MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-24
Часть–2_ Апрель –2025
114
O’SMIR YOSHDAGI QIZLARNING TARBIYASIDAGI O’ZGARISHLAR
VA ULARNING KELIB CHIQISH SABABLARI
Maxamatiminova Durdonaxon Farxot qizi
TDTrU Sotsiologiya yo’nalishi 2-bosqich talabasi
Matkarimova Jamila Durdiyevna
TDTrU f.f.d.(DSc), v.b.professor
Annotatsiya: Ushbu maqolada oʻsib kelayotgan o‘smir yoshdagi qizlarning
tarbiyaviy muammolari va ularning sabablari o‘rganilgan. Ayniqsa, oilaviy muhit,
ijtimoiy tarmoqlar va zamonaviy madaniy qadriyatlarning o‘zgarishi qizlarning
tarbiyaviy holatiga qanday ta’sir etayotgani tahlil qilinadi. Kiberzo‘ravonlik,
depressiya, o‘z-o‘ziga zarar yetkazish va noto‘g‘ri ijtimoiy ta’sirlar natijasida yuzaga
keladigan muammolar chuqur o‘rganilib, ularni bartaraf etish yo‘llari ko‘rsatib
o‘tilgan. Maqola ota-onalar, pedagoglar va sotsiologlar uchun foydali ma’lumot
manbayi bo‘lib xizmat qiladi.
Аннотация: В данной статье рассматриваются проблемы воспитания
девочек-подростков и их причины. В частности, анализируется, как изменение
семейной среды, социальных сетей и современных культурных ценностей
влияет на воспитательное состояние девочек. Глубоко изучены проблемы,
возникающие в результате кибернасилия, депрессии, самоповреждения и
неправильного социального воздействия, указаны пути их устранения. Статья
служит полезным источником информации для родителей, педагогов и
социологов.
Abstract: This article examines the educational problems of adolescent girls
and their causes. In particular, the influence of changes in the family environment,
social networks, and modern cultural values on the upbringing of girls is analyzed.
Problems arising as a result of cyberbullying, depression, self-harm, and negative
social influences are deeply studied, and ways to eliminate them are indicated. The
article serves as a useful source of information for parents, educators, and sociologists.
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-24
Часть–2_ Апрель –2025
115
Kalit soʻzlar: Oʻsmirlar, qizlar tarbiyasi, oilaviy muhit, ijtimoiy tarmoqlar,
kiberzo‘ravonlik, depressiya, psixosomatik muammolar, ota-ona va farzand
munosabatlari, psixoaktiv moddalar, ma’naviy qadriyatlar, guruh ta’siri, hissiy
o‘zgarishlar, sog‘lom turmush tarzi.
Ключевые слова: Подростки, воспитание девочек, семейная среда,
социальные сети, кибернасилие, депрессия, психосоматические проблемы,
отношения между родителями и детьми, психоактивные вещества, духовные
ценности, групповое влияние, эмоциональные изменения, здоровый образ жизни.
Keywords: Adolescents, girls' upbringing, family environment, social
networks, cyberbullying, depression, psychosomatic problems, parent-child
relationships, psychoactive substances, spiritual values, group influence, emotional
changes, healthy lifestyle.
Oʻsmirlik davri eng murakkab va ayni paytda muhim bosqichdir. Bu davrning
eng muhim xususiyati shundaki, u oʻtish davrini bildiradi, yoshlikdan yetuklikka,
bolalikdan katta hayotga. Qizlarimizda aksariyat holatlarda, ayni shu yoshda turli xil
muammolar, ota-ona va yaqinlar bilan kelisha olmaslik, doim norozilik kayfiyatida
yurish, yon atrofidagilarga nisbatan hurmatsizlik kabi salbiy xatti-harakatlar kuzatiladi.
