87
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 3
1989–2007-YILLARDA O‘ZBEKISTONDA SUV RESURSLARINING HOLATI VA
O‘ZGARISHLARI
Yuldosheva Bibirajab
t.f.f.d.,
dotsent. BuxDU.
https://doi.org/10.5281/zenodo.14968791
Annotatsiya.
Maqolada 1989–2007-yillarda O‘zbekistonning suv resurslari holati va
ularning o‘zgarishi tahlil qilinadi. Iqlim o‘zgarishi, aholi sonining o‘sishi va iqtisodiy
rivojlanishning suv ta’minotiga ta’siri ko‘rib chiqiladi. Tadqiqotda transchegaraviy suv
muammolari, yer osti suv zaxiralarining kamayishi hamda Orol dengizi ekologik inqirozi
alohida o‘rganilgan. Sug‘orish tizimlarining samarasizligi va suv boshqaruvidagi kamchiliklar
natijasida yuzaga kelgan suv tanqisligi va ekologik muammolarga e’tibor qaratilgan. Tadqiqot
natijalari suv resurslarini barqaror boshqarish, mintaqaviy hamkorlik va zamonaviy texnologik
yechimlarni joriy etish zaruratini ta’kidlaydi.
Kalit so’zlar
: suv resurslari, transchegaraviy daryolar, sug‘orish tizimi, yer osti suvlari,
sho‘rlanish, iqlim o‘zgarishi, orol dengizi inqirozi, ekologik barqarorlik, suv ta’minoti, sanoat
chiqindilari, aholi zichligi, suv ifloslanishi, suv tanqisligi, oqova suvlar, hidroenergetika,
o‘rtacha harorat.
STATUS AND CHANGES OF WATER RESOURCES IN UZBEKISTAN IN
1989–2007
Abstract.
The article analyzes the state and changes in water resources in Uzbekistan
from 1989 to 2007. It examines the impact of climate change, population growth, and economic
development on water availability. Special attention is given to transboundary water issues, the
depletion of underground water reserves, and the ecological crisis of the Aral Sea. The study
highlights the consequences of inefficient irrigation systems and water mismanagement, leading
to water scarcity and environmental degradation. The findings emphasize the need for
sustainable water management strategies, regional cooperation, and modern technological
solutions to address water-related challenges in Uzbekistan.
Keywords:
water resources, transboundary rivers, irrigation system, groundwater,
salinization, climate change, aral sea crisis, ecological stability, water supply, industrial waste,
population density, water pollution, water scarcity, wastewater, hydropower, average
temperature.
СОСТОЯНИЕ И ИЗМЕНЕНИЕ ВОДНЫХ РЕСУРСОВ В УЗБЕКИСТАНЕ В
1989–2007 ГГ.
Аннотация.
В статье анализируется состояние и изменения водных ресурсов
Узбекистана в 1989–2007 годах. Рассматривается влияние изменения климата, роста
88
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 3
населения и экономического развития на доступность воды. Особое внимание уделено
трансграничным водным проблемам, истощению подземных водных запасов и
экологическому кризису Аральского моря. Исследование подчеркивает последствия
неэффективных систем орошения и нерационального управления водными ресурсами, что
приводит к нехватке воды и деградации окружающей среды. Выводы акцентируют
необходимость
устойчивого
управления
водными
ресурсами,
регионального
сотрудничества и внедрения современных технологических решений для решения водных
проблем Узбекистана.
Ключевые слова:
водные ресурсы, трансграничные реки, орошение (ирригационная
система), подземные воды, засоление, изменение климата, аральский кризис,
экологическая стабильность, водоснабжение, промышленные отходы, плотность
населения, загрязнение воды, дефицит воды, сточные воды, гидроэнергетика, средняя
температура.
Kirish.
O‘zbekistonning suv resurslari mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi, ekologik barqarorligi
va aholi farovonligi uchun strategik ahamiyatga ega. Biroq, mamlakatning tabiiy-geografik
joylashuvi, iqlim o‘zgarishlari va antropogen omillar tufayli 1989–2007-yillarda suv resurslari
bilan bog‘liq jiddiy muammolar yuzaga keldi.
O‘zbekistonning suv resurslarining 85 foizi transchegaraviy daryolar – Amudaryo va
Sirdaryo orqali shakllanadi, bu esa mamlakat suv ta’minotini qo‘shni davlatlar siyosatiga bog‘liq
qilib qo‘ydi. 1989-yildan boshlab aholi sonining ortishi, qishloq xo‘jaligi sug‘orish
maydonlarining kengayishi, sanoat rivojlanishi va iqlim o‘zgarishi natijasida suv iste’moli
sezilarli darajada oshdi. Shu bilan birga, eskirgan sug‘orish tizimlari va suvdan foydalanishdagi
yo‘qotishlar suv tanqisligini kuchaytirdi.
