_____________________
Qo‘qon DPI. Ilmiy xabarlar 2025-yil 3-son
_________________C seriya
1012
QO‘QON DAVLAT
PEDAGOGIKA INSTITUTI
ILMIY XABARLARI
(2025-yil 3-son)
PEDAGOGIKA
PEDAGOGY
YOSHLAR MA’NAVIY DUNYOSINI YUKSALTIRISHDA JADIDCHILIK
NAMOYONDALARINING MA’NAVIY ME’ROSIDAN FOYDALANISHNING
AHAMIYATI
Begimqulov Zarif Axmadovich
O‘zbekiston davlat sport akademiyasi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha
mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti Samarqand filiali “Sport
psixologiyasi, ijtimoiy-gumanitar va tabiiy-ilmiy fanlar” kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari
bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti mustaqil tadqiqotchisi (DSc)
Email:
Annotatsiya:
Mazkur maqolada barkamol avlod tarbiyasida jadidlar faoliyatining muhim
xususiyatlari, yoshlar ma’naviy dunyosini yuksaltirishda millatimizning boy tarixini o‘zida aks
ettirgan jadidchilik namoyondalarining ma’naviy me’rosidan foydalanish haqida so‘z yuritiladi.
Kalit so‘zlar:
jadidchilik, tarbiya, ilm, yaxshi xulq, komil inson, maktab, yetuklik,
yuksalish.
ЗНАЧЕНИЕ ИСПОЛЬЗОВАНИЯ ДУХОВНОГО НАСЛЕДИЯ ДЕЯТЕЛЕЙ
ДЖАДИДИЗМА В ВОЗВЫШЕНИИ ДУХОВНОГО МИРА МОЛОДЕЖИ
Аннотация:
В данной статье речь пойдет о важнейших особенностях деятельности
джадидов в воспитании гармоничного поколения, использовании духовного наследия
джадидистских деятелей, отражающего богатую историю нашей нации, в поднятии
духовного мира молодежи.
Ключевые слова:
джадидизм, воспитание, наука, хорошее поведение,
совершенный человек, школа, зрелость, возвышение.
THE IMPORTANCE OF USING THE SPIRITUAL HERITAGE OF JADIDISM
FIGURES IN UPLIFTING THE SPIRITUAL WORLD OF YOUTH
Abstract:
This article will focus on the most important features of the Jadid activities in
educating a harmonious generation, using the spiritual heritage of Jadid figures reflecting the
rich history of our nation, and raising the spiritual world of youth.
Keywords:
Jadidism, education, science, good behavior, perfect person, school, maturity,
elevation.
_____________________
Qo‘qon DPI. Ilmiy xabarlar 2025-yil 3-son
_________________C seriya
1013
Kirish.
Mamlakat taraqqiyotiga o‘zining munosib hissasini qo‘shadigan malakali
mutaxassis kadrlar tayyorlash, ularning kelajak istiqbollari bevosita amaldagi ta’lim tizimining
rivojiga bog‘liq ekanligi hech kimga sir emas. Mustaqil fikriga ega bo‘lgan, yuksak
ma’naviyatli, ijodkor, tashabbuskor shaxsni voyaga yetkazish bugungi kunda mamlakatimizda
davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat
Mirziyoyev bejizga: “... Biz Yangi O‘zbekistonni bunyod etishda sog‘lom va barkamol
yoshlarimizni hal qiluvchi kuch deb bilamiz. Shu maqsadda ularning bilim, madaniyat, san’at
va sport bo‘yicha salohiyatini ro‘yobga chiqarish, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish
borasida ham yangi tizim yaratamiz.
Takror va takror aytaman:
Yangi O‘zbekistonning asosiy ustuni – bilim, ta’lim va
tarbiya bo‘ladi!” [1], – deb ta’kidlagan edi.
Adabiyotlar tahlili.
Maʼlumki, jadidchilik deganda koʻz oldimizga XIX oxiri va XX asr
boshlarida Turkistonda ijtimoiy va siyosiy jarayonlar taʼsirida shakllangan, jamiyatning eng
ilgʻor fikrli qatlamlari, yaʼni ona Vatanni mustaqil, ozod holda koʻrish, xalqlarni birlashtirish,
millatning o‘zligini tanitish, ijtimoiy-siyosiy tuzumni tubdan isloh qilish, butun oʻlkaning milliy
mustaqillikka erishishini oʻzlarining bosh maqsadlari deb hisoblagan yangilanish harakati
namoyondalari keladi. Mazkur harakat vakillari eski usul maktablarining o‘rniga yangi,
zamonaviy qiyofadagi maktablarni yaratib, amaldagi ta’lim tizimini tubdan isloh qilishga
intildilar. Ularning asosiy shiori – “Ilm va taraqqiyot orqali milliy uyg‘onish” edi.
