Tadqiqot ishining kirishi (doktorlik dissertatsiyasi annotatsiyasi)da tadqiqot mavzusining dolzarbligi va zarurati, tadqiqotning respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining asosiy ustuvor yо‘nalishlariga mosligi, tadqiq etilayotgan muammoning о‘rganilganlik darajasi, dissertatsiya mavzusining dissertatsiya bajarilayotgan oliy ta’lim muassasasining ilmiy-tadqiqot ishlari rejalari bilan bog‘liqligi, tadqiqotning maqsad va vazifalari, obyekti va predmeti, usullari, tadqiqotning ilmiy yangiligi va amaliy natijasi, tadqiqot natijalarining ishonchliligi, ilmiy va amaliy ahamiyati, ularning joriy qilinganligi, tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi, natijalarning e’lon qilinganligi hamda dissertatsiyaning hajmi va tuzilishi yoritib berilgan.
Disertatsiyaning “Jinoyat-huquqiy prinsiplar tushunchasi, belgilari va tizimi” deb nomlangan birinchi bobida jinoyat huquqi vazifalari va funksiyalarining jinoyat-huquqiy prinsiplarning shakllanishidagi о‘rni, jinoyathuquqiy prinsiplar tushunchasi va belgilari, funksiyalari, jinoyat-huquqiy prinsiplar tizimiga oid nazariyalar tahlil qilingan.
“Jinoyat huquqi vazifa va funksiyalarining jinoyat-huquqiy prinsiplar shakllanishidagi о‘rni” deb nomlangan birinchi paragrafda muallif, jinoyathuquqiy prinsiplar masalasini tadqiq qilish bevosita jinoyat huquqi tushunchasi, jinoyat huquqi vazifalari va funksiyalarini aniqlab olish bilan bog‘liq ekanligini ta’kidlaydi.
Jinoyat huquqi tushunchasi, mohiyatiga oid nuqtai nazarlar tahlili asosida jinoyat huquqining asosiy funksiyasi boshqa huquq sohalaridan farqli ravishda mavjud ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish emas, balki shaxs, jamiyat, davlatni jinoiy tajovuzlardan muhofaza qilish hisoblanadi. Muallif jinoyat-huquqiy munosabatlar qо‘riqlash mazmunidagi, shaxsni jinoyat sodir etishdan tiyib turishga oid hamda regulyativ jinoyat-huquqiy munosabatlar turlariga bо‘linishini asoslaydi.
Jinoyat huquqining funksiyalari jinoyat huquqi tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlarga ta’sir kо‘rsatuvchi, jinoyat-huquqiy tartibga solish metodlari orqali amalga oshiriladigan hamda jinoyat huquqi vazifalarining ijrosini ta’minlaydigan yо‘nalishlardir. Jinoyat huquqining vazifalari va funksiyalari jinoyat-huquqiy prinsiplarda ifodalangan g‘oyalar, yо‘nalishlarga muvofiq amalga oshiriladi.
“Jinoyat-huquqiy prinsiplar tushunchasi va belgilari” deb nomlangan ikkinchi paragrafda jinoyat-huquqiy prinsiplarning mohiyatini insoniyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida taraqqiy etgan axloqiy qadriyatlar, muayyan davrda jamiyat va davlat oldida turgan vazifalar, funksiyalarni hal qilishga qaratilgan g‘oyalar tashkil qilishi asoslangan.
Adabiyotlarning tahlili jinoyat-huquqiy prinsiplar borasida turlicha qarashlar mavjudligini kо‘rsatdi, ammo umumiy ma’noda mualliflarning barchasi prinsiplarni jinoiy javobgarlikning umumiy asoslari, yо‘nalishi va hajmini belgilovchi tayanch g‘oyalar sifatida e’tirof etilganligi aniqlandi.
