29
BOBUR G‘AZALLARIDA GUL MAVZUSI
Jumamuratova Ruxshona Saparbayevna
Nukus davlat pedagogika instituti
o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi talabasi
https://doi.org/10.5281/zenodo.15621454
Annotatsiya:
Ushbu maqolada Zahiriddin Muhammad Bobur ijodining o‘ziga xos badiiy
jihatlari, xususan, uning g‘azallarida “gul” timsoli orqali yor go‘zalligi va insoniy tuyg‘ularning
tasviri yoritilgan. Bobur she’riyatidagi ramziy ma’nolar, poetik obrazlar, tazod va boshqa badiiy
vositalardan foydalanish xususiyatlari tahlil qilingan. Shoirning g‘azallarida gul tasviri orqali
sevgi, sadoqat, vatanparvarlik va hayotsevarlik g‘oyalari ifodalangani ta’kidlangan. Maqola
Bobur ijodining badiiy-estetik ahamiyatini yoritishga qaratilgan.
Kalit so‘zlar:
Bobur g‘azallari, gul metaforasi, lirik tuyg‘ular, badiiy ifoda vositalari, tazod
va tanosib, husn tasviri, adabiy tahlil, timsol va ramz, she’riy go‘zallik, klassik meros.
Jahon adabiyoti, madaniyati va san’ati xazinasining rivojida hamda durdona asarlar bilan
boyitishda qadimiy va boy tarixga ega bo‘lgan o‘zbek xalqining ham munosib o‘rni, beqiyos
hissasi bor. Ma’lumki, uzoq tarixiy jarayon davomida xalqimiz dunyoga nihoyatda ko‘plab ilm-
fan, san’at va adabiyot namoyondalarini yetkazib bergan. Buyuk ajdodlarimiz yaratgan ilmiy,
badiiy, qomusiy asarlar necha ming yillardan buyon turli xalqlar tomonidan sevib mutolaa
qilinmoqda, avaylab, e’zozlanib, asrlardan-asrlarga o‘tib kelmoqda, yuzlab tillarga tarjima
etilib, iste’dodli kotiblar tomonidan ko‘chirilib, mohir rassomlar, naqqoshlarning mo‘yqalami
bilan ziynatlanib, insoniyat tafakkurini boyitmoqda, odamlarga ma’naviy zavq-shavq
bag‘ishlamoqda. [Bobur miniaturalar: 2008, 5]
Ana shunday namoyandalardan biri Zahiriddin Muhammad Bobur bo‘lib, u tadbirkor va
jasur lashkarboshi, dono va adolatli hokim, fozil va o‘qimishli inson, ajoyib lirik shoir, ilmning
turli sohalaridan yaxshigina xabardor bo‘lgan yetuk olim edi. U turk va fors tillarida erkin ijod
etgan. She’riyatining ma’lum qismi hasbi hol xususiyatiga ega bo‘lib, shoir hayotining muayyan
bir lavhasi bilan bog‘lanadi. Shoir she’rlarining hammasi benihoya samimiy tuyg‘ular bilan
yo‘g‘rilgan. Uning she’rlari janriga ko‘ra ham xilma-xildir. Shoir g’azal, ruboiy, tuyuq, qit’a,
muammo, masnaviy, fard kabi janrlarda ijod etgan. [B. To‘xliyev, D. To‘xliyeva: 2012, 7]
Bobur devonining katta qismi g‘azallardan iborat. Uning g‘azallarida, ko‘pincha, ikkita
markaz bo‘lgan. Biri – lirik qahramonning ahvoli, ikkinchisi –ma’shuqa ta’rifi. Bizga ma’lumki,
barcha obraz va ifodalar shu ikki markazga kelib tutashgan. Navoiy va Bobur davrida bevosita
muallifning hayotiga oid tafsilotlar ham g‘azalga kirib kela boshladi. G‘azalning mavzu-
mundarijasi kengayib borishi bilan birgalikda hayotiyligini ham ko‘rishimiz mumkin.[Hasanov:
2011, 10]
Bobur ijodida hayotga qaynoq mehr aks etgan jo‘shqin g‘azallar ham, afsus-nadomat to`la
she’rlar ham bor. Shoir goh dunyoning achchiq-chuchugini tatib ko‘rgan kishi sifatida falsafiy
mushohada yuritadi, odamlarni har qanday holda yaxshilik qilishga chorlaydi, goh taqdirning
ayovsiz zarbalariga chiday olmay, el-yurtdan bosh olib chiqib ketmoqchi bo`ladi. Xullas, insonga
xos quvonch ham g‘am ham bu g‘azallarda o‘zining go‘zal ifodasini topgan.
