ISSN:
2181-3906
2024
International scientific journal
«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»
VOLUME 3 / ISSUE 12 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
907
ATOQLI MAQOM IJROCHILARI
Pirmatova Nodira Yigitaliyevna
Yunus Rajabiy nomidagi O’zbek Milliy Musiqa San’ati instituti “Maqom xonandaligi” kafedrasi
mudiri, dotsent, O’zbekiston respublikasida xizmat ko’rsatgan artist.
https://doi.org/10.5281/zenodo.14578836
Annotatsiya.
Buxoro Shashmaqomining taniqli va mashhur ijrochilari qatorida Ota Jalol
Nosir, Otag‘iyos Abdug‘ani, Domla Halim Ibodov, Hoji Abdulaziz Rasulov, Levi Boboxonov va
boshqalarning nomlarini alohida aytib o‘tish kerak.
Kalit so’zlar:
Ota Jalol Nosir, Otag‘iyos Abdug‘ani, Domla Halim Ibodov, Hoji Abdulaziz
Rasulov, Levi Boboxonov.
FAMOUS MAQOM PERFORMERS
Abstract.
Among the famous and famous performers of Bukhara Shashmaqomi, it is worth
mentioning the names of Ota Jalol Nasir, Otag'iyos Abdugani, Domla Halim Ibodov, Haji
Abdulaziz Rasulov, Levi Bobokhonov and others.
Keywords:
Ota Jalol Nasir, Otag'iyos Abdugani, Domla Halim Ibodov, Haji Abdulaziz
Rasulov, Levi Bobokhonov.
ВЫДАЮЩИЕСЯ РУКОВОДИТЕЛИ
Аннотация.
Имена Ота Джалала Насыра, Отагиоса Абдугани, Домлы Халима
Ибодова, Гаджи Абдулазиза Расулова, Леви Бобоханова и других значатся среди известных
и знаменитых исполнителей бухарского шашмакома.
Ключевые слова:
отец Джалал Насир, Отагияс Абдугани, Домла Халим Ибодов,
Хаджи Абдулазиз Расулов, Леви Бобоханов.
Ota Jalol Nosirov
(1845-1928) Buxoro Olti maqomini juda yoshligidan o‘rgana
boshlaydi. Dastlab uni bu san’at bilan onasi tanishtiradi, keyinchalik esa mashhur hofiz va
cholg‘uchi Tillaboy ustozligida puxta o‘zlashtiradi. XIX asrning 60-yillaridan to XX asrning
dastlabki o‘n yilliklariga qadar Buxoro amirligi saroyida hofiz sifatida xizmat qiladi.
Sho‘ro davriga kelib, Buxoroda ochilgan «Sharq musiqa maktabi» da ustozlik qiladi va
ko‘plab shogirdlar yetishtiradi. Ota Jalol Nosir xalqimizning ulkan ma’naviy xazinasi bo‘lgan
Shashmaqomni mukammal bilishi barobarida yana uni saqlab qolishda ham katta xizmat
ko‘rsatgan. Ma’lumki V.A.Uspenskiy 20-yillarning boshlarida salobatli Olti maqom turkumini
Ota Jalol Nosir va tanburchi Ota G‘iyos Abdug‘anilar ijrosida ilk bor nota yozuvlariga tushirgan
edi. Shu tariqa maqomning umuman yo‘q bo‘lib ketishi xavfi bartaraf etiladi. Chunki, bu
san’atning bilimdoni va amaliy ijrochisi bo‘lgan ustoz-sozanda va ustoz-hofizlar nihoyatda
ozchilikni tashkil etardi. Shashmaqomni Ota Jaloldan notalarga yozib olgan V.A.Uspenskiy uning
san’atiga yuqori baho berib, shunday yozgan edi: “Ota Jalol keksayib qolganligiga qaramay,
baland va yoqimli ovozi, o‘tkir xotirasi saqlanib qolgandi. Yana shu narsani eslatib o‘tish kerakki,
bu hofiz barcha ashulalarning kuylari va sherlari bilan bir qatorda o‘n sakkiz turdan iborat (doyra
usullari formulasini ham yodida saqlab kelardi)” . Bugungi kunda Ota Jalol Nosir “nomini tilga
olganimizda ustozlar ustozi, Shashmaqomning donishmand bilimdoni, murakkab usullar ustasi,
ajoyib tanburchi 133 va xushovoz xonanda ko‘z oldimizga keladi.