Oʻsmirlik davri qizlar uchun eng murakkab bosqichdir, chunki ular ruhiy, hissiy va
turli hil gʻalayonlar mavjud bо‘lgan eng qiyin davrlarni boshdan kechiradilar. Bejizga,
muqaddas Qur’oni Karim va Hadisi-shariflarda musulmon ahlining dunyoqarashi,
ma’naviyati, axloqi, e’tiqodi har tomonlama barkamolligi kabi insoniy sifatlarni
shakllantirishda ayol va xotin-qizlarga bagʻishlangan qimmatli fiklar va oyatlar bayon
qilinmagan. Har bir farzand boshlangʻich ta’lim-tarbiya va odob-axloqni avvalo
onalarimiz va buvijonlarimizdan oʻrganishadi. Kelajak avlodning solih boʻlishi
bugungi kun ayol va qizlarining soliha va har tomonlama yetuk boʻlishlariga har
jihatdan bogʻliqdir. Zero, ayol sogʻlom boʻlsa, jamiyat sogʻlom boʻladi. Oʻsmir
yoshdagi qizlarning tugʻilib oʻsgan oilasi, uni oʻrab turgan muhitning ma’naviy
saviyasi qanchalik yuqori boʻlsa, unda voyaga yetayotgan farzandning ma’naviyati
shunchalik yuksak boʻladi. Oʻzbekistonda oʻsmir qizlar muammolari bo‘yicha bir
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-24
Часть–2_ Апрель –2025
116
qator sotsiologlar va psixologlar tadqiqot olib borgan. Jumladan: Maxliyo Mirvaliyeva
o‘zining “O‘smirlar sotsial statusini shakllanishiga ta’sir etuvchi omillar” nomli
tadqiqotida o‘smirlarning ijtimoiy statusiga ta’sir qiluvchi omillarni chuqur tahlil
qilgan. Ushbu tadqiqotda o‘smir qizlarning jamiyatga moslashuvi, ularning ta’lim va
kasb tanlovi, oilaviy sharoitlari va do‘stlari bilan munosabatlari muhim oʻrin tutishi
oʻrganilgan. Dildora Isroilovna Joʻrayeva esa “O‘smirlarda xulqiy og‘ishlar namoyon
etilishini o‘rganish” nomli maqolasida o‘smirlarning ruhiy va ijtimoiy muammolari,
ularning depressiya va tashvishlanishga moyilligi haqida tadqiqot olib borgan.
Mahalliy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston jamiyatida o‘smir qizlarning
ta’lim olish imkoniyatlari, psixologik muammolari va oilaviy tarbiyasi asosiy
muammolar sirasiga kiradi.
Oʻsmirlik davrida, qizlar hissiyotlarga boy, hayotiy jarayonlarga koʻproq
ta’sirchan boʻlganligi sababli, atrofidagi ziddiyatlarga tobora sezgirroq boʻlib boradi.
Bu davrda oʻzlarini kattalardek tutishi, mustaqil deb bilishi ota-onalari bilan
kelishmovchiliklarga sabab boʻladi. Agar ota-onalar juda qattiq nazorat oʻrnatsa, turli
xil taqiqlar qoʻysa yoki farzandlarining his-tuygʻularini inobatga olmasa, bu
munosabatlarning yomonlashishiga olib keladi. Natijada, ular qoʻllab-quvvatlashni,
mehrni, e’tiborni tashqi muhitdan izlashlari yoki nojoʻya yoʻllarga kirib ketish xavfi
ortishi mumkin. Raqamli texnologiyalar va ijtimoiy tarmoqlarning keng tarqalishi
oʻsmir qizlarning tarbiyasiga sezilarli ta’sir koʻrsatmoqda. Tadqiqotlar shuni
koʻrsatadiki, 14-19 yoshdagi qizlarning 98% kiberzoʻravonlikka duch kelgan. Ijtimoiy
tarmoqlarda kiberzoʻravonlik, kiberbullingga duch kelish oʻsmir qizlarning depressiya
va xavotirli holatlarining rivojlanishi, suitsidal xulq-atvor, oʻziga zarar yetkazish xatti-
harakatlari, psixoaktiv moddalardan foydalanish va psixosomatik alomatlarning
koʻpayishiga olib kelmoqda. Oʻsmirlar orasida smartfon va internetga haddan tashqari
bogʻlanish, real hayotdagi ijtimoiy aloqalarni zaiflashtirishi mumkin. 2024-yil global
miqyosda o‘tkazilgan “Pew Research Center” tadqiqotiga ko‘ra, o‘smirlarning 23% i
kiberbullingga uchraganini bildirgan. Qizlar orasida bu ko‘rsatkich 25%, o‘g‘il bolalar
orasida esa 21% ni tashkil etgan.