1991-yilda sobiq SSSRning parchalanishi Markaziy Osiyodagi suv taqsimoti tizimiga
katta ta’sir ko‘rsatdi. Sovet davrida yagona boshqaruv tizimi mavjud bo‘lgan. Ammo
mustaqillikdan so‘ng har bir davlat o‘z milliy manfaatlarini ilgari sura boshladi va suv taqsimoti
bo‘yicha keskin kelishmovchiliklar yuzaga keldi.
1989–2007-yillarda mamlakatimizda suv resurslari bo‘yicha muammolar quyidagi asosiy
yo‘nalishlarda kuzatildi:
- Ichki suv havzalarining kamayishi va ifloslanishi;
- Yer osti suvlarining sho‘rlanishi va kamayishi;
- Transchegaraviy suv muammolari;
- Orol dengizi inqirozi.
89
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 3
Ushbu maqolada 1989–2007-yillarda O‘zbekiston suv resurslarining tabiiy taqsimoti,
ichki suv havzalari, yer osti suvlarining sifati, transchegaraviy suv muammolari va Orol dengizi
inqirozi bo‘yicha tahliliy yondashuv asosida tadqiqot olib boriladi. Mamlakat suv
muammolarining kelib chiqish sabablari, ularning iqtisodiy va ekologik oqibatlari va yechim
yo‘llari yoritiladi.
Muhokama va natijalar.
O‘zbekiston suv resurslarining tabiiy taqsimoti mamlakatning iqlim sharoiti, relyefi va
daryo tizimlariga bog‘liq bo‘lib, bu resurslar uzoq tariximiz davomida muhim ekologik va
iqtisodiy omil bo‘lib kelgan. Mustaqillikning ilk yillarida suv resurslarining tabiiy taqsimoti
bevosita suvdan foydalanish siyosati, iqlim o‘zgarishlari va qo‘shni davlatlar bilan suv taqsimoti
bo‘yicha kelishmovchiliklar ta’sirida shakllandi. Bu davrda suv resurslarining kamayishi, ichki
suv havzalarining qisqarishi va yer osti suvlarining sifati yomonlashishi hududning suv bilan
bog‘liq inqirozini chuqurlashtirdi.
O‘zbekistonning suv resurslari asosan transchegaraviy daryolar – Amudaryo va Sirdaryo
hisobiga shakllanadi. 1989-yilda mamlakatning yillik suv resurslari hajmi taxminan 64 km³
bo‘lsa, 2007-yilga kelib bu ko‘rsatkich 54 km³ gacha kamaydi, ya’ni 16% ga qisqardi. Ushbu
o‘zgarishlar Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishgach, har bir davlat o‘z iqtisodiy
manfaatlarini himoya qila boshlagani va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha yagona tizim
buzilganligi bilan bog‘liq edi.
Sharqiy va shimoliy hududlar – Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand va
Jizzax viloyatlari uchun Sirdaryo va uning irmoqlari asosiy suv manbai bo‘lib kelgan. Ushbu
hududlarda daryo oqimlari mustaqillikdan avvalgi davrda markazlashgan tizim orqali nazorat
qilingan bo‘lsa, 1990-yillarning boshlarida qo‘shni davlatlar – Tojikiston va Qirg‘iziston
gidroenergetika ehtiyojlarini oshirib, suvni qishda to‘play boshladi, natijada O‘zbekiston
hududiga suv yetib kelishi kamaydi. Shu bilan birga, eski sug‘orish tizimlari va suvdan noto‘g‘ri
foydalanish ushbu hududlardagi suv resurslarining kamayishiga olib keldi. Masalan, 1989-yilda
sug‘orish tizimlaridagi suv yo‘qotish darajasi 25–30% bo‘lsa, 2007-yilga kelib bu ko‘rsatkich
40% gacha oshdi.
G‘arbiy va janubi-g‘arbiy hududlar – Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo,
Xorazm va Qoraqalpog‘iston viloyatlarida suv ta’minoti asosan Amudaryo orqali amalga
oshirilgan. Bu hududlarda yer osti suvlaridan foydalanish sezilarli darajada ortganligi, shu bilan
birga, suvning sho‘rlanishi kuchaygani sababli suv sifati yomonlashganligi kuzatiladi.
O’rganishlar boshlanishida, ya’ni, 1989-yilda Amudaryoning O‘zbekiston hududiga yetib
keladigan suvi 40–45 km³ ni tashkil qilgan bo‘lsa, 2007-yilga kelib bu ko‘rsatkich 30–35 km³
90
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 3
gacha tushgan. Bu jarayon, Orol dengizi havzasida suv resurslarining kamayishi va ekologik
muhitning yomonlashishiga sabab bo‘lgan.