ISSN:
2181-3906
2024
International scientific journal
«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»
VOLUME 3 / ISSUE 12 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
908
Shu sababli O‘zbekiston va Tojikistonning turli vohalarida Ota Jalolning nomi hurmat
bilan tilga olinadi.” (O‘sha adabiyot, 33-b)
Samarqandlik mashhur hofiz va bastakor, O‘zbekiston xalq artisti
Hoji Abdulaziz
Rasulov
(1852-1936) tanbur va dutor chertish hamda ashula aytish yo‘llarini mukammal egallagan
san’atkor edi. Binobarin ustoz-san’atkordan bizga meros qolgan nodir ma’naviy boylik uch
jabhada – sozandalik (dutor va tanbur ijrochiligi), ashulachi-hofizlik va bastakorlik sohalarida
zohirdir, zeroki ularning har birida ustaning iste’dodi ila yo‘g‘rilgan betakror ziynatlar, o‘zgacha
jilolar kashf etilgan. Maqom hofizi eng avvalo Shashmaqomning ham cholg‘u (Mushkilot), ham
aytim-sho‘ba (Nasr) yo‘llarini ijro etishda an’anaviy yetakchi o‘rin tutgan tanbur cholg‘usini
egallashi, unda o‘ziga jo‘rnavozlik qila olishi mumtoz talablardan bo‘lgani bois Hoji Abdulaziz
Rasulov birinchi galda bu cholg‘uni amaliy o‘zlashtirishga g‘ayrat qiladi va sozanda Hoji
Rahimberdi ustozligida Shashmaqom Mushkilot bo‘limini (cholg‘u kuy yo‘llarini) ijro etishga
erishadi. Ayni paytda Shashmaqom Savtlarini shoxobchalari bilan “o‘qishni” (aytishni) dastlab
Boruh ismli hofizdan o‘rganib, keyinchalik (1880-yillari) esa atoqli hofiz Ota Jalol Nosir
rahbarligida Shashmaqomning Saraxbor, Talqin va Nasr sho‘balarini aytish mahoratini hosil
qilgan edi. Shu asnoda Hoji Abdulaziz Rasulov Shashmaqomni ham cholg‘uchi, ham hofiz sifatida
mukammal biluvchi ustoz bo‘lib yetishadi.
Bugungi kunda ustoz-san’atkorning har ikkala bu ijrochiligi o‘zining noyob va nodir ijodiy
jihatlari bilan e’tiborga sazovordir.
Avvalambor ustaning beqiyos maqom hofizi maqomiga qadar yuksalishi uning ijodkorlik
fazilati bilan payvasta amalga oshganligini qayd etmoq kerak. Bu hol ayniqsa yuqori parda-
tovushlarda sadolanuvchi avjlarda o‘zining yorqin ifodasini topgan. Ma’lumki, avj tuzilmalari
maqomlarning eng salmoqli qismini tashkil etishi bilan bir qatorda yana asarning chuqur mazmuni,
g‘oyaviy asosini anglab olishda qariyb hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Shuningdek, hofizlarning kasbiy malaka va mahoratlari ham asosan ana shu avjlarni qay
yo‘sinda ijro etishlari bilan bog‘liq baholanadi.
Bu borada X.A.Rasulov ijrochiligida muayyan maqom yo‘liga yangi avjlar bog‘lashga
yoki bir ashulani har xil avjlar bilan aytishga moyillik kuchli bo‘lganligini ta’kidlash kerak.
Ustoz-san’atkorning Bozurgoniy, Abdurahmonbegi va Ushshoq yo‘llariga bog‘lagan yangi
avjlari aslida ijod zavqlarining cho‘qqisi yanglig‘ yuzaga kelgan edi. Shuningdek, «Gullar bog‘i»,
«Bebokcha», «Qurbon o‘lan», «Gulyor», «Nasrulloyi», «Rosti Panjgoh», «Ushshoqi Hoji»,
«Navo», «Iroq» kabi ashula va maqom yo‘llari ham turli holatlarning badiiy in’ikosi o‘laroq bir
necha ko‘rinishda (variantda) zohir bo‘lgan. Binobarin, atoqli san’atkor ijrosidagi har bir maqom
yoki ashula namunasi eng avvalo jonli ijodiy jarayon sifatida angalshiladi va idrok etiladi. Hoji
Abdulaziz Rasulovning bastakorlik qobiliyati ham aynan shu jarayonda yorqin namoyon bo‘lgan.
