2025
OKTABR
NEW RENAISSANCE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE
VOLUME 2
|
ISSUE 10
176
“KALILA VA DIMNA” QO‘LYOZMA NUSXALARIDA OBRAZLARNING BADIIY
IFODALANISHI
Fazliyeva Mohigul Xayriddinovna
“Xadichayi Kubro” ayollar madrasasi o‘qituvchisi
+998901881162
https://doi.org/10.5281/zenodo.17406491
Annotatsiya.
Ushbu tezisda barcha xalqlar uchun birdek sevimli bo‘lmish “Kalila va
Dimna” asari turkiy qo‘lyozmasi muqaddima boblarida kelgan asosiy hamda masallardagi turli
yordamchi obrazlarning badiiy tahlili xususida so‘z yuritildi.
Kalit so‘zlar
: “Kalila va Dimna”, qo‘lyozma nusxa, Dobshalim, Bedapoy, Anushervon,
Barzuya, masal, hikoyat, Kalila, Dimna.
Abstract.
This article discusses the artistic analysis of the main and various supporting
characters in the parables in the introductory chapters of the Turkish manuscript of the work
"Kalila and Dimna", which is equally beloved by all peoples.
Keywords:
"Kalila and Dimna", manuscript copy, Dobshalim, Bedapoy, Anushervan,
Barzuya, parable, story, Kalila, Dimna.
“Kalila va Dimna” asarining dunyo bo‘ylab o‘rganilishi va tadqiq etilishi necha asrlardan
beri olimlarning diqqat-e’tiborini o‘ziga qaratib kelmoqda. Ko‘plab o‘rta asrlarga tegishli arab
badiiy asarlarida asosiy g‘oya axloqiy tarbiyalanish hisoblanib, aynan “Kalila va Dimna”
muqaddimasida bu holat bosh maqsad darajasida ko‘tariladi. Buning sababi shunda ediki, VIII
asrda kitobni arab tiliga tarjima qilgan zukko va faylasuf olim Ibn al-Muqaffa badiiy so‘zning
vazifasi – insoniy moyilliklar va shaxs tabiatini tuzatish deb, qat’iy qarorga kelgan va buni o‘z
asar-u tarjimalarida isbotlagan[4]. “Kalila va Dimna”ning maqsadi ham xuddi shu jihatdan
insonlarni hajv va kulgi bilan majoziy obrazlar orqali to‘g‘ri yo‘lga solish hamda tarbiya
berishdan iborat edi.
“Kalila va Dimna” asaridagi obrazlar va xarakterlar haqida fikr yuritadigan bo‘lsak, unda
shoh Dobshalim va vazir ― faylasuf Beydabo (Turkiy qo‘lyozmalarda Bedapoy deb keladi) va
ular atrofidagi saroy a’yonlari, shoirlar va maslahatchilardan tortib, hikoyat va masallar tarkibida
keluvchi turli-tuman qahramonlar ― shaxslar-u hayvonlargacha barchasi asarda o‘ziga xos
dolzarb o‘ringa ega.
Dobshalim shoh o‘z yoniga brahmanlardan bo‘lmish faylasuf Bedapoyni chaqirib, u
o‘zidan oldin o‘tgan shohlarning hikmat xazinalari bilan tanishganini, ammo hech narsani
tushunmaganligini, shuningdek, Dobshalimga bag‘ishlab biror kitob yozilmaganligi, buning
natijasida shoh dunyodan o‘tib ketgach, uning haqida avlodlar xabarsiz qolib ketishidan
xavotirdaligini aytib qoladi. So‘ngra Bedapoyga buyuradiki, butun ilm-u hunarini ishga solib, u
haqida bir ajoyib kitob yozsa va unda xalqni qanday idora etish va tarbiyalash lozimligini
ko‘rsatib, shohlarning axloqi qanday bo‘lishini, raiyatning shohga qanday xizmat qilishi
zarurligini bayon etsa ushbu asar undan yodgor bo‘lib qolgan bo‘lar edi. Shundan so‘ng Bedapoy
sodiq va mehnatkash shogirdlaridan birini yoniga chaqirib, bir yil davomida uydan chiqmasdan bir
kitob yozdiki, unda ham jiddiy va hazil-mutoyiba so‘zlar, ham hikmat va falsafaga oid fikrlar
mujassamlangan edi. Bedapoy ushbu kitobga “Kalila va Dimna” deb nom qo‘yadi. Kitobda barcha
2025
OKTABR
NEW RENAISSANCE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE
VOLUME 2
|
ISSUE 10
177
gaplar vahshiy hayvonlar, darranda va parrandalar tilidan beriladi. Toki, kitob shakl jihatidan
sodda, odamlarga ermak, mazmunan esa kishilarga ibrat bo‘lsin. Bu dunyoda ham, u dunyoda ham
insonga nima lozim bo‘lsa, hammasini ular bu kitobda topa olsinlar, shohga tobe bo‘lish yoki
zararli narsalardan qochib qutula olish uchun qanday tadbirlar foydali ekanligini bundan
o‘rgansinlar.
