Innovatsion til ta’limi sharoitida ham o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Xususan, yangi tilshunoslik sohalari kirib kelmoqda. Jumladan, lingvopragmatika,
lingvodidaktika, psixolingvistika kabi fanlar. Shular orasidan lingvodidaktika yo‘nalishini atroflicha izohlasak va o‘zbek til ta’limida lingvodidaktikaning tutgan o‘rnini belgilab o‘tsak maqsadga muvofiq bo‘lardi. Lingvodidaktika – bu ta’lim
nazariyasi va tillarni o‘rganish va o‘zlashtirish jarayonlarini o‘rganish bilan bir qatorda ta’lim maqsadida tilni lingvistik tavsiflash bilan shug‘ullanadigan ilmiy fan. Lingvodidaktika – bu tilni o‘qitishni ham, o‘zlashtirishni ham hisobga oladigan
amaliy fan. Lingvodidaktikaning til o‘qitishga oid qator ilmiy fanlar bilan o‘zaro aloqasi ko‘rib chiqiladi. Ular orasida tilshunoslik, psixologiya, sotsiologiya, aloqa nazariyasi, aloqa etnologiyasi, didaktika kabi fanlar mavjud.
O‘quvchilarni ish qog‘ozlaridan to‘g‘ri va unumli foydalana olishga o‘rgatish hayotiy zaruriyatdir. Zero, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi qonunining 7-moddasida: “O‘zbekistonda muassasa, korxona, tashkilot
birlashmalarida ish respublika davlat tilida yuritiladi”, – deb qayd qilinadi. Dars jarayonida ish qog‘ozlaridan foydalanishga o‘rgatish til sathlarini o‘qitish bilan chambarchas aloqadorlikda amalga oshiriladi. Ona tilining deyarli barcha bo‘limlarini o‘qitishda o‘quvchilar hujjatlarning u yoki bu turi bilan tanishadilar, uni yozishni o‘rganadilar.
Insonning ma’naviy kamolotga erishuvida, jamiyatning madaniy-ma’rifiy rivojida ona tilining o‘rni favqulodda muhimdir. Til milliy ma’naviyat, ma’rifat va madaniyatning eng xolis va xira tortmas ko‘zgusidir. Hadisi shariflarda “Kishining
zeb-u ziynati, go‘zalligi uning tilidadir” deyiladi. Qadim-qadim zamonlardan beri har bir millat, har bir qavm o‘z tiliga buyuk hurmat bilan qaraydi. Chunki til millat degan birlikning tamal toshi, u boy berilsa, millat ham boy beriladi. Birinchi Prezidentimiz I.Karimovning quyidagi so‘zlarida ulkan ma’no bor: “Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi... Ona tili – bu
millatning ruhidir. O‘z tilini yo‘qotgan har qanday millat o‘zligidan judo bo‘lishi muqarrar.” Demakki, millatning borligi va birligining bosh belgisi tildir