Bunda ikki jihatni qayd etish mumkinki, ulardan biri – maqom va ashula yo‘llariga yangi
va yangi avjlar kiritib, ularning murakkab va mukammal zuhurini kashf etishda ko‘rinsa, yana biri
ma’lum kuy yoki ashulaga tubdan qayta ishlov berish natijasida erishilgan yangi sifat
namunalarida kuzatiladi.
So‘nggi o‘rinda tavsif etilayotgan «sifat darajasi» ayni paytda san’atkorning an’analarni
tabiiy yangilashga bo‘lgan intilishi, xususan, o‘ziga bolaligidan qadrdon Samarqand-Buxoro
musiqa uslubidan tashqari yana Farg‘ona-Toshkent va Xorazm mahalliy musiqiy uslublarini ham
ISSN:
2181-3906
2024
International scientific journal
«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»
VOLUME 3 / ISSUE 12 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
909
amaliy jihatdan mukammal o‘zlashtirib, muhimi, ularni ijodiy jarayonda uyg‘unlashtira
olganligining samarasidir. Jumladan, Hoji Abdulaziz Rasulovning mashhur «Guluzorim»i aslida
Farg‘ona-Toshkent uslubidagi «Eshvoy» nomli kuy asosida qayta ishlangan bo‘lib, uning yuqori
pardalariga Turk avji bog‘langan, Xorazm doston kuylari asosida ijod etilgan «Bozurgoniy»ga
esa Zebo Pari avji qo‘shilgan. Natijada har ikkala kuyning o‘zgacha, ko‘proq mumtoz maqom
andozalariga yaqin ko‘rinishlari yuzaga kelganligini ko‘ramiz. Mazkur ijodiy jarayon, tabiiyki,
Hoji Abdulaziz Rasulov singari iste’dodlarning bastakorlik faoliyati ila amalga oshgan.
Hoji Abdulaziz Rasulov ijrochilik bisotida (repertuarida) 200 dan ziyod ashula va cholg‘u
kuylari bo‘lib, bunda hofiz ashula yo‘llarini Buxoro - Samarqand an’anasiga oid o‘zbek va tojik
tillarida kuylagan. Shu bilan birga Hoji Abdulaziz Rasulov birinchilardan bo‘lib Shashmaqomni
dutorda ijro etish an’anasini amaliyotda qo‘llagan san’atkordir.
Bu hol, o‘z navbatida, Shashmaqomni dutor ijrochiligi keng tarqalgan Farg‘ona-Toshkent
va Xorazm vohalarida ham yoyilishiga sabablardan biri bo‘ldi. Xorazm maqomlarining bizga
ma’lum bo‘lgan mahoratli ijrochilari bir necha avloddan iboratdir.
Xususan, XIX asrda Komil Xorazmiy, XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida esa
Komil Xorazmiyning shogirdlari Xudoybergan Mo‘hrkan, Matyoqub pozachi, Abdullo gulobiy,
Bobojon bulomonchi, Muhammad Rasul Mirzo, Matyoqub Xarratov kabi maqomchi san’atkorlar
faoliyat ko‘rsatganlar. Shuningdek, XX asr davomida Matpano Ota Xudoyberganov, Matyusuf
Xarratov, Madrahim Yoqubov (Sheroziy), Hojixon Boltaev, Komiljon Otaniyozov, Matniyoz
Yusupov, Ro‘zimat Jumaniyozov va boshqa ustoz-san’atkorlarning nomlari Xorazm
maqomlarining etuk ijrochilari qatorida namoyon bo‘ladi.
Atoqli san’atkor
Matyoqub Xarratov
(1867-1939) xalq ijodi va mumtoz musiqiy
merosning yirik bilimdoni, tanbur, dutor va g‘ijjak cholg‘ularining mohir ijrochisi bo‘lgan. Otasi
Qurbon Xarrat – do‘kchi o‘spirin o‘g‘lining noyob musiqiy qobiliyatini payqagach, uni taniqli
san’atkor, shoir va musiqachi Komil Xorazmiyga shogirdlikka beradi.
