RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI 7-8-MAY 2025-YIL
4
1-SHU’BA
GEOGRAFIYA, GEOEKOLOGIYA, ATROF-MUHIT MUHOFAZASIGA
INNOVATSION YONDASHUVLAR
DINIY TURIZMNI RIVOJLANTIRISHDA MUQADDAS QADAMJOLARNING O‘RNI
(FORISH TUMANI MISOLIDA)
Xakimov Koshkar Maxkamovich
1
, Usmanov Mashrab Rustamovich
1
, Xakimov Bekzod
Bekpo‘latovich
2
1
Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti.
E-mail:
2
Guliston davlat universiteti.
E-mail:
Annotatsiya:
Maqolada moddiy, muqaddas tarixiy maskanlar,
madaniy va arxeologiya
merosi obyektlari, muqaddas tarixiy maskanlar, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va
ulardan foydalanish to‘g‘risida” gi Qonuni, Jizzax viloyati ziyoratgohlari, “Hazrati eshon xalifa”
ziyoratgohi va Andagin nomining etimologiyasi hamda ajdodlardan meros qolgan toshbitiklar
(petrogliflar) haqida ilmiy tushunchalar berilgan.
Kalit so‘zlar:
muqaddas qadamjo, moddiy meros obyekti, “Hazrati eshon xalifa” ziyoratgohi,
Andagin nomining etimologiyasi, toshbitiklar.
Milliy istiqlol sharofati bilan xalqning umummilliy boyligi bo‘lmish moddiy, madaniy va
arxeologiya merosi ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish tizimini yanada
takomillashtirish, noyob moddiy meros ob’ektlarini har tomonlama o‘rganish, ommalashtirish va
targ‘ib qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. Shu bois, xalqimizning moddiy meros
ob’ektlariga bo‘lgan ixlos va havasi oshdi hamda bunday barhayot sarchashmalardan bahramand
bo‘lish ma’naviy zaruriyatga aylandi.
Binobarin, ajdodlardan meros bo‘lib qolgan muqaddas tarixiy maskanlarni muhofaza qilish,
asrab-avaylash va ulardan foydalanish masalalarini muvofiqlashtirish respublikani davlat va
xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda shu zaminda yashayotgan barcha
yurtdoshlarimizning muqaddas vazifasidir. Masalan, so‘nggi yillarda qabul qilingan O‘zbekiston
Respublikasi “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida” gi
Qonuni (2001 y. 30.08. № 269) hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
“Moddiy madaniy va arxeologik meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni
yanada takomillashtirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Qarori (2014 y.
21.07. № 200), bu sohadagi barcha ishlarga davlat miqyosida ahamiyat berilayotganidan dalolat
beradi.
Aytish joizki, xalq e’zoziga sazovor bo‘lgan madaniy meros ob’ektlari Jizzax vohasida ham
ko‘p, ularni katta faxr va g‘urur bilan tilga olish mumkin. Ana shular qatoriga, X-asrda to‘g‘oni
granit toshlar va suvga chidamli maxsus qotishmalardan tayyorlangan qadimiy Xonbandi
gidrotexnik inshootini kiritish mumkin. Mutaxassislarning aniqlashicha, mazkur to‘g‘on inshooti
O‘rta Osiyo - ko‘hna To‘ron xalqlari bunyod etgan sug‘orish inshootlari orasida eng qadimgisidir.
2021-yil 1 yanvar holatiga ko‘ra O‘zbekistonda moddiy madaniy meros ob’ektlari soni 8208
tani tashkil etdi. Bugungi kunda Jizzax viloyatida jami 427 ta madaniy meros ob’ektlari davlat
“TABIIY FANLAR: DOLZARB MUAMMOLAR VA ULARNING YECHIMLARI”
5
muhofazasiga olingan bo‘lib, ularning 100 tasi tarixiy obida ziyoratgohlar, 268 tasi arxeologik
yodgorliklar, 59 tasi monumental san’at ob’ekt yodgorliklari hisoblanib, ushbu turistik destinatsiya
ob’ektlari, diqqatga sazovar joylar, tarixiy yodgorliklar va muqaddas diniy qadamjolar viloyat
turizm istiqbolini belgilashda muhim ahamiyatga ega. Bu hozirgacha, aniqlangan va davlat
ro‘yxatiga kiritilgan muqaddas qadamjolar hisoblanadi. Shuni ham ta’kidlash joizki, hali o‘z
tadqiqotchilarini kutayotgan tabiiy, tarixiy va arxeologik maskanlar juda ko‘p. Bunday tabarruk
qadamjolarni aniqlash, davlat reestriga kiritish, tadqiq va targ‘ib qilish hamda, ulardan foydalanish
tizimini yanada takomillashtirish nihoyat darajada muhim va savobli ishdir.
