“OYDINDA YURGAN ODAMLAR” ASARIDA QO‘LLANGAN ETNOGRAFIK BIRLIKLAR

Annotasiya

mazkur maqola Tog‘ay Murodning “”Oydinda yurgan odamlar“ asarida qo‘llangan o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan etnografik va frazeologik birliklar hamda ularning xususiyatlari misollar asosida tahlil qilingan. Xususan, to‘y, mavsum-marosim odatlari va asarning badiiy tili etnografik, frazeologik jihatdan yondashilib baholangan.

Manba turi: Konferentsiyalar
Yildan beri qamrab olingan yillar 2022
inLibrary
Google Scholar
Chiqarish:
79-85
7

Кўчирилди

Кўчирилганлиги хақида маълумот йук.
Ulashish
Mamaziyoyeva , O. . (2025). “OYDINDA YURGAN ODAMLAR” ASARIDA QO‘LLANGAN ETNOGRAFIK BIRLIKLAR. Общественные науки в современном мире: теоретические и практические исследования, 4(14), 79–85. Retrieved from https://inlibrary.uz/index.php/zdif/article/view/106296
Crossref
Сrossref
Scopus
Scopus

Annotasiya

mazkur maqola Tog‘ay Murodning “”Oydinda yurgan odamlar“ asarida qo‘llangan o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan etnografik va frazeologik birliklar hamda ularning xususiyatlari misollar asosida tahlil qilingan. Xususan, to‘y, mavsum-marosim odatlari va asarning badiiy tili etnografik, frazeologik jihatdan yondashilib baholangan.


background image

79

“OYDINDA YURGAN ODAMLAR” ASARIDA QO‘LLANGAN ETNOGRAFIK

BIRLIKLAR

Mamaziyoyeva Ozoda Botirali qizi

University of Business and Science

Til va adabiyot ta’limi kafedrasi o o‘qituvchisi

e-mail: omamaziyoyeva@gmail.com

Tel: +998 77 302 15 16

https://doi.org/10.5281/zenodo.15640749

Annotatsiya:

mazkur maqola Tog‘ay Murodning “”Oydinda yurgan odamlar“ asarida

qo‘llangan o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan etnografik va frazeologik birliklar hamda ularning
xususiyatlari misollar asosida tahlil qilingan. Xususan, to‘y, mavsum-marosim odatlari va
asarning badiiy tili etnografik, frazeologik jihatdan yondashilib baholangan.

Kalit so‘zlar:

badiiy asar tili, muallif tili, hikoyachi tili, qahramon tili, etnografik birlik,

frazeologik birlik, Tog‘ay Murod, obraz, syujet, kompozitsiya, badiiy unsur.


Adabiyot – millat ko‘zgusi.” Darhaqiqat, adabiyot mohiyatan umuminsoniyat

masalalariga dahldor bo‘lsa-da, biroq u har qanday holatda milliy shaklda namoyon bo‘ladi.
Adabiyotning xoh nasrida, xoh nazmida bo‘lsin va xoh xalq og‘zaki ijod namunalarida bo‘lsin
shu xalqning urf-odatlari, an’analari, ming yillar davomida shakllanib, avlodlar hayotida chuqur
tomir otib borayotgan qadriyatlarni asosiy mezoni va mavzusiga aylantirib olgan bo‘ladi,
shuning uchun ham ularda milliy ruh bo‘y-basti bilan aks etadi.

Milliy adabiyotimizning XX asr oxirgi choragi rivojida Tog‘ay Murodning munosib o‘rni

