidi? U paytlarda yorg‘uchoqda yoki suv tegirmonida un qilib yurgan, juvozlarda ishlab
yurgan xalqimizning bu vakillari Yevropadagi ulkan kemalarni, zavod va fabrikalarni, osmonda
uchayotgan uchoqlarni, poezdlarni ko‘rib juda katta hodisa sifatida qarashgan. Bu yangiliklarning
barchasi jadidlar dunyoqarashida inqilob yasaydi va bu ajabtovur voqeliklarni o‘z maqolalarida
yozib targ‘ib etgani tabiiy hol. O‘z yurtlarida ham shunday o‘zgarishlar bo‘lishini juda-juda
istashgan. O‘zlari faoliyat yuritayotgan har bir sohaga yangi nafas olib kirishga bel bog‘lashgan.
O‘z maqolalarini jahon matbuotida chop ettirishadi. O‘zlaridan oldin xorijga borib, taraqqiyot
shabadalaridan bahramand bo‘lgan Behbudiy va Ishoqxon to‘ra Ibrat kabilarning gaplari yolg‘on
emasligiga amin bo‘lishadi.

Jadidlar ruhiyatidagi o‘zgarish va yangilanishlar esa o‘z-o‘zidan o‘sha davr yoshlarida ham

rag‘bat uyg‘otadi. Yuksalish uchun albatta, ilm-fan taraqqiyoti, fikr rivoji zarurligini his qilgan
jadidlar qo‘rqmay harakat qila boshlagan. Jonlarini xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, Yevropaga
yaqinlashish tarafdori edi ular. Jadidlar o‘zlari faoliyat olib borgan sohalarda yangi loyihalarni
amalga oshira boshladilar. Jumladan, Xayriniso Majidxonovaning Germaniyadan qaytib keliboq
chekka qishloqlarda bolalar ko‘rigini tashkil qilishi, tibbiyot borasidagi yangi davolash usullari
ko‘plab shov-shuvlarga sabab bo‘lgan ekan. Birinchi huquqshunos ayol Dilorom Yusupova esa
o‘zbek huquqshunoslik maktabiga asos solgan ziyolilar safidagi birinchi o‘zbek ayoli edi.

1922-yilning kuzida Germaniyaga tahsil olish uchun Turkiston Respublikasi “Ko‘mak”

jamiyati tomonidan yo‘llangan 16 nafar talaba orasida Xayriniso Majidxonova alohida ajralib
turagan. Qizlar uchun oddiy maktabga qatnashning o‘zi jiddiy qarshilikka uchrab turgan bir vaqtda
ularning tahsil uchun uzoq xorijga yo‘l olishi ziyo lilar tomonidan ulkan jasorat sifatida
baholanadi. Hatto, yosh shoir Botu Xayrinisoning Germaniyaga ketayotgani munosabati bilan
“Ehtiyot bo‘l, go‘zal qush” degan she’r bitadi. Xayriniso dastlab Miroboddagi yangi maktabda
tahsil olib, rus va nemis tillarini o‘rgangan. Uning dunyoqarashi shakllanishida Turkiston jadid
matbuotining, shuningdek, bu vaqtda birinchi o‘zbek xotinqizlar bilim yurtida o‘qiyotgan opasi
Oyposhshaxonning ham ta'siri katta bo‘lgan.

1922-yili “Turkiston” gazetasida chop etilgan Xayriniso Majidxonovaning maqolasida

endigina 17 yoshni qarshilagan qizning Vatan istiqboli haqidagi orzu-istaklari o‘rin olgan.


background image

ISSN:

2181-3906

2024

International scientific journal

«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»