Dissertant jinoyat-huquqiy prinsiplarning quyidagi belgilari mavjudligini kо‘rsatgan: 1) prinsiplar normalar bо‘lib, ular faqat siyosiy-huquqiy dasturlar bandlari yoki normalarning siyosiy-huquqiy umumlashmasi emas; 2) prinsiplar universal normalar hisoblanadi; umume’tirof etilgan barcha normalar prinsip hisoblanmaydi, ammo barcha prinsiplar faqat universal normalar hisoblanadi; 3) asosiy prinsiplar umume’tirof etilgan boshqa normalardan tarixiy taraqqiyotning muayyan asosiy qonuniyatlarini aks ettirishi bilan farq qiladi; 4) jinoyat-huquqiy prinsiplar imperativ normalar bо‘lib, boshqa normalar ushbu prinsiplarga moslashtirilishi lozim; 5) prinsiplar nafaqat boshqa normalarning huquqiyligi mezoni, balki ayna paytda xalqaro huquq normalarini yanada takomillashtirish uchun yо‘l-yо‘riq kо‘rsatuvchi qoidalardir.
Dissertant “jinoyat-huquqiy prinsiplarga jamiyat oldida turgan vazifalardan kelib chiqadigan, jinoyat-huquqiy siyosat va jinoyat qonunchiligi mohiyatini, yо‘nalishlarini belgilaydigan, jinoyat huquqining tizimliligi va uzviyligini ta’minlash uchun xizmat qiladigan fundamental g‘oyalar va qoidalar yig‘indisi”, degan ta’rifni bergan.
Huquqni qо‘llovchi idoralarda qilmishni jinoyat deb topish yoki topmaslik, javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilish yoki qilmaslik, muqobil jazolardan birini tayinlash huquqining mavjudligi, bunday huquqni amalga oshirishning maqsadga muvofiqligini qanday mezonlar asosida aniqlashda maqsadga muvofiqlik prinsipidan foydalanish kerakligi taklif qilingan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, davlat xizmatchilarining g‘ayriqonuniy boylik orttirishining oldini olish, bu boradagi xalqaro majburiyatlarga rioya etilishini ta’minlash maqsadida ayblilik prezumpsiyasi prinsipini jinoyat-huquqiy prinsip sifatida tadqiq qilish zarurati yuzaga kelganligi asoslangan.
Birinchi bobning uchinchi paragrafi “Jinoyat-huquqiy prinsiplarning funksiyalari”ga bag‘ishlangan bо‘lib, muallif huquq funksiyalarining mazmunidan
kelib chiqib, jinoyat-huquqiy prinsiplarning ham funksiyalari mavjudligini, ular bir-biriga yaqin va о‘xshash bо‘lgan ma’lum bir munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan, kishilarning ongi va xulqiga ta’sir qiladigan yо‘nalishlarda ifodalanishini ta’kidlaydi. Jinoyat-huquqiy prinsiplarning g‘oyaviy, siyosiy va tartibga soluvchi funksiyalari mavjudligi asoslantirilgan.
О‘zbekiston Respublikasi sud hujjatlarini internet tarmog‘ida chop etish (https://public.sud.uz/report/CRIMINAL) bazasidagi sud hujjatlari tahlili hukmlarning asoslantirish qismida bevosita JK prinsiplariga murojaat qilish kо‘payib borayotganligini kо‘rsatdi. Muallif tomonidan ushbu platformadan 2020-2022-yillarda qabul qilingan 1000 dan ortiq sud hujjat (hukm va ajrim)lari, jumladan 100 dan ortiq oqlov hukmlari о‘rganilganida, sudyalar hukmlarning 22 % asoslantirish qismida jinoyat huquqi prinsiplariga murojaat qilganligi aniqlangan. 2020-yilda 19 %, 2021-yilda 24%, 2022-yilning 9 oyida 22 % holatda hukmlarda bevosita JK prinsiplariga asoslanilganligi dissertant fikrining tо‘g‘riligini tasdiqlaydi.