bor. U salkam o‘ttiz yillik ijodiy faoliyati davomida bir necha hikoya, to‘rt qissa, ikki roman
yaratdi, jahon adabiyotidan tarjimalar qildi, adabiy-tanqidiy maqolalar yozdi. Yozuvchi
qoldirgan adabiy meros miqdor jihatdan u qadar ko‘p emas. Ammo uning qissa va romanlari
o‘ziga xos badiiyati, tili va ifoda tarzi, hech qaysi adibnikiga o‘xshamaydigan murakkab
personajlari bilan davr adabiyotida yorqin iz qoldira olgan. Tog‘ay Murod o‘z asarlaridagi milliy
ruhning bir-biridan betakror ifodasi bilan o‘zbek adabiyoti ravnaqiga katta hissa qo‘shish bilan
bir qatorda o‘zbekni o‘ziga tanitdi, o‘zligini anglatdi, qaysidir ma’noda dunyo xalqlari orasida
munosib o‘ringa olib chiqdi. Yozuvchi ijodida Alpomish-u Barchinlar, Layli-yu Majnunlar
yangicha talqin va ma’no kasb etdi, xalqimizga xos kamtarlik, mehnatsevarlik, tantilik, soddalik,
oilaparvarlik, vatanparvarlik kabi fazilatlar Tog‘ay Murod qalamida o‘zgacha ko‘rinish kasb
etdi. Fikrimizning yaqqol isboti sifatida “Ot kishnagan oqshom”, “Otamdan qolgan dalalar”,
“Yulduzlar mangu yonadi”, “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi”, “Oydinda yurgan odamlar” singari
asarlari orqali adabiyotimizga Surxon vodiysining o‘ziga xos nafasini olib kirdi, mehnatsevar,
kamtar va tanti dehqonlar, chorvadorlar, bog‘bonlarga nisbatan dilimizda iliq va samimiy mehr
uyg‘otdi, voha yigitlariga xos g‘ururlilik, or-nomusni jonidan ustun qo‘yish, dovyuraklik,
mardlik, sadoqat kuylanadi. «Oydinda yurgan odamlar» qissasi Tog‘ay Murodninggina emas,
o‘zbek milliy adabiyotining noyob namunasi sifatida kutib olindi. Qissa qahramonlari Qoplon
va Oymomo farzand orzu ilinjida kun, oy, yillarni bir-biriga ulab yashashadi. Hali tug‘ilmagan
go‘dakning birisi bobosi, biri momosi bo‘lib, zurriyotni, bir-birlarini e’zozlashadi, ardoqlashadi.
Asar qahramonlari fojiasi umid va yorug‘likka to‘la mungli, xazin bir qo‘shiq sifatida kitobxon
ko‘nglini larzaga soladi, xotirasida manguga qoladi. Ushbu qissa adibning ijodiy izlanishlari
umuman boshqa yo‘nalishdan borganligi bilan alohida e’tibor va e’trofga sazovordir. Asar


background image

80

1980-yilda yozilgan bo‘lib, adabiyotimizda keng muhokama va munozaralarga sabab bo‘ldi.
Chunonchi, adabiyotshunos olim Dilmurod Quronov yozganidek “…uni yozuvchi sifatida
taniganimga ancha bo‘ldi. “Oydinda yurgan odamlar” qissasini o‘qiganimda bir olam taassurot
ichida qolganimni eslayman: mazza qilib o‘qiganim rost-u, birovga aytib bergudek voqeasi
yo‘qdek edi-da!... Qahramonlari ham binoyidek-u, insho yozganingda “falonchiga o‘xshagim
keladi” deydigan emas-da!...” Chindan ham asarni o‘qish davomida Qoplonbekning Oymomoga
ko‘ngil qo‘yishi, ikki qalbning tuganmas va pok muhabbatiga farzandsizlik musibati to‘siq
bo‘lishi, biroq shunday bo‘lsa-da umr bo‘yi bu dardga davo izlashlari, ba’zi Qimmat momoga
o‘xshagan “aqllilar”ning ta’na-malomatlariga chidashi, el orasida o‘ksik va tili qisiq bo‘lib
yurishi, shunday bo‘lsa-da katta umid bilan yashashi kitobxonni o‘yga toldiradi, bevosita
yuqorida adabiyotshunosimiz fikrlariga qo‘shilgandek bo‘lamiz. Lekin aytib o‘tganimizdek, bu
asar haqida juda ko‘p mulohazalar bildirilgan. Xususan, Odi Yoqubovning quyidagi fikrlarini
keltirishimiz maqsadga muvofiq: “Tog‘ay Murodning birgina “Oydinda yurgan odamlar”
qissasida, yanglishmasam, adibga xos fazilatlar yanada yaqqolroq seziladi. Asar nima haqida?
Bir qarashda qissa adabiyotimizda ko‘p aytilgan farzandsizlik muammosiga bag‘ishlangandek
tuyiladi. Aslida, uslub jihatdan xalq dostonlariga o‘xshab ketadigan bu qissani muhabbat
haqidagi bir kuy, to‘g‘rirog‘i, muhabbatga suyanib, barcha hayot dovullarini yengib o‘tgan ikki
dil, ikki pok inson haqidagi tipik bir qo‘shiq desak yarashadi. Yaxshi qo‘shiq mungli bo‘ladi,
biroq bu mung ko‘ngilga g‘ashlik solmaydi, bil’aks, suv ichganday ravshan qiladi.” Chindan ham
Qoplonbek va Oymomoning sevgi, ishonchga burkangan, samimiylikka yo‘g‘rilgan, sadoqatga
limmo-lim to‘lgan go‘zal umrlarini ko‘rib, bugungi kunda bir yostiqqa bosh qo‘yib, farzand
ko‘rib, biroq bir-birining yuragini tinglolmaydigan, tushuna olmaydigan va oxir-oqibatda oila
atalmish muqaddas qo‘rg‘onni buzadigan, begunoh bolalarni, murg‘ak qo‘ra ko‘zlarni yetim
qiladigan juftliklarni ko‘rib, asardagi qahramonlarga qaysidir ma’noda havas ham qilamiz.
Asarning rostan ham “Muhabbat qo‘shig‘i”, “Muhabbat qissasi” ekanligiga amin bo‘lamiz. Ular
haqida to‘lib-toshib gapirgimiz keladi.