Mazkur maqolada yaqinda madaniy meros obyekti sifatida muhofazaga olinib, davlat
ro‘yxatiga kiritilgan (2015 y) va mahalliy xalq uchun mo‘tabar qadamjolardan biri hisoblangan
“Hazrati eshon xalifa” ziyoratgohi haqida so‘z boradi. Ushbu tabarruk maskan Forish tumanining
chekka tog‘li hududidagi Andagin qishlog‘ida joylashgan. Qadamjo Jizzax shahridan 120 km.,
tuman markazi - Bog‘don shaharchasidan 45 km. shimoli-g‘arbdagi uzoqlikdadir. Qishloq
atrofidagi landshaft deyarli o‘zgarmagan, hudud tabiati nihoyatda go‘zal, baland tog‘lar, sersuv
buloqlar ko‘p.
Andagin nomining etimologiyasi haqida bir necha talqinlar mavjud. Shulardan biri, akademik
A.Muhammadjonovga taaluqli, unga asosan qadimiy so‘g‘d tiliga xos bo‘lan, Andagin so‘zi andi -
“yaqin”, gin - “suv”, ya’ni suv yaqin ma’nosini beradi. Olim Andagin, Andigon, Andijon kabi
toponimlarni hamma’no ekanligini ta’kidlaydi. Ushbu hududida olib borilgan arxeologik
tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, qishloqda taxminan IV-V asrlarda qurilgan, atrofi devor bilan
o‘ralgan va mahalliy xalqni xavf-xatardan saqlash uchun xizmat qilgan, qadimiy istehkomli qal’a va
qo‘rg‘on mavjud bo‘lgan. Rasmda qishloqdagi qadimiy qal’ani hozirgi ko‘rinishi aks etgan.
“Hazrati Eshon xalifa” tarixiy yodgorligi Andagin qishlog‘ini o‘rta qismida joylashgan. Bu
manzilni so‘ngi makon tutib, avliyolik maqomiga erishgan aziz zotning ismlari Jaloliddin ibn
Abdukarim bo‘lgan. Niyati xolis ul kishi, haq va haqiqatga erishish yo‘lida astoydil harakat
qilganlar. Buxoroning o‘z davrida mashhur bo‘lgan Mir Arab madrasasida o‘qigan, mukammal
ta’lim olgan, zohiriy ilmlarni maroq bilan o‘rganganlar. O‘z davrining donishmandi bo‘lgan, ushbu
mo‘tabar shaxs, odam va olam mohiyati ustida bir umr mushohida yuritgan, dunyoni mukammal,
hayotni to‘kis, insonni barkamol ko‘rishni orzu qilgan. Rivoyat qilishlaricha, e’tiqodi bilan
o‘zgalarga namuna bo‘lgan, butun hayotini ilm, ma’rifat va donishmandlikka bag‘ishlagan, aziz
zotning hujralarida eski buyra, kitoblar taxlanadigan taxta va yostiqdan boshqa narsa bo‘lmagan.
Domla Jaloliddin - naqshbandiya tariqatini voha bo‘ylab keng tarqalishida xolis xizmat
qilganlar. Naqshbandiya - islom dinining falsafiy ta’limotlaridan bo‘lib, bu yo‘lga kirganlar
o‘zlarini ham zohiran, ham botinan poklab, ya’ni ichki va tashqi ruhiy illatlardan poklanib Alloh
visoliga erishish, haqiqatni anglash uchun o‘zlarini doimo takomillashtirib borganlar. Ta’kidlash
joizki, naqshbandiya ta’limotining asosiy shiori “dil ba yoru, dast ba kor”, o‘zining mo‘tadilligi,
dunyo va oxirat ishlarini barobar olib borishni targ‘ib qilishi bilan butun dunyoga mashhur. Buning
ma’nosi - har bir inson dilida doimo xudoni saqlasinu, uning qo‘li esa rizqu ro‘z topish uchun
doimo mehnatda bo‘lsin. Shu sababdan, domla Jaloliddin hazratlari karomot sohibi bo‘lishlari bilan
birga mehnat qilish va uni evaziga ro‘zg‘or tebratishlikni xush ko‘rganlar.
Rivoyat qilishicha, kunlarning birida pirini ziyorat qilish uchun, Qizilqum cho‘lidan qozoq
muridlaridan biri, urug‘ining eng boy-badavlat kishisi bilan birga uylariga tashrif buyurishadi.
