ISSN:
2181-3906
2024
International scientific journal
«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»
VOLUME 3 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
591
INSON HUQUQLARINI HIMOYA QILISHNING MILLIY VA XALQARO
MEXANIZMI
Subanov Olimjon Suyarkul o‘g‘li
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish Instituti,
Yuridik fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi.
https://doi.org/10.5281/zenodo.14251653
Annotatsiya.
Mazkur maqolada inson huquqlarini himoya qilishning milliy va xalqaro
mexanizmi masalalari yoritilgan.
Kalit so‘zlar:
Bosh Assambleya, BMT, EKOSOS, ommaviy axborotlashuv, inson huquqlari,
inson huquqlari bo‘yicha kengash.
NATIONAL AND INTERNATIONAL MECHANISM OF HUMAN RIGHTS
PROTECTION
Abstract.
This article covers issues of the national and international mechanisms for the
protection of human rights.
Key words:
General Assembly, UN, ECOSOC, mass communication, human rights, human
rights council.
НАЦИОНАЛЬНЫЙ И МЕЖДУНАРОДНЫЙ МЕХАНИЗМ ЗАЩИТЫ ПРАВ
ЧЕЛОВЕКА
Аннотация
В данной статье рассматриваются вопросы национальных и
международных механизмов защиты прав человека.
Ключевые слова:
Генеральная Ассамблея, ООН, ЭКОСОС, массовая коммуникация,
права человека, совет по правам человека.
Inson huquqlarini himoya qilishning universal mexanizmi. Xalqaro universal tashkilot
sifatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) doirasida inson huquqlarini himoya qilishning
universal xalqaro mexanizm mavjud bo‘lib, u ko‘p tarmoqlangan tuzilmadan iborat. BMTning
asosiy organlari ham, yordamchi organlari ham u yoki bu darajada inson huquqlarini himoya
etishga taalluqli masalalar bilan shug‘ullanadilar. BMT
Bosh Assambleyasi
inson huquqlari
sohasida rezolyusiyalar qabul qilish orqali a’zo-davlatlar e’tiborini inson huquqlari borasidagi
muammolarga qaratadi va bu borada hamkorlik qilishga da’vat etadi.
Bosh Assambleyaning asosiy vazifalaridan biri inson huquqlari va asosiy erkinliklarini irqi,
jinsi, tili va dinini ajratmagan holda amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida inson huquqlari
masalalarini o‘rganish va tadqiq etish ishlarini uyushtirish hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan
iborat. Bosh Assambleya inson huquqlari bo‘yicha konvensiyalar, deklaratsiyalar va turli
rezolyusiyalar qabul qiladi va BMT organlarining hisobotlarini qabul qiladi va ko‘rib chiqadi.
Iqtisodiy va ijtimoiy kengash (EKOSOS)
inson huquqlari va asosiy erkinliklariga rioya
etishni va hurmat qilishni ta’minlab beradi.
Iqtisodiy va ijtimoiy kengash inson huquqlari va asosiy erkinliklari hurmat qilinishi hamda
ularga rioya etilishini rag‘batlantirish maqsadida tavsiyalar berishi va yordamchi organlar –
qo‘mitalar va komissiyalar tuzishi mumkin.
ISSN:
2181-3906
2024
International scientific journal
«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»
VOLUME 3 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
592
Inson huquqlari bo‘yicha kengash
2006-yil 5-mart kuni BMT Bosh Assambleyasining
60/251 rezolyusiyasi bilan tashkil etilgan bo‘lib, inson huquqlarini qo‘pol tarzda va muntazam
ravishda buzish hollari bilan bog‘liq voqealar va amaliyotni muhokama etib boradi.
Mazkur rezolyusiya asosida Kengash har bir davlatning inson huquqlari sohasidagi
majburiyatlarini bajarilishining Universal davriy tahlilini amalga oshiradi va shu orqali universal
miqyosda va barcha davlatlarga bir xil munosabatni ta’minlaydi. Ya’ni, barcha davlatlar Universal
davriy tahlil doirasida inson huquqlarining barcha sohalari bo‘yicha Milliy ma’ruzalarini har 4
yilda Kengashga taqdim etib borishadi.
