24
ALIMENT UNDIRISH TARTIBI VA QONUNCHILIK ASOSLARI
Teshayeva Zuhra Sherbek qizi
Toshkent davlat yuridik universiteti magistranti
Email: zuhrateshayeva2002@gmail.com
https://doi.org/10.5281/zenodo.15694928
Annotatsiya:
Aliment undurish masalasining O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi
doirasidagi huquqiy asoslari va amaliy tartibi tahlil etildi. Asosiy e’tibor Oila kodeksining
tegishli moddalari, Konstitutsiyaviy normalar hamda aliment undirishga oid sud qarorlari va
ijro hujjatlari asosida ota-onalarning voyaga yetmagan farzandlarini moddiy ta’minlash
majburiyatiga qaratildi. Aliment miqdorini belgilash, uni to‘lash tartibi hamda qonunchilikda
belgilangan mas’uliyatlar aniq huquqiy asoslar orqali yoritib berildi. Ishda normativ-huquqiy
hujjatlarga tayanilgan holda aliment instituti nazariy va amaliy jihatdan o‘rganildi.
Kalit so‘zlar:
Aliment, undirish, oila kodeksi, fuqarolik kodeksi, sud, ixtiyoriy to‘lov.
Aliment majburiyatlari mulkiy huquqiy munosabatlar doirasiga kiradi, biroq ular o‘ziga
xos alohida belgilar va xususiyatlarga ega. Bu majburiyatlar fuqarolik huquqidagi oddiy
majburiyatlardan ayrim jihatlari bilan farqlanadi. Asosiy farqlovchi belgilardan biri shundaki,
aliment majburiyatlari qonunda qat’iy (imperativ) tarzda belgilangan asoslarga – qon-
qarindoshlik aloqalari, mehnatga layoqatsizlik va moddiy muhtojlik holatlariga asoslanadi.
Bundan tashqari, aliment to‘lash bo‘yicha o‘zaro kelishuv ham ushbu majburiyatni yuzaga
keltirishi mumkin.
Aliment majburiyatlari shaxsiy xarakterga ega bo‘lib, bu majburiyatlar faqat muayyan
shaxslarga bog‘liq bo‘ladi. Ya’ni, aliment to‘lovchining yoki oluvchining vafoti bilan bu
majburiyatlar bekor qilinadi va meros yo‘li bilan boshqa shaxslarga o‘tmaydi. Shuningdek, bu
majburiyatlar doirasida talabni boshqa shaxslarga o‘tkazish yoki qarz shartlari qo‘llanilmaydi.
Aliment bepul asosda amalga oshiriladi va noto‘g‘ri undirilgan taqdirda ham qaytarilmaydi,
faqatgina yolg‘on ma’lumot yoki soxta hujjatlar asosida undirilgan holatlar bundan mustasno.
Aliment majburiyatlari davomiy xarakterga ega bo‘lib, ular kelajakdagi davrlar uchun har oy
undiriladi. Masalan, voyaga yetmagan bolalarga to‘lanadigan aliment ularning voyaga
yetgunlariga qadar to‘lab boriladi.
Oila kodeksida aliment undirishni uch tartibi belgilangan bo‘lib:
1. Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv tuzish (17-bob, 130-134-moddalar),
2. Alimentni ixtiyoriy to‘lash (18-bob, 135-modda),
3. Alimentni sud tartibida undirish (18-bob, 136-modda).
Agar aliment to‘lash bo‘yicha taraflar o‘zaro kelishuvga erishgan bo‘lsa, bu holda sud
orqali aliment undirishga ehtiyoj qolmaydi. Aliment majburiyati — bu qonunda belgilangan
yuridik holatlar yuz berganida yuzaga keladigan huquqiy munosabatdir. Ya’ni, agar taraflar
o‘zaro kelishuvga erishgan bo‘lsa yoki sud tomonidan hal qiluv qarori mavjud bo‘lsa, bir
oilaning a’zolari boshqa oila a’zolarini moddiy ta’minlash majburiyatini oladi, bu esa ikkinchi
tomonning aliment talab qilish huquqini shakllantiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 29-iyuldagi 11-sonli qarorining
12-bandida ta’kidlanishicha, sudlar voyaga yetmagan shaxslarning ta’minoti uchun
qo‘shimcha xarajatlar undirilishi masalasini ko‘rib chiqayotganda, Oila kodeksining 103-
moddasida ko‘rsatilgan holatlarni inobatga olishi lozim. Bunday favqulodda holatlarga
25
bolaning og‘ir kasalligi, jarohat olishi kabi vaziyatlar kiradi. Shuningdek, bu xarajatlarning
bola uchun zarurligini asoslash va taraflarning moliyaviy holatidan kelib chiqib, qo‘shimcha
xarajatlarning aniq miqdorini belgilash zarurligi qayd etilgan. Aliment undiruvi manbalari
quyidagilardir:
1. Ish haqi va boshqa daromadi,
2. Kridit tashkiloti va bankdagi mablag’lar,
3. Shartnoma asosida o‘tkazilgan pullar,
4. Undiruv qaratilgan boshqa mulklar
Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab yoki sudgacha ta’minot olish choralari
ko’rilgan ammo uni to‘lashdan bosh tortganlik holati isbotlansa o‘tgan davr uchun (uch yillik
muddat doirasida) undiriladi.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Yuldashev J. Vorislik va oila huquqi. – Toshkent: TDYU nashriyoti, 2024. – 328 b.
2.
Abdurahmonova X. Ota-ona va bolalar aliment huquqlari va majburiyatlarining kollizion
tartibga solinishi. – Toshkent: TDYU, 2015.
3.
Topildiyev B. Aliment majburiyatlari: nazariya va amaliyot. – Toshkent: Afzalzoda books
nashriyoti, 2024. – 140 b.
4.
Otaxo‘jayev F. Oila huquqi. – Toshkent: TDYU, 2005.
5.
Otaxo‘jayev F. Oila huquqi. Xotin-qizlar va bolalarning huquqlariga oid qonun kafolatlari.
– Toshkent: O‘zbekiston, 2000.
6.
Otaxo‘jayev F.,Yo‘ldosheva Sh. Oila huquqi. – Toshkent: Adolat, 2007.