Mehmonlarni o‘zlari kutib olib, ulovlarini bog‘laydilar va qo‘llariga suv quyib uyga taklif qiladilar.
Piri komil xizmatga chiqqan vaqtida boy sherigidan eshon qani nimaga kelmaydi? - deb so‘raydi.
Muridlari boyga qarab xizmat qilayotgan kishi eshon bo‘ladilar deganda, boyni ko‘nglida xizmatkor
eshonga nisbatan shubha paydo bo‘ladi, ammo sir boy bermaydi.
RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI 7-8-MAY 2025-YIL
6
Bu voqeadan ko‘p vaqt o‘tmasdan boyni qorni damlaydi va u qiyin ahvolga tushib qoladi.
Duolari mustajob bo‘ladigan piri komilga bu holat ayon bo‘lgan va u kishi eshikdan kirishlari bilan,
qozoq muridlari boyni gustoxlik qilganligi uchun uzr so‘rab murojaat qiladi. Eshon hazratlari
miyig‘ida kulib hassalari uchini boyni qorniga tegizadilar va bir oz vaqt o‘tgandan keyin boy o‘ziga
keladi. Shu voqeadan keyin, boy qozoq umrining oxirigacha, har yili ziyoratga kelib, qo‘y so‘yib
xudoyi qilishni kanda qilmagan. Donishmandlar deydilarki, “avliyo xudo emas - xudo undan judo
emas”. Avliyolar albatta, o‘z karomatlari bilan azizdurlar.
Ziyoratgohni hozirgi hududi salkam 0,5 gektarni tashkil etadi. Tarixiy yodgorlik usti tom bilan
yopilgan uchta xonadan iborat, uning ikkitasida sag‘ana bor, uchinchisi chillaxona vazifasini
bajargan. Ziyoratgoh hovlisida ajoyib buloq bor va mo‘jazgina hovuz qurilgan. Chashma suvi
shifobaxsh xususiyatlarga ega bo‘lib, undan doimo toza zilol suv oqib turadi. Hovuzda relikt
hisoblangan gulmohi baliqlari ko‘p.
Asosiy binoga kirishdagi chap tomondagi xonada ayol kishini qabri joylashgan. Hech kimga
sir emaski, har doim to dunyo yaralibtiki yaxshilik bilan yomonlik kurashib keladi. Rivoyat
qilinishicha, ayol kishi yosh bolasi bilan johil yovlardan qochib, ularning qo‘liga tushmaslik uchun
Yaratgandan najot so‘rab iltijolar qilgan va shu joyda yer yorilib bolasi bilan birga yerga kirgan.
Keyincha, g‘ayb ilmida avliyolik maqomiga erishgan domla Jaloliddin ul kishi bilan g‘oyibona
uchrashadilar va o‘sha joyda qabr paydo bo‘ladi. Mahalliy aholi orasida yer qa’riga bolasi bilan
birga g‘oyib bo‘lgan ayol “Hazrati Bibi Ro‘shnoi” nomi bilan mashhurdir.
Binoning o‘ng tomonidagi xonada, XIX asrda yashagan va mahalliy xalq orasida Eshoni
xalifa nomi bilan mashhur bo‘lgan, domla Jaloliddinni qabrlari joylashgan. Ul kishi butun umri
davomida asosan tariqat odoblaridan saboq berib, xalqni dinga targ‘ib etish va islomiy axloqqa
chorlash bilan shug‘ullanganlar. Shariat ahkomlariga nafaqat o‘zlari, balki boshqalarni ham to‘la va
mukammal amal qilishga da’vat qilganlar. Ushbu tabarruk maskanni paydo bo‘lishi, uni muqaddas
va mo‘tabar ziyoratgohga aylanishida domla Jaloliddin avliyoni xizmatlari beqiyos bo‘lgan.
Hovli ichkarisida diniy va milliy marosimlarni o‘tkazish uchun yangi bino barpo qilindi.
Ziyoratgoh hovlisidan tashqarida, dam oluvchilar va ziyoratchilar uchun qulaylik yaratish
maqsadida, oshxona qurilgan. Milliy marosimlar vaqtida taom tayyorlash uchun qazon, o‘choq va
barcha oshxona jihozlari muhayo qilingan. Ziyoratga kelib ketuvchilar ulardan bepul
foydalanishlari mumkin. So‘nggi yillarda hashar yo‘li bilan tarixiy yodgorlikni ichki va tashqi
tomoni tekislandi, mevali va yashil daraxtlar o‘tqazilib obod qilindi.