Kitobning o‘ziga xosligi shunda ediki, uni johil odamlar o‘qisalar ma’nosini tushunmas
edilar, hayvonlarning so‘zlashiga hayron qolib, uni hazil deb o‘ylashardi, kimki bu kitobni yaxshi
o‘zlashtirmasa, undagi so‘zlarning ma’nosi uning uchun qorong‘i bo‘lib qolardi.
Kitobning ilk muqaddimalarida kelgan asosiy obrazlardan Bedapoy xarakteriga e’tibor
bersak, u nafaqat saroyning, balki o‘z zamonasining eng aqlli, adolatli va donishmand faylasufi
sanalgan. U ham do‘st, ham dushmanlariga adolatli, mehribon va saxovatli kishi edi. Oddiy
xalqqa, raiyatga mehribonlik qilib, ularning dard-u hollarini tinglab, doimo ularga xayrixohlik
qilib yurardi. Bedapoyning “Ma’rifatli odamlar ham o‘zlaridan past va yuqori vazifadagi odamlar
bilan maslahatlashmog‘i kerak. Xususiy masalalarni hal etishda bir aql ojizlik qilganidek, umumiy
masalalarni yechishga ham kifoya qilmaydi”[2], degan gaplaridan ham uning qanday inson
ekanligini anglab olamiz. Xuddi shunday fazilatlarga ega ekanligi uchun ham podshoh Dobshalim
unga “Kalila va Dimna”ni yozishni topshiradi va ushbu kitobning taniqli bo‘lishiga ishonadi.
Dobshalim shoh esa ko‘pchilik hukmdorlar obraziga o‘xshab, shuhrat va laganbardorlikni
ko‘tarolmay o‘zidan ketadi, raiyat ahvolidan bexabar bo‘lib, ayshga beriladi, bechora xalq och-
yalang‘och qolib, juda qiyin holatga yetadi. Ammo Bedapoyning maslahat va nasihatlari, uning
yo‘l-yo‘riqlari orqali Dobshalim to‘g‘ri yo‘lga tushib, adolatni o‘ziga shior qilib oladi, raiyat ishi
bilan bevosita shug‘ullanib, dushmanlar harakatini kuzatadi. Natijada davlat farovonlashib, oddiy
xalq to‘kin hayot kechira boshlaydi.
Asarning yana bir muqaddimasidagi Eron shohi Anushervon obraziga ta’rif bersak,
shunday jumlalarni uchratamiz: “Olloh taolo qudratli va saodatli Anushervon Kisro ibn Qubodni
aql nuridan va adolat xazinasidan bahramand etgan, ishbilarmon, favqulodda g‘ayratli qilib
yaratgandi. U o‘zining bu xizlatlari soyasida ilm o‘rganib, turli sohada shunday kamolot
darajasiga yetganki, undan avvalgi shohlarning hech biri bunga erisholmagan”[3,31-bet].
Yuqoridagi misralardan ko‘rinib turibdiki, shoh nafaqat xalq orasida “Anushervoni odil” nomi
bilan mashhur bo‘lgan, balki ishning ko‘zini puxta bilgan ilmli shaxs ekanligi uchun uning saroyi
bilimdon olimlar va tafakkurli faylasuflar bilan boy bo‘lgan. Xuddi shu sababdan ham
Anushervon “Kalila va Dimna”ning ovozasini eshitgach, saroy fuzalolariga qanday yo‘l bilan
bo‘lsa ham ushbu kitobdan nusxa olib kelishlarini buyuradi va, albatta, bunga erishadi.