О‘rganilgan hukmlarining tahlili sudlar hukmning asoslantirish qismida asosan insonparvarlik va odillik prinsipiga tayanishgan, prinsiplarga asoslanib chiqarilgan hukmlarning deyarli barchasi (93,5 %)da insonparvarlik prinsipiga murojaat qilingan, faqat insonparvarlik prinsipiga 20%, insonparvarlik va odillik prinsipi birgalikda 60%, faqat odillik prinsipiga 6,5%, demokratizm, insonparvarlik, odillik, ayb uchun javobgarlik, javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga bir vaqtda murojaat qilish 13,5 %ni tashkil qilganligini ko‘rsatdi.
“Jinoyat-huquqiy prinsiplar tizimiga oid qarashlar” deb nomlangan tо‘rtinchi paragrafda muallif, jinoyat huquqi nazariyasida jinoyat-huquqiy prinsiplarning tizimiga oid bir qancha qarashlar mavjudligini asoslab bergan. Huquq nazariyasida huquqiy prinsiplar ma’lum bir iyerarxik tuzilishga ega bо‘lishi va turli darajalarga bо‘linishi haqidagi qarashlar asosida jinoyat-huquqiy prinsiplarni ikkiga (umumiy va sohaviy); uchga (umumhuquqiy, umumjinoyat-huquqiy va maxsus); tо‘rtga
(umumiy, sohalararo, sohaviy va huquqning ma’lum bir institutiga tegishli prinsip) bо‘lishga oid nazariyalar tahlil qilingan.
Dissertant jinoyat-huquqiy prinsiplarni tuzilishiga kо‘ra oddiy va murakkab tuzilishga ega bо‘lgan; bir-biriga о‘zaro aloqadorligi jihatidan jinoiy javobgarlik shartlarini belgilaydigan; jinoiy javobgarlik asoslari va mazmunini belgilaydigan hamda javobgarlikning muqarrarligini belgilaydigan prinsiplar; prinsiplarning nazariy qarashlarda va normativ-hujjatlarda aks ettirilishiga qarab doktrinal va legal prinsiplarga bо‘lishni taklif qilgan.
Dissertatsiyaning ikkinchi bobi “Jinoyat-huquqiy prinsiplarni qonunchilikda aks ettirilishi masalalari” deb nomlanib, unda xalqaro huquqiy hujjatlarda jinoyat-huquqiy prinsiplarning ifodalanishi, prinsiplarni jinoyat qonunchiligida aks ettirishga oid yondashuvlar hamda bu boradagi xalqaro tajriba о‘rganilgan.
Ikkinchi bobning birinchi paragrafi “Xalqaro huquqiy hujjatlarda jinoyathuquqiy prinsiplarning ifoda etilishi” deb nomlanib, mazkur paragrafda
xalqaro jinoyat-huquqi prinsiplarining rivojlanishi tarixi, xalqaro hujjatlarda belgilangan prinsiplarning milliy qonunchilikka va aksincha, milliy qonunchilikning xalqaro hujjatlarga ta’siri masalalari tahlil qilingan. Muallif, 20-asrdan boshlab ilm-fanning tez rivojlanishi, davlatlaro munosabatlarning kengayishi, zamonaviy transportning tez rivojlanishi davlatlar о‘rtasidagi chegaralar ahamiyatining kamayishiga, insonlarga dunyoning istalgan joyiga tezda yetib borish imkoni berilganligi, boshqa sohalar kabi jinoyatlarchilikning ham globallashuviga olib kelganligi bois, xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashish uchun standartlarni belgilash zarurati yuzaga kelganligi sababli, ushbu standartlarning xalqaro hujjatlarda begilanishi natijasida xalqaro jinoyat huquqi prinsiplari shakllanganligini kо‘rsatgan.