Ajdodlardan meros qolgan toshbitik va qal’a
Muqaddas qadamjo hovlisida bir nechta qadimiy tut va yong‘oq daraxtlari bor. Keksa bobotut
daraxtini yoshi taxminan 250-300 yilni tashkil qiladi. Hovli atrofi devor bilan o‘ralgan. Asosiy bino
XIX asrda qurilgan va so‘nggi marta o‘tgan asrning 60-chi yillarida Abdushukur maxsum
“TABIIY FANLAR: DOLZARB MUAMMOLAR VA ULARNING YECHIMLARI”
7
homiyligida qayta ta’mirlangan. Hozirgi kunda “Hazrati Eshon xalifa” ziyoratgohi qisman
ta’mirtalab holatiga kelib qolgan. Hech qanday shubha yo‘qki, mahalliy xalqning xayr-ehsonlari va
saxovatpesha insonlarni say’-harakatlari bilan ziyoratgoh qayta ta’mirlanadi, obod va masrur
maskanga aylanadi.
Yuqorida qayd qilingandek, xalqning ma’naviy, ruhiy jihatdan quvvat oladigan, diniy va
milliy qadriyatlarga e’zoz ko‘rsatishga chorlaydidan muqaddas qadamjolar Jizzax vohasida ko‘p,
ammo ularni faqatgina mahalliy darajada, ya’ni tuman yoki viloyat miqiyosida ko‘proq bilishadi.
Ta’kidlash joizki, avliyolik maqomiga erishgan siymolar abadiy qo‘nim topgan bunday qutlug‘
maskanlarni respublika va xalqaro darajadagi diniy ziyoratgoh ob’ektlariga aylantirish zarur, chunki
ular, diniy turizmni rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumki, diniy turizm sayohatning eng maqbul va kishilarni ma’naviy yuksalishiga xizmat
qiladigan muhim turidir. Zero, har bir inson e’tiqod qiladi, sig‘inadi, o‘zida ruhiy va ma’naviy
jihatdan poklanishga ehtiyoj sezadi. Shuning uchun, yaqin kelajakda viloyat miqyosida diniy
turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Binobarin, muqaddas
qadamjolarda ziyoratchilar uchun, qulay shart-sharoitlar yaratish, hamda zamonaviy infratuzilmani
shakllantirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirish nihoyat muhim vazifa hisoblanadi.
Jizzax vohasi ziyoratgohlari haqida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini jonlantirish
kerak, zamon talabiga javob beradigan ziyoratgohlarni, diniy sayyohlik marshrutlarga kiritish zarur.
Bu uchun, quyidagilarga e’tibor qaratish katta ahamiyatga ega:
- Muqaddas qadamjolarni aniqlash va ularni qayta ta’mirlash;
- Viloyatdagi diniy ziyoratgohlar kartasini yaratish;
- Ziyoratchilar uchun qulay va zaruriy shart-sharoitlar yaratish;
- Tabarruk qadamjolarni ommaviy axborot vositalari yordamida targ‘ib qilish va reklamasiga
jiddiy e’tibor qaratish;
- Diniy turizm rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish va boshqalar.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. O‘zbekiston Respublikasi “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan
foydalanish to‘g‘risida” gi Qonuni (2001 y. 30.08. № 269).
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy va arxeologik meros
ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni yanada takomillashtirish yuzasidan
qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Qarori (2014 y. 21.07. № 200).
3. Soliev A.S., Usmonov M.R. Turizm geografiyasi. -Samarqand. 2005.
4. Komilova N.K., Usmanov M.R. Jizzax viloyatida turistik destinattsiyalarni tashkil
etishning xududiy jixatlari. Monografiya - Jizzax. JDPU “Tahririy-nashriyot bo‘limi
nashri”, 2023. – 97-bet.
5. Komilova, N. K., Matchanova, A. E., Safarova, N. I., Usmanov, M. R., & Makhmudov, M.
M. (2021). Some socio-economic aspects of gastronomic tourism study.
Estudios de
economía aplicada
,
39
(6), 12.
6. Jizzax viloyatining statistik axborotnomasi ma’lumotlari. -Jizzax. 2023.
7. Xakimov K.M. Ajdodlar maskani. -Jizzax. 2023.
8. Xakimov K.M. Forish tojiklari: hududiy joylashuvi va etnogeografik xususiyatlari.
SamDU ilmiy axborotnomasi. № 5. -Samarqand. 2021.
9. Xakimov K.M. Jizzax viloyati toponimlari. -Jizzax. 2014.