Suv resurslarining tabiiy taqsimoti hududning ichki suv havzalariga ham bevosita ta’sir
ko‘rsatgan. Suvning hududiy notekis taqsimlanishi sharqiy viloyatlarda tabiiy suv havzalarining
barqaror shakllanishiga imkon bergan bo‘lsa, g‘arbiy hududlarda suv tanqisligi ichki suv
havzalarining kamayishiga olib kelgan. Suv ta’minotining pasayishi va sug‘orish tizimlarining
kengayishi natijasida Aydarko’l, Arnasoy va Tuzkon kabi sun’iy suv havzalari shakllangan edi.
Ushbu suv havzalari qisqa muddat ichida katta maydonni egallagan bo‘lsa-da, suvining
sifati past bo‘lib, tarkibida minerallashuv va sho‘rlanish jarayonlari kuchaygan.
Transchegaraviy daryolar oqimining kamayishi, iqlim o‘zgarishi va sug‘orish
ehtiyojlarining ortishi natijasida hududning ichki suv havzalari 1990-yillarning oxiridan boshlab
qisqarish bosqichiga o‘tdi. Tabiiy suv havzalari qisqargani sababli, yer osti suvlariga bo‘lgan
ehtiyoj ortdi, ammo bu resurslarning sifati va hajmi ham yomonlashdi. 2000-yillarning
boshlariga kelib, mamlakatda yer osti suvlaridan foydalanish hajmi 10 km³ ga yetdi, bu esa
1989-yilga nisbatan 3 km³ ko‘proqni tashkil etgan. Sho‘rlanish va ifloslanish jarayonlari tufayli
yer osti suvlarining ichimlik suvi sifatida foydalanish imkoniyatlari cheklangan.
Ushbu davrda suv resurslarining tabiiy taqsimoti qishloq xo‘jaligi va sanoatning
rivojlanishiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Sug‘oriladigan yerlarning kengayishi va suv tanqisligi fermer
xo‘jaliklari uchun qiyinchilik tug‘dirgan bo‘lsa, sanoat hududlarida suv resurslari atrof-muhit
ifloslanishi tufayli yomonlashgan.
Yurtimizning ichki suv havzalari mamlakatning tabiiy suv resurslari taqsimotida muhim
rol o‘ynaydi. 1989–2007-yillar oralig‘ida ushbu havzalarda sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi.
Asosiy daryo oqimlarining kamayishi, sug‘orish uchun ishlatiladigan suv hajmining
ortishi va ekologik ifloslanish natijasida ichki suv havzalarining maydoni qisqarib, ularning sifati
yomonlashdi.
1989-yilgacha ichki suv havzalarining tabiiy taqsimoti barqaror bo‘lib, suv balansi daryo
oqimlari va tabiiy suv aylanishi hisobiga shakllangan edi. Biroq, 1991-yilda sobiq SSSR
tarqalishi va suv boshqaruvi bo‘yicha yagona tizimning yo‘qolishi O‘zbekiston hududidagi suv
resurslarining qisqarishiga olib keldi. Amudaryo va Sirdaryoning oqimi kamaygani sayin, ichki
suv havzalarining to‘yinish manbalari ham qisqara boshladi.
Hududdagi ichki suv havzalari daryolar, tabiiy ko‘llar va sun’iy suv omborlaridan iborat.
Tadqiqotning qamrab olingan davrida Amudaryo va Sirdaryo suv hajmining 15–20% ga
qisqarishi natijasida tabiiy suv havzalariga yetarli suv yetib kelmagan. Buning oqibatida,
Qoraqalpog‘iston va Xorazm hududlarida joylashgan tabiiy ko‘llarning 40% maydoni qisqardi
yoki butunlay yo‘qoldi.
91
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 3
Ichki suv havzalarining kamayishiga sug‘orish tizimidagi yo‘qotishlar ham katta ta’sir
ko‘rsatdi. Qishloq xo‘jaligida suv sarfining katta qismi ochiq kanallar orqali amalga oshirilgani
uchun bug‘lanish va infiltratsiya oqibatida katta miqdorda suv yo‘qotilgan. 2007-yilga kelib,
sug‘orish kanallaridagi suv yo‘qotishlar umumiy suv sarfining 30–40 foizini tashkil etgan.
Suvning noto‘g‘ri taqsimlanishi va texnik eskirgan sug‘orish tizimlari ham ichki suv
havzalarining qisqarishiga sabab bo‘lgan.
Shuningdek, iqlim o‘zgarishi va yog‘ingarchilikning kamayishi ham ichki suv
imkoniyatlarining qisqarishiga ta'sir ko‘rsatdi. 1990-yillar oxiridan boshlab mintaqada yillik
yog‘ingarchilik 5–10% ga kamaydi, bu esa ichki suv havzalarining tabiiy to‘yinishi jarayonini
sustlashtirdi. Bundan tashqari, havo haroratining o‘rtacha 1,5–2°C ga ko‘tarilishi suv
bug‘lanishini tezlashtirishi natijasida ichki suv havzalarining tabiiy tiklanish jarayoni pasaydi.