Barkamol avlod tarbiyasida jadidlar faoliyatining muhim xususiyati shunda ediki,
avvalambor Turkistonni oʻrta asrga xos tarqoqlikdan ozod qilish, xalqni, millatni zamonaviy
taraqqiyot yoʻliga olib chiqish, milliy davlat bunyod etish, zamonaviy idora usulidagi ozod va
farovon jamiyat qurish hamda maʼrifatparvarlik kabi masalalar edi. Jadidchilik namoyondalari
yoshlar tarbiyasi masalasiga hayot yoki mamot masalasi deb qaraganlar. Ular o‘zining ta’lim
faoliyatida yosh avlodga zamonaviy ilm o‘rgatish, eski ta’lim tizimining noxush tomonlarini
bartaraf etishni maqsad qilishdi.
Tahlil va natijalar.
Milliy istiqlolga erishib, jadallik bilan odimlab borayotgan davlat va
jamiyatning ilm-fan, texnika va texnologiyalar sohasidagi erishiliyayotgan yutuqlar, har
tomonlama taraqqiy topib borayotgan jamiyatimiz ma’naviyatini yanada rivojlantirishda,
yoshlar ma’naviy dunyosini yuksaltirishda millatimizning boy tarixini o‘zida aks ettirgan
tarixiy, badiiy hamda ilmiy asarlarning alohida o‘rni bor. Jumladan, jadidchilik
namoyondalarining asarlari ham bundan mustasno emas. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida
yashagan Turkiston maʼrifatparvar ziyolilarining yirik vakillari boʻlmish Mahmudxoʻja
Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulla
Qodiriy, Choʻlpon va boshqalarning asarlarida faqatgina zararli odatlardan holi boʻlgan,
jismonan va maʼnaviy sogʻlom yosh avlodni tarbiyalab, voyaga yetkazish orqaligina jamiyat
taraqqiyotini taʼminlash mumkinligi alohida taʼkidlangan.
_____________________
Qo‘qon DPI. Ilmiy xabarlar 2025-yil 3-son
_________________C seriya
1014
Behbudiy (1875-1919) oʻz asarlarida yoshlarni jismoniy faollik, zararli odatlardan
saqlanish, spirtli ichimliklarni isteʼmol qilmaslik kabi koʻnikmalarga amal qilishga ham
chaqirgan.
U yosh yigitchalarni turli xil yomon illatlardan qaytargan, uning oqibatlaridan
oʻquvchilarni xabardor qilgan va Samarqandda ruslar tomonidan ochilgan pivo doʻkonlarini
qattiq tanqid ostiga oladi [3]. Behbudiy bunday doʻkonlarning masjid va madrasalar yaqinida
joylashganligi bolalarga salbiy taʼsir koʻrsatishini alohida taʼkidlab, barchani kelajak avlodni
sogʻlom oʻstirishga, zararli odatlardan voz kechishga chorlaydi. U sogʻlom, aqlli, bilimli
farzandlarimiz oʻsib ulgʻayib, oʻqib, ilm egallab, Turkistonga xizmat qiluvchi shifokor,
huquqshunos, iqtisodchi va boshqa zamonaviy mutaxassislar bo‘lib yetishib chiqishini orzu
qilgan.
Insonga xos boʻlgan turli-tuman fazilatlar mavjud, ularning eng asosiylari nomuslilik,
vatanparvarlik, iymon-eʼtiqod va vatan uchun fido boʻlish. Oʻquvchi va talaba yoshlarda
bunday sifatlarni shakllantirishda jadid maʼrifatparvarlarning merosi, ayniqsa, Abdulla Avloniy
oʻgitlaridan foydalanish tarbiya jarayonining samaradorligini taʼminlashga xizmat qiladi [4,
65].
Pedagogika fanini yaxshi bilgan, bu sohada kuchli va keng maʼlumotga ega boʻlgan
Abdulla Avloniyning “Turkiy guliston yoxud axloq” asari muhim axloqiy va taʼlimiy-tarbiyaviy
ahamiyatga ega boʻlib, ushbu asarni yaratishda adib xalq pedagogikasining ijobiy tajribalaridan
maqsadli, unumli va oʻz oʻrnida foydalanadi. Mazkur asarda u insondagi ijobiy va salbiy
fazilatlarning tavsifi, yoshlar tarbiyasining ahamiyati, bolani qanday qilib tarbiyalash va
tarbiyani amalga oshirish yoʻl-yoʻriqlari, jamiyatda komil insonlarni shakllantirishning muhim
jihatlarini bayon qilgan.
