ISSN:
2181-3906
2024
International scientific journal
«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»
VOLUME 3 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
456
PROZADA AYOLLAR OBRAZI
(Jamila Ergasheva ijodi misolida)
Rushana Zaripova
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti
tayanch doktoranti.
https://doi.org/10.5281/zenodo.14211429
Proza asari obrazlilikdan boshlanadi. Chunki yozuvchi obrazlilik orqali asar pafosi,
qahramon psixologiyasi, xarakteri, kayfiyati qanaqaligini, eng muhimi, o‘z uslubini belgilaydi.
Bu barcha yozuvchilarning asarlarida kuzatilmaydi, lekin iste’dodli adiblarning asarlarini
o‘qiganimizda buni yaqqol sezamiz. Iste’dodli yozuvchi asardagi holatni, qahramonning
kayfiyatini bevosita kitobxonga ham ko‘chiradi, ya’ni kitobxonni ham o‘z asari ritmikasi orqali
asardagi holat va qahramonning kayfiyatiga tushiradi.
Pushkin: “Proza fikrni va yana fikrni talab qiladi”, - deb aytgandi. Albatta, fikr so‘z orqali
ifodalanadi. Agar so‘z o‘z ichki qonuniyati asosida yozilmasa, har qanaqa o‘tkir fikr ham ta’sirsiz
va nursiz bo‘lib qoladi. Jamila Ergashevaning iqtidori shundaki, adiba o‘z fikrlarini nihoyatda aniq
ifodalab qolmasdan, so‘zlar va jumlalarning ohangdosh tuzilishiga e’tibor bergan. Bu esa fikrni
kuchaytirib, aniq bir nuqtaga urishga olib kelgan. Ijodkor har bir so‘zga ma’no yuklashga harakat
qilgan va mazkur so‘zning aniq bir holat kasb qilishiga, “zarbdorligiga” e’tibor bergan.
Adibaning «Tanazzul» qissasida hayot so‘qmoqlarida qoqilgan, munosib yo‘lini
yo‘qotgan kishi sifatida Ziyodullo obrazi tasvirlanadi. Ushbu hikoyada ham ota-bola
munosabatidagi nozik jihatlar, otaning farzandalar tarbiyasidagi takror-lanmas o‘rnini kuzatish
mumkin. Ziyodullo qishloqda tug‘ilgan. Otasi aroqxo‘r nomi bilan qoralanib, oxiri shu
ichkilikbozlik qurboni bo‘lganiga qaramay, Ziyodullo ziyoli bo‘lish uchun oliygohlarda o‘qiydi.
Shu tariqa shaharlik bo‘lib qoladi. Lekin, bir kursdosh qizni sevib qoladi-yu, hayoti butkul o‘zgarib
ketadi. Qiz boshqaga turmushga chiqib ketgach, «Qazisan, qartasan, o‘z naslingga tortasan»,-
deganlaridek Ziyodullo aroqqa mukkasidan ketadi. Yillar o‘tgani sari, yaqin qarindoshlari ham
undan yuz o‘giradi. O‘zi esa duch kelgan joyda yotib-turib kun ko‘rib yuradi. Orada Nazira ismli
savdogar ayolga qo‘shilib tijorat bilan shug‘ullanadi. O‘zini o‘nglab oladi. Hatto Gavhar ismli
juvonga uylanadi. Ichkilikni tashlaydi. Lekin, Naziraning fitnasi sababli yana aroqqa ruju qo‘yadi.
Va mast holda o‘zining o‘gay qizi (ya’ni Gavharning birinchi turmushidan bo‘lgan qizi)
Zeboni zo‘rlamoqchi bo‘lganida ustiga kelib qolgan Gavhar u bilan orani ochiq qilib, qizini olib
chiqib ketadi. Shundan so‘ng Ziyodullo o‘zini o‘nglay olmaydi. Va oxir oqibat xorlikda, butun
a’zoyi-badani qurtlab vafot etadi.
Jamila Ergasheva ushbu qissasi misolida hayot yo‘lini to‘g‘ri tanlay olmagan, o‘z
imkoniyatlaridan to‘laligicha foydalanishni bilmaydigan kishilar qiyofasini Ziyodullo obrazi
orqali ochib beradi.
