275
SAFAR AHMAD BADIIY OLAMI
Ikrom Asadov
https://doi.org/10.5281/zenodo.10658560
Annotatsiya.
Maqolada “Gulsana”, “Oq tulpor”, “Jondor navolari”, “Jahon
xazinasining javohiri”, ”Buxoro matbuotchilari”,”Dunyo bu”, “ Men bosmachi emasman”,
“Oltin qilich”, “ Ona tuproq”, “ Ko’ngil gavhari” kitoblari va ijtimoiy muammolarni yechishga
qaratilgan o’nlab dolzarb mavzudagi maqolalari, shuningdek, samimiylik, Vatanga muhabbat,
Ona tabiatni asrash, insonning oliy tuyg’ularini e’zozlash g’oyalari bilan yo’g’rilgan ash’orlari
bilan mushohadasi teran kitobxonlarga qizg’in va zavqli, unutilmas katta taassurot qoldirgan
Safar Ahmadning badiiy olami xususida fikr yuritamiz.
Kalit so’zlar:
ibrat, so’z, umr, ish, ezgulik, ota, umid, nihol, oy, siyoh, ko’ngil, hayot,
muhabbat.
SAFAR AHMAD ART WORLD
Abstract.
The article presents “Gulsana”, “Ok tulpor”, “Zhondor navolari”, “Zhakon
hazinasining zhavohiri”, “Bukhoro matbuotchilari”, “Dunyo bu”, “Men bosmachi emasman”,
“Oltin kilich”, “She tuprok” , “Kungil Gavgari” and dozens of articles on current issues aimed
at solving social problems, poems, as well as inspired by the ideas of sincerity, love for the
Motherland, preservation of Mother Nature, reverence for higher human feelings. We will think
about the artistic world of Safar Ahmad, whose observation left a strong and pleasant,
unforgettable impression on readers.
Key words:
lesson, word, work, good, father, hope, sprout, moon, ink, heart, life, love.
САФАР АХМАД АРТ МИР
Аннотация:
В статье представлен«Гулсана», «Оқ тулпор», «Жондор наволари»,
«Жаҳон хазинасининг жавоҳири», «Бухоро матбуотчилари», «Дунё бу», «Мен босмачи
эмасман», «Олтин қилич», «Она тупроқ», «Кўнгил гавҳари» и десятки статей по
актуальным проблемам, направленным на решение социальных проблем, стихи, а также
вдохновленные идеями искренности, любви к Родине, сохранения Матери-природы,
почитания высшего человеческие чувства.Мы подумаем о художественном мире Сафара
Ахмада, наблюдение которого оставило у читателей сильное и приятное, незабываемое
впечатление.
Ключевые слова:
урок, слово, труд, добро, отец, надежда, росток, луна, чернила,
сердце, жизнь, любовь.
276
“Safar Ahmad she’rlari mavzusi rang-barang: azaliy va abadiy muhabbat, Vatanga mehr,
sadoqat va xiyonat, mardlik va nomardlik, ezgulik va yovuzlik,--deydi O’zbekistonda xizmat
ko’rsatgan madaniyat xodimi Samandar Vohidov “Ajdodlardan faxrlanib” maqolasida,--
xullas,insonni fikr-mulohaza yuritishga undaydigan mavzularda o’z in’ikosini topgan”
1
.
Safar Ahmad bilan har gal suhbat qurganimizda yangi yozilgan, qalb osmonidan to’kilgan
nazmiy navolaridan ko’tarinki ruhda, yoqimli ovozda o’qib beradilar. Ularni eshitib, juda
samimiy, tabiiy tug’ilganligiga guvoh bo’lamiz. Ohori to’kilmagan misralarda dard borligini his
etamiz. “O’rtoqlar, biz shoirlikka da’vogar emasmiz. Ilhom kelganda bir-ikki narsalarni qoralab
turamiz, xolos”,-deydi. Yaratganning o’zi ijodkor ko’ngliga tabiiy zavqni joylardi. Shuning uchun
qalamkashning barcha bitiklarida quyma satrlar ko’lami bisyor. Har bir quymalikda iztirob va
quvonch mujassam.