Biroq hozir asardagi sevgi-muhabbat, nebkin tuyg‘ularni emas, balki ularni shunday

samimiy, sof va tuganmas qilib kitobxonga yetkazishda muhim ahamiyatga ega o‘zbek xalqiga
xos bo‘lgan umummilliy qarashlar haqida fikr yuritmoqchimiz. Chunki bu kabi qarashlarning
kiritilishi bilan, avvalo, asarning chin ma’noda xalqimiz qalbidan joy olishiga, adabiyotimiz
xazinasidan munosib o‘rin egallashiga, pok muhabbat aynan shu milliyligimiz orqali go‘zal tus
olishiga erishilgan desa, yanglishmagan bo‘lamiz. Asarda keltirilgan urf-odat, an’analar bilan
birga milliyligimiz ramzi bo‘lgan liboslar, o‘zaro katta-kichik orasidagi munosabatlar, etika
qoidalari o‘quvchini faxr hissiga to‘ldirish bilan birga uning ma’naviy olamini boyitib,
dunyoqarashini yana kengaytiradi. Quyida asardan parchalar keltirish hamda ularni tahlil qilib
borish davomida qissaning badiiy jihatdan g‘oyat yuksak va xalqimizning etnik takomili uchun
naqadar zarur asar ekanligini yana bir bora isbotlashga harakat qilamiz.

Asar Qoplonbekning Oymomoga sovchi qo‘yish tasviri bilan boshlanadi. Ma’lumki,

sovchilikning o‘ziga xos shartlari bor: yangi hayotga ilk qadamlarini qo‘yishga odimlayotgan
ikki yoshning kattalari tomonidan qaror qabul qilinishi hamda tomonlarining bir-birlari ajdod-
avlodlarini surishtirishi, qiz tomon “qattiqlanib” turib olsa, sovchilarning bor “so‘z san’at” larini
qo‘llashi va shu bilan ularning roziligini olishi yuzimizga tabassum yugurtirish bilan birga
odamlarga to‘lgan odmi to‘ylarimizni beixtiyor yodga soladi:

“Shunda sovchilar o‘z san’atlarini qo‘lladi. Biri qo‘yib biri, qassob otasi borasida hamd-u


background image

81

sanolar aytdi:

— Rahmatlik otasi ko‘p yaxshi odam edi-da...
— Ko‘p mard edi...
— Ko‘p tanti edi...
— Esonboy otasiga tortmabdi...
— Noshukur bo‘lmang. Esonboy otasiga quyib qo‘yganday tortadi...
— Qani, qaniqayin?...
— Ana, anakayin. Musulmonchilik asta-asta-da...
Sovchilar gap oxirini ana shunday otadan qolmish ana shunday o‘g‘ilga olib kelib uladi. Eson

qassob oxir-oqibat yon berdi.”