Dissertant xalqaro jinoyat huquqi prinsiplarini milliy jinoyat qonunchiligi prinsiplarining xalqaro asoslari sifatida quyidagilarni kо‘rsatgan: qonunda belgilanmagan jinoyat (nullum crimen sine lege) va jazo (nullum
poena sine lege) mavjud emasligi (JK 4-moddasi, qonuniylik prinsipi); qonun orqaga qaytishining taqiqlanishi (JK 4-moddasi, qonuniylik prinsipi, JK 13-moddasi, qonunning vaqt bо‘yicha amal qilishi); bir jinoyat uchun ikki marta javobgarlikka tortishning mumkin emasligi (ne
bis in idem) prinsipi (JK 8-moddasi, odillik prinsipi); shaxsiy javobgarlik va ayb uchun javobgarlik (JK 9-moddasi, ayb uchun
javobgarlik prinsipi); javobgarlikning muqarrarligi (JK 10-moddasi); jinoyat ishini odil sud tomonidan kо‘rib chiqilishi (JK 4-moddasi,
qonuniylik prinsipi va 8-moddasi, odillik prinsipi); insoniy munosabatda bо‘lish (JK 7-moddasi, insonparvarlik prinsipi); shaxsning rasmiy yoki mansab vakolatiga havola qilinishining ta’qiqlanishi
prinsipi (JK 5-moddasi, fuqarolarning qonun oldida tengligi prinsipi); xalqaro jinoyatlar uchun muddatlarning qо‘llanilmasligi prinsipi (JK 64-
moddasi yettinchi qismi, 69-moddasi oltinchi qismi).
Ikkinchi bobning ikkinchi paragrafi “Jinoyat-huquqiy prinsiplarning jinoyat qonunchiligida aks ettirilishiga oid yondashuvlar” deb nomlanadi. Ushbu paragrafda huquqiy prinsiplarni umumhuquqiy, sohalararo va sohaviy prinsiplarga
bо‘linishi haqidagi
qarashlar tahlil qilinib, jinoyat-huquqiy prinsiplarni
qonunchilikda aks
ettirilishiga oid muammolar yoritilgan. Dissertant,
A. V. Sumachyov,
K. P. Urjinskiy, V. N. Ronjin, I. V. Korshikov,
V. D. Filimonov,
Y. Lyapunov, V. V. Malsev, N. F. Kuznetsova,
M. X. Rustambayev,
A. S. Yakubov, M. Usmonaliyevlarning jinoyat-huquqiy
prinsiplarni jinoyat qonunchiligida aks ettirilishiga oid fikrlarini tahlil qilib, jinoyat qonunchiligida prinsiplarning mazmuni tо‘liq aks ettirilmaganligi, jinoiy javobgarlik prinsiplari va Jinoyat kodeksi prinsiplari bо‘yicha nomuvofiqlik mavjudligini e’tirof etib, javobgarlikning asoslari va prinsiplari belgilangani JK 2-moddasining ikkinchi qismi va Kodeksning prinsiplari haqida sо‘z yuritilgan 3-moddadagi nomuvofiqlikni bartaraf etish uchun JK 2-moddasi ikkinchi qismini quyidagi tahrirda bayon etishni taklif qilgan:
“Ana shu vazifalarni amalga oshirish uchun Kodeksda jinoyat qonunchiligining prinsiplari, jinoiy javobgarlikning asoslari, qanday ijtimoiy xavfli qilmishlar jinoyat ekanligi aniqlanadi, ijtimoiy xavfli qilmishlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan qо‘llanilishi mumkin bо‘lgan jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralari belgilanadi”.