Anushervon tomonidan Hindistonga yuborilgan, otasi qo‘shin boshliqlaridan, onasi
Zardusht ulamolaridan bo‘lgan Barzuya obraziga kelsak, u iste’dodli olim, fozil, fors hamda hind
tillarini yaxshi biladigan, bundan tashqari, tib ilmidan shuhrat qozonib, tabiblik kasbini puxta
egallagan yigit edi. Barzuya Hindga borib, saroy olimlaridan biri bilan yaqin do‘st tutinadi, unga
nima maqsadda kelganligini oshkor qilmay, samimiy o‘rtoqlik hissi bilan o‘ziga yaqin oladi.
Do‘stlik rishtalari mustahkamlangach, o‘zining bu yurtga kelish sababini bayon etadi. Shu o‘rinda
uning nima maqsadda kelganligini sezib yurgan do‘sti uning tutgan yo‘liga tan beradi. Barzuya
qo‘llagan makr-hiyla yomonlik uchun qilinmaganligini, shu o‘rinda yigitning nazokat va muloyim
muomalasi, o‘zining va boshqalarning sirini yaxshi saqlay olishi, shirin til bilan saroy odamlarini
2025
OKTABR
NEW RENAISSANCE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE
VOLUME 2
|
ISSUE 10
178
qo‘lga ola bilishi va ortiqcha so‘zlamay o‘zini doim sipo tutishlarini yaxshi fazilat deb biladi va
quyidagi jumlalarni bayon etadi: “Men sening sabr-u irodangga qoyil qoldim. Suhbat vaqtlarida
biror so‘z bilan siringni fosh qilib yurarsan deb, poylab yurdim. Lekin bunday bo‘lmadi,
matonating, ehtiyotkorliging senga bo‘lgan e’tiqodimni oshirdi, do‘stlik va birodarlik hislarini
kuchaytirdi”[3,33-bet].
Kitobning muqaddima boblari yakunlangach, asosiy voqea qismi boshlanadi. “Suxani chin
va chaqimchilar so‘zidin qochmoq bayonida”, deb nomlanuvchi avvalgi bob hind rojasi va
brahmanning mulohaza va savol-javoblari bilan boshlanadi. Ushbu obrazlar asarning poydevorini
tashkil qilib, voqealar zanjirini bir-biri bilan bog‘lab turuvchi kuchlardir. Chunki hind rojasining
brahmanga qaysidir masala yuzasidan savol berishi hamda unga javob sifatida brahmanning
hikoyat yoki masal aytib berishi bilan voqealar silsilasi rivojlanib boradi. So‘ngra sahnaga
kitobning asosiy qahramonlari Kalila bilan Dimna keladi.
O‘rmonda yashovchi hayvonlar orasida ikki shag‘ol bo‘lib, ikkovi ham sezgir va makkor
edilar, ammo Kalila adolatli va mehribonroq bo‘lib, Dimna esa ziyrakroq va yovuzroq edi:
Mazmuni: “Aning qotida ikki jo‘bori bor erdikim, birining oti Kalila va yana birining oti
Dimna va har ikkisi ziyraklik va donishmandlik birla mashhur erdilar. Ammo Dimna ulug‘
bo‘lmoqqa va martaba topmoqg‘a haris erdi. Farosat birla bildikim, sherg‘a na qo‘rqunj paydo
bo‘lubdur ”[1, 55-a bet].
Sherning ishonchiga kirmoqchi bo‘lib, avval uni ho‘kiz bilan do‘stlashtirib qo‘ygan,
so‘ngra ularning orasida do‘stlik kuchayib ketganidan, sherning asosiy vaqtini ho‘kiz bilan
o‘tkazishidan jahli chiqib, g‘ashi kelgan Dimna bor makr-u hiylasini ishga soladi. Uning yolg‘on
fitnalariga ishonib, do‘sti ho‘kizni o‘ldirib qo‘ygan sher juda pushaymon bo‘ladi hamda
Dimnaning ishlarini taftish qilib, yolg‘onlaridan xabar topadi. Haqiqat qaror topishi uchun
Dimnani o‘limga hukm qiladi va do‘stining bunday ishlaridan xabar topgan Kalila tushkunlik va
g‘amdan ado bo‘ladi. Kitob shunday yakunlanishiga qaramay, Kalila va Dimnaning o‘z aql va
sezgirliklarini ishga solgan holda turli vaziyatlarda mushkul ahvolda qolgan asar personajlariga
maslahat va yordam sifatida aytgan masal-u hikoyatlari diqqatga sazovordir.