Asarda unashtiruvdan keyingi bo‘ladigan oshiq-ma’shuq o‘yinlari, bordi-keldi rusumlar

va ularning nomlari ham keng yoritilgan:

“Kuyov tarafdan

fotiha to‘y

keldi.

Fotiha to‘yida qo‘y, zig‘ir moy, guruch, mayiz... bo‘ldi.
Kelin-kuyovlik davri boshlandi. Kuyov, kelin qarindosh-urug‘lari oldidan yerga qarab o‘tdi.

Ko‘zlariga tik qaramadi. Davralarda yuzma-yuz o‘tirmadi.

Oy o‘tdi. Kelinnikiga ko‘rpa-to‘shak matolari bilan paxta keldi...
Bu,

to‘qqiz

deb ataladi.”

Asarda e’tiborni tortadigan yana bir tomoni shuki, sodda va tanti xalqimiz hayotida

muhim rol o‘ynaydigan go‘yoki taqdirlarigada katta ta’sir etajagiga ishonadigan irim-
sirimlarning qo‘llanishi va ma’nolarining birma-bir berib ketilishi ham asarning badiiy
saviyasini yanada oshirishga yordam bergan. Ayniqsa, bu kabi irimlar o‘zbekning turli
marosimlarida ko‘plab uchraydi:

“Nikoh o‘qilish mobaynida onasi kuyov yelkasiga beqasam chopon yopdi. Beqasam

yelkasidan igna bilan ip o‘tkazib-ip o‘tkazib oldi

.

Bu, kuyov-qayliq hamisha birikib yursin, ajralib ketmasin, degani bo‘ldi.

Ip uchlarini tugmadi

. Kelin-kuyov taqdir-peshonasi tugilmasin, deya shunday qildi.

Hamisha bug‘doyday serob bo‘lsin, bola-chaqali bo‘lsin deya,

kuyov boshi uzra bir hovuch

bug‘doy sepdi

…”

Bu o‘rinda nikoh vaqtida kuyov choponining yelkasidan igna bilan ip o‘tkazilishi ikki yosh

doimo birikib baxtli bo‘lishsin, ajralib ketishmasin, degan ma’noda bo‘lsa, kuyov boshi uzra
bug‘doy sepilishi, hosilga boy bo‘lishi, ko‘p bola chaqali bo‘lishi garoviga aylantirilgan. Nega
aynan igna ip? Chunki uning ishi aynan ikki mato chetini birlashtirish, bug‘doy esa nonimiz,
rizq-ro‘zimiz.

Yoki yana bir o‘rinda:

“— Ko‘zingga qara, ko‘zingga qara! — deyishdi.

Emishki, yo kuyov, yo kelin birinchi bo‘lib birovi oyog‘ini bossa, ana shu ro‘zg‘orda

umr bo‘yi o‘ktam bo‘ladi!

Kelin, kuyov oyog‘idan ko‘z uzmadi. Chapiga qarab yurdi. Chap oyog‘i bilan kuyov oyog‘ini

bosmoqchi bo‘ldi.

Kuyov epchillik bilan o‘ng oyog‘ini tortib oldi.
Kelin oyog‘i ko‘rpachani bosib oldi.
Kuyov chaqqonlik qilib, kelin oyog‘ini bosdi.”