Professor
G’ayrat
Murodov
“Misralarga
ko’chgan
tuyg’ular”
maqolasida
ta’kidlanganidek,”Safar Ahmad lirik ijodida saodat, umrdan shodumonlik kayfiyati, Vatan, ona-
tuproqdan faxr hislarining ustuvorligini yaqqol his etish mumkin, ammo armon, dard ham unga
begona emas”
2
.
Bu ko‘hna ochunda bir fasl namoyonki, u o‘zining turfa, anvoyi gullari bilan chor atrofga
xushbo‘y hidlarini – muattar his va islarini taratib turadi. Bu KO‘NGIL faslidir. Uning ichida
dunyolar yashaydi, olamlar istiqomat qiladi; daryolar oqib turadi, dengizlar mavjlanadi.
Ko‘ngilning har lahzasi shodlikka sherik, har oni iztirobga ilhaq, har soniyasi zer-u zabarga
qo‘ldosh, har nafasi orzularga umidbaxsh yo‘ldosh.
Bugun men qalb qarorgohiga kirib qoldim. Bunday so‘lim dargohga tashrif buyurganimni
o‘zim ham sezmay qoldim. Sababi – “Dunyo bu” kitobi.
Safar Ahmadning tabiiy tartiblangan she’riy tizmalarini, xilma-xil bo‘yoqdagi his-
hayajonlarini – o‘tli, falsafiy, quyma satrlarini o‘qigan kitobxonning yuragida allaqanday zavqli
ohanglar paydo bo‘ladi. Ular bexosdan yuragingiz torlarini chertib yuboradi: kuylamasdan, xirgoyi
qilmasdan turolmaysiz. O‘zingizga yoqqan tug‘yonli “gavhar”larni yon daftaringizga ishtiyoq
bilan ko‘chirib olishga ham oshiqasiz…
Shoirning samimiy satrlarini o‘qib, bu aqli ojizimiz yetganicha misralar qatidagi
ma’nolarni, biroz bo‘lsa-da, uqib, ijodkorning ko‘ngil kechinmalaridan xabardor bo‘ldik.
Anglaganlarimizni Siz, aziz, zukko kitobxonlar bilan baham ko‘rmoqni lozim topdik.
1
Hayrat cho‘qqisidagi umr. – Toshkent, 2021. – B. 57-58.
2
Ko‘rsatilgan asar. – B. 61.
277
Olovqalb, otashyurak shoir Safar Ahmadning “Dunyo bu” kitobi 2019-yil “Buxoro”
nashriyotida tayyorlanib, ”Sadriddin Salim Buxoriy” MCHJ bosmaxonasida chop etilgan.
To‘plamdan yigirmadan ortiq o‘rtacha hajmdagi she’rlar, uchta to‘rtlik, o‘ttiz bitta fard, ikkita
ertak doston (“Ko‘zyoshko‘l” va “Lobo”) o‘rin olgan. Ularning har biri tahlil-u talqinga arzirli.
Biz faqat “Marvarid shodalar” turkumidagi ikkiliklarga to‘xtaldik bugun.
Safar Ahmad fardlarini o‘qir ekansiz, ularning tabiiy tug‘ilganligini, eng muhimi, dardlari,
mitti tasvirlari soxta emasligini idrok etasiz. Lirik qahramon bir o‘rinda mehnatkash, tinib-
tinchimas chumolidan ibrat olishga; g‘aflatda yotmaslikka, doimiy harakatda – hayot uchun,
porloq kelajak uchun kurashga undaydi:
Chumolidan ibrat ol, odam,
Qishlov uchun to‘plar u g‘aram.
Shunday kimsalar borki, birovning muvaffaqiyatini, g‘alabasini ko‘rolmaydi,
bundaylarning ichki dunyosi ham zim-ziyodir. Qalamkash ularning yuragini ko‘mirga o‘xshatadi:
Yurak-bag‘ri ko‘mirning o‘zi,
Zahardan ham achchiqdir so‘zi.