VOLUME 3 / ISSUE 6 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ

1274

XULOSA
Maqolani o‘qir ekansiz, eng avvalo, o‘tgan asrning boshida yashagan bir o‘zbek qizining

tafakkuri naqadar kengligi, Vatan taqdiri oldida o‘zini qanchalik daxldor sezishi ko‘pchilikni
hayratga solishi tabiiy. Muallif “Turkistonning dunyo savdo maydonida tutqon vaziyati XVII
asrdan beri tuban darajada qolib keldi... XX asrning boshida ham qo‘shnimiz bo‘lgan Eron xalqi
siyosiy fikrlar bilan sug‘orilib, o‘z elida sanoat turg‘izish va chetlarning ta'siridan qutulish yo‘lida
qon to‘kkan muddatda bizning Turkiston tinch uxlamoqda edi... Faqat Russiyadan temir yo‘l kelib,
savdo maydoni kengaydi... Bundan ochiq anglashiladirki, bizning moziyimizni porloq qilg‘on –
elimizdan o‘tgan karvon yo‘li bo‘lsa, istiqbolimizni porloq qilg‘uchi, elimizni jahon savdo
maydonig‘a tutoshdirg‘uvchi ulug‘ temir yo‘ldir. Ular bizning savdomizni kengaytur, bizga boyliq
va obodliq berur va o‘zimizga katta sanoat turg‘azishga imkon ochar”. Bu yerda o‘zbek ilm-fani,
el-yurt farovonligi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan bir necha ayol ziyolilarimiz haqida to‘xtaldik,
xolos. Ular aslida ko‘p, ancha ko‘p edi. Afsuski, sobiq tuzum qatag‘oniga uchragan jadid
bobolarimiz bilan yelkama-elka turib fidoyilik ko‘rsatgan bunday jadid ayollarimiz haqida hali
deyarli hech narsa bilmaymiz.

Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan milliy tariximizning muhim bir qismi

bo‘lgan jadidchilik harakati va uning namoyandalarini o‘rganishga, targ‘ib etishga alohida e'tibor
qaratilmoqda. Demak, yaqin yillarda bu boradagi barcha haqiqatlar oydinlashib, adolat qaror
topishiga ishonamiz.

REFERENCES

1.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023-yil 22- dekabr
kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi.

https://president.uz/uz/lists/view/6941

2.

Sattor Jabborning Ertoy nomi bilan “Turkiston” gazetasining 1924-yil 2- sentabr soni 2-3-
sahifa.

3.

Bahrom Irzayev “Qamoq, surgun, ruhiy va ma’naviy ta’qiblarda o‘tgan sahro qizi”. “Milliy
tiklanish” demokratik partiyasining ijtimoiy-siyosiy gazetasi, 9-son 2023- yil. Milliy
tiklanish gazetasi 12-13-sahifa.

4.

Yo‘ldoshev Q. (2013). O‘zgarishlar doimiyligi // Sharq yulduzi, №3.

5.

Irzayev Bahrom. “Xorijda o‘qigan o‘zbek jadid ayollarining “aybi” nima edi?”//

https://oyina.uz/uz/article/1468

6.

Irzayev Bahrom. “Josuslikda aybladilar. Bu tuhmat!” – Maryam Sultonmurodovaning
surgundagi maktublari”.

References

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023-yil 22- dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi. https://president.uz/uz/lists/view/6941

Sattor Jabborning Ertoy nomi bilan “Turkiston” gazetasining 1924-yil 2- sentabr soni 2-3-sahifa.

Bahrom Irzayev “Qamoq, surgun, ruhiy va ma’naviy ta’qiblarda o‘tgan sahro qizi”. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining ijtimoiy-siyosiy gazetasi, 9-son 2023- yil. Milliy tiklanish gazetasi 12-13-sahifa.

Yo‘ldoshev Q. (2013). O‘zgarishlar doimiyligi // Sharq yulduzi, №3.

Irzayev Bahrom. “Xorijda o‘qigan o‘zbek jadid ayollarining “aybi” nima edi?”// https://oyina.uz/uz/article/1468

Irzayev Bahrom. “Josuslikda aybladilar. Bu tuhmat!” – Maryam Sultonmurodovaning surgundagi maktublari”.