Xalqimiz hayotida sanab o‘tilayotgan bu kabi irim-sirimlar necha ming yillar oldin, ya’ni


background image

82

islom dini O‘rta Osiyoga kirib kelishidan ancha ilgari zardushtiylik, otashparastlik kabi diniy
qarashlar natijasida shakllangan va ijtimoiy hayotimizda chuqur ildiz otgan. Masalan,
zardushtiylik dinida, bilamizki, to‘rt unsur muqaddas hisoblangan: havo, suv, tuproq va olov,
ya’ni nur. Shundan kelib chiqqan holda turli totemistik qarashlar rivojlangan. Ularning biri
olovning baxt keltirishiga ishonch! Chunki u yorug‘lik, issiqlik ramzi. Shuning uchun ham o‘sha
paytdan boshlab, kelin-kuyovni gulxan atrofida aylantirish ularning baxtli bo‘lishiga asos
bo‘lishiga ishonishgan. Bugungi kunda esa bu ishonch qadriyatga, odatga aylangan:

“Darvoza oldida gulxan yoqildi.

Kelin gulxandan uch marta aylandi

.

Oqlik uchun, hamisha oqko‘ngil bo‘lib yurishlari uchun

kelin-qudalar yuziga un sepildi.

Adib Navro‘z bayrami va uning ona tabiatimizga kirib kelishi alohida bir hayajon aralash

nafis badiiy tasvirlar orqali yondashganki, asar yaratilganlik davridan kelib chiqadigan bo‘lsak,
muallif haqiqiy ma’noda o‘z zamonasining qahramoniga aylangan.

Navro‘z barcha muslim ahli uchun yangi kun, yangi hayotning boshlanishi demakdir.

Tog‘ay Murod tashxis san’atini qo‘llagan holda tabiatni homilador ona, Navro‘zni esa undan
tug‘ilgan go‘dakka mengzaydi:

“Tabiatni to‘lg‘oq tutdi. To‘lg‘oqdan farzand tug‘ildi.
Farzand oti Navro‘z bo‘ldi. Yurtimizga Navro‘z keldi!...

Bu o‘rinda Ogahiyning “Navro‘z” radifli g‘azalining ayrim misralari yodimizga tushadi,

chunki unda ham xuddi shu kabi badiiy tasviriy ifodadan foydalanilgan:

Таrаb tiflin tug‘urdi dаhr zоli,
Angо bo‘ldi mаgаrkim dоya nаvro‘z.

Ма’nоsi: dunyo kаmpiri shоdlik chаqаlоg‘ini tug‘аrkаn, nаvro‘z ungа dоyalik qildi. Biz

yashаyotgаn dunyo judа qаdim bo‘lgаnligi uchun kаmpirgа o‘хshаtilyapti. Ko‘klаmning kеlishi
bаrchаgа shоdlik, quvоnch kеltirаdi. Anа shu shоdlik chаqаlоg‘ini nаvro‘z dоyaligidа dunyo
kаmpiri tug‘mоqdа. Shu bаytning o‘zidа uchtа tаshхis bоr: shоdlik (tushunchа) tug‘ilmоqdа;
dаhr (bоrliq) zоli tug‘mоqdа; nаvro‘z (tаbiаt) dоyalik qilmоqdа.

Shuningdek, Navro‘z kunlarining qanday qutlug‘ ekanini, odamlar hayotida qanchalik

muhim ahamiyat kasb etishini, o‘zlarini qanday tutish kerakligini asarda alohida qora harflar
bilan berilishi bugungi kunda o‘tmishning eskiliklari deb qaralayotgan amallar insonlar orasida
samimiy mehr-oqibat uyg‘otishi, iymonimizni yanada mustahkamlashi, vijdonimizni pok
tutishimizdagi beqiyos o‘rni bor bo‘y-basti bilan aks ettirigan:

“Navro‘zda yomon gapirib bo‘lmaydi!
Navro‘z haminqadar shod-xurramlikda o‘tsa, haminqadar xush-xushvaqtlikda kechsa...
Yer-u falak-da haminqadar saxiy bo‘ladi!
Osmon-u falakdan mo‘l-ko‘l yomg‘ir yog‘adi!
Yer-u zamin-da bo‘liq-bo‘liq hosil beradi!
El-yurt kelajak Navro‘zgacha xush-xushvaqtlikda kun ko‘radi, rohat-farog‘atda kun

ko‘radi!”