Kengash biror-bir farqlarsiz va adolatli hamda tenglik asosida barcha uchun inson
huquqlari va asosiy erkinliklarini umumhurmat qilish va himoya qilish ishiga ko‘maklashishi,
inson huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq holatlarni ko‘rib chiqishi hamda ular bo‘yicha o‘zining
tavsiyalarini ishlab chiqishi kerak.
Kengash doirasida, dunyoning har qanday hududida va har qanday holatda bo‘lishidan qat’i
nazar, sodir etilgan va tizimli hamda ishonchli ravishda tasdiqlangan inson huquqlari va asosiy
erkinliklarining barcha qo‘pol buzilishi holatlarini ko‘rib chiqish maqsadida shikoyatlarni ko‘rib
chiqish tartiboti o‘rnatildi. BMTning inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachilari.
Maxsus ma’ruzachi — inson huquqlari bo‘yicha muayyan mamlakatdagi vaziyat yoki aniq
bir mavzuni o‘rganish va bu haqda ma’ruzalar taqdim etish uchun BMT Inson huquqlari bo‘yicha
kengashi tomonidan tayinlanadigan mustaqil ekspertdir. Bugungi kunda BMT tizimida inson
huquqlarining turli sohalariga ixtisoslashgan 44 nafar maxsus ma’ruzachi mavjud.
Xotin-qizlarning ahvoli bo‘yicha komissiya xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy, fuqaroviy,
ijtimoiy sohalar va ta’lim sohasidagi huquqlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida Iqtisodiy va ijtimoiy
kengashga tavsiyalar va ma’ruzalar tayyorlash, shuningdek, erkaklar bilan xotin-qizlarning teng
huquqliligi tamoyilini amalga oshirish maqsadida xotin-qizlar huquqlari sohasidagi eng muhim
muammolar bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilish to‘g‘risida tavsiyalar va takliflar tayyorlash
vazifalari kiradi.
«BMT – ayollar» – bu gender tengligi va xotin-qizlarning huquqlari hamda iqtisodiy
imkoniyatlarini kengaytirish borasida faoliyat olib boruvchi BMTning tuzilmasidir. Xotin-
qizlarning huquqlarini himoya qiluvchi «BMT-ayollar» tuzilmasi butun jahonda ularning
muhtojliklari va ehtiyojlarini qondirish maqsadida tashkil etilgan. Mazkur tuzilma BMTning a’zo-
davlatlariga, ularning gender tengligiga jahon standartlari darajasida erishishiga yordam beradi
hamda xotin-qizlar huquqlariga oid qonunlarni, siyosat strategiyalarini, dasturlarni ishlab
chiqishda mamlakatlarning hukumatlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda ishlaydi.
Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar BMTning inson huquqlari sohasidagi faoliyati
uchun asosiy mas’uliyat yukini Bosh kotibning rahbarligi va rahnamoligi ostida olib boradi. Oliy
komissar o‘z vazifasini bajarar ekan, Bosh Assambleya, Iqtisodiy va ijtimoiy kengash hamda Inson
huquqlari bo‘yicha kengashning umumiy vakolatlari, vazifalari doirasida va qarorlari asosida ish
olib boradi. Oliy komissar inson huquqlari sohasidagi har qanday muammoni ko‘rib chiqish va
inson huquqlarini buzish hollarining oldini olishga qaratilgan dunyo miqyosidagi faoliyatda faol
ishtirok etadi.
ISSN:
2181-3906
2024
International scientific journal
«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»
VOLUME 3 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
593
BMTning Bolalar fondi (YUNISEF) o‘z faoliyatida bolalarni himoya qilish va kamol
toptirish to‘g‘risidagi umumjahon deklaratsiyasini amalga oshirishga qaratilgan harakatlar rejasiga
amal qiladi.
BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) madaniy
hayotda ishtirok etish huquqini tatbiq etishga qaratilgan faoliyat o‘tkazadi. YUNESKO o‘z
faoliyatining asosiy yo‘nalishi hisoblanmish ta’lim sohasida savodsizlikka qarshi kurash
dasturlarini izchil amalga oshirib kelmoqda.
Xalqaro mehnat tashkiloti mehnat va hayot sharoitini yaxshilash, ish bilan ta’minlash
sohasidagi imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha xalqaro chora-tadbirlar va dasturlarni ishlab
chiqadi. Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiya va tavsiyalari, o‘z navbatida, a’zo-davlatlarga
mo‘ljallangan, ya’ni ular XMTning milliy qonunchilikka tegishli normalarini kiritish lozimligi
to‘g‘risidagi xohishni aks ettiradi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti insonning sog‘liqqa bo‘lgan huquqining targ‘ib etilishi
va himoya qilinishidagi asosiy ixtisoslashgan tashkilot bo‘lib hisoblanadi.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha institutsional tizimida inson huquqlari bo‘yicha
konvensiyaviy (shartnomaviy) organlar inson huquqlari bo‘yicha alohida shartnomalar asosida
tuzilgan va muayyan shartnoma qoidalarini, unga a’zo bo‘lgan davlatlar tomonidan qanday bajarib
borilayotganligini nazorat qilib boradi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi quyidagi qo‘mitalar
bilan o‘z majburiyatlarini bajarishi yuzasidan hamkorlik olib boradi:
Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mita - Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt
bo‘yicha;
Iqtisodiy, ijtimoy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mita - Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy
huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt bo‘yicha;
Irqiy kamsitishlarni tugatish bo‘yicha qo‘mita - Irqiy kamsitishning barcha shakllariga
barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya bo‘yicha;
Qiynoqlarga qarshi qo‘mita - Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz,
insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiya bo‘yicha;
Xotin-qizlarni kamsitishlarga barham berish bo‘yicha qo‘mita - Xotin-qizlarni
kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya bo‘yicha;
Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mita - Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bo‘yicha.
Qo‘mitalarning asosiy vazifasi pakt va konvensiyalar bajarilishi yuzasidan a’zo-
davlatlarning qonunchilik, sud, ma’muriy yoki boshqa choralar to‘g‘risidagi ma’ruzalarini ko‘rib
chiqishdir. Barcha a’zo-davlatlar qo‘mitalarga huquqlar qay darajada ta’minlanayotgani
to‘g‘risida milliy ma’ruzalarni taqdim etishi shart.
Inson huquqlarini himoya qilishning mintaqaviy mexanizmi
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) xavfsizlikni ta’minlash masalalari
bilan bir qatorda, inson huquqlarini himoya qilish borasida ham muhim ishlarni amalga
oshirmoqda. U BMT tomonidan inson huquqlari va ularni himoya qilishga doir barcha hujjatlarni
e’tirof etish hamda ularda belgilangan tamoyillarni amalga oshirishga intilmoqda. Uning BMT
bilan bu boradagi hamkorligi inson huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan
ishlar ko‘lamining oshib borishiga yordam bermoqda.
ISSN:
2181-3906
2024
International scientific journal
«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»
VOLUME 3 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
594
YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi saylovlarda
kuzatuvchilik vazifasini bajaradi va milliy saylov organlarining vujudga kelishida ko‘maklashadi,
inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning rivojlanishiga ko‘maklashadi va texnikaviy yordam
beradi, turli mamlakatlarda nodavlat tashkilotlarining tashkil etilishi va fuqarolik jamiyatining
shakllanishiga yordam beradi.