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-24
Часть–2_ Апрель –2025
117
Ajrashishlar sonini oshishi va yolgʻiz ota-onalar tomonidan tarbiyalanayotgan
qizlarning soni koʻpayishi, oilaviy qadriyatlarning yangi avlodlar tomonidan
boshqacha talqin qilinishi, ijtimoiy tarmoqlar ta’siri (Instagram, Tik Tok, Telegram)
bu omillarning barchasi oʻsmir qizlarning hayot tarzi, xulq-atvori va jamiyatdagi
oʻrnini oʻzgartirib bormoqda. Misol uchun: Oʻsmir yoshidagi qiz Tik Tok va Instagram
orqali turli blogerlardan ta’sirlanib, yangi urfdagi kiyimlar, taqinchoqlar olishni istaydi
va “mukammal hayot” tushunchalariga ergashadi. Shu sababli, u oʻz tashqi
koʻrinishiga haddan tashqari e’tibor berib, ota-onasidan qimmatbaho kiyim va
taqinchoqlar talab qiladi. Natijada, ota-onasi bilan ziddiyatga kirishadi va oilaviy
qadriyatlarni ikkinchi darajaga qoʻyadi.
Ba’zi blogerlar va mashhurlar oʻsmir qizlarda, sevgi munosabatlari va hayot
tarzi haqida idealizatsiyalangan notoʻgʻri tasavvurlarni shakllanishiga sabab
boʻlmoqda. Buning oqibatida esa ayrim qizlar yoshi yetmagan holda hayotiy qarorlar
qabul qilib, erta homiladorlik, nikohsiz munosabatlar yoki oilaviy inqirozlar kabi
muammolarga duch kelishmoqda. Natijada, hayotning ogʻir sinovlariga hali tayyor
boʻlmagan oʻsmir qiz majburiy ravishda kattalardek mas’uliyatni zimmasiga olishga
majbur bo’ladi. Uning hali shakllanib ulgurmagan kelajagi murakkablashadi, orzulari
cheklovlarga duch keladi, oʻzi esa yolgʻiz qolib na moddiy, na ma’naviy yordam topa
oladi. Uni ta’lim olishi toʻxtaydi. Va eng muhimi, bu jarayonda dunyoga bir begunoh
farzand keladi. U mehr, toʻlaqonli oilaviy muhabbat va mustahkam tarbiyadan mahrum
holda ulgʻayishi mumkin. Shu bois, jamiyat ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlash,
yoshlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatish va ularning hayotiy qarorlarini ongli ravishda qabul
qilishlariga koʻmaklashishlari zarur.
Oilada ota-ona munosabatlarining sogʻlom boʻlmasligi, tez-tez oilaviy
mojarolar, ota farzandlarining koʻz oldida onasini urishi, haqoratlashi, tazyiq oʻtkazishi
yosh avlod uchun ayniqsa, oʻsmir yoshdagi qizlarning ruhiy salomatligiga jiddiy ta’sir
ko’rsatadi. Bunday holatlarda qizlar oʻz muammolarini tashqaridan hal qilishga
harakat qiladilar. Bu esa notoʻgʻri doʻstlar orttirish yoki zararli muhitga tushib qolish
xavfini oshiradi. Oʻsmirlik davrida qizlar oʻz tengdoshlarining fikriga juda ahamiyat
berishadi. Notoʻgʻri ijtimoiy muhit yoki notoʻgʻri doʻstlik salbiy oqibatlarga olib
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-24
Часть–2_ Апрель –2025
118
kelishi mumkin. Koʻp holatlarda oʻsmirlar va yoshlar orasida guruh-guruhga ajralish,
boshqa tengdoshlari bilan muloqot qilmaslik, oʻzini boshqalardan ustun deb bilish
holatlari kuzatiladi. Oʻsmir qizlar orasida avj olgan guruhlarga boʻlinish, kiyim-kechak
va tashqi koʻrinish boʻyicha ajratish, kamsitish va mazax qilish ularning ruhiyatiga va
tarbiyasiga jiddiy ta’sir koʻrsatadi. Bu jarayon depressiya, tashvish, oʻziga
ishonchsizlik va oʻqishdagi muvaffaqiyatsizliklarga olib kelishi mumkin. Qizlarning
ruhiyati zaifroq, shu sababli ular his-tuygʻularga haddan tashqari berilib ketish
oqibatida, ichki dunyosiga oʻralib qoladi. Buning natijasida tushkunlikka tushib,
sigaret chekish, spirtli ichimliklar iste’mol qilish yoki narkotik moddalarni sinab
koʻrish, ba’zi hollarda oʻz joniga qasd qilish holatlari ham kuzatiladi. Bunday
holatlarni oldini olish uchun oʻsmir yoshlarga, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish,
yomon odatlarning salbiy oqibatlari, hissiy oʻzgarishlarning normal holat ekanligi va
stressni boshqarish usullarini oʻrgatish zarur. Ota-ona va oʻqituvchilar oʻzlari namuna
koʻrsatib, sogʻlom muhit yaratishlari kerak.