Abdulla Avloniyning nazarida, ilm shunday katta kuchki, u halolni haromdan ajratishga,
yaxshini yomondan, savobni gunoh ishlardan farq qilishga, insonning oʻz xatti-harakatlarini
nazorat qilishga yordam beradi, ilmli kishi salbiy illatlar va zararli odatlardan uzoqlashadi,
yaxshi fazilatlari bilan oʻzgalarga oʻrnak boʻladi. “U madaniyat, insoniyat, maʼrifat dunyosiga
chiqarur, yomon feʼllardan, buzugʻ ishlardan qaytarur, yaxshi xulq va adab sohibi qilur, Alloh
taologa muhabbat va eʼtiqodimizni ortdirur, janobi xaqning azamat va qudratini bildirur.
Alhosil, butun hayotimiz, salomatimiz, saodatimiz, sarvatimiz, maishatimiz, himmatimiz,
gʻayratimiz, dunyo va oxiratimiz ilmga bogʻliqdur” [2]. Shu fikrlardan ham bilish mumkinki,
buyuk maʼrifatparvarlar Abdulla Avloniy axloq bilan ilm-fanni oʻzaro bogʻliq holda qaragan.
Ularni bir-biridan ayirib boʻlmasligini yaxshi tushungan.
Munavvar qori (1878-1931) XIX asrning oxiridan boshlab jadidchilik harakatlarida faol
ishtirok eta boshladi. 1901-yilda oʻz hovlisida, keyinchalik Toshkentning turli dahalarida jadid
maktablarini ochadi.
M.Abdurashidxonov yurtimizda 1918-yili ochilgan zamonaviy oliy taʼlimga asoslangan
ilk oʻquv dargohi – Turkiston dorulfununining tashkilotchisidir. Oliy taʼlimda uning
rahbarligida turli yoʻnalishdagi naqliy va aqliy ilmlarni oʻz ichiga olgan fanlar joriy etilgan.
_____________________
Qo‘qon DPI. Ilmiy xabarlar 2025-yil 3-son
_________________C seriya
1015
Albatta, bu ishlarni tashkil etish M.Abdurashidxonov uchun oson kechmagan. Avvalo
mutaxassislar masalasi dolzarb muammolardan edi.
Yirik olim, davlat va jamoat arbobi, pedagog, turli ilmlar sohibi M.Abdurashidxonov xalq,
vatan taqdirini oʻylab butun umrini fidokorona, mashaqqatli maqsadga baxshida etdi. Mamlakat
ozodligi, xalq maʼnaviyatining oshirilishi, elimizning “madaniy” xalqlar darajasiga yetishida
ilm-maʼrifatning naqadar muhimligini barcha asarlarida eʼtirof etdi. Islom dini ilmlarini
oʻrganish bilan birga, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini oʻzlashtirish milliy uygʻonish davri
maʼrifatchiligining asosiy gʻoyalaridan biri edi. Taraqqiyparvar ziyolilar qatori
M.Abdurashidxonov ham butun insoniyatga, jamiyatimizga foydasi tegadigan zamonaviy ilm-
fanning yurtimizga kirib kelishiga katta hissa qoʻshdi [6]. Munavvarqori Abdurashidxonov
bolaning ta’lim va tarbiya olishida ota-onaning javobgarligi haqida so‘z yuritib, o‘z
farzandining ma’rifatli bo‘lishi uchun qo‘llaridan kelgancha harakat qiladigan zotlar
mavjudligini ta’kidlagan.
Fitratning jismonan sogʻlom, ma’nan yetuk avlodni yetishtirish gʻoyalari uning 1915-yilda
eʼlon qilingan “Oila yoki oilani boshqarish tartiblari” asarida oʻz ifodasini topdi. Fitrat nuqtayi
nazariga koʻra, farzandning har jihatdan toʻlaqonli inson boʻlib shakllanishi uchun unga
jismoniy, aqliy va maʼnaviy yoʻnalishlarda koʻp tarkibli tarbiya berish lozim boʻladi. Muallif
bu oʻrinda yuqoridagilar bilan kifoyalanmay, bola ruhi ham tarbiyalanishga muhtoj ekanligini
alohida uqtiradi: “Odamning feʼl va harakatini bir yaxshi shakl va mazmunga keltirish uchun
ruhini tarbiyalash lozim, – deb yozadi olim. Bolalarni oʻziga ishongan, kuchli, topqir, chaqqon
va aqlli qilib tarbiyalash uchun oʻz qadr-qimmati, shaxsini hurmat qilish ruhini tarbiya
qilmoqlikni, shuning bilan birga, yon atrofdagi odamlar bilan hisoblashishni oʻrgatmoq kerak.