E’tiborlisi, Jamila Ergasheva ijodida ayollar obrazi birinchi o‘rinda turadi. «Tanazzul»
qissasida ham asosiy obraz Ziyodullo bo‘lishiga qaramay, uning atrofidagi voqealar oqimida
ayollar faol ishtirok etadi. Quyida ularni birma-bir keltirib o‘tamiz.
Sarvar xola ukasiga kuyuvchi opa. Doim ukasining shum taqdiridan eziladi. Unga
yaxshiliklar qilishga, imkoni bo‘lsa uni barcha muammolaridan ozod qilgisi keladi.
ISSN:
2181-3906
2024
International scientific journal
«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»
VOLUME 3 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
457
«-…O‘-o‘, sho‘rpeshona og‘am-a! o‘zi kelgan yo‘l bo‘lsa ekan, o‘zi ketaversa!... u
bechora kasal-da, nima qilsin? Shu aroq o‘lgurni hech kim Ziyodullochalik yomon ko‘rmasa
kerak. Ichmayman deb ham ko‘rdi. Qancha vaqt ichmay ham yurdi. Yana nima balo bo‘ldi-yu! U
kasal-da! Shusiz turolmaydi. O, onaginam-a, go‘rida tippa-tik turgandir. Bolasi-da, Ziyodullo
desa jonini berar edi. Men bir ojizaning qo‘lidan yordam berish kelmasa!.. »
1
-deb nola qiladi.
Tug‘ilib o‘sgan qishlog‘idan, yaqinlaridan ancha uzoqlashib ketgan hikoya qahramoni
Ziyodulloning ruhiyati, ichki kechinmalari orqali hikoya g‘oyasi oydinlashadi. Ikkinchi bor
ko‘ngil qo‘ygani Gavharga ko‘nglidagilarni borini to‘kib solgan paytdagi suhbati uni olis
o‘tmishiga yetaklaydi. Inson zoti tug‘ilgan makonidan, qon-qarindoshlaridan qanchalik olisda
yashamasin, baribir, ulardan butunlay ko‘ngil uzib ketolmaydi. Qalbidagi mehr rishtalari o‘ziga
qadrli bo‘lgan narsadan uzoqlashib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Odatda Jamila Ergasheva asarlarida ko‘p ham keskin dramatik vaziyatlar qalamga
olinavermaydi. Ko‘pincha qahramonlar hayotidagi fojiali va qaltis holatlar ularning ichki iztirob
va kechinmalari tarzida aks ettiriladi. «Jodu» hikoyasi kuchli dramatizmi, keskin konflikti,
kutilmagan yechimi bilan ajralib turadi. Bu hikoyada ham muallifning asosiy e’tibori
qahramonning ruhiy olamini ochishga, uning botinida ro‘y berayotgan tug‘yonlarni kuzatishga
qaratilgan. Insonning xudbinligi, goho vaziyatga to‘g‘ri baho berolmasligi, havoyi mayllardan
ustun bo‘lolmasligi «Jodu» hikoyasining asos-mohiyatini tashkil etadi. Hikoyada shaxsning
nosog‘lom muhit ta’sirida tubanlashuvi, jaholat oqibatlari o‘ziga xos tarzda ochib berilgan. Bu
adibning chinakam ijodiy izlanishlari samarasi.
Jamila Ergasheva asarlarida ko‘pincha oddiylik, tabiiylik, hayotga muhabbat, go‘zal xayol
motivlari yetakchilik qiladi. Shu sababli uning ayrim qissa va hikoyalarining qahramonlari sodda
odamlar.
Muallifning biron-bir hikoyasi milliylik alomatlaridan holi emas. U xalqimizga xos
bo‘lgan xususiyatlarni, urf-odat va an’analarni asarlariga mohirlik bilan singdirib yuboradi.
Milliy an’analar bilan uzviy bog‘liqlik, sharqona hikmat, purma’no iboralar yozuvchi
asariga alohida ruh bag‘ishlaydi. Adibaning «Qir ustidagi ayol», «Shom shafag‘i jilvalari»
qissalarida xuddi shunday muhitni, samimiy insonlar, ularning taqdiri, o‘zaro munosabatlari orqali
ifodalangan milliylikka daxldor masalalar, ma’naviy-axloqiy muammolar talqinini kuzatish
mumkin. Biz ba’zan tan olgimiz kelmaydigan oddiy haqiqatlarni badiiylik bilan ifodalash adibning
o‘ziga xos izlanishlariga yo‘l ochadi.