Bobur ijodida “gul” mavzusi keng o’rin egallagan. Masalan,
Xating aro uzoring sabza ichinda lola,
Ul chashmi purxumoring loladagi g‘azola. [Bobur: 2007, 121]
30
Ko‘rinadiki, shoirning niyati sevimli yorning yuzini, ko‘zini va o‘zini tasvirlashning
o‘zgacha usulini tanlaydi. Go‘yoki o‘t-o‘lanlar qurshovidagi lola, lolazor bag‘rida erkin va sho’x
kezib yurgan ohuga yorning xatti-harakati qiyoslangan. Shoir tabiiy va jonli o‘xshatishlarni gul
misolida ifoda etishga erishgan.
Xati-binafsha, xadi-lola, zulfi rayhondur,
Bahori husnda yuzi ajab gulistondur. [Bobur: 2007, 129]
g‘azalida esa yorning husn-u jamoli binafsha, lola, rayhon kabi gullarga tashbih qilingan.
Yoki,
Qadu xating bila ko`zu yuzung, ey sarvi siymintan,
Biri sarvu biri rayhon, bir nargis, bir gulshan. [Bobur: 2007, 94]
Haqiqatan ham, Bobur nafaqat dilbar shoir, mohir sarkarda, botanik, zoolog, sinchkov
sayohatchi hamdir. G‘azallarida ta’rif etganidek, har bir shaxs, har bir narsa, hodisa uni
qiziqtirgan. Aytishlaricha, xushbo’y atirgulni ham Hindistonga birinchi bo‘lib Bobur keltirgan
ekan. Bobur Mirzo tabiat go‘zalligini nihoyatda chuqur his qiladigan inson bo‘lgan. U o’zining
“Boburnoma” asarida Dashti Shayx qirlari etagida o‘sadigan lolaning 33 xilini aniqlab, yozib
qoldirgan. Shuning uchun ham shoir
Xating bila yuzungu kokulung sening, ey jon,
Biri- binafsha, biri- yosuman, biri- rayhon. [Bobur: 2007, 105]
***
Gul jamolin yopqon ul gulning iki rayhonidur,
G‘uncha sirrin ochqon ul ikki labi xandonidur. [Bobur: 2007, 50]
***
Ul musalsal ikki zulfi gul yuzining davrida,
Gul uza ag‘nar, magar ul ikkining davronidur. [Bobur: 2007, 50]
***
Gahi guldek yuzini ul shakar so`zlukni islasam,
Gahi shakkar kibi ul yuzi gulning la’lidin totsam. [Bobur: 2007, 76]
***
Ey gul, meni zor etmaki, husnung chamanida,
Ko‘zni yumub-ochquncha bu gulzor topilmas. [Bobur: 2007, 64]
***
Gul_– yuzidin munfail, sarv – qaddidan xijil,
Rang olur muttasil lolayu gul ro‘yidin. [Bobur: 2007, 102]
degan go‘zal tasvirlarni yaratgan.
Bobur inson va uning go‘zalligini, sevgi, sadoqat, vafo, do‘stlik kabi insoniy fazilatlarni,
ulug‘lovchi, ezgu intilishlar va orzularni targ‘ib etuvchi go‘zal asarlari, ona yurtga muhabbat,
vatanparvarlik va hayotsevarlik g‘oyalari, o‘quvchiga zavq-shavq baxsh etuvchi yuksak badiiy
san’atkorligi bilan adabiyot tarixidan o‘rin ola bildi.
Umuman, Bobur g‘azallarida gul timsoli orqali yor go‘zalligi, husn-u chiroyi, nozikligi,
gulning tikani vositasida esa uning oshiq ko‘ngliga solgan jafosi tasvirlangan. Shuning
barobarida o‘quvchi qalbiga yaqin ifodalar, beqiyos tasvirlarda tazod, tanosib, ishtiqoq,
mubolag‘a, tamsil, tardi aks kabi badiiy tasvir vositalari imkoniyatlaridan foydalanilgan.
References:
31
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
B. To‘xliyev, D. To‘xliyeva “Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi” – Toshkent,
2012.
2.
Zahiriddin Muhammad Bobur “Sochining savdosi tushti” “Sharq” nashriyot-matbaa
aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati
3.
Toshkent ,2007.
4.
Zahiriddin Muhammad Bobur Devon Toshkent O‘zbekiston Respublikasi Fanlar
akademiyasi “Fan” nashriyoti
5.
Xalqaro Bobur fondi “Boburnoma miniatyuralar” O‘qituvchi nashriyot-matbaa ijodiy uyi -
Toshkent ,2008.
6.
Saidbek Hasanov “Zahiriddin Muhammad Bobur” – Toshkent, 2011.