Ichki suv havzalarining kamayishidan tashqari, ularning sifati ham yomonlashganligi
davrga xos xususiyatlardan biridir. 1989–2007-yillar oralig‘ida sanoat chiqindilari, qishloq
xo‘jaligi pestitsidlari va maishiy oqova suvlari ichki suv havzalariga oqizilgan. Bu jarayon
O‘zbekistonning suv tizimlari ekologik barqarorligiga jiddiy zarar yetkazdi. Xususan, Sirdaryo
va Amudaryo daryolarining quyi oqimlarida og‘ir metallar, neft mahsulotlari va pestitsidlar
miqdori ortgani kuzatilgan. Mutaxassislarning xulosasi bo’yicha, bu jarayon suvning o‘zini-o‘zi
tozalash xususiyatini zaiflashtirib, ichimlik suvi sifatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
O’rganishlar davomida ichki suv havzalarining ifloslanishi bilan bog‘liq quyidagi asosiy
muammolar aniqlandi: Birinchidan, qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish natijasida hosil bo‘lgan
ortiqcha suvlarning tarkibida kimyoviy o‘g‘itlar va pestitsidlarning bo‘lishi va bu suvlar
daryolarga qaytib oqib tushib, ularning sifati yomonlashishiga olib kelgan. Ikkinchidan, sanoat
chiqindilari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ichki suv havzalariga tashlanishi oqibatida suv zararlangan.
Xususan, Toshkent, Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlarida joylashgan sanoat
korxonalari oqizgan kimyoviy chiqindilar daryolar va suv omborlarining ifloslanishiga sabab
bo‘ldi. Uchinchidan, aholi punktlarining oqova suvlarini ichki suv havzalariga tashlashi
natijasida havzaning sanitariya holati yomonlashgan va suv resurslarining sifati keskin pasaygan.
Ichki suv havzalarining kamayishi, ifloslanishi va iqlim o‘zgarishlarining ta’siri bevosita
mamlakatning ichimlik suvi ta’minotiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. 1989–2007-yillarda aholi
zich joylashgan hududlarda suv tanqisligi kuchaydi, bu esa ichimlik suvi sifatining pasayishiga
olib keldi. Ichki suv havzalarining holati tobora yomonlashib borayotgan bir paytda, hudud
uchun yer osti suv resurslari yanada muhim manbaga aylangan.
O’lka suv resurslarining asosiy qismini transchegaraviy daryolar tashkil etgani sababli,
ichki suv havzalari va yer osti suvlariga bo‘lgan ehtiyoj yildan-yilga oshib bordi. 1989–2007-
yillar davomida suv resurslarining kamayishi, suv taqsimotidagi muammolar va ekologik
92
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 3
holatning yomonlashishi yer osti suvlariga bo‘lgan bosimni sezilarli darajada oshirdi. Ichki suv
havzalarining qisqarishi va transchegaraviy suv oqimining kamayishi natijasida hududda yer osti
suvlaridan sug‘orish, sanoat va ichimlik suvi manbai sifatida foydalanish ko‘paydi. Biroq, bu
resurslarning nazoratsiz ishlatilishi ularning tabiiy tiklanish jarayonini buzilishiga va suvning
sho‘rlanishi, ifloslanishi hamda sifati yomonlashishiga olib keldi.
Alohida ahamiyat berish kerakki, mintaqa uchun bu davrda yer osti suvlariga tayanish
darajasi ortdi, chunki daryolardan keladigan suv hajmi kamayib, ichki suv havzalari qisqara
boshlagan edi. 1990-yillarning o‘rtalariga kelib, ayniqsa qishloq xo‘jaligi va sanoat rivojlangan
hududlarda yer osti suvlari asosiy suv manbalaridan biriga aylanganligi fikrimizning dalilidir.
Tadqiqotda yer osti suvlarining hajmi tabiiy va antropogen omillar ta’sirida sezilarli
darajada pasayib borganligi ham o’z yechimini topdi. Dastlab, bu jarayon tabiiy suv resurslari
taqsimotidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lsa, keyinchalik inson omili asosiy sabab sifatida
yetakchilik qila boshladi. Suvning tabiiy tiklanish jarayoni buzilganligi sababli, yer osti suvlariga
bo‘lgan bosim sezilarli ortdi. Bu jarayonda sug‘orish tizimidagi o‘zgarishlar, iqlim o‘zgarishi,
sanoat va aholi tomonidan suv iste’molining ortishi hal qiluvchi rol o‘ynadi.