Ustoz zukko shogirdiga tanbur va g‘ijjak cholg‘ularini chalish mahoratini o‘rgatish bilan
birga yana hattotlik va she’r yozish asrorlaridan ham voqif qiladi. Iste’dodli shogirdining bu
jabhalarda ildamlab erishayotgan yutuqlarini ko‘rgan Komil Xorazmiy unga Xiva xonining
saroyida musiqachi bo‘lib xizmat qilishi uchun tavsiya beradi. Shu asnoda M.Xarratov 1888-1906
yillari Muhammad Rahimxon II saroyida maqomchi-sozanda bo‘lib ishlaydi. XX asr boshlarida
ro‘y bergan ma’lum ijtimoiysiyosiy o‘zgarishlardan so‘ng u Xiva musiqa maktablarida yoshlarga
ustozlik qildi (1923-1928). Shundan so‘ng 1932-yilgacha sozchilar ansamblida ishladi va 1932-
yildan to umrining so‘nggi kunlarigacha Urganch teatrida sozandalik faoliyatini olib bordi.
M.Xarratov Xorazm maqomlarining yirik mutaxassisi bo‘lgan. U Xudoybergan Muhrkan,
Niyozjon Xo‘ja va Komil Xorazmiy kabi zabardast ustozlarning mazkur turdagi maqomlarni
tizimlashtirish, ularni yozuvlar vositasida hujjatlashtirish va shu tarzda ham keyingi avlodga
yetkazib berish say’i-harakatlariga faol ergashdi. Jumladan u “Xorazm tanbur chizig‘i”ni
takomillashtirish va uning vositasida maqomlarni yozib olish jarayonida ham amaliy ijrochi, ham
hattot sifatida ishtirok etgan. O‘z navbatida ustozlardan bekamu-ko‘st o‘zlashtirib olgan Xorazm
maqomlarini yangi zamon ahliga yetkazib berishda o‘z xizmatini ayamagan.
Inchunin, 1934-yili folklorshunos olimlar – Yelena Romanovskaya va Ilyos Akbarovlar
tomonidan Matyoqub Xarratov ijrosida Xorazm maqomlarining chertim (cholg‘u) yo‘llari (Rost,
ISSN:
2181-3906
2024
International scientific journal
«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»
VOLUME 3 / ISSUE 12 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
910
Buzruk, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq, Panjgoh) fonograf vositasida yozib olindi hamda 1939-yili
“Xorazm klassik musiqasi” nomli kitobda chop etildi. M.Xarratovning o‘ziga xos nafis va mayin
tanbur ijrochiligi kelgusida Mamad Safo, Matpano tanburchi, Yunus tanburchi va boshqa
shogirdlari san’atida munosib davom etdi.
O‘zbekiston xalq artisti
Hojixon Boltayev
Xorazm maqomchilik san’atining yirik
vakilidir. Hojixon Boltayev akasi, xushovoz Egamberganga ergashib yoshligidan ashulachilikka
ishtiyoqi baland bo‘lgan. U hali navqiron yigitlik chog‘idayoq o‘zining dardli ovoz tarovati bilan
elga tanilgan. Yosh Hojixon Xorazmda taniqli ashulachi va sozchi Otajon akadan dutor chertish
mashqini oladi hamda ashula aytish malakasini o‘zlashtiradi. 1925 yili esa uning hayotida
unutilmas muhim voqea bo‘ldi - Hojixon Boltayev taniqli ashulachilar davrasida o‘tkaziladigan
diydalishma ijodiy musobaqasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shu paytdan boshlab uning kasbiy
mahorati yildan-yilga yuksalib, kamolot kasb etdi. Jumladan, u Xorazm maqomlarining aytim
yo‘llarini atoqli san’atkor Matpano ota Xudoyberganovdan o‘rganadi, hamda mazkur maqom
ijrochilik an’analarini murakkab sharoitlar bo‘lishiga qaramay davom ettirishga astoydil bel
bog‘laydi.
Chunonchi, 1942-45 yillari M.Xudoyberganov rahbarligidagi maqom ansamblida faoliyat
k¢rsatadi, 1962 yili esa Urganch shahar Madaniyat uyida Maqom ansamblini tuzib, unga qariyb
o‘n yil davomida rahbarlik qiladi. Hojixon Boltayevning maqom hofizlariga xos yoqimli ovozi,
avjlarga yengil chiqib ularni yorqin ijro eta olish salohiyati asnosida uning ijrosidagi har bir
maqom aytimi, suvora yoki yirik ashula namunasi betakror san’at asari yanglig‘ yangragan. Shu
bilan birga, Hojixon Boltayev Buxoro va Samarqand ashulalarini hamda Farg‘ona-Toshkent
maqom yo‘llarini ham yuksak mahorat bilan ijro etgan. Hojixon Boltayev yaratgan ijodiy
maktabni munosib davom ettirgan shogirdlari qatorida ukasi Nurmamat Boltayev, Quvondiq
Iskandarov, Qutlimurod Hojiyev, Ro‘zimat Jumaniyozovlarning nomlarini alohida ta’kidlash
kerak. Shuningdek, 1990 yildan buyon Xorazmda Hojixon Boltayev nomida xonandalarning
ko‘rik-tanlovlari muntazam o‘tkazilib kelinadi.