Yozuvchi Navro‘z haqida so‘z yuritishni davom ettirar ekan, bu kunning ma’lum kunda

kirib kelishi yilning qanday bo‘lishidan belgi berishini elning yoshi ulug‘lari tili bilan
ifodalangani ham o‘quvchiga estetik zavq beradi:

— Inshoollo, Navro‘z bu yil

seshanba kuni

kelar bo‘libdi-da, aqllar? — dedi Umarxon eshon.

— Shunday, shunday, — ma’qulladi mulla Namoz.


background image

83

— Navro‘z seshanbada kelar yil ochlik bo‘lmaydi, oshlik bo‘ladi. Ertagi ekinlar yaxshi bo‘ladi,

noz-ne’matlar-da yaxshi bo‘ladi. Aybi, taxchilroq bo‘ladi.

— Yomoni, qon ko‘p to‘kiladi. El-yurt orasidan rahm-shafqat ko‘tariladi.
— O‘g‘il otadan qaytadi, qiz onadanqaytadi, ayol eridan qaytadi.
— Podsholar taxtdan qula-qula bo‘ladi.
— Yomonlik ko‘payadi.
— Yog‘in-chochindan ayting.
— Yog‘in-chochin... qor kam yog‘adi, aqllar. Yil oxirida sel ko‘p keladi.
— O‘zi, Navro‘z qaysi kuni kelsa yil yaxshi bo‘ladi, azizlar?

Yakshanba kuni

kelsa, ko‘p binoyi bo‘ladi. O‘lim-etimlar oz bo‘ladi. Fisq-fasod, yomonlik

kam bo‘ladi. Navro‘z

dushanba kuni

kelsa-da yaxshi bo‘ladi. Aybi, bug‘doy tanqis bo‘ladi.

— Navro‘z

chorshanbada

kelsa, yil qimmatchilik bo‘ladi. Qorin-tomoq uchun qon to‘kiladi.

— Fisq-fasod, g‘alamislik ko‘p bo‘ladi.

Payshanbada

kelsa, dardmandlik ko‘p bo‘ladi.

— Shu yili oy bilan kun-da tutiladi, deng.
— Shunday, aqllar, shunday.

Jumada

kelsa, yomg‘ir mo‘l-ko‘l bo‘ladi. Aybi, qahraton sovuq bo‘ladi.

— Navro‘z

shanba kuni

kelsa… o‘g‘ri-muttahamlar yili bo‘ladi, mushtumzo‘rlar yili

bo‘ladi…”

Shuningdek, qissada Navro‘z deganda ko‘z oldimizga keladigan bayramona

dasturxonining ham tasviri berib o‘tiladi:

“Dasturxonlarda sumalak, halim, ko‘k patir, ko‘k somsa, ko‘k oshi, deya atalmish dori-

darmon taomlar bo‘ldi…”

Muallif, ayniqsa, dasturxonimiz ko‘rki, bayram ramzi bo‘lgan Sumalak va uning ming yillik

tarixiga alohida to‘xtalib o‘tishi bilan qadim tariximiz qanchalar boy bo‘lganligini kitobxonga
dalillamoqchidek bo‘ladi.

Ta’kidlaganimizdek, bu asriy bayramlarimizdan obrazlarning xarakteri, ichki dunyosi,

orzu-umidlari, o‘ylarini ko‘rsatib berishdan mahorat bilan foydalanilgan:

“Oymomo onamiz do‘lanaday-do‘lanaday kelmish yettita toshni yuvib-chaydi. Qozonda

qaynamish sumalakka soldi.”

Asarda sumalak pishirish jarayoni va unda bo‘ladigan aytishuvlar, o‘yinlarga ham e’tibor

berilgan. Bunda tuni bo‘yi mijja qoqmagan ayollar topishmoq aytishadi. Yozuvchi milliy ruhni
nafaqat qadriyatlarimiz orqali, balki xalq og‘zaki ijodi namunalaridan foydalangan holda ham
yetkazib berishga harakat qilgan:

Sumalak tonglari otmadi!
Shunda, Xoldon momo aytdi:
— Kelinglar, topishmoq aytamiz, — dedi.
— Xo‘p binoyi gap, — ma’qulladi ayollar.
— O‘zimizning gurungma-gurung yuradigan topishmoqlardan aytamiz.
El og‘zida yurmish topishmoqlardan aytish boshlandi.