Sug‘orish tizimlarining kengayishi, ayniqsa, o’lkaning janubiy va g‘arbiy hududlarida yer
osti suvlariga bo‘lgan bosimni oshirdi. 1989-yilda yer osti suvlari orqali qishloq xo‘jaligiga
sarflanadigan suv hajmi 7 km³ bo‘lsa, 2007-yilda bu ko‘rsatkich 10 km³ ga yetdi. Sug‘orish
uchun yer osti suvlaridan keng foydalanish natijasida Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo
viloyatlarida yer osti suv sathi 1,5–2 metrgacha pasaydi. Bu esa tuproqning sho‘rlanish
jarayonini tezlashtirdi va suv sifati yomonlashishiga sabab bo‘ldi.
Yer osti suvlarining kamayishiga ta’sir qilgan yana bir muhim omil iqlim o‘zgarishi
bo‘ldi. 1990-yillarning oxiridan boshlab, O‘zbekiston hududida yillik yog‘ingarchilik 10–15% ga
kamaydi, bu esa yer osti suvlarining tabiiy tiklanish jarayonini sekinlashtirdi. Haroratning 1,5–
2°C ga oshishi suvning bug‘lanish jarayonini kuchaytirib, yer ostiga singadigan suv miqdorini
qisqartirdi. Natijada, tabiiy suv muvozanati buzilib, daryolar va ichki suv havzalari orqali yer
osti suvlarini oziqlantirish jarayoni sezilarli darajada pasaydi.
Yer osti suvlaridan foydalanish faqat qishloq xo‘jaligi sohasida emas, balki sanoat va
aholining ichimlik suvi ta’minoti uchun ham muhim ahamiyat kasb etdi. 1989-yilda
O‘zbekistonning umumiy suv iste’moli 64 km³ ni tashkil qilgan bo‘lsa, 2007-yilda bu
ko‘rsatkich 54 km³ ga tushdi. Muhim jihati shundaki, umumiy suv resurslari kamayganiga
qaramay, yer osti suvlaridan foydalanish ulushi oshib borgan. Hatto Toshkent, Samarqand va
Farg‘ona kabi yirik sanoat markazlarida yer osti suvlaridan foydalanish 20–25% ga oshganligini
ko’rishimiz mumkin.
Yer osti suvlarining hajmi kamayib borishi bilan birga, ularning sifati ham yomonlashdi.
93
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 3
Sho‘rlanish, sanoat chiqindilari va qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan kimyoviy moddalar
suv resurslarini ifloslantirdi.
Sho‘rlanish darajasi ayniqsa, O‘zbekistonning g‘arbiy va janubi-g‘arbiy hududlarida
sezilarli darajada ortdi. Statistika ma’lumotlari bo’yicha 1989-yilda yer osti suvlarining
minerallashuv darajasi o‘rtacha 1,5 g/l bo‘lganini ko’rsatadi, 2007-yilda esa bu ko‘rsatkich 3 g/l
ga yetgan. Qoraqalpog‘iston va Xorazm hududlarida esa sho‘rlanish jarayoni kuchayganligi
sababli ichimlik suvi sifati ham jiddiy yomonlashgan.
Bu jarayonni tezlashishiga sanoat chiqindilari ham katta ta’sir ko’rsatgan. Ekolog
mutaxasislarning qayd etishicha, Navoiy, Samarqand va Toshkent kabi yirik sanoat hududlarida
sanoat korxonalarining oqova suvlari yer ostiga singib, suv tarkibida og‘ir metallar va kimyoviy
moddalarning ortishiga sabab bo‘lgan. Farg‘ona vodiysida neft va gaz sanoatining rivojlanishi
natijasida yer osti suvlari tarkibida neft mahsulotlari paydo bo‘lishi kuzatilgan.
Qishloq xo‘jaligi sohasi ham sanoat singari yerlarga ishlatiladigan o‘g‘it va pestitsidlari
bilan yer osti suvlarining ifloslanishiga sabab bo‘ldi. Sug‘oriladigan hududlarda azot va fosfor
o‘g‘itlarining ortiqcha qo‘llanilishi natijasida yer osti suvlarining tarkibida nitrat va boshqa
zararli moddalar ko‘payiga olib kelgan. Bu esa ichimlik suvi sifatining pasayishiga olib keldi.
Mintaqa suv manbalarining kamayishi va ifloslanishi transchegaraviy suv oqimlarining
qisqarishi bilan ham bevosita bog‘liq jarayondir. Qo‘shni davlatlar tomonidan Sirdaryo va
Amudaryo oqimining tartibga solinishi natijasida O‘zbekiston hududiga keladigan suv hajmi
kamaygan.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoning suv resurslariga eng muhtoj davlatlaridan biri bo‘lib,
uning suv ta’minoti bevosita qo‘shni davlatlar bilan umumiy suv havzalaridan foydalanish
tartibiga bog‘liq. O‘zbekiston suv resurslarining 85 foizi transchegaraviy daryolar – Amudaryo
va Sirdaryo orqali shakllanadi. Ushbu daryolar manbalari asosan Tojikiston, Qirg‘iziston va
Afg‘oniston hududlarida joylashgan bo‘lib, bu davlatlarning suvdan foydalanish siyosati
O‘zbekistonning suv ta’minotiga bevosita ta’sir qiladi.