Ichida tonnalab ko‘mir tashib yuradiganlar, oxir-oqibat, o‘zining “sog‘lom” ildiziga bolta
uradi. Dono xalqimiz o‘rni bilan zo‘r topib aytgan: “Kim birovga choh qazisa, unga o‘zi tushadi”.
Safar Ahmad ana shu maqolni irsoli masal badiiy san’atidan foydalanib, o‘z mashqiga singdira
olgan:
Umri bo‘yi qazidi u choh,
Oxir o‘zi yiqildi, evoh!
Hamma gap ana shu “evoh”da. Shoirning tosh otganlarga rahmi kelyapti, ularga
afsuslanyapti. Haqiqiy ijodkor bamisoli ulkan karvon, u hech qachon hurayotgan itlarga parvo
qilmaydi. Maqsadi sari dadil qadamlar tashlayveradi. Safar Ahmad ana shunday bag‘rikeng
ijodkorlar safiga kiradi.
Jamiyatda to‘nini teskari kiyib yuruvchilar bisyor. Ishi bilan keluvchilar bor, tishi bilan
xo‘rak uchun keluvchilar bor. Manfaat ila so‘zlovchilar, muhabbatni ko‘zlovchilar ko‘p. Keyin-
chi? Muallif aytadi:
Ishi tushsa tovoning yalar,
Duch kelganda ortiga qarar.
Kimning ko‘nglida ilohiy naqsh zohir, uning nomi-yu shoni abadiyatga daxldordir, deya
xulosalaydi Safar Ahmad:
Yuragida Alloh erta-shom,
278
Ezgulik-la qoldirdi u nom.
Donishmand elda “Bir kattaning gapiga quloq sol, bir kichikning gapiga”, – degan hikmat
bor. Biz ba’zan elning elakdan o‘tgan, sinovlarga dosh bergan bu lo‘nda fikriga e’tibor
bermaymiz. Farzandlarimizning orzu-istaklariga, dardlariga sherik bo‘lmaymiz, ularning qalbiga
quloq solmaymiz. Lirik qahramon ota-onalarning o‘z jigarlariga nisbatan befarq bo‘lmaslikka
chorlaydi:
Farzanding ra’yiga qaragin, ota,
Axir u olamga kelmaydi qayta.
Tabiatning kuch-qudratini qarangki, o‘z dilbandlari – daraxtlarga ham umidbaxshlikni jo
etgan. Gullagan nihollarga, atrofga ishonch-la boqayotgan kurtaklarga boqib turib, ulardan
dunyoga kelgan mevalarga razm solib, tobora yashaging keladi. Marvarid shodalarning biridan
shularni uqdik:
Umidlarga burkangan kurtak,
Farzand tug‘mish butun bir etak.
Kezi kelganda shuni ta’kidlash joizki, Safar Ahmadning o‘xshatishlari, muqoyasa-yu
qiyoslashlari Odam va Olam, Jamiyat va Tabiat mezonlariga bog‘liq holda tasvirlanadi. Quyidagi
shodaga e’tibor bering:
Danak edi, nihol bo‘ldi u,
Bog‘ yuzida bir xol bo‘ldi u.
Mohir qalam sohibi boshqa bir juftligida inson yugur-yugurida, zahmatli mehnatida
maqsad-mohiyat bo‘lishi lozimligini, u doimo oxiratni o‘ylashi shartliligini ta’kidlaydi:
Yelday chopar edi erta-kech,
O‘ylamasdi oxiratni hech.
“Dunyoning ishvasiga uchma, uning o‘tkinchiligini o‘yla. O‘n besh kunlik yorug‘likning
ham yakuni – o‘chmog‘i bordir. Kun ham qariydi, oy ham nuraydi”, – degan ma’nolarni uqamiz
ijodkorning keyingi misralaridan:
Vaqtinchalik bu ishva, chiroy,
O‘n besh kunda qarir axir oy.
Judolikdan ogoh etuvchi ranglar, siyohlar bo‘ladi, ular ba’zida ko‘ngillarni bog‘lab, zavq
bag‘ishlaydi, ba’zida esa biz anglolmagan g‘aroyib olamlar sir-sinoatiga oshno qiladi. Bu dildagi,
darddagi, davrdagi kamalak ranglardir.