Asar davomida Navro‘z ayyomidan so‘ng, ramazon oyi tasviri keladi. Bunda Oymomo va

Qoplonbekning farzandsizligi birinchi planda bo‘lsa, shu orqali milliylini ham istifoda etmoqda.
Ayniqsa, Laylat ul-Qadr kechasi Oymomo uchun farzand so‘rab duo qiladigan, yagona ilinj
kechasi, go‘yoki taqdir kechasi edi. Qoplonbek va xotini havo issiq bo‘lishiga qaramay, ro‘za


background image

84

tutishadi, Qadr kechasini undan oldingi kunlarda ham kutaverdi, qo‘llari duodan tushmaydi:

“Oftobda suv qaynayin-suv qaynayin, dedi.
Shunday kunda ramazon keldi.
El ro‘za tutishini-da bilmadi, ro‘za tutmasini-da bilmadi. Ro‘za tutayin dedi, kun ko‘z

ochirmadi, kun nafas oldirmadi. Ro‘za tutmayin dedi, mo‘min-

musulmon uchun ro‘za qarz-da

bo‘ldi, farz-da

bo‘ldi.

Otamiz bilan onamiz o‘ylab-da o‘tirmadi. Kun oftob tugul, olov purkasada, ro‘za tutarman

bo‘ldi.

Boisi, el-yurt oldida o‘zlarini qarzdor bildi, el-yurt oldida o‘zlarini aybdor bildi...
Qola bersa, otamiz bir umidi Laylat ul-Qadr bo‘ldi...

Laylatul-Qadr kelajak kecha mo‘min-musulmonlar nimaniki tilasalar, tilaklari bajo

bo‘ladi. Orzu-umidlari ushaladi.”

Asar momomizning vafoti bilan tugallanadi. Qoplonbek va Oymomo “o‘lsak, kim bizning

orqamizdan “otamay”, “enamay” deb yig‘laydi? Kim chiroq yoqadi, kim motam libosi kiyadi, kim
aza tutadi?” kabi o‘ylar surishar ekan, farzandsizlikdan kuyib ketishar edi. Umrining oxirigacha
farzand kutib o‘tishdi. Umidni bir lahza bo‘lsa-da so‘ndirishmadi. Biroq Oymomoning o‘limi va
butun qishloq ahlining motam ochishi, qora libos kiyishi, “enamay”, “momomay” deb yig‘lashi
Qoplonbekka taskin beradi. Befarzand bo‘lishsada-da, dunyodan bekorga yashab
o‘tmaganligiga behad suyundi.

— Momomiz qazo qilganidan buyon

televizor, radio qo‘ymaymiz.

— Biz ham qo‘ymaymiz.

— Enam qora kiyib yuribdi.

— Mening otam bir kuni yangiroq kiyimini kiyib shaharga bormoqchi bo‘lib edi, enam

urishdi, odammisiz o‘zi, dedi. Otam farosatsizligidan o‘zini koyib, yana qora kiydi.

— Biz ham qora kiyimlarimizni kiyib yuribmiz.

Enam taqinchoqlariniyam sandiqqa solib qo‘ydi.

Ukalarim oqshomlari ashula aytib o‘ynardi, enam urishdi.

Azalimiz, bovang eshitib

qolsa nima degan odam bo‘lamiz, dedi.

— Endi momomizning qirqi o‘tguncha shunday bo‘ladi.
— Bovamiz buyoqlarga kelib yurishimizniyam bilarmikinlar? — dedi ma’shuq.
— Bilmasalar kerak, — dedi oshiq.
— Momomizning vafoti kuni sen ham yig‘ladingmi?
— Bo‘lmasam-chi, uyni aylanib,

momomlab yig‘ladim.

— Men

enamlab yig‘ladim.

Parchada motam va u bilan bog‘liq bo‘lgan unsurlar oshiq-ma’shuq tilidan berilgan. Bu

ham sovuq tadbir bo‘lsa-da bizning o‘zligimizdan dalolat beruvchi urf-odatdir.