Ikkinchi bobning “Jinoyat-huquqiy prinsiplarni qonunchilikda aks ettirishga oid xalqaro tajriba” deb nomlangan uchinchi paragrafida, Mustaqil Davlatlar
Hamdо‘stligi davlatlari uchun Namunaviy jinoyat kodeksi, Rossiya, Ukraina, Belarus, Armaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Moldova, Yaponiya, Xitoy, Germaniya, Fransiya, AQShning jinoyat qonunchiligida jinoyat-huquqiy prinsiplarning aks ettirilishiga oid tajriba о‘rganilgan. Dissertant, yuqoridagi mamlakatlar qonunchiligi tahlili hamda mamlakatimizda 2022-yilda sudlar tomonidan kо‘rib chiqilgan jinoyat ishlarining 24,6% yarashilganligi munosabati bilan tugatilganligidan kelib chiqib, jinoiy javobgarlikdan ozod qilishni prinsip sifatida jinoyat qonunida aks ettirilishini maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi. Chunki, javobgarlikdan ozod qilish institutining mavjudligi javobgarlikning muqarrarligi prinsipi mazmuniga zid hisoblanadi, javobgarlikdan ozod qilishning prinsip sifatida jinoyat qonunida aks ettirish, mazkur nomuvofiqlikni bartaraf qilishga xizmat qiladi.
Disertatsiyaning “Jinoyat-huquqiy prinsiplarning О‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida aks ettirilishi” deb nomlangan uchinchi bobida JK 4-10-moddalarida mustahkamlangan prinsiplar tahlil qilingan.
Ushbu bobning birinchi paragrafi “Qonuniylik prinsipi”ga bag‘ishlangan bо‘lib, ushbu prinsipning jinoyat qonunida aks ettirilishi, uning mazmuni, shaxsni, jamiyat va davlatning huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi ahamiyati ochib berilgan. Qonuniylik prinsipining qonunga aniq rioya qilinishi, javobgarlik va jazo masalasi sudning ixtiyorida ekanligi, qonun analogiyasi, blanket dispozitsiyalarning mavjudligi, qonun normalarining kengaytirilib sharhlanishi kabi tushunmovchilik va nomuvofiqliklar mavjudligi ta’kidlangan, qonunni о‘xshashlik bо‘yicha qо‘llashning taqiqlanishi haqidagi alohida qoidani ushbu prinsip tarkibida JKga kiritish zarurati mavjudligi asoslangan. О‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ma’lumotlariga kо‘ra о‘tgan tо‘rt yarim yilda 3 266 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan. Shuningdek, 16 545 nafar shaxs sud zalidan ozod qilinib, 31 111 nafar fuqaroga nisbatan asossiz qо‘yilgan ayblovlar bekor qilinganligi, qonunni kengaytirilib talqin qilinishi, qonunni о‘xshashlik bо‘yicha qо‘llanishini ta’qiqlashga oid aniq normalarning qonunda bо‘lishi zarurati mavjudligini kо‘rsatadi.
Tadqiqot davomida о‘tkazilgan sо‘rovda JK 4-moddasiga analogiya (о‘xshashlik bо‘yicha qо‘llash)ni taqiqlashga oid norma kiritish zarurati bormi?, degan savolga sudyalarning 47% bunday normani kiritish kerakligini; 47 % bunday norma kiritishga zarurat yо‘qligini, 6% о‘zga fikrda ekanligini; surishtiruvchilar va tergovchilarining 48% kiritish zarurligini, 52% kiritish zarur emasligini
bildirishgan. Muallif JK 4-moddasini “Jinoyat qonunini о‘xshashlik bо‘yicha qо‘llashga yо‘l qо‘yilmaydi” degan qism bilan to‘ldirishni asoslagan.
Ushbu bobning “Fuqarolarning qonun oldida tengligi prinsipi” masalasiga bag‘ishlangan ikkinchi paragrafida fuqarolarning qonun oldida tengligi prinsipi nomi va matni bir-biriga mos emasligi, ushbu prinsip faqat jinoyat sodir qilgan shaxslarning tengligini e’tirof etishi asoslangan. I. E. Zvecharovskiy, N. G. Ivanov, T. R. Sabitov, V. V. Malsevlarning ushbu prinsip nafaqat jinoyat sodir qilgan shaxslar, balki barcha fuqarolarning tengligini ifodalashi zarurligi haqida fikrlariga qо‘shilib, jazo tayinlashda ayollar, voyaga yetmagan shaxslar, qariyalarning jinsga oid, yosh va jismoniy xususiyatlarini hisobga olinishi tenglik prinsipini buzish emas, aksincha ma’lum bir ma’noda teng imkoniyatga ega bо‘lmagan shaxslarni kuchliroq muhofaza qilinishi nazarda tutishi qayd etilgan.
