3
I ШЎЪБА
O‘ZBEKISTONDA NEMIS TILIGA BO‘LGAN E’TIBOR
(Samarqand Davlat chet tillar instituti misolida)
I.M. Tuxtasinov (SamDChTI rektori)
Ma’lumki, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi dunyo hamjamiyatida o‘z
o‘rniga ega, kelajagi porloq mamlakat sifatida tan olinmoqda. Yurtimiz ravnaqi yo‘lida
qilinayotgan tub islohotlar haqida gap borar ekan, bu o‘rinda bizga har tomonlama beg‘araz
yordam berayotgan xorijiy davlatlarning, xususan Germaniya federativ respublikasining
xizmatini alohida ta’kidlab o‘tishimiz lozim.
Muhtaram Prezidentimizning 2019-yil yanvar oyida Germaniya federativ
respublikasikasiga qilgan tashrifi hamda 2022-yil 14-mart kuni Germaniya prezidenti
Frank-Valter Shtaynmayer bilan telefon orqali qilgan muloqoti davomida O‘zbekiston va
Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlash va o‘zaro
manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Prezidentlar o‘rtasidagi
mazkur muloqotlar jaryonida
taʼlim tizimida nemis texnologiyalaridan samarali foydalanish,
Oʻzbekistonda Germaniyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari filiallarini ochish,
yurtimizda nemis tili chuqurlashtirilgan holda oʻqitiladigan maktablar tarmogʻini
kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Germaniya bilan hamkorlikda olib borilayotgan istiqbolli ishlar Samarqand Davlat
chet tillar institutiga ham taaluqlidir. Jumladan, institutimiz Germaniyaning quyidagi ta’lim
muassasalari bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqlarini o‘rnatgan:
1.
Humboldt universiteti
2.
Heidelberg pedagogika universiteti
3.
Frayburg universiteti
4.
Mainz universiteti
5.
Bochum universiteti
6.
Leibniz nemis tili instituti
Institutda nemis tilida dars berayotgan professor-o‘qituvchilar hamda nemis tilini
o‘rganayotgan talabalarning nemis tilini chuqur o‘zlashtirishlarida hamda o‘z malakalarini
xorijda oshirib kelishlarida Gyote instituti, Germaniya Akademik almashuv xizmati
(DAAD), Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarma kabi tashkilotlarning ham hissasi kattadir.
Shuni ta’kidlab o‘tishimiz joizki, institutimizda Germaniya firmalari hamda nemis
mutaxassislari bilan hamkorlikda ish olib borishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Masalan,
institutimiz joriy yilning mart oyida Germaniyaning “Simsons Private Akademy” firmasi
bilan kasbga yo‘naltirilgan dual ta’lim borasida memorandum imzoladi. Bu ikki tomonlama
shartnomaga asosan, ko‘plab talabalarimizning Germaniyada ish bilan ta’minlanishiga
zamin yaratildi.
Bugungi kunda ikki nafar Germaniyalik mutaxassis: PHD doktori Manfred Frühauf
hamda DAAD lektori Anton Umbax institutimizda faoliyat olib borishayotgani ham ikki
tomonlama hamkorlikning yorqin namunasidir.
Samarqand Davlat chet tillar institutining Germaniya oliygohlari bilan hamkorlikda
olib borayotgan ishlarida, tabiiyki, institutning Roman-german tillari fakulteti “Nemis tili va
adabiyoti kafedrasi” jamoasining ham munosib hissasi bor.
4
Bugungi kunda kafedrada professor A.M.Bushuy asos solgan “Tilning sistem-
strukturaviy va nominativ-kommunikativ tarzda namoyon bo‘lishi” nomli ilmiy maktab,
professor B.T.Tursunov boshlab bergan “Matnning lingvistik tahlili” ilmiy maktabi,
shuningdek, professorlar: B.X.Rizaev, A.A.Yaxshiyev, M.B.Begmatov, P.J.Nazarovlar
rahbarligi ostida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar tahsinga sazovordir.
Kafedra mutaxassislari nemis tili yo‘nalishi bo‘yicha har yili eng iqtidorli talabalarni
turli konkurs va olimpiadalarga tayyorlashadi. Masalan, 2019-yilda bo‘lib o‘tgan
Respublika chet tili olimpiadasida nemis yo‘nalishi talabasi Viktor Sundeyev faxrli
2 o‘rinni, 2021-yil esa mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. O‘tgan yili Roman-german tillari
fakulteti nemis tili yo‘nalishi talabalaridan Rasulova Hilola va Abrorqulov Abror
“Erasmus+” dasturining xalqaro kredit modulligi loyihasida ishtirok etib, joriy o‘quv yilida
Germaniyaning Myunchen universitetida tahsil olish baxtiga muyassar bo‘lishdi.
Hozirgi davr talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda “Nemis tili va adabiyoti”
kafedrasi “Zamonaviy tilshunoslikning dolzarb muammolari”, “Nemis tili o‘qitishda
raqamli texnologiyalardan foydalanish” mavzulari ostida Germaniya, Avstriya va
Shvetsariyalik olimlar bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishmoqda.
Shuningdek, “Nemis tili va adabiyoti” kafedrasi tomonidan bir necha yildan beri o‘tkazilib
kelinayotgan va allaqachon an’anaga aylangan “Zamonaviy lingvistik tadqiqotlar: xorijiy
tajriba, istiqbolli izlanishlar va tillarni o‘qitishning innovatsion usullari” mavzusidagi
xalqaro ilmiy-amaliy anjumanida ham nemis tilshunosligi va nemis tili o‘qitish metodikasi
bilan shug‘ullanib kelayotgan mahalliy professor-o‘qituvchilar bilan bir qatorda ko‘plab
xorijlik mutaxassislar, xususan Germaniya, Avstriya, Shvetsariya mamlakatlarining nufuzli
universitetlarida faoliyat ko‘rsatuvchi olimlar ham o‘z ma’ruzalari bilan muntazam
qatnashib kelishayotgani ham e’tiborga molikdir.
Mazkur anjumanning bu yilgi yig‘ilishi oldidan Gyote Institut va DAAD tashkilotlari
hamkorligida Samarqand Davlat chet tillar institutida respublika nemis tili
o‘qituvchilarining mobil anjumani bo‘lib o‘tganligini hamda SamDChTI “Nemis tili va
adabiyoti” kafedrasi professorlari M.B.Begmatov va P.J.Nazarovlar tomonidan “Samarqand
nemis tilshunosligi maktabi” nomli ilmiy-ommabob risolaning nashr etilishini to‘yga
to‘yona sifatida baholashimiz mumkin.
Ishonch bilan ta’kidlab o‘ta olamizki, Samarqand Davlat chet tillar institutining
nemis tilida gaplashuvchi mamlakatlar, xususan Germaniya federativ respublikasi bilan
ta’lim sohasida bo‘lgan ilmiy-pedagogik aloqalari yanada kuchayadi.