Asar yozilishi haqida yozuvchining o‘zi shunday deydi: “Toshkentda yashayotganimdan

buyon ilk marotaba o‘zim haqimda o‘yladim: “Men o‘zi Toshkentda nima qilib yuribman?
Surxonda tayyor uy, bog‘larimni tashlab, ota-onam, urug‘-aymoqlarimni tashlab, nega
Toshkentda daydib yuribman? Yozuvchi bo‘lmoqchimidim? Qani, yozuvchi bo‘lganim? Besh-
oltita hikoyami? Bu hikoyalar yozuvchi bo‘ldi, degan gap emas. Bu hikoyalar shunchaki
mashqlar. Yo‘q, kim ekanligimni, kim bo‘lmoqchi ekanligimni bir ko‘rsatib qo‘yishim kerak. Men
muzeyni tomosha qilmishday “Oydinda yurgan odamlar”ni tomosha qildim. Men Rembrandt
kartinalarini tomosha qilmishday “Oydinda yurgan odamlar”ni tomosha qildim. “Hayot bor


background image

85

ekan, “Oydinda yurgan odamlar” ham bo‘ladi, – deya yashnadim. – O‘zbek xalqi hayot ekan,
“Oydinda yurgan odamlar” ham hayotdir.” Darhaqiqat, adib aytmishidek, qissa yashar ekan –
xalqimiz ham umrboqiy, chunki asar o‘zbeklarga qo‘yilgan haykal, ularga atalgan madhiya, uzoq
o‘tmishi, buguni, kelajagidir.

Xulosa qilib aytganda, o‘zbek adabiyotida xalqmizni kuylagan, milliyligi haqida to‘lib-

toshib bitilgan asarlar juda ham ko‘p. Ammo “Oydinda yurgan odamlar” qissasi alohida e’tibor
va e’tirofga sazovordir. Asarni o‘qish davomida inson har tomonlama kamol topadi,
tarbiyalanadi. Avvalo xalqparvar, oilaparvar, iymonli, vijdonli, sadoqatli, mehnatsevar shaxs
bo‘lib voyaga yetadi. Siz bilgan o‘zbek ko‘z o‘ngingizda zabardast, buyuk millat sifatida qayta
gavdalanadi. Qalbingiz surur, faxr hissiga to‘ladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning
kitobxonlik to‘grisidagi qarorlari, shuninhdek, ilgari surilgan besh teshabbus ham ayni
maqsadni ko‘zlaganki, biz boy va qadim tarixga egamiz. Dunyo tan olgan allomalar avlodlarimiz,
ularga mos bo‘lish uchun, kuchli salohiyatli bo‘lib o‘sib-unishimiz uchun bu kabi chuqur ma’noli
asarlarning hayotimizdagi o‘rni beqiyosdir.

References:

Используемая литература:

Foydalanilgan adabiyotlar:

1.

U. Normatov. Benazir badiiy obida // Til va adabiyot ta’limi. – Toshkent: 2018, 1-son.

2.

Тоғай Мурод. Танланган асарлар. 1-жилд. Қиссалар. – Тошкент: Шарқ, 2008.

3.

P.Qodirov. Tog‘ay Murodning tug‘ma iste’dodi. Maqola. 1985.

www.saviya.uz

.

4.

Sh.Sa’dullayeva. Tog‘ay Murod asarlarida ma’naviy-axloqiy muammolar talqini. Magistrlik

dissertatsiyasi. Nukus. – 2014. B. 89.

Bibliografik manbalar

U. Normatov. Benazir badiiy obida // Til va adabiyot ta’limi. – Toshkent: 2018, 1-son.

Тоғай Мурод. Танланган асарлар. 1-жилд. Қиссалар. – Тошкент: Шарқ, 2008.

P.Qodirov. Tog‘ay Murodning tug‘ma iste’dodi. Maqola. 1985. www.saviya.uz.

Sh.Sa’dullayeva. Tog‘ay Murod asarlarida ma’naviy-axloqiy muammolar talqini. Magistrlik dissertatsiyasi. Nukus. – 2014. B. 89.