Xulosa oʻrnida shu narsaga alohida e’tibor berish lozimki, oʻsmir yoshdagi
qizlarning tarbiyasi bugungi jamiyat uchun dolzarb masala bo‘lib, ularning hissiy,
ruhiy va ijtimoiy o‘sishiga ta’sir etuvchi omillar keng ko‘lamda o‘rganilishi lozim.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, o‘sish davridagi muammolar ko‘pincha oilaviy
tarbiya, ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri va zamonaviy madaniy qadriyatlarning
o‘zgarishi bilan bog‘liq. Qizlar o‘z tengdoshlari bilan muomala qilishda
qiyinchiliklarga duch kelishi, kiberzo‘ravonlik, depressiya, o‘z-o‘ziga zarar yetkazish
va psixoaktiv moddalarga qaramlik xavfini oshirishi mumkin.
Maqolada oilaviy muhit va ota-onalar bilan bo‘ladigan muloqotning roli
alohida ta’kidlangan. Nazoratning haddan tashqari kuchaytirilishi yoki befarqlik,
qizlarning noto‘g‘ri do‘stlar orttirishi va noxush qarorlar qabul qilishiga sabab bo‘lishi
mumkin. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarning yoshlar ongiga kuchli ta’siri ularning
tashqi ko‘rinish va hayotiy ideallar borasida noto‘g‘ri tasavvurlar shakllanishiga olib
keladi. Shu bois, ota-onalar, o‘qituvchilar va jamiyat tomonidan ma’naviy tarbiyani
mustahkamlash, sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilish va qizlarning hissiy farovonligini
ta’minlash muhim ahamiyatga ega.
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-24
Часть–2_ Апрель –2025
119
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI
1.
Xamidxonova Oʻgʻilxon. O‘SMIR QIZLARDA IJOBIY XULQNI
SHAKLLANTIRISHNING JTIMOIY-PSIXOLOGIK OMILLARI. 2022. 5, 87-90-b.
https://uzbekscholar.com/index.php/uzs/article/view/103/98
2.
Xasanboy
Abdusalomovich
Ibragimov.
O‘SMIRLIK
DAVRINING
FIZIOLOGIK-PSIXOLOGIK
VA JISMONIY JIHATDAN O‘ZIGA XOS
XUSUSIYATLARI. 2021. 2, 843-847-b.
https://cyberleninka.ru/article/n/o-smirlik-
davrining-fiziologik-psixologik-va-jismoniy-jihatdan-o-ziga-xos-xususiyatlari
3.
Qoʻchqorova Aysha Oltibayevna. OʻSMIR QIZLAR TARBIYASI VA
KITOBXONLIK.
2024.
108-b.
https://api.ziyonet.uz/uploads/books/10000014/T2YEkUnmpSIzrXK.pdf
4.
Rajapov Vahobjon To‘rajonovich. OʻSMIR YOSHDAGI QIZLAR
MA’NAVIY DUNYOQARASHINI SHAKLLANTIRISHDA USTOZ-SHOGIRD
MUNOSABATLARINING
OʻRNI.
2023.
394-398-b.
https://ilmiyanjumanlar.uz/uploads/conferences/0012/S-87.pdf
https://m.aniq.uz/uz/yangiliklar/qiz-bola-tarbiyasidagi-bir-xato-butun-
jamiyatni-katta-xatarga-quyishi-mumkin