Farg‘ona-Toshkent maqom ashula yo‘llarini o‘z ijrolari bilan yuksaltirgan maqomchi
hofizlar qatorida Mulla To‘ychi Toshmuhamedov, Shorahim Shoumarov, Shojalil hofiz, Ilhom
hofiz, Sodirxon hofiz, Yunus Rajabiy, Rasulqori Mamadaliev, Fattohxon Mamadaliev, Orifxon
Hotamov kabi ustoz-san’atkorlarning xizmatlarini alohida ta’kidlash kerak.
O‘zbekiston xalq hofizi
Mulla To‘ychi Toshmuhammedov
(1868-1943) Farg‘ona-
Toshkent musiqa uslubiga xos ashula, suvora, maqom va yovvoyi maqom yo‘llarini yangi shart-
sharoitlarda munosib davom ettirgan va ma’naviy boyliklarni bizga qadar yetkazib berishda ulkan
xizmat qilgan san’atkordir. Yosh Mulla To‘ychi xalq orasida ardoqli To‘ychi hofiz bo‘lib
yetishguniga qadar ilmi tolib shogirdlarga xos mashaqqatli, ayni paytda ibratli yo‘lni bosib o‘tdi.
Dastlab, madrasada tahsil ko‘rib yurgan o‘spirinlik yillarida (1878-1884) Sharq mumtoz
g‘azaliyoti – hazrati Hofiz, Navoiy, Fuzuliy, Bedil kabi donishmandlarning nazm namunalarini
xotirasiga oldi, ularning hikmatlarga to‘la serma’no mazmunini qalbiga naqshladi, hamda mumtoz
g‘azallarni ashula qilib aytishga intildi va bu borada iste’dodli amakisi Qo‘chqor otadan malakali
maslahatlar olib turdi. Balog‘at yoshiga yetgach, u turli yig‘in va to‘y marosimlarida Iso hofiz,
Ahror hofiz, Mirza Qosim hofiz, Madumar hofiz, Abduqahhor hofiz, Nazirxon hofizlarni tinglaydi
va ularga ergashib, xonandalik sir-asrorlarini jiddiy o‘rganishga astoydil kirishadi.
ISSN:
2181-3906
2024
International scientific journal
«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»
VOLUME 3 / ISSUE 12 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
911
Tez orada yosh xonanda ijrochiligida Farg‘ona-Toshkent ashulachilik maktabining eng
nodir fazilatlarini o‘zida mujassam etgan uslub qaror topdi. Bu uslub ustozlar ijrosini diqqat bilan
tinglab, ularning har biriga xos nozik qochirim va nolalarni tezda ilg‘ab olinishi, muhimi, ularning
barchasini iste’dod salohiyati ila ijodiy o‘zlashtirib, har tomonlama to‘lin ovoz bilan mukammal
ifoda etilishining natijasi edi. Shu asnoda To‘ychi Hofiz ijro etgan Ilg‘or, Fig‘on, Shitob aylab,
Suvora, Yangi Kurd, Avji Kurd, Bayot, Chorgoh, Ushshoq, Girya, Shahnozi Gulyor singari
mumtoz ashula va Farg‘ona-Toshkent maqom aytim yo‘llari el orasida mashhur bo‘lib ketdi. Bu
asarlarning aksariyati 1905 va 1911 yillari gramplastinkalarga yozib olindi.
1912 yili esa toshkentlik shoir Xislat Eshon (1880-1945) Mulla To‘ychi hofizga bag‘ishlab
o‘zining “Armug‘oni Xislat” bayozini e’lon qildi. Mazkur bayozning asosiy salmog‘ini To‘ychi
hofiz bisotidagi ashula va maqom yo‘llarining sheriy matnlari tashkil etgan bo‘lib, ular qaysi
kuylarga bog‘lab aytilishi ham ko‘rsatilgan edi. Shuningdek, Mulla To‘ychi Toshmuhammedov
ijro etgan maqom va ashula yo‘llari V.A.Uspenskiy tomonidan yozib olinib, “O‘zbek vokal
musiqasi” to‘plamida nashr qilingan. M.T.Toshmuhammedov o‘z san’atini ko‘pgina xorijiy
(Turkiya, Eron, Misr, Hindiston va b) mamlakatlarda munosib namoyish etishi bilan birga, 1928-
yildan to umrining oxiriga qadar O‘zbekiston Radio qo‘mitasida yakkaxon ashulachi sifatida
faoliyat ko‘rsatgan. “Mulla To‘ychi ijro etgan ashulalar nihoyatta ta’sirchanligi, so‘zlarining aniq
va ravshan aytilishi bilan ajralib turadi. Mulla To‘ychi Toshmuhammedov xalq orasida juda
mashhur edi.