Tadqiqot davomida о‘tkazilgan sо‘rovda JK 5-moddasi “Fuqarolarning qonun oldida tengligi prinsipi”ning nomida “fuqarolar”, matnida esa “... shaxslar”ning qonun oldida tengligi nazarda tutilgan, shu sababdan JK 5-moddasi nomini “Qonun oldida tenglik prinsipi” deb о‘zgartirish fikriga qanday qaraysiz? degan savolga surishtiruvchi va tergovchilarning 48% ijobiy, ya’ni fuqaro va shaxs ikki xil tushuncha bо‘lganligi sababli 5-modda nomi ham о‘zgartirilishi kerak, 51% salbiy, uni о‘zgartirish huquqni qо‘llash amaliyoti uchun hech qanday ahamiyatga ega emas, deb fikr bildirgan bо‘lsa, Sudyalar oliy maktabi magistrantlari va sudyalarning 87% JK 5-moddasi nomini о‘zgartirishni, 13% ushbu taklifni qо‘llamasligini kо‘rsatishganligi ham, ushbu moddaning nomi va matnini yangi tahrirda berish etish zarurligini namoyon etilishi asoslangan.
Uchinchi paragraf “Demokratizm prinsipi”ga bag‘ishlangan bо‘lib, muallif ushbu prinsip kо‘proq umumhuquqiy prinsip bо‘lganligi sababli faqat bir nechta davlatlar jinoyat qonunchiligida prinsip sifatida aks ettirilganligi, ushbu prinsip о‘z mazmuniga kо‘ra jinoyat sodir etgan shaxslarning axloqini tuzatish yо‘nalishida jinoyat-ijroiya qonunchiligi, sudda ishlarni kо‘rishda jamoatchilik ishtiroki masalasida jinoyat-protsessual qonunchiligining mazmuniga mos kelishini ta’kidlagan. Sо‘nggi yillarda, sudlarda ishlarni kо‘rishda jamoatchilik ishtirokining shakli bо‘lgan sayyor sudlar majlislarining kо‘lami oshib borayotganligi, jumladan 2016-yilda sayyor sudda kо‘rilgan jinoyat ishlari sudlarda kо‘rilgan umumiy jinoyat ishlarining 6,2%ini tashkil qilgan bо‘lsa, 2017-yilda ushbu kо‘rsatkich 28,5%ni, 2018-yilda 46,1%, 2019-yilda 48,1%, 2020-yilda 22%, 2021-yilda
39,8%ga kо‘payganligi ta’kidlangan.
“Insonparvarlik prinsipi”ga bag‘ishlangan tо‘rtinchi paragrafda insonparvarlik prinsipining jinoyat qonunchiligini takomillashtirishdagi ahamiyati haqida M. X. Rustambayev, Q. R. Abdurasulova, A. S. Yakubov, R. Kabulovlar fikrlari tahlil qilinib, jinoiy jazo jinoyat sodir qilgan shaxsga qilmishi uchun davlatning javob ta’sir chorasi bо‘lib, ushbu choraning haddan tashqari qattiq bо‘lmasligi, jinoyat sodir qilgan shaxsga jismoniy yoki boshqacha azob bermasligi, jazo jinoyatga va jinoyat sodir qilgan shaxsga nisbatan mos (adekvat) bо‘lishini ta’kidlagan.