Sovet Ittifoqi davrida Markaziy Osiyo suv resurslari yagona reja asosida boshqarilgan.
Tojikiston va Qirg‘iziston yuqori oqimdagi davlatlar sifatida suvni to‘plash va
gidroenergetikadan foydalanishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, O‘zbekiston, Qozog‘iston va
Turkmaniston quyi oqim davlatlari sifatida suvdan sug‘orish va qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari
uchun foydalanib kelgan. Ittifoq parchalangach, har bir davlat o‘z milliy manfaatlari asosida suv
resurslarini boshqarishga harakat qila boshladi. O‘zbekiston va Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi
uchun suv ta’minotini barqaror saqlashga intilgan bo‘lsa, Tojikiston va Qirg‘iziston
gidroenergetika sohasini rivojlantirishga ustuvorlik berdi. Bu esa daryolarning tabiiy oqimi va
suvdan foydalanish bo‘yicha an’anaviy tartiblarni o‘zgartirdi.
94
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 3
Tojikiston va Rog‘un GES muammosi fikrimizga yaqqol misol bo‘la oladi. Amudaryo
suvining asosiy manbalaridan biri bo‘lgan Tojikiston, mustaqillikka erishganidan keyin Rog‘un
GES loyihasini qayta tiklashga qaror qildi. Ushbu loyiha orqali Tojikiston elektr energiyasini
ishlab chiqarishni ko‘paytirishni maqsad qilgan bo‘lsa-da, bu O‘zbekiston uchun jiddiy suv
taqchilligiga olib kelishi ilmiy xulosalandi. Shu sababli, O‘zbekiston Tojikistonning bu rejasiga
qarshi chiqdi va ushbu loyiha Markaziy Osiyodagi eng bahsli suv masalalaridan biriga aylandi.
Xuddi shunday, Qirg‘iziston ham To’xtagul GES orqali Sirdaryoning quyi oqimiga
keladigan suvni tartibga solib, suvni qishda to‘plashni afzal ko‘rdi. 2000-yillarning boshlaridan
boshlab, Qirg‘iziston elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni qondirish uchun qishda suvni ko‘proq
to‘play boshladi, bu esa Sirdaryoning quyi oqimlarida suv tanqisligiga olib keldi.
Bundan tashqari, Turkmaniston ham Amudaryo suvidan faol foydalanadigan davlatlardan
biri sifatida o‘z siyosatini davom ettirdi. Qaraqiya kanali va Qaraqum kanali orqali katta
miqdorda suvni ichki hududlariga yo‘naltirish natijasida, bu O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston
hududlariga keladigan suv miqdorini sezilarli darajada qisqartirdi.
Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha kelishmovchiliklarni yumshatish
maqsadida 1992-yilda "Transchegaraviy suv resurslarini muvofiqlashtirish bo‘yicha kelishuv"
imzolandi. Ushbu kelishuv suv resurslarini davlatlar o‘rtasida adolatli taqsimlash va suvdan
foydalanishda hamkorlik qilish tamoyiliga asoslangan edi. Ammo, bu kelishuv doim ham
samarali ishlamadi, chunki respublikalar o‘z milliy manfaatlarini ustun qo‘yishda davom etdilar.
2000-yillarning boshlarida BMT va Jahon Banki ishtirokida Markaziy Osiyoda suv
taqsimoti bo‘yicha xalqaro loyihalar amalga oshirildi. Bu loyihalar doirasida Orol dengizini
saqlab qolish va transchegaraviy suv zaxiralarini samarali boshqarish bo‘yicha harakatlar amalga
oshirildi. Biroq, Markaziy Osiyoda suv taqsimoti bo‘yicha umumiy strategiya 17 yil davomida
hali ham ishlab chiqilmagan edi.
Transchegaraviy suv muammolari mintaqadagi eng yirik ekologik fojia – Orol
dengizining qurishiga bevosita ta’sir ko‘rsatdi. Bu davrda daryolardan dengizga yetib kelayotgan
suv miqdori keskin kamaydi, natijada Orol dengizi o‘z tarixidagi eng yirik ekologik inqirozga
duch keldi. Ushbu inqirozning asosiy sababi sifatida inson omili, xususan, sug‘orish uchun
suvdan ortiqcha foydalanish, suv resurslarini noto‘g‘ri boshqarish va transchegaraviy daryolarni
tartibga solishdagi kelishmovchiliklar bilan bog‘liq bo‘ldi, desak yanglishilmaydi.
1989-yilgacha Orol dengizi maydon jihatidan dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘l hisoblangan.