U o‘zining sodda dilligi, samimiyligi, mehribonligi bilan hammaning muhabbatini
qozongan edi; uning atrofida eng yaxshi musiqachilar: Shaborat (tanburchi va ashulachi),
Abduqodir Ismoilov (naychi), Shorahim Shoumarov (ashulachi), Ahmadjon Umurzoqov
(qo‘shnaychi) kabilar to‘plangan edi. U boshqa shaharlardagi musiqachilar: Xo‘ja Abdulaziz
Rasulov (Samarqand), Otajalol Nosirov, Levi Boboxonov, Usta Shodi Azizov, Domla Halim
Ibodov (Buxoro), Muhammad bobo Sattorov, Boltaboy Rajabov, Erkaqori, Berkinboy
Fayziyevlar (Farg‘ona vodiysi) bilan ham uchrashib turardi.” To‘ychi hofizning ko‘zga ko‘ringan
yetuk shogirdlari va maktabining davomchilari qatorida Yunus Rajabiy, Rizqi Rajabiy, Shorahim
Shoumarov, Jo‘raxon Sultonov kabi atoqli san’atkorlar bor.
M.T.Toshmuhammedov nomi Toshkent gramplastinkalar zavodi hamda Qashqadaryo
viloyati musiqali drama va komediya teatriga berilgan. 2000-yili atoqli san’atkor mehnati “Buyuk
xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Rajabiylar sulolasining eng yirik vakili, hassos
bastakor, xonanda va sozanda,
O‘zbekiston xalq artisti, O‘zFA akademigi
Yunus Rajabiy
(1897-1976) milliy musiqa
madaniyatimiz ravnaqiga ulkan hissa qo‘shdi. Atoqli san’atkorning komillik sari yuksalish
bosqichlari dastlab madrasada an’anaviy tahsil olish bilan boshlanib, keyinchalik Turkiston xalq
konservatoriyasi (1919-1923), Toshkent oliy musiqa maktabining tayyorlov kursi (1934) hamda
Moskvada tashkil etilgan kompozitorlar kursi (1940- 41)da davom etgan.
Xulosa o’rnida, Ayni paytda mumtoz musiqa namunalaridan Farg‘ona-Toshkent maqom
yo‘llarini mashhur hofizlar Mirza Qosim, Shorahim Shoumarov va Mulla To‘ychi
Toshmuhamedovlardan mukammal o‘rgandi, Buxoro maqomlarini Hoji Abdulaziz Rasulov,
Domla Halim Ibodov kabi zabardast maqomdonlar ustozligida o‘zlashtirdi.
ISSN:
2181-3906
2024
International scientific journal
«MODERN SCIENCE АND RESEARCH»
VOLUME 3 / ISSUE 12 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ
912
REFERENCES
1.
Гафурбеков Т.Б. Творческие ресурси националной монодии и их прельомление в
узбекской советской музике. – Тошкент: Фан, 1987.
2.
Джами, Абдурахман. Трактат о музике (пер. с перс. А.И.Болдирева) ред. и
комментарии В.М.Беляева Т., АН УзССР, 1960.
3.
Jo‘rayev M. O‘zbek xalq ertaklarida «sehrli” raqamlar. – Toshkent: Fan, 1991.
4.
Ибрагимов О. Фергано-Ташкентские макомы. – Ташкент, 2006.
5.
Ibrohimov O. O‘zbek xalq musiqa ijodi. – Toshkent, 1994. 10. Исфахони, Абул Фарадж.
Книга песен. – М., Наука, 1980.
6.
Pirmatova N. XONANDALIK VA HOFIZLIK MAHORATI //Art and Design: Social
Science. – 2024. – Т. 4. – №. 06. – С. 24-27.
7.
Pirmatova N. PROBLEMS OF VOICE ADJUSTMENT IN MAQOM SINGING
EDUCATION //Archive of Conferences. – 2021. – Т. 22. – №. 1. – С. 39-43.