Bolalarni shunday tarbiya etmoq lozimki, baxtga boʻlgan intilishlari hech qachon xazon
boʻlmasin, soʻnmasin, balki koʻkarsin” [5]. Xullas, Fitratning jamiyatdagi salbiy illatlar, zararli
odatlar hamda inson salomatligi, bola tarbiyasiga oid fikrlari bugungi kunda ham oʻz
dolzarbligini yoʻqotmagan.
Koʻp asrlar davomida mutafakkir ajdodlarimizning aql-u tafakkurining ifodasi boʻlgan
fikrlar, hikmatlar, oʻgitlar, taʼlimotlar bugungi kunda maʼnaviy tarbiyaning asosiy vositasi
sifatida xizmat qilishini amalga oshirilgan izlanishlarning natijalari yaqqol koʻrsatmoqda.
Chunki mazkur didaktik vositalar oʻquvchilarning ong ostiga tezkor taʼsir koʻrsatib, pozitiv
dunyoqarashini rivojlantirishga koʻmaklashadi. Mutafakkir ajdodlarimiz birinchi navbatda,
yoshlarni sabrli boʻlishga undaganlar. Donishmandlardan biri shunday deb yozadi: “Sabr qil,
oldinda shunday bir choʻqqi borki, unga faqat yuki yengillargina chiqa oladilar”. Bu fikrlar
yuksalish va insonning oʻzi koʻzlagan maqsadga erishishini taʼminlaydigan choʻqqi
mavjudligini anglatadi. Oʻqituvchilar dars va darsdan tashqari tarbiyaviy jarayonlar, sinf
soatlarida oʻquvchilarga mazkur fikrlarning mazmun-mohiyatini tushuntirib borishlari, ularni
sabrli, bardoshli, maqsad sari intiluvchan qilib tarbiyalashlari, bu sohada ota-onalar bilan ham
yaqin hamkorlik oʻrnatishlari maqsadga muvofiq, buning uchun ularning ajdodlarimiz merosi
va pedagogik va psixologik bilimlardan xabardorlik darajasini oshirish maqsadida ular bilan
_____________________
Qo‘qon DPI. Ilmiy xabarlar 2025-yil 3-son
_________________C seriya
1016
muntazam davra suhbatlari, seminarlar, individual muloqot vaziyatlarini tashkil etishlarini
nazarda tutish tavsiya qilinadi [4,15].
Xulosa.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, jadidchilik Turkiston yoshlarining milliy,
madaniy, ijtimoiy uyg‘onishi va ravnaqida asosiy omil bo‘lib xizmat qildi. Zamonning dolzarb
masalalarini, hayotning muhim muammolarini ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’naviy yo‘l bilan
yechish yo‘llarini jadidlar o‘z maqola va asarlarida aniq misollar bilan ko‘rsatganlar. Turkiston
jadidchilik harakati namoyondalari yoshlarni o‘qishga, bilim olish va ishlab chiqarish
jarayonlariga kengroq jalb etish, ularning madaniy, ma’naviy saviyasini yuksaltirishga
chorlaydi.
Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlod manfaatini himoya qilish, ularning jamiyat
hayotida munosib o‘rin egallashlari uchun tegishli shart-sharoit va imkoniyatlarni yanada
kengroq yaratish borasidagi Turkiston jadidlarining qarashlari bugungi mustaqil O‘zbekistonda
namoyon bo‘lmoqda. Turkiston ma’rifatparvarlari tomonidan ilgari surilgan taraqqiyparvar
g‘oyalar bugungi kunda ham yurtimizda yosh avlod taʼlim va tarbiyasi hamda ularning
maʼnaviyatini yuksaltirishda, ularni turli xil yot g‘oyalardan saqlashda muhim tarbiyaviy
ahamiyat kasb etmoqda.
ADABIYOTLAR
1.
Ш.Мирзиёев. Бизнинг мақсадимиз аниқ ва ўзгармасдир – демократик давлат ва
фуқаролик жамияти қуриш йўлини янада қатъий давом эттирамиз. XXI asr gazetasi 2023-
yil 31-may, 22 (1020), 2-bet.
2.
Avloniy A. Turkiy guliston yoxud axloq. T.: “Oʻqituvchi”, 1992. B.22-23
3.
Behbudiy M. Muhtaram yoshlarga murojaat. Oyna-1914, 41-son.
4.
Safarova R.G., Masharipova N.R., Rustamov N.Ch. Milliy tarbiyamiz xazinasidan
durdonalar (Mutafakkirlar va jadid maʼrifatparvarlarining tarbiyaga oid qarashlaridan
pedagogik jarayonlarda foydalanishga oid tavsiyalar). Uslubiy tavsiyanoma. – Toshkent:
“Science and Innovation”, 2024. – 84 bet.
5.
Фитрат А. Оила ёки оилани бошқариш тартиблари. – Т.: Маънавият, 2000, 86-
bet.
6.
https://oliymahad.uz/15068