Nizolarning oldini olish va tugatilishida YEXHTning kam sonli millatlar bo‘yicha Oliy
Komissari institutining ham roli katta. Oliy komissar nizolarning iloji boricha barvakt tahlil
qilinishi va bartaraf etilishi choralarini ko‘radi. Konsultatsiyalar o‘tkazish va tavsiyalar berish yo‘li
bilan nizodagi tomonlarni to‘qnashuvlarga bormaslikka chaqiradi.
YeXHT Parlament Assambleyasining har yili o‘tkaziladigan sessiyalarida tashkilot
faoliyatiga tegishli masalalar muhokama etiladi, mintaqada xavfsizlik va hamkorlikni kuchaytirish
borasida deklaratsiya, tavsiya va takliflar tayyorlanadi.
Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) dunyoda musulmonlar istiqomat qiluvchi davlatlarning
eng yirik xalqaro tashkiloti hisoblanadi. Tashkilotning inson huquqlariga ixtissoslashgan organi
sifatida Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi 2011-yil tashkil etilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi IHTga a’zo davlatlarning xotin-
qizlar, yoshlar va ehtiyojmand kishilarning huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan
qonunchilikni takomillashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu borada
iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va madaniy-ma’rifiy sohalardagi huquqlarni ta’minlash, barcha
shakldagi zo‘ravonlik va kamsitishlarga barham berish masalalariga alohida e’tibor qaratadi.
Inson huquqlarini himoya qilishning milliy mexanizmi
Mustaqillik yillarida mamlakatda inson huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi
davlat tashkilotlari tizimi shakllandi. Bu tizimda an’anaviy sudlov va huquqni muhofaza qilish
organlaridan iborat bo‘lgan sudlov organlari bilan bir qatorda, inson huquqlari bo‘yicha milliy
institutlar va nodavlat tashkilotlaridan iborat bo‘lgan inson huquqlari bo‘yicha nosudlov organlari
ham shakllandi.
Inson huquqlarini O‘zbekiston Respublikasining sud organlari orqali himoya qilish inson
huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmining tarkibiy va hal qiluvchi qismidir. Chunki,
sud buzilgan inson huquqlari va erkinliklarini tiklash tizimida eng muhim vosita hisoblanadi. Har
bir shaxsning huquq va erkinliklarini sud tomonidan muhofaza etilishi, davlat organlari,
mansabdor shaxslar va jamoat birlashmalarining noqonuniy harakatlaridan sudga shikoyat qilish
huquqi kafolatlanadi. O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro
etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan va boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda
ish yuritishi e’lon qilindi.
Mamlakatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimi davlat hokimiyatining an’naviy
tizimi sifatida inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi ishtiroki beqiyos hisoblanadi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining prokuratura organlari huquqni muhofaza
qiluvchi, shu jumladan, inson huquqlarini himoya qilish tizimida muhim va asosiy o‘rinlardan
birini egallaydi. Qonuniylik va huquqiy tartibotga rioya etish ustidan nazorat qiladigan davlat
organi bo‘lgan prokuratura nafaqat davlat hokimiyatini mustahkamlash vazifasini, balki inson va
fuqaroning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha muhim ijtimoiy
vazifani ham bajaradi.