Ammo, 1990-yillarning boshlaridan boshlab, Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishgach,
suv resurslarini milliy manfaatlarga mos ravishda boshqarishga harakat qilishdi. Bu esa Orol
dengiziga yetib boradigan suv oqimining keskin kamayishiga olib keldi. 1989-yilda dengizga
yiliga 60 km³ suv quyilgan bo‘lsa, 2007-yilga kelib bu ko‘rsatkich 10 km³ dan ham kamroqni
95
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 3
tashkil etdi. Bunday o‘zgarishlar natijasida dengizning umumiy maydoni 60 foizga qisqardi, suv
hajmi esa 70 foizga kamaydi. Suv miqdorining qisqarishi bilan birga, sho‘rlanish darajasi keskin
oshdi va bu nafaqat dengizning ekotizimiga, balki butun mintaqadagi iqlim va iqtisodiyotga ham
salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Soxa mutaxassislari Orol dengizining qisqarishini bir necha bosqichda sodir bo‘lganligini
asoslashgan. Sekinlik bilan boshlangan jarayon keyinchalik, sug‘orish va suvdan noto‘g‘ri
foydalanish sababli tezlashgan. Quyida bosqichlarni ko’rib chiqamiz:
Birinchi bosqich 1989–1995-yillarni o‘z ichiga olib, bu davrda dengizga keladigan suv
miqdori 30–40 foizga qisqardi. Amudaryo va Sirdaryo havzalaridagi yirik irrigatsiya loyihalari
natijasida daryolardan olinadigan suv hajmi oshdi, natijada dengiz sathi 2–3 metrga pasaydi. Shu
bilan birga, sho‘rlanish darajasi ortib, baliqchilik sanoati inqirozga yuz tutdi.
Ikkinchi bosqich 1996–2000-yillar oralig‘ini o‘z ichiga olib, bu davrda Orol dengizining
janubiy va shimoliy qismlari bir-biridan ajraldi. Oqibatda, suvning bug‘lanish tezligi oshdi va
sho‘rlanish darajasi keskin ortdi. Ushbu davrda Orolbo‘yi hududlarida qurg‘oqchilik kuchayib,
aholi orasida suv tanqisligi va qashshoqlikning oshishi kuzatildi.
Uchinchi bosqich 2001–2007-yillarga to‘g‘ri kelib, Orol dengizining umumiy maydoni
50 foizga qisqardi. Orol dengizining tubi ochilib, tuz va chang bo‘ronlari mintaqada iqlim
o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Sho‘rlanish darajasi haddan tashqari oshib, suvning ichki tarkibi
o‘zgarib ketdi. 2007-yilga kelib, dengizning sho‘rlanish darajasi o‘rtacha 80 g/l ga yetdi, bu esa
uni hayot uchun yaroqsiz holga keltirdi.
Orol dengizining yo‘qolishi O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasiga keng
ko‘lamli ekologik va iqtisodiy zarar yetkazdi. Birinchidan, iqlim o‘zgarishlari mintaqaning
mikroiqlimiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Orol dengizining qurishi natijasida havo harorati yozda 2–
3°C ga oshdi, qishda esa 1,5–2°C ga tushib ketdi. Bu esa yog‘ingarchilik miqdorining
pasayishiga va bug‘lanishning oshishiga olib keldi.
Ikkinchidan, suv resurslarining kamayishi qishloq xo‘jaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Orolbo‘yi hududlarida yerlarning sho‘rlanishi natijasida ekin maydonlari qisqardi.
Sug‘orish uchun suv ta’minotining pasayishi natijasida hosildorlik kamaydi, bu esa
mintaqa iqtisodiyotiga katta zarar yetkazdi. Masalan, 1989-yilda bu hududda qishloq
xo‘jaligidan olinadigan daromad umumiy hududiy yalpi mahsulotning 30 foizini tashkil qilgan
bo‘lsa, 2007-yilga kelib bu ko‘rsatkich 15 foizga tushib ketdi.
Uchinchidan, Orol dengizi inqirozi aholi salomatligiga ham katta zarar yetkazdi. Suv
tanqisligi, havo ifloslanishi va sho‘rlanish natijasida o‘pka kasalliklari, allergiya va boshqa
surunkali kasalliklar ko‘paydi. Orolbo‘yi hududlarida ichimlik suvining sifati yomonlashgani
sababli ichak infeksiyalari va turli epidemiya xavflari ortdi.
96
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 3
Orol dengizi inqirozi faqatgina O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo uchun emas, balki
butun dunyo ekologik tizimi uchun muhim masala bo‘ldi. Shu sababli, 1993-yilda Markaziy
Osiyo davlatlari "Orolni saqlash bo‘yicha xalqaro jamg‘arma" tashkil etishdi. Ushbu jamg‘arma
yordamida Orolbo‘yi hududlarini ekologik tiklash va suv resurslarini samarali boshqarish
bo‘yicha loyihalar ishlab chiqildi.
