Maqolada “Alpomish” dostonining o‘rganilish tarixi xususida so‘z boradi. Shuningdek, ushbu dostonning turli xalq baxshilaridan yozib olingan variantlari, ulardagi umumiy va o‘ziga xos jihatlar tadqiq qilingan. Ushbu dostonning, Bulung‘ur dostonchilik maktabining atoqli namoyandasi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lidan yozib olingan varianti eng mukammal va eng badiiy jihatdan barkamoli ekanligi, binobarin, ushbu variant bo‘yicha olib borilgan ko‘plab tadqiqotlarga asos bo‘lganligi xususida fikrlar bayon qilingan. Shuningdek, maqolada ushbu doston bo‘yicha mashhur rus olimi V.M.Jirmunskiyning tadqiqotlari ham tahlil qilingan. “Alpomish” dostoni bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar uch yo‘nalishga bo‘lib tekshirilgan. Birinchi bosqichda dostonning xalq baxshilaridan yozib olinish jarayoni, qachon, qaysi baxshidan, kim tomonidan yozib olinganligi, shu yozib olingan nusxa nashr qilingan bo‘lsa, kim tomonidan nashrga tayyorlanganligi, nashr qilinmagan bo‘lsa, qo‘lyozmasi qaysi xazinada saqlanayotganligi xususida ma’lumotlar berilgan.