ISSN:
2181-3906
2024
International scientific journal
«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»
VOLUME 3 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
595
Aynan fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini davlat organlari mansabdor
shaxslarining noqonuniy harakatlari yoki harakatsizligidan himoya qilish O‘zbekistonda huquqiy
davlat barpo etish jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasining ichki ishlar organlari huquqni muhofaza qilish idoralari
tizimiga kiradi. Ichki ishlar idoralarining asosiy vazifalariga konstitutsiyaviy tuzumni himoya
qilish, jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash, fuqarolarning hamda korxona, muassasa va
tashkilotlarning mulkini, huquq va erkinliklarini har xil jinoiy tajovuzlardan va boshqa
huquqbuzarliklardan himoya qilish, jinoyatchilikning oldini olish va sodir etilgan jinoyatlarning
qisqa fursatda to‘liq ochilishini ta’minlash, jinoyatni sodir etish sabablarini aniqlab, ularni bartaraf
etish, sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish, pasport tizimi faoliyatini ta’minlash (fuqarolarga
pasport berilishini, ularning ro‘yxatdan o‘tishi va chiqishini, vizalarini rasmiylashtirish), yo‘l
harakati xavfsizligini ta’minlash, ma’muriy javobgarlik va jinoiy jazolarni bajarilishini ta’minlash,
voyaga yetmaganlar bilan ishlash, fuqarolar tomonidan o‘q otar qurollarni sotib olish, saqlash va
olib yurish tartibini nazorat qilish va rasmiylashtirish kabi ko‘plab vazifalar kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining adliya organlari inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash
tizimida muhim ahamiyat kasb etib, an’anaviy tarzda huquqni qo‘llovchi va huquqni muhofaza
qiluvchi organlar sirasiga kiradi. Adliya vazirligi tomonidan ijtimoiy-siyosiy hayotni, davlat
tuzilishini, shu jumladan, sud-huquq sohasini erkinlashtirish, insonning huquq va erkinliklarini
himoya qilishni ta’minlashga yo‘naltirilgan qonunlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadga
yo‘naltirilgan ishlar amalga oshirilmoqda. Vazirlikning bevosita ishtirokida inson huquqlarini,
tadbirkorlar va xususiy mulk egalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali
mexanizmlari yaratildi, huquqni qo‘llash amaliyotini doimiy tahlil etib borish va monitoring qilish
hamda amaldagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha asosli takliflar ishlab chiqish tizimi joriy
qilindi.
Inson huquqlarini himoya qilishda advokatura institutining roli katta hisoblanadi.
Advokatura instituti vakolatlarining kengayib, faoliyatining rivojlanib borishi inson
manfaatlari, huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning nosudlov mexanizmi yanada
takomillashib borayotganidan va kuchli fuqarolik jamiyatining poydevori mustahkamlanib
borayotganidan darak beradi.
Mamlakatdagi inson huquqlarini ta’minlash tizimida O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonalari davlat organlari bilan aholi o‘rtasida
ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish orqali davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan
fuqarolarlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish orqali ularning huquq va erkinliklarini ta’minlashda
o‘ziga xos samarali mexanizmga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining qabulxonalari tadbirkorlarning huquqlarini
himoya qilishda muhim rol o‘ynamoqda. Tadbirkorlik sub’ektlarining, shu jumladan, xorijiy
investorlarning qonuniy huquqlari va manfaatlariga rioya qilinishini ta’minlash maqsadida tashkil
etilgan mazkur qabulxonalar, tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammoli
masalalarni ko‘rib chiqish va mavjud byurokratik, shu jumladan, yer uchastkalari va binolar, bank
kreditlari ajratish, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish va boshqa masalalardagi to‘siqlarni bartaraf
etishda muhim rol o‘ynamoqda.
ISSN:
2181-3906
2024
International scientific journal
«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»
VOLUME 3 / ISSUE 11 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
596
Inson huquqlarini himoya qilishning milliy mexanizmi tizimida inson huquqlari bo‘yicha
milliy institutlar alohida o‘rin egallaydi. Milliy institutlar tizimi tarkibiga O‘zbekiston
Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Prezident huzuridagi
tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes-ombudsmen), Inson huquqlari
bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi institutlari kiradi.
Inson huquqlari bo‘yicha nosudlov organlar tizimida yana bir asosiy o‘rinni egallab turgan
fuqarolik jamiyatining muhim institutlaridan biri bo‘lmish nodavlat notijorat tashkilotlari katta rol
o‘ynaydi.
Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda fuqarolik jamiyati institutlaridan biri
sifatida ommaviy axborot vositalarining o‘rni va roli ham keyingi paytlarda, alohida ahamiyat kasb
etmoqda.
REFERENCES
1. Ushbu maqola shxsiy fikrlar asosida yozilgan. Subanov Olimjon Suyarkul o‘g‘li 2024.