Shuningdek, BMT, Jahon banki va boshqa xalqaro tashkilotlar Orolbo‘yi hududlarida
ekologik loyihalarni amalga oshirishga harakat qilishdi. 2005-yilda Shimoliy Orol dengizini
saqlab qolish loyihasi doirasida Qozog‘iston "Kokaral to‘g‘oni"ni barpo etdi, bu esa shimoliy
qismda suv sathining barqarorligini qisman ta’minladi.
Biroq, 2007-yilga kelib, Orol dengizining janubiy qismi halokatli darajada qisqarib, qayta
tiklash juda qiyin bo‘lgan hududga aylandi. Mintaqadagi suv taqsimoti bo‘yicha xalqaro
kelishmovchiliklar Orol dengizining butunlay yo‘qolishiga olib kelmasligi uchun suv
boshqaruvini yanada samarali tashkil etish muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.
Xulosa
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki,
1989–2007-yillarda O‘zbekiston suv resurslari bilan
bog‘liq muammolar yanada chuqurlashdi. Ichki suv havzalarining kamayishi, yer osti suvlarining
sho‘rlanishi va transchegaraviy daryolarning notekis taqsimoti mamlakat suv ta’minoti
tizimining beqarorligini kuchaytirdi.
Suv resurslarining asosiy qismi qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilgani sababli, sug‘orish
tizimlarining eskirishi va samaradorligining pasayishi mavjud suv hajmini qisqartirdi.
Transchegaraviy
suvlar
bo‘yicha qo‘shni davlatlar bilan kelishmovchiliklar
O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi va ichimlik suvi ta’minotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Ayniqsa,
Tojikiston va Qirg‘izistonning gidroenergetik siyosati, O‘zbekistonda esa sug‘orish
ehtiyojlarining ortishi mintaqaviy suv inqirozini yanada chuqurlashtirdi.
Bu jarayonlarning eng fojiali natijasi Orol dengizining qurishi oqibatida 2000-yillarga
kelib dengiz bir necha qismlarga ajralib ketdi. Bu nafaqat suv resurslariga, balki ekologiya va
aholining turmush sharoitlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
O‘zbekistonning suv resurslari tarixidan olinadigan asosiy saboq shundan iboratki, suvni
samarali boshqarish, uni tejovchi texnologiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni
rivojlantirish mamlakat suv ta’minotining barqarorligi uchun hal qiluvchi omillardan biri
ekanligidir. Suv resurslarini oqilona boshqarish O‘zbekistonning ekologik va iqtisodiy
barqarorligi uchun muhim vazifa hisoblanadi.
97
ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 3
REFERENCES
1.
O‘zbekiston Respublikasi “Suv kodeksi”. – Toshkent: O‘zbekiston Respublikasi Qonun
hujjatlari to‘plami, 1993.
2.
O‘zbekiston Respublikasi “Suv xo‘jaligi vazirligi to‘g‘risida”gi Nizom. – Toshkent: 2023.
3.
Karimov R. Markaziy Osiyoda suv taqsimoti va xalqaro munosabatlar. – Toshkent:
O‘zbekiston, 2003.
4.
Yusupov N. Orol dengizi inqirozi va uning O‘zbekiston ekologiyasiga ta’siri. //
O‘zbekiston ekologiya jurnali
. – 2004. – №3. – B. 45–53.
5.
Mamatqulov B. Yer osti suvlarining ifloslanishi va uni muhofaza qilish strategiyalari. //
Fan va texnika yangiliklari
. – 2006. – №1. – B. 20–27.
6.
Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha xalqaro hujjatlar. BMTning rasmiy
veb-sayti. URL: www.un.org (Murojaat qilingan sana: 01.03.2025).
7.
Yavmutov D. S. Mintaqaviy ekologik-iqtisodiy barqaror rivojlanish konsepsiyasini ishlab
chiqish-hududiy rivojlanishning ustuvor yo ‘nalishi sifatida //Gospodarka i Innowacje. –
2024. – Т. 52. – С. 132-142.
8.
Burxonov S., Khamidov O., Yavmutov D. Buxoro viloyatida sug ‘oriladigan yerlardan
samarali foydalanish muammolari va ularni yaxshilash yo ‘llari //Центр научных
публикаций (buxdu. uz). – 2023. – Т. 41. – №. 41.
9.
O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhit holati va tabiiy resurslardan foydalanish
to‘g‘risida milliy ma’ruza (1988-2007 yillar bo‘yicha retrospektiv tahlil) - Tashkent:
Chinor ENK, 2009. - 288 bet.
10.
O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi va tabiiy resurslardan foydalanishning
holati to‘g‘risida milliy ma’ruza (2002-2004 yillar). Toshkent: CHP «Xan D.A.», 2006. –
166 bet.