Dillarni dillarga bog‘laydi siyoh,
Goho ayriliqdan etadi ogoh.
279
Bobolarning so‘lmas so‘zi sozlangan azaldan: ”Qulamas qasr, nuramas bino
qoldirmoqchimisiz? Unda ko‘ngillarni obod qiling, ularni pok, toza tutinglar!”
Shoir aytmoqchi:
Bir ko‘ngilni obod ayladi,
Hayot qasrin bunyod ayladi.
Ko‘ngilga qanday kiriladi? Unga yo‘l topmoqlik qiyinligini eslatadi shoir. Uning
darvozasi, qulfi qanday ochiladi? Kaliti qayda? Kaliti – shirinso‘z, haq kalom.
Ko‘ngilga yo‘l topmoqlik dushvor,
Har ko‘ngilning qulf-kaliti bor.
Yuqoridagi satrlarning mantiqiy davomi sifatida muallifning quyidagi misralarini keltirish
mumkin:
Har qayda ochilmas dil dasturxoni,
Bilib bo‘lmas axir yaxshi-yomonni.
Ko‘ngil sinsa, uni qayta tiklash qiyin. Qalbdan sado keladi: “Ozor bermang, darz ketmasin
dardlar oynasiga…”
Chil-chil sinsa ko‘ngil oynasi,
Qalb tubidan keladi sasi.
Odamlar bir-birini sevsa, bir-birini ardoqlasa, tashvishlar, g‘am-u g‘ussalar ta’siri
bilinmaydi. Ular shirin dardlar og‘ushida yuradi. Bayt:
Oshiqlik, muhabbat – ko‘ngilning ishi,
Unga begonadir dunyo tashvishi.
Insonning boyligi ko‘nglida: uning niyatida, ezgulik tarqatishida, odob-axloqida, yurish-
turishida bilinadi. Kimki ziynatlarga o‘ch bo‘lsa, turmushi ham mazmunsiz puch bo‘ladi.
Bundaylar faqat o‘zini o‘ylab, ichini-yu tashini xarob etadi. Safar Ahmadning ushbu ikkiligi shular
haqida:
Zeb-ziynatga ko‘ngil bog‘lading,
Xudbinlikka o‘zni chog‘lading.
Shoir mayda armonlardan uzoqlashishga, g‘amlardan forig‘ bo‘lishga, el-ulusning dard-u
hasratiga, quvonch-u qayg‘usiga sherik bo‘lishga chaqiradi:
Kecha-kunduz elga quloq tut,
Mayda armon, anduhni unut.
Safar Ahmad “Marvarid shodalar”ida bu o‘tkinchi dunyoda boylikka ruju’ qo‘ymaslik
lozimligini, bu boyliklar og‘a-ini orasini buzib qo‘yishini uqtirishi barobarida, ilmli, bilimli
280
bo‘lishga, doimo hayotga, kelajakka ishonch ko‘zi bilan qarashga hamda do‘stga sodiq bo‘lishga
da’vat etadi. Mana, o‘sha haroratli misralar. O‘zingiz o‘qib, xulosa chiqaring:
Boylik qutqu soladi dilga,
Yot ko‘rinar ining ko‘ngilga.
* ** *** ***
Bilim erur yo‘lingda chiroq,
Misli jangchi qo‘lida yarog‘
.
*** *** ***
Shubha diling abgor aylagay,
Charx uradi boshda paydar-pay.
*** *** ***
Do‘st – sadoqat qo‘rg‘oni,
Bilmas yaxshi-yomonni.
Safar Ahmadning marvaridday terilgan nazmiy tizmalari taftidan yuragingizdagi g‘uborlar
muzi erib ketadi. So‘zlar qatidagi marvaridgullar ko‘ngil bog‘ingizga bir huzurbaxsh zavqlanishlar
nasimini olib kiradi. Qalbingizga shavqlanishlar shabadasi sayr etgani muborak bo‘lsin, she’riyat
muxlislari!