Sо‘rovda ishtirok etgan respondentlarga jinoyat ishi bо‘yicha qaror chiqarishda bevosita JK 4-10-moddalarida belgilangan prinsiplarga havola qilganmisiz (о‘z qaroringizni asoslantirishda prinsiplarni kо‘rsatganmisiz)?, degan savolga surishtiruvchi va tergovchilarning 32% ha deb, 68% yо‘q, qarorlarni asoslantirishda JK tegishli moddalarini kо‘rsatib о‘tish yetarli, deb javob berishgan bо‘lsa, xuddi shu savolga sudyalarning 67% prinsiplarni qarorlarida kо‘rsatishini, 33% esa, kо‘rsatmasligini bildirishgan.
Dissertant sо‘nggi vaqtlarda insonparvarlik prinsipini faqat bir tomonlama, ya’ni jinoyat sodir qilgan shaxsga nisbatan rahm-shafqat qilish, yengilroq jazo berish sifatida talqin qilinishiga yо‘l qо‘yib bо‘lmasligini ta’kidlab, insonparvarlik prinsipi belgilangan normada boshqa shaxslarning ham huquqlari о‘z aksini topishi kerakligini taklif qilgan.
Muallif 1 000 dan ortiq sud qaror (hukm va ajrim)larini о‘rganib, sudlar tomonidan odatda sanksiyada belgilanganidan ham kamroq yoki sanksiyada belgilanmagan boshqa engilroq jazo tayinlashda asoslantirish qismini kuchaytirish uchun, albatta, insonparvarlik prinsipiga murojaat qilinganligi, aksincha belgilangan sanksiya doirasida jazo tayinlangan birorta sud hukmida prinsiplarga havola qilinmaganligini aniqlagan.
Tadqiqotchi insonparvarlik prinsipi JK 7-moddasida faqat jinoyat sodir qilgan shaxsga nisbatan insonparvar munosabatda bо‘lishga qaratilganligi tо‘g‘ri emas, deb, ushbu prinsip JK 2-moddasi talablaridan kelib chiqib, jabrlanuvchining huquqlarini ham ta’minlashga nisbatan qо‘llanilishi va bu JKning 7-moddasida о‘z aksini topishi kerakligini qayd etgan holda, JK 7-moddasini yangi tahrirda bayon etishni taklif qilgan.
Beshinchi paragraf “Odillik prinsipi”ga bag‘ishlangan bо‘lib, unda odillik (adolat) jinoyat huquqining dolzarb masalalardan hisoblanishi, chunki, qonuniylik, tenglik va insonparvarlik har doim ham adolat (odillik)ni ta’minlay olmasligi asoslangan. Odillik prinsipi qonun va jazoning odil bо‘lishini nazarda tutadi. Jinoyat qonuni odil bо‘lishi uchun birinchidan, asoslangan bо‘lishi, ya’ni jinoyat qonuni oldiga qо‘yilgan vazifalarni bajaradigan darajada javobgarlik belgilangan bо‘lishi; ikkinchidan, jamiyatdagi jinoyatchilik darajasini hisobga olib, uni kamaytirishga yо‘naltirilgan bо‘lishi, uchinchidan, jamiyatda yuzaga kelayotgan о‘zgarishlar tufayli paydo bо‘layotgan yangi jinoyatlar turlariga nisbatan о‘z vaqtida javob reaksiyasi (qilmishlarni jinoyat deb topish) orqali huquqiy bо‘shliqni tо‘ldirishi kerak. Tadqiqotchi jinoyat qonunchiligida aks etmagan, ammo jinoyat huquqi nazariyasida mavjud jazoning individualligi prinsipini odillik prinsipini amalga oshirishning asosiy vositasidir, deb hisoblaydi.
“Ayb uchun javobgarlik prinsipi”ga bag‘ishlangan oltinchi paragrafda ayb tushunchasi, uning jinoiy javobgarlikka ta’siri, aybsiz holda zarar yetkazganlikning oqibatlari, yuridik shaxslarning jinoiy javobgarligi masalalari tahlil qilingan.