Dimna tomonidan so‘zlangan shunday masallardan biri “Qarg‘a, Ilon va Shag‘ol” bo‘lib,
bu haqda O‘zRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida 5807 inventar
raqami ostida saqlanayotgan qo‘lyozmada shunday qaydlarni o‘qiymiz:
2025
OKTABR
NEW RENAISSANCE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE
VOLUME 2
|
ISSUE 10
179
Mazmuni: Hikoyat. Dimna aydi: Kelturubdurlarkim, bir juft qarg‘a bir tog‘ belidag‘i
tushukda uva(uya) qayub erdi. Ul tushukka yovuq bir ilon bor erdikim, hamisha ishi kishini
halokatga solmoq va achig‘ zahar birla totlig‘ jonin olmoq erdi. Va har borkim, qarg‘a bola
chiqarsa, ilon uya ichiga kirar erdi va bolasini olib yer erdi va zog‘-u zog‘ chakrin farzand
firoqig‘a dog‘ kuydurur erdi, chun ilon satmi haddan oshdi[1, 57-b bet].
Qarg‘a o‘zining dushmani bo‘lmish, har yili bolalarini yeb, uni g‘amga qo‘yadigan ilondan
qutulish uchun shag‘oldan borib maslahat so‘raydi. Makr-u hiylaga usta bo‘lgan shag‘ol unga
shunday yo‘l-yo‘riq beradi: Havoda parvoz qilib, kishilarning unutib qoldirgan qimmatbaho
ashyolarini olib kelib, ilonning uyasiga tashishini, bundan xabar topgan odamlar esa boylik ilinjida
ilonni kelib o‘ldirishlarini aytadi. Shag‘olning bu maslahatini kam- ko‘stsiz bajo qilgan qarg‘a
oxiri dushmani - ilondan xalos bo‘ladi. Ushbu masaldagi ilonning ochko‘z va fahmsizligi o‘zini
boshiga yetganini ko‘ramiz. Aqlli va ayyor shag‘olning gapiga amal qilgan sodda va go‘l qarg‘a
oxiri o‘z niyatiga yetadi.
Unga javoban makrning yomon ekanligini isbotlash uchun Kalila “Tezhush va Xaramdil ”
hikoyatini so‘zlaydi:
Mazmuni: Hikoyat. Kalila aydi: ikki sherik bor erdilarkim, biri oqil va biri g‘ofil. Ul
birikim, bag‘oyat ziyrakligidin suv yuziga turluk naqshlar solur erdi, oni Tezhush atar erdilar.
Birikim, benihoyat eplilikdin sud va ziyonin imtiyoz etolmas erdi. Muni Xaramdil der erdilar. Bir
kuni ularg‘a savdogarchilik havosi bo‘lub, bir-birlari birla ittifoq qilib safar qildilar, ketib erur
erdilar… [1, 107-a bet]
Ushbu hikoya obrazlariga diqqatimizni qaratsak, savdogarlik qilish uchun yo‘lga chiqqan
ikki hamroh yo‘ldan bir xalta tilla topib olishadi. Yo‘lovchilardan biri juda hiylagar bo‘lib, uning
taklifiga ko‘ra pulni ko‘tarib yurmasdan bir daraxt ostiga ko‘mib qo‘yishadi. Ammo sherigining
soddadilligidan foydalangan Xaramdil shu joyga qaytib kelib, oltinlarni qazib oladi va uyga borib
2025
OKTABR
NEW RENAISSANCE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE
VOLUME 2
|
ISSUE 10
180
otasiga o‘z makr-u rejasini bayon qiladi. Avvaliga qarshilik ko‘rsatgan ota baribir otalik mehri
ustun kelib, o‘gli aytgan ishni bajaradi. Oltinlarni topolmagan Tezhushning ustidan tuhmat qilib
qoziga murojaat qilgan Xaramdil qozining “Guvohing qani?”,degan talabiga daraxt guvohlik
berganini aytadi. Qozikalon qishloq odamlari bilan daraxt ostiga borishsa, haqiqatdan daraxt tilga
kirib, tillalarni Tezhush olganini so‘zlaydi. Taajjubga tushgan qozi daraxtni aylanib, uning ichida
odam borligini sezadi hamda daraxtga o‘t qo‘yishni buyuradi. Otashga chiday olmagan
Xaramdilning otasi “Dod”, deb chiqib, qilgan ishlarini bo‘yniga oladi. Shunday qilib, Xaramdil
qilgan jinoyati uchun jazoga tortiladi. Ushbu hikoyani bayon qilish orqali Kalila sherigi Dimnaga
barcha makr-u fitnalar ham doimo yaxshilikka eltmasligini, uning natijasi juda ayanchli
oqibatlarga olib kelishini isbotlaydi. Hiylaning natijasi yomon, xiyonatning oqibati xatarli
ekanligini bilgan Kalila Dimnani shaxsiyatparastlik, qalloblikdan qaytarish uchun butun kuchini
ishga soladi.