Umuman olganda, adibning qissa va hikoyalarida asosan bir voqea, bir muammo tasvir
obyekti qilib olinib, ko‘pincha badiiy xulosa o‘quvchi mushohadasiga havola etilsa, keyingi
asarlarida uning falsafiy mohiyatini chuqurlashtirishga ahamiyat qaratiladi, muayyan
muammolarning kelib chiqish sababi va oqibatlari haqida ham atroflicha mulohaza yuritiladi.
Jamila Ergasheva ijodi, xususan, u yaratgan qissa va hikoyalar mustaqillik yillaridagi
milliy adabiyotimiz, Surxon adabiyoti rivojiga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shildi. U tajribalar,
izlanishlar yo‘lidan borib qissa va hikoya janrining yangi imkoniyatlarini ko‘rsata oladigan asarlar
yaratdi.
1
Эргашева Ж. “Аёл жодуси” Қисса ва ҳикоялар. Т.: “Ўзбекистон ёзувчилари уюшмаси Адабиёт жамғармаси”
2005-й Б- 134-135.
ISSN:
2181-3906
2024
International scientific journal
«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»
VOLUME 3 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
458
Ammo shuni ham aytib o‘tish lozim, Jamila Ergashevaning hamma hikoyalari birdek
mukammal, yetuk, kamchiliklardan xoli emas. Ayollar taqdiri va kechinmalari Jamila Ergasheva
ijodining asosini tashkil etadi.
Jamila Ergasheva ijodiy izlanishlarining rang-barang hayotiy materiallar asosida ro‘yobga
chiqqanligi diqqatga sazovor deyish mumkin. Chunki, Yozuvchi hayotiy voqealarni tasvirlar,
xarakterlar yaratar ekan, u o‘z fantaziyasining bandasi bo‘lib qola olmaydi. Yozuvchi istagidan
ustun turadigan qalamining yo‘nalishini belgilab beradigan ma’lum kuchlar borki, san’atkor ular
bilan hisoblashmasdan iloji yo‘q. Shulardan biri hayot mantiqidir.
Badiiy ijod qaysi janri bo‘lmasin faqat salmoqdor fikr, mustaqil qarashni taqozo etadi.
Ijodkor o‘zini ruhan erkin his etgan taqdirdagina chinakam asar maydonga keladi.
Xulosa qilib aytganda, Jamila Ergasheva hikoyalarining salmog‘i anchagina.
Hikoyalarida hayotda uchratishimiz mumkin bo‘lgan har qanday ayol obrazi bor.
Muallifning o‘zi ayol bo‘lganligi uchun ham ayollar xarakterini to‘qimay, hayotdan
boricha olgani holda kitobxonning ko‘z o‘ngida gavdalantira olgan, syujetga ishontira olgan.
Hikoyalarida turli xil mavzular qalamga olingan: vafo, mehr, sog‘inch, yolg‘izlik, gunoh,
o‘lim, ko‘rinmass rishtalar, faqat ayollargagina xos bo‘lgan tuyg‘ular va h.k.
Yozuvchi hech kim e’tibor bermaydigan, hayotning mayda, “ikir-chikiri” deb qaraladigan
mavzular ham insonning baxtli yashashi uchun muhim ekanligini ko‘rsata olgan.
REFERENCES
1.
Adabiyot nazariyasi. 2 jildlik. Adabiy asar. 1-jild. – Toshkent: Fan, 1978.
2.
Расулов А. Бадиийлик – безавол янгилик: Илмий-адабий мақолалар, талқинлар,
этюдлар. – Т.: “Шарқ”, 2007.
3.
Умуров Ҳ. Адабиёт назарияси. – Т.: “Шарқ”, 2004.
4.
Эргашева Ж. “Аёл жодуси” Қисса ва ҳикоялар. Т.: “Ўзбекистон ёзувчилари уюшмаси
Адабиёт жамғармаси” 2005-й.
5.
Эргашева Ж. “Дард”//“Шарқ юлдузи” журнали, 2016–5-сон.
6.
Эргашева Ж. Қир устидаги аёл. Роман. Т.: “Ўзбекистон” 2018-й.
7.
Эргашева Ж. Ўлим (ҳикоя) . Ўзбек насри онлайн антологияси //Ziyouz.uz 18.04.2012
ISSN:
2181-3906
2024
International scientific journal
«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»
VOLUME 3 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
459