Ayb uchun javobgarlik prinsipi О‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 28-moddasida belgilangan jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda, oshkora sud muhokamasi yо‘li bilan
isbotlanmaguncha va sudning qonuniy uchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishi haqidagi qoidadan kelib chiqadi. Qilmishning jinoiyligi belgilari va jinoyat tarkibi elementlaridan biri sifatida ayb, shaxsning о‘z qilmishi va uning natijasida kelib chiqadigan oqibatlariga nisbatan ruhiy munosabatini aks ettirganligi sababli, dissertant faqat aqli raso, qonunda belgilangan javobgarlik yoshiga yetgan shaxslar jinoyat subyekti bо‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Dissertant, ayb ijtimoiy xavfli qilmishni sodir qilgan shaxsning о‘z qilmishi va uning oqibatlariga nisbatan ruhiy munosabati ekanligi hamda yuridik shaxsning qilmishiga nisbatan ruhiy munosabati bо‘lishi mumkin emasligi sababli, JKda yuridik shaxslarning jinoiy javobgarligini belgilash maqsadga muvofiq emasligini ta’kidlaydi.
Yettinchi paragrafda “Javobgarlikning muqarrarligi prinsipi” haqida sо‘z yuritilib, unda jinoyat qonunida belgilangan javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilishga oid normalar mazkur prinsip mazmuniga qanchalik mosligi adabiyotlarni о‘rganish va amaliyot xodimlari о‘rtasida о‘tkazilgan sо‘rov natijalari asosida tahlil qilingan. Tadqiqot jarayonida JK 10-moddasida qilmishida jinoyat tarkibining mavjudligi aniqlangan har qanday shaxs javobgarlikka tortilishi belgilanganligi JK 64-68-moddalarida nazarda tutilgan javobgarlikdan ozod qilish haqidagi normalarga zid emasmi? degan savolga surishtiruvchi va tergovchilarning 46% JK 10-moddasiga shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi mumkinligi haqidagi normani kiritish kerak, 50% javobgarlikdan ozod qilish insonparvarlik prinsipiga asoslanadi, 4% esa boshqa fikrda ekanligini bildirishgan bо‘lsa, sudyalarning 50% JK 10-moddasiga shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi mumkinligi haqidagi normani kiritish kerak deb, 37% javobgarlikdan ozod qilish insonparvarlik prinsipiga asoslanishini, 13% esa boshqa fikrda ekanligini bildirishgan.
2022-yilda sudlar tomonidan 75 078 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari kо‘rib chiqilgan bо‘lsa, bunda sudlanganlar 56 542 (sudlarda ishi kо‘rilgan jami shaxslarga nisbatan 75%) nafarni tashkil qilganligi aniqlangan. Ya’ni, jinoyat sudlarida ishi kо‘rilgan shaxslarning har tо‘rttadan bittasi (25%) javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilingan. Bunda, faqat yarashuv asosida javobgarlikdan ozod qilinganlar 15 315 nafarni (sudda ishi kо‘rilib, sudlanmagan shaxslarning umumiy soniga nisbatan 82%) tashkil qilganligi, javobgarlikning muqarrarligi haqida sо‘z yuritishning tо‘g‘riligini shubha ostiga qо‘yadi. Shuningdek, javobgarlikning muqarrarligi prinsipi jinoyat qonunchiligidagi javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilish institutlari, qilmishning jinoiyligini istisno qiluvchi holatlar hamda javobgarlikka tortishdan ozod qiladigan alohida holatlar bilan hamda JPKning 325moddasida nazarda tutilgan faqat jabrlanuvchi shikoyati bilan qо‘zg‘atiladigan jinoyat ishlari mazmuni bilan muvofiq emasligi asoslangan.
Shu sababdan dissertant, JK 10-moddasini JKda belgilangan holatlarda shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkinligi haqidagi ikkinchi qism bilan tо‘ldirish lozimligini asoslagan.