Kalilaning o‘z fikri isboti sifatida so‘zlagan yana bir hikoyati borki, “Maymunlar va qush”
deb nomlanadi:
Mazmuni: Hikoyat: Kalila aydi. Kelturubdurlar, bir bo‘lak maymunlar bir tog‘da o‘run
tutub erdi. Aning meva va giyohlari birla kun o‘tkarur erdilar. Qazoro, bir kecha qarongg‘uluqda
zolimning go‘ridin qarongg‘uroq va baxilning va johillar botinlaridin ham tararoq va sovuq
lashkari ularg‘a ot soldi va zahar yarqumi qon asridin avlo uylaridin siqib chiqardi. Bechora
maymunlar sovuqdin ranjur bo‘lub, panoh istamak birla go‘shaga yugurur erdilar. Nogoh yo‘l
kanorida bir parcha ravshan qamish yotib erdi[1, 107-a bet].
Yuqoridagi parchadan ko‘rinib turibdiki, tog‘da yashovchi bir guruh maymunlar to‘satdan
jilovsiz izg‘irin sovuqqa duch kelishadi va isinish uchun joy qidirib qolishadi. Nogoh yonlarida
turgan yaltiroq qurtni ko‘rib, uni cho‘g‘ deb o‘ylab, atrofiga xashak to‘plashadi va puflay
boshlashadi. Yonlaridagi daraxt ustida turgan qush maymunlarning ko‘zini ochmoq uchun
shuncha harakat qilsa ham ular quloq solishmaydi. Shunda qush maymunlarning xatosini
tushuntirish uchun daraxtdan tushib, ular yoniga keladi. Ahmoq maymunlar esa yordamni
tushunmay, bechora qushning boshini uzib tashlashadi. Ushbu masaldagi qush obrazi har doim
yaxshilik istab, yordamga intiluvchi shaxslarning ramziy ko‘rinishidir. Ular gapga
tushunmaydigan, ahmoq maymunlarga o‘xshovchi odamlarga ko‘mak beraman, deb doimo o‘z
boshlariga balo keltirishadi.
2025
OKTABR
NEW RENAISSANCE
INTERNATIONAL SCIENTIFIC AND PRACTICAL CONFERENCE
VOLUME 2
|
ISSUE 10
181
Xuddi shunday savol-javob va natija-oqibat shaklida davom etadigan “Kalila va Dimna”
asari xilma-xil obrazlar bilan boyitilgan bo‘lib, ular ba’zida insonlar, ba’zida hayvon-u parrandalar
timsolida o‘zini namoyon etadi. Ushbu obrazlar turli xil xarakter va murakkablikda aks ettirilib,
biz ular orasida ham yovuzlik va makkorlik tomonda turuvchilarni, ham yaxshilik va beg‘uborlik
tarafdan yuruvchilarni tanib guvohi bo‘lamiz.
Xulosa qilib aytsak, “Kalila va Dimna” qaysi asr yoki qaysi zamonda bo‘lmasin, barcha
davr o‘quvchilari o‘zlariga kerak bo‘luvchi ozuqaviy va mantiqiy xulosa olishlari uchun muhim
bir manba sifatida qadrlidir.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1.
Kalila va Dimna. Osoriya Imomiya. Mulla Temur ko‘chirgan nusxasi. O‘zRFA Abu
Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Qo‘lyozma №AR-5807.
2.
Калила и Димна. Абдуллах ибн ал Мукаффа (перевод с арабского Б. Шидфар) –
Москва: Художественная литература, 1986
3.
Kalila va Dimna. Hind xalq eposi. (S.G‘aniyeva tarjimasi). – Toshkent: Istiqlol, 1994
4.
Fazliyeva M. “Kalila va Dimna”ning qo‘lyozma va toshbosma nusxalari tavsifi. O‘zA
elektron jurnali, 2024, 7-son(57)
5.
www.googlescholar.uz
6.
Ziyouz. com.
